O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘zbekiston Respublikasida elektron tijorat sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
Elektron tijorat sohasini yanada rivojlantirish, zamonaviy logistika infratuzilmasiga ega milliy elektron tijorat makonini shakllantirish, bozor ishtirokchilarining huquq va manfaatlarini himoya qilish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Raqamli mahsulotlar (xizmatlar) iste’molchilari huquqlarini himoya qilish va raqamli texnologiyalar vositasida sodir etiladigan huquqbuzarliklarga qarshi kurashishni kuchaytirish choralari to‘g‘risida” 2023-yil 30-noyabrdagi PQ-381-son qarori bilan Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (keyingi o‘rinlarda — Agentlik) elektron tijoratni tartibga solish va rivojlantirish sohasida vakolatli organ etib belgilanganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. Agentlik, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Raqamli texnologiyalarni rivojlantirish vazirligining:
elektron tijorat operatorlari (elektron savdo platformasi, buyurtmalar agregatori va raqamli striming xizmati operatorlari) sifatida faqat yuridik shaxslar — O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari faoliyat yuritishi mumkinligi;
elektron shartnoma yoki bitimlar orqali hech qanday majburiyatlar olmaydigan, foydalanuvchilarga o‘zining axborot resursi yoki platformasi orqali tovar (ish, xizmat) hamda raqamli mahsulotlar haqida ma’lumot yoki axborot berish bilan cheklanadigan yuridik shaxs va (yoki) yakka tartibdagi tadbirkor elektron tijorat operatori hisoblanmasligi haqidagi takliflari ma’qullansin.
3. Agentlik manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda quyidagilarni nazarda tutgan holda, O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksi, O‘zbekiston Respublikasi “Elektron tijorat to‘g‘risida”gi va “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonunlari hamda boshqa qonunchilik hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha tegishli normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:
elektron tijorat to‘g‘risidagi qonunchilikka 1-ilovaga muvofiq yangi tushuncha va atamalarni kiritish;
2025-yil 1-iyuldan boshlab elektron tijorat operatorlari faoliyatini amalga oshirishi uchun xabardor qilish tartibini joriy qilish, 2-ilovaga muvofiq talablar va shartlarni kiritish, elektron tijorat subyektlari reyestrini yuritish.
4. O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Avtotransport vositalari boshqaruvida va yo‘nalishli taksi faoliyatini amalga oshirishda qo‘shimcha qulayliklar yaratish to‘g‘risida” 2022-yil 7-iyuldagi PQ-311-son qarorining 5-bandida nazarda tutilgan tartibni takomillashtirish hamda uning amal qilish muddatini uzaytirish bo‘yicha tegishli normativ-huquqiy hujjat loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
Bunda, istisno tariqasida, ushbu tartibning amal qilishi 2024-yil 31-dekabrdan keyingi davr uchun ham yangi tartib qabul qilingunga qadar davom ettirilsin.
5. Belgilansinki, 2025-yil 1-iyuldan boshlab:
elektron tijorat operatorlari, elektron tijoratda sotuvchi bo‘lgan yuridik shaxslar, yakka tartibdagi tadbirkorlar, shuningdek, elektron tijoratda sotuvchi yoki buyurtma asosida tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) yetkazib beruvchi yoxud yo‘lovchilarni yengil avtotransport vositalarida tashish faoliyatini amalga oshiruvchi o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar (keyingi o‘rinlarda — o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar) elektron tijorat doirasida hisob-kitoblarni faqat alohida bank hisobvaraqlaridan foydalangan holda amalga oshiradi;
o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning elektron tijorat doirasidagi faoliyati natijasida pul mablag‘lari tarzida olingan daromadlari o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning bank kartasi biriktirilgan alohida bank hisobvarag‘ida hisobga olinadi;
o‘zini o‘zi band qilgan shaxsning alohida bank hisobvarag‘iga tushadigan mablag‘lar summasi tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) sotishdan olingan daromadlarni aniqlashda o‘zini o‘zi band qilgan shaxsni aylanmadan olinadigan soliqni to‘lovchi sifatida tan olish uchun foydalaniladi.
6. Elektron tijorat sohasida faoliyatni amalga oshirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida:
a) buyurtma asosida tovarlar (ishlar, xizmatlar) yetkazib beruvchi yoki yo‘lovchilarni yengil avtotransport vositalarida tashish faoliyatini amalga oshiruvchi o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarga, istisno tariqasida:
tovarlar (ishlar, xizmatlar) yetkazib beruvchisi yoki elektron tijorat subyektining hisobvarag‘iga mablag‘larni keyinchalik inkassatsiya uchun hisobdan chiqarish uchun o‘zini o‘zi band qilgan shaxsning alohida bank hisobvarag‘iga mablag‘larni oldindan joylashtirishga;
yetkazib berilgan tovarlar (ishlar, xizmatlar) uchun to‘lov sifatida naqd pul qabul qilishga, bunda alohida bank hisobvarag‘idan tovarlar (ishlar, xizmatlar) yetkazib beruvchisiga o‘tkazilgan mablag‘larga teng miqdorda naqd pulni inkassatsiya qilmasdan o‘z ixtiyorida qoldirishga ruxsat berilsin;
b) elektron savdo platformalari orqali tovarlarni eksport qilishda yuridik shaxslarga, yakka tartibdagi tadbirkorlarga va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarga elektron savdo platformalari, xususan, xorijiy elektron savdo platformalari orqali sotilgan tovarlarni kuryerlik va pochta jo‘natmalari orqali xorijiy davlatlardagi o‘z xaridorlariga, shu jumladan, Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimida shartnomalarni ro‘yxatdan o‘tkazmasdan yuborishga ruxsat berilsin.
Bunda elektron savdo platformalari O‘zbekiston Respublikasi Soliq qo‘mitasi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qo‘mitasi axborot tizimlari bilan belgilangan tartibda integratsiya qilinishi lozim.
7. O‘zbekiston Respublikasi Soliq qo‘mitasi Agentlik bilan birgalikda uch oy muddatda elektron shaklda xizmatlar ko‘rsatayotgan, xizmatlarni realizatsiya qilish joyi O‘zbekiston Respublikasi bo‘lgan xorijiy yuridik shaxslar tomonidan soliq to‘lovlari va qamrovining to‘liqligini o‘rganishni tashkil etish hamda natijalariga ko‘ra ushbu sohada samarali nazoratni ta’minlaydigan mexanizmlarni joriy etish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi Agentlik bilan birgalikda 2025-yil 1-iyulga qadar xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda, xalqaro tajriba asosida elektron tijorat subyektlari uchun hisobot shakllarini joriy qilsin.
9. Agentlik ushbu qaror talablaridan kelib chiqqan holda uch oy muddatda:
elektron tijoratda kuryerlik xizmati faoliyatini amalga oshirish tartibini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
O‘zbekiston Respublikasi hududida elektron tijoratni amalga oshirish qoidalarini tasdiqlashni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasida elektron tijorat sohasidagi nizolarni onlayn tarzda hal etish mexanizmlarini ishlab chiqib, tegishli takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
10. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi ommaviy axborot vositalari bilan birgalikda ushbu qarorning mazmun-mohiyati keng yoritilishini ta’minlasin.
11. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J.A. Qo‘chqorov hamda Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktori D.R. Li zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2024-yil 26-dekabr,
885-son
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 26-dekabrdagi 885-son qaroriga
1-ILOVA
Elektron tijorat to‘g‘risidagi qonunchilikka qo‘shimcha kiritiladigan
TUSHUNCHALAR VA ATAMALAR
1. Buyurtmalar agregatori operatori — xizmatlar xaridorlariga (buyurtmachilarga) xizmatlarni qidirish, turkumlashtirish, tizimlashtirish, tanlash va solishtirish imkoniyatini beruvchi, buyurtmalar agregatorini operativ boshqaruvchi elektron tijorat subyekti.
2. Raqamli striming xizmati operatori — raqamli striming xizmatini operativ boshqaruvchi, foydalanuvchilarga raqamli mahsulotga, shu jumladan, real vaqt rejimida kirishga, real vaqt rejimida (onlayn) elektron shartnomalar tuzish va elektron tranzaksiyalarni amalga oshirish imkoniyatini beruvchi elektron tijorat subyekti.
3. Elektron savdo platformasi operatori — elektron savdo platformasi va (yoki) veb-sayt va (yoki) Internet tarmog‘idagi veb-sayt va (yoki) veb-sayt sahifasining operativ boshqaruvchi va (yoki) foydalanuvchi, sotuvchilar va xaridorlarga, shu jumladan, o‘z nomidan elektron shartnomalar tuzish va tovarlarning oldi-sotdisiga qaratilgan elektron operatsiyalarni amalga oshirish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatuvchi elektron hisoblash mashinalari uchun dastur egasi va (yoki) Internet tarmog‘idagi veb-sayt va (yoki) veb-sayt sahifasi egalari bo‘lgan elektron tijorat subyekti.
4. Buyurtmalar agregatori — axborot tizimi bo‘lib, uning doirasida quyidagilar amalga oshiriladi:
agregator platformasidagi xizmatlarga kirish va ulardan foydalanish bo‘yicha arizalarni qabul qilish, ro‘yxatdan o‘tkazish, nazorat qilish va ularga ishlov berish;
elektron shartnomalar va buyurtmalarni tuzish va ularga ishlov berish;
elektron bitimlarda ishtirok etish bo‘yicha yetkazib beruvchilar va xaridorlar (buyurtmachilar) tomonidan berilgan arizalarni qabul qilish, ro‘yxatdan o‘tkazish, nazorat qilish va ularga ishlov berish;
yetkazib beruvchilar tomonidan xizmat (ish) haqidagi ma’lumotlarni joylashtirish yoki o‘chirish bo‘yicha arizalarni qabul qilish, ro‘yxatdan o‘tkazish, nazorat qilish va ularga ishlov berish;
xizmatlar narxlarini e’lon qilish;
xaridor (buyurtmachi)ning shaxsiy kabineti (profili)ni yaratish jarayoni;
xizmat ko‘rsatish va sotib olish bo‘yicha arizalarni qabul qilish, ro‘yxatdan o‘tkazish, nazorat qilish va ularga ishlov berish;
elektron to‘lovlarni amalga oshirish bo‘yicha arizalarni qabul qilish, ro‘yxatdan o‘tkazish, nazorat qilish va ularga ishlov berish;
mablag‘larni deponentlash (eskrou);
agregator operatori tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlar uchun komissiya undirish;
xizmat ko‘rsatish usulini tanlash, shuningdek, xizmatning holatini kuzatib borish;
xizmatlarni qidirish, toifalash, tizimlashtirish, tanlash va solishtirish;
xizmat haqidagi ma’lumotlarni yangilash;
xizmatlar, yetkazib beruvchilar va (yoki) xaridorlar (buyurtmachilar) bo‘yicha fikrlar va reytinglar shakllantirish;
ko‘rsatilgan xizmat sifatini nazorat qilish;
xizmat yetkazib beruvchi va xaridor (buyurtmachi) o‘rtasidagi o‘zaro muloqot;
tanlovlar va auksionlarni tashkil etish va o‘tkazish;
amalga oshirilgan elektron bitimlar bo‘yicha statistika ma’lumotlari, hisobot hujjatlarini tayyorlash;
elektron bitimlarni amalga oshirish va bajarish uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlarni saqlash, oshkor qilish va ularga ishlov berish;
xizmatlar agregatori bilan bog‘liq boshqa funksiyalar.
5. Raqamli striming xizmati — axborot tizimi bo‘lib, uning doirasida quyidagilar amalga oshiriladi:
raqamli striming xizmati platformasida raqamli mahsulotdan foydalanishni ta’minlash uchun arizalarni qabul qilish, ro‘yxatga olish, qayta ishlash va monitoring qilish;
platformada raqamli mahsulotni va (yoki) raqamli mahsulot haqidagi ma’lumotlarni joylashtirish yoki olib tashlash uchun arizalarni qabul qilish, ro‘yxatga olish, qayta ishlash va nazorat qilish;
foydalanuvchiga taqdim etilayotgan raqamli mahsulot xizmatlari narxlarini e’lon qilish;
raqamli mahsulot bilan elektron bitimlarda ishtirok etish uchun raqamli mahsulot yetkazib beruvchilar va foydalanuvchilardan arizalarni qabul qilish, ro‘yxatga olish, qayta ishlash va monitoring qilish;
elektron shartnomalar va buyurtmalarni tuzish va qayta ishlash;
raqamli striming xizmati platformasida onlayn-striming (tovarlar (xizmatlar), raqamli mahsulotlar reklamasi), tanlovlar va auksionlar o‘tkazish;
yetkazib beruvchi va raqamli mahsulotdan foydalanuvchi o‘rtasida elektron to‘lovlarni amalga oshirish uchun arizalarni qabul qilish, ro‘yxatga olish, qayta ishlash va nazorat qilish;
raqamli mahsulot uchun intellektual mulk obyektlarini, xususan mualliflik huquqlari, tovar belgilari va mualliflik huquqi egalarining patentlariga qo‘yiladigan talablarga rioya etilishini monitoring va himoya qilish;
raqamli kontentni yuklab olish imkoniyatini berish (agar bunday xizmat ko‘rsatilsa);
elektron shartnomalarni tuzish va qayta ishlash, shu jumladan, elektron to‘lovlarni amalga oshirish, mablag‘larni kiritish va elektron operatsiyalar uchun elektron kvitansiyani taqdim etish bo‘yicha keyingi operatsiyalarni amalga oshirish uchun foydalanuvchini uchinchi tomon platformasiga yo‘naltirish;
raqamli striming operatori tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlar uchun komissiya undirish;
foydalanuvchining shaxsiy kabinetini (profilini) yaratish;
foydalanuvchining depozitini raqamli striming xizmati platformasidagi mablag‘lar bilan to‘ldirish;
raqamli mahsulotdan foydalanish imkoniyatini (cheklangan, cheklanmagan) ta’minlash usulini tanlash;
raqamli mahsulotni qidirish, turkumlashtirish, tizimlashtirish, tanlash va taqqoslash;
raqamli mahsulot haqidagi ma’lumotlarni yangilash;
raqamli mahsulot, provayder va (yoki) raqamli kontent foydalanuvchisi uchun sharhlar va reytinglarni yaratish;
taqdim etilgan raqamli mahsulot va raqamli striming xizmatlari sifatini nazorat qilish;
raqamli mahsulot provayderi va foydalanuvchi o‘rtasidagi o‘zaro aloqa;
statistika ma’lumotlarini, yakunlangan elektron operatsiyalar bo‘yicha hisobot hujjatlarini tayyorlash.
6. Elektron savdo platformasi — Internet jahon axborot va telekommunikatsiya tarmog‘idan foydalangan holda, quyidagilarni ta’minlaydigan dasturiy apparat majmuasi yoki axborot-telekommunikatsiya tizimi:
sotuvchi tomonidan iste’molchini tanishtirish uchun elektron tijorat tovarlarini sotish bo‘yicha takliflar joylashtirish, elektron tijorat tovarlarini reklama qilish, oldi-sotdi shartnomasi yoki boshqa shartnomalar tuzish, elektron to‘lovlarni amalga oshirish, tijorat tovarlarini iste’molchiga yetkazib berishni tashkil etish hisobidan tovarni iste’molchiga masofadan sotish imkoniyati;
elektron savdo platformasida tovarlardan foydalanish imkoniyatini olish uchun arizalarni qabul qilish, ro‘yxatga olish, qayta ishlash va monitoring qilish;
elektron shartnomalar va buyurtmalarni tuzish va qayta ishlash;
elektron bitimlarda ishtirok etish uchun sotuvchilar va xaridorlarning arizalarini qabul qilish, ro‘yxatga olish, qayta ishlash va monitoring qilish;
sotuvchilar tomonidan mahsulot va (yoki) raqamli mahsulot to‘g‘risidagi ma’lumotlarni joylashtirish yoki olib tashlash uchun arizalarni qabul qilish, ro‘yxatga olish, qayta ishlash va monitoring qilish;
tovarlar va (yoki) raqamli mahsulotlar narxlarini e’lon qilish;
sotuvchi va xaridor uchun shaxsiy kabinet (profil) yaratish;
tovarlarni sotish, sotib olish, saqlash, o‘tkazish, yetkazib berish va (yoki) raqamli mahsulotni raqamli distributsiya qilish uchun arizalarni qabul qilish, ro‘yxatga olish, qayta ishlash va monitoring qilish, shu jumladan, o‘z nomidan;
tovarlarni yetkazib berish va saqlash;
sotuvchilar va xaridorlar o‘rtasida elektron to‘lovlarni qabul qilish, ro‘yxatga olish, qayta ishlash va nazorat qilish;
tovar xaridorga yetkazib berilgandan so‘ng mablag‘larni sotuvchiga o‘tkazib berish yo‘li bilan mablag‘larni deponentlash (eskrou);
elektron savdo platformasi operatori tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlar uchun komissiya undirish;
tovarlarni raqamli markirovkalash va taqsimlash;
tovarlarni qabul qilish va (yoki) raqamli mahsulotni raqamli distributsiya qilish usulini tanlash, shuningdek, yetkazib berish xizmati mavjud bo‘lgan hollarda, tovarlar va (yoki) raqamli mahsulotlarni yetkazib berish holatini kuzatish;
tovarlar, raqamli mahsulotlar, sotuvchilar va (yoki) xaridorlar uchun sharhlar va reytinglarni yaratish;
tovarlar va (yoki) raqamli mahsulotlar sifatini nazorat qilish;
sotuvchi va xaridor o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar;
elektron tanlovlar va auksionlarni tashkil etish va o‘tkazish;
amalga oshirilgan elektron operatsiyalar bo‘yicha statistika ma’lumotlarini, hisobot hujjatlarini tayyorlash;
elektron bitimlarni amalga oshirish va buning uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlarni saqlash, qayta ishlash va oshkor qilish;
elektron savdo platformasi bilan bog‘liq boshqa funksiyalar.
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 26-dekabrdagi 885-son qaroriga
2-ILOVA

Elektron tijorat subyektlarining faoliyatini xabardor qilish tartibida amalga oshirish uchun

TALABLAR VA SHARTLAR
Elektron tijorat subyektlarining faoliyatini xabardor qilish tartibida amalga oshirish uchun quyidagi talablar va shartlarga rioya qilinishi lozim:
O‘zbekiston Respublikasi yuridik shaxsi shaklida davlat ro‘yxatidan o‘tish;
O‘zbekiston Respublikasining elektron tijorat, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish, mualliflik va turdosh huquqlar, iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish, reklama sohasidagi qonunchilik va boshqa qonunchilik hujjatlari talablariga rioya etish;
vakolatli organning so‘roviga muvofiq elektron tijorat subyektlarining faoliyatiga oid ma’lumotlarni bepul taqdim etish;
O‘zbekiston Respublikasida chakana savdo qoidalari talablariga rioya qilish;
elektron tijorat ishtirokchilariga xizmatlar ko‘rsatish uchun zarur darajada ishlashi ta’minlangan axborot tizimining mavjudligi;
faoliyat boshlanishi haqidagi xabarnoma ma’lumotlarining haqqoniyligini ta’minlash;
xodimlar bilan yangi mehnat shartnomalari tuzish, shartnomalarga o‘zgartirishlar kiritish va ularni bekor qilish holatlarini, shuningdek, amaldagi mehnat shartnomalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksida majburiy ro‘yxatga olish — agar xodimlar uchun tegishli faoliyatni (harakatlarni) amalga oshirish uchun bunday talab mavjud bo‘lsa;
xabardor qiluvchining nomi, joylashgan joyi (yashash manzili) o‘zgarganligi yoki filial va vakolatxona ochilganligi to‘g‘risida ro‘yxatga olingandan keyin o‘n ish kuni ichida vakolatli organni xabardor qilish;
xabardor qilish tartibiga muvofiq amalga oshiriladigan faoliyat (harakat) turining o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda boshqa talablar va shartlar.
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.12.2024-y., 09/24/885/1077-son)