Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
MUDDATIDA TOʻLANMAGAN SOLIQLAR VA BOShQA MAJBURIY TOʻLOVLARNI UNDIRIB OLISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur Qonun Oʻzbekiston Respublikasining 2007-yil 28-dekabrdagi OʻRQ-138-sonli “Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi qabul qilinishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi Qonuni bilan oʻz kuchini yoʻqotgan.
1-modda.
Belgilangan muddatda toʻlanmagan soliqlarni, davlat budjetiga hamda budjetdan tashqari davlat jamgʻarmalariga boshqa majburiy toʻlovlarni undirib olish ushbu Qonunga muvofiq amalga oshiriladi.
2-modda.
Tegishli toʻlovlarning belgilangan toʻlov muddatlari tugagach, toʻlanmagan summa boqimanda hisoblanadi va u, basharti qonun hujjatlarida oʻzgacha hol nazarda tutilmagan boʻlsa, penyasini qoʻshib hisoblagan holda undirib olinadi.
3-modda.
Toʻlov muddati tugaganidan keyingi kundan boshlab muddati oʻtkazib yuborilgan har bir kun uchun boqimanda summasidan qonun hujjatlarida belgilangan miqdorda penya qoʻshilib boradi.
Keyingi tahrirga qarang.
4-modda.
Korxonalar, muassasalar va tashkilotlardan toʻlovlarni va toʻlovlarga oid boqimandalarni undirib olish quyidagi hollarda soʻzsiz amalga oshiriladi:
Oldingi tahrirga qarang.
1) soliq organining qaroriga muvofiq — soliqlar va davlat budjetiga boshqa majburiy toʻlovlar, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasiga majburiy toʻlovlar boʻyicha;
Keyingi tahrirga qarang.
(4-moddaning 1-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2001-yil 12-maydagi 220-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2001-y., 5-son, 89-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
2) sudning qaroriga muvofiq — budjetdan tashqari davlat jamgʻarmalariga toʻlovlar boʻyicha, Oʻzbekiston Respublikasi Budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasiga toʻlovlar bundan mustasno.
Keyingi tahrirga qarang.
(4-moddaning 2-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2001-yil 12-maydagi 220-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2001-y., 5-son, 89-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
5-modda.
Soliq organlari korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va fuqarolar soliq toʻlovlari va budjetga, shuningdek budjetdan tashqari davlat jamgʻarmalariga boshqa majburiy toʻlovlar toʻlashni toʻgʻri, oʻz vaqtida va toʻliq amalga oshirganligini tekshirishga haqlidir.
6-modda.
Boqimandani toʻlash summasi kelib tushganda avvalo boqimanda, soʻngra penya toʻlanadi. Boqimandani undirib olish xarajatlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qoplanadi.
7-modda.
Toʻlov topshiriqnomasi olinganidan keyin bir ish kuni mobaynida davlat budjeti daromadiga, budjetdan tashqari davlat jamgʻarmalari hisobvaragʻiga toʻlovlar bankning aybi bilan oʻz vaqtida kiritilmaganligi uchun bank muddati oʻtkazib yuborilgan har bir kun uchun qonun hujjatlarida belgilangan miqdorda penya toʻlaydi.
8-modda.
Korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga nisbatan boqimandani soʻzsiz undirib olishning quyidagi choralari qoʻllaniladi:
1) boqimandachining bankdagi hisobvaragʻida mavjud boʻlgan summani davlat budjeti foydasiga, budjetdan tashqari davlat jamgʻarmalari hisobvaragʻiga oʻtkazish;
2) solishtiruv dalolatnomasi mavjud boʻlgan taqdirda undiruvni debitorlardan boqimandachiga tegishli summaga qaratish;
Oldingi tahrirga qarang.
3) soliqlar va budjetga toʻlovlar hamda Oʻzbekiston Respublikasi Budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasiga toʻlovlar boʻyicha undiruvni qarzdor korxona mol-mulkiga qaratish.
Keyingi tahrirga qarang.
(8-moddaning birinchi qismi 3-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2001-yil 12-maydagi 220-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2001-y., 5-son, 89-modda)
Boqimanda summasini soʻzsiz undirib olish toʻgʻrisidagi inkasso topshiriqnomalari soliq organlari tomonidan belgilangan toʻlov muddatidan boshlab uch ish kuni davomida amalga kiritiladi.
Basharti korxonalar, muassasalar va tashkilotlar tegishli toʻlovni oʻtkazish uchun toʻlov topshiriqnomasini bankka oʻz vaqtida topshirgan boʻlsa, inkasso topshiriqnomasi amalga kiritilmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
9-modda.
Chet ellik yuridik shaxslardan soliqlar va majburiy toʻlovlar boʻyicha boqimandani undirib olish, basharti Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida oʻzgacha hol nazarda tutilmagan boʻlsa, ushbu Qonunga muvofiq amalga oshiriladi.
10-modda.
Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslardan boqimandani undirib olish sud tartibida amalga oshiriladi.
11-modda.
Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar gardanidagi boqimandalarni qoplash uchun undiruv mol-mulkka qaratilgan taqdirda qonun hujjatlariga muvofiq ijro hujjatlari boʻyicha undiruv qaratilishi mumkin boʻlmagan mol-mulkka undiruv qaratilmaydi.
Soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha chet ellik yuridik shaxslardan boqimandani undirish Oʻzbekiston Respublikasi hududida boʻlgan ularning har qanday mol-mulkiga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qaratiladi.
12-modda.
Boqimandani undirish toʻgʻrisidagi sud qarorining ijrosi ijro varaqasi asosida, xoʻjalik sudining buyrugʻi asosida amalga oshiriladi.
13-modda.
Davlat korxonalarining, shuningdek jismoniy shaxslarning toʻlovlar boʻyicha boqimandasini undirish imkoniyati boʻlmagan hollarda boqimanda hisobdan chiqarib tashlanadi. Davlat korxonalarining boqimandasini hisobdan chiqarib tashlash Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda boqimandani undirib olish imkoniyati yoʻqligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnomaga binoan, jismoniy shaxslardan esa — sud qaroriga binoan amalga oshiriladi.
14-modda.
Toʻlovlarni notoʻgʻri hisoblab chiqarish yoki undirib olishning belgilangan tartibini buzish oqibatida ortiqcha kelib tushgan toʻlov summalari qaytarilishi kerak.
15-modda.
Toʻlovlarni undirib olish vaqtida soliq organlarining mansabdor shaxslari tomonidan yoʻl qoʻyilgan notoʻgʻri xatti-harakatlar ustidan shikoyatlar yuqori organga yoki sudga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda beriladi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1995-yil 22-dekabr,
177-I-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-y., 12-son, 267-modda; 1997-y., 2-son, 56-modda; 2001-y., 5-son, 89-modda; 2003-y., 1-son, 8-modda; Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 21-son, 148-modda; 2006-y., 41-son, 405-modda)