Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
Qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY MAJLISI QONUNChILIK PALATASI FAN, TAʼLIM, MADANIYAT VA SPORT MASALALARI QOʻMITASINING 2005 — 2007 YILLAR HAMDA 2008 YILNING OʻN OYI MOBAYNIDAGI FAOLIYATI TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Fan, taʼlim, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasining 2005 — 2007-yillar hamda 2008-yilning oʻn oyi mobaynidagi faoliyatini eshitib va muhokama qilib, shuni taʼkidlaydiki, Qoʻmitaning faoliyati Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining 2005-yil 28-yanvardagi qoʻshma majlisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I.A. Karimov tomonidan ilgari surilgan jamiyatni demokratlashtirish va yangilash, mamlakatni modernizatsiya va isloh etish konsepsiyasini amalga oshirish maqsadida deputatlar tomonidan qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2005-yilga va kelgusi yillarga moʻljallangan qonunchilik faoliyati dasturiga muvofiq amalga oshirilgan.
Qoʻmita fan, taʼlim, madaniyat va sport masalalariga oid qonunchilik bazasini takomillashtirish hamda tegishli qonunlar ijrosi ustidan nazorat-tahlil ishlarini tashkil etish yuzasidan rejada belgilangan tadbirlarni bajargan.
Oʻtgan davrda Qonunchilik palatasi muhokamasidan oʻtgan qonun loyihalarining oʻn bittasi bevosita qoʻmita masʼulligida (ulardan bittasi Sanoat, qurilish va savdo masalalari qoʻmitasi bilan hamkorlikda) tayyorlangan. Qonun loyihalari intellektual mulk (mualliflik huquqi va turdosh huquqlar, ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari), turizm, nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish, davlat mukofotlari egalarini moddiy ragʻbatlantirish, muzeylar faoliyatini tartibga solish, fan, taʼlim kabi sohalardagi muhim yoʻnalishlarni, shuningdek ayrim davlat va nodavlat tashkilotlari faoliyatini qamrab olgan.
Qoʻmitada qonun tashabbuskorligi huquqidan foydalangan holda bevosita deputatlar tomonidan qonun loyihalarini ishlab chiqish ishi yoʻlga qoʻyilgan. Jumladan, Qoʻmita aʼzolari Azamat Ziyo va E. Yusupovning qonunchilik tashabbusi bilan tayyorlangan, “Jismoniy tarbiya va sport toʻgʻrisida”gi, “Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish toʻgʻrisida”gi, “Madaniy boyliklarning olib chiqilishi va olib kirilishi toʻgʻrisida”gi, “Lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosini joriy etish toʻgʻrisida”gi, “Qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlarning asillik darajasi va tamgʻalanishi toʻgʻrisida”gi qonunlarga oʻzgartishlar kiritishni nazarda tutuvchi “Baʼzi davlat organlarining qayta tashkil etilganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun 2005-yil 15-sentabrdan kuchga kirdi.
Qoʻmita aʼzolari Azamat Ziyo va O. Isayevning qonunchilik tashabbusi bilan tayyorlangan “Muzeylar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 2008-yil 13-sentabrdan kuchga kirdi. Hozirgi vaqtda qoʻmita aʼzolari bir qator qonun loyihalari ustida ish olib bormoqda.
Nazorat-tahlil faoliyatini amalga oshirishda qoʻmita asosiy eʼtiborni bugungi kunda mamlakatimiz hayotida va uning bundan buyongi rivojlanishida oʻta muhim ahamiyat kasb etayotgan yoʻnalishlarga qaratmoqda. Binobarin, “Taʼlim toʻgʻrisida”gi, “Jismoniy tarbiya va sport toʻgʻrisida”gi, “Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish toʻgʻrisida”gi, “Madaniy boyliklarning olib chiqilishi va olib kirilishi toʻgʻrisida”gi, “Davlat tili haqida”gi, “Lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosini joriy etish toʻgʻrisida”gi qonunlar ijrosining nazorat-tahlili Qoʻmitaning har yilgi rejasidan joy olgan. Shuningdek, “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar toʻgʻrisida”gi hamda “Arxivlar toʻgʻrisida”gi qonunlar ijrosining nazorat-tahlili olib borilgan.
Nazorat-tahlil faoliyatida asosiy eʼtibor tegishli qonunlarning moddama-modda ijrosi, mavjud kamchiliklar va muammolar tahlili, qonun buzilishi holatlari boʻyicha javobgarlikni kuchaytirish, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan chora koʻrish masalalariga qaratilmoqda. Qoʻmita qarorlari boʻyicha tegishli vazirliklar, hokimliklar, tashkilotlar tomonidan chora-tadbirlar belgilash hamda nazorat-tahlil jarayonida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish borasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan Qoʻmitaga doimiy ravishda axborotlar berib borilishi nazoratga olingan. Shuningdek, Qoʻmitaning nazorat-tahlil yakunlari boʻyicha qarorlarini bevosita joylarda muhokama qilishga ham eʼtibor qaratilmoqda.
Nazorat-tahlil yakunlari boʻyicha aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish uchun Qoʻmita Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Taʼlim, sogʻliqni saqlash va ijtimoiy muhofaza masalalari axborot-tahlil departamenti hamda Axborot tizimlari va telekommunikatsiyalar masalalari axborot-tahlil departamenti bilan muvaffaqiyatli hamkorlik qilmoqda. Chunonchi, Qoʻmitaning tegishli qarorlari mazkur departamentlarda muhokama qilinib, nazorat-tahlil jarayonida aniqlangan muammolar ustida ishlash borasida chora-tadbirlar ishlab chiqilgan.
Qoʻmitaning nazorat-tahlil jarayonida aniqlangan qonun buzilishi holatlari yuzasidan javobgarlikni kuchaytirish boʻyicha Bosh prokuraturaga rasmiy murojaatlari oʻz natijasini bermoqda. Chunonchi, taʼlim, madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish, mualliflik huquqi va turdosh huquqlar toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzgan holda amalga oshirilgan qator xatti-harakatlarga prokuratura organlari tomonidan huquqiy baho berildi va ular yuzasidan qonuniy choralar koʻrildi.
Hisobot davrida turli mavzularga bagʻishlangan konferensiyalar, ilmiy-amaliy seminarlar, davra suhbatlari oʻtkazilib, ularda Qoʻmita yoʻnalishlariga oid masalalar hamda muammolarning nazariy, huquqiy va amaliy jihatlari koʻrib chiqilgan, tegishli qarorlar va tavsiyalar qabul qilingan.
Hisobot davrida Qoʻmita aʼzolari joylarda aholi hamda saylovchilar bilan 900 dan ortiq uchrashuv oʻtkazib, parlament tomonidan qabul qilinayotgan qonunlar va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlari, ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va maʼnaviy-maʼrifiy sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlarning maqsadi, ahamiyati va samaradorligi haqida axborot berib, aholining mamlakatimizda kechayotgan tarixiy jarayonga daxldorlik hissini mustahkamlashga, ularning huquqiy bilimlarini yuksaltirishga, joylarda va turli sohalarda mavjud muammolarning qonuniy yechimini topishga oʻz munosib ulushlarini qoʻshib kelmoqda.
Qoʻmita aʼzolari mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, Qonunchilik palatasida va Qoʻmitada olib borilayotgan ishlarni yoritishda ommaviy axborot vositalari bilan yaqindan hamkorlik qilmoqda. Hisobot davrida OAVda jami 471 marotaba chiqish tashkil etilgan.
Shu bilan birga hisobot davrida qoʻmita tomonidan tegishli sohalardagi qonun hujjatlarini takomillashtirish, qonunchilik tashabbuskorligi huquqi subyektlarining, jumladan deputatlarning bu boradagi imkoniyatlaridan izchil foydalanish yetarli darajada deb boʻlmaydi.
Nazorat-tahlil faoliyatida ayrim qonunlarning ijrosini tekshirish Qoʻmita diqqat-eʼtiboridan chetda qolib kelmoqda. Budjet mablagʻlarining noqonuniy sarf etilishi, qonunlar ijrosida tegishli vazirliklar va respublika idoralarining tutgan oʻrniga eʼtiborni qaratish, Qoʻmitaning qonunlar ijrosining nazorat-tahlili yakunlariga bagʻishlangan yigʻilishlarini bevosita joylarda oʻtkazish lozim.
Yangi qonun loyihalarini ishlab chiqish, Qoʻmita masʼulligidagi qonun loyihalarini tayyorlash jarayonida ekspert guruhlari imkoniyatlaridan zarur darajada foydalanish yoʻlga qoʻyilmagan.
Qoʻmita qarorlarining bajarilishi yuzasidan tegishli tashkilotlarning axborotini muntazam tarzda eshitish talab darajasida emas.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Fan, taʼlim, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasining 2005 — 2007-yillar hamda 2008-yilning oʻn oyi davomidagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisoboti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Fan, taʼlim, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi koʻrsatib oʻtilgan kamchiliklarni bartaraf etish va kelgusida ularning oldini olish yuzasidan zarur chora-tadbirlar koʻrsin. Ushbu maqsadda qoʻmita:
2008-yilning 4-choragidagi va 2009-yilgi ish rejasini bugungi kun talablarini hisobga olgan holda va koʻrsatib oʻtilgan kamchiliklarni bartaraf etish nuqtai nazaridan takomillashtirsin;
qonunchilik tashabbusi subyektlari bilan oʻzaro hamkorlik qilish samaradorligini oshirish hamda rejada nazarda tutilgan qonun loyihalarini oʻz vaqtida tayyorlash va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi muhokamasiga kiritish choralarini koʻrsin;
Qoʻmita mutasaddilik qiladigan sohalardagi mavjud muammolarning huquqiy yechimini taʼminlash maqsadida deputatlarning qonunchilik tashabbusi huquqi imkoniyatlaridan foydalanishni kuchaytirsin;
Qoʻmita huzuridagi ekspertlar guruhi aʼzolari tarkibini qayta koʻrib chiqib, unga salohiyatli olimlar va mutaxassislarni jalb etsin;
qabul qilinayotgan qonunlarning maqsadi va ahamiyatini aholiga tushuntirib borish, yoʻl qoʻyilayotgan qonunbuzarliklarning oqibatlari va ular yuzasidan koʻrilgan choralarni jamoatchilik hamda tegishli tashkilotlar eʼtiboriga yetkazish ishlarini faollashtirsin.
3. Ushbu Qarorning ijrosi ustidan nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri oʻrinbosari X.N. Doʻstmuhamedov zimmasiga yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri D. TOShMUHAMEDOVA
Toshkent sh.,
2008-yil 30-oktabr,
893-I-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2008-y., 10-son, 549-modda)