Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
Qishloq xoʻjaligi kooperativi toʻgʻrisida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2024-yil 17-sentabrda qabul qilingan
Senat tomonidan 2024-yil 30-sentabrda maʼqullangan
1-bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi qishloq xoʻjaligi kooperativining tashkil etilishi, faoliyati, qayta tashkil etilishi va tugatilishi sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2-modda. Qishloq xoʻjaligi kooperativi toʻgʻrisidagi qonunchilik
Qishloq xoʻjaligi kooperativi toʻgʻrisidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining qishloq xoʻjaligi kooperativi toʻgʻrisidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
3-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
vakolatli yoki saylangan vakil — ikki yuz nafardan ortiq aʼzoga ega boʻlgan qishloq xoʻjaligi kooperativi aʼzolarining bir guruhi nomidan qishloq xoʻjaligi kooperativi aʼzolarining umumiy yigʻilishida harakat qilish huquqiga ega boʻlgan qishloq xoʻjaligi kooperativi aʼzosi;
dividend — qishloq xoʻjaligi kooperativining soliqlar va yigʻimlar toʻlanganidan keyin oʻz tasarrufida qoladigan, qishloq xoʻjaligi kooperativi aʼzolari oʻrtasida kiritilgan majburiy va qoʻshimcha pay badallariga mutanosib ravishda taqsimlanishi lozim boʻlgan yillik sof foydaning bir qismi;
zaxira jamgʻarmasi — qishloq xoʻjaligi kooperativi pay fondining oʻn besh foizidan kam boʻlmagan miqdorda yillik sof foyda va boshqa manbalar hisobidan shakllantiriladigan jamgʻarma;
investitsiyalar kirituvchi kooperativ aʼzosi — ushbu Qonunning 14-moddasida belgilangan talablarga asosan mablagʻlarni qishloq xoʻjaligi kooperativining ustaviga muvofiq investitsiya qiluvchi kooperativ aʼzosi sifatida qishloq xoʻjaligi kooperativiga qabul qilingan jismoniy yoki yuridik shaxs. Kooperativning bunday aʼzosi qishloq xoʻjaligi kooperativi tomonidan xizmatlar koʻrsatilishida bevosita ishtirok etmaydi, uning pay badallariga, dividendlar olish huquqiga, subsidiar majburiyatlariga va ovoz berish huquqiga doir talablar esa kooperativ ustavida belgilanadi;
ishonchli shaxs — qishloq xoʻjaligi kooperativi aʼzolarining umumiy yigʻilishida boshqa aʼzoning huquqlarini amalga oshiradigan, kooperativning boshqa aʼzosi tomonidan yozma shaklda tayinlangan va ikki nafardan ortiq kooperativ aʼzosining vakili boʻlishi taqiqlangan qishloq xoʻjaligi kooperativi aʼzosi;
majburiy pay badali — qishloq xoʻjaligi kooperativi aʼzosining majburiy tartibda kiritiladigan va ovoz berish huquqini hamda qishloq xoʻjaligi kooperativi faoliyatida ishtirok etish, qishloq xoʻjaligi kooperativining ustavida nazarda tutilgan xizmatlar va imtiyozlardan foydalanish hamda dividendlar olish huquqini beradigan pay badali;
pay — qishloq xoʻjaligi kooperativi mol-mulkining pul mablagʻlarida yoki boshqa mol-mulkda yoxud mulkiy huquqlarda ifodalanadigan qishloq xoʻjaligi kooperativining mol-mulkini shakllantirishda qishloq xoʻjaligi kooperativi aʼzosining ishtirok etishi miqdorini aks ettiradigan, muayyan nominal qiymatga ega boʻlgan hamda qishloq xoʻjaligi kooperativining pay fondini shakllantirishda qiymat ifodasida hisobga olinadigan qismi;
pay fondi — qishloq xoʻjaligi kooperativi aʼzolari paylarining pulda ifodalangan, pay badallari asosida shakllantiriladigan umumiy summasi;
qishloq xoʻjaligi kooperativi — qishloq xoʻjaligi faoliyatini amalga oshirish uchun pay usuliga, jismoniy va (yoki) yuridik shaxslarning ixtiyoriy ravishda birlashishiga asoslangan mustaqil tijorat tashkiloti;
qishloq xoʻjaligi kooperativi aʼzosi — pay badali kiritgan, qishloq xoʻjaligi kooperativiga ovoz berish huquqi bilan qabul qilingan va qishloq xoʻjaligi kooperativining majburiyatlari boʻyicha subsidiar javobgar boʻlgan jismoniy yoki yuridik shaxs;
qoʻshimcha pay badali — qishloq xoʻjaligi kooperativi aʼzosining majburiy pay badaliga qoʻshimcha ravishda ixtiyoriy asosda kiritiladigan va unga dividendlar olish huquqini beradigan pay badali;
qoʻshma qishloq xoʻjaligi kooperativi — kamida uchta qishloq xoʻjaligi kooperativi tomonidan qoʻshma markazlashtirilgan faoliyatni yuritish uchun tashkil etilgan qishloq xoʻjaligi kooperativi.
4-modda. Qishloq xoʻjaligi kooperativi faoliyatining asosiy prinsiplari
Qishloq xoʻjaligi kooperativining (bundan buyon matnda kooperativ deb yuritiladi) faoliyati quyidagi prinsiplarga asoslanadi:
kooperativ aʼzoligiga kirish va undan chiqishning ixtiyoriyligi, ushbu Qonun talablariga muvofiq boʻlgan har qanday shaxslar uchun kooperativ aʼzoligiga kirish imkoniyati;
kooperativ faoliyatidagi oʻzini oʻzi boshqarish va mustaqillik;
kooperativ ustavida nazarda tutilgan tartibda uning ishi ustidan kooperativ aʼzolarining nazorat qilishi;
uning faoliyatida kooperativ aʼzolarining iqtisodiy jihatdan ishtirok etishi;
kooperativ aʼzolari oʻrtasida daromadni (foydani) ularning paylariga muvofiq mutanosib ravishda taqsimlash;
kooperativlar oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirish;
kooperativni ijtimoiy jihatdan rivojlantirish.
5-modda. Kooperativning faoliyat turlari
Kooperativ faoliyatining asosiy turi qishloq xoʻjaligi sohasida xizmatlar koʻrsatishdan iborat.
Kooperativ qishloq xoʻjaligi sohasida xizmatlar koʻrsatish bilan bir qatorda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish, saqlash, qayta ishlash va realizatsiya qilish, shuningdek qonunda taqiqlanmagan boshqa faoliyat turlari bilan shugʻullanish huquqiga ega.
2-bob. Kooperativni tashkil etish
6-modda. Kooperativning firma nomi va joylashgan yeri
Kooperativ oʻzining tashkiliy-huquqiy shakli koʻrsatilgan toʻliq firma nomiga va qisqartirilgan firma nomiga ega boʻlishi kerak.
Kooperativning toʻliq firma nomida uning toʻliq nomi va “Qishloq xoʻjaligi kooperativi” degan soʻzlar boʻlishi kerak. Kooperativning qisqartirilgan firma nomida uning qisqartirilgan nomi va “Qishloq xoʻjaligi kooperativi” degan soʻzlar yoki “QXK” abbreviaturasi boʻlishi kerak.
Kooperativning joylashgan yeri uning davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan joyi boʻyicha belgilanadi. Kooperativning taʼsis hujjatlarida kooperativ boshqaruv organlarining doimiy joylashgan yeri yoki u oʻzining asosiy faoliyatini amalga oshiradigan joy kooperativning joylashgan yeri sifatida belgilanishi mumkin.
Kooperativ u bilan aloqalarni saqlab turish uchun pochta manziliga va elektron pochta manziliga ega boʻlishi kerak.
Kooperativ joylashgan yeri (pochta manzili) oʻzgarganligi va elektron pochta manzili almashganligi toʻgʻrisida kooperativ aʼzolarini xabardor qilishi kerak. Kooperativning joylashgan yerini (pochta manzilini) oʻzgartirish qonunchilikda nazarda tutilgan talablarga rioya etilgan holda xabardor qilish tartibida, davlat xizmatlari markazini xabardor qilish orqali amalga oshiriladi.
7-modda. Kooperativni tashkil etish tartibi
Kooperativ kamida yetti nafar jismoniy va (yoki) yuridik shaxslardan iborat tarkibda tashkil etilishi mumkin.
Qoʻshma kooperativ kamida uchta kooperativdan iborat tarkibda tashkil etilishi mumkin.
Ushbu Qonunda nazarda tutilgan, kooperativga taalluqli boʻlgan barcha qoidalar qoʻshma kooperativga nisbatan ham qoʻllaniladi, bundan kooperativ aʼzolarining eng kam soniga taalluqli qoidalar mustasno.
Kooperativ tashkil etish istagini bildirgan jismoniy va (yoki) yuridik shaxslar taʼsis qoʻmitasini tuzadi.
Taʼsis qoʻmitasining vazifalari jumlasiga quyidagilar kiradi:
kooperativ ustavining loyihasini tayyorlash;
tashkil etiladigan kooperativ muassislarining taʼsis yigʻilishini tayyorlash va oʻtkazish.
Kooperativ muassislarining taʼsis yigʻilishi:
kooperativni tashkil etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi;
kooperativ ustavini tasdiqlaydi;
kooperativ ustavi tasdiqlangan hujjatga oʻz ismi, familiyasi va manzillarini koʻrsatgan holda, yuridik shaxslarga nisbatan esa oʻz vakillarining vakolatlarini tasdiqlaydigan hujjatni koʻrsatgan holda imzo qoʻygan taʼsis yigʻilishi ishtirokchilarini kooperativ aʼzoligiga qabul qilish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi;
kooperativning boshqaruv organlarini, shu jumladan kooperativ boshqaruvini, kooperativ boshqaruvi raisini va kooperativning kuzatuv kengashi aʼzolarini saylaydi.
8-modda. Kooperativni davlat roʻyxatidan oʻtkazish
Kooperativ yuridik shaxs sifatida davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi lozim.
Kooperativni davlat roʻyxatidan oʻtkazish qonunchilikda belgilangan tartibda davlat xizmatlari markazi tomonidan kooperativ boshqaruvi beradigan arizaga asosan amalga oshiriladi. Mazkur arizaga kooperativning tasdiqlangan ustavi, kooperativ boshqaruvini, kooperativ boshqaruvi raisini va kooperativning kuzatuv kengashini saylash toʻgʻrisidagi hujjatlar, shuningdek kooperativ muassislari taʼsis yigʻilishining bayonnomasi ilova qilinadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 9-fevraldagi 66-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish va hisobga qoʻyish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida” 2016-yil 28-oktabrdagi PQ-2646-son qarorini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori.
Kooperativ qonunchilikda belgilangan tartibda davlat xizmatlari markazida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan eʼtiboran tashkil etilgan deb hisoblanadi va yuridik shaxs huquqlariga ega boʻladi.
Kooperativni davlat roʻyxatidan oʻtkazish faqat, agar kooperativni tashkil etishda ushbu Qonunda va boshqa qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan tartib buzilgan boʻlsa yoki taʼsis hujjatlari qonunga muvofiq boʻlmagan taqdirda, rad etilishi mumkin.
9-modda. Kooperativ ustavi
Kooperativ ustavi kooperativning taʼsis hujjatidir.
Kooperativ ustavi yozma shaklda bayon etilishi va kooperativ muassislarining taʼsis yigʻilishida tasdiqlanishi kerak.
Kooperativ ustavida quyidagilar koʻrsatilishi kerak:
kooperativning firma nomi va joylashgan yeri (pochta manzili);
kooperativning faoliyat muddati yoki kooperativ faoliyatining muddatsiz xususiyatga ega ekanligiga koʻrsatma;
kooperativ faoliyatining maqsadi, ixtisoslashuvi va kamida bitta yoʻnalishi;
kooperativga aʼzo boʻlib kirish tartibi va shartlari;
kooperativga aʼzolikni tugatish asoslari va tartibi, shu jumladan kooperativ aʼzoligidan chiqish yoki kooperativ aʼzoligidan chiqarish tartibi;
kooperativning xoʻjalik faoliyatiga uning aʼzolari boʻlmagan shaxslarni jalb etish shartlari va tartibi;
kooperativ aʼzolarining kooperativ xizmatlaridan foydalanish majburiyatlari toʻgʻrisidagi yoki bunday majburiyatlar mavjud emasligi haqidagi qoidalar;
kooperativ aʼzosining majburiy pay badali miqdori, uning kooperativning barcha aʼzolari uchun tengligi;
kooperativ aʼzolari tomonidan kooperativ xizmatlaridan foydalanish darajasi yoki ulardan kooperativ aʼzosiga aloqasi boʻlgan iqtisodiy omillarga asosan foydalanish;
qoʻshimcha pay badalini kiritish shartlari va uning eng koʻp miqdori;
kooperativ aʼzolari tomonidan pay badallarini kiritish tartibi, shu jumladan pay badallarining kamida oʻn foizini kiritish muddati;
kooperativ aʼzolari tomonidan pay badali hisobiga kiritiladigan mol-mulk qiymatini baholash tartibi;
zaxira jamgʻarmasini shakllantirish shartlari, shu jumladan zaxira jamgʻarmasiga yoʻnaltiriladigan yillik sof foydaning va boshqa manbalarning ulushini belgilash hamda zaxira jamgʻarmasining miqdorini belgilash;
kooperativning boʻlinmas va boshqa jamgʻarmalarini shakllantirish miqdorlari va tartibi hamda ulardan foydalanish tartibi;
kooperativning foyda va zararlarini hisoblash hamda taqsimlash tartibi;
kooperativ aʼzolarining kooperativ majburiyatlariga doir subsidiar javobgarligi shartlari, mazkur javobgarlikning muayyan miqdorlar bilan cheklanmaganligi yoki cheklanganligi;
kooperativ boshqaruvi organlarining tarkibi, vakolatlari va majburiyatlari, ular tomonidan qarorlar qabul qilish tartibi, shu jumladan bir ovozdan qabul qilishni yoki koʻpchilik ovozni talab etadigan masalalar yuzasidan qarorlar qabul qilish tartibi;
kooperativ aʼzolarining huquq va majburiyatlari;
kooperativ aʼzolarining kooperativ faoliyatida ishtirok etishining oʻziga xos xususiyatlari, tartibi va shartlari;
kooperativning qoʻshma kooperativlarga, kooperativlar uyushmalariga va boshqa tashkilotlarga aʼzo boʻlish tartibi hamda shartlari;
kooperativni qayta tashkil etish va tugatish, kooperativning qarzlarini qoplash hamda qolgan aktivlarni kooperativ aʼzolari oʻrtasida taqsimlash tartibi va shartlari;
kooperativ boshqaruvining yirik bitimlarni yoki manfaatlar toʻqnashuvi mavjud boʻlgan bitimlarni tuzish huquqi, bitim sababli yetkazilgan zararlarning oʻrnini qoplash va uning oqibatlarini bartaraf etish tartibi;
majburiy pay badalining nominal qiymati, paylar soni, aʼzolar tomonidan majburiy pay badali qiymatining kamida oʻn foizini kiritish muddati;
kooperativ aʼzolari oʻrtasida paylar boʻyicha taqsimlanadigan dividendlar miqdorini belgilash tartibi;
kooperativ boshqaruvi raisining vakolatlari;
auditorga yoki auditorlik tashkilotiga doir talablar.
Kooperativ ustavida quyidagilar ham nazarda tutilishi mumkin:
kooperativ aʼzolarining uchdan ikki qismi tomonidan qarorlar qabul qilinishi kerak boʻlgan masalalar roʻyxatini kengaytirish va ushbu masalalar boʻyicha qarorlar qabul qilish uchun zarur boʻlgan yuqori kvorumning boshlanishini belgilash;
kooperativ aʼzolarining soni ikki yuz nafardan ortiq boʻlgan kooperativ aʼzolarining umumiy yigʻilishi kooperativ aʼzolari tomonidan saylangan vakillardan (vakillar yigʻilishidan) iborat boʻlishi;
qoʻshimcha pay badali miqdorining cheklanishi va qoʻshimcha shartlar belgilanishi;
kooperativ boshqaruvi raisida va kooperativ boshqaruvi aʼzolarida iqtisodiyot, qishloq xoʻjaligi, boshqaruv sohasida yoki boshqa sohalarda yuqori malaka hamda koʻp yillik tajribaning mavjud boʻlishi zarurligi.
Kooperativ ustavida qonunchilikka zid boʻlmagan boshqa qoidalar ham boʻlishi mumkin.
10-modda. Kooperativ ustaviga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish
Kooperativ ustaviga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kooperativ aʼzolari umumiy yigʻilishi ishtirokchilarining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadigan kooperativ aʼzolari umumiy yigʻilishi qaroriga koʻra kiritiladi. Kooperativ aʼzolarining umumiy yigʻilishini oʻtkazish toʻgʻrisida xabarnoma yuborilganda unda kooperativ ustaviga kiritiladigan oʻzgartirish va qoʻshimchalarning mazmuni aks ettirilishi kerak.
Kooperativ ustaviga kiritiladigan quyidagi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kooperativ aʼzolarining umumiy yigʻilishida ishtirok etayotgan kooperativ aʼzolarining kamida toʻrtdan uch qismi tomonidan maʼqullanishi kerak:
kooperativ faoliyatining maqsadini oʻzgartirish;
kooperativ aʼzolarining kooperativ xizmatlaridan foydalanish majburiyatlarini belgilash;
kooperativ aʼzolarining kooperativ faoliyatida ishtirok etishga doir majburiyatlarini belgilash;
payning yoki majburiy pay badalining miqdorini oshirish;
kooperativning investitsiya kirituvchi aʼzolari toʻgʻrisidagi qoidalarni oʻzgartirish;
kooperativni qayta tashkil etish yoki tugatish haqidagi qoidalarni oʻzgartirish.
Kooperativ aʼzolarining umumiy yigʻilishida kooperativ ustaviga kiritiladigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kooperativ boshqaruvining arizasiga asosan tegishli davlat xizmatlari markazida davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi lozim.
11-modda. Kooperativning huquq va majburiyatlari
Kooperativ quyidagi huquqlarga ega:
faoliyatni qonunchilikka muvofiq hamda kooperativ ustavida belgilangan kooperativ faoliyatining maqsadlari doirasida amalga oshirish;
vakolatxonalar va filiallarni ochish, unitar korxonalarni tashkil etish, ularning huquqlarini Oʻzbekiston Respublikasi hududida va uning tashqarisida himoya qilish;
qonunchilikda belgilangan tartibda mol-mulkka egalik qilish va undan foydalanish, mol-mulkni, shu jumladan kooperativning pay fondiga kooperativ aʼzosi tomonidan pay badali sifatida kiritilgan mol-mulkni sotib olish yoki hadya qilish, lizingga yoki ijaraga olish, sotish, garovga qoʻyish;
kooperativning zaxira, boʻlinmas va boshqa jamgʻarmalarini shakllantirish hamda ularning mablagʻlaridan foydalanish, shuningdek zaxira jamgʻarmasining mablagʻlarini banklarda va kredit tashkilotlarida joylashtirish (depozit), ularni qimmatli qogʻozlarga va boshqa mol-mulkka kiritish;
shartnomalar (bitimlar) tuzish;
qonunchilikka va kooperativ ustaviga muvofiq jismoniy va yuridik shaxslardan qarzlar jalb etish, kreditlar olish hamda homiylik xayriya mablagʻlaridan foydalanish;
qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish, saqlash, qayta ishlash va realizatsiya qilish;
boshqa kooperativlar va qoʻshma kooperativlar, klasterlar hamda boshqa yuridik shaxslar bilan hamkorlik uchun zarur boʻlgan xizmatlar koʻrsatish;
qonunchilikda belgilangan tartibda tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining, maʼmuriy-huquqiy faoliyatni amalga oshirishga vakolatli boʻlgan organlarning, fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining va ular mansabdor shaxslarining ushbu Qonunga hamda boshqa qonunchilik hujjatlariga muvofiq boʻlmagan, shuningdek kooperativning huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzadigan qarorlari yoki harakatlari (harakatsizligi) ustidan arizalar bilan sudga murojaat qilish;
kooperativning moliyaviy salohiyatini oshirish, kooperativning aktivlarini samarali boshqarish va boshqa yuridik shaxslar bilan manfaatli hamkorlikni amalga oshirish;
kooperativni qayta tashkil etish yoki tugatish bilan bogʻliq jarayonlarni amalga oshirish.
Kooperativ qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
Kooperativ:
kooperativ tomonidan tuzilgan shartnomalarga (bitimlarga) doir majburiyatlarni bajarishi;
qonunchilikda nazarda tutilgan soliqlar va yigʻimlarni toʻlashi;
mehnat shartnomasi boʻyicha kooperativda ishlaydigan shaxslarga mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikda nazarda tutilgan mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdoridan kam boʻlmagan miqdorda ish haqi tayinlashi, xodimlarga ish haqining oʻz vaqtida toʻlanishini taʼminlashi, ish beruvchi sifatida oʻz fuqarolik javobgarligini sugʻurta qilishi;
mehnatni muhofaza qilish va texnika xavfsizligi, ekologiya, sanitariya va gigiyena sohasidagi qonunchilik hamda normativ hujjatlar talablariga rioya etishi;
raqobat va isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga rioya etishi;
texnik jihatdan tartibga solish toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga rioya etishi;
kooperativning joylashgan yeri (pochta manzili) va boshqa rekvizitlari oʻzgarganligi toʻgʻrisida tegishli davlat organlarini oʻz vaqtida xabardor qilishi;
buxgalteriyaga oid, moliyaviy va statistik hisobotlarni qonunchilik talablariga muvofiq yuritishi;
kooperativ faoliyati toʻgʻrisidagi hisobotlarni belgilangan tartibda va belgilangan muddatlarda tegishli davlat organlariga taqdim etishi shart.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Buxgalteriya hisobi toʻgʻrisida”gi va “Rasmiy statistika toʻgʻrisida”gi qonunlari.
Kooperativning zimmasida qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
3-bob. Kooperativga aʼzolik
12-modda. Kooperativ aʼzolari
Oʻn olti yoshga toʻlgan jismoniy shaxslar, shuningdek kooperativ ustavi talablariga javob beradigan yuridik shaxslar kooperativ aʼzolari boʻlishi mumkin.
Qoʻshma kooperativ ustavining talablariga javob beradigan va ularni tan oladigan kooperativlar qoʻshma kooperativ aʼzolari boʻlishi mumkin.
Agar kooperativ ustavida bir vaqtning oʻzida boshqa kooperativlarga aʼzo boʻlish taqiqlanmagan boʻlsa, kooperativ aʼzosi bir yoki bir necha kooperativga aʼzo boʻlishi mumkin.
Kooperativ ustavida kooperativ aʼzoligiga kirish shartlariga qoʻyiladigan quyidagi qoʻshimcha talablar nazarda tutilishi mumkin:
kooperativ aʼzoligiga qabul qilinayotgan jismoniy shaxsning malaka darajasi;
kooperativ aʼzoligiga qabul qilinayotgan jismoniy yoki yuridik shaxsning kooperativ joylashgan yerdan uzoqligi.
Kooperativ ustavida kooperativ aʼzolariga nisbatan ushbu Qonunga zid boʻlmagan boshqa talablar ham nazarda tutilishi mumkin.
13-modda. Investitsiyalar kirituvchi kooperativ aʼzolari
Kooperativ faoliyatiga aloqador boʻlmagan jismoniy yoki yuridik shaxslar kooperativ ustavining investitsiyalar kirituvchi kooperativ aʼzolari toʻgʻrisidagi qoidalariga binoan investitsiyalar kirituvchi kooperativ aʼzolari sifatida kooperativga kirishi mumkin.
Investitsiyalar kirituvchi kooperativ aʼzosining pay badali investitsiyalar kirituvchi kooperativ aʼzolari toʻgʻrisidagi kooperativ ustavining dividendlar olishga doir huquq haqidagi, ovoz berish huquqi toʻgʻrisidagi, kooperativning boshqaruv organlariga saylanish huquqi haqidagi qoidalariga hamda kooperativ ustavining boshqa qoidalariga muvofiq boʻlishi kerak.
Shaxsning investitsiyalar kirituvchi kooperativ aʼzosi sifatida kooperativga kirishi ushbu Qonunning 14-moddasiga muvofiq amalga oshiriladi, kooperativdagi aʼzolikni tugatish esa ushbu Qonunning 17-moddasiga muvofiq amalga oshiriladi. Bunda kooperativ boshqaruvining kooperativ aʼzoligiga qabul qilish toʻgʻrisidagi qarori va kooperativ boshqaruvining kooperativdagi aʼzolikni tugatish haqidagi taklifi kooperativ aʼzolarining umumiy yigʻilishi tomonidan tasdiqlanishi kerak.
Kooperativ aʼzoligiga qabul qilinayotgan investitsiyalar kirituvchi shaxs kooperativ ustavining investitsiyalar kirituvchi kooperativ aʼzolari toʻgʻrisidagi qoidalariga muvofiq boʻlishi kerak.
Investitsiyalar kirituvchi kooperativ aʼzolari boshqa kooperativ aʼzolariga nisbatan ustunlikka ega boʻlishi mumkin emas.
Investitsiyalar kirituvchi kooperativ aʼzolari kooperativning kuzatuv kengashiga kooperativ kuzatuv kengashi aʼzolarining koʻpi bilan toʻrtdan birini tashkil etuvchi miqdorda saylanishi mumkin.
14-modda. Kooperativga aʼzo boʻlib kirish
Kooperativga aʼzo boʻlib kirish istagini bildirgan jismoniy va yuridik shaxslar kooperativ davlat roʻyxatidan oʻtkazilganidan keyin kooperativ aʼzoligiga qabul qilish toʻgʻrisida kooperativ boshqaruviga ariza beradi. Kooperativ boshqaruvining kooperativ aʼzoligiga qabul qilish toʻgʻrisidagi qarori kooperativ aʼzolarining umumiy yigʻilishi tomonidan tasdiqlanishi lozim. Kooperativ aʼzoligiga qabul qilish toʻgʻrisidagi arizada kooperativ ustavi bilan tanishib chiqilganlik toʻgʻrisidagi tasdiq, shuningdek kooperativ ustavining kooperativ aʼzolariga doir talablariga rioya etish boʻyicha majburiyat, shu jumladan majburiy va qoʻshimcha pay badallarini kiritish haqidagi majburiyat hamda boshqalar koʻrsatilishi kerak.
Kooperativ ustavida kooperativ aʼzoligiga qabul qilishga taalluqli boʻlgan boshqa qoidalar ham nazarda tutilishi mumkin.
Kooperativ boshqaruvining kooperativ aʼzoligiga qabul qilish haqidagi yoki kooperativ aʼzoligiga qabul qilishni rad etish toʻgʻrisidagi qarori kooperativ aʼzolarining umumiy yigʻilishida koʻrib chiqiladi.
Kooperativ boshqaruvining qarorini kooperativ aʼzolarining umumiy yigʻilishi tomonidan koʻrib chiqish yakunlariga koʻra kooperativ boshqaruvining kooperativ aʼzoligiga qabul qilish yoki kooperativ aʼzoligiga qabul qilishni rad etish toʻgʻrisidagi qarorini tasdiqlash yoki tasdiqlamaslik haqida qaror qabul qilinadi.
Kooperativ aʼzoligiga qabul qilishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilish uchun asoslar kooperativ ustavida nazarda tutiladi.
Kooperativ aʼzoligiga qabul qilishni rad etish toʻgʻrisidagi asoslantirilgan qaror va rad etish sabablari arizachi eʼtiboriga yozma shaklda yetkaziladi. Arizachi ushbu qaror ustidan kooperativ aʼzolarining navbatdagi umumiy yigʻilishida shikoyat qilish huquqiga ega.
Kooperativ aʼzoligiga qabul qilishni rad etish uchun asos boʻlib xizmat qilgan sabablar bartaraf etilgan taqdirda, arizachi kooperativ aʼzoligiga qabul qilish toʻgʻrisida takroran ariza berishga haqli.
Kooperativ aʼzoligiga qabul qilishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilish asoslari va shikoyatlarni koʻrib chiqish tartibi kooperativ ustavida belgilanadi.
Arizachi kooperativ aʼzolarining umumiy yigʻilishi tomonidan kooperativ boshqaruvining kooperativ aʼzoligiga qabul qilish toʻgʻrisidagi qarorini tasdiqlash haqidagi qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kooperativ aʼzoligiga qabul qilingan hisoblanadi.
15-modda. Kooperativ aʼzolarining reyestrini yuritish
Kooperativ aʼzolarining reyestri kooperativ boshqaruvi tomonidan yuritiladi va unda kooperativning har bir aʼzosi toʻgʻrisida quyidagi maʼlumotlar koʻrsatiladi:
jismoniy shaxslar uchun — jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami, familiyasi, ismi, otasining ismi, yashash joyi, elektron pochta manzili;
yuridik shaxslar uchun — soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami, yuridik shaxsning toʻliq nomi, joylashgan yeri (pochta manzili), elektron pochta manzili;
yuridik shaxslar boʻlgan kooperativ aʼzolarining vakolatli vakillari boʻlgan shaxslar uchun — familiyasi, ismi, otasining ismi, yuridik shaxsda egallagan lavozimi va ishonchnoma;
kooperativ aʼzoligiga kirish asosi, aʼzo boʻlib kirishning maqsadi va sanasi;
majburiy pay badalining miqdori va kiritilgan sanasi;
pay badalining turi (pul mablagʻlari, mol-mulk, shu jumladan qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkasiga boʻlgan huquq, boshqa mulkiy huquqlar);
qoʻshimcha pay badalining miqdori va uning kiritilgan sanasi;
qaytarilgan payning miqdori (mavjud boʻlgan taqdirda) va uning toʻlangan sanasi;
kooperativga aʼzolikni tugatish sanasi toʻgʻrisidagi axborot.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan maʼlumotlarga qoʻshimcha ravishda kooperativ aʼzolarining reyestrida boshqa maʼlumotlar ham koʻrsatilishi mumkin.
Kooperativ aʼzosi kooperativ aʼzolarining reyestrida koʻrsatilgan faqat oʻzining maʼlumotlari bilan tanishishga haqli.
Boshqa shaxslar kooperativ aʼzolarining reyestrida mavjud boʻlgan kooperativ aʼzosi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bilan faqat ushbu kooperativ aʼzosining roziligi bilan tanishishi mumkin.
Kooperativ aʼzolarining reyestridan foydalanish imkoniga ega boʻlgan shaxslar undagi maʼlumotlarni oshkor qilishga haqli emas, bundan qonunchilikda belgilangan hollar mustasno.
16-modda. Kooperativ aʼzosining huquq va majburiyatlari
Kooperativ aʼzosi quyidagi huquqlarga ega:
kooperativ aʼzolarining umumiy yigʻilishida ishtirok etish, savollar berish va takliflar kiritish;
kiritilgan pay badalining miqdoridan qatʼi nazar, kooperativ aʼzolarining umumiy yigʻilishida bir ovoz berish huquqidan foydalanish;
kooperativ faoliyatida ishtirok etish, kooperativ boshqaruvi aʼzolarini, kooperativ boshqaruvi raisini yoki kooperativ kuzatuv kengashi aʼzolarini saylash va kooperativ aʼzoligiga saylanish, kooperativ boshqaruvi raisi yoki kooperativ kuzatuv kengashining aʼzosi etib saylanish, ijrochi direktor lavozimiga nomzodni ilgari surish;
kooperativ aʼzolarining navbatdan tashqari umumiy yigʻilishini chaqirish toʻgʻrisida taklif kiritish;
kooperativ boshqaruvining bir yil davomidagi faoliyati toʻgʻrisidagi xulosa bilan, shuningdek yillik moliyaviy hisoboti hamda kooperativ kuzatuv kengashining faoliyati haqidagi xulosa va moliyaviy hisobot bilan ular kooperativ aʼzolarining umumiy yigʻilishida muhokama qilinguniga qadar tanishib chiqish;
kooperativ aʼzolari umumiy yigʻilishining bayonnomasi bilan tanishib chiqish;
kooperativ boshqaruvidan ushbu Qonunda va kooperativ ustavida nazarda tutilgan majburiyatlarning bajarilishini talab qilish;
kooperativning moliyaviy holati, faoliyati va uning boshqaruvi toʻgʻrisidagi zarur maʼlumotlarni olish;
kooperativ xizmatlaridan foydalanish;
kooperativ yillik sof foydasining kooperativ aʼzolari oʻrtasida taqsimlangan qismidan dividendlar olish;
agar kooperativ ustavida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, boshqa kooperativga aʼzo boʻlib kirish yoki yuridik shaxsning paychisi boʻlish;
oʻz xohishiga koʻra kooperativ aʼzoligidan chiqish va kiritilgan payni olish;
kooperativ tugatilganidan keyin kooperativning mol-mulkini sotishdan olingan ulushni olish.
Kooperativ aʼzosi qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
Kooperativ aʼzosi:
kooperativ ustaviga rioya etishi, kooperativ aʼzolarining umumiy yigʻilishi qarorlarini bajarishi;
kooperativ aʼzolarining umumiy yigʻilishida ishtirok etishi;
kooperativning tadbirkorlik faoliyatida faol ishtirok etishi;
kooperativ ustavida belgilangan miqdorda va tartibda pay badalini kiritishi;
kooperativ va kooperativning boshqa aʼzolari bilan tuzilgan shartnomaga koʻra oʻz majburiyatlarini bajarishi;
boshqa kooperativ aʼzoligiga kirgan taqdirda, bu haqda oʻzi aʼzo boʻlgan kooperativ boshqaruvini xabardor qilishi shart.
Kooperativ aʼzosining zimmasida qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
17-modda. Kooperativga aʼzolikni tugatish
Kooperativga aʼzolik quyidagi hollarda joriy moliya yili tamomlanganidan keyin tugatiladi:
kooperativ aʼzosi kooperativ aʼzoligidan chiqish toʻgʻrisidagi arizaga asosan kooperativ aʼzoligidan chiqqanda;
kooperativ aʼzosi boʻlgan jismoniy shaxs vafot etganda;
sudning jismoniy shaxs boʻlgan kooperativ aʼzosini bedarak yoʻqolgan deb topish yoki vafot etgan yoxud muomalaga layoqatsiz deb eʼlon qilish toʻgʻrisidagi qarori kuchga kirganda;
kooperativ aʼzosi boʻlgan yuridik shaxs tugatilganda;
kooperativ aʼzosi davlat fuqarolik xizmatiga kirganda;
kooperativ aʼzosi oʻz payini mazkur kooperativning boshqa aʼzosiga toʻliq hajmda oʻtkazganda — kooperativ aʼzolarining umumiy yigʻilishi tomonidan tegishli qaror qabul qilingan sanadan eʼtiboran;
kooperativ aʼzoligidan chiqarilganda.
Kooperativning har bir aʼzosi ushbu Qonunda va kooperativ ustavida belgilangan tartibda kooperativ aʼzoligidan ixtiyoriy ravishda chiqish huquqiga ega.
Kooperativ aʼzosi kooperativ boshqaruviga yozma ariza bergan holda kooperativ aʼzoligidan chiqishi mumkin. Kooperativ aʼzoligidan chiqish toʻgʻrisidagi ariza, agar kooperativ ustavida boshqa muddat nazarda tutilmagan boʻlsa, kooperativning joriy moliya yili tugaguniga qadar uch oydan kechiktirmay berilishi kerak.
Kooperativ aʼzoligidan chiqish istagini bildirgan yoki kooperativ aʼzoligidan chiqarilgan kooperativ aʼzosi, agar kooperativ ustavida payning oʻtkazilishi taqiqlanmagan boʻlsa, oʻzining payini toʻliq hajmda ushbu kooperativning boshqa aʼzosiga istalgan vaqtda oʻtkazish huquqiga ega. Bu holda taraflar oʻrtasida yozma kelishuv imzolanib, bu haqda kooperativ boshqaruvi yozma shaklda xabardor qilinadi.
Agar kooperativ ustavida kooperativ aʼzosi payining eng koʻp miqdori belgilangan boʻlsa, kooperativ aʼzosi payining umumiy miqdori ushbu moddaning toʻrtinchi qismida nazarda tutilgan tartibda kooperativning boshqa aʼzosi tomonidan oʻtkazilgan pay bilan birga kooperativ aʼzosi payining belgilangan eng koʻp miqdoridan oshib ketmasligi kerak.
Kooperativ aʼzosi boʻlgan jismoniy shaxs vafot etgan deb eʼlon qilingan taqdirda, payga doir huquq uning merosxoʻrlariga oʻtadi.
Agar merosxoʻrlar soni ikki nafar yoki undan ortiq merosxoʻrlarni tashkil etsa, barcha merosxoʻrlar oʻzini kooperativ aʼzoligiga qabul qilish toʻgʻrisidagi masala hal etilguniga qadar kooperativ aʼzolarining umumiy yigʻilishida faqat bitta ovoz berish huquqiga ega boʻladi.
Agar kooperativ ustavida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, merosxoʻrni kooperativ aʼzoligiga qabul qilish toʻgʻrisidagi masala ushbu Qonunning 14-moddasiga muvofiq koʻrib chiqiladi.
Agar vafot etgan aʼzoning merosxoʻri kooperativ aʼzoligiga qabul qilinmasa, unga vafot etgan kooperativ aʼzosi payining qiymati toʻlanishi kerak.
18-modda. Kooperativ aʼzoligidan chiqarish
Kooperativ aʼzosi quyidagi hollarda kooperativ aʼzoligidan joriy moliya yili tugashi bilan chiqarilishi mumkin:
kooperativ ustavida nazarda tutilgan majburiyatlarni kooperativ boshqaruvining yozma ogohlantirishlariga qaramay, uzrli sabablarsiz muntazam ravishda (ikki va undan koʻp marotaba) bajarmaganda;
kooperativ ustavida nazarda tutilgan majburiyatlar bajarilmaganligi sababli kooperativga zarar yetkazilganda;
boshqa kooperativga aʼzo boʻlib kirganda, agar bu kooperativ ustavida taqiqlangan boʻlsa;
u tomonidan boshqa kooperativ tuzilganda, agar bu kooperativ ustavida taqiqlangan boʻlsa.
Kooperativ ustavida kooperativ aʼzoligidan chiqarishning qonunchilikka zid boʻlmagan boshqa asoslari nazarda tutilishi mumkin.
Kooperativ aʼzoligidan chiqarish toʻgʻrisidagi masala kooperativ boshqaruvi tomonidan koʻrib chiqiladi. Kooperativ boshqaruvining kooperativ aʼzosini kooperativ aʼzoligidan chiqarish toʻgʻrisidagi taklifi tegishli qaror qabul qiladigan kooperativ aʼzolarining umumiy yigʻilishida koʻrib chiqiladi.
Kooperativ boshqaruvi kooperativ aʼzoligidan chiqarilayotgan kooperativ aʼzosini kooperativ aʼzolarining umumiy yigʻilishi oʻtkazilishi toʻgʻrisida kooperativ aʼzolarining umumiy yigʻilishi oʻtkaziladigan sanadan kamida ikki hafta oldin xabardor qilishi va xabarnomada uni kooperativ aʼzoligidan chiqarish asoslarini koʻrsatishi kerak.
Kooperativ aʼzosini kooperativ aʼzoligidan chiqarish toʻgʻrisidagi masala kooperativ boshqaruvining taklifiga koʻra kooperativ aʼzolarining umumiy yigʻilishida kooperativ aʼzoligidan chiqarilayotgan shaxs ishtirokida koʻrib chiqiladi va hal qilinadi. Kooperativ aʼzolarining umumiy yigʻilishida kooperativ aʼzoligidan chiqarilayotgan kooperativ aʼzosiga uning kooperativ aʼzoligidan chiqarilishi yuzasidan oʻz fikrini bildirish huquqi beriladi.
Kooperativdan chiqarilayotgan, tegishli tarzda xabardor qilingan shaxs uni kooperativdan chiqarish toʻgʻrisidagi masala koʻrib chiqilishi kerak boʻlgan kooperativ aʼzolarining umumiy yigʻilishiga ketma-ket ikki martadan ziyod kelmagan taqdirda, mazkur masala kooperativ aʼzolarining umumiy yigʻilishida kooperativdan chiqarilayotgan shaxsning ishtirokisiz koʻrib chiqilishi mumkin.
Kooperativ aʼzoligidan chiqarilgan shaxs kooperativ aʼzoligidan chiqarish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan paytdan eʼtiboran kooperativ aʼzolarining umumiy yigʻilishida ishtirok etish huquqini yoʻqotadi, shuningdek kooperativ boshqaruvi yoki kooperativ kuzatuv kengashi aʼzosining yoxud kooperativ boshqaruvi raisining majburiyatlaridan ozod etiladi (agar kooperativ aʼzoligidan chiqarilgan shaxs bu majburiyatlarni bajargan boʻlsa).
Kooperativ aʼzoligidan chiqarilgan shaxs qonunchilikda belgilangan tartibda sudga shikoyat bilan murojaat qilishi mumkin.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi va “Sudlar toʻgʻrisida”gi qonunlari.
Kooperativga aʼzolikni tugatish kooperativ boshqaruvining kooperativ aʼzolarining umumiy yigʻilishi tomonidan kooperativ aʼzoligidan chiqarish toʻgʻrisidagi taklifi tasdiqlangan paytdan eʼtiboran haqiqiy hisoblanadi.
Kooperativ aʼzoligidan chiqarilgan kooperativ aʼzosi payni olib ketishi mumkin yoki unga payning qiymati ushbu Qonunning 19-moddasiga muvofiq toʻlanishi mumkin.
19-modda. Kooperativga aʼzoligi tugatilgan shaxsga payni qaytarish
Kooperativga aʼzoligi tugatilgan shaxsga payning qiymati, shuningdek kooperativ ustavida nazarda tutilgan toʻlovlar moliyaviy hisobot yilining yakunlariga koʻra kooperativning yillik balansi kooperativ aʼzolarining umumiy yigʻilishi tomonidan tasdiqlanganidan keyin olti oy ichida toʻlanishi kerak.
Kooperativga aʼzoligi tugatilgan shaxsga boshqa toʻlovlar (agar kooperativ ustavida bunday toʻlovlar nazarda tutilgan boʻlsa) amalga oshirilishi mumkin. Kooperativga aʼzoligi tugatilgan shaxs kooperativning zaxira jamgʻarmasidan yoki boshqa aktivlari hisobidan toʻlash toʻgʻrisidagi talab bilan murojaat qilish huquqiga ega emas.
Kooperativga aʼzoligi tugatilgan shaxs oʻz payini toʻliq hajmda kooperativning boshqa aʼzosiga oʻtkazgan taqdirda, kooperativga aʼzoligi tugatilgan shaxsga kooperativ hech qanday toʻlovlarni amalga oshirmaydi.
Kooperativga aʼzoligi tugatilgan shaxsning kooperativdagi qarzlarini kooperativ uning yakuniy toʻlovlaridan ushlab qoladi.
Kooperativga aʼzoligi tugatilgan shaxsga payning qiymati uning ixtiyoriga koʻra natura shaklida toʻlanishi yoki u pay badali sifatida kiritgan mol-mulk qaytarib berilishi mumkin.
Kooperativ aʼzosi vafot etgan taqdirda, uning payi qiymati va kooperativ ustavida nazarda tutilgan boshqa toʻlovlar merosxoʻrga toʻliq hajmda toʻlanadi.
Agar kooperativ kooperativga aʼzolikni tugatish toʻgʻrisidagi qaror kuchga kirguniga qadar ushbu Qonunning 51-moddasida nazarda tutilgan tartibda tugatilgan yoki kooperativga aʼzolik tugatilganidan keyin olti oy ichida tugatilgan boʻlsa, kooperativga aʼzolikni tugatish amalga oshirilmagan deb hisoblanadi.
4-bob. Kooperativni boshqarish
20-modda. Kooperativning boshqaruv organlari
Kooperativning boshqaruv organlari quyidagilardan iborat:
kooperativ aʼzolarining umumiy yigʻilishi — kooperativning yuqori boshqaruv organi;
kooperativning boshqaruvi — kooperativning ijro etuvchi organi;
kooperativning kuzatuv kengashi — kooperativning nazorat qiluvchi organi.
Ikki yuz nafardan ortiq kooperativ aʼzolaridan iborat boʻlgan kooperativda kooperativ aʼzolarining umumiy yigʻilishi, agar bu kooperativ ustavida nazarda tutilgan boʻlsa, vakillar yigʻilishi shaklida oʻtkazilishi mumkin.
Agar kooperativ aʼzolarining soni yigirma bir nafardan koʻp boʻlmasa, kooperativ ustavida kooperativning kuzatuv kengashi saylanmasligi va uning vakolatlarini kooperativ aʼzolarining umumiy yigʻilishi amalga oshirishi nazarda tutilishi mumkin. Mazkur qoida qoʻshma kooperativga nisbatan, agar uning aʼzolari soni oʻn nafardan oshmasa, qoʻllaniladi.
Agar kooperativ aʼzolarining soni yigirma bir nafardan iborat boʻlsa, kooperativning kuzatuv kengashi majburiy tartibda tashkil etiladi. Mazkur qoida qoʻshma kooperativga nisbatan, agar uning aʼzolari soni oʻn nafardan oshsa, qoʻllaniladi.
Qoʻshma kooperativ aʼzolarining soni qoʻshma kooperativning uch nafar aʼzosidan oshmagan hollarda, qoʻshma kooperativ boshqaruvi tashkil etilmasligi va uning vakolatlarini qoʻshma kooperativ raisi amalga oshirishi mumkin, agar bu qoʻshma kooperativ ustavida nazarda tutilgan boʻlsa.
Kooperativ boshqaruvi organlarining vakolatlari, tuzilishi va ularning ishini tashkil etish tartibi, shu jumladan kooperativ boshqaruvi aʼzolarini, kooperativ boshqaruvi raisini hamda kooperativning kuzatuv kengashi aʼzolarini saylash hamda lavozimidan ozod etish tartibi, shuningdek kooperativ aʼzolarining umumiy yigʻilishini yoki vakillar yigʻilishini chaqirish va oʻtkazish tartibi ushbu Qonunda hamda kooperativ ustavida belgilanadi.
21-modda. Kooperativ aʼzolari umumiy yigʻilishining vakolatlari
Quyidagi masalalarni koʻrib chiqish va ular boʻyicha qarorlar qabul qilish kooperativ aʼzolari umumiy yigʻilishining mutlaq vakolatlari jumlasiga kiradi:
kooperativ faoliyatining asosiy maqsadlarini belgilash;
kooperativ ustaviga oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritish, kooperativ ustavini yangi tahrirda tasdiqlash;
kooperativ boshqaruvi aʼzolarini, kooperativ boshqaruvi raisini va kooperativ kuzatuv kengashi aʼzolarini saylash hamda lavozimidan ozod etish, shuningdek ularning faoliyati toʻgʻrisidagi hisobotlarni eshitish;
kooperativ boshqaruvining, kooperativ boshqaruvi raisining hamda kooperativ kuzatuv kengashining qarorlarini kooperativ ustavida nazarda tutilgan tartibda bekor qilish;
auditorlik tashkilotini belgilash, auditorlik xulosasini muhokama qilish;
kooperativ boshqaruvining va kooperativ kuzatuv kengashining hisobotlarini tasdiqlash, shuningdek tegishli moliya yili uchun yillik balansni qabul qilish, bunda kooperativ boshqaruvi kooperativ aʼzolarini tanishtirish uchun hisobotlarni va yillik balansni kooperativ aʼzolarining umumiy yigʻilishi oʻtkazilishidan kamida bir hafta oldin taqdim etadi;
kooperativning yillik kamomadini qoplash toʻgʻrisida qarorlar qabul qilish;
kooperativning rivojlanish dasturlarini, operativ, moliyaviy va boshqa rejalarini, daromadlar va xarajatlarning prognoz koʻrsatkichlarini tasdiqlash;
ushbu Qonunning 37-moddasiga muvofiq yillik sof foydadan foydalanish, shu jumladan uni kooperativ aʼzolari oʻrtasida taqsimlash va kooperativning zaxira, boʻlinmas va boshqa jamgʻarmalariga ajratmalar qilish toʻgʻrisida qarorlar qabul qilish;
kooperativ aʼzolarining pay badallari va boshqa toʻlovlarining turlari, miqdorlarini hamda ularni kiritish tartibini belgilash, shuningdek kooperativdagi aʼzoligi tugatilayotgan shaxslarga ushbu toʻlovlarni toʻlash tartibini belgilash;
kooperativning jamgʻarmalari turlarini, kooperativning zaxira, boʻlinmas hamda boshqa jamgʻarmalari miqdorlarini, shuningdek ularni shakllantirish va ulardan foydalanish shartlarini belgilash;
kooperativning har yilgi zararlarini kompensatsiya qilish;
kooperativning asosiy vositalarini sotib olish va boshqa shaxslarga berish, shuningdek bitimlar hamda kelishuvlarni bajarish;
boshqa kooperativlarga, jamiyatlarga, uyushmalarga, boshqa tashkilotlarga kooperativning aʼzo boʻlishi hamda ulardan chiqishi;
kooperativning vakolatxonalarini va filiallarini tashkil etish hamda tugatish;
kooperativ aʼzoligiga qabul qilish, kooperativdagi aʼzolikni tugatish;
kooperativga investitsiya kirituvchi aʼzolar toʻgʻrisidagi, shuningdek ularni kooperativ aʼzoligiga qabul qilish va ularning kooperativga aʼzoligini tugatish toʻgʻrisidagi qoidalarni tasdiqlash;
kooperativ boshqaruvi aʼzolarining va kooperativ boshqaruvi raisining oylik ish haqi miqdorlarini belgilash, kooperativ kuzatuv kengashi aʼzolari xarajatlarini kompensatsiya qilish shartlarini belgilash;
kooperativ boshqaruvi aʼzolarining, kooperativ boshqaruvi raisining, kooperativ kuzatuv kengashi aʼzolarining javobgarligi choralari toʻgʻrisida qarorlar qabul qilish;
kooperativ boshqaruvi aʼzolaridan, kooperativ boshqaruvi raisidan, kooperativ kuzatuv kengashi aʼzolaridan ularning qonunga xilof faoliyati natijasida yetkazilgan zarar uchun kompensatsiya undirish toʻgʻrisida qarorlar qabul qilish;
kooperativ aʼzolarining kooperativ faoliyatida ishtirok etishini baholash mezonlarini tasdiqlash;
kooperativda mehnatga haq toʻlashga doir ichki tartib-qoidalarni, boshqa ichki hujjatlarni tasdiqlash hamda ularga oʻzgartirishlar kiritish;
kooperativni qayta tashkil etish va tugatish toʻgʻrisida qarorlar qabul qilish.
Kooperativ ustavida kooperativ aʼzolari umumiy yigʻilishining ushbu Qonunga va boshqa qonunchilik hujjatlariga zid boʻlmagan oʻzga vakolatlari ham nazarda tutilishi mumkin.
Kooperativ aʼzolari umumiy yigʻilishining mutlaq vakolatlariga kiritilgan masalalar yuzasidan qarorlar qabul qilish huquqi kooperativ boshqaruvi raisiga, kooperativ boshqaruviga yoki kooperativ kuzatuv kengashiga berilishi mumkin emas.
22-modda. Kooperativ aʼzolarining umumiy yigʻilishini chaqirish
Kooperativ aʼzolarining birinchi umumiy yigʻilishi imkon qadar qisqa muddatda, lekin kooperativ davlat roʻyxatidan oʻtkazilganidan keyin uch oydan kechiktirmay chaqiriladi.
Kooperativ aʼzolarining yillik umumiy yigʻilishi kooperativning moliya yili tugaganidan keyin uch oydan kechiktirmay oʻtkazilishi kerak. Kooperativ aʼzolarining yillik umumiy yigʻilishidan tashqari, kooperativ ustavida nazarda tutilgan hollarda kooperativ aʼzolarining navbatdan tashqari umumiy yigʻilishlari oʻtkazilishi mumkin.
Kooperativ aʼzolarining yillik va navbatdan tashqari umumiy yigʻilishlari kooperativ boshqaruvi tomonidan chaqiriladi. Kooperativ boshqaruvi aʼzolari lavozimlaridan ozod qilingan taqdirda, kooperativ aʼzolarining yillik va navbatdan tashqari umumiy yigʻilishlarini chaqirish ushbu Qonunning 23-moddasida belgilangan tartibda kuzatuv kengashi tomonidan amalga oshiriladi.
Kooperativ aʼzolari umumiy sonining kamida oʻndan bir qismi talabiga koʻra chaqiriladigan kooperativ aʼzolari umumiy yigʻilishining kun tartibiga aniq masalalarni kiritish haqidagi, shuningdek kooperativning har qanday aʼzosi tashabbusi bilan qoʻshimcha masalalarni kiritish toʻgʻrisidagi takliflar kooperativ boshqaruviga kooperativ aʼzolarining umumiy yigʻilishi oʻtkaziladigan sanadan oʻn besh kun oldin taqdim etilishi kerak.
Kooperativ aʼzolarining navbatdan tashqari umumiy yigʻilishlari kooperativ boshqaruvining tashabbusi bilan yoki kooperativ kuzatuv kengashining talabiga koʻra yoxud kooperativ aʼzolari umumiy sonining kamida oʻndan bir qismining talabiga koʻra chaqirilishi mumkin.
Agar navbatdan tashqari umumiy yigʻilish kooperativ aʼzolari umumiy sonining kamida oʻndan bir qismining talabiga koʻra vakillar yigʻilishi shaklida oʻtkazilsa, kooperativning ushbu aʼzolari yoki ularning vakillari yigʻilishda soʻzga chiqish va takliflar kiritish huquqiga ega boʻladi.
Kooperativ aʼzolarining navbatdan tashqari umumiy yigʻilishini chaqirishni talab qilgan kooperativning kuzatuv kengashi yoki kooperativ aʼzolari navbatdan tashqari umumiy yigʻilishning taklif qilingan kun tartibini va uni oʻtkazish zarurligi asoslarini kooperativ boshqaruviga yozma shaklda taqdim etishi kerak. Bu holda kun tartibi tegishincha faqat kooperativ aʼzolarining navbatdan tashqari umumiy yigʻilishini chaqirishni talab qilgan kooperativ kuzatuv kengashining yoki kooperativ aʼzolarining roziligi bilan oʻzgartirilishi mumkin.
Kooperativ aʼzolarining navbatdan tashqari umumiy yigʻilishini chaqirish tashabbuskori boʻlmagan kooperativning boshqaruv organi yoki kooperativ aʼzolari navbatdan tashqari umumiy yigʻilish kun tartibiga kooperativ aʼzolarining navbatdan tashqari umumiy yigʻilishini chaqirish tashabbuskori boʻlgan kooperativ boshqaruvi organining yoki kooperativ aʼzolarining roziligisiz oʻzgartirish hamda qoʻshimchalar kiritish huquqiga ega emas.
Kooperativ boshqaruvining raisi va kooperativ boshqaruvining aʼzolari lavozimidan ozod etilgan taqdirda, kooperativ aʼzolarining navbatdan tashqari umumiy yigʻilishini oʻtkazish toʻgʻrisidagi talabnoma qabul qilingan kundan eʼtiboran oʻn besh kun ichida kooperativning kuzatuv kengashi ushbu yigʻilishni oʻtkazish yoki uni oʻtkazishni rad etish haqida qaror qabul qilishi kerak.
Agar kooperativ aʼzolarining navbatdan tashqari umumiy yigʻilishi kun tartibiga taklif etilayotgan masalalarni koʻrib chiqish kooperativ aʼzolarining umumiy yigʻilishi vakolatlariga taalluqli boʻlmasa yoxud qonunchilik hujjatlari talablariga yoki ushbu moddada koʻrsatilgan talablarga javob bermasa, kooperativ aʼzolarining navbatdan tashqari umumiy yigʻilishini oʻtkazishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilinishi mumkin.
Agar kooperativ boshqaruvi kooperativ aʼzolarining navbatdan tashqari umumiy yigʻilishini oʻtkazish toʻgʻrisidagi talabnoma olingan kundan eʼtiboran oʻn besh kun ichida ushbu yigʻilishni oʻtkazish haqida qaror qabul qilmasa yoki uni oʻtkazishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilsa yoxud ushbu yigʻilishni oʻtkazish haqidagi qarorni koʻrsatilgan muddatda bajarmasa yoxud kooperativ boshqaruvi aʼzolari lavozimidan ozod etilsa, kooperativ aʼzolarining navbatdan tashqari umumiy yigʻilishini chaqirish huquqiga ega boʻlgan kuzatuv kengashi yoki kooperativ aʼzolari tomonidan navbatdan tashqari umumiy yigʻilish chaqirilishi mumkin.
Kooperativ aʼzolarining navbatdan tashqari yigʻilishini chaqirish huquqiga ega boʻlgan kooperativ aʼzolari tomonidan kooperativ aʼzolarining umumiy yigʻilishi chaqirilgan taqdirda kooperativ boshqaruvi kooperativ aʼzolarining navbatdan tashqari umumiy yigʻilishini chaqirish tashabbuskorlariga kooperativ aʼzolarining roʻyxatini va ularning manzillarini (pochta manzillarini) taqdim etishi kerak.
Agar yillik yoki oraliq moliya hisobotlarini tuzish chogʻida yoki kooperativ faoliyatini oʻrganish davrida kooperativ zararining miqdori pay fondi yoki zaxira jamgʻarmasi umumiy qiymatining ellik foizidan ortiqni tashkil etishi maʼlum boʻlib qolsa, kooperativ boshqaruvi darhol kooperativ aʼzolarining navbatdan tashqari umumiy yigʻilishini chaqiradi va bu haqda kooperativ aʼzolarini xabardor qiladi.
23-modda. Kooperativ aʼzolarining umumiy yigʻilishini chaqirish tartibi
Kooperativ aʼzolari turgan yeri (pochta manzili) haqida, shuningdek oʻz pochta manzili oʻzgarganligi toʻgʻrisida kooperativ boshqaruviga yozma shaklda xabar qilishi shart.
Kooperativ aʼzolarining umumiy yigʻilishini chaqirish, yigʻilishning kun tartibi, u oʻtkaziladigan joy, sana va vaqt toʻgʻrisida kooperativ aʼzolari kooperativ aʼzolarining umumiy yigʻilish oʻtkaziladigan sanadan kamida oʻttiz kun oldin kooperativ boshqaruvi tomonidan yozma shaklda xabardor qilinishi kerak.
Kooperativ aʼzolarining umumiy yigʻilishi oʻtkazilishi toʻgʻrisidagi xabarnoma kooperativ aʼzosiga tilxat olib topshiriladi yoki xabarnoma olinganligini tasdiqlaydigan aloqa vositalaridan foydalangan holda yuboriladi.
Kooperativ aʼzolarining umumiy yigʻilishi kun tartibiga kiritilishi lozim boʻlgan qoʻshimcha masalalar moliya yili tugaganidan keyin oʻttiz kundan kechiktirmay kooperativ boshqaruviga kiritilishi kerak.
Kooperativ boshqaruvi kooperativ aʼzolarining umumiy yigʻilishi kun tartibiga kiritilishi lozim boʻlgan qoʻshimcha masalalarning taʼrifini oʻzgartirishga haqli emas.
24-modda. Kooperativ aʼzolarining umumiy yigʻilishini oʻtkazish tartibi
Agar kooperativ ustavida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, kooperativ aʼzolarining umumiy yigʻilishi quyidagi hollarda vakolatli hisoblanadi:
agar kooperativ aʼzolarining umumiy yigʻilishida ovoz berish huquqiga ega boʻlgan kooperativ aʼzolari umumiy sonining kamida uchdan ikki qismi ishtirok etayotgan boʻlsa;
agar kooperativ aʼzolarining vakillar yigʻilishi shaklida oʻtkaziladigan umumiy yigʻilishida kooperativ aʼzolarining umumiy yigʻilishida saylangan vakillar umumiy sonining kamida uchdan ikki qismi ishtirok etayotgan boʻlsa.
Kooperativ aʼzolarining vakillar yigʻilishi shaklida oʻtkaziladigan umumiy yigʻilishida har bir vakil, oʻzini vakil qilgan kooperativ aʼzolarining sonidan qatʼi nazar, bitta ovozga ega boʻladi.
Qoʻshma kooperativ ustavida uning aʼzolari bir nechta ovoz huquqiga ega boʻlishi mumkinligi nazarda tutilishi, ularning soni kiritilgan pay badali miqdoridan yoki boshqa mezonlardan kelib chiqqan holda belgilanishi mumkin. Bunda qoʻshma kooperativ aʼzosi huquqqa ega boʻlgan ovozlarning eng koʻp miqdori qoʻshma kooperativ aʼzolarining umumiy yigʻilishida taqdim etilgan ovozlarning oʻn foiziga teng boʻlishi kerak.
Kooperativ aʼzolari umumiy yigʻilishining qarorlari, agar ushbu Qonunda yoki kooperativ ustavida boshqa talablar nazarda tutilmagan boʻlsa, koʻpchilik ovoz bilan qabul qilinadi.
Ushbu Qonun 21-moddasi birinchi qismining ikkinchi — sakkizinchi xatboshilarida koʻrsatilgan masalalar boʻyicha qarorlar, agar kooperativ aʼzolarining umumiy yigʻilishida ishtirok etayotgan kooperativ aʼzolarining kamida uchdan ikki qismi ularni yoqlab ovoz bersa, qabul qilingan deb hisoblanadi.
Kooperativ ustavida qarorlar ovozlarning koʻpchiligi bilan qabul qilinishi kerak boʻlgan masalalarning kengaytirilgan roʻyxati nazarda tutilishi va ushbu masalalar boʻyicha qarorlar qabul qilish uchun oshirilgan kvorum belgilanishi mumkin.
Agar kooperativ aʼzolarining umumiy yigʻilishida ushbu moddaning beshinchi qismida koʻrsatilgan masalalar boʻyicha qarorlar qabul qilish uchun zarur boʻlgan ovozlar soni toʻplanmagan boʻlsa, qaror qabul qilish uchun kooperativ aʼzolarining umumiy yigʻilishini qaytadan chaqirish talab qilinadi. Bu holda, agar umumiy yigʻilishda ishtirok etgan kooperativ aʼzolarining kamida ellik bir foizi qarorlarni yoqlab ovoz bersa, ushbu masalalar boʻyicha qarorlar qabul qilingan deb hisoblanadi.
Kooperativ aʼzolarining umumiy yigʻilishini chaqirish uchun ushbu Qonunda nazarda tutilgan tartib va muddatlar buzilgan taqdirda, kooperativ aʼzolarining umumiy yigʻilishi kun tartibiga kiritilgan masalalar boʻyicha qarorlar qabul qilishga haqli emas.
Kooperativ aʼzosi kooperativ aʼzolarining umumiy yigʻilishida uni kooperativdagi lavozimidan ozod qilish haqida yoki kooperativ oldidagi majburiyatlaridan ozod qilish hamda unga nisbatan daʼvo taqdim etish toʻgʻrisida qarorlar qabul qilish chogʻida ovoz berish huquqiga ega emas.
Kooperativ aʼzolarining umumiy yigʻilishida yuridik shaxs boʻlgan kooperativ aʼzosi nomidan ushbu yuridik shaxsning vakolatli vakili ishonchnomasiz yoki uning boshqa xodimi ishonchnoma asosida ishtirok etishi mumkin.
Kooperativ aʼzosi kooperativ aʼzolarining umumiy yigʻilishida kooperativning ishonchli vakil sifatida ish yurituvchi boshqa aʼzosi orqali oʻz huquqlarini amalga oshirishi mumkin. Ishonchli vakil yozma shaklda tayinlanadi. Bir nafar ishonchli vakil kooperativning ikki nafardan ortiq aʼzosi uchun vakil boʻlishi mumkin emas. Kooperativ ustavida ishonchli vakilning vakilligiga doir boshqa shartlar ham nazarda tutilishi mumkin. Vakillar yigʻilishida ishtirok etuvchi vakolatli vakil oʻz huquqlarini ishonchli vakilga topshirish huquqiga ega emas.
Kooperativ aʼzolari umumiy yigʻilishining raisi va kotibi kooperativ aʼzolari umumiy yigʻilishining aʼzolari orasidan saylanadi. Kooperativ boshqaruvi raisi yoki kooperativ boshqaruvining yoki kooperativ kuzatuv kengashining aʼzolari kooperativ aʼzolari umumiy yigʻilishining raisi va kotibi etib saylanishi mumkin emas.
25-modda. Kooperativ aʼzolari umumiy yigʻilishining bayonnomasi
Kooperativ aʼzolari umumiy yigʻilishining qarorlari bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi.
Kooperativ aʼzolari umumiy yigʻilishining bayonnomasida quyidagi maʼlumotlar koʻrsatilishi kerak:
kooperativ aʼzolarining umumiy yigʻilishi oʻtkazilgan joy, sana va vaqt;
kooperativ aʼzolarining umumiy yigʻilishi oʻtkazilishi toʻgʻrisida xabardor qilingan kooperativ aʼzolarining, ovoz berish huquqiga ega boʻlgan aʼzolarning va yigʻilishda ishtirok etgan aʼzolarning soni;
umumiy yigʻilish vakillar yigʻilishi shaklida oʻtkazilganda –saylangan vakillar soni va ushbu yigʻilishda ishtirok etgan vakolatli vakillar soni;
kooperativ aʼzolarining umumiy yigʻilishida kvorum mavjudligi yoki mavjud emasligi;
kooperativ aʼzolari umumiy yigʻilishining kun tartibi;
kooperativ aʼzolarining umumiy yigʻilishida soʻzga chiqqan shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi va lavozimi hamda nutqining asosiy mazmuni;
kooperativ aʼzolari umumiy yigʻilishining kun tartibidagi masalalar yuzasidan ovoz berish natijalari, qabul qilingan qarorlar.
Kooperativ aʼzolarining umumiy yigʻilishi bayonnomasiga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
kooperativ boshqaruvning yoki kooperativ kuzatuv kengashining yoki kooperativ aʼzolarining navbatdan tashqari umumiy yigʻilishini chaqirish huquqiga ega boʻlgan kooperativ aʼzolarining umumiy yigʻilishini chaqirish toʻgʻrisidagi qarori;
kooperativ aʼzolarining umumiy yigʻilishida ishtirok etgan kooperativ aʼzolarining roʻyxati;
kooperativ aʼzolarining umumiy yigʻilishi vakillar yigʻilishi shaklida oʻtkazilgan taqdirda, saylangan va ishtirok etgan vakillar roʻyxati;
kooperativ aʼzolarining umumiy yigʻilishiga taqdim etilgan vakolatli vakillik huquqiga doir ishonchnomalar;
umumiy yigʻilishda taqdim etilgan kooperativ aʼzolarining vakolatli vakillari saylanganligi toʻgʻrisidagi bayonnomalar;
kooperativ aʼzolarining umumiy yigʻilishi kun tartibiga doir taqdim etilgan hujjatlar;
ovoz berish chogʻida tarqatilgan va ovoz berish uchun haqiqiy deb eʼtirof etilgan byulletenlar;
kooperativ aʼzolarining umumiy yigʻilishi bayonnomasiga qoʻshib qoʻyilishi toʻgʻrisida talab bildirilgan bayonotlar, takliflar va alohida fikr-mulohazalar.
Kooperativ aʼzolarining umumiy yigʻilish bayonnomasiga kooperativ ustavida nazarda tutilgan boshqa hujjatlar ham ilova qilinishi mumkin.
Bayonnoma kamida ikki nusxada tuziladi, yigʻilishning kotibi, kuzatuv kengashining aʼzolari tomonidan uch kunlik muddatda imzolanadi va yigʻilish raisi tomonidan tasdiqlanadi.
Agar kooperativ aʼzolarining umumiy yigʻilishi bayonnomasini imzolashi lozim boʻlgan shaxslardan biri uni imzolashni rad etsa, bayonnomada bu shaxsning rad etishi sabablari koʻrsatilishi kerak.
Kooperativ boshqaruvida va kooperativning kuzatuv kengashida kooperativ aʼzolari umumiy yigʻilishi bayonnomasining bittadan nusxasi saqlanishi kerak.
Kooperativ boshqaruvi kooperativ aʼzosining talabiga koʻra uni kooperativ aʼzolari umumiy yigʻilishining bayonnomasi bilan tanishtirishi yoki unga yigʻilish bayonnomasining tasdiqlangan koʻchirma nusxasini yoxud bayonnomadan koʻchirma berishi shart, bundan kooperativ aʼzolarining umumiy yigʻilishi tomonidan tijorat siri jumlasiga kiritilgan maʼlumotlar mustasno.
Agar kooperativ aʼzolari kooperativ aʼzolarining umumiy yigʻilishi bayonnomasining ishonchsizligi yoki toʻliq emasligi toʻgʻrisida arz qilgan boʻlsa, ushbu arzlar kooperativ aʼzolarining navbatdagi umumiy yigʻilishida koʻrib chiqilishi kerak.
26-modda. Kooperativ aʼzolarining vakolatli vakillari yigʻilishi
Kooperativ aʼzolarining soni ikki yuz nafardan ortiq boʻlgan kooperativning ustavida kooperativ aʼzolarining umumiy yigʻilishi saylanadigan vakillardan iborat boʻlishi mumkinligi (bundan buyon matnda vakillar yigʻilishi deb yuritiladi) nazarda tutilishi mumkin.
Kooperativ aʼzosi yoki kooperativning aʼzosi boʻlgan yuridik shaxsning vakili hisoblangan jismoniy shaxs vakolatli vakil boʻlishi mumkin.
Kooperativ boshqaruvi raisi va kooperativ boshqaruvi aʼzolari, kooperativ kuzatuv kengashi aʼzolari vakolatli vakil sifatida saylanishga haqli emas.
Vakillar yigʻilishida kooperativ boshqaruvi raisi va kooperativ boshqaruvi aʼzolari, kuzatuv kengashi aʼzolari ovoz berish huquqisiz ishtirok etishi mumkin, biroq ular soʻzga chiqish va takliflar kiritish huquqiga ega boʻladi.
Ushbu Qonunda va kooperativ ustavida kooperativ aʼzolarining umumiy yigʻilishi toʻgʻrisida belgilangan qoidalar vakillar yigʻilishiga nisbatan ham tatbiq qilinadi.
Vakolatli vakillar kooperativ aʼzolarining ish joyi yoki yashash joyi yoxud boshqa joylarda boʻlib oʻtadigan yigʻilishlarida toʻgʻridan-toʻgʻri, teng huquqli va yashirin ovoz berish yoʻli bilan saylanadi. Vakolatli vakillarning vakolatlari muddati kooperativ ustavida belgilanadi. Kooperativ aʼzolari ushbu Qonunning 23-moddasida belgilangan tartibda vakillar yigʻilishining kun tartibi, u oʻtkaziladigan sana, joy va vaqt, vakolatli vakillarni saylash tartibi koʻrsatilgan holda, vakolatli vakillar saylanishidan bir oy oldin yozma shaklda xabardor qilinishi kerak.
Vakolatli vakillarning soni tegishli moliya yilining oxiridagi kooperativ aʼzolari sonidan kelib chiqqan holda belgilanadi. Bunda kooperativ ustavida bir vakolatli vakil bir necha kooperativ aʼzosi nomidan vakillik qilishi mumkinligi, shuningdek har bir vakil koʻpi bilan oʻn nafar kooperativ aʼzosi nomidan vakillik qilishi mumkinligi nazarda tutilishi mumkin.
Vakolatli vakil saylanganligi uni saylagan yigʻilish raisi va kotibi tomonidan imzolangan bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi.
Saylangan vakolatli vakillarning roʻyxati ular saylanganidan keyin ikki haftadan kechiktirmay kooperativ idorasida kooperativning aʼzolari tanishib chiqishi uchun eʼlon qilinadi. Kooperativning har bir aʼzosiga uning talabiga koʻra roʻyxatning koʻchirma nusxasi taqdim etiladi.
Vakolatli vakillarni saylash tartibi toʻgʻrisidagi toʻliq maʼlumotlar kooperativ boshqaruvi va kuzatuv kengashi bir vaqtda qabul qilgan qarorlarga asosan vakillarni saylash qoidalarida koʻrsatiladi. Vakolatli vakillarni saylash qoidalari kooperativ aʼzolarining umumiy yigʻilishi tomonidan tasdiqlanishi kerak.
Vakolatli vakillar oʻz vakolatlarini kooperativning boshqa aʼzolariga ishonchli vakil yoki vakolatli vakil sifatida berishi mumkin emas.
27-modda. Kooperativ boshqaruvi
Kooperativ boshqaruvi kooperativning ijro etuvchi organidir.
Kooperativ boshqaruvining raisi kooperativ boshqaruvi aʼzolari orasidan saylanadi va kooperativ boshqaruvining majlislarida raislik qiladi.
Kooperativ boshqaruvi kooperativ boshqaruvining raisidan va kooperativ boshqaruvining juft sonli aʼzolaridan iborat boʻladi.
Kooperativ boshqaruvi raisi va uning aʼzolari uch yildan koʻp boʻlmagan muddatga saylanadi. Kooperativ ustavida kooperativ boshqaruvi raisi va uning aʼzolari iqtisodiyot, qishloq xoʻjaligi, boshqaruv sohasida va boshqa sohalarda yuqori malakaga, shuningdek koʻp yillik tajribaga ega boʻlishi kerakligi haqidagi qoida belgilab qoʻyilishi mumkin.
Kooperativ boshqaruvi raisi yoki kooperativ boshqaruvi aʼzolari kooperativ aʼzolarining umumiy yigʻilishi qaroriga asosan istalgan vaqtda lavozimidan ozod etilishi mumkin.
Kooperativ aʼzolarining umumiy yigʻilishini chaqirish huquqiga ega boʻlgan, kooperativ boshqaruvi raisini yoki kooperativ boshqaruvi aʼzosini muddatidan ilgari vazifasidan ozod etish toʻgʻrisidagi masalani kooperativ aʼzolari umumiy yigʻilishining kun tartibiga kiritishni taklif qilgan kooperativ aʼzolari oʻz takliflarini va asoslarini yozma shaklda taqdim etishi kerak.
Kooperativ boshqaruvi raisini yoki kooperativ boshqaruvi aʼzosini muddatidan ilgari lavozimidan ozod etish uchun asos boʻlgan auditorlik xulosasi kooperativ aʼzolarining umumiy yigʻilishida eʼlon qilinishi kerak.
Kooperativ boshqaruvi kooperativ ustavi hamda kooperativ aʼzolarining umumiy yigʻilishi tomonidan tasdiqlangan kooperativ boshqaruvi toʻgʻrisidagi nizom asosida tashkil etiladi va faoliyatini amalga oshiradi. Kooperativ boshqaruvi toʻgʻrisidagi nizomda kooperativ boshqaruvi aʼzolarining funksional vazifalari, kooperativ boshqaruvi majlislarini chaqirish va oʻtkazish, qarorlar qabul qilish va kooperativ boshqaruvi majlisining bayonnomasini tuzish tartibi belgilanishi kerak.
Kooperativ boshqaruvining qarorlari har ikki oyda kamida bir marta oʻtkaziladigan boshqaruv majlislarida qabul qilinadi.
Kooperativ boshqaruvining majlisida har bir masala koʻpchilik ovoz bilan hal qilinadi, bunda boshqaruvning har bir aʼzosi bir ovozga ega boʻladi.
Kooperativ ustavida kooperativ boshqaruvining aʼzolari oʻz vazifalarini bajarishi chogʻida haq va (yoki) xarajatlari uchun kompensatsiya olishi yoki olmasligi koʻrsatilishi kerak. Agar ushbu aʼzolar haq va (yoki) kompensatsiya olsa, ularni moliyalashtirish manbalari kooperativning ustavida koʻrsatilishi kerak.
Kooperativ boshqaruvi aʼzolari oʻz vakolatlarini boshqa shaxslarga berishi mumkin emas.
28-modda. Kooperativ boshqaruvining vakolatlari
Kooperativ boshqaruvining vakolatlari jumlasiga quyidagilar kiradi:
kooperativning faoliyati samaradorligini oshirish va kooperativ ustavida nazarda tutilgan qoidalar asosida, kooperativ manfaatlarini inobatga olgan holda kooperativni boshqarish;
kooperativ nomidan harakatlarni bajarish va uning nomidan shartnomalar tuzish;
kooperativning buxgalteriya hisobi holatini kuzatib turish, inventarizatsiya oʻtkazish, yillik hisobotni va yillik balansni tuzish, ularni kooperativ kuzatuv kengashiga taqdim etish hamda ularni kooperativ aʼzolarining umumiy yigʻilishi muhokamasiga qoʻyish;
yillik hisobotni yoki yillik balansni tayyorlash chogʻida kooperativda zararlar aniqlanganligi yoki ularning oʻrnini zaxira manbalar hisobidan qoplash zarurati yuzaga kelganligi toʻgʻrisidagi axborotni kooperativ aʼzolariga maʼlum qilish;
kooperativda aniqlangan zararlarning oʻrnini qoplash uchun zaxira jamgʻarma mablagʻlari yetarli boʻlmagan taqdirda, kooperativ aʼzolarining umumiy yigʻilishini chaqirish va ushbu masalani muhokama qilish;
kooperativga aʼzo boʻlish va kooperativga aʼzolikni tugatish toʻgʻrisidagi arizalarni qabul qilish, koʻrib chiqish va ushbu masalalar yuzasidan kooperativ aʼzolarining umumiy yigʻilishi koʻrib chiqishi uchun takliflar kiritish;
kooperativ aʼzolarini kooperativ aʼzoligidan chiqarish toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqish va kooperativ aʼzolarining umumiy yigʻilishiga ushbu masala boʻyicha takliflar kiritish;
kooperativga aʼzolik tugatilganda qaytarilishi lozim boʻlgan payning miqdorini va shaklini belgilash;
kooperativ aʼzolari umumiy yigʻilishining kun tartibini shakllantirish va uni chaqirish;
kooperativning kuzatuv kengashi bilan birgalikda yillik sof foydaning miqdorini tasdiqlash, kooperativning yillik sof foydasini taqsimlash va zararlarining oʻrnini qoplash toʻgʻrisida takliflar kiritish;
kooperativ aʼzolari umumiy yigʻilishining vakolatlari jumlasiga kiritilmagan bitimlarni bajarish;
kooperativning kuzatuv kengashi bilan birgalikda moliya-xoʻjalik faoliyati auditi natijalari toʻgʻrisidagi auditorlik xulosasini koʻrib chiqish va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha choralar belgilash;
kooperativ aʼzolarining pul shaklida boʻlmagan pay badallarining, shu jumladan mulkiy paylarning, mol-mulkning yoki mulkiy huquqlarning pulda ifodalangan qiymatini tasdiqlash;
ushbu Qonunga, kooperativ ustaviga va tegishli qonunchilik hujjatlariga muvofiq kooperativda ishlarni tashkil etish, rejalashtirish va hujjatlarni hamda hisobotlarni, shuningdek kooperativ aʼzolarining reyestrini yuritish tartibi va qoidalariga rioya etilishini taʼminlash.
Kooperativ boshqaruvining vakolatlari jumlasiga ushbu Qonunda, kooperativ ustavida, kooperativ boshqaruvi toʻgʻrisidagi nizomda yoki kooperativ aʼzolarining umumiy yigʻilishi qarorlarida nazarda tutilgan boshqa masalalar ham kiritilishi mumkin.
29-modda. Kooperativ boshqaruvi raisining vakolatlari
Kooperativ boshqaruvi raisining vakolatlari jumlasiga quyidagilar kiradi:
kooperativ boshqaruvining majlislarida raislik qilish;
kooperativ boshqaruvi nomidan qabul qilingan qarorlarni va kooperativ boshqaruvi majlislarining bayonnomalarini imzolash, agar kooperativ ustavida yoki kooperativ boshqaruvi toʻgʻrisidagi nizomda qarorlar va bayonnomalar kooperativ boshqaruvining boshqa aʼzolari tomonidan imzolanishi nazarda tutilmagan boʻlsa;
vakolatli vakillar uchun kooperativ nomidan ishonchnomalarni imzolash;
kooperativ boshqaruvining taklifiga asosan ijrochi direktorni tayinlash va u bilan mehnat shartnomasini tuzish;
ushbu organlarning vakolatlariga kiruvchi masalalarga doir ishlarni kooperativ aʼzolari umumiy yigʻilishining, kooperativ kuzatuv kengashining va kooperativ boshqaruvining qarorlari asosida ishonchnomasiz yuritish.
Kooperativ boshqaruvning raisi qonunchilik hujjatlariga zid boʻlmagan boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
30-modda. Kooperativning kuzatuv kengashi
Kooperativning kuzatuv kengashi ushbu Qonunning 20-moddasiga muvofiq tashkil etiladi hamda toq sondan va kooperativning kamida uch nafar aʼzosidan iborat boʻladi.
Kooperativ kuzatuv kengashi aʼzolari kooperativ aʼzolarining umumiy yigʻilishi tomonidan kooperativ aʼzolari orasidan kamida uch yil muddatga saylanadi.
Kooperativ kuzatuv kengashining aʼzosi bir vaqtning oʻzida kooperativ boshqaruvining aʼzosi, kooperativ raisi yoki ijrochi direktori boʻlishi mumkin emas.
Oʻz lavozimidan ozod boʻlish xohishini bildirgan kooperativ boshqaruvining aʼzolari yoki boshqaruv raisi kooperativ aʼzolari umumiy yigʻilishining qaroriga koʻra oʻz lavozimidan ozod etilmaguniga qadar kooperativning kuzatuv kengashiga saylanishi mumkin emas.
Kooperativ aʼzolarining umumiy yigʻilishida kuzatuv kengashiga saylov yoki qoʻshimcha saylov oʻtkazilganda kooperativ boshqaruvi aʼzolari va kooperativ boshqaruvi raisi oʻz nomzodlarini taklif etishi mumkin emas.
Kooperativ kuzatuv kengashining aʼzosi oʻz vakolatlari muddati tugashidan oldin kooperativ aʼzolari umumiy yigʻilishining qaroriga koʻra lavozimidan ozod etilishi mumkin. Ushbu qaror kooperativ aʼzolarining umumiy yigʻilishida ishtirok etgan kooperativ aʼzolarining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
Kooperativ kuzatuv kengashining aʼzolari oʻz tarkibidan kuzatuv kengashi raisini saylaydi va rasmiylashtirilgan bayonnomani kooperativ boshqaruviga rasmiy tarzda taqdim etadi.
Kooperativ kuzatuv kengashi raisining vazifalari jumlasiga kooperativ aʼzolarining umumiy yigʻilishi tomonidan tasdiqlangan kooperativning kuzatuv kengashi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq kuzatuv kengashining majlislarini tayyorlash, chaqirish, ularda raislik qilish hamda kuzatuv kengashining faoliyatini tashkil etish kiradi.
Kooperativ kuzatuv kengashining qarorlari kuzatuv kengashining har uch oyda kamida bir marta oʻtkaziladigan majlislarida qabul qilinadi.
Kooperativ kuzatuv kengashining majlisi, agar unda aʼzolarning uchdan ikki qismi hozir boʻlsa, vakolatli hisoblanadi. Kuzatuv kengashining majlisida har bir qaror majlisda ishtirok etayotgan aʼzolarning koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Bunda kuzatuv kengashining har bir aʼzosi bir ovozga ega boʻladi. Kuzatuv kengashi majlisining bayonnomasi majlisda ishtirok etgan kuzatuv kengashi aʼzolari tomonidan imzolanadi.
Kooperativ aʼzosining kooperativ kuzatuv kengashi aʼzosi sifatidagi faoliyati oylik ish haqi toʻlanmagan holda jamoatchilik asosida amalga oshiriladi. Kooperativ kuzatuv kengashi aʼzosining oʻz vakolatlarini amalga oshirish chogʻida qilgan xarajatlari kooperativ aʼzolari umumiy yigʻilishining qaroriga muvofiq kompensatsiya qilinadi.
31-modda. Kooperativ kuzatuv kengashining vakolatlari
Kooperativ kuzatuv kengashining vakolatlari jumlasiga quyidagilar kiradi:
kooperativ boshqaruvining va uning raisining faoliyati ustidan nazoratni amalga oshirish;
kooperativ boshqaruvidan kooperativ faoliyati bilan bogʻliq maʼlumotlar, hisobotlar va hujjatlarni olish, shuningdek hisob-kitob varaqlari va yozuvlar bilan tanishish;
kooperativ aʼzolarining umumiy yigʻilishiga kooperativ boshqaruvi tomonidan taqdim etilgan yillik hisobotni, yillik sof foydani taqsimlash va yillik kamomadning oʻrnini qoplash boʻyicha takliflarni oʻrganish, yillik buxgalteriya balansini va hisobotlarni tasdiqlashdan oldin kooperativ aʼzolarining umumiy yigʻilishiga tekshirish natijalarini taqdim etish;
kuzatuv kengashining ayrim aʼzolariga aniq va vaqtinchalik vazifalarni bajarishni oʻz vakolatlari doirasida topshirish;
yillik balans tasdiqlanguniga qadar, auditorlik tekshiruvi natijalari toʻgʻrisida hisobot va kooperativ aʼzolarining umumiy yigʻilishi oldidan kooperativ faoliyati haqida hisobot tayyorlash;
agar kooperativning manfaatlari uchun zarur boʻlsa, kooperativ aʼzolarining umumiy yigʻilishini chaqirish;
kooperativ boshqaruvi aʼzolarining yoki raisining vakolatlarini oʻz tashabbusi bilan toʻxtatib turish, kooperativ aʼzolarining umumiy yigʻilishi tomonidan ushbu masala boʻyicha qaror qabul qilinguniga qadar kooperativ faoliyatini davom ettirish uchun zarur choralarni koʻrish;
kooperativ boshqaruvining aʼzolari yoki kooperativ boshqaruvi raisi bilan shartnomalar tuzish chogʻida, shuningdek kooperativ aʼzolarining umumiy yigʻilishi tomonidan kooperativ boshqaruvi aʼzolariga yoki kooperativ boshqaruvi raisiga nisbatan choralar koʻrish chogʻida kooperativ nomidan ish yuritish;
kooperativ boshqaruvi aʼzolariga yoki kooperativ boshqaruvi raisiga beriladigan kreditlarni kooperativ ustavida nazarda tutilgan qoidalarga muvofiq tasdiqlash.
Kooperativning kuzatuv kengashi qonunchilik hujjatlariga zid boʻlmagan boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
Kooperativ kuzatuv kengashining aʼzolari oʻz vakolatlarini boshqa shaxslarga berishga haqli emas.
32-modda. Kooperativ boshqaruvi raisining, kooperativ boshqaruvi hamda kooperativ kuzatuv kengashi aʼzolarining majburiyatlari va javobgarligi
Kooperativ boshqaruvi raisi, kooperativ boshqaruvining va kooperativ kuzatuv kengashining aʼzolari oʻz faoliyatini ushbu Qonunda va kooperativ ustavida belgilangan oʻz vakolatlari doirasida amalga oshirishi shart.
Kooperativ boshqaruvi raisi, kooperativ boshqaruvining va kuzatuv kengashining aʼzolari oʻz vakolatlarini amalga oshirish jarayonida oʻzlariga maʼlum boʻlib qolgan xizmat va (yoki) tijorat sirini tashkil etuvchi maʼlumotlarning maxfiyligini saqlashi shart.
Kooperativ boshqaruvi raisi, kooperativ boshqaruvining va kooperativ kuzatuv kengashining aʼzolari ushbu Qonun hamda kooperativ ustavi talablarini buzganligi, shuningdek oʻz majburiyatlarini bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi oqibatida kooperativga yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash uchun tegishli sud qarori asosida solidar hamda yakka tartibda javobgar boʻladi.
Kooperativ boshqaruvi raisi va kooperativ boshqaruvining aʼzolari kooperativ aʼzosiga pay, dividendlar yoki foydadan ulush toʻlashni amalga oshirishning, aktivlarni boshqa shaxsga berishning yoki taqsimlashning, toʻlovga qobiliyatsizlik holati boshlanganidan keyin toʻlovlarni amalga oshirishning, ruxsatsiz kredit berishning ushbu Qonunga yoki kooperativ ustaviga zid boʻlgan usullarini qoʻllash chogʻida yoxud boshqacha tarzda yetkazilgan zarar uchun javobgar boʻladi.
Kooperativ boshqaruvi raisi, kooperativ boshqaruvining va kuzatuv kengashining aʼzolari kooperativ aʼzolari umumiy yigʻilishining qarori asosida amalga oshirilgan faoliyat natijasida kooperativga yetkazilgan zarar uchun javobgar boʻlmaydi.
Kooperativ boshqaruvi raisining va aʼzolarining zimmasida qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
33-modda. Kooperativ boshqaruvi organlarining qarorlari va kooperativ mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilish
Kooperativ aʼzolari kooperativ boshqaruvi organlarining, shu jumladan mansabdor shaxslarining ushbu Qonun va kooperativ ustavi talablarini, shuningdek kooperativ aʼzolarining huquqlari va (yoki) qonuniy manfaatlarini buzadigan qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) ustidan sudga shikoyat qilishi mumkin.
5-bob. Kooperativning kapitali, pay badallari, zaxira jamgʻarmasi
34-modda. Kooperativning oʻz kapitalini shakllantirish manbalari
Kooperativning oʻz kapitali quyidagi manbalar hisobidan shakllantiriladi:
kooperativ aʼzolarining ushbu Qonunda va kooperativ ustavida nazarda tutilgan majburiy pay badallari va qoʻshimcha pay badallari;
investitsiya kirituvchi kooperativ aʼzolarining majburiy pay badallari va qoʻshimcha pay badallari;
kooperativ faoliyati natijasida olingan yillik sof foydaning kooperativning zaxira, boʻlinmas va boshqa jamgʻarmalariga ajratilishi kerak boʻlgan qismi;
kooperativ ustaviga, ushbu Qonunga va boshqa qonunchilik hujjatlariga muvofiq kooperativ oʻz kapitalining boshqa manbalari.
Kooperativ kooperativning aʼzolari tomonidan oʻziga pay badallari sifatida berilgan, shuningdek oʻz faoliyati jarayonida ishlab chiqarilgan va sotib olingan mol-mulkning mulkdoridir.
35-modda. Kooperativ aʼzolarining pay badallari va paylari
Kooperativ aʼzolarining pay badallari majburiy va qoʻshimcha pay badallari tarzida kiritiladi.
Kooperativning majburiy pay badali kooperativning har bir aʼzosi uchun teng miqdorlarda belgilanadi.
Kooperativ aʼzolarining qoʻshimcha pay badallarini kiritish majburiyatining mavjudligi yoki mavjud emasligi kooperativ aʼzolari umumiy yigʻilishining qarori bilan belgilanadi. Bunda majburiy pay badalini toʻliq hajmda toʻlagan hamda kooperativ aʼzoligiga kirgan davri olti oydan kam boʻlmagan kooperativ aʼzolariga qoʻshimcha pay badalini kiritishga ruxsat beriladi.
Kooperativ ustavida qoʻshimcha pay badalining miqdoriga nisbatan cheklovlar va qoʻshimcha shartlar belgilanishi mumkin.
Kooperativ har bir aʼzosi umumiy pay qiymatining miqdori majburiy va qoʻshimcha pay badallarining umumiy qiymatiga tengdir.
Umumiy pay qiymatining miqdori yillik sof foydadan kooperativning zaxira jamgʻarmasiga chegirma qilingan mablagʻlar hisobiga koʻpayib borishi yoki yil yakunlariga koʻra yuzaga kelgan zarar hisobiga kamayib borishi mumkin.
Kooperativ bir aʼzosi umumiy pay qiymatining miqdori kooperativ pay fondi miqdorining yigirma foizidan oshmasligi kerak.
Qoʻshma kooperativ bir aʼzosi umumiy pay qiymatining miqdori qoʻshma kooperativ pay fondining qirq foizidan oshmasligi kerak.
Kooperativ aʼzolari tomonidan kiritiladigan majburiy va qoʻshimcha pay badallarining hisobi ularning puldagi ifodasida yuritiladi. Kooperativ tomonidan kooperativ aʼzosiga majburiy va qoʻshimcha badallarni kiritishi uchun kreditlar berilishi mumkin emas.
Kooperativga aʼzo boʻlib kirgan shaxs pay badali hisobiga mulkiy ulushlarni va boshqa mol-mulkni yoki mulkiy huquqlarni kiritgan taqdirda pay badalining puldagi qiymati kooperativ boshqaruvi tomonidan baholanadi hamda kooperativ aʼzolarining umumiy yigʻilishida tasdiqlanadi. Kooperativ aʼzolari umumiy yigʻilishining qaroriga koʻra pay badalining puldagi qiymati mustaqil baholovchi (baholovchi tashkilot) tomonidan baholanishi mumkin.
Baholangan pay badali qiymatining majburiy pay badalidan oshgan qismi kooperativ aʼzosining roziligi bilan uning qoʻshimcha pay badali hisobiga oʻtkazilishi mumkin.
Bittadan ortiq qoʻshimcha pay badali kiritgan kooperativ aʼzosi oʻzining bir yoki bir nechta qoʻshimcha pay badalini qaytarib olishi mumkin. Bunda pay badallarini qaytarib olish moliya yilining oxirida amalga oshiriladi, bu kooperativ aʼzosining zimmasiga oʻzining pay badalini qaytarib olish niyati toʻgʻrisida moliya yili tugashidan kamida uch oy oldin yozma shaklda kooperativ boshqaruvini xabardor qilish majburiyatini yuklaydi.
Kooperativ oʻz aʼzosiga pay badalini qaytarmaydi, bundan kooperativga aʼzolikni tugatish hollari mustasno. Bunda kooperativ payni qaytarishni rad etishga yoki uni kooperativ aʼzosiga toʻlanishi lozim boʻlgan toʻlovlar hisobiga oʻtkazib yuborishga, shuningdek pay badalini kiritish uchun kooperativ aʼzosiga kredit berishga haqli emas.
36-modda. Kooperativning zaxira jamgʻarmasi, boʻlinmas jamgʻarmasi va boshqa jamgʻarmalari
Zaxira jamgʻarmasining, boʻlinmas jamgʻarmasining va boshqa jamgʻarmalarning miqdori, shuningdek ularni shakllantirish hamda ulardan foydalanish tartibi kooperativ ustavida belgilanadi.
Zaxira jamgʻarmasi kooperativ ustavida belgilangan kooperativ zaxira jamgʻarmasining miqdoriga yetguniga qadar yillik sof foydadan majburiy ajratmalar, shuningdek boshqa manbalardan, agar kooperativ ustavida nazarda tutilgan boʻlsa, ajratmalar hisobidan shakllantiriladi. Bunda sof foydadan har yilgi majburiy ajratmalar miqdori kooperativ ustavida nazarda tutiladi, biroq ushbu miqdor kooperativ ustavida belgilangan miqdorni kooperativ olguniga qadar sof foydaning kamida besh foizini tashkil etishi kerak.
Boshqa mablagʻlar mavjud boʻlmagan taqdirda, kooperativning zaxira jamgʻarmasi kooperativning zararlari oʻrnini qoplash uchun moʻljallanadi. Kooperativning zaxira jamgʻarmasi mablagʻlaridan boshqa maqsadlarda foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi.
37-modda. Kooperativning yillik sof foydasini taqsimlash va zararlarining oʻrnini qoplash
Kooperativ tomonidan soliqlar va yigʻimlar toʻliq toʻlanganidan keyin qolgan yillik sof foydani taqsimlash toʻgʻrisidagi qaror kooperativ aʼzolarining umumiy yigʻilishida qabul qilinadi, bunda yillik sof foyda quyidagi ustuvor yoʻnalishlar boʻyicha taqsimlanadi:
kooperativning muddati oʻtgan qarzlarini toʻlash;
kooperativning zaxira jamgʻarmasiga, boʻlinmas jamgʻarmasiga yoki kooperativ ustavida nazarda tutilgan boshqa jamgʻarmalarga ajratmalar qilish;
kooperativ aʼzolariga ularning majburiy va qoʻshimcha pay badallari boʻyicha tegishli boʻlgan dividendlarni toʻlash;
kooperativ aʼzolarining kooperativning iqtisodiy faoliyatidagi ishtirokiga mutanosib ravishda ularga hisob-kitob tartibiga va kooperativ ustavida nazarda tutilgan shartlarga muvofiq amalga oshiriladigan toʻlovlar.
Agar kooperativning yillik sof foydasi dividendlarni toʻlash uchun foydalanilsa, dividendlar, agar kooperativ ustavida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, kooperativ aʼzosi tomonidan majburiy va qoʻshimcha pay badallari toʻliq kiritilguniga qadar kooperativ aʼzosining pay tarkibiga kiritiladi.
Kooperativ aʼzosi tomonidan kooperativga zarar yetkazilgan taqdirda, uning kooperativga yetkazilgan zarar hisobiga kamaygan payi miqdori qayta toʻldirilguniga qadar ushbu aʼzoga dividend toʻlanmaydi.
Kooperativ aʼzolari oʻrtasida paylar boʻyicha taqsimlanadigan dividendlarning miqdori kooperativ ustavida belgilanadi.
Kooperativ aʼzolarining umumiy yigʻilishi tomonidan qabul qilingan yillik balans va shaxsiy hisobvaraqlarning maʼlumotlari asosida aniqlangan kooperativ zararlarining oʻrni ustuvorlik tartibida quyidagi tarzda qoplanadi:
kooperativning zaxira jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan;
oldingi moliya yili oxiridagi kooperativ aʼzolari payining miqdoriga mutanosib ravishda zararlarni kooperativ aʼzolari oʻrtasida taqsimlash orqali. Bu holda kooperativ aʼzolari payining miqdorlari mos ravishda kamayadi.
Kooperativ aʼzolari oʻrtasida joriy moliya yilining sof foydasi yoki zararlari ularning oldingi moliya yili oxiridagi payining miqdoriga mutanosib ravishda taqsimlanadi. Birinchi moliya yilida taqsimlash birinchi moliya yili yakunlariga koʻra ular kiritgan pay badallarining miqdoriga mutanosib ravishda amalga oshiriladi.
Kooperativning yillik sof foydasini taqsimlash yoki yillik zararlarining oʻrnini qoplash tartibi toʻgʻrisidagi qaror moliya yili tugaganidan keyin uch oy ichida kooperativ aʼzolarining umumiy yigʻilishi tomonidan qabul qilinadi.
Yillik moliyaviy hisobotlarni yoki oraliq moliyaviy hisobotlarni tuzish chogʻida yoki kooperativ faoliyatini oʻrganish davrida kooperativning zararlari miqdori kooperativ aʼzolari paylari va kooperativ zaxira jamgʻarmasi umumiy miqdorining ellik foizidan ortiqni tashkil etishi aniqlangan taqdirda, kooperativ boshqaruvi darhol kooperativ aʼzolarining umumiy yigʻilishini chaqiradi va bu haqda ularni xabardor qiladi.
38-modda. Kooperativ va uning aʼzolarining mulkiy javobgarligi
Kooperativ oʻz faoliyati bilan bogʻliq majburiyatlari boʻyicha oʻzining butun mol-mulki doirasida javobgar boʻladi. Kooperativ oʻz aʼzolarining uchinchi shaxslar oldidagi majburiyatlari boʻyicha javob bermaydi.
Kooperativ aʼzosi kooperativning majburiyatlari boʻyicha oʻz mol-mulki bilan javobgar boʻlmaydi. Kooperativ aʼzosi ushbu Qonunga va kooperativ ustaviga muvofiq kooperativ faoliyatini amalga oshirishda yuzaga keladigan zararlar uchun oʻzining majburiy pay badali miqdori doirasida, shu jumladan majburiy pay badalining kiritilmagan qismi doirasida ham javobgar boʻladi.
Agar kooperativning toʻlovga qobiliyatsizligi toʻgʻrisidagi ishni yuritish jarayonida kooperativning mol-mulki va zaxira jamgʻarmasi mablagʻlari kreditorlik qarzini toʻlash uchun yetarli boʻlmasa, agar kooperativ ustavida boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, kooperativ aʼzolarining umumiy yigʻilishida kooperativ aʼzolaridan qoʻshimcha pay badallarini yigʻish toʻgʻrisida koʻpchilik ovoz bilan qaror qabul qilinadi. Bu holda, agar kooperativ ustavida boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, qoʻshimcha pay badallarining miqdori kooperativning barcha aʼzolari uchun bir xil boʻladi.
Kooperativ aʼzosining aybi bilan yetkazilgan zararlarning oʻrni ushbu Qonunda, kooperativ ustavida va boshqa qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda qoplanadi.
6-bob. Kooperativning faoliyati
39-modda. Kooperativning bitimlari
Kooperativ va kooperativ aʼzolari oʻrtasidagi tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish bilan bogʻliq boʻlgan munosabatlarni tartibga solish maqsadida kooperativ yetishtiriladigan mahsulotlarni xarid qilish, xizmatlardan foydalanish, mahsulotni realizatsiya qilish toʻgʻrisida kooperativ aʼzolari bilan bitimlar tuzadi, shuningdek kooperativ faoliyatining maqsadlari doirasidagi shartnomaviy majburiyatlarni bajarish uchun taraflarning javobgarligini nazarda tutuvchi bitimlar va qonunchilikka muvofiq boshqa bitimlar tuzadi.
Agar kooperativning ustavida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, kooperativning mol-mulkini, shu jumladan asosiy vositalarini sotib olish yoki sotish yoxud kooperativning qarzlari, shu jumladan qarz, kredit, garov, kafillik boʻyicha bitimlar quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
foizlardagi qiymati kooperativ aktivlari umumiy qiymatining oʻn foizigacha boʻlgan bitim kooperativ boshqaruvining qaroriga koʻra tuziladi;
foizlardagi qiymati kooperativ aktivlari umumiy qiymatining oʻn foizidan yigirma foizigacha boʻlgan bitim kooperativ boshqaruvining va kooperativ kuzatuv kengashining qoʻshma qaroriga koʻra tuziladi;
foizlardagi qiymati kooperativ aktivlari umumiy qiymatining yigirma foizidan ortiq boʻlgan bitim kooperativ aʼzolari umumiy yigʻilishining qaroriga koʻra tuziladi.
Yuridik jihatdan alohida boʻlgan, ammo iqtisodiy jihatdan oʻzaro bogʻliq bitimlarning qiymati birgalikdagi saʼy-harakatlar bilan belgilanadi.
Kooperativning kooperativ boshqaruvi raisi, kooperativ boshqaruvining yoki kooperativ kuzatuv kengashining aʼzolari, ularning yaqin qarindoshlari yoxud pay miqdori pay fondidan oʻn foizdan koʻproqni tashkil etadigan pay egalari ikkinchi taraf sifatida ish yuritgan bitimi manfaatlar toʻqnashuvi mavjud boʻlgan bitim deb hisoblanadi.
Manfaatlar toʻqnashuvi mavjud boʻlgan bitimlarni tuzish toʻgʻrisidagi qarorlar kooperativ boshqaruvining va kooperativ kuzatuv kengashining qoʻshma yigʻilishida bir ovozdan qabul qilinishi hamda kooperativ aʼzolari umumiy yigʻilishida ovozlarning kamida uchdan ikki qismi bilan tasdiqlanishi kerak.
Ushbu moddada nazarda tutilgan talablar buzilgan holda tuzilgan bitim kooperativning yoki kooperativ aʼzosining talabiga koʻra haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
40-modda. Kooperativda hujjatlar va hisobotlarni yuritish
Kooperativ buxgalteriya hisobini va moliyaviy hisobotlarni toʻgʻri yuritishi, kooperativning holati toʻgʻrisidagi hisobotlarni tayyorlashi, kooperativ aʼzolari umumiy yigʻilishlarining, kooperativ boshqaruvi majlislarining hamda kooperativ kuzatuv kengashi majlislarining bayonnomalarini, kooperativ aʼzolarining reyestrini, shuningdek ushbu Qonunda, kooperativ ustavida hamda boshqa qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan oʻzga hisobotlar va hujjatlarni yuritishi shart.
Kooperativ boshqaruvi kooperativning buxgalteriya, moliyaviy va statistika hisobotlarini, shuningdek kooperativning yil davomidagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisobotni hamda auditorlik xulosasini davlat organlariga qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda taqdim etadi.
Kooperativ boshqaruvi kooperativning buxgalteriya, moliyaviy va statistika hisobotlaridagi, kooperativning yil davomidagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisobotdagi maʼlumotlarning, shuningdek ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilingan maʼlumotlarning ishonchliligi uchun qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda javobgar boʻladi.
41-modda. Kooperativning ijrochi direktori va xodimlari
Kooperativ boshqaruvi ijrochi direktorni yollashga haqli. Bunda kooperativning ijrochi direktori bilan mehnat shartnomasi kooperativ boshqaruvi nomidan kooperativ boshqaruvining raisi tomonidan tuziladi va bekor qilinadi.
Ijrochi direktor kooperativning boshqaruvi toʻgʻrisidagi nizomga, kooperativ aʼzolari umumiy yigʻilishining qarorlariga va kooperativ boshqaruvining qarorlariga asosan kooperativ va uning xodimlari faoliyatini kundalik boshqarishni hamda unga rahbarlikni amalga oshiradi. Ijrochi direktor oʻz faoliyatida kooperativ boshqaruvi raisi oldida hisobdor boʻladi, zarur boʻlgan taqdirda esa kooperativning boshqaruvi, kooperativning kuzatuv kengashi va kooperativ aʼzolarining umumiy yigʻilishi oldida hisob beradi.
Kooperativ oʻz faoliyatini samarali tashkil etish uchun xodimlarni ishga qabul qilish huquqiga ega. Bunda xodimlar bilan mehnat shartnomasi ijrochi direktor tomonidan kooperativ boshqaruvi nomidan tuziladi va bekor qilinadi. Agar kooperativda ijrochi direktor boʻlmasa, xodimlar bilan mehnat shartnomalari kooperativ boshqaruvi raisi tomonidan kooperativ boshqaruvi nomidan tuziladi va bekor qilinadi.
Kooperativ, ijrochi direktor va uning xodimlari oʻrtasidagi mehnatga oid munosabatlar mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilik bilan tartibga solinadi.
7-bob. Kooperativ faoliyatining auditorlik tekshiruvi
42-modda. Kooperativ faoliyatining auditi
Kooperativ oʻzining moliya-xoʻjalik faoliyatini tahlil qilish maqsadida majburiy auditorlik tekshiruvini oʻtkazadi, buning jarayonida moliyaviy hisobotning va boshqa moliyaviy axborotning, shu jumladan kooperativning aktivlari, kooperativning balansidagi obyektlar toʻgʻrisidagi axborotning hamda boshqa axborotning auditorlik tekshiruvi amalga oshiriladi.
Kooperativning majburiy auditorlik tekshiruvi kooperativning moliya yili tugaganidan keyin “Auditorlik faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida majburiy auditorlik tekshiruvini oʻtkazish uchun nazarda tutilgan muddatlarda oʻtkaziladi, auditorlik xulosasi esa kooperativ aʼzolarining umumiy yigʻilishi oʻtkazilguniga qadar oʻn kun oldin kooperativ boshqaruviga taqdim etilishi kerak.
Kooperativning majburiy auditorlik tekshiruvi auditor yoki auditorlik tashkiloti tomonidan shartnomaga asosan oʻtkaziladi.
Kooperativ boshqaruvi yoki kooperativ aʼzolarining umumiy yigʻilishi kooperativ aʼzolarining umumiy yigʻilishi tomonidan tanlangan auditordan yoki auditorlik tashkilotidan navbatdan tashqari auditorlik tekshiruvini oʻtkazishni istalgan vaqtda talab etishga haqli.
Kooperativning auditorlik tekshiruvini amalga oshiruvchi auditorlik tashkiloti Auditorlik tashkilotlarining reyestriga kiritilgan boʻlishi kerak.
Kooperativning auditorlik tekshiruvini oʻtkazishda auditorlik tashkilotining rahbari va auditor “Auditorlik faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida nazarda tutilgan cheklovlarga rioya etishi, shu jumladan auditorlik tekshiruvi oʻtkazilishidan oldingi oxirgi ikki moliya yili ichida kooperativ aʼzolari yoki kooperativ xodimlari, kooperativ boshqaruvining raisi, kooperativ boshqaruvining yoki kooperativ kuzatuv kengashining aʼzolari bilan mulkiy munosabatlarga ega boʻlmasligi kerak.
Auditor yoki auditorlik tashkiloti kooperativ boshqaruvi bilan shartnoma tuzadi.
Auditor yoki auditorlik tashkiloti kooperativning auditorlik tekshiruvini qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan auditorlik faoliyati standartlariga muvofiq oʻtkazadi.
Auditor yoki auditorlik tashkiloti auditorlik tekshiruvi davomida maʼlum boʻlib qolgan kooperativning tijorat sirini oshkor etishga haqli emas. Auditor yoki auditorlik tashkiloti kooperativning tijorat sirini qasddan yoki ehtiyotsizlik tufayli oshkor etganlik uchun qonunda belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 46-moddasi.
Kooperativ boshqaruvi raisi va kooperativ boshqaruvi aʼzolari, kooperativning kuzatuv kengashi, kooperativning ijrochi direktori va xodimlari kooperativning auditorlik tekshiruvini oʻtkazishda auditor yoki auditorlik tashkiloti tomonidan soʻralgan maʼlumotlarni taqdim etishi shart.
43-modda. Kooperativlarga koʻrsatiladigan auditorlik xizmatlarining turlari
Auditor yoki auditorlik tashkiloti kooperativga quyidagi auditorlik xizmatlarini koʻrsatadi:
1) kooperativning faoliyati toʻgʻrisidagi hisobotni, yillik moliyaviy hisobotini va balansini, aktivlarini, obyektlarini va kooperativ faoliyatining boshqa yoʻnalishlarini tekshirishni ular kooperativ boshqaruvi tomonidan kooperativ aʼzolarining umumiy yigʻilishiga tasdiqlash uchun taqdim etilguniga qadar amalga oshiradi;
2) kooperativning ustavida nazarda tutilgan maqsadlarga muvofiq kooperativning moliya-xoʻjalik faoliyatini, pul mablagʻlaridan maqsadli foydalanilishini va kooperativning mol-mulkidan foydalanilishini tahlil qiladi;
3) kooperativ kuzatuv kengashining raisini moliyaviy hisobotdagi auditorlik tekshiruvi davomida aniqlangan kamchiliklar va u bilan bogʻliq moliyaviy axborot toʻgʻrisida xabardor qiladi;
4) quyidagilarni oʻz ichiga olgan auditorlik xulosasini taqdim etadi:
kooperativning faoliyati toʻgʻrisidagi yillik hisobotda, yillik moliyaviy hisobotda, balansda va kooperativning boshqa hujjatlarida taqdim etilgan maʼlumotlarning ishonchliligini baholashni;
buxgalteriya hisobi toʻgʻrisidagi qonunchilikning aniqlangan buzilishlari yoki korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar haqida yaqqol guvohlik beruvchi faktlar toʻgʻrisidagi axborotni;
qonunchilikning aniqlangan buzilishlarini bartaraf etish boʻyicha tavsiyalarni;
5) kooperativning faoliyati samaradorligini oshirish va uning moliya-xoʻjalik faoliyatini takomillashtirish boʻyicha takliflar taqdim etish.
44-modda. Kooperativ aʼzolarining umumiy yigʻilishi tomonidan auditorlik xulosasini koʻrib chiqish
Kooperativ aʼzolarining navbatdagi umumiy yigʻilishida kooperativ boshqaruvi auditorlik xulosasini koʻrib chiqishga bagʻishlangan yigʻilishning kun tartibini eʼlon qiladi.
Kooperativning kuzatuv kengashi auditorlik xulosasi boʻyicha asosiy xulosalar va eʼtirozlarni taqdim etadi. Kooperativ aʼzolarining umumiy yigʻilishida ishtirok etayotgan kooperativ aʼzolarining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilingan qaror mavjud boʻlganda auditorlik xulosasi qisman yoki toʻliq oʻqib beriladi.
Kooperativ aʼzolarining umumiy yigʻilishida auditorlik xulosasini koʻrib chiqish yakunlari boʻyicha qaror kooperativ aʼzolarining umumiy yigʻilishida ishtirok etayotgan kooperativ aʼzolarining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
Auditor kooperativ aʼzolarining umumiy yigʻilishida ovoz berish huquqisiz ishtirok etadi.
8-bob. Kooperativlar faoliyatini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash
45-modda. Davlatning kooperativlarga nisbatan asosiy vazifalari
Davlat respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va qishloq xoʻjaligi tarmoqlari uchun masʼul boʻlgan jamoat birlashmalari orqali kooperativlarga taalluqli boʻlgan quyidagi vazifalarni bajaradi:
agrar-iqtisodiy siyosat yordamida kooperativlar faoliyati uchun qulay muhitni taʼminlash;
kooperativlarning samarali faoliyati va rivojlanishi uchun amaliy choralar koʻrish va qulay shart-sharoitlar yaratish;
kooperativlar faoliyatini ragʻbatlantiruvchi va qoʻllab-quvvatlovchi maqsadli dasturlarni ishlab chiqish;
davlat tomonidan qishloq xoʻjaligi korxonalariga berilayotgan imtiyozlardan toʻliq foydalanish imkoniyatini yaratish;
bank kreditlaridan va boshqa moliyaviy resurslardan foydalanishda kooperativlarga koʻmaklashish;
kooperativlarni iqtisodiy, sotsial, hududiy va ijtimoiy jihatdan rivojlantirish uchun ularning nisbiy afzalliklarini hisobga oladigan hamda kooperativ aʼzosining kooperativning yillik sof foydasidan ushlab qolingan daromadlariga qayta soliq solishning oldini oladigan soliq toʻgʻrisidagi qonunchilik normalarini amalga oshirish;
kooperativlarning rivojlanishini qoʻllab-quvvatlash uchun tegishli milliy va xalqaro davlat tashkilotlari hamda xususiy tashkilotlar bilan hamkorlik qilish;
kooperativlarni kooperativlar assotsiatsiyasiga birlashtirishga koʻmaklashish;
kooperativlar faoliyatini taʼminlash bilan bogʻliq boshqa vazifalarni ushbu Qonunga va boshqa qonunchilik hujjatlariga muvofiq bajarish.
46-modda. Kooperativlar faoliyatining kafolatlari
Davlat organlari, boshqa tashkilotlar va mansabdor shaxslar kooperativning qonunchilikka muvofiq amalga oshirayotgan faoliyatiga aralashishga haqli emas.
Kooperativga yetkazilgan haqiqiy zararlarning oʻrni, shu jumladan boy berilgan foyda ushbu zararlarni yetkazgan shaxs tomonidan toʻliq qoplanishi kerak.
Davlat organi yoki fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi tomonidan qonunchilikka muvofiq boʻlmagan hujjat qabul qilinganligi, shuningdek ular mansabdor shaxslarining qonunga xilof harakatlari (harakatsizligi) natijasida kooperativga yetkazilgan zararlarning oʻrni davlat yoki fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari tomonidan qoplanishi lozim. Bunday zararlarning oʻrni davlat organining budjetdan tashqari mablagʻlari yoki fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organining mablagʻlari hisobidan qoplanadi. Sudning qarori bilan zararlarning oʻrnini qoplash zarar yetkazgan davlat organlarining, fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining mansabdor shaxslari zimmasiga yuklatilishi mumkin.
9-bob. Kooperativni qayta tashkil etish va tugatish
47-modda. Kooperativni qayta tashkil etish
Kooperativni qayta tashkil etish qonunchilikda va kooperativ ustavida belgilangan tartibda qoʻshib yuborish, qoʻshib olish, boʻlish, ajratib chiqarish va oʻzgartirish shaklida amalga oshiriladi.
Kooperativ kooperativ aʼzolarining umumiy yigʻilishi qaroriga koʻra qayta tashkil etilishi mumkin.
Kooperativni qayta tashkil etish quyidagi hollarda amalga oshiriladi:
kooperativni bir yoki bir nechta boshqa kooperativlar bilan yangi kooperativga qoʻshib yuborish, bunda kooperativlarning huquq va majburiyatlari topshirish dalolatnomasida koʻrsatilgani yoki koʻrsatilmaganidan qatʼi nazar, yangidan vujudga kelgan kooperativga oʻtadi;
kooperativni boshqa kooperativga qoʻshib olish, bunda topshirish dalolatnomasida koʻrsatilgani yoki koʻrsatilmaganidan qatʼi nazar, qoʻshib olingan kooperativning huquq va majburiyatlari uni oʻziga qoʻshib olayotgan kooperativga oʻtadi;
kooperativni ikki yoki undan ortiq yangi kooperativlarga boʻlish, bunda taqsimlash balansiga muvofiq kooperativning huquq va majburiyatlari yangidan vujudga kelgan kooperativlarga oʻtadi;
kooperativ tarkibidan uning bir qismini yoki bir nechta kooperativlarning bir qismini ajratib chiqarish, bunda qayta tashkil etilgan kooperativning huquq va majburiyatlari taqsimlash balansiga muvofiq ularning har biriga oʻtadi;
bir turdagi kooperativni boshqa turdagi yuridik shaxs etib oʻzgartirish (tashkiliy-huquqiy shaklini oʻzgartirish), bunda qayta tashkil etilgan kooperativning huquq va majburiyatlari topshirish dalolatnomasida koʻrsatilgani yoki koʻrsatilmaganidan qatʼi nazar, yangidan vujudga kelgan yuridik shaxsga oʻtadi.
Kooperativni qayta tashkil etish, kooperativning qarzlarini toʻlash hamda kooperativning qolgan aktivlarini kooperativ aʼzolari oʻrtasida taqsimlash tartibi va shartlari kooperativning ustavida belgilanadi.
Kooperativni qayta tashkil etish toʻgʻrisidagi qaror kooperativ aʼzolarining umumiy yigʻilishida kooperativ aʼzolari umumiy sonining toʻrtdan uch qismidan iborat koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
Kooperativni qayta tashkil etishda uning ustaviga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritiladi, ular davlat xizmatlari markazida davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi lozim.
48-modda. Kooperativni tugatish turlari
Kooperativni tugatish uning huquq va majburiyatlarini huquqiy vorislik tartibida boshqa shaxslarga oʻtkazmasdan tugatishga olib keladi.
Kooperativni tugatish quyidagilar orqali amalga oshiriladi:
kooperativ aʼzolarining umumiy yigʻilishi qaroriga koʻra ixtiyoriy ravishda tugatish;
uni sud tartibida bankrot deb topish hamda Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksida nazarda tutilgan hollarda sudning qaroriga asosan tugatish;
uni Moliya-xoʻjalik faoliyatini amalga oshirmaydigan tadbirkorlik subyektlari reyestridan chiqarish.
49-modda. Kooperativni tugatish uchun asoslar
Kooperativ quyidagi hollarda tugatilishi mumkin:
kooperativ aʼzolari umumiy yigʻilishining qaroriga muvofiq, shu jumladan kooperativning amal qilish muddati tugaganligi, uni tashkil etish maqsadiga erishilganligi munosabati bilan yoxud kooperativni tashkil etish chogʻida qonun buzilganligi munosabati bilan, agar bunda qoidabuzarliklarni bartaraf etish mumkin boʻlmasa, kooperativni davlat roʻyxatidan oʻtkazish sud tomonidan haqiqiy emas deb topilganda;
faoliyat litsenziyasiz, ruxsat etish xususiyatiga ega boʻlgan hujjatsiz va vakolatli organni xabardor qilmasdan amalga oshirilgan yoxud qonun bilan taqiqlangan faoliyat amalga oshirilgan taqdirda, agar qonunchilikda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, shuningdek qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa hollarda;
harakatsizlik rejimiga oʻtkazilgan paytdan eʼtiboran uch yil ichida moliya-xoʻjalik faoliyati amalga oshirilmagan taqdirda;
kooperativ bankrot deb topilgan taqdirda;
agar kooperativ aʼzolarining soni yettita kooperativ aʼzosidan kam boʻlsa yoki qoʻshma kooperativ aʼzolarining soni uchta qoʻshma kooperativ aʼzolaridan kam boʻlsa;
agar kooperativ aʼzolarining yillik umumiy yigʻilishi ketma-ket uch moliya yili ichida chaqirilmagan boʻlsa;
kooperativning toʻlovga qobiliyatsizligi tufayli;
qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda.
Kooperativ tugatilishi munosabati bilan uning faoliyatini tugatish ushbu Qonunning 51-moddasiga muvofiq amalga oshiriladi.
50-modda. Kooperativning davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini haqiqiy emas deb topish
Kooperativni davlat roʻyxatidan oʻtkazish uni tashkil etish chogʻida yoʻl qoʻyilgan qonunchilik buzilishlari munosabati bilan, agar ushbu qoidabuzarliklar bartaraf etib boʻlmaydigan xususiyatga ega boʻlsa, sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
Kooperativning har qanday aʼzosi, kooperativ boshqaruvining yoki kooperativ kuzatuv kengashining aʼzosi kooperativni davlat roʻyxatidan oʻtkazishni haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisida ariza bilan sudga murojaat etishga haqli.
Kooperativ ustavini ishlab chiqish bilan bogʻliq har qanday kamchiliklar kooperativ aʼzolari umumiy yigʻilishining qarori bilan mazkur ustavga ushbu Qonunda belgilangan tartibda tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish orqali bartaraf etilishi mumkin.
Davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi haqiqiy emas deb topilgan kooperativ faoliyatini tugatish ushbu Qonunning 51-moddasida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.
51-modda. Kooperativni tugatish tartibi
Kooperativni ixtiyoriy ravishda tugatish toʻgʻrisidagi qaror qonunchilikda belgilangan tartibda kooperativ aʼzolarining umumiy yigʻilishi yoki boshqa vakolatli organ tomonidan qabul qilinadi.
Kooperativni ixtiyoriy ravishda tugatish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran bir ish kuni ichida davlat xizmatlari markaziga yuboriladi.
Kooperativ boshqaruvi kooperativ aʼzolari umumiy yigʻilishining yoki vakolatli organning topshirigʻiga koʻra tugatuvchini — tugatish komissiyasini tayinlaydi hamda tugatish tartibi va muddatini Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksiga muvofiq belgilaydi.
Kooperativ aʼzolari umumiy yigʻilishining arizasiga koʻra sudning kooperativni tugatish toʻgʻrisidagi qarori bilan kooperativ boshqaruvining yoki kooperativ ustavida kooperativni tugatishga vakolat berilgan boshqa organning zimmasiga kooperativni tugatish vazifasi yuklatilishi mumkin.
Kooperativni ixtiyoriy ravishda tugatish jarayoni tugatish komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi. Tugatish komissiyasi aʼzolari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar kooperativni ixtiyoriy tugatish haqida davlat xizmatlari markaziga yuborilgan qarorda koʻrsatiladi.
Tugatish komissiyasi kreditorlarni aniqlash va ularni kooperativni tugatish toʻgʻrisida yozma shaklda xabardor qilish choralarini koʻradi.
Tugatish komissiyasi tayinlangan paytdan eʼtiboran kooperativ ishlarini boshqarish vakolatlari ushbu komissiyaga oʻtadi. Tugatish komissiyasi sudda tugatilayotgan kooperativ nomidan daʼvogar yoki javobgar sifatida ish yuritadi.
Tugatish komissiyasi tadbirkorlik faoliyatini yakunlash boʻyicha tegishli choralarni koʻradi, shuningdek qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa harakatlarni bajaradi.
Tugatish komissiyasi kooperativning rasmiy hujjatlaridagi kooperativ nomiga “tugatilayotgan” degan soʻzni qoʻshadi va uning nomidan imzo qoʻyadi.
Kooperativni tugatish, shuningdek uning toʻlovga qobiliyatsizligi toʻgʻrisidagi ishni koʻrib chiqish bilan bogʻliq boshqa vakolatlar, vazifalar, huquqlar, majburiyatlar va oʻzga shartlar qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.
52-modda. Kooperativning toʻlovga qobiliyatsizligi toʻgʻrisidagi ishni koʻrib chiqish
Agar kooperativ aʼzolari cheklangan miqdorda qoʻshimcha pay badallarini kiritish majburiyatiga ega boʻlsa va ushbu toʻlovlarni kiritish imkoniyati mavjud boʻlmasa yoxud agar kooperativ tugatilayotgan boʻlsa, toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi ishni koʻrib chiqish jarayonida undiruv kooperativning mol-mulkiga qaratilishi mumkin.
Toʻlovga qobiliyatsizlik belgilari mavjud boʻlgan taqdirda, kooperativning toʻlovga qobiliyatsizligi toʻgʻrisida ish qoʻzgʻatish haqidagi ariza kooperativ boshqaruvi tomonidan sudga beriladi, kooperativ tugatilayotganda kreditorlarning talablarini toʻliq hajmda qanoatlantirish imkoniyati boʻlmagan taqdirda esa kooperativga nisbatan toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida ish qoʻzgʻatish haqidagi ariza bilan tugatish komissiyasi sudga murojaat qiladi.
Kooperativ sud tomonidan toʻlovga qobiliyatsiz deb topilgan paytdan eʼtiboran kooperativ boshqaruvi kooperativning mol-mulkini tasarruf etishga haqli emas.
Kooperativning toʻlovga qobiliyatsizligi toʻgʻrisidagi ishni koʻrib chiqish chogʻida toʻlovga qobiliyatsizlik tartib-taomillarini qoʻllash tartibi “Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni bilan tartibga solinadi.
53-modda. Kooperativni tugatish va kooperativning toʻlovga qobiliyatsizligi toʻgʻrisidagi ishni sud tomonidan koʻrib chiqish davrida kooperativ aʼzolarining huquq va majburiyatlari
Kooperativ tugatilayotgan va sud tomonidan kooperativning toʻlovga qobiliyatsizligi toʻgʻrisidagi ish koʻrib chiqilayotgan davrda kooperativ aʼzolarining majburiy pay badallari miqdorini oshirishga yoki kooperativ aʼzolarining qoʻshimcha badallar boʻyicha majburiyatlari chegaralarini oshirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Kooperativ kreditorlarining talablari qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda qanoatlantiriladi.
Kooperativ tugatilayotgan va sud tomonidan uning toʻlovga qobiliyatsizligi toʻgʻrisidagi ish koʻrib chiqilayotgan davrda kooperativning mol-mulki kreditorlarning talablarini qanoatlantirish uchun yetarli boʻlmagan taqdirda, kooperativ aʼzolarining umumiy yigʻilishi ovozlarning toʻrtdan uch qismidan iborat boʻlgan koʻpchilik ovoz bilan majburiy pay badalini toʻliq hajmda kiritmagan kooperativ aʼzolarining zimmasiga pay badalining kamomadni qoplash uchun zarur boʻlgan qolgan qismini belgilangan muddat ichida kiritish majburiyatini yuklashi mumkin. Tugatish balansini tuzishda majburiy pay badallari toʻliq toʻlangan deb hisobga olinadi.
Kooperativning mol-mulki kreditorlarning talablarini qanoatlantirish uchun yetarli boʻlmagan taqdirda, kooperativ aʼzolarining umumiy yigʻilishi ovozlarning toʻrtdan uch qismidan iborat boʻlgan koʻpchilik ovoz bilan kooperativ aʼzolarining zimmasiga kamomadni qoplash uchun zarur boʻlgan miqdordagi qoʻshimcha pay badallarini oʻz qoʻshimcha pay badallarining umumiy summasiga mutanosib ravishda kiritish majburiyatini yuklashi mumkin, bunda qoʻshimcha pay badallari pay badallari miqdoridan oshmasligi kerak. Mazkur qoida, agar kooperativ ustavida kooperativning mol-mulki kreditorlar talablarini qanoatlantirish uchun yetarli boʻlmagan hollarda, kooperativ aʼzolari kooperativ tugatilayotgan davrda qoʻshimcha pay badallarini kiritmasligi kerakligi belgilangan boʻlsa, qoʻllanilmaydi.
Agar tugatilayotgan kooperativning pul mablagʻlari kreditorlarning talablarini qanoatlantirish uchun yetarli boʻlmasa, tugatish komissiyasi kreditorlarning talablarini qanoatlantirish maqsadida kooperativning mol-mulkini qonunchilikda belgilangan tartibda ochiq savdolarda sotishni amalga oshiradi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 12-yanvardagi 18-son qarori bilan tasdiqlangan “E-auksion” elektron savdo platformasida elektron onlayn-auksion va tanlovlarni tashkil etish hamda oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida nizom.
Kooperativning mol-mulki kreditorlarning barcha talablari qanoatlantirilguniga yoki qoplanguniga qadar, shuningdek kreditorlar kooperativ tugatilganligi toʻgʻrisida xabardor qilingan kundan eʼtiboran bir yil oʻtguniga qadar uning aʼzolari oʻrtasida taqsimlanishi mumkin emas.
Kreditorlarning talablarini qanoatlantirish jarayoni tugaganidan keyin kooperativning qolgan mol-mulki kooperativ aʼzolari oʻrtasida ularning pay badallarining eng koʻp soni miqdorida taqsimlanadi. Birinchi navbatda qoʻshimcha pay badallarini qoʻshgan kooperativ aʼzolariga ular qoʻshgan qoʻshimcha pay badallari miqdoriga mutanosib ravishdagi mablagʻlar qaytariladi. Kooperativ mol-mulkining qolgan qismi kooperativ aʼzolari oʻrtasida teng taqsimlanadi. Kooperativ ustavida kooperativning mol-mulkini kooperativ aʼzolari oʻrtasida taqsimlashga doir taqiq yoki boshqa shartlar nazarda tutilishi mumkin.
Kooperativni tugatish va kooperativning toʻlovga qobiliyatsizligi toʻgʻrisidagi ishni sud koʻrib chiqish davrida kooperativ aʼzolarining huquq va majburiyatlariga taalluqli boshqa masalalar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
10-bob. Yakunlovchi qoidalar
54-modda. Kooperativlarning birlashishi
Kooperativlar umumiy manfaatlarini ifodalash va himoya qilish maqsadida kooperativlar uyushmalariga birlashishi mumkin.
Kooperativlar uyushmalarining tashkil etilishi, faoliyati, qayta tashkil etilishi va tugatilishi tartibi “Nodavlat notijorat tashkilotlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni bilan tartibga solinadi.
55-modda. Nizolarni hal etish
Kooperativning tashkil etilishi, faoliyati, qayta tashkil etilishi, tugatilishi, shuningdek kooperativning davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligini haqiqiy emas deb topish chogʻida yuzaga keladigan nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
56-modda. Kooperativ toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Kooperativ toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining X bobi.
57-modda. Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish
Oʻzbekiston Respublikasining quyidagi qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilsin:
1. Oʻzbekiston Respublikasining 1991-yil 14-iyunda qabul qilingan “Kooperatsiya toʻgʻrisida”gi 295-XII-sonli Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1991-yil, № 8, 193-modda; 1994-yil, № 2, 52-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1998-yil, № 9, 181-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2017-yil, № 6, 300-modda; 2019-yil, № 5, 267-modda; 2021-yil, 4-songa ilova; 2022-yil, № 2, 76-modda) quyidagi qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilsin:
1) 5-modda 1-bandining birinchi xatboshisi “matlubot kooperativida (jamiyatida)” degan soʻzlardan keyin “hamda qishloq xoʻjaligi kooperativida” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin;
nomidagi “(shirkatlari)” degan soʻz chiqarib tashlansin;
matnidagi “(shirkati)” degan soʻz chiqarib tashlansin;
nomidagi “(shirkatlarining)” degan soʻz chiqarib tashlansin;
matnidagi “(shirkatlari)” degan soʻz chiqarib tashlansin.
Oldingi tahrirga qarang.
(Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 30-iyuldagi OʻRQ-1076-sonli Qonuniga asosan 57-modda birinchi qismi 2-bandining chiqarilish sanasi 2025-yil 31-oktabr — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.07.2025-y., 03/25/1076/0672-son)
3. Oʻzbekiston Respublikasining 1995-yil 21-dekabrda qabul qilingan 163-I-sonli va 1996-yil 29-avgustda qabul qilingan 256-I-sonli qonunlari bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996-yil, 2-songa ilova, № 11-12; 1997-yil, № 2, 56-modda, № 9, 241-modda; 1998-yil, № 5-6, 102-modda; 1999-yil, № 1, 20-modda, № 9, 229-modda; 2001-yil, № 1-2, 23-modda, № 9-10, 182-modda; 2002-yil, № 1, 20-modda, № 9, 165-modda; 2003-yil, № 1, 8-modda, № 5, 67-modda; 2004-yil, № 1-2, 18-modda, № 5, 90-modda, № 9, 171-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2006-yil, № 4, 154-modda, № 9, 494, 498-moddalar; 2007-yil, № 1, 3, 5-moddalar, № 4, 156, 164-moddalar, № 8, 367-modda, № 9, 416-modda, № 12, 598, 608-moddalar; 2008-yil, № 4, 192-modda, № 12, 640-modda; 2009-yil, № 9, 337-modda; 2010-yil, № 9, 335, 337, 340-moddalar; 2011-yil, № 12/2, 363, 364, 365-moddalar; 2012-yil, № 4, 106, 109-moddalar, № 12, 336-modda; 2013-yil, № 10, 263-modda; 2014-yil, № 5, 130-modda, № 12, 343-modda; 2015-yil, № 8, 310, 312-moddalar; 2016-yil, № 4, 125-modda; 2017-yil, № 4, 137-modda, № 9, 510-modda, № 12, 773-modda; 2018-yil, № 1, 4-modda, № 4, 224-modda, № 7, 433-modda, № 10, 673-modda; 2019-yil, № 3, 161, 166-moddalar, № 5, 267-modda, № 10, 671-modda, № 12, 880, 886-moddalar; 2020-yil, № 1, 3, 4-moddalar, № 10, 593-modda; 2021-yil, 4-songa ilova, № 8, 801-modda, № 10, 968-modda; 2022-yil, № 2, 79-modda, № 3, 217, 218-moddalar, № 4, 340-modda, № 5, 464-modda, № 6, 570, 577-moddalar, № 11, 1061, 1062-moddalar; 2023-yil, № 10, 795-modda, № 11, 921-modda; 2024-yil, № 2, 111, 114-moddalar, № 6, 530-modda) 69-moddasi quyidagi mazmundagi beshinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda tashkil etiladigan va ishlab chiqarish kooperativining shakli boʻlgan qishloq xoʻjaligi kooperativi qoʻshma qishloq xoʻjaligi kooperativi shaklida ham tashkil etilishi mumkin”.
4. Oʻzbekiston Respublikasining 1998-yil 30-aprelda qabul qilingan 598-I-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining Yer kodeksiga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1998-yil, № 5-6, 82-modda; 2003-yil, № 9-10, 149-modda; 2004-yil, № 5, 90-modda; 2005-yil, № 1, 18-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2007-yil, № 12, 608-modda; 2009-yil, № 1, 1-modda, № 12, 472-modda; 2011-yil, № 1, 1-modda; 2014-yil, № 1, 2-modda, № 9, 244-modda; 2015-yil, № 8, 312-modda; 2017-yil, № 9, 510-modda; 2018-yil, № 1, 1-modda, № 4, 224-modda, № 7, 432-modda, № 12, 781-modda; 2019-yil, № 1, 1-modda, № 3, 161-modda, № 4, 199-modda, № 8, 469-modda, № 11, 792-modda; 2020-yil, № 9, 540-modda; 2021-yil, № 1, 3-modda, 4-songa ilova, № 8, 800-modda; 2022-yil, № 6, 570, 577-moddalar; 2023-yil, № 10, 795-modda, № 11, 919-modda; 2024-yil, № 7, 629-modda) quyidagi oʻzgartirishlar kiritilsin:
nomidagi “(shirkat xoʻjaliklariga)” degan soʻzlar chiqarib tashlansin;
birinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Qishloq xoʻjaligi kooperativi — qishloq xoʻjaligi faoliyatini amalga oshirish uchun pay usuliga, jismoniy va (yoki) yuridik shaxslarning ixtiyoriy ravishda birlashishiga asoslangan mustaqil tijorat tashkiloti”;
ikkinchi qismi chiqarib tashlansin;
uchinchi — yettinchi qismlari tegishincha ikkinchi — oltinchi qismlar deb hisoblansin;
uchinchi qismidagi “(shirkat xoʻjaliklariga)” degan soʻzlar chiqarib tashlansin;
toʻrtinchi qismidagi “(shirkat xoʻjaliklariga)” degan soʻzlar chiqarib tashlansin;
beshinchi qismining birinchi va ikkinchi jumlalari quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar qishloq xoʻjaligi kooperativlariga, qishloq xoʻjaligi korxonalari, muassasalari va tashkilotlariga elektron onlayn-auksion orqali beriladi. Yer uchastkasining ijara shartnomasi qishloq xoʻjaligi kooperativi raisi, boshqa qishloq xoʻjaligi korxonasi, muassasasi, tashkiloti rahbari bilan tuman hokimi oʻrtasida tuziladi”;
oltinchi qismidagi “(shirkat xoʻjaliklari)” degan soʻzlar chiqarib tashlansin;
birinchi qismidagi “(shirkat xoʻjaliklari)” degan soʻzlar chiqarib tashlansin;
ikkinchi qismidagi “(shirkat xoʻjaliklari)” degan soʻzlar chiqarib tashlansin;
uchinchi qismidagi “(shirkat xoʻjaligi)” degan soʻzlar chiqarib tashlansin;
toʻrtinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oila (jamoa) pudrati shartnomasi har yili qishloq xoʻjaligi kooperativi, boshqa jamoa qishloq xoʻjaligi korxonasi boshqaruv organlari orqali shu kooperativ, jamoa korxonasi bilan yoki boshqa qishloq xoʻjaligi korxonalari, muassasalari hamda tashkilotlarining ish beruvchisi (maʼmuriyati) bilan oila boshligʻi (jamoaning vakolat berilgan vakili) oʻrtasida tuziladi”;
toʻqqizinchi qismidagi “(shirkat xoʻjaligi)” degan soʻzlar chiqarib tashlansin;
3) 52-moddaning matnidagi “(shirkat xoʻjaligi)” degan soʻzlar chiqarib tashlansin.
5. Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 25-fevralda qabul qilingan “Auditorlik faoliyati toʻgʻrisida”gi OʻRQ-677-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2021-yil, № 2, 146-modda; 2022-yil, № 3, 216, 217-moddalar, № 4, 340-modda; 2023-yil, № 1, 2-modda, № 11, 923-modda; 2024-yil, № 2, 105-modda) 35-moddasining birinchi qismiga quyidagi qoʻshimcha va oʻzgartirish kiritilsin:
quyidagi mazmundagi beshinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“qishloq xoʻjaligi kooperativlari”;
beshinchi — toʻqqizinchi xatboshilar tegishincha oltinchi — oʻninchi xatboshilar deb hisoblansin.
Quyidagilar oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin:
1) Oʻzbekiston Respublikasining 1998-yil 30-aprelda qabul qilingan “Qishloq xoʻjaligi kooperativi (shirkat xoʻjaligi) toʻgʻrisida”gi 600-I-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1998-yil, № 5-6, 84-modda);
2) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1998-yil 30-aprelda qabul qilingan “Qishloq xoʻjaligi kooperativi (shirkat xoʻjaligi) toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini amalga kiritish tartibi haqida”gi 601-I-sonli Qarori (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1998-yil, № 5-6, 85-modda);
3) Oʻzbekiston Respublikasining 2003-yil 30-avgustda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi 535-II-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2003-yil, № 9-10, 149-modda) XX boʻlimi;
4) Oʻzbekiston Respublikasining 2003-yil 12-dekabrda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi 568-II-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2004-yil, № 1-2, 18-modda) XIX boʻlimi;
5) Oʻzbekiston Respublikasining 2008-yil 31-dekabrda qabul qilingan “Soliq toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonunlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi OʻRQ-197-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2008-yil, № 12, 640-modda) 20-moddasi;
6) Oʻzbekiston Respublikasining 2009-yil 25-dekabrda qabul qilingan “Qishloq va suv xoʻjaligida iqtisodiy islohotlar chuqurlashtirilganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-240-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2009-yil, № 12, 472-modda) 7-moddasi;
7) Oʻzbekiston Respublikasining 2012-yil 29-dekabrda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-345-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2012-yil, № 12, 336-modda) 8-moddasi;
8) Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 20-martda qabul qilingan “Mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-531-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2019-yil, № 3, 166-modda) 6-moddasi;
9) Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-aprelda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-683-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2021-yil, 4-songa ilova) 89-moddasi;
10) Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 29-iyunda qabul qilingan “Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyish tartib-taomillari takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-782-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2022-yil, № 6, 577-modda) 6-moddasi;
11) Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 16-yanvarda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasi adliya organlari tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-896-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2024-yil, № 1, 5-modda) 5-moddasi;
12) Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 21-fevralda qabul qilingan “Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi OʻRQ-911-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2024-yil, № 2, 111-modda) 9-moddasi.
58-modda. Ushbu Qonunning ijrosini, yetkazilishini, mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini taʼminlash
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.
59-modda. Qonunchilikni ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
60-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 8-noyabr,
OʻRQ-995-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.11.2024-y., 03/24/995/0908-son; 30.07.2025-y., 03/25/1076/0672-son)