Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumining
Qarori
ATROF MUHITNI MUHOFAZA QILISH VA TABIATDAN FOYDALANISH SOHASIDAGI JINOYATLAR VA BOSHQA HUQUQBUZARLIKLAR TOʻGʻRISIDAGI ISHLAR BOʻYICHA SUD AMALIYOTI HAQIDA
Keyingi tahrirga qarang.
Tabiiy muhitni asrash, tabiat boyliklaridan oqilona foydalanish umummilliy vazifa hisoblanadi va bu ekologiya tizimini, tabiat komplekslari va ayrim obyektlarning muhofazasini taʼminlashga, fuqarolarning qulay atrof muhitga ega boʻlish huquqini kafolatlashga qaratilgan.
Shu munosabat bilan suv havzalari va havoning ifloslanishi, yerlardan xoʻjasizlarcha foydalanish, qonunga xilof ravishda oʻrmonni kesish, ov qilish va baliq ovlash qoidalarini buzish va ekologiya sohasidagi boshqa jinoyat va huquqbuzarlik ishlari boʻyicha sud amaliyotini toʻgʻri va samarali amalga oshirish katta ahamiyat kasb etadi.
Ayrim sudlarda aybdorlarning harakatlarini notoʻgʻri tavsiflash hollari uchrab turibdi, ularni muayyan mansabni egallash yoki muayyan faoliyat bilan shugʻullanish huquqidan mahrum qilish masalasi hamma vaqt ham hal qilinmayapti. Maxsus bilimni talab qiladigan masalalarni hal etishga baʼzi hollarda mutaxassislar jalb qilinmayapti, ekologiyaga zarar yetkazayotgan barcha aybdor shaxslarga, shu jumladan, korxona va tashkilot rahbarlariga boʻlgan talablarni asossiz ravishda susaytirish yoki ularni javobgarlikka tortmaslik hollari mavjud. Atrof muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish toʻgʻrisidagi qonunlarning buzilish sabablarini va shart-sharoitlarini aniqlash va bartaraf etish masalasiga yetarlicha ahamiyat berilmayapti.
Tabiatni muhofaza qilishga oid qonunlarni toʻgʻri va bir xilda qoʻllanishini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi qaror qiladi:
1. Tabiatni muhofaza qilish, tabiat boyliklaridan ziyon-zahmat yetkazmasdan oqilona foydalanish toʻgʻrisidagi qonunlarga qatʼi amal qilish eng muhim davlat vazifalaridan biri ekanligiga, ularni hal qilish fuqarolarning sogʻligʻi va farovonligi, shuningdek respublikaning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishi bilan bogʻliq ekanligiga sudlarning eʼtibori qaratilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
2. Respublikada tabiatni muhofaza qilish va undan oqilona foydalanish sohasidagi munosabatlar Oʻzbekiston Respublikasining tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi, atmosfera havosini, oʻsimlik va hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisidagi, alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar toʻgʻrisida, yer, suv, yer osti boyliklari toʻgʻrisidagi qonunlari, shuningdek boshqa qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.
(2-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2013-yil 31-maydagi 09-sonli qarori tahririda).
Keyingi tahrirga qarang.
Bunda “Tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Qonunning 2-moddasiga muvofiq yer, yer osti boyliklari, suv, oʻsimlik va hayvonot dunyosi, atmosfera havosi ifloslanishdan, buzilishdan, zararlanishdan, oriqlab ketishdan, vayron boʻlishdan, yoʻq boʻlib ketishdan, oqilona foydalanmaslikdan muhofaza etilishini nazarda tutmoq lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar jumlasiga davlat qoʻriqxonalari, majmua (landshaft) buyurtma qoʻriqxonalari, tabiat bogʻlari, davlat tabiat yodgorliklari, ayrim tabiiy obyektlar va majmualarni saqlab qolish, takror koʻpaytirish va tiklash uchun moʻljallangan hududlar, muhofaza etiladigan landshaftlar, ayrim tabiiy resurslarni boshqarish uchun moʻljallangan hududlar, davlat biosfera rezervatlari, milliy bogʻlar, davlatlararo muhofaza etiladigan tabiiy hududlar kiradi.
(2-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2015-yil 26-iyundagi 11-sonli qarori tahririda)
Keyingi tahrirga qarang.
3. Mazkur turkumdagi jinoyat va maʼmuriy ishlarni koʻrishda bevosita jinoyatni va boshqa huquqbuzarlikni sodir qilgan shaxslar bilan chegaralanib qolmasdan, tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonunlarni buzganlikda aybdor boʻlgan barcha shaxslar doirasini sinchiklab aniqlash shart. Xususan oʻzlarining harakatsizliklari yoki qonunga xilof harakatlari bilan tabiatga ziyon yetkazgan korxona va tashkilot rahbarlarining aybdorlik darajasini aniqlash va ularni qonunda belgilangan javobgarlikka tortish masalasini hal qilish zarur. Shu bilan bir qatorda ekologiya nazorati organlarining tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonunlarni buzilishiga olib kelgan harakatsizliklari sabablari ham aniqlashi kerak. Asoslar mavjud boʻlganda bunday organlarning mansabdor shaxslari javobgarlikka tortilmogʻi lozim.
4. Korxona, muassasa, tashkilot va birlashmalarning daʼvolari yoki bu tashkilotlarga nisbatan qishloq xoʻjalik mulklariga shikast yetkazish yoxud buzish, meliorativ ishlarni sifatsiz bajarish, sanoat yoki qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarish chiqindilari bilan atrof muhitning ifloslanishi natijasida ekinlar va hayvonlarning nobud boʻlishi yoxud tabiatni muhofaza qilish haqidagi qonunlarni boshqacha tarzda buzish oqibatida yetkazilgan zararni qoplash toʻgʻrisidagi daʼvolar boʻyicha fuqarolik ishlarini koʻrishda yetkazilgan zarar mansabdor shaxslarning oʻz xizmat vazifalarini suiisteʼmol qilganligi yoinki mansab sovuqqonligi orqasida yetkazilganligi aniqlansa, sudlar ularning javobgarligi masalasini ham hal qilishlari lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Ekologiya nazorati sohasida ishlayotgan mansabdor shaxslarning tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonunlarni buzuvchilar bilan jinoiy til biriktirganlik hollari aniqlanganda, bunday mansabdor shaxslar tabiiy atrof muhitni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonunlarni buzganligi va tegishli mansabdorlik jinoyati uchun javobgarlikka tortilmogʻi zarur.
Oldingi tahrirga qarang.
6. Maxsus bilimlarni talab qiluvchi masalalarni toʻgʻri hal qilish maqsadida sudlar tegishli ekspertizalarni gidrometeorologlar, sanitariya-epidemiya xizmati xodimlari, zoologlar, ixtiolloglar, botaniklar, ovshunos, oʻrmonshunos, tuproqshunos va boshqa mutaxassislarni jalb qilgan holda tayinlashlari kerak. Bunda ekologiya ekspertizasi atrof tabiiy muhitni muhofaza qilishning majburiy chorasi hisoblanishini va uni oʻtkazish “Tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Qonunning 24-25-moddalarida belgilanganligini eʼtiborga olmoq zarur. Oʻzbekiston Respublikasi “Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi toʻgʻrisida”gi Nizomning 12-moddasiga muvofiq ekologiya ekspertizasi mazkur qoʻmita tomonidan oʻtkaziladi.
(6-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2012-yil 13-dekabrdagi 19-sonli qarori tahririda)
Keyingi tahrirga qarang.
Tushuntirilsinki, “Tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Qonunning 27-moddasiga binoan jamoatchilik asosidagi ekologiya ekspertizasi jamoat birlashmalarining tashabbusiga koʻra ularning mablagʻlari hisobidan yoki jamoatchilik asosida mutaxassislarning mustaqil guruhlari tomonidan amalga oshiriladi. Jamoatchilik asosidagi ekologiya ekspertizasining xulosalari tavsiya tamoyiliga ega boʻladi.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 245-moddasiga muvofiq tabiiy muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi ushbu kodeksning 66, 67, 76-moddalari (suv xoʻjaligi inshootlariga zarar yetkazishga oid qismi), 90-moddasining 2-qismi, 94-moddasida javobgarlik nazarda tutilgan maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi ishlar sudlarga taalluqlidir.
Keyingi tahrirga qarang.
8. Sudlarga tushuntirilsinki, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 202-moddasi va Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 90-moddasida javobgarlik nazarda tutilgan hayvonot yoki oʻsimliklar dunyosidan foydalanish qoidalari Oʻzbekiston Respublikasi tabiatni muhofaza qilish Davlat qoʻmitasi tomonidan belgilanadi va u ham doimiy, ham vaqtinchalik (mavsumiy) xarakterga ega boʻlishi mumkin. Bundan tashqari hayvonot va oʻsimlik dunyosini muhofaza qilish qoidalari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1993-yil 3-sentabrdagi “Qimmatli va yoʻqolib borayotgan oʻsimliklar hamda hayvonlar turlarini muhofaza etishni kuchaytirish hamda ulardan foydalanishni tartibga solish toʻgʻrisida”gi Qarorida belgilangan. Xususan, ushbu qarorda Qizil kitobga kiritilgan oʻsimliklar va hayvonlarni tabiatdan har qanday koʻrinishda olish faqat Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan beriladigan ruxsatnomalar asosida, ovlanadigan hayvon turlari (shu jumladan baliqlar) esa tabiatni muhofaza qilish Davlat qoʻmitasi tomonidan beriladigan litsenziyalar boʻyicha amalga oshirilishi nazarda tutilgan.
Keyingi tahrirga qarang.
Ov qilish yoki baliq tutish qoidalarini buzish deganda, ovni tegishli ruxsatnomasiz yoxud yovvoyi qushlar yoki baliqlarni ruxsatnomada koʻrsatilgan miqdordan ortiq ovlash, shuningdek ovni taqiqlangan vaqtda yoki ruxsat berilmagan joylarda yoxud ruxsat etilmagan qurol, vosita va usullar bilan amalga oshirilish tushunilmogʻi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
Jinoyat kodeksi 202-moddasi 2-qismining “a” bandi boʻyicha javobgarlik ham Oʻzbekiston Respublikasi Qizil kitobiga, ham Xalqaro Qizil kitobga kiritilgani hayvonlar, parrandalar, baliqlar, hayvonot dunyosi yoki oʻsimliklarning boshqa turlari yoʻq qilingan hollarda vujudga keladi. Bunda yetkazilgan ziyonning hajmi ahamiyatga ega emas.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
9. Jinoyat kodeksining 194-moddasida javobgarlik belgilangan atrof muhitni ifloslanganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni qasddan yashirganlik deganda, aybdor shaxs ekologik vaziyatning ahvoli toʻgʻrisida umuman yoxud oʻz vaqtida maʼlumot bermaganlik harakatlarini (harakatsizligini) tushunmoq lozim. Bunday maʼlumotlar haqiqatga muvofiq kelmasa (atrof muhitning ifloslaganligi koʻrsatkichlarini kamaytirib koʻrsatish va hokazolar), ular buzilgan hisoblanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
10. Tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonunlarni buzish bilan bogʻliq ishlarni koʻrishda sudlar jinoiy yoʻl bilan topilganini bila turib (baliqlarni, yovvoyi hayvonlarni, parrandalarni, daraxtlarni va hokazolarni) olgan yoki oʻtkazgan shaxslarni aniqlash choralarini koʻrishlari va muayyan holatlardan kelib chiqib, ularga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 171-moddasi alomatlari bilan jinoyat ishini qoʻzgʻatish toʻgʻrisidagi masalani hal qilish uchun tegishli materiallarni ilova qilgan holda prokurorga xabar qilishlari lozim.
(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2013-yil 31-maydagi 09-sonli qarori tahririda).
11. Tabiatni muhofaza qilish haqidagi qonunlarni buzish bilan bogʻliq boʻlgan fuqarolik, shuningdek, jinoyat ishlari boʻyicha yetkazilgan zararni undirish toʻgʻrisidagi daʼvolarni koʻrishda sudlar qonun zararni toʻliq hajmda undirishni koʻzda tutishidan kelib chiqishlari shart. Zararni undirish miqdorini kamaytirishga faqat alohida hollarda sud tomonidan aniqlangan huquqbuzarning mulkiy ahvoliga qarab, jinoyat gʻaraz niyatda sodir etilmagan taqdirda, yoʻl qoʻyiladi va bu holat qabul qilingan qarorda asoslantirilgan boʻlishi shart.
Keyingi tahrirga qarang.
12. Amaldagi qonunlarga binoan qonunga xilof ravishda qoʻlga kiritilgan mahsulot (yovvoyi hayvon, parranda, baliq, daraxt, moʻyna va boshqalar) huquqbuzardan olib qoʻyilishi shart. Agar bunday mahsulot huquqbuzardan olib qoʻyilgan va ish sudda koʻrilgunga qadar sotilgan boʻlsa, sud hukmda, qarorda tushgan mablagʻni tegishli tashkilotning hisobiga oʻtkazishni koʻrsatishi zarur.
Qonunga xilof ravishda qoʻlga kiritilgan mahsulotni olib qoʻyish imkoniyati boʻlmasa (huquqbuzar tomonidan foydalanilgan yoki sotilgan, yaroqsiz holga kelgan va hokazolar), sud mahkumdan yoki maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxsdan yoinki javobgardan uning belgilangan narxlarda hisoblangan qiymatini undirish toʻgʻrisidagi masalani hal qilishi lozim.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1993-yil 24-maydagi 246-sonli Qarori bilan tasdiqlangan “Tabiatni muhofaza qilish jamgʻarmalari toʻgʻrisida”gi Nizomga muvofiq tabiatni muhofaza qilish qonunlarini buzish natijasida yetkazilgan zararni qoplash summasi, agar amaldagi qonunlarda boshqacha holat nazarda tutilmagan boʻlsa, tabiatni muhofaza qilish mahalliy (5-band) va respublika (8-band) jamgʻarmalari hisobiga undiriladi. Bunda shuni nazarda tutish lozimki, qonunga xilof ravishda ov qilish, gʻayriqonuniy ravishda baliqlarni hamda boshqa suv hayvonlarini ovlash va yoʻq qilish oqibatida yetkazilgan zararni qoplash summasi Tabiatni muhofaza qilish qoʻmitasi huzuridagi davlat biologiya nazorati hisobiga oʻtkaziladi. Agar huquqbuzarlik davlat quriqxonasi yoki milliy tabiat bogʻi hududida sodir etilgan boʻlsa jarimani toʻlashdan tushgan barcha mablagʻ davlat qoʻriqxonasi yoki milliy tabiat bogʻining hisobiga undiriladi. Xavfsizlik qoidalari va yer osti boyliklarini muhofaza qilish talablari buzilganligi uchun undiriladigan jarimalar summasi mehnat xavfsizligi va yer osti boyliklarini muhofaza qilish Respublika fondi hisobiga oʻtkaziladi.
Keyingi tahrirga qarang.
14. Hayvonot yoki oʻsimlik dunyosidan foydalanish tartibini buzish haqidagi jinoyat ishlari boʻyicha sudlanuvchiga tegishli jinoyat qurollari, shu jumladan, avtomashina, mototsikl va qayiqlar, agar jinoiy harakat ular yordamida amalga oshirilsa yoki sodir etilishi osonlashtirilsa, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 211-moddasiga muvofiq musodara qilinishi lozim.
Maʼmuriy huquqbuzarlik harakatini sodir etish quroli va ashyolarini musodara qilish masalasi Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi kodeksning tegishli moddalariga muvofiq hal qilinishi kerak.
15. Sudlar tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonunlarni buzish bilan bogʻliq jinoyatlarni sodir etgan shaxslarga nisbatan jazo tayinlashda qonunning alohida yondoshuv talablariga ogʻishmay rioya etishlari kerak. Koʻp miqdordagi qimmatbaho yoki noyob hayvonlar, parranda va baliqlarni qirib tashlash, oʻrmonlarga shikast yetkazish yoki ularni yoʻq qilish, qishloq xoʻjaligi mulklarini ishdan chiqarish va hokazo yoʻllar bilan davlatga katta zarar yetkazgan shaxslarga nisbatan qattiq jazo choralari qoʻllanilmogʻi zarur.
Keyingi tahrirga qarang.
Tabiatni muhofaza qilish organlari xodimlarining, bu xizmat jamoatchi nazoratchilarining, shuningdek, oʻgʻrincha ov qilish va qonun bilan qoʻriqlanadigan tabiat obyektlariga boshqacha tajovuz qiluvchilarning harakatlariga barham berish yuzasidan oʻzining jamoatchilik burchini bajarayotgan fuqarolarning hayoti va sogʻligiga tajovuz qilgan shaxslar qattiq jazoga tortilmoqlari shart.
Tabiatni muhofaza qilish organlari xodimlarining oʻzlari xizmat mavqeyidan foydalanib tabiat obyektlariga jinoiy tajovuzlar sodir etgan taqdirda, sudlar ularning muayyan lavozimni egallash yoki muayyan faoliyat bilan shugʻullanish huquqidan mahrum etish toʻgʻrisidagi masalani muhokama qilishlari zarur.
16. Tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonunlarni buzish bilan bogʻliq ishlar boʻyicha sud jarayonlarining taʼsirini kuchaytirish maqsadida sudlar tashkilotlar va mansabdor shaxslar faoliyatidagi kamchiliklarni aniqlashlari va bunday huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan xususiy ajrimlar chiqarishlari lozim.
Davlatga koʻp miqdorda zarar yetkazganlik, qimmatbaho yoki noyob hayvonlarni qirib tashlaganlik toʻgʻrisidagi, shuningdek, portlovchi moddalar, kimyoviy vositalar va hokazolarni qoʻllab, guruh boʻlib sodir etilgan jinoyatlar toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha sud protsesslarini keng ommaga yetkazmoq kerak.
17. Qoraqalpogʻiston Respublikasi jinoyat ishlari boʻyicha Oliy sudi, jinoyat ishlari boʻyicha viloyat, Toshkent shahar sudlari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudi atrof muhitni muhofaza etish toʻgʻrisidagi qonunlarni toʻgʻri qoʻllanishi ustidan nazoratni kuchaytirsinlar.
Keyingi tahrirga qarang.
1996-yil 20-dekabr,
36-son