Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
“Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga bojxona brokeri faoliyatini hamda xalqaro kuryerlik joʻnatmalarini yetkazib berish boʻyicha faoliyatni takomillashtirishga qaratilgan qoʻshimchalar kiritish haqida

Qonunchilik palatasi tomonidan 2024-yil 30-aprelda qabul qilingan

Senat tomonidan 2024-yil 10-iyulda maʼqullangan
Keyingi yillarda mamlakatimizda bojxona maʼmuriyatchiligini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, bojxona tartib- taomillarini amalga oshirishda zamonaviy raqamli texnologiyalarni joriy etish boʻyicha tizimli chora-tadbirlar koʻrilmoqda.
Shu bilan birga amaliyotda tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlari tomonidan bojxona yuk deklaratsiyasini rasmiylashtirishga ushbu sohada kasbiy tajribaga ega boʻlmagan shaxslarni ular bilan xizmatlar koʻrsatish toʻgʻrisida shartnomalar tuzmasdan jalb qilish hollari uchramoqda. Shartnomaviy huquqiy munosabatlarni lozim darajada rasmiylashtirish ham xalqaro kuryerlik joʻnatmalarini bojxona chegarasi orqali yetkazib berish sohasidagi qonunchilikka rioya etilishini taʼminlashning dolzarb vazifasi hisoblanadi. Ushbu omillar bojxona organlariga taqdim etiladigan maʼlumotlarning haqqoniyligi va aniqligida, belgilangan bojxona hamda soliq toʻlovlari oʻz vaqtida va toʻliq toʻlanishida aks etadi.
Ushbu Qonun bilan “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga vakolatli davlat organini bojxona brokeri sifatida faoliyatni hamda xalqaro kuryerlik joʻnatmalarini yetkazib berish boʻyicha faoliyatni amalga oshirish toʻgʻrisida xabardor qilish tartibini, shuningdek mazkur faoliyat turlarini boshlash yoki tugatish toʻgʻrisida vakolatli davlat organini xabardor qilmaganlik uchun javobgarlikni belgilovchi qoʻshimchalar kiritilmoqda.
Mazkur Qonun tovarlarning bojxona rasmiylashtiruvi va xalqaro kuryerlik joʻnatmalarini yetkazib berish boʻyicha jismoniy va yuridik shaxslarga koʻrsatiladigan xizmatlar sifatini yaxshilashga, shuningdek bojxona va soliq toʻgʻrisidagi qonunchilik buzilishlarining oldini olishga, ularni aniqlashga va ularga chek qoʻyishga xizmat qiladi.
1-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 14-iyulda qabul qilingan “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi OʻRQ-701-sonli Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2021-yil, № 7, 661-modda; 2022-yil, № 4, 340-modda, № 5, 465-modda; 2023-yil, № 2, 103-modda, № 3, 185-modda, № 7, 533-modda, № 9, 710-modda, № 11, 921, 923-moddalar; 2024-yil, № 1, 5, 7-moddalar, № 2, 105, 112-moddalar) quyidagi qoʻshimchalar kiritilsin:
1) 3-ilova quyidagi mazmundagi 35 va 36-pozitsiyalar bilan toʻldirilsin:

35.

Bojxona brokeri faoliyatini boshlaganlik yoki tugatganlik toʻgʻrisida xabarnoma

Bojxona brokeri faoliyati.

Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qoʻmitasi

36.

Xalqaro kuryerlik joʻnatmalarini yetkazib berish boʻyicha faoliyatni boshlaganlik yoki tugatganlik haqida xabarnoma

Xalqaro kuryerlik joʻnatmalarini yetkazib berish boʻyicha faoliyat.

Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qoʻmitasi

”;

2) 4-ilovaning III boʻlimi quyidagi mazmundagi 28 va 29-pozitsiyalar bilan toʻldirilsin:

28.

Bojxona brokeri faoliyatini boshlaganlik yoki tugatganlik toʻgʻrisidagi xabarnoma

20

29.

Xalqaro kuryerlik joʻnatmalarini yetkazib berish boʻyicha faoliyatni boshlaganlik yoki tugatganlik haqidagi xabarnoma

20

”.

2-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qoʻmitasi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.
3-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
4-modda. Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 5-sentabr,
OʻRQ-956-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.09.2024-y., 03/24/956/0687-son)