O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining
buyrug‘i
Advokat stajyori va yordamchisining faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2024-yil 4-iyunda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 3517]
O‘zbekiston Respublikasining “Advokatura to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq buyuraman:
1. Advokat stajyori va yordamchisining faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Ayrim idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar 2-ilovaga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilsin.
3. Mazkur buyruq O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi bilan kelishilgan.
4. Ushbu buyruq rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Vazir A. TASHKULOV
Toshkent sh.,
2024-yil 3-iyun,
10-mh-son
Kelishildi:
Advokatlar palatasi raisi Sh. SADIKOV
2024-yil 27-may
O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2024-yil 3-iyundagi 10-mh-son buyrug‘iga
1-ILOVA
Advokat stajyori va yordamchisining faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi
NIZOM
Mazkur Nizom advokat stajyori (bundan buyon matnda stajyor deb yuritiladi) va advokat yordamchisining (bundan buyon matnda yordamchi deb yuritiladi) faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Advokat yordamchi va stajyorga ega bo‘lishi mumkin.
2. Oliy yuridik ma’lumotga ega bo‘lgan shaxs advokatning stajyori bo‘lishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasining yuridik ma’lumotga ega bo‘lgan fuqarosi advokat yordamchisi bo‘lishi mumkin.
3. Belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan, shuningdek sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan shaxs stajyor yoki yordamchi bo‘lishi mumkin emas.
4. Stajyor va yordamchiga nisbatan Advokatning kasb etikasi qoidalari va advokatlik sirini saqlashga doir talablar tatbiq etiladi.
5. Stajyor va yordamchining mehnatiga haq to‘lash va ijtimoiy sug‘urtasi advokatlik tuzilmasiga kelib tushgan mablag‘lar hisobidan amalga oshiriladi.
6. Stajyor va yordamchi bilan mehnat shartnomasi tuzish va uni bekor qilish O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksiga asosan amalga oshiriladi.
7. Stajyor va yordamchi advokatlik byurosi, advokatlik firmasi va advokatlar hay’atida faoliyat yuritgan taqdirda unga advokatlik tuzilmasi tomonidan, yuridik maslahatxonada faoliyat yuritgan taqdirda O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasining hududiy boshqarmasi (bundan buyon matnda hududiy boshqarma deb yuritiladi) tomonidan guvohnoma beriladi.
Bunda, stajyor yoki yordamchi bilan mehnat shartnomasi bekor qilinganda guvohnoma advokatlik tuzilmasiga (hududiy boshqarmaga) qaytarilishi kerak.
8. Advokatlik tuzilmasi (hududiy boshqarma) rahbari tomonidan stajyor yoki yordamchi bilan mehnat shartnomasi tuzilganligi va bekor qilinganligi bo‘yicha buyruqlarning nusxalarini ular rasmiylashtirilgan kundan e’tiboran besh ish kuni ichida “Yuridik yordam” axborot tizimiga kiritiladi.
9. Stajyor va yordamchi advokatlik faoliyati bilan mustaqil ravishda shug‘ullanishga haqli emas.
2-bob. Stajirovkani tashkil etish
10. Stajyor tomonidan advokat maqomiga ega bo‘lishga tayyorlanish va uning kasbiy bilimlarini hamda ko‘nikmalarini hosil qilish stajirovkaning asosiy vazifasidir.
11. Stajirovka advokatlik tuzilmasida o‘taladi.
12. Kamida uch yillik ish stajiga ega bo‘lgan advokat stajyorga, stajirovka o‘tash davrida rahbarlik qilishi mumkin.
13. Advokat maqomiga ega bo‘lishga talabgor shaxs (bundan buyon matnda talabgor deb yuritiladi) stajirovkani qaysi advokatlik tuzilmasida o‘tash niyatida bo‘lsa, o‘sha advokatlik tuzilmasiga ariza bilan murojaat qiladi. Talabgor stajirovkani yuridik maslahatxonada o‘tash uchun tegishli hududiy boshqarmaga ariza bilan murojaat qiladi.
Bunda, ushbu arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi pasportining (identifikatsiyalovchi ID-kartasi) nusxasi;
oliy yuridik ma’lumot to‘g‘risidagi diplom nusxasi;
sudlanmaganlik (yoki sudlanganlik) to‘g‘risida ma’lumotnoma;
oxirgi ish joyi bo‘yicha tasdiqlangan qog‘oz shaklidagi mehnat daftarchasini yoki elektron mehnat daftarchasidan ko‘chirmani, bundan birinchi marta ishga kirayotgan shaxslar mustasno. O‘rindoshlik asosida ishga kirayotgan shaxslar mehnat daftarchasining o‘rniga asosiy ish joyidan olingan belgilangan namunadagi ma’lumotnomani taqdim etadi.
14. Talabgorning arizasi kelib tushgan kundan e’tiboran besh ish kuni muddatda advokatlik tuzilmasi (hududiy boshqarma) mazkur Nizomning 13-bandiga asosan taqdim etilgan hujjatlarni o‘rganib chiqadi.
15. Talabgorning arizasini o‘rganib chiqish natijalariga ko‘ra advokatlik tuzilmasi (hududiy boshqarma) talabgorni suhbatga chaqirish yoki suhbatga chaqirishni rad etish haqida qaror qiladi va shu kuni bu haqda talabgorni xabardor qiladi.
16. Advokatlik tuzilmasi (hududiy boshqarma) rahbari tomonidan stajyor bilan o‘tkazilgan suhbat natijalariga ko‘ra stajyorni ishga qabul qilish yoki ishga qabul qilishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi.
17. Stajyorni ishga qabul qilish advokatlik tuzilmasi (hududiy boshqarma) rahbarining buyrug‘i bilan amalga oshiriladi. Buyruq chiqarish uchun stajyor bilan tuzilgan mehnat shartnomasi asos bo‘ladi.
Bunda, ushbu buyruq bilan stajyorga stajirovka rahbari tayinlanadi.
18. Stajirovka kamida uch oy davom etadi. Stajirovkaning eng ko‘p muddati ikki yildir.
Uzoq muddat (vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik, homiladorlik va tug‘ish ta’tillari, bola parvarishlash ta’tillari, ishdan ajralgan holda malaka oshirish, stajirovka rahbarining litsenziyasining amal qilishi to‘xtatib turilishi yoki tugatilishi kabi holatlarda) ishda bo‘lmagan vaqt stajirovka muddatiga qo‘shilmaydi.
19. Stajirovka rahbarining advokatlik maqomi, advokatlik faoliyati uchun litsenziyasining amal qilishi to‘xtatib turilishi yoki tugatilishi sababli stajirovkaning ma’lum muddati o‘talmay qolgan taqdirda, stajyorning tanloviga ko‘ra stajirovka ana shu davrga uzaytirilishi yoki stajyor boshqa advokatlik tuzilmasida yoki boshqa advokat rahbarligida stajirovkani davom ettirishi mumkin.
20. Stajirovka o‘tashi ustidan nazoratni stajirovka rahbari amalga oshiradi.
Stajirovka rahbari:
stajyor tomonidan aniq ishlar bo‘yicha qonunchilik, jumladan advokaturaga oid qonunchilik hujjatlari va sud amaliyoti o‘rganilishi;
stajyorning kasbiy tayyorgarlik bo‘yicha mashg‘ulotlarda ishtirok etishi;
stajyorning stajirovka o‘tashi to‘g‘risida o‘z vaqtida va to‘liq hisobot berishi ustidan nazorat qiladi.
21. Stajirovka davrida stajyor advokatlik faoliyatining barcha yo‘nalishlaridagi sohalarda kasbiy bilimlar va ko‘nikmalarga ega bo‘lishi kerak.
Bunda, stajirovka rahbari stajyorni Advokatning kasb etikasi qoidalari bilan tanishtirishi, stajyorga zarur maslahatlar va tushuntirishlar berishi, o‘rganish uchun zarur bo‘lgan qonunchilik hujjatlari va sud amaliyotini tavsiya qilishi shart.
22. Stajyor stajirovkani o‘tash davrida quyidagi huquqlarga ega:
Advokatlar palatasi va advokatlik tuzilmasi tomonidan tashkil etiladigan amaliy mashg‘ulotlarda va seminar-treninglarda ishtirok etish;
advokatlik tuzilmasida mavjud bo‘lgan huquqiy ma’lumotlar bazalaridan, maxsus adabiyotlardan foydalanish;
stajirovka rahbari tomonidan berilgan topshiriqlarni bajarish uchun zarur bo‘lgan hujjat va boshqa materiallarni to‘plash;
huquqiy hujjatlarning loyihalarini tayyorlash;
stajirovka rahbari bilan birgalikda tegishli sud yoki tergovchining ruxsati bilan sud majlislarida, tergov harakatlarida qatnashish.
23. Stajyor stajirovkani o‘tash davrida quyidagi majburiyatlarni bajaradi:
stajirovka rahbarining topshiriqlarini vijdonan, o‘z vaqtida va to‘liq hajmda bajarish;
advokatlik sirini saqlash;
advokatura to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari talablari va Advokatning kasb etikasi qoidalariga rioya qilish;
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasining “Advokatura to‘g‘risida”gi Qonuni.
advokatlik tuzilmasining mehnat intizomiga rioya etish.
24. Stajirovka muddati tugaganidan keyin stajirovka rahbari stajyorga tavsifnoma tuzadi, unda uning tayyorgarlik darajasi, stajirovka davomida u tomonidan kasbga doir olingan amaliy va nazariy bilimlari hamda ko‘nikmalari, stajirovka rahbarining topshiriqlarini bajarishda faolligi, shuningdek stajyorni malaka imtihonini topshirishga kirishi to‘g‘risidagi tavsiyasi aks ettirilgan bo‘lishi kerak.
Stajyorga tavsifnoma advokatlik tuzilmasi rahbarining (hududiy boshqarma) imzosi va tuzilmaning muhri bilan tasdiqlanadi.
3-bob. Yordamchi ishini tashkil etish
25. Yordamchini advokatlik byurosi, advokatlik firmasi yoki advokatlar hay’atiga ishga qabul qilish advokatlik tuzilmasi rahbari tomonidan, yuridik maslahatxonaga ishga qabul qilish hududiy boshqarma rahbarining buyrug‘i bilan amalga oshiriladi.
Bunda, ushbu buyruq bilan yordamchiga mutasaddi-advokat tayinlanadi.
26. Yordamchining mehnat sharoitlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tuziladigan mehnat shartnomasi bilan belgilanadi.
27. Ayni bir shaxs bir vaqtning o‘zida bitta advokatlik tuzilmasida advokatlik faoliyatini amalga oshirayotgan bir necha mutasaddi-advokatlarning yordamchisi bo‘lishi mumkin, bu hol yordamchini ishga qabul qilish to‘g‘risidagi buyruqda va mehnat shartnomasining shartlarida aks ettirilishi kerak.
28. Yordamchining tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organlarda, surishtiruv, dastlabki tergov organlarida, sudlarda hamda boshqa davlat organlarida ishlarni yuritishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
29. Yordamchi mutasaddi-advokat ko‘rsatmasiga asosan mutasaddi-advokatning ish yurituvidagi ishlar bo‘yicha mutasaddi-advokatning protsessual vakolatlariga taalluqlilaridan tashqari topshiriqlarni bajaradi.
30. Yordamchi mutasaddi-advokatning topshirig‘iga binoan:
huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqadi yoki ularning ishlab chiqilishida ishtirok etadi;
so‘rovlar, iltimosnomalar, arizalar va mutasaddi-advokatning advokatlik faoliyati uchun zarur bo‘lgan boshqa hujjatlarning tayyorlanishida ishtirok etadi;
surishtiruv, dastlabki tergov organlariga, sudlarga hamda boshqa davlat organlari va tashkilotlariga berib yuborish uchun materiallar tayyorlaydi;
mutasaddi-advokatning yurituvida bo‘lgan va tugallangan yuridik yordam ko‘rsatish bilan bog‘liq ishlarning hisobga olinishini amalga oshiradi;
mutasaddi-advokat tomonidan advokatlik faoliyatini amalga oshirilishi bilan bog‘liq boshqa topshiriqlarni bajaradi.
31. Yordamchi quyidagi huquqlarga ega hisoblanadi:
advokatlik tuzilmasining ishida ishtirok etish;
Advokatlar palatasi va uning hududiy boshqarmalari hamda advokatlik tuzilmasi tomonidan tashkil etiladigan amaliy mashg‘ulotlarda va seminar-treninglarda ishtirok etish;
advokatlik tuzilmasida mavjud bo‘lgan huquqiy ma’lumotlar bazalaridan, maxsus adabiyotlardan foydalanish;
mutasaddi-advokat bilan birgalikda tegishli sud yoki tergovchining ruxsati bilan sud majlislarida, tergov harakatlarida qatnashish.
32. Yordamchi quyidagi majburiyatlarni bajaradi:
mutasaddi-advokatning topshiriqlarini vijdonan, o‘z vaqtida va to‘liq hajmda bajarish;
belgilangan tartibda bajargan ishlari to‘g‘risida mutasaddi-advokatga hisobot taqdim etish;
o‘z kasbiy bilimlari va ko‘nikmalarini doimiy ravishda oshirib borish;
advokatlik sirini saqlash;
advokatura to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari talablari va Advokatning kasb etikasi qoidalariga rioya qilish;
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasining “Advokatura to‘g‘risida”gi Qonuni.
advokatlik tuzilmasining mehnat intizomiga rioya etish.
4-bob. Yakunlovchi qoida
33. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradi.
O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2024-yil 3-iyundagi 10-mh-son buyrug‘iga
2-ILOVA
O‘z kuchini yo‘qotgan deb topilayotgan idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar
RO‘YXATI
1. O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2009-yil 27-martdagi 79-mh-son “Advokat stajyorining faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyrug‘i (ro‘yxat raqami 1928, 2009-yil 27-mart) (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2009-y., 13-son, 152-modda).
2. O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2018-yil 6-yanvardagi 8-mh-son “Advokat stajyorining faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizomning 5-bandiga o‘zgartirish kiritish haqida”gi buyrug‘i (ro‘yxat raqami 1928-1, 2018-yil 6-yanvar) (Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 08.01.2018-y., 10/18/1928-1/0520-son).
3. O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2018-yil 12-dekabrdagi 549-mh-son “Advokat stajyorining faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizomning 13-bandiga o‘zgartirish kiritish haqida”gi buyrug‘i (ro‘yxat raqami 1928-2, 2018-yil 12-dekabr) (Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 13.12.2018-y., 10/18/1928-2/2305-son).
4. O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2009-yil 27-martdagi 80-mh-son “Advokat yordamchisining faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyrug‘i (ro‘yxat raqami 1929, 2009-yil 27-mart) (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2009-y., 13-son, 153-modda).
5. O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2019-yil 1-iyuldagi 273-mh-son “Advokat yordamchisining faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizomning 11-bandiga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida”gi buyrug‘i (ro‘yxat raqami 1929-1, 2019-yil 1-iyul) (Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 01.07.2019-y., 10/19/1929-1/3350-son).
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.06.2024-y., 10/24/3517/0401-son)