Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
Elektron tijorat toʻgʻrisida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2022-yil 21-iyunda qabul qilingan
Senat tomonidan 2022-yil 13-sentabrda maʼqullangan
Senat tomonidan 2022-yil 13-sentabrda maʼqullangan
1-bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi va qoʻllanilish sohasi
Ushbu Qonunning maqsadi elektron tijorat sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Ushbu Qonunning amal qilishi:
tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) davlat xaridlari toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladigan davlat xaridlariga;
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning davlat va korporativ xaridlarini amalga oshirishning zamonaviy shakl va uslublarini yanada joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 23-avgustdagi PQ-3237-son qarori.
birja faoliyati uchun litsenziyalarga ega boʻlgan birjalarda tuziladigan kelishuvlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
2-modda. Elektron tijorat toʻgʻrisidagi qonunchilik
Elektron tijorat toʻgʻrisidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy Qonuni bilan maxsus huquqiy rejim oʻrnatilgan hududda elektron tijoratga oid munosabatlar ushbu Qonunda belgilanganidan boshqacha qoidalar bilan tartibga solinadi.
(2-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 13-iyuldagi OʻRQ-1158-sonli Qonuniga asosan ikkinchi qism bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 14.07.2026-y., 03/26/1158/0727-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 25-iyul)
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining elektron tijorat toʻgʻrisidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi bilan Koreya Respublikasi Bilimlar iqtisodiyoti vazirligi oʻrtasidagi “Oʻzbekistonda elektron savdo tizimini rivojlantirishda hamkorlik qilish boʻyicha” anglashuv Memorandumi (2009-yil 27-may, Toshkent).
3-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
raqamli mahsulotlar — intellektual mulk obyektlarining elektron koʻchirma nusxalari (raqamli tovarlar), shuningdek elektron axborot muhitida moddiy natijaga ega boʻlmagan muayyan harakatlarni bajarish yoki muayyan faoliyatni amalga oshirish, shu jumladan “bulutli texnologiyalar”ni (raqamli xizmatlarni) olishga hamda ularga obuna boʻlishga doir xizmatlar;
elektron savdo maydonchasi — tovarlar (ishlar, xizmatlar) oldi-sotdisini masofadan turib amalga oshirish imkonini beruvchi axborot tizimi;
elektron savdo maydonchasining operatori — elektron tijorat ishtirokchilariga elektron savdo maydonchasi xizmatlarini koʻrsatuvchi yuridik shaxs;
elektron tijorat — tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) tadbirkorlik faoliyati doirasida axborot tizimlaridan foydalangan holda elektron savdo maydonchasi orqali tuzilgan shartnomaga muvofiq amalga oshiriladigan oldi-sotdisi;
elektron tijorat operatori — elektron tijoratda elektron hujjatlar va elektron xabarlar aylanishi bilan bogʻliq xizmatlar koʻrsatuvchi yuridik shaxs;
Qarang: Makur qonunning 11-12-moddalari.
elektron tijorat subyektlari — elektron tijorat ishtirokchilari va (yoki) elektron tijorat operatorlari.
4-modda. Elektron tijoratning asosiy prinsiplari
Elektron tijoratning asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:
elektron tijorat sohasida tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish erkinligi;
elektron tijoratda shartnomalar tuzishning ixtiyoriyligi;
elektron tijoratda ishtirok etish shart-sharoitlarining tengligi;
elektron tijorat subyektlarining huquqlarini va qonuniy manfaatlarini himoya qilish;
tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) tegishli darajadagi sifatini taʼminlash;
elektron tijoratda jarayonlarning ochiqligi va shaffofligi;
elektron tijoratda axborot xavfsizligini taʼminlash.
2-bob. Elektron tijorat sohasini davlat tomonidan tartibga solish
5-modda. Elektron tijorat sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari
Elektron tijorat sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari quyidagilardan iborat:
elektron tijorat sohasida amalga oshiriladigan tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish;
elektron tijorat sohasida amalga oshiriladigan tadbirkorlik faoliyatiga investitsiyalarni, zamonaviy texnologiyalarni va asbob-uskunalarni jalb etish uchun shart-sharoitlar yaratish;
elektron tijoratni rivojlantirish uchun qulay muhitni yaratish, zarur texnik va logistika infratuzilmasini shakllantirish;
elektron tijorat subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini taʼminlash;
elektron tijorat sohasida raqobat muhiti uchun zarur shart-sharoitlar yaratish;
tadbirkorlik faoliyati subyektlarini ularning elektron tijorat sohasidagi faoliyati uchun zarur boʻlgan huquqiy, iqtisodiy, statistik, ishlab chiqarish-texnologik, ilmiy-texnikaviy va boshqa axborot bilan taʼminlash;
elektron tijorat sohasidagi ilmiy-texnika tadqiqotlarini ragʻbatlantirish, kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;
elektron tijorat sohasida xalqaro hamkorlikni amalga oshirish.
6-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining elektron tijorat sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
elektron tijorat sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini taʼminlaydi;
elektron tijorat sohasidagi davlat dasturlarini tasdiqlaydi va amalga oshiradi;
davlat organlarining elektron tijorat sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtiradi;
elektron tijorat sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni oʻz vakolatlari doirasida qabul qiladi;
elektron tijoratda amalga oshirish chogʻida muomaladan olib qoʻyilgan yoki muomalasi cheklangan tovarlar (ishlar, xizmatlar) roʻyxatini tasdiqlaydi;
elektron tijorat sohasidagi xalqaro hamkorlikni taʼminlaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi toʻgʻrisida”gi Qonunining 3-bobi.
Oldingi tahrirga qarang.
7-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligining elektron tijorat sohasidagi vakolatlari
(7-moddaning nomi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 17-apreldagi OʻRQ-1057-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.04.2025-y., 03/25/1057/0351-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi elektron tijorat sohasidagi vakolatli davlat organidir (bundan buyon matnda vakolatli davlat organi deb yuritiladi).
(7-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 17-apreldagi OʻRQ-1057-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.04.2025-y., 03/25/1057/0351-son)
Vakolatli davlat organi:
elektron tijorat sohasini tartibga solishni amalga oshiradi va mazkur sohadagi davlat siyosatini roʻyobga chiqaradi;
elektron tijorat sohasidagi davlat dasturlarini shakllantirish va amalga oshirishda ishtirok etadi;
boshqa manfaatdor davlat organlari va oʻzga tashkilotlar bilan birgalikda elektron tijorat sohasidagi standartlar, normalar va qoidalarni oʻz vakolatlari doirasida ishlab chiqadi hamda tasdiqlaydi;
elektron tijoratni rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;
elektron tijorat subyektlarining huquqlarini va qonuniy manfaatlarini himoya qilish chora-tadbirlarini koʻradi;
elektron tijorat toʻgʻrisidagi qonunchilikni takomillashtirishda va uning ijrosini taʼminlashda ishtirok etadi;
elektron tijorat sohasidagi tadqiqotlarni va mazkur sohadagi normativ-huquqiy hujjatlarning bajarilishi monitoringini tashkil etadi;
elektron tijorat sohasiga axborot tizimlarini va axborot resurslarini joriy etishga koʻmaklashadi;
elektron tijorat subyektlariga xizmat qiladigan logistika infratuzilmasini rivojlantirishga koʻmaklashadi;
elektron tijorat sohasiga elektron toʻlovlarning samarali usullari va tizimlarini joriy etishda manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda ishtirok etadi;
aholi va tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida elektron tijoratni targʻib qilishni hamda ommalashtirishni tashkil etadi.
Vakolatli davlat organi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 1-maydagi 318-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi toʻgʻrisidagi nizomning 3-bobi.
3-bob. Elektron tijorat subyektlari
8-modda. Elektron tijorat ishtirokchilari
Elektron tijoratda tovarlarni sotuvchi, xizmatlarni yetkazib beruvchi yoki ishlarni bajaruvchi sifatida ishtirok etuvchi yuridik yoki jismoniy shaxslar (bundan buyon matnda sotuvchi deb yuritiladi), shuningdek elektron tijoratda tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) xaridori, isteʼmolchisi sifatida ishtirok etuvchi yuridik yoki jismoniy shaxslar (bundan buyon matnda xaridor deb yuritiladi) elektron tijorat ishtirokchilaridir.
Elektron tijorat sohasidagi sotuvchilar quyidagilardan iborat:
elektron savdo maydonchasida tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) chakana va (yoki) ulgurji sotish boʻyicha faoliyatni amalga oshiruvchi yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar;
elektron savdo maydonchasida tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) chakana sotish boʻyicha faoliyatni amalga oshiruvchi oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar.
Elektron tijoratda ishtirok etish, agar qonunda boshqacha qoida belgilanmagan boʻlsa, elektron tijorat ishtirokchisiga nisbatan axborot tizimlaridan foydalanmagan holda amalga oshiriladigan oʻz tadbirkorlik faoliyatiga taalluqli qoʻshimcha talablar yoki cheklovlar belgilanishi uchun asos boʻlishi mumkin emas.
9-modda. Sotuvchining huquq va majburiyatlari
Sotuvchi quyidagi huquqlarga ega:
elektron tijorat sohasidagi ishlab turgan axborot tizimlariga ofertani joylashtirish (taklif etish);
oʻz elektron savdo maydonchasini va unda tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) bevosita sotishni tashkil etish;
elektron tijoratdagi shartnomalarni (bundan buyon matnda shartnoma deb yuritiladi) tuzish yoʻli bilan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilish;
elektron hujjatlarni va elektron xabarlarni elektron tijorat operatorlariga saqlash uchun topshirish.
Sotuvchi:
qonunchilik talablariga rioya etishi;
tovarlar (ishlar, xizmatlar), ularni ishlab chiqaruvchilar, shuningdek tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) sotib olishga taalluqli boshqa qoidalar toʻgʻrisidagi toʻliq axborotni taqdim etishi;
elektron hujjatlarning va elektron xabarlarning qonunchilikka muvofiq saqlanishini taʼminlashi;
qonunchilikka muvofiq elektron tijoratni amalga oshirish chogʻida muomaladan olib qoʻyilgan yoki muomalasi cheklangan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) sotishni amalga oshirmasligi;
elektron tijorat sohasidagi standartlar, normalar va qoidalarga rioya etishi shart.
Sotuvchi elektron tijoratni davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan paytdan eʼtiboran, faoliyatning litsenziyalanadigan turlarini amalga oshirgan yoki faoliyatni (harakatlarni) ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar asosida yoxud xabardor qilish tartibida amalga oshirgan taqdirda esa qonunchilikda belgilangan litsenziyalash tartibiga, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillariga muvofiq amalga oshirish huquqiga ega.
Sotuvchi qonunchilikka hamda shartnomaga muvofiq boshqa huquqlarga ega boʻlishi va uning zimmasida oʻzga majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
10-modda. Xaridorning huquq va majburiyatlari
Xaridor quyidagi huquqlarga ega:
shartnomalar tuzish orqali tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) sotib olish;
tovarlar (ishlar, xizmatlar), ishlab chiqaruvchi va tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) sotib olishning boshqa shartlari toʻgʻrisida toʻliq axborot olish;
elektron tijorat sohasida amalga oshiriladigan operatsiyalarda ishtirok etish uchun shartlarning tengligini talab qilish;
oʻz huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini talab qilish.
Xaridor:
shartnoma tuzish toʻgʻrisidagi taklif qabul qilinganidan keyin shartnoma tuzish uchun zarur boʻlgan hujjatlarni va maʼlumotlarni taqdim etishi;
toʻlov tizimlari operatorlariga toʻlovlarni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan axborotni qonunchilikka muvofiq taqdim etishi shart.
Xaridor qonunchilikka hamda shartnomaga muvofiq boshqa huquqlarga ega boʻlishi va uning zimmasida oʻzga majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
11-modda. Elektron tijorat operatorlari
Elektron tijorat operatorlari jumlasiga quyidagilar kiradi:
telekommunikatsiya tarmoqlari operatorlari va provayderlari;
elektron savdo maydonchalari operatorlari;
toʻlovga oid xizmatlarni yetkazib beruvchilar;
elektron tijorat subyektlarining elektron hujjatlarini va elektron xabarlarini saqlash boʻyicha xizmatlar koʻrsatuvchi yuridik shaxslar.
Elektron tijorat operatorlari jumlasiga qonunchilikka muvofiq boshqa yuridik shaxslar ham kiritilishi mumkin.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 2-iyundagi 185-sonli qarori bilan tasdiqlangan Elektron tijoratni amalga oshirish qoidalarining 16 — 19-bandlari.
12-modda. Elektron tijorat operatorlarining huquq va majburiyatlari
Elektron tijorat operatorlari quyidagi huquqlarga ega:
elektron tijorat sohasidagi xizmatlarni shartnoma asosida oʻz vakolatlari doirasida koʻrsatish;
elektron tijorat subyektlariga koʻrsatiladigan xizmatlarning shartlarini belgilash;
elektron hujjatlarni va elektron xabarlarni boshqa elektron tijorat operatorlariga saqlash uchun topshirish.
Elektron tijorat operatorlari:
qonunchilik talablariga rioya etishi;
oʻz axborot tizimlarining uzluksiz ishlashini taʼminlash boʻyicha choralar koʻrishi;
elektron tijorat sohasidagi standartlarga, normalarga va qoidalarga rioya etishi;
oʻzining toʻliq nomi, tashkiliy-huquqiy shakli, litsenziyalari, ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlari, koʻrsatiladigan xizmatlari, ularni koʻrsatish shartlari va qiymati (tariflari) toʻgʻrisidagi axborotni elektron tijorat subyektlariga oshkor etishi;
elektron hujjatlarning va elektron xabarlarning mazmunini hamda ulardan foydalanish tartibini oʻzgartirmasligi (bundan elektron tijorat subyektlari tomonidan tuzilgan shartnomalarda nazarda tutilgan hollar mustasno);
elektron hujjatlarni, elektron xabarlarni hamda shaxsga doir maʼlumotlarni ruxsatsiz foydalanishdan himoya qilishga doir chora-tadbirlarni taʼminlashi;
elektron hujjatlarni, elektron xabarlarni yoki ularning koʻchirma nusxalarini, shu jumladan ulardagi axborotni uchinchi shaxslarga topshirmasligi (bundan qonunchilikda yoki shartnomalarda nazarda tutilgan hollar mustasno) shart.
Elektron tijorat operatori tomonidan xizmatlar koʻrsatish shartlari va qoidalari ushbu Qonunga hamda boshqa qonunchilik hujjatlariga zid boʻlmasligi kerak.
Elektron tijorat subyektlarining elektron tijorat operatoriga topshirilayotgan elektron hujjatlarining va elektron xabarlarining mazmuni bilan bogʻliq boʻlgan huquqiy oqibatlar uchun elektron tijorat operatori javobgar boʻlmaydi.
Elektron tijorat operatori qonunchilikka hamda shartnomaga muvofiq boshqa huquqlarga ega boʻlishi va uning zimmasida oʻzga majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 2-iyundagi 185-sonli qarori bilan tasdiqlangan Elektron tijoratni amalga oshirish qoidalari.
13-modda. Elektron savdo maydonchasi operatorining huquq va majburiyatlari
Elektron savdo maydonchasi operatori ushbu Qonun 12-moddasining birinchi qismida koʻrsatilgan elektron tijorat operatori huquqlaridan tashqari quyidagi huquqlarga ham ega:
oʻz elektron savdo maydonchasida tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) sotishni bevosita, mustaqil ravishda amalga oshirish;
faoliyatning litsenziyalanadigan turlarini amalga oshirayotgan yoki faoliyatni (harakatlarni) ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar asosida yoxud xabardor qilish tartibida amalga oshirayotgan sotuvchilarning tegishli litsenziyalarini yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarini yoxud xabarnomalarini tekshirish.
Elektron savdo maydonchasi operatori ushbu Qonun 12-moddasining ikkinchi qismida koʻrsatilgan elektron tijorat operatori majburiyatlaridan tashqari:
qonunchilikka muvofiq muomaladan olib qoʻyilgan yoki muomalasi cheklangan tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) realizatsiya qilinishiga barham berilishi boʻyicha choralar koʻrishi;
savdo maydonchasiga xizmat koʻrsatish toʻgʻrisidagi kelishuvni va elektron savdo maydonchasida savdo qilish qoidalarini muntazam ravishda elektron savdo maydonchasida aks ettirishi;
elektron tijorat ishtirokchilari xizmat koʻrsatishga va savdoni amalga oshirishga doir shartnoma shartlari bilan tanishib chiqa olishini, shuningdek ularning toʻliq tarzda joylashtirilishini taʼminlash uchun texnik choralar koʻrishi ham shart.
Agar elektron savdo maydonchasining operatori elektron tijorat sohasidagi oʻz faoliyatini toʻxtatib turmoqchi boʻlsa yoki xizmat koʻrsatish qoidalariga oʻzgartishlar kiritmoqchi boʻlsa, bu haqda kamida oʻttiz kun oldin tegishli savdo maydonchasida eʼlon berishi kerak (bundan qonunchilikda nazarda tutilgan hollar mustasno).
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 2-iyundagi 185-sonli qarori bilan tasdiqlangan Elektron tijoratni amalga oshirish qoidalari.
4-bob. Elektron tijoratda shartnomalar tuzish tartibi
14-modda. Shartnomalar tuzishga doir umumiy talablar
Elektron tijoratda tuziladigan shartnomalar Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi, ushbu Qonun va Oʻzbekiston Respublikasining boshqa qonunchilik hujjati talablariga muvofiq boʻlishi kerak.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 27-bobi, Oʻzbekiston Respublikasining “Xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi toʻgʻrisida”gi Qonunining 11-moddasi ikkinchi qismi va 12-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 2-iyundagi 185-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Elektron tijoratni amalga oshirish qoidalari”ning V bobi.
Elektron tijoratda shartnoma taraflar oʻrtasida shartnomaning shartlarini elektron hujjatlar va (yoki) xabarlarni tasdiqlash yoʻli bilan kelishish orqali elektron hujjat shaklida rasmiylashtiriladi.
Elektron tijoratda hujjatlarni shakllantirish taraflarning kelishuviga koʻra amalga oshiriladi.
Shartnoma qonunchilikda belgilangan, shartnomani tuzish va bajarish bilan bogʻliq boʻlgan hujjatlarning mazmuniga va shakliga oid talablarga mos boʻlishi kerak.
Elektron tijorat operatorlariga yoki sotuvchilariga shartnoma taraflarini identifikatsiya qilish imkonini beradigan, tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilish chogʻida axborot tizimlari orqali shakllantirilgan elektron tarzdagi cheklar, kvitansiyalar, xabarlar va boshqa hujjatlar tovarlar (ishlar, xizmatlar) sotib olinganligini tasdiqlaydigan qogʻozdagi shunga oʻxshash hujjatlarga tenglashtiriladi.
Shartnomalarni tuzish chogʻida qonunchilikda yoki taraflarning kelishuvida hujjatni oʻz qoʻli bilan imzolash talab qilingan hollarda elektron hujjat, agar shartnoma tarafi tomonidan elektron raqamli imzo bilan tasdiqlash tartib-taomili bajarilsa, imzolangan deb hisoblanadi.
Elektron tijoratdagi hujjatda hujjatni imzolagan shaxsning roziligini ifodalaydigan hamda uni identifikatsiya va autentifikatsiya qilish imkonini beradigan elektron tasdiqlash usullari (“SMS”, “Face-ID” va boshqalar) ham imzo sifatida tan olinadi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 21-bob, Oʻzbekiston Respublikasi “Xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi toʻgʻrisida”gi Qonunining 14-moddasi.
15-modda. Elektron tijoratdagi elektron hujjatlarning va elektron xabarlarning yuridik kuchi
Elektron tijoratdagi elektron hujjatlar, shuningdek elektron shaklda qayd etilgan, oʻz yuboruvchisini identifikatsiya qilish imkonini beradigan axborot (bundan buyon matnda elektron xabarlar deb yuritiladi) qogʻozda rasmiylashtirilgan va oʻz qoʻli bilan imzolangan hujjatlarga tenglashtiriladi hamda ulardan shartnoma tuzilganligining dalili sifatida foydalanilishi mumkin.
Shartnoma faqat axborot tizimlaridan foydalanilgan holda tuzilganligiga asoslanib, haqiqiy emas deb topilishi mumkin emas.
Elektron tijorat ishtirokchisining ofertani qabul qilganligi toʻgʻrisidagi javobi (aksept) elektron hujjat yoki elektron xabar tarzida yoxud ofertadagi shartlarni bajarish boʻyicha harakatlarni bajarish yoʻli bilan amalga oshirilishi mumkin.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi 366-moddasining toʻrtinchi qismi, Oʻzbekiston Respublikasi “Xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi toʻgʻrisida”gi Qonunning 11-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi “Elektron hujjat aylanishi toʻgʻrisida”gi Qonunning 5 va 7-moddalari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 2-iyundagi 185-sonli “Elektron tijoratda bitimlarni amalga oshirish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorining 2-bandi.
16-modda. Elektron tijoratda ofertaga doir talablar
Bir yoki bir necha muayyan shaxsga yoʻllangan, yetarli darajada aniq boʻlgan va taklif kiritgan shaxsning oʻzini taklifni qabul qiladigan, oʻziga taklif yoʻllangan shaxs bilan shartnoma tuzgan deb hisoblash niyatini ifoda etadigan taklif oferta deb eʼtirof etiladi.
Elektron tijoratda oferta elektron hujjat tarzida shakllantiriladi.
Elektron tijoratda oferta:
ofertani yuborgan shaxsning nomini (oʻzini oʻzi band qilgan shaxslarning familiyasini, ismini, otasining ismini);
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 364-moddasi uchinchi qismi va 367-moddasi.
ofertani yuborgan shaxsning pochta va elektron manzilini, telefon raqamini;
qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda, litsenziyaning yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatning mavjudligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni (litsenziyaning yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatning raqamini, amal qilish muddatini, faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalashni yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni berishni amalga oshiruvchi maxsus vakolatli organning nomini);
shartnomani tuzish tartibini, shuningdek akseptni yuborish va chaqirib olish tartibini;
shartnoma shartlarini kelishib olish chogʻida unga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish imkoniyati hamda tartibini;
tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) yetkazib berish va ularga haq toʻlash shartlarini, shuningdek ular uchun taklif etilayotgan narxlarni (tariflarni);
hamma foydalanishi mumkin boʻlgan axborot resursida joylashtirilgan elektron hujjatga havola qilish yoʻli bilan shartnomaga kiritiladigan shartlarga doir koʻrsatmalarni oʻz ichiga olishi kerak.
Elektron tijoratda oferta qonunchilikka muvofiq boshqa axborotni ham oʻz ichiga olishi mumkin.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 17-noyabrdagi PQ-14-sonli “Elektron tijorat maʼmurchiligini takomillashtirish va uni yanada rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish toʻgʻrisida”gi qarori.
17-modda. Elektron tijoratda hujjatlarni saqlashning oʻziga xos xususiyatlari
Elektron tijoratda elektron hujjatlarni saqlash muddati shunday maqsad uchun moʻljallangan qogʻozdagi hujjat uchun belgilangan muddatdan kam boʻlmasligi kerak.
Quyidagilar elektron tijoratda elektron hujjatlarni va xabarlarni saqlash huquqiga ega:
elektron tijorat ishtirokchilari;
elektron tijorat operatorlari;
qonunchilikka muvofiq boshqa yuridik va jismoniy shaxslar.
18-modda. Elektron tijoratni amalga oshirish jarayonlari
Agar qonunchilikda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, elektron tijorat ishtirokchilari oʻzaro kelishuvga koʻra quyidagilarni belgilashga haqli:
identifikatsiya qilish, elektron hujjat va xabar almashish tartibini;
shartnoma tuzishga doir harakatlarni amalga oshirish tartibini;
ofertani joylashtirish, yuborish va qabul qilish tartibini;
akseptni yuborish va akseptni chaqirib olish tartibini;
axborotning ishonchliligini tekshirish tartibini;
taraflarning axborot tizimlari dasturiy taʼminotidan foydalanish tartibini.
19-modda. Shartnomani tuzish tartibi
Shartnoma akseptni amalga oshirish yoʻli bilan:
elektron raqamli imzo bilan tasdiqlash nazarda tutiladigan elektron hujjat tarzida;
elektron tijorat ishtirokchisining roziligi bildirilgan elektron xabar tarzida;
ofertada koʻrsatilgan shartlarni bajarishga doir harakatlarni bajarish orqali tuzilishi mumkin.
Shartnoma ofertani yuborgan elektron tijorat ishtirokchisi tomonidan ofertaning aksepti olingan paytdan eʼtiboran tuzilgan deb eʼtirof etiladi.
Shartnomani bajarish bilan bogʻliq hujjatlar elektron hujjat tarzida yoki qogʻozda rasmiylashtirilishi mumkin.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 27-bobi.
20-modda. Raqamli mahsulotlar boʻyicha shartnomalarni rasmiylashtirishning oʻziga xos xususiyatlari
Moddiy jismlarda tarqatiladigan raqamli mahsulotlarga doir shartnomalar boshqa tovarlarga oid shartnomalarga oʻxshash tarzda tasdiqlanadi.
Moddiy jismdan foydalanmagan holda, shu jumladan Internet jahon axborot tarmogʻi orqali shaxsiy kompyuterga yoki mobil qurilmaga yuklash (yuklab olish) orqali tarqatiladigan, onlayn xizmatlardan foydalanish yoki ularga obuna boʻlish va boshqa usullar orqali tarqatiladigan raqamli mahsulotlarga doir shartnomalar:
cheklar, raqamli mahsulotga boʻlgan huquqni sotib olish toʻgʻrisidagi kvitansiyalar hamda shartnoma taraflarini identifikatsiya qilish imkonini beradigan, moddiy jismdan foydalanmagan holda tarqatish jarayonida axborot tizimlari orqali shakllantirilgan boshqa xabarlar;
xoʻjalik yurituvchi subyektning ichki hujjatlari (xoʻjalik yurituvchi subyekt masʼul shaxsining hisobotlari, bankdan olingan koʻchirmalar, buxgalteriya maʼlumotnomalari va boshqalar) bilan tasdiqlanadi.
Xoʻjalik yurituvchi subyektlar birlamchi hisobga olish hujjatini unga quyidagilarni ilova qilgan holda bir tomonlama tartibda rasmiylashtirishga haqli:
qoʻshilib olishga, ofertaga oid shartnomaning, litsenziya shartnomasining va boshqa shartnomaning elektron koʻchirma nusxalarini;
hisobvaraq-fakturaning (invoysning) yoki kontragentdan elektron xabar shaklida olingan boshqa hujjatning koʻchirma nusxalarini;
pul mablagʻlari kelib tushganligini va ularning toʻlanganligini tasdiqlovchi elektron hujjatlarni (elektron xabarlarni).
21-modda. Elektron tijoratda shartnomalar shartlarining oʻziga xos xususiyatlari
Shartnoma shartlari aniq, tushunarli shaklda davlat tilida shakllantirilishi kerak. Zarur boʻlganda ular davlat tili bilan bir vaqtda taraflar uchun qulay boʻlgan boshqa tillarda ham tuzilishi mumkin.
Shartnoma shartlarida quyidagilar nazarda tutilishi mumkin:
hujjatlarni tuzish usuli hamda elektron hujjatlarni (elektron xabarlarni) oʻzaro almashish tartibi;
hujjatni imzolagan shaxsni identifikatsiya qilish va shaxsini tasdiqlash imkonini beradigan usullarning ishonchliligini tekshirish tartibi;
shaxsga doir maʼlumotlardan va tarqatilishi cheklangan boshqa axborotdan foydalanish tartibi.
5-bob. Elektron tijorat sohasidagi hisob-kitoblar
22-modda. Elektron tijorat sohasida toʻlovlarni amalga oshirish usullari
Elektron tijorat sohasida toʻlovlar quyidagi usullar bilan amalga oshiriladi:
naqd pul mablagʻlari bilan — naqd pul mablagʻlari toʻlov vositasi tarzida virtual terminallar (“E-POS”) orqali qabul qilinganligini tasdiqlaydigan hujjatlarni hamda sotuvchi va sotilgan tovarlar (ishlar, xizmatlar) toʻgʻrisidagi axborotni oʻzida aks ettiradigan hujjatlarni xaridorga taqdim etish orqali;
pul mablagʻlarini bank hisobvaragʻidan oʻtkazish orqali — pul mablagʻlarini bank hisobvaragʻidan (shu jumladan bank kartalarining hisobvaragʻidan) oʻtkazish vositasida, shu jumladan shaxsiy kabinet (masofadan xizmat koʻrsatish tizimi) orqali yoki toʻlov tashkilotining tizimi orqali oʻtkazish vositasida;
elektron pullardan foydalangan holda — elektron pullar tizimida ochilgan elektron hamyondagi pul mablagʻlarini oʻtkazish vositasida.
23-modda. Elektron tijorat sohasida toʻlovlarni amalga oshirishning oʻziga xos xususiyatlari
Elektron tijorat sohasidagi xoʻjalik yurituvchi subyektlarga tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishda elektron hisobvaraq-faktura rasmiylashtiriladi.
Tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) xoʻjalik yurituvchi subyektlarga realizatsiya qilish oʻzaro hisob-kitoblar toʻgʻrisidagi axborotni soliq organlariga onlayn rejimda uzatish imkonini beruvchi virtual kassadan majburiy foydalanish vositasida amalga oshiriladi.
Elektron tijorat sohasida toʻlovlarni elektron toʻlov vositalaridan foydalangan holda amalga oshirishda virtual kassaning elektron cheki xaridorga mablagʻlarni oluvchi koʻrsatilgan holda xaridorning abonent raqamiga yoki xaridor koʻrsatgan elektron pochta manziliga yoxud xaridorning shaxsiy kabinetiga yuborilishi kerak.
Elektron tijorat sohasida tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) yetkazib berishga doir xizmatlar koʻrsatuvchi tadbirkorlik subyektlariga belgilangan tartibda keyinchalik inkassatsiya qilish sharti bilan uchinchi shaxslar (sotuvchilar) uchun toʻlovni qabul qilish huquqi beriladi.
24-modda. Pul mablagʻlarini deponentlash tizimi
Elektron tijorat sohasida pul mablagʻlarini deponentlash (bundan buyon matnda “eskrou” xizmati deb yuritiladi) xaridorning toʻlangan pul mablagʻlarini shartnomaga doir tegishli majburiyatlar toʻliq bajarilguniga qadar ushlab turish xizmatidir.
Savdo maydonchalarining operatorlari, toʻlov xizmatlarini yetkazib beruvchilar va tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) yetkazib berish xizmatlarini koʻrsatuvchi yuridik shaxslar (bundan buyon matnda “eskrou” xizmatini koʻrsatuvchi deb yuritiladi) oʻz axborot tizimlariga yoki bank hisobvaraqlariga “eskrou” xizmatini joriy etishi mumkin.
Tovarlar (ishlar, xizmatlar) uchun xaridor tomonidan toʻlovni amalga oshirish chogʻida “eskrou” xizmatini koʻrsatuvchi toʻlangan pul mablagʻlarini xaridordan tovarlar (ishlar, xizmatlar) olinganligining tasdigʻi olinguniga qadar saqlash huquqiga ega.
“Eskrou” xizmatini joriy etishda tegishli shartnoma doirasida, agar tovar yetkazib berilmasa yoki tavsifga mos kelmasa, “eskrou” xizmatini koʻrsatuvchi pul mablagʻlarini xaridorga qaytaradi (asosli daʼvo mavjud boʻlganda) yoki, agar tovar xaridor tomonidan olingan va qabul qilingan boʻlsa, pul mablagʻlari sotuvchining hisobvaragʻiga oʻtkaziladi.
Agar xaridor shartnoma boʻyicha majburiyatlarni bajarish muddati tugagach tovarlar (ishlar, xizmatlar) olinganligi faktini tasdiqlamasa yoki rad etmasa, pul mablagʻlari shartnomada nazarda tutilgan muddatda avtomatik ravishda sotuvchining hisobvaragʻiga oʻtkaziladi.
“Eskrou” xizmatini koʻrsatuvchi “eskrou” xizmatini amalga oshirishda:
shartnomaning tegishli shartlari bajarilguniga qadar pul mablagʻlarini bankning alohida maxsus hisobvaragʻida saqlashi yoki ularning bank kartasida deponentlanishini taʼminlashi;
deponentlangan pul mablagʻlarining hisobga olinishini ularni elektron tijoratdagi muayyan shartnomalarga bogʻlagan holda taʼminlashi;
pul mablagʻlari deponentlanganligi faktiga va ular shartnoma taraflariga oʻtkazilganligi faktiga taalluqli axborotni taqdim etishi;
axborot tizimlaridan foydalanish qoidalarida va ofertada “eskrou” xizmatlarini taqdim etish shartlarini nazarda tutishi shart.
Elektron tijorat ishtirokchilarining deponentlangan pul mablagʻlari “eskrou” xizmatini koʻrsatuvchining mulki hisoblanmaydi va ulardan uning har qanday kontragent oldidagi, shu jumladan davlat oldidagi majburiyatlarni bajarish uchun foydalanilishi mumkin emas.
6-bob. Elektron tijorat sohasida tovarlarni yetkazib berishning, nuqsonli tovarni almashtirib berishning va (yoki) tovarning nuqsonlarini bartaraf etishning, shuningdek toʻlangan mablagʻlarni xaridorga qaytarishning oʻziga xos xususiyatlari
25-modda. Elektron tijoratda tovarlarni yetkazib berish
Agar shartnoma tovarni yetkazib berish sharti bilan tuzilgan boʻlsa, sotuvchi tovarni xaridor tomonidan koʻrsatilgan joyga shartnomada belgilangan muddatlarda yetkazib berishi shart.
Tovarlarni shartnomada koʻrsatilgan joyga yetkazib berish uchun sotuvchi:
yetkazib berishni oʻziga tegishli boʻlgan transport vositasida mustaqil ravishda amalga oshirishi (bundan qonunchilikda belgilangan hollar mustasno);
tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) yetkazib berish xizmatlarini koʻrsatish huquqiga ega boʻlgan yetkazib berish xizmatlaridan foydalanishi;
yetkazib berishning qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa usullaridan foydalanishi mumkin.
Qonunchilikka muvofiq yuk xatini rasmiylashtirish talab etiladigan hollarda elektron tijoratda tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) yetkazib berish faqat elektron tarzda shakllantirilgan yuk xati boʻyicha amalga oshiriladi.
Agar shartnomada tovarni yetkazib berish muddati koʻrsatilmagan boʻlsa va mazkur muddatni aniqlash mumkin boʻlmasa, tovar xaridor tomonidan aksept qabul qilingan paytdan eʼtiboran oʻttiz kundan oshmaydigan muddatda yetkazib berilishi kerak.
Sotuvchi tomonidan tovarni xaridorga yetkazib berish muddatlari buzilgan taqdirda, sotuvchi qonunchilikda belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
Agar shartnomada boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, sotuvchi xaridorga tovarni yetkazib berishi va bir vaqtning oʻzida qonunchilikda nazarda tutilgan tegishli hujjatlarni (texnik pasportni, sifat sertifikatini, qoʻllashga doir yoʻriqnomani) taqdim etishi shart.
Agar qonunchilikda yoki shartnomada boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, tovar xaridorga yoki shartnoma tuzilganligi yoxud tovarni yetkazib berish rasmiylashtirilganligi toʻgʻrisida guvohlik beradigan kvitansiyani yoki boshqa hujjatni taqdim etgan har qanday shaxsga topshirilgan paytdan eʼtiboran chakana oldi-sotdi shartnomasi sotuvchi tomonidan bajarilgan deb hisoblanadi.
26-modda. Elektron tijoratda nuqsonli tovarni almashtirib berish va (yoki) tovarning nuqsonlarini bartaraf etish
Shartnoma bekor qilinganda sotuvchi xaridorga tovarni qaytarib berish amalga oshiriladigan joy toʻgʻrisida xabar berishi kerak.
Tovarni namuna va (yoki) uning tavsifi boʻyicha realizatsiya qilish chogʻida sotuvchi namunaga va (yoki) tavsifga muvofiq boʻlgan tovarni taqdim etishi, shuningdek xaridorga tovarni qabul qilib olishi chogʻida uning butligini, yaroqliligini va isteʼmol xususiyatlari toʻliq saqlanganligini tekshirish imkoniyatini berishi shart.
Tovar namunaga va (yoki) tavsifga muvofiq boʻlmagan hollarda, xaridor uni almashtirishni yoki pul summasini qaytarishni talab qilish huquqiga ega.
Xaridorning aybisiz yetkazilgan shikastlantirishlar, shuningdek tovarni koʻzdan kechirish va uni tekshirib koʻrish maqsadida oʻrovini ochish sababli tovar qiymatining pasayishi xaridorni shartnomani bekor qilish huquqidan mahrum etmaydi.
Agar tovardan foydalanilmagan, u shikastlanmagan, oʻrovi bilan qaytarilgan boʻlsa, uning isteʼmol xususiyatlari saqlangan va mazkur tovar shu sotuvchidan sotib olganligini tasdiqlovchi asoslar mavjud boʻlsa, xaridorning tovarni almashtirib berish yoxud qaytarib olish haqidagi talabi qanoatlantirilishi lozim.
Xaridor tovarning ishlab chiqarilishiga, tuzilishiga, tarkibiga doir nuqsonlarni yoki boshqa nuqsonlarni aniqlagan taqdirda, sotuvchi uni ayni shunday markali (modelli, artikulli) tovarga yetti kunlik muddatda, tovar sifatini sotuvchi tomonidan qoʻshimcha ravishda tekshirish zarur boʻlganda esa xaridor talab qoʻygan paytdan eʼtiboran yigirma kun ichida almashtirib berishi shart.
Ayni shunday markali (modelli, artikulli) tovar mavjud boʻlmagan taqdirda, xaridorning almashtirib berish toʻgʻrisidagi talabi eʼtiroz bildirilgan paytdan eʼtiboran bir oy ichida qanoatlantirilishi lozim.
Agar ayni shunday markali (modelli, artikulli) tovar mavjud boʻlmasa, shartnoma bekor qilinib, koʻrilgan zararning oʻrni sotuvchi tomonidan xaridorga eʼtiroz bildirilgan paytdan eʼtiboran bir oy ichida qoplanishi lozim.
Xaridorning roziligiga koʻra, sotuvchi nuqsonli tovarni boshqa markali (modelli, artikulli) shunday tovarga almashtirib berib, xarid narxini tegishincha qayta hisob-kitob qilishi shart.
27-modda. Elektron tijoratda toʻlangan mablagʻlarni xaridorga qaytarishning oʻziga xos xususiyatlari
Agar shartnoma taraflarining kelishuvida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, xaridor tomonidan toʻlangan pul summasini unga qaytarish tovar uchun haq toʻlash qanday shaklda amalga oshirilgan boʻlsa, xuddi shunday shaklda amalga oshiriladi.
Shartnomaga muvofiq xaridor tomonidan toʻlangan pul summasini qaytarish bilan bogʻliq xarajatlar sotuvchining zimmasiga yuklatiladi.
Agar shartnoma bekor qilinganidan keyin xaridor toʻlagan pul summasi shartnomada belgilangan muddat ichida sotuvchi tomonidan xaridorga qaytarilmasa, sotuvchi xaridorga shartnomada belgilangan muddatlardan ortiq har bir kechiktirilgan kun uchun qaytarilishi lozim boʻlgan pul summasining bir foizi miqdorida neustoyka (penya) toʻlaydi. Bunda neustoykaning (penyaning) miqdori qaytarilishi lozim boʻlgan pul summasidan oshib ketishi mumkin emas. Neustoyka (penya) toʻlanganligi sotuvchini shartnoma bekor qilinishi munosabati bilan yuzaga keladigan majburiyatlardan ozod etmaydi.
7-bob. Yakunlovchi qoidalar
28-modda. Nizolarni hal etish
Elektron tijorat sohasidagi nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
29-modda. Elektron tijorat toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Elektron tijorat toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
30-modda. Ayrim qonun hujjatlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish
Quyidagilar oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin:
1) Oʻzbekiston Respublikasining 2004-yil 29-aprelda qabul qilingan “Elektron tijorat toʻgʻrisida”gi 613-II-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2004-yil, № 5, 82-modda);
2) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 2004-yil 29-aprelda qabul qilingan “Elektron tijorat toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini amalga kiritish haqida”gi 614-II-sonli Qarori (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2004-yil, № 5, 83-modda);
3) Oʻzbekiston Respublikasining 2015-yil 22-mayda qabul qilingan “Elektron tijorat toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi OʻRQ-385-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2015-yil, № 5, 178-modda);
4) Oʻzbekiston Respublikasining 2017-yil 30-dekabrda qabul qilingan “Soliq maʼmuriyatchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-455-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2017-yil, № 12, 773-modda) 4-moddasi;
5) Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-aprelda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-683-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2021-yil, 4-songa ilova) 158-moddasi.
31-modda. Ushbu Qonunning ijrosini, yetkazilishini, mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini taʼminlash
Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.
32-modda. Qonunchilikni ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
33-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2022-yil 29-sentabr,
OʻRQ-792-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.09.2022-y., 03/22/792/0870-son; 17.04.2025-y., 03/25/1057/0351-son; 14.07.2026-y., 03/26/1158/0727-son)