Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
SOLIQLAR VA BUDJETGA MAJBURIY TOʻLOVLAR BOʻYIChA MUDDATIDA TOʻLANMAGAN SOLIQLARNI KORXONALAR VA TAShKILOTLAR MOL-MULKI HISOBIDAN UNDIRIB OLISh TARTIBI TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 11-martdagi 63-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish, shuningdek baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida” 2009-yil 27-fevraldagi PQ-1062-son qarori)”gi qarori bilan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Budjet bilan hisob-kitoblar uchun xoʻjalik yurituvchi subyektlarning masʼuliyatini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 1996-yil 9-avgustdagi Farmoniga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Soliqlar va budjetga majburiy toʻlovlar boʻyicha muddatida toʻlanmagan soliqlarni korxonalar va tashkilotlar mol-mulki hisobidan undirib olish tartibi toʻgʻrisidagi ilova qilinayotgan Nizom tasdiqlansin.
2. Oliy xoʻjalik sudiga soliqlar toʻlovini qarzdor korxonalar mulki hisobidan undirib olish yuzasidan daʼvolarni koʻrib chiqish tartibini soddalashtirish tavsiya etilsin, bunda uch kun muddatda qaror qabul qilish nazarda tutilsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1996-yil 8-noyabr,
387-son
Soliqlar va budjetga majburiy toʻlovlar boʻyicha muddatida toʻlanmagan soliqlarni korxonalar va tashkilotlar mol-mulki hisobidan undirib olish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Budjet bilan hisob-kitoblar uchun xoʻjalik yurituvchi subyektlarning masʼuliyatini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 1996-yil 9-avgustdagi PF—1504-son Farmoni asosida ishlab chiqilgan va soliqlar va budjetga majburiy toʻlovlar boʻyicha muddatida toʻlanmagan soliqlarni korxonalar, birlashmalar va tashkilotlar (bundan keyin qarzdor korxona deb ataladi) mol-mulki hisobidan undirib olish tartibini belgilaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
Soliqlar va budjetga majburiy toʻlovlar boʻyicha qarzlar (bundan keyin muddatida toʻlanmagan soliqlar deb ataladi), shuningdek ularni oʻz vaqtida toʻlamaganlik uchun penyalar, jarimalar qarzdor korxonalardan davlat soliq organlari tomonidan inkasso topshirigʻi berish yoʻli bilan soʻzsiz undirib olinadi.
(1-bandning ikkinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 10-noyabrdagi 235-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2006-y., 46-47-son, 458-modda)
2. Qarzdor korxonaning hisob-kitob (joriy) schyotiga xizmat koʻrsatuvchi bank inkasso topshirigʻini olishi bilan 3 kun muddatda qarzni undirib oladi yoxud qarzdor korxonaning hisob-kitob (joriy) schyotida pul mablagʻlari mavjud boʻlmaganligi tufayli topshiriq toʻliq yoki qisman bajarilmaganligi toʻgʻrisida belgi qoʻyadi va bank belgisi qoʻyilgan inkasso topshirigʻining nusxasini soliq organiga va qarzdor korxonaga yuboradi.
Mazkur Nizomda belgilangan talablarning bank tomonidan bajarilmasligi Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq unga nisbatan choralar koʻrish uchun asos boʻlib hisoblanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Qarzdor korxonaning banklardagi schyotlarida pul mablagʻlari boʻlmagan taqdirda qarzlar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda uning mol-mulkidan undirib olinadi.
(2-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 12-martdagi 133-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2003-y., 5-6-son, 51-modda)
3. Soliq organi topshiriq yoki qisman bajarilmaganligi toʻgʻrisida bank belgisi qoʻyilgan inkasso topshirigʻi olgan kundan boshlab bir sutka muddatda chopar orqali yoki buyurtma xabar bilan, topshirilganligi toʻgʻrisida xabardor qilgan holda, muddatida toʻlanmagan soliqlarni va soliqlar va yigʻimlarni toʻlash muddatini oʻtkazib yuborganlik uchun penyalarni toʻlash haqida qarzdor korxonaga yozma talabnoma yuboradi.
Soliq organining yozma talabnomasida mazkur talabnoma xabarnoma olingan vaqtdan boshlab bir oy mobaynida bajarilmagan taqdirda soliqlar qarzdor korxona mol-mulki hisobidan undirib olinishi toʻgʻrisida xabar qilinishi lozim.
Soliq organining muddatida toʻlanmagan soliqlar va soliqlar va yigʻimlarni toʻlash muddatini oʻtkazib yuborganlik uchun penyalarni toʻlash toʻgʻrisidagi yozma talabnomasi olingandan (topshirilgandan) soʻng oʻn kun mobaynida qarzdor korxona tomonidan qondirilmasligi yoki javobsiz qoldirilishi qarzni qarzdor korxonaning mol-mulki hisobidan undirib olish toʻgʻrisidagi talablar bilan xoʻjalik sudiga ariza berish uchun asos hisoblanadi.
(3-bandning birinchi va uchinchi xatboshilari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 10-noyabrdagi 235-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2006-y., 46-47-son, 458-modda)
4. Muddatida toʻlanmagan soliqlarni va soliqlar va yigʻimlarni toʻlash muddatini oʻtkazib yuborganlik uchun penyalarni qarzdor korxona mol-mulki hisobidan undirib olish haqidagi ariza soliq toʻlovchi hisobga qoʻyilgan joydagi davlat soliq inspeksiyasi boshligʻi yoxud uning oʻrinbosari tomonidan imzolanadi. Arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
soliq toʻlovchining soliqlar va budjetga boshqa toʻlovlar toʻlash boʻyicha qarzi borligi toʻgʻrisidagi mavjud shaxsiy schyotlaridan koʻchirma;
soliq toʻlovchining banklardagi hisob-kitob, joriy, valyuta, maxsus ssuda yoxud boshqa schyotlarida pul mablagʻlari yoʻqligi toʻgʻrisida bank maʼlumotnomasi;
soliq toʻlovchi tomonidan soliq qonunchiligiga rioya qilinishini tekshirish (bunday tekshirishlar oʻtkazilgan taqdirda) dalolatnomalari boʻyicha hisob-kitoblarni tekshirib chiqish natijalari toʻgʻrisida maʼlumotnoma;
soʻnggi hisobot davri uchun korxona balansi nusxasi.
(4-bandning birinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 10-noyabrdagi 235-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2006-y., 46-47-son, 458-modda)
5. Xoʻjalik sudi soliq organi tomonidan taqdim etilgan ariza qondirilgandan soʻng undirishni qarzdor korxonaning mol-mulkiga qaratish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Xoʻjalik sudining qarori asosida qarzni qarzdor korxonaning mol-mulkidan undirib olish sud ijrochilari tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 12-martdagi 133-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2003-y., 5-6-son, 51-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(6—16-bandlar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 12-martdagi 133-sonli qaroriga muvofiq chiqarilgan — OʻR QHT, 2003-y., 5-6-son, 51-modda)
(Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari toʻplami, 1996-y., 11-son, 31-modda; Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2003-y., 5-6-son, 51-modda, 2006-y., 46-47-son, 458-modda)