Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
2002 YIL PAXTA HOSILINI UYuShQOQLIK BILAN YIGʻIShTIRIB OLISh ChORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Paxta hosilini oʻz vaqtida va sifatli yigʻishtirib olishni hamda kontraktatsiya shartnomalarining bajarilishini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzpaxtasanoat”, “Oʻzagromashservis” uyushmalari, “Oʻzqishloqxoʻjalikmash-xolding” kompaniyasi va ularning hududiy boʻlinmalari, manfaatdor vazirliklar va idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar hokimliklari, qishloq xoʻjaligi korxonalari rahbarlari va mutaxassislarining muhim vazifalari hisoblansin:
paxta terish mashinalari, transport traktorlari, tirkamalar, maxsus jihozlangan yuk avtomobillari, paxta tozalash zavodlari, paxta tayyorlash punktlari hamda quritish-tozalash sexlari joriy yilning 1-sentabrigacha hozirlab qoʻyilishini tugallash;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar boʻyicha 1-ilovaga muvofiq paxta terish mashinalari, shu jumladan gorizontal shpindelli “Keys-2022” paxta terish mashinalarining paxta yigʻim-terimida qatnashishini taʼminlash;
paxta terish mashinalari va paxtani yigʻishtirib olish va tayyorlashda band boʻlgan boshqa texnikalarni ish holatida saqlash uchun ehtiyot qismlar va tuzatish materiallarining zarur zaxirasini yaratish, ularning kerakli joylarga tezkorlik bilan yetkazilishini taʼminlash, texnikani tuzatish va ularga servis xizmati koʻrsatish boʻlinmalarining uzluksiz ishlashini tashkil etish;
“Keys-2022” gorizontal shpindelli mashinalardan samarali foydalanish uchun har bir mashinaga kontur boʻyicha kamida 140 gektardan dala ajratish, dalalarning agrotexnika talablariga muvofiq sifatli tayyorlanishini taʼminlash.
2. “Oʻzagromashservis” uyushmasi, Buxoro, Jizzax, Navoiy, Sirdaryo va Toshkent viloyatlari hokimliklarining 2-ilovaga muvofiq “Keys-2022” gorizontal shpindelli paxta terish mashinalarini Buxoro va Navoiy viloyatlari mashina-traktor parklari balansidan Jizzax, Sirdaryo va Toshkent viloyatlari mashina-traktor parklari balansiga berish toʻgʻrisidagi takliflari qabul qilinsin.
“Oʻzagromashservis” uyushmasi, Jizzax, Sirdaryo va Toshkent viloyatlari hokimliklari 2002-yil 1-sentabrgacha paxta terish mashinalarining belgilangan joylarga temir yoʻl transportida yetkazilishini taʼminlasinlar.
“Paxta-bank” ilgari Buxoro va Navoiy viloyatlari mashina-traktor parklariga paxta terish mashinalarini xarid qilishni mablagʻ bilan taʼminlash uchun berilgan kreditlarni belgilangan tartibda qayta rasmiylashtirsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzkimyosanoat”, “Oʻzqishloqxoʻjalikkimyo” kompaniyalari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari:
gʻoʻza bargini toʻkishni yerda olib borish usuli bilan oʻtkazish uchun texnika vositalari va apparatlarni tayyorlashni joriy yilning 1-sentabrigacha tugallasinlar;
xoʻjaliklarga zarur miqdorda defoliantlar yetkazib berilishini hamda gʻoʻza bargini toʻkish 3-ilovaga muvofiq qulay muddatlarda sifatli oʻtkazilishini taʼminlasinlar.
“Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasi Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligining buyurtmanomalari boʻyicha gʻoʻza bargini toʻkish uchun yetarli miqdorda samolyotlar ajratsin.
4. Paxta hosilini oʻz vaqtida va sifatli yigʻishtirib olishni tashkil etish, shuningdek “Keys-2022” paxta terish mashinalaridan samarali foydalanilishi uchun masʼuliyat shaxsan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va tumanlar hokimlari, Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzagromashservis” uyushmasi hamda uning hududiy mashina-traktor parklari birlashmalari rahbarlari zimmasiga yuklansin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzpaxtasanoat” uyushmasi ishtirokida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2002-yil 20-avgustdagi PF-3114-son Farmoni bilan belgilangan paxtaning xarid narxlarini shakllantirish tartibidan kelib chiqqan holda 2002-yil hosili paxta xomashyosi xarid narxlarini tasdiqlasin hamda bir hafta muddatda oʻziga qarashli boʻlinmalarga va paxta ekuvchi xoʻjaliklarga xarid narxlari preyskurantini va hisob-kitob qilish tartibini yetkazsin.
6. 2002-yilda davlat ehtiyojlari uchun paxta tolasini xarid qilish hajmi amalda uni ishlab chiqarish hajmining 50 foizi darajasida belgilansin (Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1995-yil 31-oktabrdagi 421-son, 2001-yil 2-maydagi 201-son hamda 2001-yil 26-noyabrdagi 461-son qarorlariga muvofiq Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki hamda Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida loyihalar amalga oshirilayotgan tumanlar va qishloq xoʻjaligi korxonalari bundan mustasno).
Belgilab qoʻyilsinki, davlat ehtiyojlari uchun xarid qilish hajmidan ortiqcha yetishtirilgan paxta tolasi shartnomaviy narxlar boʻyicha sotiladi.
7. Paxta yigʻim-terimi qatnashchilarini moddiy ragʻbatlantirishni kuchaytirish maqsadida xoʻjaliklarga paxta terimi uchun dalalardagi mavjud hosilga qarab tabaqalashtirilgan haq toʻlash tavsiya qilinsin.
Qoʻl terimida:
terilgan 1 kilogramm oʻrta tolali nav paxta uchun — kamida 28 soʻm, ingichka tolali paxta uchun — 31 soʻm;
terilgan 1 kilogramm oʻrta tolali urugʻlik paxta uchun — kamida 31 soʻm, ingichka tolali paxta uchun — 34 soʻm haq toʻlansin.
Mashina-traktor parklari va xoʻjaliklar ikki qatorli vertikal shpindelli paxta terish mashinasida terilgan bir tonna paxta uchun mexanik-haydovchilarga — kamida 546 soʻm, toʻrt qatorli mashinada terilgan paxta uchun 364 soʻm, ikki qatorli gorizontal shpindelli mashinada terilgan paxta uchun — kamida 273 soʻm miqdorida haq toʻlaydilar.
Terimchilar va paxta terish mashinalarining mexanik-haydovchilari bilan har 5 kunda hisob-kitob qilinsin.
Paxta ekuvchi qishloq xoʻjaligi korxonalari va fermer xoʻjaliklari rahbarlariga mazkur qarorda belgilangan eng kam stavkalardan kelib chiqib hamda mahsulot yetishtirish xarajatlarini va terim shart-sharoitlarini hisobga olgan holda terimchilarga va paxta terish mashinalari mexanik-haydovchilariga tabaqalashtirilgan haq toʻlash huquqi berilsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Davlat ehtiyojlari uchun xarid qilinadigan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining hisob-kitob jamgʻarmasi, Markaziy bank, “Paxta-bank” va boshqa tijorat banklari, “Paxtasanoat” hududiy birlashmalari:
xoʻjaliklar, fermyerlar, tayyorlov punktlari, transport tashkilotlari, paxta tozalash zavodlariga terimchilar va paxta terish mashinalarining mexanik-haydovchilari bilan oʻz vaqtida hisob-kitob qilish uchun;
paxtani yuklash, tushirish, tayyorlash, transportda tashish, joylashtirish hamda unga ishlov berish, paxta terish texnikasiga texnika xizmati koʻrsatish va tuzatishda band boʻlgan xodimlarni mehnatga haq toʻlashning ichki idoraviy normativlari boʻyicha, mashina-traktor parklarini esa paxtani mexanizatsiya vositasida yigʻishtirib olish boʻyicha koʻrsatilgan xizmatlar uchun oʻz vaqtida mablagʻ bilan taʼminlasinlar.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar hokimliklari qishloq xoʻjaligi kooperativlari (shirkat xoʻjaliklari) va boshqa qishloq xoʻjaligi korxonalari tomonidan har bir oilaviy pudratchi va xoʻjalik ichki boʻlinmalari bilan topshirilgan paxta xomashyosining amaldagi hajmi va sifati asosida oʻz vaqtida hisob-kitob qilinishini taʼminlanishini alohida nazoratga olsinlar. Bunda oilaviy pudratchilar va boshqa boʻlinmalar bilan tuzilgan xoʻjalik ichki shartnomalariga qatʼiy rioya qilinishi taʼminlansin.
Xoʻjalik ichki pudrati ayrim boʻlinmalarining zararlari boshqa boʻlinmalar hisobiga qoplanishi qatʼiy taqiqlansin.
10. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari “Paxtasanoat” hududiy birlashmalari bilan avtotransport korxonalari oʻrtasida tuzilgan shartnomalar asosida paxta xomashyosini tashishda yetarli miqdordagi yuk avtomashinalari (shu jumladan jismoniy shaxslarning avtotransport vositalari) safarbar etilishini taʼminlasinlar.
11. “Oʻzbekneftgaz”, “Oʻzneftmahsulot” kompaniyalari yonilgʻi-moylash materiallarining zarur zaxirasini barpo etsinlar, ularning qishloq xoʻjaligi korxonalari, mashina-traktor parklariga, paxta tozalash sanoati korxonalariga, boshqa tashkilotlar va korxonalarga yigʻim-terim, tashish va paxtaga ishlov berish ishlarini bajarish uchun talab etiladigan miqdorda uzluksiz yetkazib berilishini taʼminlasinlar.
“Keys-2022” paxta terish mashinalari uchun moy yetkazib berishga alohida eʼtibor qaratilsin.
12. 2002-yil paxta hosilini oʻz vaqtida va sifatli yigʻishtirib olishni tashkil etish boʻyicha 4-ilovaga muvofiq tarkibda ishchi komissiya tashkil etilsin.
Shunday komissiyalar respublikaning barcha mintaqalarida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar hokimlari rahbarligida tashkil etilsin.
Ishchi komissiya (I.H. Joʻrabekov):
paxta hosilini uyushqoqlik bilan yigʻishtirib olish ishlarining borishini muntazam ravishda tahlil qilib borsin;
yigʻim-terimni oʻz vaqtida oʻtkazish va paxta xomashyosini tayyorlashni taʼminlash bilan bogʻliq masalalarni tezkorlik bilan hal qilishda koʻmaklashsin;
ishchi komissiya majlislarida hududiy komissiyalar, respublika vazirliklari va idoralari rahbarlarining hosilni uyushqoqlik bilan yigʻishtirib olish boʻyicha ular tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisidagi hisobotlarini eshitish amalda qoʻllansin.
13. “Oʻzbekbirlashuv”, “Oʻzbeksavdo” kompaniyalari, “Oʻzdonmahsulot” korporatsiyasi, “Yogʻmoytamakisanoat” uyushmasi qishloq aholisini, ayniqsa paxta yigʻim-terimi qatnashchilarini oziq-ovqat va boshqa zarur xalq isteʼmol tovarlari bilan taʼminlash masalalarini tezkorlik bilan hal qilsinlar.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi va Madaniyat ishlari vazirligi hosil yigʻim-terimi davrida:
paxta yigʻim-terimida band boʻlgan xodimlarga tibbiy yordam;
terimchilarga madaniy xizmat koʻrsatishni tashkil etsin, buning uchun sanʼat va adabiyot arboblarining xoʻjaliklarga borishlarini nazarda tutsin.
15. “Oʻzteleradio” kompaniyasi, Oʻzbekiston milliy axborot agentligi paxta yigʻim-terimining borishini radio, televideniye va matbuotda muntazam ravishda yoritib borishni tashkil etsinlar, paxta yetishtirish va uni terib olishda yuqori natijalarga erishgan ishlab chiqarish ilgʻorlari — terimchilar, mexanik-haydovchilar, fermyerlar, xoʻjaliklar rahbarlariga alohida eʼtiborni qaratsin.
16. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “2002-yilda paxta xomashyosi yetishtirish, gʻoʻzani navlar boʻyicha joylashtirish hamda navlarni yangilashni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2001-yil 19-dekabrdagi 477-son qarori 1-bandining ikkinchi xat-boshi va ushbu qarorga 7-ilova oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
17. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi I.H. Joʻrabekov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari N.S. Yusupov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2002-yil 29-avgust,
306-son
Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 29-avgustdagi 306-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
2002-yil paxta hosilini yigʻishtirib olish uchun paxta terish mashinalarini safarbar qilish
TOPShIRIGʻI
|
Ekin maydoni, ming ga |
Mashinada teriladigan maydon, ming ga* |
Yigʻimda paxta terish mashinalarining qatnashishi, ta |
Mashinada terishning hisoblab chiqilgan hajmi, ming tonna | |||
| hammasi |
shu jumladan: | |||||
|
gorizontal shpindelli |
vertikal shpindelli | |||||
| Qoraqalpogʻiston Respublikasi | 74,0 | 0,4 | 3 | 3 | — | 0,9 |
| viloyatlar: | | | | | | |
| Andijon | 109,6 | — | — | — | — | — |
| Buxoro | 128,9 | 0,6 | 4 | 4 | — | 1,6 |
| Jizzax | 105,5 | 30,5 | 218 | 218 | — | 65,1 |
| Qashqadaryo | 170,3 | 16,6 | 144 | 104 | 40 | 37,6 |
| Navoiy | 43,0 | — | — | — | — | — |
| Namangan | 97,4 | 1,1 | 8 | 8 | — | 2,9 |
| Samarqand | 108,8 | 1,7 | 12 | 12 | — | 3,5 |
| Surxondaryo | 122,3 | 1,5 | 11 | 11 | — | 4,4 |
| Sirdaryo | 123,1 | 29,1 | 208 | 208 | — | 60,0 |
| Toshkent | 110,3 | 31,0 | 234 | 214 | 20 | 70,8 |
| Fargʻona | 117,0 | — | — | — | — | — |
| Xorazm | 111,2 | 1,4 | 10 | 10 | — | 3,7 |
| Jami: | 1421,4 | 113,9 | 852 | 792 | 60 |
250,5 |
* Paxtani mashinada terish maydoni mavsumda bitta “Keys-2022” paxta terish mashinasi bilan 140 gektar va bitta vertikal shpindelli paxta terish mashinasi bilan 50 gektar maydondagi paxta terib olinishidan kelib chiqib belgilangan.
Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 29-avgustdagi 306-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
“Keys-2022” gorizontal shpindelli paxta terish mashinalarini mashina-traktor parklari balansidan balansga berish
|
Viloyatlar |
Balansga berishdan oldin mavjud “Keys-2022” paxta terish mashinalari |
Quyidagilardan olib beriladi |
Balansga berilgandan keyin mavjud “Keys-2022” paxta terish mashinalari | |
|
Buxoro viloyati mashina-traktor parklari balansidan |
Navoiy viloyati mashina-traktor parklari balansidan | |||
| Jizzax | 207 | — | 11 | 218 |
| Sirdaryo | 201 | 7 | — | 208 |
| Toshkent | 206 | 8 | — | 214 |
|
Jami: |
614 | 15 | 11 | 640 |
Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 29-avgustdagi 306-son qaroriga
3-ILOVA
3-ILOVA
2002-yil hosili uchun gʻoʻzani defoliatsiya qilish
JADVALI
|
Defoliatsiya va desikatsiya qilinadigan maydon, hammasi, ming ga |
Defoliatsiya muddatlari | ||
|
boshlanishi |
tugallanishi | ||
| Qoraqalpogʻiston Respublikasi | 50 | 15-sentabr | 25-sentabr |
|
viloyatlar: |
| | |
| Andijon | 80 | 10-sentabr | 20-sentabr |
| Buxoro | 90 | 15-sentabr | 25-sentabr |
| Jizzax | 90 | 10-sentabr | 20-sentabr |
| Qashqadaryo | 145 | 10-sentabr | 20-sentabr |
| Navoiy | 30 | 10-sentabr | 20-sentabr |
| Namangan | 75 | 10-sentabr | 20-sentabr |
| Samarqand | 90 | 10-sentabr | 20-sentabr |
| Surxondaryo | 100 | 10-sentabr | 20-sentabr |
| Sirdaryo | 110 | 10-sentabr | 20-sentabr |
| Toshkent | 90 | 10-sentabr | 20-sentabr |
| Fargʻona | 80 | 10-sentabr | 20-sentabr |
| Xorazm | 60 | 15-sentabr | 25-sentabr |
|
Jami: |
1090 | | |
Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 29-avgustdagi 306 - son qaroriga
4-ILOVA
4-ILOVA
2002-yil paxta hosilini uyushqoqlik bilan yigʻishtirib olish boʻyicha ishchi komissiya
tarkibi
| Joʻrabekov I.H. | — | Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi, komissiya rahbari |
| Yusupov N.S. | — | Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari, komissiya rahbarining oʻrinbosari |
| Qalibekov I.J. | — | Vazirlar Mahkamasining Agrosanoat kompleksi kotibiyati mudiri, komissiya kotibi |
|
Komissiya aʼzolari: | ||
| Alimov T. A. | — | Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi |
| Nurmurodov M.B. | — | Moliya vaziri |
| Mullajonov F.M. | — | Markaziy bank raisi |
| Polvon-zoda A.A. | — | Adliya vaziri |
| Nazirov F.Gʻ. | — | Sogʻliqni saqlash vaziri |
| Joʻrayev X.R. | — | Madaniyat ishlari vaziri |
| Haydarov R. | — | Davlat bojxona qoʻmitasi raisi |
| Subanov B.J. | — | Ichki ishlar vazirining oʻrinbosari |
| Bobojonov P.R. | — | Bosh prokuror oʻrinbosari |
| Begaliyev S.B. | — | Qishloq va suv xoʻjaligi vazirining birinchi oʻrinbosari |
| Gadoyev E.F. | — | Davlat soliq qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari |
| Najmiddinov I.X. | — | “Oʻzdonmahsulot” korporatsiyasi raisi |
| Zikriyoyev E.Z. | — | “Oʻzpaxtasanoat” uyushmasi raisi |
| Nishonov Sh.N. | — | “Oʻzagromashservis” uyushmasi raisi |
| Bobomirzayev A.B. | — | Dehqon va fermer xoʻjaliklari uyushmasi raisi |
| Salimov A.X. | — | Makroiqtisodiyot va statistika vazirining oʻrinbosari |
| Chub V.E. | — | “Boshgidromet” boshqarmasi boshligʻi |
| Xolmuhamedov B.J. | — | “Oziqovqatsanoat” uyushmasi raisi |
| Xudoyorov M.B. | — | “Yogʻmoytamakisanoat” uyushmasi raisi |
| Koʻchimov A. K. | — | “Oʻzteleradio” kompaniyasi raisi |
| Hasanov Oʻ.H. | — | “Oʻzkimyosanoat” kompaniyasi raisi |
| Saydahmedov I.M. | — | “Oʻzbekneftgaz” kompaniyasi raisi |
| Ahmedov A.A. | — | “Oʻzneftmahsulot” kompaniyasining bosh direktori |
| Axmedov A.A. | — | “Oʻzneftmahsulot” kompaniyasi raisi |
| Axmetov A.A. | — | “Oʻzqishloqxoʻjalikmashlizing” kompaniyasi raisi |
| Matchonov R.D. | — | “Oʻzqishloqxoʻjalikmash-xolding” kompaniyasi raisi |
| Bekchonov M. S. | — | “Oʻzbekbirlashuv” kompaniyasi raisi |
| Fayziyev Z.O. | — | “Oʻzbeksavdo” kompaniyasi raisi |
| Yusupov F.O. | — | “Oʻzkishlokxoʻjalikkimyo” kompaniyasi raisi |
| Ayupov A. | — | “Oʻzmevasabzavotuzumsanoat-xolding” kompaniyasi raisi |
| Toshmatov Q.F. | — | “Paxta-bank” boshqaruvi raisi |
| Abdullayev S.S. | — | Davlat ehtiyojlari uchun xarid qilinadigan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining hisob-kitob jamgʻarmasi direktori |