Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻRTA MAXSUS, KASB-HUNAR TAʼLIMINI RIVOJLANTIRISH UCHUN YAPONIYA HUKUMATI TOMONIDAN BERILAYOTGAN IMTIYOZLI KREDITDAN FOYDALANISH CHORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasida oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimini rivojlantirish uchun Yaponiya Hukumati tomonidan berilayotgan uzoq muddatli imtiyozli kreditdan samarali foydalanishni taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Yaponiya Hukumati qishloq xoʻjaligiga ixtisoslashgan 50 ta kasb-hunar kollejini jihozlash uchun Yaponiya xalqaro hamkorlik banki orqali 40 yil, shu jumladan 10 yil imtiyozli davrdan iborat muddatga 0,75 foiz yillik foyda bilan 6,347 mlrd Yaponiya yeni miqdorida imtiyozli kredit berayotgani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Belgilab qoʻyilsinki:
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi koʻrsatib oʻtilgan kredit boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan qarz oluvchi hisoblanadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki kredit yuzasidan xizmat koʻrsatish boʻyicha moliyaviy agent hisoblanadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi loyihani amalga oshirish boʻyicha ijro etuvchi agent hisoblanadi;
asosiy qarzni uzish, vositachilik haqini va kredit boʻyicha foizlarni toʻlash bilan bogʻliq xarajatlar davlat budjeti mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi.
3. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari H.S.Karomatov Yaponiya Hukumatining imtiyozli kreditini olish boʻyicha Almashuv Notasini Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan imzolashga;
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Yaponiya xalqaro hamkorlik bankining imtiyozli kreditini olish boʻyicha kredit bitimini Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan imzolashga vakil qilinsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki Yaponiya tijorat banki bilan banklararo bitim, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi bilan Yaponiya Hukumati tomonidan berilayotgan imtiyozli kreditdan foydalanish va uni uzish tartibi boʻyicha agentlik bitimi tuzsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Yaponiya xalqaro hamkorlik banki oʻrtasidagi kredit bitimi yuzasidan belgilangan tartibda yuridik xulosa bersin.
6. Kreditni uzish jadvali ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* Ilova rus tilidagi matnda berilgan.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi:
konsalting xizmatlari koʻrsatish va oʻquv anjomlari sotib olish uchun tender hujjatlari materiallarini;
koʻrsatib oʻtilgan kreditdan maqsadli va samarali foydalanishga doir zarur hujjatlarni va iqtisodiy asoslashlarni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 7-martdagi 82-son qarori bilan tuzilgan Maxsus komissiyaga koʻrib chiqish va tasdiqlash uchun belgilangan tartibda taqdim etsin.
8. Kasb-hunar kollejlarini jihozlash uchun Yaponiya Hukumati tomonidan Yaponiya xalqaro hamkorlik banki orqali berilayotgan kreditdan toʻliq, maqsadli va samarali foydalanish yuzasidan javobgarlik Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 7-martdagi 82-son qarori bilan tuzilgan Maxsus komissiya (raisi R.S.Azimov)ga yuklansin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi va Davlat bojxona qoʻmitasi Almashuv Notalarida belgilangan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati majburiyatlarining bajarilishini taʼminlasinlar.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2001—2003-yillarda Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markaziga Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankiga vositachilik haqi toʻlash, shuningdek import qilinadigan anjomlarni deklaratsiyalash, ekspertiza qilish bilan bogʻliq xarajatlarni hamda loyihani amalga oshirish doirasida yetkazib beriladigan oʻquv anjomlarini bojxonada rasmiylashtirish yigʻimlarini qoplash uchun zarur mablagʻlar ajratishni nazarda tutsin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi buyurtmanomalari boʻyicha loyihani amalga oshirishda qatnashuvchi xorijiy mutaxassislarga kelish vizalari konsullik yigʻimlari undirilmasdan berilishini taʼminlasin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazining buyurtmanomalari boʻyicha loyihani amalga oshirishda qatnashuvchi xorijiy mutaxassislar davlat boji toʻlatmasdan vaqtincha roʻyxatdan oʻtkazilishini va vaqtincha roʻyxatdan oʻtkazish muddati uzaytirilishini taʼminlasin.
13. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari R.S.Azimov va H.S.Karomatov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2000-yil 14-dekabr,
478-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2000-y., 11-son, 179-modda)