|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 05.06.2024
|
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI ADLIYA VAZIRINING
buyrug‘i
ADVOKAT YORDAMChISINING FAOLIYATINI TAShKIL ETISh TARTIBI TO‘G‘RISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2009-yil 27-martda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 1929]
Mazkur buyruq O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2024-yil 3-iyundagi 10-mh-sonli “Advokat stajori va yordamchisining faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyrug‘iga (ro‘yxat raqami 3517, 04.06.2024-y.) asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi “Advokatura to‘g‘risida”gi Qonunining 8-moddasiga (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Axborotnomasi, 1997-y., 2-son, 48-modda) muvofiq buyuraman:
1. Advokat yordamchisining faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq davlat ro‘yxatidan o‘tkazilsin va bu haqda O‘zbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qo‘mitalari va idoralari normativ-huquqiy hujjatlarining Davlat reyestriga tegishli yozuv kiritilsin.
3. Qonun hujjatlarini turkumlash va huquqiy axborot boshqarmasi (A. Inanbabayev) hamda Notariat, FHDY va advokatura boshqarmasi (D. Yakubova) ushbu normativ-huquqiy hujjatni o‘n kun muddat ichida barcha manfaatdor shaxslarga yetkazilishini va “O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami” — “Sobraniye zakonodatelstva Respubliki Uzbekistan”da nashr etilishini ta’minlasin.
4. Ushbu buyruq davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan kundan boshlab o‘n kun o‘tgandan keyin kuchga kiradi.
5. Mazkur buyruq ijrosini nazorat qilish vazir o‘rinbosari E. Kanyazov zimmasiga yuklatilsin.
Adliya vaziri R. MUHITDINOV
Toshkent sh.,
2009-yil 27-mart,
80-mh-son
Adliya vazirining 2009-yil 27-martdagi 80-mh-son buyrug‘iga
ILOVA
ILOVA
Advokat yordamchisining faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risida
NIZOM
Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasining “Advokatura to‘g‘risida”gi Qonuniga (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-yil, 2-son, 48-modda) muvofiq advokat yordamchisining (keyingi o‘rinlarda yordamchi deb yuritiladi) faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
I. Umumiy qoidalar
1. Advokat advokatlik faoliyatini amalga oshirishda yordamchiga ega bo‘lishi mumkin.
2. Oliy yoki o‘rta yuridik ma’lumotga ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi yordamchi bo‘lishi mumkin.
3. Belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan, shuningdek, sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan shaxs yordamchi bo‘lishi mumkin emas.
II. Yordamchi sifatida ishga qabul qilishni rasmiylashtirish
4. Advokatlik byurosiga, advokatlik firmasiga, advokatlar hay’atiga yordamchi sifatida ishga qabul qilish tegishli advokatlik tuzilmasi, yuridik maslahatxonaga esa O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasining tegishli hududiy boshqarmasi (keyingi o‘rinlarda hududiy boshqarma deb yuritiladi) tomonidan amalga oshiriladi.
5. Yordamchi sifatida ishga qabul qilish advokatlik tuzilmasi (hududiy boshqarmasi) rahbarining buyrug‘i bilan amalga oshiriladi, mutasaddi-advokat ham shu buyruq bilan tayinlanadi.
6. Yordamchining mehnat sharoitlari qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda tuziladigan mehnat shartnomasi (kontrakt) bilan belgilanadi.
(6-band O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)
7. Mehnat shartnomasi (kontrakt) bilan advokatlik tuzilmasining (hududiy boshqarmasining), mutasaddi-advokatning hamda yordamchining huquq va majburiyatlari, yordamchining mehnatiga haq to‘lash tartibi, ish rejimi, mehnat shartnomasining (kontraktning) amal qilish muddati, uni tugatish shartlari belgilanadi, advokatlik tuzilmasi (hududiy boshqarmasi), mutasaddi-advokat va yordamchi o‘zaro munosabatlarining boshqa masalalari tartibga solinadi.
8. Ayni bir shaxs bir vaqtning o‘zida bitta advokatlik tuzilmasida advokatlik faoliyatini amalga oshirayotgan bir necha mutasaddi-advokatlarning yordamchisi bo‘lishi mumkin, bu hol yordamchini ishga qabul qilish to‘g‘risidagi buyruqda va mehnat shartnomasining (kontraktning) shartlarida aks ettirilishi kerak.
III. Yordamchi ishini tashkil etish
9. Yordamchining ishi advokatlik tuzilmasi tomonidan tashkil etiladi.
10. Advokatlik tuzilmasi (hududiy boshqarma) tomonidan yordamchiga belgilangan namunadagi guvohnoma beriladi. Mehnat shartnomasi (kontrakt) bekor qilinganda guvohnoma advokatlik tuzilmasiga (hududiy boshqarmaga) qaytarilishi kerak.
11. Yordamchi advokat huquqlariga ega bo‘lmaydi va uning tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organlarda, surishtiruv, dastlabki tergov organlarida, sudlarda hamda boshqa davlat organlarida ishlarni yuritishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
(11-band O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2019-yil 1-iyuldagi 273-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 1929-1, 01.07.2019-y.) tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 01.07.2019-y., 10/19/1929-1/3350-son)
12. Yordamchi bevosita mutasaddi-advokatga bo‘ysunadi.
13. Yordamchi mutassadi-advokat ko‘rsatmasiga binoan mutasaddi-advokatning ish yurituvidagi ishlar bo‘yicha mutasaddi-advokatning protsessual vakolatlariga taalluqlilaridan tashqari topshiriqlarni bajaradi.
14. Yordamchi mutasaddi-advokatning topshirig‘iga binoan:
huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqadi yoki ularning ishlab chiqilishida ishtirok etadi;
so‘rovlar, iltimosnomalar, arizalar va mutasaddi-advokatning advokatlik faoliyati uchun zarur bo‘lgan boshqa hujjatlarning tayyorlanishida ishtirok etadi;
surishtiruv, dastlabki tergov organlariga, sudlarga hamda boshqa davlat organlari va tashkilotlariga berib yuborish uchun materiallar tayyorlaydi;
yurituvda bo‘lgan va tugallangan ijro ishlarining hisobga olinishini amalga oshiradi;
talab qilingan hujjatlar va boshqa materiallarni o‘z vaqtida taqdim etilishini nazorat qiladi;
mutasaddi-advokat tomonidan advokatlik faoliyatini amalga oshirilishi bilan bog‘liq boshqa topshiriqlarni bajaradi.
15. Yordamchi sifatidagi ish staji advokat maqomiga ega bo‘lish uchun zarur bo‘lgan yuridik mutaxassislik bo‘yicha ish stajiga qo‘shiladi.
16. Advokatlarning kasb etikasi qoidalari va advokatlik sirini saqlashga doir talablar yordamchiga nisbatan tatbiq etiladi.
17. Yordamchiga nisbatan qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan rag‘batlantirish va intizomiy jazo choralari qo‘llanilishi mumkin.
(17-band O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)
18. Yordamchi mehnatiga haq to‘lash va ijtimoiy sug‘urtasi advokatlik tuzilmasiga kelib tushgan mablag‘lar hisobidan amalga oshiriladi.
IV. Yordamchining huquq va majburiyatlari
19. Yordamchi ish davrida:
advokatlik tuzilmasi tomonidan tashkil etiladigan amaliy mashg‘ulotlarda qatnashishga;
advokatlik tuzilmasining ishida ishtirok etishga;
advokatlik tuzilmasida mavjud bo‘lgan huquqiy ma’lumotlar bazalaridan, maxsus adabiyotlardan foydalanishga;
normativ materiallarni turkumlashtirish, huquqni qo‘llash amaliyotini umumlashtirish, mutasaddi-advokatga topshiriqlarni bajarish uchun zarur bo‘lgan hujjatlarni va boshqa materiallarni to‘plash bilan shug‘ullanishga;
mutasaddi-advokat bilan birgalikda sud majlislarida, tergov harakatlarida qatnashishga, huquqiy hujjatlarning loyihalarini tayyorlashga;
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa xatti-harakatlarni sodir etishga haqli.
(19-bandning yettinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)
20. Yordamchi ish davrida:
mutasaddi-advokatning topshiriqlarini vijdonan, o‘z vaqtida va to‘liq hajmda bajarishi;
o‘z kasbiy bilimlari va ko‘nikmalarini doimiy ravishda oshirib borishi;
mutasaddi-advokat tomonidan belgilagan tartibda bajargan ishlari to‘g‘risida mutasaddi-advokatga hisobot taqdim etishi;
advokatlik sirini saqlashi;
advokatlik tuzilmasidagi mehnat intizomiga rioya etishi shart.
Qonunchilik hujjatlariga muvofiq yordamchi boshqa majburiyatlarni ham bajarishi mumkin.
(20-bandning yettinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)
V. Yakunlovchi qoidalar
21. Mehnat shartnomasi (kontrakt) yordamchi bilan quyidagi hollarda bekor qilinadi:
yordamchining yordamchilar qatoridan chiqarish to‘g‘risidagi arizasiga binoan;
yordamchini muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topish to‘g‘risidagi sudning qarori qonuniy kuchga kirganda;
yordamchi tomonidan advokatning sha’ni va qadr-qimmatiga dog‘ tushiradigan hamda advokaturaning obro‘sini tushiradigan qilmish sodir etilgan holda;
yordamchi o‘z vazifalarini bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan holda;
yordamchi sudlanganlik olib tashlanmagan yoki sudlanganlik holati tugallanmaganlikni kelib chiqishiga olib keladigan jinoyat sodir etganlikda aybdor deb topilganligi to‘g‘risidagi sudning hukmi qonuniy kuchga kirganda;
yordamchi O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini yo‘qotganda;
mutasaddi-advokatga nisbatan advokat maqomi tugatilishi yoki to‘xtatib turilishi munosabati bilan.
Mehnat shartnomasi (kontrakt) qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa asoslar bo‘yicha ham bekor qilinishi mumkin.
(21-bandning to‘qqizinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)
22. Mazkur Nizomni buzilishida aybdor shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortiladilar.
(22-band O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)
23. Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi bilan kelishilgan.
Advokatlar palatasining raisi T. SAYIDOV
Toshkent sh.,
2009-yil 27-mart
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2009-y., 13-son, 153-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 01.07.2019-y., 10/19/1929-1/3350-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)