Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi PLENUMIning
QarorI
FUQAROLIK VA JINOYAT ISHLARI BOʻYICHA SUD ISHLARINI YURITISH SOHASIDA XALQARO HAMKORLIKNING AYRIM MASALALARI TOʻGʻRISIDA
Fuqarolik va jinoyat ishlari boʻyicha sud ishlarini yuritish sohasida xalqaro hamkorlikni amalga oshirishda sud amaliyotida ayrim masalalar kelib chiqayotganligi munosabati bilan “Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonunning 17-moddasiga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi qaror qiladi:
1. Sudlarga tushuntirilsinki, fuqarolik va jinoyat ishlari boʻyicha sud ishlarini yuritish sohasida xalqaro hamkorlik davlatlar tomonidan mazkur toifadagi ishlar boʻyicha huquqiy yordam koʻrsatishda ifodalanadi.
Davlatlararo munosabatlarda fuqarolik va jinoyat ishlari boʻyicha huquqiy yordam koʻrsatish deganda, bir davlatning vakolatli organi tomonidan boshqa (xorijiy) davlatning shunday organi topshirigʻi boʻyicha ayrim protsessual, tezkor-qidiruv va boshqa harakatlarni bajarilishi tushuniladi.
2. Fuqarolik va jinoyat ishlari boʻyicha sud ishlarini yuritish sohasida xalqaro hamkorlik sud, prokuror, tergovchi va surishtiruv organi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining huquqiy yordam toʻgʻrisidagi xalqaro shartnomalariga asosan amalga oshiriladi.
“Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari toʻgʻrisida”gi qonunga muvofiq xalqaro shartnomalar shartnoma, kelishuv, konvensiya, protokol, memorandum, deklaratsiya va h.k. shakllarda tuzilishi mumkin.
Huquqiy yordam koʻrsatish toʻgʻrisidagi normalar nafaqat mazkur masalaga doir maxsus xalqaro shartnomalarda, balki boshqa ikki tomonlama yoki koʻp tomonlama xalqaro shartnomalar tarkibida ham (masalan, Birlashgan Millatlar Tashkilotining terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurash toʻgʻrisidagi 1999-yil 9-dekabrdagi, transmilliy tashkiliy jinoyatchilikka qarshi 2000-yil 15-noyabrdagi, korrupsiyaga qarshi 2003-yil 31-oktabrdagi konvensiyalari va boshqalarda) mavjud boʻlishi mumkin. Bunda huquqiy yordam toʻgʻrisida soʻrov yuborish va ijro etishning zarur sharti shundan iboratki, hamkorlikka kirishayotgan davlatlardan har biri koʻp tomonlama shartnoma ishtirokchisi boʻlishi kerak.
3. Fuqarolik va jinoyat ishlari boʻyicha sud ishlarini yuritish sohasida xalqaro hamkorlikni amalga oshirishda Oʻzbekiston Respublikasining kuchga kirgan xalqaro shartnomalari, shuningdek protsessual qonunchilik normalariga, jumladan, FPK 3,12, 390-moddalari, JPK 3, 4, 592 — 609-moddalariga amal qilinishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
Xalqaro shartnomani qoʻllash masalasini hal etishda, qonunga koʻra, (“Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari toʻgʻrisida”gi Qonunning 23-moddasi) xalqaro shartnoma shartnomaning oʻzida nazarda tutilgan yoki ahdlashuvchi tomonlar oʻrtasida kelishilgan tartibda va muddatlarda kuchga kirishiga doir qoidadan kelib chiqish kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Shuni nazarda tutish lozimki, FPK 390-moddasi, JPK 592-moddasi mazmuniga koʻra, fuqarolik va jinoyat ishlari boʻyicha sud ishlarini yuritish sohasida huquqiy yordam oʻzarolik prinsipiga asosan ham koʻrsatilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzarolik prinsipi, jumladan, Oʻzbekiston Respublikasining biror-bir xorijiy davlat bilan huquqiy yordam toʻgʻrisida xalqaro shartnomasi mavjud boʻlmagan hollarda qoʻllanilishi mumkin. Bunga ehtiyoj boʻlganda, Oʻzbekiston Respublikasining vakolatli organi (Oliy sud, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, Milliy xavfsizlik xizmati) xorijiy davlat vakolatli organiga huquqiy yordam koʻrsatish toʻgʻrisida soʻrov kiritadi va unda oʻziga xorijiy davlat vakolatli organining topshirigʻi boʻyicha zarur protsessual harakatlarni bajarish yuzasidan majburiyat olganligini yozma ravishda tasdiqlaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq fuqarolik va jinoyat ishlari boʻyicha sud ishlarini yuritish sohasida huquqiy yordam, shu jumladan, quyidagi koʻrinishlarda amalga oshiriladi:
materiallar hamda bank, moliyaviy, yuridik va boshqa hujjatlar asli va tasdiqlangan nusxalarini tuzish, joʻnatish, taqdim etish, topshirish;
Keyingi tahrirga qarang.
tintuv oʻtkazish, predmetlar va hujjatlarni olib qoʻyish, mol-mulkni aniqlash va xatlash, shaxsning daromadini aniqlash, ashyoviy dalillarni joʻnatish va berish;
koʻzdan kechirish, guvohlantirish;
ekspertiza oʻtkazish;
daʼvogar, javobgar, uchinchi shaxslar (ularning vakillarini), jabrlanuvchilar, ayblanuvchilar (sudlanuvchilar), guvohlar, ekspertlarni soʻroq qilish;
bedarak yoʻqolgan shaxslarni qidirish, shuningdek huquqbuzarlik sodir etishda ayblanayotgan shaxslarni qidirish va ushlab berish;
jinoyat ishini qoʻzgʻatish;
sud hujjatlarini, shu jumladan, hukm nusxalari yoki sud qarorlari, sudlanganlik toʻgʻrisida maʼlumotnomalar (zarurat boʻlganda tegishli qonunchilik normalari matni ilova qilingan holda) taqdim etish;
fuqarolik ishlari boʻyicha sud qarorlarini, jinoyat ishlari boʻyicha hukmlarning fuqaroviy daʼvoga oid qismini tan olish va ijro etish.
Keyingi tahrirga qarang.
Fuqarolik va jinoyat ishlari boʻyicha sud ishlarini yuritish sohasida oʻzarolik prinsipiga asosan qonunchilikka zid boʻlmagan boshqa koʻrinishdagi huquqiy yordam ham koʻrsatilishi mumkin.
6. Xorijiy davlat hududida ayrim protsessual, tezkor-qidiruv va boshqa harakatlarni bajarish zarurati tugʻilganda, yurituvida fuqarolik yoki jinoyat ishi boʻlgan tegishli sud, prokuror, tergovchi yoki surishtiruv organi xorijiy davlatning vakolatli organiga tegishliligi boʻyicha quyidagilar orqali soʻrov kiritadi:
umumiy yurisdiksiya sudlari tomonidan koʻrilayotgan ishlarni yuritish bilan bogʻliq masalalar boʻyicha, shu jumladan, sud tomonidan JPK 399-moddasi tartibida eʼlon qilingan qidiruv natijasida turgan joyi aniqlangan shaxsni ushlab turish va berish masalalari boʻyicha — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi orqali;
Keyingi tahrirga qarang.
sudning qarori yoki prokurorning roziligi (sanksiyasi) talab qilinmaydigan protsessual harakatlar boʻyicha — Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati orqali;
Keyingi tahrirga qarang.
qolgan hollarda — Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi orqali.
7. Sudlarning eʼtibori shunga qaratilsinki, qonunda (JPK 593-moddasi) xorijiy davlat hududida jinoyat ishi boʻyicha protsessual harakatlarni bajarish toʻgʻrisidagi soʻrov mazmuni va shakliga nisbatan muayyan talablar belgilangan. Bunday soʻrov, jumladan, quyidagilarni oʻzida aks ettirishi kerak:
1) soʻrov yuborayotgan organning nomi;
2) soʻrov yuborilayotgan organning nomi va joylashgan joyi;
3) jinoyat ishining nomlanishi va soʻrovning xususiyati;
4) oʻziga nisbatan soʻrov yuborilayotgan shaxs toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, shu jumladan, uning tugʻilgan sanasi va joyi, fuqaroligi, mashgʻuloti turi, yashash joyi yoki turgan joyi haqidagi maʼlumotlar, uning protsessual maqomi (shu jumladan, sudlanganligi toʻgʻrisida maʼlumot), yuridik shaxs uchun esa, uning nomi, yuridik manzili va joylashgan joyi;
5) aniqlanishi lozim boʻlgan holatlar bayoni, shuningdek soʻralayotgan hujjatlar, ashyoviy va boshqa dalillar roʻyxati;
6) sodir etilgan jinoyatning haqiqiy holatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, uning tavsifi, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining qilmish jinoyat deb eʼtirof etilishiga asos boʻladigan tegishli moddasi matni;
7) agar jinoyat natijasida zarar yetkazilgan boʻlsa, uning miqdori toʻgʻrisidagi maʼlumotlar.
Xalqaro shartnomalarga muvofiq, protsessual harakatlarni bajarish toʻgʻrisidagi soʻrovda uni ijro etish uchun zarur boʻlgan boshqa maʼlumotlar ham boʻlishi mumkin.
Protsessual harakatlarni bajarish toʻgʻrisidagi soʻrov va unga ilova qilinayotgan hujjatlar soʻrovni yuborayotgan organning gerbli muhri bilan tasdiqlanadi hamda ular yuborilayotgan xorijiy davlatning rasmiy tiliga yoki Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida nazarda tutilgan boshqa tilga tarjima qilinadi.
8. Xorijiy davlat hududida boʻlgan shaxsni ushlab berish toʻgʻrisida oʻzarolik prinsipi asosida soʻrov yuborishning oʻziga xos xususiyati JPK 599-moddasi birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan. Bunday soʻrov faqat quyidagi hollarda yuborilishi mumkin boʻlib, shaxs:
jinoiy javobgarlikka tortish uchun ushlab berilgan taqdirda — agar soʻrov yuborilishiga sabab boʻlgan qilmish har ikkala davlat qonun hujjatlariga muvofiq jinoiy jazolanadigan qilmish boʻlsa va uni sodir etganlik uchun bir yildan kam boʻlmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazo yoki undan ogʻirroq jazo nazarda tutilgan boʻlsa;
hukmni ijro etish uchun ushlab berilgan taqdirda — agar shaxs olti oydan kam boʻlmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazoga yoki undan ogʻirroq jazoga hukm qilingan boʻlsa.
9. Qidiruvda boʻlgan shaxs xorijiy davlat hududida aniqlanganda, uni ushlab turish, qamoqqa olish, ushlab berish va koʻchirib kelish zaruriyati toʻgʻrisidagi masala qidiruv eʼlon qilgan sud tomonidan ajrim chiqarish va tegishli hujjatlarni rasmiylashtirish yoʻli bilan hal etiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Qidiruvda boʻlgan shaxsni ushlab turish, qamoqqa olish, ushlab berish va koʻchirib kelish zaruriyati toʻgʻrisidagi masalani hal etishda, sud mazkur shaxsga nisbatan jinoyat ishni JPK 84-moddasiga muvofiq, tugatish uchun asoslar bor-yoʻqligini tekshirishi lozim. Agar ish boʻyicha mazkur moddada nazarda tutilgan asoslardan birortasi mavjudligi aniqlansa, sud jinoyat ishini tugatishga nisbatan shaxsning roziligini olish toʻgʻrisida xorijiy davlatning vakolatli organiga soʻrov yuborish bilan chegaralanishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
10. Xalqaro huquq normalari va JPK 600-moddasiga muvofiq, xorijiy davlat tomonidan Oʻzbekiston Respublikasiga ushlab berilgan shaxs faqat ushlab berilguniga qadar oʻzi sodir etgan va faqat bunga uni ushlab bergan davlat roziligi olingan jinoyatlar uchun javobgarlikka tortilishi va jazolanishi mumkin.
Shu sababli xorijiy davlat vakolatli organining roziligi boʻlmaganda, agar ish boʻyicha ayblanuvchi zimmasiga ilgari qoʻyilgan ayblov bilan bogʻliq boshqa ayblovni qoʻyish uchun yoxud ayblovning ogʻirroq ayblov bilan yoki haqiqiy ahvolga koʻra ayblov xulosasida nazarda tutilganidan jiddiy farq qiladigan ayblov bilan almashtirish uchun asoslar aniqlansa, sud ishni qoʻshimcha tergov yuritish uchun qaytaradi.
Agar ishni koʻrish paytida sudlanuvchiga nisbatan JK 59-moddasining sakkizinchi qismi yoki 60-moddasi qoidalariga muvofiq jazo tayinlash uchun asoslar aniqlansa va bunga xorijiy davlat vakolatli organining roziligi olinmagan boʻlsa, sud JPK 418, 481-moddalari tartibida ishning muhokamasini keyinga qoldiradi va materiallarni mazkur masalani hal etish uchun prokurorga yuboradi.
Ayni paytda shuni nazarda tutish lozimki, sudlanuvchining harakatlarini Jinoyat kodeksining yengilroq jazoni nazarda tutuvchi moddasiga (moddasi qismiga) qayta kvalifikatsiya qilish uchun, agar xalqaro shartnomada boshqa holat nazarda tutilmagan boʻlsa, xorijiy davlat vakolatli organining roziligi talab etilmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
11. Agar hukmni ijro etish bosqichida xorijiy davlatning vakolatli organi tomonidan shaxsni faqat u sudlangan ayrim jinoyat epizodlari yoki Jinoyat kodeksining ayrim moddalari boʻyicha ushlab berishga rozilik berilgan boʻlsa, sud qarorlari ularga tegishli sud instansiyasi tomonidan JPK 600-moddasi talablaridan kelib chiqadigan oʻzgarishlar kiritilgandan soʻng ijro etilishi lozim.
12. Tushuntirilsinki, JK 34-moddasining beshinchi qismiga koʻra, xorijiy davlatlar sudlarining hukmlari boʻyicha sudlanganlik holati shaxsni oʻta xavfli retsidivist deb topish toʻgʻrisidagi masala hal qilinayotgan vaqtda hisobga olinishi mumkin. Boshqa barcha hollarda xorijiy davlat sudining hukmi boʻyicha sudlanganlik holatini sud faqat agar bu Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida nazarda tutilgan boʻlsagina tan olishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
13. Protsessual harakatlarni bajarish toʻgʻrisida xorijiy davlatning tegishli vakolatli organidan kelib tushgan soʻrovni bajarish shartlari va tartibi, bunday soʻrovni ijro etmasdan qaytarib yuborish asoslari va tartibi JPK 595-moddasida nazarda tutilgan.
Jumladan, xorijiy davlat hududida jinoyat sodir etgan va Oʻzbekiston Respublikasiga qaytib kelgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosini jinoiy javobgarlikka tortish toʻgʻrisida xorijiy davlat vakolatli organining soʻrovi, basharti Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksida bunday qilmish uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi norma mavjud boʻlmasa, ijro etilishi mumkin emas.
Sudlar ayni paytda shuni inobatga olishlari lozimki, Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida majburlov choralari (masalan, olib qoʻyish, tintuv, mol-mulkni xatlash, ushlab turish, qamoqda saqlash va boshqalar) bilan bogʻliq boʻlmagan protsessual harakatlarni soʻrov kiritilayotgan qilmish har ikkala davlat tomonidan jinoyat deb tan olinmagan taqdirda ham ijro etish nazarda tutilishi mumkin.
14. Qonunda (JPK 602-moddasi) Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori yoki uning oʻrinbosarining Oʻzbekiston Respublikasi hududida boʻlgan shaxsni ushlab berish toʻgʻrisidagi qarori ustidan shikoyat berish va uni sud tomonidan koʻrishning alohida tartibi belgilangan. Bunda, agar shikoyatni berishdan kelib chiqadigan protsessual munosabatlar mazkur norma bilan tartibga solinmagan boʻlsa, sud JPK 551-bobida nazarda tutilgan tegishli normalarga amal qilishi lozim.
Bunday shikoyatni koʻrish natijalari boʻyicha chiqarilgan sud ajrimi ustidan apellyatsiya shikoyati (protesti) JPK 13-moddasining toʻrtinchi qismiga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan uch nafar sudyadan iborat tarkibda koʻrilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
15. Tushuntirilsinki, Fuqarolik protsessual kodeksida sudlarning xorijiy davlat vakolatli organlari bilan oʻzaro hamkorligini batafsil tartibga soluvchi normalar mavjud emasligi tufayli, sudlar huquq analogiyasiga koʻra, Jinoyat-protsessual kodeksining 64-bobida belgilangan tartibga, agar bu fuqarolik protsessual qonunchiligi prinsiplariga xilof boʻlmasa, amal qilishlari lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
16. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi huzuridagi Sud qonunchiligini demokratlashtirish va liberallashtirish hamda sud tizimi mustaqilligini taʼminlash boʻyicha tadqiqot markaziga quyidagilar tavsiya etilsin:
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan kelishgan holda muntazam va oʻz vaqtida sudyalarni Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari roʻyxati, matni va xalqaro huquqning boshqa hujjatlari bilan taʼminlash;
xalqaro huquq manbalarini muntazam tahlil etish va zarur amaliy qoʻllanmalar, sharhlar hamda boshqa metodik adabiyotlar chop etish.
17. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Yuristlar malakasini oshirish markaziga sudyalar va sud apparati xodimlari uchun oʻquv jarayonini tashkil etishda, sudlar faoliyatida xalqaro hamkorlik masalalarini tartibga soluvchi Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini qoʻllashga alohida eʼtibor qaratish tavsiya etilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
18. Qoraqalpogʻiston Respublikasi fuqarolik va jinoyat ishlari boʻyicha oliy sudlari, fuqarolik va jinoyat ishlari boʻyicha viloyatlar va unga tenglashtirilgan sudlar vaqti-vaqti bilan fuqarolik va jinoyat ishlari boʻyicha sud ishlarini yuritish sohasida xalqaro hamkorlikka oid qonunchilikni qoʻllash boʻyicha sud amaliyotini umumlashtirib borsinlar va yoʻl qoʻyilgan qonun buzilishlarini oʻz vaqtida bartaraf etsinlar.
Keyingi tahrirga qarang.
Oliy sud raisi B.MUSTAFAYEV
Plenum kotibi, Oliy sud sudyasi A.USMANOV
Toshkent sh.,
2012-yil 25-may,
6-son