Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumining
Qarori
Maʼnaviy zararni qoplash haqidagi qonunlarni qoʻllashning ayrim masalalari toʻgʻrisida
Maʼnaviy zararni qoplash haqidagi ishlar boʻyicha sud amaliyotini oʻrganish natijalarini muhokama qilib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi maʼnaviy zarar yetkazish bilan bogʻliq boʻlgan munosabatlarni tartibga soluvchi qonunlarning turliligi, ularni kuchga kirish muddatlarining har xilligi, shuningdek Fuqarolik kodeksi qabul qilinishi bilan tushuntirishlar berish talab qilinadigan muammolar kelib chiqqanligini qayd etadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Fuqarolik huquqiy javobgarlikning yangi turi — maʼnaviy zarar yetkazilganligi uchun javobgarlikni nazarda tutgan qonunlarning kuchga kiritilishi va sudlarda muammolar kelib chiqayotganligi munosabati bilan, Oliy sudning Plenumi qaror qiladi:
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
1. Maʼnaviy zararni qoplash masalalari turli vaqtlarda kuchga kirgan, jumladan 1996-yil 1-apreldan amalga kirgan Mehnat kodeksining 112-moddasi, 1996-yil 26-aprelda qabul qilingan “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunning 22-moddasi, “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunning 115-moddasi, “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonunining 35-moddasi, 1997-yil 1-martdan amalga kiritilgan Fuqarolik kodeksining 11, 99, 100, 163, 1021 va 1022-moddalari, 1998-yil 29-avgustda qabul qilingan “Avtomobil transporti toʻgʻrisida”gi Qonunning 19-moddasi va boshqa qator qonunlar bilan tartibga solinishiga eʼtibor qaratilsin.
(1-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2012-yil 13-dekabrdagi 18-sonli qarori tahririda)
Keyingi tahrirga qarang.
Kelib chiqqan nizolarni toʻgʻri va oʻz vaqtida hal qilish uchun sudlar har bir ish boʻyicha taraflarning oʻzaro munosabatlari xarakterini va bu huquqiy munosabatga maʼnaviy zararni qoplash boʻyicha qonunni qoʻllashga yoʻl qoʻyilishi mumkinligi, agar qonunda bunday javobgarlik belgilangan boʻlsa, maʼnaviy zararni qoplash tartibi va shartlarini nazarda tutgan qonunning qachon kuchga kirganini, shuningdek, maʼnaviy zararni keltirib chiqargan harakatlar qachon sodir boʻlganligini tekshirishi va muhokama qilib baho berishi lozim.
Shuningdek, sud jabrlanuvchiga jismoniy va maʼnaviy azoblar yetkazilgani fakti nima bilan tasdiqlanishi, u qanday holatlarda va qanday harakatlar (harakatsizlik) bilan yetkazilganligi, zarar yetkazuvchining ayb darajasi, jabrlanuvchi qanday maʼnaviy va jismoniy azoblar tortgani, uni qoplashni qanday miqdorda baholashi va nizoni hal qilish uchun ahamiyatga ega boʻlgan boshqa holatlarni aniqlashi zarur.
2. Maʼnaviy zarar deganda jabrlanuvchiga qarshi sodir etilgan huquqbuzarlik harakati (harakatsizlik) oqibatida u boshidan kechirgan (oʻtkazgan) maʼnaviy va jismoniy (kamsitish, jismoniy ogʻriq, zarar koʻrish, noqulaylik va boshqa) azoblar tushuniladi.
Gʻayriqonuniy harakatlar (harakatsizlik)ning obyekti boʻlib fuqaroga tugʻilgan vaqtidan buyon va qonunga muvofiq tegishli boʻlgan nomoddiy manfaatlari, (hayoti, sogʻligʻi, shaxsning qadr-qimmati, ishchanlik obroʻ-eʼtibori, shaxsiy hayotning daxlsizligi, shaxsiy va oilaviy siri), shaxsiy nomulkiy huquqlari (oʻz nomidan foydalanish huquqi, mualliflik huquqi va boshqa nomulkiy huquqlarning intellektual faoliyat natijalarini qonunlarga koʻra huquqiy muhofaza qilish) va mulkiy huquqlari (uy-joy daxlsizligi, mulk huquqi va boshqalar)ni buzilishi boʻlishi mumkin.
Maʼnaviy zarar, jumladan yaqin qarindoshini yoʻqotish (oʻlimi) sababli maʼnaviy qaygʻurish, ijtimoiy hayotdagi faolligini davom ettira olmaslik, ishini yoʻqotish, oilaviy, tibbiy sirlarni oshkor qilish, fuqarolarning shaʼni, qadr-qimmati va ishchanlik obroʻsiga putur yetkazuvchi haqiqatga toʻgʻri kelmaydigan maʼlumotlarni tarqatish, har qanday boshqa huquqlarini vaqtincha cheklash yoki ulardan mahrum qilish, yetkazilgan zarar yoki sogʻliqqa boshqacha ziyon yetkazish tufayli, jismoniy ogʻriq, sogʻliqqa boshqacha yetkazilgan yoxud yetkazilgan maʼnaviy azoblar natijasida boshidan oʻtkazilgan boshqa kasalliklarda namoyon boʻlishi mumkin.
3. Amaldagi qonunga koʻra (FK 1021-moddasi) maʼnaviy zarar yetkazganlik uchun javobgarlikning kelib chiqishiga asos boʻluvchi shartlardan biri zarar yetkazuvchining aybi boʻlishi hisoblanadi. Qonunda toʻgʻridan-toʻgʻri koʻrsatilgan holatlar bundan mustasnodir. Masalan:
zarar fuqaroning hayoti va sogʻligʻiga oshiqcha xavf manbai tomonidan yetkazilgan boʻlsa;
zarar fuqaroga uni qonunga xilof tarzda hukm qilish, jinoiy javobgarlikka tortish, ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olishni yoki munosib xulq-atvorda boʻlish haqida tilxat olishni qonunga xilof ravishda qoʻllash, maʼmuriy jazo qoʻllash va qonunga xilof tarzda ushlab turish natijasida yetkazilgan boʻlsa;
Keyingi tahrirga qarang.
zarar or-nomus, qadr-qimmat va ishchanlik obroʻ eʼtiborini haqoratlovchi maʼlumotlarni tarqatish tufayli yetkazilgan boʻlsa.
4. Agar maʼnaviy zarar jabrlanuvchiga yetkazilgan zararni qoplashni nazarda tutgan qonun kuchga kirgunga qadarli yetkazilgan boʻlsa, shuningdek daʼvogar bunday qonun kuchga kirganidan keyin ham maʼnaviy va jismoniy azob his qilayotgan boʻlsa ham daʼvogarning bu haqdagi talabi qanoatlantirishga tegishli emas, chunki zarar yetkazilgan vaqtda javobgarlikning bu turi belgilanmagan boʻlgan va umumiy qoidaga koʻra sodir qilingan vaqtda amalda boʻlgan qonunda belgilangan xilof harakatga nisbatan javobgarlikni kuchaytiradigan qonun orqaga qaytish kuchiga ega boʻlishi mumkin emas.
Lekin, agar daʼvogarga yetkazilayotgan maʼnaviy va jismoniy azoblar uchun javobgarning qonunga xilof harakati (harakatsizligi) maʼnaviy zarar yetkazilganligi sababli javobgarlikni nazarda tutadigan qonun kuchga kirgunga qadar boshlangan boʻlsa va bu qonun amalga kirganidan keyin davom etayotgan boʻlsa, bunday holatda maʼnaviy zarar qoplanishga tegishli boʻladi.
5. Yetkazilgan maʼnaviy va jismoniy azoblar uchun zarar undirish imkoniyati qonun hujjatida toʻgʻridan-toʻgʻri koʻrsatilmaganligi hamma vaqt ham jabrlanuvchi maʼnaviy zarar undirishga huquqi yoʻq degan xulosani bildirmaydi.
Fuqarolik kodeksining 989-moddasi 1-qismiga muvofiq yuridik shaxs yoxud fuqaro oʻz xodimi mehnat (xizmat, lavozim) majburiyatlarini bajarib turgan vaqtida yetkazilgan zararni qoplaydi.
Qonunda koʻrsatilgan bu qoida maʼnaviy zarar yetkazilgan holatlarga ham tatbiq qilinadi.
6. Mehnat kodeksining 112-moddasiga binoan sud mehnat shartnomasi gʻayriqonuniy ravishda bekor qilinganlik yoki xodimni gʻayriqonuniy ravishda boshqa ishga oʻtkazganlik oqibatida xodimga yetkazilgan maʼnaviy azoblarni qoplash majburiyatini ish beruvchiga yuklashi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
Ish beruvchiga bunday majburiyat intizomiy jazo asossiz qoʻllanilganda, noqonuniy ravishda boshqa ishga oʻtkazish rad qilinganda, ishdan chetlatilganda, mehnat daftarchasi, ish haqi, shuningdek boshqa toʻlovlar oʻz vaqtida bermaganlikda ham yuklatilishi mumkin.
7. Fuqaroning ishchanlik obroʻsiga putur yetkazuvchi maʼlumotlarni tarqatilishi sababli maʼnaviy zararni qoplashni tartibga soluvchi qoidalar yuridik shaxsning ishchanlik obroʻsini himoya etishga nisbatan ham tegishli yoʻsinda tatbiq qilinadi (FK 100-moddasi 9-qismi).
Keyingi tahrirga qarang.
Sudlar shuni nazarda tutishi kerakki, maʼnaviy zarar bunday maʼlumotlarni (yiqqan) tarqatgan shaxsdan, agar bu maʼlumotlar tegishli hujjatlarda boʻlsa, ularni maʼqullagan (guruh) komissiya aʼzolarining har biridan undirilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
8. Sud maʼnaviy zararni undirish haqidagi daʼvoni mulkiy zararni undirish toʻgʻrisidagi daʼvo bilan birga ham, shuningdek alohida ham koʻrilishi mumkin, chunki amaldagi qonunga koʻra yetkazilgan maʼnaviy zarar uchun javobgarlik mulkiy zararning mavjudligi bilan bogʻliq emas.
9. Jinoyat protsessual kodeksining 57-moddasiga muvofiq jabrlanuvchi, yaʼni jinoyat tufayli maʼnaviy zarar koʻrgan shaxs, jinoyat ishi yuritilishi jarayonida maʼnaviy zararni qoplash haqida fuqarolik daʼvosini qoʻzgʻash huquqiga ega.
Agar jinoyat ishi koʻrilayotganda maʼnaviy zararni qoplash haqidagi daʼvo arz qilinmagan yoki hal etilmagan boʻlsa, FPKning 245-moddasiga muvofiq bunday daʼvo fuqarolik ishi yuritish tartibida koʻrilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
Reabilitatsiya etilganning maʼnaviy ziyonni undirishga boʻlgan huquqi oqlov hukmi chiqarilganidan yoki jinoyat ishini tugatilganidan keyin vujudga kelishligini nazarda tutish lozim (JPK 302, 306, 309 va 310-moddalari). Reabilitatsiya etilganga yetkazilgan maʼnaviy ziyonni undirish haqidagi daʼvo fuqarolik ishi yuritish tartibida koʻriladi (FKning 1021-moddasi).
Keyingi tahrirga qarang.
10. Sudlarga tushuntirilsinki, shaxsni gʻayriqonuniy tarzda maʼmuriy javobgarlikka tortish hollarida ham maʼnaviy ziyonni undirish huquqi vujudga keladi (MJtKning 271-moddasi).
Keyingi tahrirga qarang.
Maʼmuriy ish boʻyicha jabrlanuvchi ham qonunbuzarning harakatlari natijasida yetkazilgan maʼnaviy zararni undirish huquqiga ega.
11. “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunning 22-moddasiga binoan isteʼmolchining huquqlari buzilishi tufayli unga yetkazilgan maʼnaviy zarar uchun uni yetkazgan shaxs, basharti u aybdor boʻlsa, sud tomonidan belgilanadigan miqdorda haq toʻlashi lozim. Zararni qoplash miqdorini neustoyka boʻyicha toʻlanadigan summa yoki tovar (ish, xizmat) qiymatiga tobe qilib qoʻyish mumkin emas, uni belgilashda har bir aniq holatda isteʼmolchiga yetkazilgan ruhiy va jismoniy azoblarning hajmi va xarakteriga asoslanish lozim. Maʼnaviy zarar uchun haq toʻlash mulkiy ziyon va isteʼmolchi koʻrgan zararning oʻrni qoplanishidan qatʼi nazar, amalga oshiriladi.
Maʼnaviy zarar, uni yetkazishda aybdor boʻlgan javobgar(lar) tomonidan qoplanadi. Shu bois, bunday hollarda javobgar FKning 1018-moddasida koʻrsatilganidek (tovar sotuvchi yoki tayyorlovchi) isteʼmolchining xohishiga koʻra aniqlanmasdan, balki ulardan qaysi biri isteʼmolchining huquqlarini poymol etishi natijasida maʼnaviy zarar yetkazilganiga qarab aniqlanishi kerak.
Ishni koʻrish jarayonida daʼvo javob berishi lozim boʻlmagan shaxsga nisbatan taqdim etilgani aniqlansa, sud FPKning 42-moddasiga binoan ishga daxldor boʻlmagan tarafni almashtirish yoki ikkinchi javobgarni ishga jalb etish masalasini hal qilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
12. “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunning 115-moddasiga muvofiq aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilishning usullaridan biri ularga yetkazilgan maʼnaviy zararning qoplanishi hisoblanadi.
Aksiyadorlarga maʼnaviy zarar dividentlar notoʻgʻri hisoblanishi va oʻz vaqtida toʻlanmasligi, emitentning bankrotlikni yashirish, soxta bankrotlik harakatlari va aksiyadorlarning huquqlarini noqonuniy cheklanishi oqibatida yetkazilishi ham sudlarning eʼtiborida boʻlsin.
Oldingi tahrirga qarang.
Tadbirkorlik faoliyati subyekti oʻz ishchanlik obroʻsiga putur yetkazadigan maʼlumotlar tarqatilganda, bunday maʼlumotlarga raddiya berilishi bilan bir qatorda ularning tarqatilishi oqibatida yetkazilgan zararning oʻrni qoplanishi va maʼnaviy zarar kompensatsiya qilinishini talab etishga haqli.
(12-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2012-yil 13-dekabrdagi 18-sonli qaroriga asosan uchinchi xatboshi bilan toʻldirilgan)
Keyingi tahrirga qarang.
13. Maʼnaviy zararning miqdorini belgilashda sudlar jabrlanuvchining unga yetkazilgan maʼnaviy zararning ogʻirligiga bergan subyektiv bahosini, shuningdek daʼvogarga yetkazilgan maʼnaviy va jismoniy azoblarning darajasini koʻrsatuvchi obyektiv maʼlumotlarni, tajovuz qilingan obyektning hayot uchun muhimligi, foydasi (hayoti, sogʻligʻi, qadr-qimmati, shaxsiy erkinligi, uy-joyning daxlsizligi, katta qimmatlikka ega boʻlgan mulklari va boshqalar), huquqbuzarlikning ogʻirligi va oqibati (yaqin qarindoshlarining oʻldirilishi, nogironlikka olib kelgan tan jarohati yetkazilishi, ozodlikdan mahrum qilish, ishdan yoki turar joydan va boshqalardan mahrum qilish), uyaltiradigan notoʻgʻri maʼlumotlarning xarakteri va ularni qanchalik darajada (doirada) tarqatilganligi, jabrlanuvchining yashash sharoitlari, shaxsiy xususiyatlari (xizmati, oilaviy, maishiy, moddiy tomonlari, sogʻligʻining holati, yoshi va boshqalar), zarar yetkazuvchining va jabrlanuvchining ayb darajalari, zarar yetkazuvchi shaxsning moddiy ahvoli va boshqa eʼtiborga molik holatlarni hisobga olishlari lozim.
Bundan kelib chiqib, maʼnaviy zararni qoplash miqdorini yetkazilgan mulkiy va boshqa moddiy zararni undirish daʼvo talabining qoplanish hajmiga qarab belgilash mumkin emas. Zararni qoplash miqdorini belgilashda adolatlilik va oqilonalik talablari inobatga olinishi lozim (FKning 1022-moddasi).
Sudlar shuni nazarda tutishlari lozimki, qarz shartnomasidan kelib chiqqan majburiyat, pul majburiyati boʻlib, uni bajarmaganlik uchun javobgarlik Oʻzbekiston Respublikasi FKning 327-moddasida belgilanganligi sababli qarz oluvchining shartnoma boʻyicha majburiyatni buzganligi qarz beruvchining maʼnaviy zararni qoplash huquqini istisno etadi.
14. Bir necha shaxslarning birgalikdagi harakatlari tufayli maʼnaviy zarar yetkazilgan hollarda jabrlanuvchi uni yetkazganlarning hammasidan sheriklik tarzida yoki har biridan alohida tarzda ham undirish huquqiga ega (FKning 1000-moddasi).
15. Maʼnaviy zararni qoplash nomoddiy boyliklarni va nomulkiy huquqlarni himoya qilishning birdan-bir manbai hisoblanadi. Shunga koʻra FKning 163-moddasi 1-qismiga muvofiq maʼnaviy zararni undirish haqidagi talablarga daʼvo muddati joriy qilinmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
16. Maʼnaviy va jismoniy azoblarni qoplash haqidagi daʼvo arizalarni qabul qilish va ishlarni koʻrishda, maʼnaviy zarar pul bilan qoplansada, nomulkiy zarar ekanligini hisobga olish lozim. Shuni hisobga olgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 3-noyabrdagi “Davlat boji stavkalari haqida”gi 533-sonli qarori 1-moddasining “d” bandiga binoan mulkka oid boʻlmagan daʼvo arizalardan undiriladigan miqdorda davlat boji undirilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
Qonunda belgilangan hollarda daʼvogarlar davlat boji toʻlashdan ozod qilinishlarini ham nazarda tutish lozim (masalan, “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunning 29-moddasi 2-qismi).
17. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi fuqarolik ishlari boʻyicha sudlov hayʼati, Qoraqalpogʻiston Respublikasi fuqarolik ishlari boʻyicha Oliy sudi, fuqarolik ishlari boʻyicha Toshkent shahar va viloyat sudlari hamda Oʻzbekiston Respublikasi harbiy sudi maʼnaviy zararni qoplash haqidagi qonunlarning sudlar tomonidan toʻgʻri va aniq qoʻllanishi ustidan nazoratni kuchaytirsinlar, ushbu masala yuzasidan sud amaliyotini muntazam ravishda umumlashtirib borsinlar va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf qilish chorasini koʻrsinlar.
Keyingi tahrirga qarang.
2000-yil 28-aprel,
7-son