Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi davlat veterinariya bosh boshqarmasi BOShLIGʻINING
BUYRUGʻI
BOZORLARDA BALIQ VA BALIQ MAHSULOTLARINI VETERINARIYA-SANITARIYA EKSPERTIZASIDAN OʻTKAZISh QOIDALARINI TASDIQLASh TOʻGʻRISIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan kelishilgan holda texnik hujjat deb topilgan. 2008-yil 25-aprel 20-15-115/11-son]
Mazkur Buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Davlat veterinariya qoʻmitasining 2018-yil 12-yanvardagi 6-sonli “Bozorlarda baliq va baliq mahsulotlarini veterinariya-sanitariya ekspertizasidan oʻtkazish qoidalarini tasdiqlash haqida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasining “Veterinariya toʻgʻrisida”gi, “Davlat sanitariya nazorati toʻgʻrisida”gi, “Oziq-ovqat mahsulotlarining xavfsizligi toʻgʻrisida”gi va “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunlari talablarini bajarish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 21-dekabrdagi 03-38-144-sonli Bayoniga muvofiq buyuraman:
1. Bozorlarda baliq va baliq mahsulotlarini veterinariya-sanitariya ekspertizasidan oʻtkazish qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur hujjat Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab 10 kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
3. Mazkur Qoidalar tasdiqlanishi munosabati bilan Sobiq Ittifoq Qishloq xoʻjaligi vazirligi Veterinariya bosh boshqarmasi tomonidan 1959-yil 15-dekabrda SSSR Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan kelishib tasdiqlangan “Bozorlarda baliq va baliq mahsulotlarini veterinariya-sanitariya ekspertizasidan oʻtkazish Qoidalari” Oʻzbekiston Respublikasida qoʻllanilmasin.
4. Mazkur buyruqning ijrosini nazorat qilishni oʻz zimmamda qoldiraman.
Boshliq v.v.b. M.YUSUPOV
Toshkent sh.,
2008-yil 11-aprel,
70-son
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi Davlat sanitariya Bosh boshqarmasining 2008-yil 25-apreldagi 70-sonli buyrugʻi bilan
TASDIQLANGAN
TASDIQLANGAN
Bozorlarda baliq va baliq mahsulotlarini veterinariya-sanitariya ekspertizasidan oʻtkazish
Qoidalari
Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasining “Veterinariya toʻgʻrisida”gi, “Davlat sanitariya nazorati toʻgʻrisida”gi, “Oziq-ovqat mahsulotlarining sifati va xavfsizligi toʻgʻrisida”gi va “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonunlariga muvofiq bozorlarda baliq va baliq mahsulotlarini veterinariya-sanitariya ekspertizasidan oʻtkazish talablarini belgilaydi.
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Qoidalar baliq va baliq mahsulotlarini bozorlarda sotuvchilar, shuningdek bozorlardagi veterinariya-sanitariya ekspertizasi laboratoriyasi veterinariya mutaxassislari uchun qoʻllaniladi
2. Baliq va baliq mahsulotlari bozorlardagi veterinariya-sanitariya ekspertizasi laboratoriyasining veterinariya vrachlari tomonidan veterinariya-sanitariya ekspertizasidan oʻtkaziladi. Veterinariya-sanitariya ekspertizasi natijalari belgilangan shakldagi jurnalga yoziladi. Veterinariya jihatidan sifatli deb topilgan baliq va baliq mahsulotlari egasiga belgilangan shakldagi veterinariya sanitariya ekspertizasi xulosasi (1-ilova) beriladi.
II. Yangi va muzlatilgan baliqlarni ekspertizadan oʻtkazish
3. Yangi baliq:
a) sifatli yangi baliq har bir baliq turiga xos boʻlgan tana shakli va rangiga, yaltiroq yoki bir oz oqargan sadafsimon tovlanuvchi tangachalari (tangachali qoplamasi boʻlgan baliqlarda) va maxsus baliq hidiga ega boʻladi. Baliqlarning sirtida ovlash qurollari tomonidan yetkazilgan shikastlanish yoki transportda tashish natijasida paydo boʻlgan baʼzi qizarish (qontalashlar), teri qoplamasining katta boʻlmagan zararlanishi, seld baliqlarida esa tangachalarining koʻp qismi mavjud emasligiga ruxsat etiladi. Yangi baliqlarning koʻzi odatda boʻrtib yoki biroz choʻkib turadi, jabralari yorqin-qizil rangdan och-qizil ranggacha tusda, chirish hidi boʻlmaydi. Kesilganda goʻshti har bir baliq turiga xos boʻlgan rangga ega boʻladi, ichki organlari esa — tabiiy rangga va strukturaga ega boʻlib, ularda chirish hidi boʻlmasligi zarur;
b) sifatsiz baliq yoqimsiz hidli, toʻq-kulrang tusdagi shilliq bilan qoplangan, sirti xira rangda, tangalari teriga kuchsiz yopishgan, qorni shishgan, koʻzlari loyqalangan va choʻkib qolgan (koʻz orbitasi sathidan botiq), jabrasi toʻq-kulrang tusda, shuningdek loyqa choʻziluvchan shilliq bilan qoplangan boʻladi. Bunday baliqning goʻshti shalviragan, suyakdan yengil ajraladi va yoqimsiz chirigan hidli boʻladi. Ichki organlari toʻq-kulrang yoki malla-kulrang tusda, butunligi qisman yoki toʻliq yoʻqolgan, chirindi hidli boʻladi. Qaynatib koʻrish sinovida loyqa bulon hosil boʻladi, goʻsht va buloni qoʻlansa hidga ega boʻladi.
4. Yangi muzlatilgan baliq:
a) sifatli yangi muzlatilgan baliq — tabiiy rangda, sirti urinmagan, tangalari toʻkilmagan (seld baligʻidan tashqari). Tashqi qoplamasi biroz qizargan boʻlishi mumkin. Oq baliq, syomga, nelma, koʻl va dengiz losos baliqlari teri qoplamasining yuzasi, teri ostiga oʻtmaydigan sargʻish boʻlishi mumkin. Yangi muzlatilgan baliq jabrasining rangi toʻq-qizildan xira-qizil tusgacha, eritilganda mushak toʻqimalari yot hidlarsiz boʻladi. Semiz baliqlar sirtida oksidlangan yogʻning kuchsiz hidi boʻladi;
b) sifatsiz yangi muzlatilgan baliq sirti xira va uringan, goʻshti yoqimsiz hidli, semiz baliqlarda esa oksidlangan yogʻning hidi goʻsht qatlamiga oʻtgan. Jabrasining rangi kulrangdan qoramtir-balchiq rangigacha, qoʻlansa hidli. Qaynatib koʻrish sinovida qoʻlansa hidli bulon hosil boʻladi.
5. Parazitlar bilan zararlangan baliq
Baliq parazitlari bilan zararlanganligiga gumon qilinganda sotish uchun keltirilgan baliqlardan namuna olinib ichki organlari, shuningdek mushak toʻqimalari parazitlarning lichinkasi mavjudligiga tekshiriladi.
6. Mushuk dvuustkasi parazitining metatserkariylari va keng lentasimon parazitining plerotserkoidlari bilan zararlangan baliqlarni zararsizlantirish.
Mushuk dvuustkasi parazitining metatserkariylari va keng lentacha parazitining plerotserkoidlari bilan zararlangan baliqlar qaynab chiqqan paytdan boshlab kamida 30 daqiqa qaynatilib zararsizlantiriladi yoki konservalar, shuningdek issiq dudlama mahsulotlari tayyorlashga joʻnatiladi. Bunday baliqlarni muzlatib zararsizlantirishga ham ruxsat etiladi. mushuk dvuustkasi metatserkariylar bilan zararlangan boʻlsa manfiy —15° S haroratda kamida 14 sutka davomida, keng lentacha plerotserkoidlari bilan zararlangan boʻlsa — 7 sutka davomida manfiy — 8o S yoki 3 sutka davomida manfiy — 12° S haroratda muzlatiladi.
Mushuk dvuustikasi metatserkariylari - uzunligi 0,3 mm atrofida va kengligi 0,24 mm atrofida kapsulaga oʻralgan sista boʻlib, asosan orqa mushaklarning teri osti qismida joylashgan boʻladi. Metatserkariylar borligiga gumon qilinganda 2-3 dona yupqa (2-3 mm qalinlikda) mushak boʻlakchalari kesib olinadi, ular ikkita predmet oynasi orasida eziladi va mikroskop ostida past kattalikda koʻriladi. Bunda sista ichida katta qora dogʻ (qora dogʻli siydik pufagi) va ikkita soʻrgʻich koʻrinadi.
Keng lentacha plerotsirkoidi mavjudligiga gumon qilinganda baliqning qorin boʻshligʻi ochiladi va ichak, oshqozon, jigar yuzasi, shuningdek terisi fibroz kapsula (diametri 1,5-4 mm atrofida) bor-yoʻqligiga tekshiriladi. Ichki organlarda lichinkalar koʻpincha erkin holatda (kapsulasiz), uzunligi 1-2 sm atrofida va kengligi 1—3 mm oʻlchamda boʻladi. Mushaklardan 3-4 dona koʻndalang boʻlakchalar (qalinligi 5 mm atrofida) kesib olinib, bevosita koʻz bilan kapsulaga oʻralgan plerotserkoidlar mavjudligiga tekshiriladi.
Keng lentacha plerotsirkoidini odam uchun xavfsiz boʻlgan trienaforus plerotserkoididan differensiyalash uchun ichki organlarda topilgan fibroz kapsulalar mikroskop ostida tekshiriladi. Keng lentacha plerotsirkoidning boshchasida ilgaklari yoʻq, trienaforus plerotserkoidi boshchasi esa toʻrtta ilgakli boʻladi.
7. Metagonimus parazitining metatserkariylari aniqlangan baliqlarni zararsizlantirish.
Baliqning tashqi qoplamasida, suzgichlarida, shuningdek jabralarida metagonimus parazitining metatserkariylari aniqlanganda, bunday baliq 7 sutka davomida minus — 8°S darajadan yuqori boʻlmagan haroratda muzlatish yoʻli bilan zararsizlantiriladi.
Metagonimus paraziti bilan zararlangan baliqlar tangasi, jabrasi va suzgichlari ajratib olingandan soʻng (ular qaynatilib yoʻq qilinadi), oziq-ovqat uchun ishlatiladi.
Metagonimus metatserkariylari bilan zararlanganligi gumon qilinganda baliqning suzgichlari jabrasi ikkita predmet oynasi orasiga joylanadi va mikroskop ostida kichik obyektivda tekshiriladi. Metagonimus metatserkariylari sharsimon yoki oval shaklida boʻlib diametri 0,18 — 0,21 mm, sista ichida biroz taqasimon shakldagi lichinkalar aniqlanadi.
8. Parazitlarning lichinkalari bilan zararlangan baliqlarni zararsizlantirish.
Parazitlarning lichinkalari bilan zararlangan baliqlarni ushbu Qoidalarning 6- va 7-bandlarida koʻrsatilgani singari zararsizlantirishning imkoni boʻlmaganda ular texnik utilizatsiya qilinadi.
Izoh. Parazitlar bilan zararlangan baliq bilan it, mushuk, choʻchqa va moʻynali hayvonlarni oziqlantirishga, faqat baliq obdon qaynatilgandan soʻng yoki ushbu Qoidalarning 6 va 7-bandlarida koʻrsatilgani singari muzlatilgandan keyin ruxsat etiladi.
9. Lentasimon parazitlar bilan zararlangan baliqlar.
Lentasimon parazitlar bilan zararlangan baliqlar sotilmaydi. Bunday baliq parazitlar va zararlangan toʻqimalardan obdon tozalangandan soʻng oziq-ovqat uchun ishlatilishi mumkin.
10. Mushaklari nematodalar bilan zararlangan baliqlar.
Baliq mushaklarining nematodalar bilan, ularda koʻrinib turadigan anatomo-morfologik oʻzgarishlar (gidremiya, rangining oʻzgarishi va boshqalar) bilan kechadigan zararlanishida, baliq texnik utilizatsiyaga joʻnatiladi.
11. Karplar qizilchasi.
Baliqda karplar qizilchasining oʻtkir shakli (terida qizil dogʻlar, qoringa suv toʻplanganda va u bosilganda anal teshigidan uzun shilimshiq suyuqlik ajralganda) yoki yiringli-nekrotik yaralar va mushak toʻqimasining chuqur qismida gidremiya aniqlanganda baliq texnik utilizatsiya qilinadi.
12. Baliq tanasidagi katta zararlanishlar.
Baliq (karp, zogʻora, baʼzan boshqa karpsimonlar) tanasida oq rangli keng tarqalgan togʻaysimon koʻrinishdagi katta zararlanishlar, mushaklar gidremiyasi va boshqalar aniqlanganda u texnik utilizatsiya qilinadi.
13. Yangi baliqning tashqi qoplamasida yiringli-nekrotik yara va jarohatlar.
Yangi baliqning tashqi qoplamasida mushak toʻqimasiga chuqur kirib bormaydigan, yiringli-nekrotik yara va jarohatlar koʻrinishidagi yuqumli, parazitar yoki travmatik xarakterdagi, bir-ikkita zararlanishlar mavjud boʻlsa, zararlangan joylar veterinariya nazorati ostida tozalangandan soʻng uni oziq-ovqat uchun ishlatishga ruxsat etiladi.
14. Qorabaliq (marinka) va “muqaddas” usmonli baliqlar.
Qorabaliq (marinka) va “muqaddas” usmonli baliqlar albatta ichki organlardan (urugʻi, ikrasi, qorin boʻshligʻiga yopishgan qora plyonka va boshqalar) tozalangandan soʻng sotishga chiqariladi.
15. Baliqni yangiligini baholash. Baliqda biroz seziladigan organoleptik oʻzgarishlarga gumon qilinganda yangiligini baholash quyidagi laboratoriya tekshirish yoʻllari bilan amalga oshiriladi: bakterioskopiya, Nessler sonini aniqlash, rN ni aniqlash, vodorod sulfitni aniqlash (namunani qizdirish bilan), qaynatish sinovi.
Baliqning yangiligiga laboratoriya tekshirishlari uchun turli joylardan (oʻramning kamida 5 foizidan), jami baliq partiyasini xarakterlovchi baliq ekzemplyarlari quyidagicha tanlab olinadi:
| № | Bitta baliq vazni | Namunalar miqdori |
| 1. | Vazni 100 g gacha | Har bir oʻramdan 5 — 7 dona |
| 2. | Vazni 1 kg gacha | Har bir oʻramdan 2 ta baliqdan 100 g dan 2 ta namuna |
| 3. | Vazni 3 kg gacha | Har bir oʻramdan 1-2 ta baliqdan 150 g dan 2 ta namuna |
| 4. | Vazni 3 kg dan yuqori | Har bir oʻramdan 2 ta baliqdan, kalla va orqa qismidan alohida, har biri kengligi 5 sm, vazni koʻpi bilan 500 g boʻlaklar olinadi |
III. Tuzlangan, dudlangan va quritilgan baliq hamda qisqichbaqalarni ekspertizadan oʻtkazish
16. Tuzlangan baliq:
a) sifatli tuzlangan baliq — solingan bochkadagi namakob oʻziga xos yoqimli hidga ega boʻlib, baliqlar oqish-kumushsimon yoki toʻq-kul rang tusda (baliq turiga qarab) boʻladi. Oʻtkir tuzlangan baliq rangi bir muncha xira tortib, goʻshtga oʻtmagan, och sargʻish tusda boʻladi. Qorni butun, biroz osilgan, jabra varaqlari osilmagan, terisi katta boʻlak holda ajraladi. Oʻtkir tuzlangan baliqning mushaklari yetarli darajada mustahkam, oʻrtacha va kam tuzlangan baliqda esa yumshoq konsistensiyali boʻladi, hidi va taʼmi ushbu turdagi tuzlangan baliqqa xos boʻladi. Baliq sirtida oksidlangan yogʻning kuchsiz hidi boʻlishi mumkin. Sifatli tuzlangan baliqlarning ichki organlari tabiiy shaklda saqlangan boʻladi.
Sifatli seld baligʻining koʻkrak suzgichlaridan qorni biroz osilgan va ichki organlari ezilgan, terisi mustahkam boʻlib, shuningdek mushaklari tutamlari va tolalarining strukturasi saqlangan boʻladi.
b) sifatsiz tuzlangan baliq. Sifatsiz tuzlangan baliq solingan bochkadagi namakob toʻq-kulrang yoki malla rangli va badboʻy hidli, baliq xira tortgan, qoʻlansa hidli, kulrang yoki sargʻish-malla qatlam bilan qoplangan, qorni yirtilgan baliqlar uchraydi.
Goʻshti shalviragan, terisi yengil ajraladi, mushak toʻqimasi kesib koʻrilganda toʻq-kulrang yoki qoramtir rangda, buzilgan yoki aynigan hidli boʻladi. Yogʻli, semiz baliqlardan oksidlangan yogʻning oʻtkir hidi kelib, goʻshti sargʻaygan boʻladi.
Tuzlangan baliqda pishloq pashshasining lichinkasi (pitrak) aniqlansa, shuningdek goʻsht qatlamiga oʻtgan qizil dogʻ (“fuksin” ) aniqlansa baliq sotishga qoʻyilmaydi.
17. Sovuq dudlangan baliq
a) sifatli sovuq dudlangan baliq — rangi oltinsimon, sirti toza va quruq boʻladi. Baliqning turiga qarab tashqi qoplamasining rangi somonsimon-sariqdan mallagacha boʻladi. Ishlov berilmagan baliqlarning qorni butun, zich konsistensiyali boʻladi. Seld baliqlarining qorni biroz yumshoq, butun va shishmagan holda boʻladi. Mushak toʻqimasi kulrang-sargʻish rangda, zich konsistensiyali, kesganda uvalanadigan boʻladi. Uzoq Sharq lososi (keta, kijuch, gorbusha, nerka, chavicha va boshqalar) va seld baliqlarida goʻshtining konsistensiyasi yumshoqroq yoki qattiqroq boʻladi. Hidi va taʼmi — dudlamalarga xos, yoqimli, ushbu turdagi baliq uchun xarakterli boʻladi. Seld baliqlarining sirtida kuchsiz oksidlangan yogʻ hidi boʻladi.
b) sifatsiz sovuq dudlangan baliq. Sifatsiz sovuq dudlangan baliq sirti nam va xira-oltinsimon rangda, baʼzan kulrang tovlanib turadi. Qorni yumshoq konsistensiyali yoki yorilgan, ichki organlari ancha lizisga uchragan, oʻtkir qulansa hidli boʻladi. Kesmada mushak toʻqimasining strukturasi noaniq, goʻsht konsistensiyasi yumshoqroq boʻladi. Baliqning hidi oʻtkir va noxush boʻladi. Sifatsiz sovuq dudlangan baliq sotishga qoʻyilmaydi.
18. Issiq dudlangan baliq
a) sifatli issiq dudlangan baliq — rangi (turiga qarab) och-oltinsimondan toʻq-mallagacha, baʼzan uncha katta boʻlmagan yorqin joylari (dudlanmay qolgan), tashqi qoplamasi toza va quruq yoki namroq boʻladi. Ishlov berilmagan baliqlarda qorni – zich konsistensiyali, butun yoki yorilgan (mexanik shikastlanishlar natijasida) boʻladi. Goʻshti alohida boʻlaklarga yengil ajraladi, uning konsistensiyasi zich, quruqroq yoki namroq boʻladi. Hidi va taʼmi — yoqimli, ushbu turdagi baliq uchun xarakterli. Smolasimon moddalar aralashmasi hisobiga biroz achchiq taʼm boʻladi. Seld va losos baliqlarida teri osti qismida oksidlangan yogʻning kuchsiz hidi va mazasi boʻladi.
b) sifatsiz issiq dudlangan baliq — yuzasi nam, kir-yaltiroq tusda va qoʻlansa hidli boʻladi. Qorni yumshoq konsistensiyali yoki yorilgan, ichki organlarida chirish belgilari boʻladi. Mushak toʻqimalari konsistensiyasi yumshoq — hidi achqimtil, qoʻlansa boʻladi. Sifatsiz issiq dudlangan baliq sotishga qoʻyilmaydi.
19. Quritilgan baliq.
a) sifatli quritilgan baliq — (turiga qarab) yuzasi quruq, toza boʻlib, och-kulrangdan toʻq-kulrangacha tusda boʻladi. Nimtalangan baliqda kesim yuzasi va qorin qismida kuchsiz sargʻayish boʻladi. Goʻsht konsistensiyasi zich yoki qattiq, hidi va taʼmi ushbu turga xos. Nimta kesimida va qorin qismida yogʻning kuchsiz achigan hidi boʻlishi mumkin.
b) sifatsiz quritilgan baliq — nam, yopishqoq, qoʻlansa hidli boʻladi. Nimtalangan baliq kesimi yuzasi va qorin boʻshligʻi sargʻish rangda, yogʻning oʻtkir achish hidi boʻladi. Goʻsht konsistensiyasi — yumshoqroq yoki yumshoq, mushaklar alohida tutamlarga ajralmaydi, hidi oʻtkir, noxush boʻladi.
Sifatsiz quritilgan baliq sotishga qoʻyilmaydi.
Tuzlangan, quritilgan va dudlangan baliqda mogʻor paydo boʻlsa yoki qaynatib koʻrishda yoʻqolmaydigan qoʻlansa hid mavjud boʻlsa bunday baliq sotishga qoʻyilmaydi.
20. Daryo qisqichbaqalari (tirik va pishirilgan).
a) sifatli tirik qisqichbaqalar — toʻq malla, baʼzan yashilsimon tusdagi qattiq, silliq zirhga ega, changallari boʻgʻinlardan bukilgan va qorinchasi (dum qismi) egilgan boʻladi. Sifatli pishirilgan qisqichbaqalar bir tekisda qizil rangga boʻyalgan zirhga ega, qorinchasi (dum qismi) egilgan, hidi kuchsiz, oʻziga xos, xushboʻy boʻladi.
b) sifatsiz xom yoki pishirilgan qisqichbaqalar — xom yoki pishirilgan sifatsiz (oʻlgan) qisqichbaqalarda qorinchasi (dum qismi) va changallari choʻzilgan, rangi notekis, zirhi yumshagan yoki yara bosgan (qisqichbaqalar oʻlati) boʻladi. Yomon sifatli (oʻlgan) qisqichbaqalar sotishga qoʻyilmaydi
IV. Yangi va yangi muzlatilgan baliqlarni laboratoriyada tekshirish usullari
21. Bakterioskopiya. Baliq goʻshtining yuza va chuqur qavatlaridan surtma tayyorlanadi va Gram usulida boʻyaladi. Boʻyalgan surtma mikroskopiya qilinadi va bir koʻrish maydonidagi mikroorganizmlarning miqdori hisoblab chiqiladi. Sifatli baliqdan tayyorlangan surtmalarda mikroblar yoʻq yoki ular bir-ikki dona, yangiligi shubhali baliqdan tayyorlangan surtmada bitta koʻrish maydonida 10 — 20 dona mikroorganizmlar topiladi, sifatsiz baliqdan tayyorlangan surtmada bitta koʻrish maydonida 30 — 40 dona va undan koʻproq turli shakllardagi mikroorganizmlar aniqlanadi.
22. Nessler sonini aniqlash. Muskul toʻqimasidan 1:10 nisbatdagi filtrati tayyorlanadi (5-martalik chayqatish davomida ekstraksiya muddati — 15 daqiqa). Probirkaga 2 ml filtrat quyilib ustiga 0,5 ml Nessler reaktivi qoʻshiladi, yengil chayqatiladi va 5 daqiqaga qoʻyiladi. Shundan soʻng uch daqiqa davomida tsentrifuga qilinadi va olingan eritma oq fonda standart bixromat shkalasi bilan solishtiriladi va quyidagi natijalar olinadi:
| | Baliq | Nessler soni |
| | Yangi | 1,0 gacha |
| | Yangiligi shubhali | 1,2-1,4 |
| | Eski | 1,6-2,4 va yuqori |
Nessler reaktivini va standart bixromat shkalasini tayyorlash usuli.
a) Nessler reaktivi quyidagicha tayyorlanadi: 22,5 gr kristall yod tarkibida 30 gr kaliy yod saqlovchi 20 ml distillangan suvda eritiladi. Olingan eritmaga 30 gr simob metalli qoʻshiladi va yod rangi yoʻqolgunga qadar kuchli chayqatiladi. Soʻngra olingan eritma distillangan suv bilan 200 ml hajmga yetkaziladi, unga 10 foizli oʻyuvchi natriy eritmasidan 375 ml qoʻshiladi va yaxshilab aralashtiriladi. Olingan eritma ogʻzi yopilgan sklyankada qorongʻi joyga bir sutkaga tindirish uchun qoʻyiladi va soʻngra sifon yordamida choʻkmadan ajratiladi.
Nessler reaktivi nazorat paytida 0,5 ml reaktivni 2 ml yangi distillangan suvga qoʻshganda suyuqlik sariq rang paydo qilib, deyarli rangsizlangunga qadar yaroqli boʻlib hisoblanadi.
Nessler reaktivi toʻgʻri (qora shishadan tayyorlangan, rezina tiqinli sklyankada qorongʻi va salqin joyda) saqlanganda tekshirish uchun 5 - 6 oy davomida yaroqli boʻladi.
b) standart bixromat shkalasini tayyorlash uchun rangsiz shishadan ishlangan bir xil diametrli 8 dona probirka olinadi. Har biri 25 ml hajmli oʻlchov kolbachalarida bixromat kaliyning (detsinormal) 0,1n eritmasidan (500 ml distillangan suvda 2,452 gr K2SG2O7 saqlovchi) 0,6; 0,8; 1,0; 1,2; 1,4; 1,6; 1,8 va 2,4 ml dan solinadi va 25 ml belgisigacha distillangan suv bilan aralashtiriladi.
Yaxshilab aralashtirilgandan soʻng har bir eritmadan 7 ml dan olinib alohida probirkaga solinadi. Eritma solingan har bir probirka (8 dona) Nessler sonini bildiruvchi bixromat kaliy millilitrlari koʻrsatilib kavsharlanadi yoki qobiqli tiqin bilan zichlab yopiladi.
Shkala qorongʻi joyda saqlanadi. Yaroqlilik muddati 1 yil.
23. Vodorod ionlari konsentratsiyasini aniqlash. Baliq muskullaridan tayyorlangan filtrat (1:10) sifatlida yengil tovlanuvchi, rN 6,8-7,0; sifatsiz baliqning filtrati — loyqa, qoʻlansa hidli, rN 7,2-7,6 (rN 1:1000 nisbatda aralashtirilgan metanitrofenol indikatorini qoʻllagan holda Mixaelis shkalasi boʻyicha aniqlanadi).
24. Vodorod sulfitni (serovodorodni) aniqlash. Keng probirkaga baliqning yumshoq boʻlagidan joylashtiriladi (5 — 7 gr). Goʻsht namunasining ustiga qalin filtr qogʻozi tasmasidan ilib qoʻyiladi, uning pastki gorizontal qismiga 2-3 tomchi (tomchi diametri koʻpi bilan 3-4 mm) qoʻrgʻoshin sirkaning nordon tuzi eritmasidan tomiziladi. Namuna solingan probirka suv hammomida 48 — 52°S haroratda 15 daqiqa davomida isitiladi va soʻngra zudlik bilan reaksiya hisobga olinadi:
sifatli baliq — reaksiya yoʻq;
sifatliligi shubhali baliq — qogʻozda och-qoʻngʻir dogʻ (vodorod sulfitning izi) paydo boʻladi;
sifatsiz baliq — qogʻozdagi tomchining rangi qoʻngʻirdan toʻq-mallagacha. Qoʻrgʻoshin sirkaning ishqorli eritmasini tayyorlash: 4 — 10 foyizli 100 ml
Qoʻrgʻoshin sirka eritmasiga oʻyuvchi natriyning 30 foizli eritmasidan qoʻrgʻoshin gidrooksid choʻkmasi paydo boʻlguncha qoʻshib boriladi. Olingan eritma qogʻoz filtr orqali filtrlanadi va berkitilgan sklyankada saqlanadi.
25. Qaynatib koʻrish sinovi. 100 gr atrofida ichki organlari va tangalaridan tozalangan baliq olinib ikki hissa miqdordagi suvga solinadi va 5 daqiqa davomida qaynatiladi.
Sifatli baliqning shoʻrvasi hamda goʻshti oʻziga xos xushboʻy hidga ega. Goʻsht alohida mushak tutamlariga yaxshi boʻlinadi.
Yomon sifatli baliqning shoʻrvasi oʻta loyqa, baliq goʻshti va shoʻrvasi noxush hidga ega.
1-ILOVA