Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining
Qarori
BOJXONA YuK DEKLARATSIYALARIGA TUZATISh KIRITISh, QAYTA RASMIYLAShTIRISh VA BEKOR QILISh TARTIBI TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2010-yil 24-sentabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2143]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining 2016-yil 14-apreldagi 01-02/15-22-sonli “Bojxona yuk deklaratsiyalariga tuzatish kiritish, qayta rasmiylashtirish va bekor qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaror, shuningdek unga oʻzgartirish va qoʻshimchalarni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 2143-3, 10.05.2016-y.) asosan 2016-yil 16-avgustadan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Oʻzbekiston Respublikasi “Davlat bojxona xizmati toʻgʻrisida”gi Qonunining 6-moddasi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi 1997-y., 9-son, 230-modda), Oʻzbekiston Respublikasining “Boj tarifi toʻgʻrisida”gi Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi 1997-y., 9-son, 228-modda), Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 9-martdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi faoliyatini tashkil etish borasidagi qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-302-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 10-son, 75-modda) muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi qaror qiladi:
1. Bojxona yuk deklaratsiyalariga tuzatish kiritish, qayta rasmiylashtirish va bekor qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Quyidagilar oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin:
Bojxona yuk deklaratsiyalariga tuzatish kiritish, qayta rasmiylashtirish va bekor qilish tartibi (roʻyxat raqami 890, 2000-yil 7-fevral) (Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qoʻmitalari va idoralarining meʼyoriy hujjatlari axborotnomasi, 2000-y., 3-son);
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining 2006-yil 15-avgustdagi 01-02/19-18-son “Bojxona yuk deklaratsiyalarini tuzatish, qayta rasmiylashtirish va bekor qilish tartibiga qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qarori (roʻyxat raqami 890-1, 2006-yil 25-avgust) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 34-35-son, 355-modda).
3. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kundan soʻng kuchga kiradi.
Rais S. NOSIROV
Toshkent sh.,
2010-yil 19-avgust,
01-02/15-17-son
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining 2010-yil 19-avgustdagi 01-02/15-17-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Bojxona yuk deklaratsiyalariga tuzatish kiritish, qayta rasmiylashtirish va bekor qilish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat bojxona xizmati toʻgʻrisida”gi Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-y., 9-son, 230-modda), Oʻzbekiston Respublikasining “Boj tarifi toʻgʻrisida”gi Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-y., 9-son, 228-modda), Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996-y., 2-songa ilova), Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 9-martdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi faoliyatini tashkil etish borasidagi qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-302-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 10-son, 75-modda) muvofiq tovarlar bojxonada rasmiylashtirilib, muayyan bojxona rejimi ostiga qoʻyilganidan soʻng qogʻoz yoki elektron shakldagi bojxona yuk deklaratsiyalariga (keyingi oʻrinlarda — BYuD) oʻzgartirish kiritish, qayta rasmiylashtirish va bekor qilish, shuningdek BYuD maʼlumotlar bazasiga tegishli oʻzgartishlar kiritish tartibini belgilaydi.
(muqaddima Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining 2013-yil 8-fevraldagi 01-02/15-17-sonli qarori (roʻyxat raqami 2143-2, 11.03.2013-y.) tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 11-son, 146-modda)
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
BYuDga oʻzgartirish kiritish — BYuDga tuzatishlar va qoʻshimchalar kiritish;
BYuDdagi xato — deklaratsiyalashga taqdim etilgan birlamchi hujjatlardagi axborot bilan BYuDdagi maʼlumotlar orasidagi tafovut, shuningdek, BYuD grafalaridagi notoʻgʻri maʼlumotlar;
BYuDni bekor qilish — BYuDning yuridik hujjat sifatida amal qilishini toʻxtatish;
BYuDni qayta rasmiylashtirish — avval rasmiylashtirilgan BYuDni bekor qilish va yangi BYuDni rasmiylashtirish bilan bogʻliq jarayon;
DBQning Ekspert kengashi — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasida bojxona ishidagi muammoli masalalarni koʻrib chiqish uchun tashkil etilgan Ekspert kengashi;
deklarant — tovarlarni olib oʻtuvchi, tovarlar va transport vositalarini oʻz nomidan deklaratsiya qiluvchi, taqdim etuvchi shaxs yoki tovarlarni olib oʻtuvchi shaxs nomidan ish yurituvchi bojxona brokeri;
hududiy bojxona organlari — Davlat bojxona qoʻmitasining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri boʻyicha boshqarmalari, “Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi.
2. Mazkur Nizom talablari barcha rasmiylashtirilgan BYuDga nisbatan qoʻllaniladi.
3. Tovarlar bojxonada rasmiylashtirilib, muayyan bojxona rejimi ostiga qoʻyilganidan keyin BYuDga oʻzgartirish kiritish, qayta rasmiylashtirish va bekor qilish quyidagi hollarda amalga oshiriladi:
bojxonada rasmiylashtirishda yoʻl qoʻyilgan xatolarni tuzatish zarurati tugʻilganida;
ushbu BYuD yoki uning bir qismi boʻyicha rasmiylashtirilgan tovarga egalik qilish huquqi tashqi iqtisodiy faoliyatning boshqa subyektiga berilganida;
shartnoma (bitim) shartlari oʻzgarganida;
tovarlarni tashishga moʻljallangan transport vositalari texnik jihatdan nosoz boʻlganida;
tovarlar qaytarilganda;
BYuDga oʻzgartirish kiritish, qayta rasmiylashtirish va bekor qilish uchun yetarli asos boʻladigan boshqa hollarda.
4. Tovarlarning bojxona qiymatiga tuzatish kiritish tartibi Bojxona qiymatini toʻgʻrilash BQT-1 va BQT-2 shakllarini toʻldirish boʻyicha yoʻriqnoma (roʻyxat raqami 920, 2000-yil 20-aprel) (Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qoʻmitalari va idoralarining meʼyoriy hujjatlari axborotnomasi, 2000-yil, 8-son) bilan belgilanadi.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining 2012-yil 26-iyundagi 01-02/15-9-sonli qarori (roʻyxat raqami 2143-1, 17.07.2012-y.) tahririda — OʻR QHT, 2012-y., 29-son, 342-modda)
5. BYuDga oʻzgartirish kiritish, qayta rasmiylashtirish va bekor qilish masalalari boʻyicha murojaat qilish muddati BYuDni saqlash muddatidan oshmasligi lozim.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining 2013-yil 8-fevraldagi 01-02/15-17-sonli qarori (roʻyxat raqami 2143-2, 11.03.2013-y.) tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 11-son, 146-modda)
6. BYuDdagi xatolarni tuzatish mazkur Nizomning 11-bandi ikkinchi xatboshisida koʻrsatilgan holatlardan tashqari, unga oʻzgartirish kiritish, qayta rasmiylashtirish yoki bekor qilish masalasi boʻyicha arizalar (bildirgilar)ni koʻrib chiqish uchun hududiy bojxona organi boshligʻining birinchi oʻrinbosari rahbarligida doimiy faoliyat yuritadigan komissiyalar (keyingi oʻrinlarda — Komissiya) tashkil qilinadi, ularning tarkibi hududiy bojxona organi boshligʻining buyrugʻi bilan tasdiqlanadi.
Komissiya tarkibiga bojxona nazoratini tashkil etish, daromadlar va bojxona qiymati, valyuta nazorati, bojxona statistikasi va tahlil, surishtiruv hamda yuridik xizmat boʻlimlarining mansabdor shaxslari kiritiladi. Komissiya tarkibiga hududiy bojxona organi boshligʻi tomonidan bojxona organlarining boshqa boʻlimlari mansabdor shaxslari ham kiritilishi mumkin.
7. Zarurat tugʻilganda koʻrib chiqilayotgan BYuDni bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtkazgan va tovarlarni chiqarishda qatnashgan bojxona organlari xodimlari, bojxona brokerlari va/yoki tovar egalari Komissiya ishiga jalb qilinishlari mumkin.
Komissiya koʻrilayotgan BYuDni bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtkazgan bojxona organi mansabdor shaxsidan, bojxona brokerlari va/yoki tovar egalaridan yozma tushuntirishlarni taqdim qilishga, shuningdek, mazkur masala boʻyicha zarur boʻlgan boshqa hujjatlarni talab qilish huquqiga ega.
II. BYuDga oʻzgartirish kiritish, qayta rasmiylashtirish yoki bekor qilish boʻyicha ariza berish
8. BYuDda xato aniqlanib va unga oʻzgartirish kiritish, qayta rasmiylashtirish yoki bekor qilish talab etilganida, tovar egasi yoki bojxona brokeri hududiy bojxona organi boshligʻiga ariza bilan yozma murojaat qilishi kerak va unda mazkur BYuDga oʻzgartirish kiritish, bekor qilish yoki qayta rasmiylashtirish uchun zarurat boʻlganligining aniq sabablarini koʻrsatadi.
Arizaga mazkur Nizomning ilovasiga muvofiq hujjatlar ilova qilinadi.
9. Ariza hududiy bojxona organi boshligʻi tomonidan Komissiyaga koʻrib chiqish uchun yuboriladi.
III. Bojxona organlari mansabdor shaxslari tomonidan aniqlangan BYuDdagi xatolarni koʻrib chiqish
10. BYuDda xato aniqlanganida bojxona organi mansabdor shaxsi bu haqda hududiy bojxona organi boshligʻiga bildirgi bilan xabar qiladi. Bildirgiga xatosi boʻlgan BYuDning nusxasi, zarurat tugʻilganda esa deklaratsiyadagi xatolar borligini tasdiqlovchi hujjatlar nusxalari ilova qilinadi.
Bojxona organi mansabdor shaxsining talabiga koʻra deklarant mazkur Nizomning ilovasida koʻrsatilgan hujjatlarni taqdim etishi shart.
11. BYuDning 1-grafasi (uchinchi boʻlimi), 5, 11, 12, 13, 16, 20, 22, 23, 31-grafaning pastki oʻng burchagi (tovar miqdori), 33, 34, 35, 36, 37, 38, 41, 42, 43 hamda 44-grafaning 6, 7-bandlari, 45, 47 va boshqa grafalarida bojxona toʻlovlariga taʼsir etadigan xatoliklar aniqlanganda, bojxona organi mansabdor shaxsining bildirgisi hududiy bojxona organi boshligʻi tomonidan Komissiyaga koʻrib chiqish uchun yuboriladi.
BYuDning boshqa grafalarida, bojxona toʻlovlariga taʼsir etmaydigan xatoliklar aniqlanganda, bojxona organi mansabdor shaxsining hududiy bojxona organi boshligʻining tegishli rezolyutsiyasi bilan bildirgisi asosida Komissiyaning qarorisiz tuzatiladi. Bunda bildirgi hududiy bojxona organining quyidagi:
bojxona nazoratini tashkil etish;
daromadlar va bojxona qiymati;
valyuta nazorati;
bojxona statistikasi va tahlil boʻlinmalari bilan kelishiladi.
Aniqlangan xatoliklarning xarakteri yuzasidan munozarali holatlar kelib chiqqanda, bildirgi hududiy bojxona organi boshligʻi tomonidan Komissiyaga koʻrib chiqish uchun yuboriladi.
IV. BYuDga oʻzgartirish kiritish, qayta rasmiylashtirish va bekor qilishni komissiya tomonidan koʻrib chiqish
12. BYuDga oʻzgartirish kiritish, qayta rasmiylashtirish yoki bekor qilish masalalari tovarlar bojxona rasmiylashtiruvidan qaysi faoliyat hududida oʻtkazilgan boʻlsa, oʻsha hududiy bojxona organi Komissiyasi tomonidan, mazkur masalani hal qilish uchun zarur boʻlgan barcha hujjatlar taqdim etilgan kundan boshlab 10 ish kunidan kechiktirmay, koʻrib chiqiladi.
13. Komissiya tomonidan koʻrib chiqilayotgan masala boʻyicha, yukni qabul qilish yoki joʻnatish bilan bogʻliq boʻlgan barcha hujjatlar oʻrganib chiqilishi lozim. Bunda BYuDga oʻzgartirish kiritish, uni qayta rasmiylashtirish yoki bekor qilishga olib kelgan sabablarga alohida eʼtibor qaratilishi kerak.
14. Komissiya koʻrib chiqish natijasida qaror chiqaradi, unda quyidagi maʼlumotlar aks ettiriladi:
ariza (bildirgi)ning qisqacha mazmuni;
koʻrib chiqilgan BYuDning maʼlumot raqami;
(14-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining 2013-yil 8-fevraldagi 01-02/15-17-sonli qarori (roʻyxat raqami 2143-2, 11.03.2013-y.) tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 11-son, 146-modda)
BYuDga oʻzgartirish kiritish, uni qayta rasmiylashtirish yoki bekor qilish zaruratini tugʻdirgan sabab va holatlar;
Komissiya tomonidan qabul qilingan qaror.
Qaror hududiy bojxona organi boshligʻining birinchi oʻrinbosari va Komissiyaning boshqa aʼzolari tomonidan imzolanadi, hududiy bojxona organi boshligʻi tomonidan tasdiqlanadi hamda keyinchalik BYuDga oʻzgartirish kiritish, qayta rasmiylashtirish yoki bekor qilish va BYuD maʼlumotlar bazasidagi elektron nusxasiga oʻzgartirish kiritish uchun asos boʻlib xizmat qiladi.
Murojaat (bildirgi) boʻyicha ijobiy qaror chiqarilganda u ikki nusxada tuziladi, birinchi nusxasi taqdim etilgan hujjatlar bilan Komissiyaning yigʻma jildida saqlanadi, ikkinchi nusxasi qogʻoz shakldagi BYuDning birinchi nusxasi (bojxona uchun nusxa) yoki elektron shakldagi BYuDning qogʻoz nusxasi bilan birga bojxona posti ish hujjatiga tikiladi. Zarurat tugʻilganda boshqa manfaatdor shaxslarga qarordan koʻchirma beriladi.
(14-bandning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining 2013-yil 8-fevraldagi 01-02/15-17-sonli qarori (roʻyxat raqami 2143-2, 11.03.2013-y.) tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 11-son, 146-modda)
Salbiy qaror qabul qilinganda uning ikkinchi nusxasi uch ish kuni ichida arizachiga yuboriladi.
Komissiya tomonidan BYuDga oʻzgartirish kiritish, qayta rasmiylashtirish yoki bekor qilish boʻyicha chiqarilgan salbiy qaror yuzasidan arizachi eʼtiroz bildirib Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasiga shikoyat qilishga haqli.
15. Komissiya qaroridan shikoyat tartibida kelgan murojaatlarni koʻrib chiqilishi DBQning Ekspert kengashi tomonidan amalga oshiriladi.
DBQning Ekspert kengashi Komissiya qabul qilgan qarorni tasdiqlagan taqdirda, arizachi Davlat bojxona qoʻmitasining yozma rad javobini olgandan soʻng eʼtiroz bildirib, belgilangan tartibda shikoyat qilishga haqli.
V. BYuDga oʻzgartirish kiritish, qayta rasmiylashtirish yoki bekor qilish
16. Komissiya tomonidan BYuDga oʻzgartirish kiritish haqida qaror chiqarilganda yoki bojxona organi mansabdor shaxsining bildirgisiga hududiy bojxona organi boshligʻining rezolyutsiyasiga koʻra, mazkur BYuDni rasmiylashtirgan bojxona postida BYuDning barcha (statistik nusxadan tashqari) nusxalaridagi tegishli grafalariga matnni “X” belgisi bilan oʻchirish va yangi matnni yozish yoʻli bilan tuzatishlar kiritiladi. Nusxalar orqa tomonida kim tomonidan, qachon, nimaga asoslanib, qaysi grafada va nima oʻzgartirilganligi haqida qayd qilinadi. Yozuv oʻzgartirish kiritgan deklarant va bojxona postining mansabdor shaxsi muhrlari bilan tasdiqlanadi.
BYuDning elektron nusxasiga oʻzgartirish kiritish mazkur Nizomning 18-bandi ikkinchi xatboshisida koʻrsatilgan tartibda amalga oshiriladi.
(16-band Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining 2013-yil 8-fevraldagi 01-02/15-17-sonli qaroriga (roʻyxat raqami 2143-2, 11.03.2013-y.) asosan xatboshisi bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2013-y., 11-son, 146-modda)
17. BYuDga kiritilgan tuzatishlarning umumiy soni (toʻldirish vaqtida deklarant tomonidan kiritilgan tuzatishlar bilan birga) toʻrttadan oshmasligi kerak. Tuzatishlar koʻrsatilgan sondan oshgan holatda, mazkur BYuD qayta rasmiylashtirilishi kerak.
18. Komissiya tomonidan BYuDni qayta rasmiylashtirish haqida qaror chiqarilganda yoki bojxona organi mansabdor shaxsining bildirgisiga hududiy bojxona organi boshligʻining rezolyutsiyasiga koʻra, boshlangʻich BYuDni rasmiylashtirgan bojxona postida yangi BYuD rasmiylashtiriladi. Bunda unga avvalgi BYuDning maʼlumot raqami va yukni chiqarish sanasi beriladi va uni mazkur Nizomning 20-bandiga muvofiq bekor qiladi. Yangi BYuDning 50-“Ishonchnoma beruvchi” grafasida avvalgi BYuDni bekor qilgan qaror yoki bildirgi raqami va sanasi yoziladi.
Komissiya tomonidan elektron shakldagi BYuDga oʻzgartirish kiritish yoki uni qayta rasmiylashtirish toʻgʻrisida qaror qabul qilinganda yoki bojxona organi mansabdor shaxsining bildirgisiga hududiy bojxona organi boshligʻining rezolyutsiyasiga koʻra, mazkur elektron shakldagi BYuDni rasmiylashtirgan bojxona postida bojxona organi mansabdor shaxsi tomonidan, uch ish kuni davomida, boshlangʻich taqdim etilgan elektron shakldagi BYuD “roʻyxatga olingan rasmiylashtirilgan” maqomidan “qayta rasmiylashtirilgan” maqomiga oʻtkaziladi va uning oʻrniga maʼlumotlar bazasida toʻgʻrilangan elektron shakldagi BYuD roʻyxatga olinadi.
(18-band Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining 2013-yil 8-fevraldagi 01-02/15-17-sonli qaroriga (roʻyxat raqami 2143-2, 11.03.2013-y.) asosan xatboshisi bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2013-y., 11-son, 146-modda)
19. Tegishli grafalarida joy boʻlmagan taqdirda kiritilgan oʻzgartirishlar haqidagi yozuv BYuDning orqa tomoniga qayd qilinadi.
20. Komissiya tomonidan BYuDni bekor qilish haqida qaror chiqarilganda mazkur BYuDning barcha nusxalarida (statistika nusxasidan tashqari) pastki chap burchakda diagonal boʻyicha “OʻZBEKISTON-UZBEKISTAN” yozuviga parallel ravishda “BEKOR QILINDI” yozuvi qayd qilinadi. Nusxalarning orqa tomonida mazkur BYuD kim tomonidan va nima asosida bekor qilinganligi koʻrsatiladi. Bekor qilingan BYuDning birinchi nusxasi Komissiya qarori bilan birga bojxona posti yigʻma jildiga tikib qoʻyiladi, mazkur BYuDning uchinchi, toʻrtinchi, beshinchi (bundan “eksport” rejimida rasmiylashtirilgan BYuDning beshinchi nusxasi mustasno) va oltinchi nusxalari Komissiyaning yigʻma jildida saqlanadi.
Elektron shakldagi BYuDni bekor qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilinganda mazkur elektron shakldagi BYuDni rasmiylashtirgan bojxona postida bojxona organi mansabdor shaxsi tomonidan, uch ish kuni davomida, boshlangʻich taqdim etilgan elektron shakldagi BYuD “roʻyxatga olingan rasmiylashtirilgan” maqomidan “bekor qilingan” maqomiga oʻtkaziladi.
(20-band Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining 2013-yil 8-fevraldagi 01-02/15-17-sonli qaroriga (roʻyxat raqami 2143-2, 11.03.2013-y.) asosan xatboshisi bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2013-y., 11-son, 146-modda)
21. Belgilangan tartibda bojxona qiymati korrektirovkasi rasmiylashtirilganda, BYuDga oʻzgartirish kiritish va qayta rasmiylashtirish amalga oshirilmaydi.
22. BYuDning 3, 5, 6 (bundan “eksport” rejimida rasmiylashtirilgan BYuDning beshinchi nusxasi mustasno) asl nusxalaridan birini bojxona organiga taqdim etishning imkoni boʻlmaganda, arizachi tomonidan yozma ravishda taqdim etmaslik sababi koʻrsatiladi va xatga asoslantiruvchi hujjatlar ilova qilinadi.
BYuDning tegishli nusxalarini taqdim etish imkoniyati mavjud emasligi toʻgʻrisidagi asoslantiruvchi hujjatlarning yoʻqligi arizani koʻrib chiqishni rad etish uchun asos boʻla olmaydi. Bunday hollarda BYuDning taqdim etilmagan nusxalaridan foydalanilganlik uchun javobgarlik arizachi zimmasiga yuklatiladi.
(22-band Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining 2012-yil 26-iyundagi 01-02/15-9-sonli qaroriga (roʻyxat raqami 2143-1, 17.07.2012-y.) asosan ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2012-y., 29-son, 342-modda)
BYuDga oʻzgartirish kiritish, bekor qilish yoki qayta rasmiylashtirish boʻyicha Komissiyaning yoki hududiy bojxona organi boshligʻining ijobiy qarori chiqarilganda, bojxona organiga taqdim etilmagan BYuDning nusxasi yuridik hujjat sifatida oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblanadi.
VI. BYuD maʼlumotlar bazasiga oʻzgartirish kiritish
23. Komissiyaning ijobiy qarori yoki hududiy bojxona organi boshligʻining rezolyutsiyasi olingandan soʻng, uch ish kuni davomida, dastlab BYuD rasmiylashtirilgan bojxona postida BYuD maʼlumotlar bazasiga tegishli oʻzgartirishlar kiritiladi.
VII. Yakuniy qism
24. Olib kirilayotgan yoki olib chiqilayotgan tovarlarni bojxonada rasmiylashtirish tugallanmagan va bojxona yuk deklaratsiyasining “D” grafasi toʻldirilmagan taqdirda, BYuDga barcha oʻzgartirishlar Bojxona yuk deklaratsiyasini toʻldirish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga (roʻyxat raqami 834, 1999-yil 3-noyabr) muvofiq kiritiladi.
Bojxona yuk deklaratsiyalariga tuzatish kiritish, qayta rasmiylashtirish va bekor qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
ILOVA
ILOVA
BYuDga oʻzgartirish kiritish, qayta rasmiylashtirish yoki bekor qilishda arizaga ilova qilinadigan hujjatlar
ROʻYXATI
1. Shartnoma (bitim) nusxasi;
2. Dastlabki rasmiylashtirilgan BYuDning 3, 5, 6-son (bundan “eksport” rejimida rasmiylashtirilgan BYuDning beshinchi nusxasi mustasno) nusxalari yoki elektron shakldagi BYuDning yuk egasi yoki bojxona brokeri uchun tayyorlab berilgan qogʻoz nusxalari (“eksport” rejimida yuk moʻljallangan mamlakatga yuborish uchun tayyorlab berilgan nusxa bundan mustasno);
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining 2013-yil 8-fevraldagi 01-02/15-17-sonli qarori (roʻyxat raqami 2143-2, 11.03.2013-y.) tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 11-son, 146-modda)
3. BYuDni bojxonada rasmiylashtirishda foydalanilgan hisobvaraq-faktura nusxalari va tovarning boshqa kuzatuv hujjatlari;
4. Zarur hollarda importga rasmiylashtirilgan BYuDda koʻrsatilgan shartnoma boʻyicha kelgan tovarlar summasi va ular haqi toʻlanganligi haqidagi vakolatli bank maʼlumotnomasi;
5. Zarur hollarda eksportga rasmiylashtirilgan BYuDda koʻrsatilgan shartnoma boʻyicha toʻlovlar kelib tushganligi haqida vakolatli bankning hisob-kitob maʼlumotnomasi.
Qaror qabul qilish uchun zarur boʻlganda arizachi tomonidan taqdim etilgan boshqa hujjatlar ham Komissiya yoki bojxona organi mansabdor shaxsi tomonidan koʻrib chiqish uchun qabul qilinadi.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 38-son, 339-modda; 2012-y., 29-son, 342-modda; 2013-y., 11-son, 146-modda)