Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Maktabgacha taʼlim sifati va samaradorligini yanada oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Maktabgacha taʼlim va umumiy oʻrta taʼlimning uzluksizligi va uzviyligini taʼminlash, maktabgacha taʼlim sifati va samaradorligini yanada oshirish, sohada faoliyat yuritayotgan xususiy sektor vakillarini ragʻbatlantirish va qoʻllab-quvvatlash, taʼlim jarayoniga innovatsiyalarni, ilgʻor pedagogik va raqamli texnologiyalarni keng joriy etish maqsadida:
1. Maktabgacha va maktab taʼlim vazirligining:
a) maktabgacha taʼlimning davlat taʼlim dasturi doirasida:
kichik va oʻrta guruhlardagi bolalarda kognitiv, psixomotor va ijtimoiy koʻnikmalarni rivojlantirishga;
katta va maktabga tayyorlov guruhlaridagi bolalarda bilim olish, kommunikativ va ijodiy kompetensiyalarni shakllantirishga qaratilgan oʻquv-metodik materiallarni ishlab chiqish;
Oldingi tahrirga qarang.
b) 2027/2028 oʻquv yilidan boshlab:
(1-band “b” kichik bandining birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 20-iyuldagi PF-138-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.07.2026-y., 06/26/138/0762-son)
maktabgacha taʼlim tashkilotlari tomonidan Maktabgacha taʼlimni boshqarish axborot tizimida bolaning rivojlanish xaritasini yuritish amaliyotini joriy qilish;
maktabga tayyorlov guruhlarini tamomlagan bolalarga ularning rivojlanish xaritasi asosida bir yillik maktabga tayyorlovdan oʻtganlik haqida elektron sertifikat berishni yoʻlga qoʻyish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
2. Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi 2025-yil 1-avgustga qadar:
maktabgacha taʼlimning davlat taʼlim dasturini xalqaro standartlar asosida takomillashtirsin;
maktabga tayyorlov guruhlari va boshlangʻich taʼlim oʻquv dasturlarining oʻzaro uzviyligi va muvofiqligini taʼminlasin;
maktabgacha taʼlimning davlat taʼlim dasturi doirasida ishlab chiqilgan elektron resurslar, audiovizual mahsulotlar va oʻquv-metodik materiallarni Maktabgacha taʼlimni boshqarish axborot tizimida joylashtirsin hamda ushbu materiallardan erkin va bepul foydalanish imkoniyatini yaratsin;
Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tizimidagi nashriyot tashkilotlariga yuridik va jismoniy shaxslarga ularning buyurtmasiga asosan maktabgacha taʼlimning davlat taʼlim dasturi doirasida ishlab chiqilgan bolalar adabiyotlari, oʻquv-metodik va didaktik materiallarni chop etish va yetkazib berish boʻyicha pullik xizmatlarni koʻrsatishga ruxsat etilsin;
Maktabgacha taʼlimni boshqarish axborot tizimida ota-onalar uchun shaxsiy kabinet yaratsin va unda bolaning rivojlanish xaritasi maʼlumotlarining joylashtirilishini taʼminlasin.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2025 va undan keyingi yillar uchun Davlat budjeti parametrlarini shakllantirishda davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarini oʻquv-metodik qoʻllanma va didaktik materiallar bilan taʼminlab borish maqsadlari uchun kamida 40 milliard soʻm mablagʻni nazarda tutsin.
3. Belgilab qoʻyilsinki, 2025-yil 1-yanvardan boshlab maktabgacha taʼlim sohasida pedagog kadrlarning uzluksiz kasbiy rivojlanishini taʼminlash maqsadida:
Oldingi tahrirga qarang.
maktabgacha taʼlim tashkilotlarining tarbiyachi-metodist lavozimi negizida amaldagi mehnatga haq toʻlash shartlarini hamda malaka toifalarini berish tartibini saqlab qolgan holda maktabgacha taʼlim tashkilotining direktori oʻrinbosari lavozimi joriy etiladi;
(3-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-martdagi PF-51-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.03.2025-y., 06/25/51/0261-son)
maktabgacha taʼlim tashkilotining direktori oʻrinbosari zimmasiga taʼlim sifatini taʼminlash, pedagog xodimlarni uzluksiz kasbiy rivojlantirish, taʼlim va tarbiya jarayonlariga innovatsiyalarni, ilgʻor pedagogik va raqamli texnologiyalarni keng joriy qilish vazifalari yuklanadi;
respublikaning barcha tuman (shahar)larida kamida bittadan tayanch maktabgacha taʼlim tashkilotlari faoliyati yoʻlga qoʻyiladi hamda ushbu tashkilotlarning direktor oʻrinbosarlaridan iborat malakali trenerlar guruhi shakllantiriladi. Bunda malakali xorijiy mutaxassislarni jalb qilgan holda trenerlar uchun alohida tayyorlov kurslari tashkil etiladi;
barcha maktabgacha taʼlim tashkilotlarida malaka oshirishning “Metodik mahorat soati”, tayanch maktabgacha taʼlim tashkilotlarida esa “Metodik mahorat kuni” kabi shakllari bosqichma-bosqich joriy etiladi;
“Metodik mahorat kuni” doirasida tayanch maktabgacha taʼlim tashkilotlari trenerlari tomonidan boshqa maktabgacha taʼlim tashkilotlari direktor oʻrinbosarlari uchun oʻquv mashgʻulotlari va seminarlar oʻtkaziladi;
“Metodik mahorat soati” doirasida direktor oʻrinbosarlari tomonidan maktabgacha taʼlim tashkilotlari pedagoglari faoliyati tahlil qilinadi, ularga metodik yordam koʻrsatiladi va kasbiy rivojlanishi boʻyicha tavsiyalar beriladi;
trener sifatida faoliyat yuritayotgan direktor oʻrinbosarlariga tegishli tuman (shahar) maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimlari huzuridagi maktabgacha va maktab taʼlimi tashkilotlari xodimlarini ragʻbatlantirish jamgʻarmalari hisobidan lavozim maoshining 20 foizi miqdorida qoʻshimcha har oylik ustama haq toʻlanadi.
4. Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi:
ikki oy muddatda maktabgacha taʼlim tashkilotlarida “Metodik mahorat soati” va “Metodik mahorat kuni”ni oʻtkazish tartibini tasdiqlasin;
uch oy muddatda maktabgacha taʼlim tashkiloti pedagogining shaxsiy fazilatlari, kasbiy bilimlari, malaka va koʻnikmalariga qoʻyiladigan asosiy talablarni belgilaydigan maktabgacha taʼlim tashkiloti pedagogining kasbiy standartini Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritsin;
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan birgalikda 2025-yil 1-martga qadar yangi ishlab chiqilgan kasbiy standart asosida maktabgacha taʼlim tashkilotlari pedagog kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish dasturlarini takomillashtirsin.
5. Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining 2025-yil 1-martdan boshlab tajriba-sinov tariqasida respublikaning uzoq va chekka hududlarida joylashgan maktabgacha taʼlim tashkilotlari pedagog kadrlari uchun mobil malaka oshirish xizmatlarini joriy etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
Belgilansinki:
mobil malaka oshirish xizmatlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlardagi pedagogik mahorat markazlari tomonidan 4 ta auditoriya koʻrinishidagi avtobuslar negizida tashkil etiladi;
Oldingi tahrirga qarang.
(5-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 28-apreldagi PF-73-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.04.2025-y., 06/25/73/0389-son)
avtobuslarni jihozlash “Bolalarning erta yoshdan rivojlanishiga koʻmaklashish” loyihasi doirasida Jahon banki tomonidan ajratilgan mablagʻlar hisobidan amalga oshiriladi;
avtobuslar haydovchilarining ish haqi, yoqilgʻi-moylash materiallari uchun va boshqa xarajatlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlardagi pedagogik mahorat markazlarining pullik xizmatlaridan tushgan mablagʻlar hisobidan qoplanadi.
6. Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri jamgʻarmasi hisobidan maktabgacha taʼlim tashkilotlari rahbar va pedagog kadrlarini ham ragʻbatlantirishga ruxsat etilsin.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi ushbu bandda nazarda tutilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri jamgʻarmasiga har yili qoʻshimcha ravishda kamida 10 milliard soʻm mablagʻ ajratilishini taʼminlasin.
Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi ikki oy muddatda Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri jamgʻarmasi faoliyatini takomillashtirish yuzasidan takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
Oldingi tahrirga qarang.
7. Maktabgacha va maktab taʼlim vazirligining 2025-yil 1-yanvardan boshlab ehtiyojdan kelib chiqqan holda umumiy turdagi davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida inklyuziv taʼlim guruhlarini ochish toʻgʻrisidagi tashabbusi qoʻllab-quvvatlansin.
(7-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-fevraldagi PF-19-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.02.2026-y., 06/26/19/0118-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Bunda inklyuziv taʼlim guruhlarini ochish Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi bilan kelishgan holda amalga oshiriladi.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-fevraldagi PF-19-sonli Farmoniga asosan ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.02.2026-y., 06/26/19/0118-son)
Belgilab qoʻyilsinki, inklyuziv taʼlim guruhlarida alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan tarbiyalanuvchilar bilan taʼlim-tarbiya va korreksion-pedagogik ishlarni olib borayotgan tarbiyachi, yordamchi- tarbiyachilar hamda oʻqituvchi-defektolog (logoped)larga alohida mehnat sharoitlari uchun lavozim maoshlari va bazaviy tarif stavkalariga nisbatan bir nafar bola uchun 10 foiz, ikki nafar bola uchun 20 foiz, uch nafar bola uchun esa 30 foiz miqdorida qoʻshimcha haq toʻlash tartibi joriy etiladi.
8. 2025/2026 oʻquv yilidan boshlab shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
davlat oliy taʼlim tashkilotlarida maktabgacha taʼlim yoʻnalishi boʻyicha dual taʼlim shakli joriy etiladi;
davlat oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlarini shakllantirishda maktabgacha taʼlim yoʻnalishining sirtqi va kechki taʼlim shakllari boʻyicha har yili kamida 200 ta maqsadli qabul kvotalari ajratiladi;
ushbu maqsadli qabul kvotalari boʻyicha ajratiladigan oʻrinlarga maktabgacha taʼlim yoʻnalishida kamida besh yil ish stajiga ega boʻlgan pedagog kadrlar tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt asosida qabul qilinadi.
9. Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda:
a) 2025-yil 1-yanvarga qadar maktabgacha taʼlim tashkilotlarini qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal taʼmirlashga oid idoraviy qurilish normalarini zamonaviy talablardan kelib chiqqan holda qayta koʻrib chiqsin;
b) 2025-yil 1-yanvardan boshlab Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi hamda boshqa dasturlar doirasida davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarini qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal taʼmirlash boʻyicha ishlab chiqiladigan loyiha-smeta hujjatlarida:
qurilish jarayonida energiya tejamkor materiallar va texnologiyalardan foydalanilishini;
ushbu tashkilotlarda majburiy tartibda elektr energiyasi isteʼmolining kamida 30 foizini qoplashga moʻljallangan quyosh panellari oʻrnatilishini nazarda tutsin.
10. Davlat oliy taʼlim muassasalariga oʻzlariga doimiy foydalanish huquqi bilan tegishli boʻlgan boʻsh yer uchastkalarida davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari faoliyatini yoʻlga qoʻyishga ruxsat etilsin.
Belgilab qoʻyilsinki:
davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarini qurish va jihozlash davlat oliy taʼlim muassasalarining budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan, ularni saqlash esa Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligiga ajratiladigan Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi;
davlat oliy taʼlim muassasalari huzuridagi davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlariga ushbu muassasalar xodimlari va talabalarining farzandlari ustuvor ravishda qabul qilinadi;
qolgan boʻsh oʻrinlarga tarbiyalanuvchilarni qabul qilish davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari uchun oʻrnatilgan tartib asosida amalga oshiriladi.
11. Belgilansinki, maktabgacha taʼlim tizimida faoliyat yuritayotgan xususiy sektor vakillarini qoʻllab-quvvatlash va yanada ragʻbatlantirish hamda davlat-xususiy sheriklik asosida nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarmogʻini kengaytirish maqsadida:
2018 — 2022-yillarda Davlat budjeti va xalqaro moliya tashkilotlari mablagʻlari hisobidan davlat-xususiy sheriklik asosida nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarini tashkil etish uchun ajratilgan imtiyozli kreditlarni qaytarish muddati 5 yilga uzaytiriladi;
2024-yil 1-oktabrdan boshlab jismoniy shaxs bir paytning oʻzida bir nechta oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotida mehnat faoliyatini yuritayotgan boʻlsa, ijtimoiy soliq summasi uning bitta (asosiy) ish joyi boʻyicha toʻlanadi;
2025-yil 1-sentabrdan boshlab davlat-xususiy sheriklik asosida nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarini tashkil etish toʻgʻrisidagi bitimlar Maktabgacha taʼlimni boshqarish axborot tizimida elektron shaklda tuziladi;
2025-yil 1-yanvardan boshlab qamrov darajasi past boʻlgan davlat umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining boʻsh turgan yer uchastkalarida davlat-xususiy sheriklik asosida nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari faoliyatini yoʻlga qoʻyishga ruxsat etiladi.
12. Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan birgalikda davlat-xususiy sheriklik asosida nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarmogʻini kengaytirish uchun:
2025-yil 1-yanvarga qadar davlat umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining boʻsh turgan yer uchastkalarini xatlovdan oʻtkazsin;
2025-yil 1-aprelga qadar davlat umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining boʻsh turgan yer uchastkalarida davlat-xususiy sheriklik asosida nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari faoliyatini yoʻlga qoʻyish boʻyicha tanlov oʻtkazsin.
13. 2024-2025-yillarda maktabgacha taʼlim sifati va samaradorligini oshirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 2-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
15. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlari 3-ilovaga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
16. Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
17. Ushbu Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri X.U. Umarova belgilansin.
Farmon ijrosini muhokama qilib borish, masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 30-sentabr,
PF-152-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-sentabrdagi PF-152-son Farmoniga
1-ILOVA
2024-2025-yillarda maktabgacha taʼlim sifati va samaradorligini oshirish boʻyicha chora-tadbirlar
dasturi
Oldingi tahrirga qarang.

T/r

Chora-tadbirlar nomi

Amalga oshirish mexanizmi

Ijro muddati

Moliyalashtirish manbalari

Masʼul ijrochilar

I. Maktabgacha taʼlimning oʻquv-metodik bazasini takomillashtirish

1.

Maktabga tayyorlov guruhlari va boshlangʻich taʼlimning oʻquv dasturlari uzviyligini taʼminlash.

1. Maktabga tayyorlov guruhlari va boshlangʻich taʼlimning oʻquv dasturlarini koʻrib chiqish boʻyicha ishchi guruhni shakllantirish.

2024-yil noyabr

Ijrochilar mablagʻlari

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi

(X. Umarova)

2. Xalqaro tajribalar asosida maktabga tayyorlov guruhlari va boshlangʻich taʼlimning oʻquv dasturlari uzviyligini taʼminlash maqsadida ushbu dasturlarni qayta koʻrib chiqish.

2025-yil mart

3. Takomillashtirilgan oʻquv dasturlarini taʼlim jarayoniga bosqichma-bosqich joriy etish.

2025/2026 oʻquv yilidan boshlab

2.

Maktabgacha taʼlimning davlat taʼlim dasturi asosida oʻquv-metodik majmualarni yaratish.

1. Maktabgacha taʼlim tashkilotlari pedagoglari uchun xalqaro standartlar asosida oʻquv-metodik majmualarni yaratish.

Bunda:

kichik va oʻrta guruhlardagi bolalarda kognitiv, psixomotor va ijtimoiy koʻnikmalarni rivojlantirishga;

katta va maktabga tayyorlov guruhlaridagi bolalarda bilim olish, kommunikativ va ijodiy kompetensiyalarni shakllantirishga alohida eʼtibor qaratish.

2025-yil avgust

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligiga ajratilgan mablagʻlar, Taʼlim sohasidagi islohotlarga koʻmaklashish jamgʻarmasi mablagʻlari hamda budjetdan tashqari mablagʻlar

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi

(X. Umarova),

Iqtisodiyot va moliya vazirligi

(I. Norqulov)

2. Xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda tarbiyalanuvchilarni rivojlantirishga yoʻnaltirilgan xorijiy oʻquv-metodik majmualarni mahalliylashtirish va ushbu oʻquv-metodik majmualarni Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tizimidagi nashriyot tashkilotlarida nashr etish.

2025-yil avgust

3. Maktabgacha taʼlim tashkilotlari uchun qoʻshimcha didaktik materiallar va bolalar adabiyotini yaratish hamda ularning Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tizimidagi nashriyot tashkilotlarida chop etilishini tashkil etish.

Bunda qoʻshimcha adabiyotlarni yaratish va chop etishni Taʼlim sohasidagi islohotlarga koʻmaklashish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan amalga oshirish.

2025-yil sentabr

3.

Maktabgacha taʼlim tashkilotlarining reytingini shakllantirish.

Maktabgacha taʼlim tashkilotlarini “Zamonaviy maktabgacha taʼlim tashkiloti” baholash mezoni asosida baholash va ularning reytingini shakllantirish.

2025/2026 oʻquv yilidan boshlab

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi

(X. Umarova),

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari

4.

Umumiy turdagi davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida inklyuziv taʼlim tizimini rivojlantirish va ragʻbatlantirish mexanizmlarini joriy etish.

Inklyuziv taʼlim tizimini rivojlantirish va ragʻbatlantirish mexanizmlarini joriy etish yuzasidan amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish.

2024-yil dekabr

-

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi

(X. Umarova),

Adliya vazirligi

(A. Tashkulov)

II. Maktabgacha taʼlim tashkilotlari pedagog kadrlari salohiyatini oshirish

5.

Maktabgacha taʼlim tashkilotlarida “Metodik mahorat kuni” va “Metodik mahorat soati”ni tashkil etish.

1. Tayanch davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari roʻyxatini shakllantirish.

2024-yil noyabr

-

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi

(X. Umarova),

Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi

(Yu. Risyukova)

2. Maktabgacha taʼlim tashkilotlarida “Metodik mahorat kuni” va “Metodik mahorat soati”ni tashkil etish tartibini tasdiqlash. Bunda:

“Metodik mahorat kuni” va “Metodik mahorat soati”ni tashkil etish uchun har bir tuman (shahar)da maktabgacha taʼlim tashkilotlarining direktor oʻrinbosarlaridan iborat trenerlar guruhini shakllantirishni;

malakali xorijiy mutaxassislarni jalb qilgan holda trenerlar uchun alohida tayyorlov kurslari tashkil etilishini;

trener sifatida faoliyat yuritayotgan direktor oʻrinbosarlari va pedagoglarga tegishli tuman (shahar) maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimlari huzuridagi maktabgacha va maktab taʼlimi tashkilotlari xodimlarini ragʻbatlantirish jamgʻarmalari hisobidan lavozim maoshining 20 foizi miqdorida qoʻshimcha har oylik ustama haq toʻlashni nazarda tutish.

2024-yil dekabr

3. Pedagoglarni kasbiy rivojlantirishning namunaviy dasturini tasdiqlash.

2024-yil dekabr

6.

Oliy taʼlim muassasalarida bakalavriatning maktabgacha taʼlim yoʻnalishi boʻyicha dual taʼlim tizimini joriy etish.

Maktabgacha taʼlim yoʻnalishida taʼlim olayotgan talabalarni dual taʼlim asosida oʻqitish mexanizmini ishlab chiqish.

Bunda bir haftada kamida ikki kun oliy taʼlim muassasasida taʼlim dasturining nazariy va oʻquv qismi oʻtilishini, qolgan kunlari maktabgacha taʼlim tashkilotida amaliy qismlari oʻtkazilishini nazarda tutish.

2025-yil may

Ijrochilar mablagʻlari

Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi

(K. Sharipov),

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi

(X. Umarova)

7.

Nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari pedagoglarining kasbiy salohiyatini oshirish choralarini koʻrish.

1. Nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari pedagoglarining kasbiy salohiyatini oshirish yuzasidan malaka oshirish kurslari va oʻquv seminarlari tashkil etish.

2025-yil mart

Ijrochilar mablagʻlari

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi

(X. Umarova)

2. Olis va chekka hududlarda joylashgan maktabgacha taʼlim tashkilotlari pedagog kadrlari uchun tajriba-sinov tariqasida 4 ta auditoriya koʻrinishidagi avtobuslar negizida pullik mobil malaka oshirish xizmatlarini yoʻlga qoʻyish.

2025-yil mart

8.

“Oliy taʼlim — professional taʼlim — maktabgacha taʼlim” tamoyili asosida taʼlim klasterini tajriba-sinov tariqasida joriy etish.

“Oliy taʼlim — professional taʼlim — maktabgacha taʼlim” tamoyili asosida pedagoglarni tayyorlash va ularning kasbiy mahoratini oshirish tizimini tajriba-sinov tariqasida joriy etish.

Bunda:

Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetiga pedagogika texnikumlari va maktabgacha taʼlim tashkilotlarini biriktirish;

biriktirilgan taʼlim tashkilotlarida maktabgacha taʼlim pedagoglari uchun taʼlim sohasida yangiliklar, nazariy ishlanmalar va ilgʻor xorijiy tajribalarni joriy etish, kasbiy mahoratini doimiy oshirib borish uchun sharoit yaratish;

maktabgacha taʼlim yoʻnalishida ilmiy ish olib boruvchi izlanuvchilar, yangi tajriba va metodikalarni joriy etayotgan amaliyotchilar uchun doimiy eksperimental maydoncha yaratish.

2025-yil yanvar

Ijrochilar mablagʻlari

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi

(X. Umarova),

Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi

(K. Sharipov)

III. Maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarmogʻini kengaytirish

9.

Zamonaviy talablardan kelib chiqqan holda maktabgacha taʼlim tashkilotlarining idoraviy qurilish normalarini qayta koʻrib chiqish.

Maktabgacha taʼlim tashkilotlarining idoraviy qurilish normalarini qayta koʻrib chiqish.

Bunda maktabgacha taʼlim tashkilotlari binolarini zamonaviy, energiya tejamkor, ekologik toza qurilish materiallaridan foydalangan holda qurilishiga alohida eʼtibor qaratish.

2024-yil dekabr

-

Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi

(Sh. Xidoyatov),

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi

(X. Umarova)

10.

Umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining foydalanilmasdan boʻsh turgan yer uchastkalarida davlat-xususiy sheriklik asosida nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarini tashkil etish.

1. Maktabgacha taʼlim tashkilotlari mavjud boʻlmagan, navbatliligi yuqori boʻlgan mahallalardagi umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining foydalanilmasdan boʻsh turgan yer uchastkalarida davlat-xususiy sheriklik asosida nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarini tashkil etish uchun tanlovlar eʼlon qilish.

2025-yil fevral

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligiga ajratilgan mablagʻlar

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi

(X. Umarova),

Iqtisodiyot va moliya vazirligi

(J. Qoʻchqorov)

2. Tanlov gʻoliblari bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-apreldagi “Maktabgacha taʼlim tizimini yanada ragʻbatlantirish va rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3651-son qarori talablari asosida bitim tuzish.

Qonunchilik hujjatlarida belgilangan muddatlarda

11.

Davlat oliy taʼlim muassasalariga boʻsh turgan yer uchastkalarida davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarini barpo etish huquqini berish.

1. Davlat oliy taʼlim muassasalarining boʻsh turgan yer uchastkalarida davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarini qurish boʻyicha loyihalarni amalga oshirish.

Bunda davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarini qurish va jihozlash xarajatlarini davlat oliy taʼlim muassasalarining budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan, ularni saqlash xarajatlarini esa Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligiga ajratiladigan Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshirishni nazarda tutish.

2025-yil avgust

Ijrochilar va budjet mablagʻlari

Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi

(K. Sharipov),

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi

(X. Umarova),

Iqtisodiyot va moliya vazirligi

(J. Qoʻchqorov)

2. Davlat oliy taʼlim muassasalari huzuridagi davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlariga ushbu muassasalar xodimlari va talabalarining farzandlarini ustuvor ravishda qabul qilish tartibini joriy etish.

2026-yil yanvar

IV. Maktabgacha taʼlim tashkilotlarida sogʻlom ovqatlantirishni tashkil etish

12.

Davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarbiyalanuvchilarining oqsil, vitamin va minerallar bilan boyitilgan mahsulotlar bilan ovqatlanishini tashkil etish.

1. Davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari uchun oqsil, vitamin va minerallar bilan boyitilgan qadoqlangan yoki quritilgan sut mahsulotlarini xarid qilishni tashkil etish.

2. Davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarini sifatli non mahsulotlari bilan taʼminlash maqsadida:

tuman (shahar) maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimlari tomonidan ishlab chiqaruvchi va yetkazib beruvchi davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari uchun non mahsulotlarini tayyorlashda yodlangan tuz ishlatilganligini tasdiqlovchi hujjatlarni (yetkazib beriladigan non mahsulotlarining har bir turkumi uchun) talab qilib olish tartibini joriy qilish;

ishlab chiqaruvchi va yetkazib beruvchilar zimmasiga davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlariga yetkazib beriladigan non mahsulotlarini haftada kamida bir marotaba akkreditatsiyadan oʻtgan laboratoriyalarda sinovdan oʻtkazib, non mahsulotlari tarkibidagi zarur elementlar mavjudligi toʻgʻrisida xulosa nusxasini buyurtmachiga taqdim etish vazifasini yuklash.

2024-yil noyabr

Mahalliy budjet mablagʻlari

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi

(X. Umarova)

13.

Davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida tarbiyalanuvchilarning sifatli ovqatlanishini taʼminlash jarayonlarini hamda ularga yetkazib berilayotgan mahsulotlarning sifatini nazorat qilish mexanizmlarini takomillashtirish.

Maktabgacha va maktab taʼlimi tizimida sifatli va xavfsiz ovqatlanish tizimini joriy etish maqsadida Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi huzurida Taʼlim sohasida ovqatlanishni tashkil etish markazi faoliyatini yoʻlga qoʻyish boʻyicha takliflarni Vazirlar Mahkamasi kiritish.

2024-yil dekabr

-

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi

(X. Umarova),

Iqtisodiyot va moliya vazirligi

(J. Qoʻchqorov)

V. Maktabgacha taʼlim tizimini raqamlashtirish

14.

Davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etiladigan nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari bilan tuziladigan bitimlarni elektron shaklda imzolash tartibini joriy etish.

Nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarini boshqarish axborot tizimida (keyingi oʻrinlarda — axborot tizimi) davlat-xususiy sheriklik asosida nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarini tashkil etish uchun elektron arizalarni qabul qilish tizimini joriy etish.

Bunda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan davlat-xususiy sheriklik asosida nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari tashkil etish uchun taqdim etilgan arizalarga ijobiy xulosa berilganidan soʻng axborot tizimida avtomatik ravishda davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimni shakllantirish va imzolash uchun xususiy sherikka elektron shaklda joʻnatishni nazarda tutish.

2024-yil noyabr

-

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi

(X. Umarova)

15.

Maktabga tayyorlov guruhlarini tamomlagan bolalarga ularning rivojlanish xaritasi asosida bir yillik maktabga tayyorlovdan oʻtganlik haqida elektron sertifikat berishni yoʻlga qoʻyish.

Maktabga tayyorlov guruhlarini tamomlagan bolalarga bir yillik maktabga tayyorlovdan oʻtganlik haqida elektron sertifikat berish tartibini belgilovchi nizomni tasdiqlash.

2027/2028 oʻquv yilidan boshlab

-

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi

(E. Karimova)

(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 20-iyuldagi PF-138-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.07.2026-y., 06/26/138/0762-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-sentabrdagi PF-152-son Farmoniga
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 11-maydagi “2022 — 2026-yillarda maktab taʼlimini rivojlantirish boʻyicha milliy dasturni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi PF-134-son Farmonida:
a) 3-band oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin;
b) 1-ilovaning 1 — 3 va 30-pozitsiyalari chiqarib tashlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-maydagi “Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda uning tizimidagi tashkilotlar faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-79-son Farmonida:
a) 3-bandning “e” kichik bandidagi “oliy maʼlumotli pedagog xodimlarining” soʻzlari “oliy maʼlumotli tarbiyachi va oʻqituvchilarining” soʻzlari bilan almashtirilsin;
b) Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining tashkiliy tuzilmasidan “Respublika pedagogik taʼlim resurs markazi (kutubxona),” soʻzlari chiqarib tashlansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-apreldagi “Maktabgacha taʼlim tizimini yanada ragʻbatlantirish va rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3651-son qarorida:
a) 4-bandning toʻrtinchi xatboshisidagi “Maktabgacha taʼlim agentligi” soʻzlari “Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi 2024-yil 1-oktabrdan boshlab” soʻzlari bilan almashtirilsin;
2-bandning beshinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“davlat sherigi — Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi (Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududida — Qoraqalpogʻiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi)”;
27-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“27. Davlat-xususiy sheriklik loyihasining konsepsiyasi tasdiqlangandan hamda bitim imzolangandan keyin uch kalendar kuni mobaynida davlat sherigi rasmiy tartibda uch nusxadan iborat loyiha konsepsiyasi, loyihani baholash hujjatlari va bitimni elektron axborot almashinuvi tizimi orqali Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligiga DXSH loyihalarining reyestriga kiritish uchun taqdim qiladi”;
33-bandning oltinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarining bino va inshootlarini qurish, rekonstruksiya qilish, taʼmirlash va jihozlash uchun imtiyozli kredit olishga”;
35-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“35. Davlat-xususiy sheriklikka asoslangan nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari tashkilot, uning xodimlari va tarbiyalanuvchilari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻzgargan vaqtdan boshlab bir ish kuni ichida Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining axborot tizimiga (keyingi oʻrinlarda — axborot tizimi) kiritib borilishini taʼminlaydilar.
Nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida boʻsh joylarning elektron hisobini yuritish, ijtimoiy koʻmakka muhtoj oilalar va maxsus kontingent uchun ajratilgan kvotalar boʻyicha yoʻllanmalarni (keyingi oʻrinlarda — yoʻllanma) shakllantirish va bu yoʻllanmalar asosida bolalarni tashkilotlarga qabul qilish boʻyicha elektron navbatni shakllantirish axborot tizimi tomonidan avtomatik ravishda amalga oshiriladi.
Nodavlat maktabgacha taʼlim tashkiloti imtiyozli shartlarda taʼlim oladigan bolalarni yoʻllanma asosida qabul qiladi.
Nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotiga imtiyozsiz qabul qilinadigan bolalar uchun yoʻllanma olinmaydi, ushbu bolalar haqida maʼlumot axborot tizimiga xususiy sheriklar tomonidan kiritib boriladi”;
99-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“99. 50 nafargacha bolani tarbiyalashni nazarda tutuvchi oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarini moddiy-texnik va uslubiy jihatdan taʼminlash shaklidagi davlat-xususiy sheriklik loyihasi bitimi xususiy sherikning tashabbusi bilan tanlov oʻtkazilmay axborot tizimi orqali elektron shaklda tuziladi va taraflarning elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlanadi”;
100-band quyidagi mazmundagi uchinchi — sakkizinchi xatboshilar bilan toʻldirilsin:
“Ariza qonunchilikda belgilangan tartibda masʼul idoralar tomonidan koʻrib chiqiladi.
Ariza axborot tizimi orqali shakllantirilgandan soʻng:
xususiy sherikning arizada koʻrsatilgan elektron pochta manzili yoki mobil telefon raqamiga, arizaning ID-raqami va ariza qabul qilingan sana va vaqti koʻrsatilgan holda maʼlumot joʻnatiladi;
oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotining joylashuvi boʻyicha tegishli tuman (shahar) Sanitariya-epidemiologiya xizmati hamda Davlat yongʻin nazorati organiga axborot tizimi orqali elektron soʻrovlar joʻnatilib, 3 (uch) ish kuni ichida tegishli xulosalar olinadi.
Ijobiy xulosalar olingan taqdirda davlat sherigi 10 ish kuni mobaynida rejalashtirilayotgan hududda 3 — 7 yoshdagi bolalar soni, oʻsha hududda mavjud davlat va nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari, qamralgan va qamralmagan bolalar soni boʻyicha maʼlumotlardan kelib chiqib hamda oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlariga subsidiyalar ajratish uchun tegishli moliya yilida Davlat budjetida nazarda tutilgan mablagʻlar hajmini hisobga olgan holda oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari tashkil etilishi maqsadga muvofiqligi yoki muvofiq emasligi boʻyicha maʼlumotni axborot tizimiga kiritadi.
Oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotini tashkil etish toʻgʻrisidagi ariza rad etilganida, bu haqda rad etish sabablari aniq koʻrsatilgan holda, arizada koʻrsatilgan elektron pochta manzili yoki mobil telefon raqamiga SMS-xabar yuborish orqali xususiy sherikka maʼlum qilinadi”;
101-bandning birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“101. Oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkiloti tashkil etilishi rad etilmasa, xususiy sherik axborot tizimi orqali bitimga elektron imzo qoʻyadi hamda bitim elektron imzo qoʻyish uchun davlat sherigiga avtomatik ravishda yuboriladi”;
115-band oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin;
116-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“116. Xususiy sherik xodimlari va tarbiyalanuvchilarining davomati boʻyicha qayd etilgan elektron maʼlumotlar axborot tizimida avtomatik ravishda shakllanadi”.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 8-maydagi “Oʻzbekiston Respublikasi maktabgacha taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi PQ-4312-son qarorida:
a) 2-bandning birinchi xatboshisidagi “Maktabgacha taʼlim vazirligi” soʻzlari “Maktabgacha va maktab taʼlim vazirligi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
b) 3-bandning uchinchi xatboshisidagi “Maktabgacha taʼlim vazirligi huzuridagi Maktabgacha taʼlimni rivojlantirish jamgʻarmasi” soʻzlari “Maktabgacha va maktab taʼlim vazirligi huzuridagi Taʼlim sohasidagi islohotlarga koʻmaklashish jamgʻarmasi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
v) 4-banddagi “Moliya vazirligi” soʻzlari “Iqtisodiyot va moliya vazirligi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
g) 5-bandning uchinchi xatboshisidagi “maktabgacha taʼlim vaziri A.V. Shinga” soʻzlari “maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri X.U. Umarovaga” soʻzlari bilan almashtirilsin;
4-paragrafning uchinchi xatboshisidagi “Maktabgacha taʼlim vazirligi” soʻzlari “Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
5-paragrafning toʻqqizinchi xatboshisidagi “Maktabgacha taʼlim vazirligi” soʻzlari “Vazirlik” soʻzi bilan almashtirilsin;
ilovaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Konsepsiyada nazarda tutilgan tadbirlarni oʻz vaqtida, sifatli va toʻlaqonli ijro etish boʻyicha vakolatli organlarning faoliyatini baholash indikatorlari

T/r

Koʻrsatkich

Axborot manbalari

Kesimi

Maktabgacha taʼlim bilan qamrab olingan 3 — 7 yoshdagi bolalar

1.

Maktabgacha taʼlim tashkilotlari (keyingi oʻrinlarda — MTT) soni

MMTV va Statistika agentligi maʼlumotlari

Viloyatlar, tumanlar va shaharlar boʻyicha

2.

Ularning umumiy sonida nodavlat MTT ulushi

MMTV va Statistika agentligi maʼlumotlari

Viloyatlar, tumanlar va shaharlar boʻyicha

3.

Amaldagi oilaviy MTTlar soni

MMTV va Statistika agentligi maʼlumotlari

Viloyatlar, tumanlar va shaharlar boʻyicha

4.

MTTga qatnaydigan bolalar soni

MMTV va Statistika agentligi maʼlumotlari

Viloyatlar, tumanlar va shaharlar boʻyicha

5.

Tarbiyalanuvchilar umumiy sonida nodavlat MTTga qatnaydigan bolalar ulushi

MMTV maʼlumotlari

Viloyatlar, tumanlar va shaharlar boʻyicha

6.

Oilaviy nodavlat MTTga qatnaydigan bolalar soni

MMTV maʼlumotlari

Viloyatlar, tumanlar va shaharlar boʻyicha

7.

Tarbiyalanuvchilar umumiy sonida oilaviy nodavlat MTTga qatnaydigan bolalar ulushi

MMTV maʼlumotlari

Viloyatlar, tumanlar va shaharlar boʻyicha

8.

MTTdagi joylar soni

3-4 yosh va 5-6 yoshli bolalar uchun joylar boʻyicha alohida hisobga olinadigan MMTV maʼlumotlari

Viloyatlar, tumanlar va shaharlar boʻyicha

9.

Ularning umumiy sonida nodavlat MTTdagi joylarning ulushi

3-4 yosh va 5-6 yoshli bolalar uchun joylarni alohida hisobga olgan holda MMTV maʼlumotlari

Viloyatlar, tumanlar va shaharlar boʻyicha

10.

3-4 yosh va 5-6 yoshdagi bolalarning maktabgacha taʼlim xizmatlari bilan qamrab olinishi (MTTga qatnovchi bolalar sonining shu yoshdagi bolalarning doimiy aholi tarkibidagi umumiy soniga foizli nisbati)

MMTV va Statistika agentligi (demografik statistika)

Viloyatlar, tumanlar va shaharlar boʻyicha

Kadrlar salohiyati koʻrsatkichlari

11.

MTT pedagog xodimlari soni

MMTV maʼlumotlari

Viloyatlar, tumanlar va shaharlar boʻyicha

12.

Oliy maʼlumotli pedagog xodimlar ulushi

OTFIV va MMTV maʼlumotlari

MTT, tumanlar va shaharlar boʻyicha

13.

Soʻnggi 5 yil ichida malakasini oshirgan MTT pedagog xodimlari ulushi

MMTV maʼlumotlari

MTT, tumanlar va shaharlar boʻyicha

14.

Davlat MTT pedagog xodimlari oʻrtacha ish haqining mamlakat boʻyicha oʻrtacha ish haqiga nisbati

Bandlik vazirligi va MMTV maʼlumotlari

Viloyatlar boʻyicha

15.

5-6 yoshdagi tarbiyalanuvchilar guruhlari bilan ishlaydigan bitta pedagogga toʻgʻri keladigan 5-6 yoshdagi tarbiyalanuvchilar soni

MMTV maʼlumotlari

Viloyatlar, tumanlar va shaharlar boʻyicha

16.

MTTdagi boʻsh ish oʻrinlari soni

MTT maʼlumotlari

Tumanlar va shaharlar boʻyicha

Bolalarning rivojlanishi va ularning umumiy boshlangʻich taʼlimga tayyorligi darajasi koʻrsatkichlari

17.

MTTni bitirgan hamda Oʻzbekiston Respublikasi erta va maktabgacha yoshdagi bolalarning rivojlanishiga Davlat talablarida hamda “Ilk qadam” Davlat oʻquv dasturida nazarda tutilgan maktabga tayyorlikning eng past darajasidan ham past rivojlanish koʻrsatkichlariga ega 6-7 yoshdagi bolalarning ulushi

Har bir oʻquv yili yakunlari boʻyicha MTT tarbiyalanuvchilari haqida maʼlumotlar natijalarini toʻplash

Viloyatlar, tumanlar va shaharlar boʻyicha

18.

Birinchi yillik attestatsiya yakunlariga koʻra qoniqarsiz baho olgan umumiy boshlangʻich taʼlim muassasalari oʻquvchilarining ulushi

MMTV maʼlumotlari

Viloyatlar, tumanlar va shaharlar boʻyicha

Bolalarga tibbiy xizmat koʻrsatish koʻrsatkichlari

19.

Maktabga chiqqanda rivojlanishidagi oqsoqliklar yoki surunkali kasalliklar birinchi marta aniqlangan bolalar soni

SSV va MMTV maʼlumotlari

Viloyatlar, tumanlar va shaharlar boʻyicha

20.

Tibbiy koʻrsatmalarga koʻra tibbiy xizmat koʻrsatilayotgan va parvarishlanayotgan maxsus ehtiyojli MTT tarbiyalanuvchilari ulushi

Ijtimoiy himoya milliy agentligi va Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi maʼlumotlari

Viloyatlar, tumanlar va shaharlar boʻyicha

21.

Oʻquv yili davomida kamida bir marta pediatrning profilaktik koʻrigidan oʻtgan MTT tarbiyalanuvchilari soni

SSV va MMTV maʼlumotlari

Viloyatlar, tumanlar va shaharlar boʻyicha

22.

MTTda boʻlgan paytda bolalarning yuqumli kasalliklarni yuqtirishi hollari soni

SSV maʼlumotlari

Viloyatlar, tumanlar va shaharlar boʻyicha

23.

MTTda boʻlgan paytda bolalarning ovqatdan zaharlanishi va jarohat olishi hollari soni

SSV maʼlumotlari

Viloyatlar, tumanlar va shaharlar boʻyicha

.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 10-iyundagi “Qamrov darajasi past boʻlgan tumanlarda maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarmogʻini kengaytirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-5144-son qarorining 5-bandida:
ikkinchi xatboshidagi “4 nafargacha” soʻzlari “4,5 tagacha shtat birligida” soʻzlari bilan almashtirilsin;
uchinchi xatboshidagi “2 nafargacha, boshqa hududlarda — 4 nafargacha” soʻzlari “2,5 tagacha, boshqa hududlarda — 4,5 tagacha shtat birligida” soʻzlari bilan almashtirilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 30-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasining “2023-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi Qonuni ijrosini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-471-son qarorining 9-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“9. 2025-yil 1-yanvardan 2026-yil 1-yanvarga qadar davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida bola taʼminoti uchun ota-onalar toʻlovi miqdorlariga nisbatan tumanlarning toifasidan kelib chiqib, quyidagi kamaytiruvchi koeffitsiyentlar qoʻllanilsin:
5-toifadagi tumanlarda — 25 foiz;
4-toifadagi tumanlarda — 25 foiz;
3-toifadagi tumanlarda (shahar aholi punktlaridan tashqari) — 15 foiz”.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 27-sentabrdagi “Maktabgacha taʼlim sohasida davlat-xususiy sheriklikni yanada qoʻllab quvvatlashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-316-son qarori 3-bandining ikkinchi xatboshisidagi “2024-yil 1-iyulga” soʻzlari “2025-yil 1-martga” soʻzlari bilan almashtirilsin.
Izoh: mazkur ilovaning 6-bandi 2025-yil 1-yanvardan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-sentabrdagi PF-152-son Farmoniga
3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining oʻz kuchini yoʻqotgan deb eʼtirof etilayotgan ayrim hujjatlari
roʻyxati
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 30-sentabrdagi “Maktabgacha taʼlim tizimi boshqaruvini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5198-son Farmoni.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 9-noyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi PF-3-son Farmoniga ilovaning 26-bandi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 29-dekabrdagi “2017 — 2021-yillarda maktabgacha taʼlim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-2707-son qarori.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 9-sentabrdagi “Maktabgacha taʼlim tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3261-son qarori.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 2-iyuldagi “2018-yilda maktabgacha taʼlim muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital taʼmirlash manzilli dasturi toʻgʻrisida”gi PQ-3822-son qarori.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 30-sentabrdagi “Maktabgacha taʼlim tizimini boshqarishni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3955-son qarorining 3-bandi “a” kichik bandi.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 30-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasining “2020-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi Qonuni ijrosini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4555-son qaroriga 7-ilovaning 1-bandi.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 8-oktabrdagi “Toshkent shahrida “A.I. Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universiteti” Federal davlat budjeti oliy taʼlim muassasasi filialini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PQ-4857-son qaroriga 3-ilovaning 1 va 9-bandlari.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.10.2024-y., 06/24/152/0773-son; 21.03.2025-y., 06/25/51/0261-son; 29.04.2025-y., 06/25/73/0389-son; 07.02.2026-y., 06/26/19/0118-son; 20.07.2026-y., 06/26/138/0762-son)