OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MOLIYA VAZIRLIGI
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT SOLIQ QOʻMITASINING
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT SOLIQ QOʻMITASINING
Qarori
MEVA-SABZAVOT MAHSULOTLARINI SAQLAShGA MOʻLJALLANGAN ASOSIY VOSITALARGA MOL-MULK SOLIGʻI BOʻYIChA IMTIYOZNI QOʻLLASh TARTIBI TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2011-yil 9-iyunda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2233]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasining 2017-yil 10-apreldagi 37, 2017-15-sonli “Meva-sabzavot mahsulotlarini saqlashga moʻljallangan asosiy vositalarga mol-mulk soligʻi boʻyicha imtiyozni qoʻllash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarorni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 2233-1, 20.04.2017-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 7-apreldagi 105-son “2011 — 2015-yillar davrida meva-sabzavot mahsulotlarini saqlashning moddiy-texnika bazasini rivojlantirish va mustahkamlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorining 6-bandiga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 14-son, 141-modda) muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasi qaror qiladilar:
1. Meva-sabzavot mahsulotlarini saqlashga moʻljallangan asosiy vositalarga mol-mulk soligʻi boʻyicha imtiyozni qoʻllash tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Moliya vaziri R. AZIMOV
Toshkent sh.,
2011-yil 27-may,
34-son
Davlat soliq qoʻmitasi raisi B. PARPIYEV
Toshkent sh.,
2011-yil 27-may,
2011-18-son
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasining 2011-yil 27-maydagi 34, 2011-18-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Meva-sabzavot mahsulotlarini saqlashga moʻljallangan asosiy vositalarga mol-mulk soligʻi boʻyicha imtiyozni qoʻllash tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 7-apreldagi 105-son “2011 — 2015-yillar davrida meva-sabzavot mahsulotlarini saqlashning moddiy-texnika bazasini rivojlantirish va mustahkamlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorining 6-bandiga muvofiq (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 14-son, 141-modda) meva-sabzavot mahsulotlarini saqlashga moʻljallangan asosiy vositalarga mol-mulk soligʻi boʻyicha imtiyozni (keyingi oʻrinlarda mol-mulk soligʻi boʻyicha imtiyoz deb yuritiladi) qoʻllash tartibini belgilaydi.
I. Umumiy qoidalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 7-apreldagi 105-son “2011 — 2015-yillar davrida meva-sabzavot mahsulotlarini saqlashning moddiy-texnika bazasini rivojlantirish va mustahkamlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq 2011 — 2015-yillarda meva-sabzavot mahsulotlarini saqlashning moddiy-texnika bazasini rivojlantirish va mustahkamlash boʻyicha chora-tadbirlar dasturini amalga oshirilishida qatnashadigan “Oʻzulgurjisavdoinvest” uyushmasi, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligining tashqi savdo kompaniyalari, shuningdek, tashkilotlar sovutish kameralaridan foydalangan holda meva-sabzavot mahsulotlarini saqlashga moʻljallangan asosiy vositalar yuzasidan yangidan qurish, rekonstruksiya qilish va modernizatsiyalash natijasida saqlash joylari foydalanishga qabul qilingan paytdan boshlab uch yil muddatga mol-mulk soligʻi toʻlashdan ozod qilinadilar.
2. Mazkur Nizom umumbelgilangan tartibda soliq toʻlovchi boʻlgan tashkilotlarga qoʻllaniladi.
3. Mazkur Nizom maqsadlari uchun quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
modernizatsiyalash — asosiy vositalar obyektini texnologik yoki xizmat maqsadini oʻzgartirish, ularning unumdorligini oshirish yoki boshqa sifat koʻrsatkichlarini yaxshilashga yoʻnaltirilgan ishlar;
rekonstruksiya qilish — arxitekturaviy rejalashtirilgan yechimlarni oʻzgartirish, ustqurmalar qurish, qisman buzgan holda, ishdan chiqqan va maʼnaviy eskirgan konstruksiyalar va muhandislik jihozlarini almashtirish;
yangidan qurish — sovutish kameralaridan foydalangan holda meva-sabzavot mahsulotlarini saqlashga moʻljallangan yangi bino va inshootlarni qurish.
II. Imtiyozni qoʻllash
4. Mol-mulk soligʻi boʻyicha imtiyoz sovutish kameralaridan foydalangan holda meva-sabzavot mahsulotlarini saqlashga moʻljallangan asosiy vositalar qiymatiga soliq solinadigan bazani kamaytirish koʻrinishida uch yil muddatga yangidan qurish, rekonstruksiya qilish va modernizatsiyalash natijasida saqlash joylari foydalanishga qabul qilingan paytdan boshlab taqdim etiladi.
5. Mol-mulk soligʻi boʻyicha imtiyoz qoʻllash uchun tashkilotlar sovutish kameralaridan foydalangan holda meva-sabzavot mahsulotlarini saqlashga moʻljallangan asosiy vositalari boʻyicha soliq solinadigan bazasining hisobini alohida yuritishlari shart.
6. Yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqning hisob-kitobi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasining 2007-yil 29-dekabrdagi 111, 2007-66-son “Soliq hisobotining shakllarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori bilan tasdiqlangan (roʻyxat raqami 1760, 2008-yil 21-yanvar) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 3-4-son, 15-modda) yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq hisoboti shakllariga muvofiq amalga oshiriladi.
Bunda, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq hisob-kitobining tegishli 4-ilovasi 030-satrida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 7-apreldagi 105-son “2011 — 2015-yillar davrida meva-sabzavot mahsulotlarini saqlashning moddiy-texnika bazasini rivojlantirish va mustahkamlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori nomini koʻrsatib, sovutish kameralaridan foydalangan holda meva-sabzavot mahsulotlarini saqlashga moʻljallangan asosiy vositalarning mol-mulkning oʻrtacha yillik qoldiq qiymati koʻrsatiladi.
III. Imtiyozni buxgalteriya hisobida aks ettirish
7. Mol-mulk soligʻi boʻyicha imtiyozni buxgalteriya hisobida aks ettirish Yuridik shaxslarga, soliqlar, bojxona va majburiy toʻlovlarni budjetga toʻlash boʻyicha berilgan imtiyozlarni rasmiylashtirish va buxgalterlik hisobida aks ettirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga (roʻyxat raqami 1463, 2005-yil 2-aprel) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 14-son, 105-modda) muvofiq amalga oshiriladi.
IV. Yakuniy qoida
8. Mazkur Nizomda koʻrsatilgan soliq imtiyozlarining toʻgʻri qoʻllanilishi ustidan nazorat davlat soliq xizmati organlari tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 22-23-son, 243-modda)