O‘zbekiston Respublikasining Qonuni
OILAVIY TADBIRKORLIK TO‘G‘RISIDA
Qonunchilik palatasi tomonidan 2012-yil 16-martda qabul qilingan
Senat tomonidan 2012-yil 23-martda ma’qullangan
Senat tomonidan 2012-yil 23-martda ma’qullangan
1-bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi oilaviy tadbirkorlik sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Oldingi tahrirga qarang.
2-modda. Oilaviy tadbirkorlik to‘g‘risidagi qonunchilik
Oilaviy tadbirkorlik to‘g‘risidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining oilaviy tadbirkorlik to‘g‘risidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.
(2-modda O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
3-modda. Oilaviy tadbirkorlik
Oilaviy tadbirkorlik oila a’zolari tomonidan tavakkal qilib va o‘z mulkiy javobgarligi ostida daromad (foyda) olish maqsadida amalga oshiriladigan tashabbuskorlik faoliyatidir.
Oilaviy tadbirkorlik o‘z ishtirokchilarining ixtiyoriyligiga asoslanadi.
Oilaviy tadbirkorlik yuridik shaxs tashkil etgan yoki tashkil etmagan holda amalga oshirilishi mumkin.
Yuridik shaxs tashkil etgan holda amalga oshiriladigan oilaviy tadbirkorlikning tashkiliy-huquqiy shakli oilaviy korxonadir.
Oldingi tahrirga qarang.
Yuridik shaxs tashkil etmagan holdagi oilaviy tadbirkorlik qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Bunda yuridik shaxs tashkil etmagan holdagi oilaviy tadbirkorlik subyektlari besh nafargacha doimiy ishchini yollab, ular bilan mehnat shartnomasi tuzishga, shuningdek mehnatga layoqatli yoshga to‘lgan boshqa yaqin qarindoshlarini, shu jumladan bolalari va nevaralarining erini (xotinini), aka-ukalari va opa-singillarini, ularning xotinini (erini) va bolalarini yuridik shaxs tashkil etmagan holdagi oilaviy tadbirkorlik subyektining ishtirokchisi sifatida jalb etishga haqli.
(3-moddaning beshinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2023-yil 27-dekabrdagi O‘RQ-890-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.12.2023-y., 03/23/890/0981-son)
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 29-iyuldagi 216-son qarori bilan tasdiqlangan Yuridik shaxs tashkil etmasdan oilaviy tadbirkorlikni va hunarmandchilik faoliyatini amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizom.
4-modda. Oilaviy korxona
Oilaviy korxona uning ishtirokchilari tomonidan tovarlar ishlab chiqarish (ishlar bajarish, xizmatlar ko‘rsatish) va realizatsiya qilishni amalga oshirish uchun ixtiyoriy asosda, oilaviy korxona ishtirokchilarining ulushli yoki birgalikdagi mulkida bo‘lgan umumiy mol-mulk, shuningdek oilaviy korxona ishtirokchilaridan har birining mol-mulki negizida tashkil etiladigan kichik tadbirkorlik subyektidir. Oilaviy korxona faoliyati uning ishtirokchilarining shaxsiy mehnatiga asoslanadi. Oilaviy korxona tadbirkorlik subyektlarining tashkiliy-huquqiy shakllaridan biridir.
Oilaviy korxona faoliyatni faqat yuridik shaxs tashkil etgan holda amalga oshirishi mumkin. Oilaviy korxona o‘z mulkida alohida mol-mulkka ega bo‘lishi, o‘z nomidan mulkiy va shaxsiy nomulkiy huquqlarni olishi hamda amalga oshirishi, zimmasiga majburiyatlar olishi, sudda da’vogar va javobgar bo‘lishi mumkin.
Oilaviy korxona o‘z majburiyatlari bo‘yicha qonunga muvofiq undiruv qaratilishi mumkin bo‘lgan o‘ziga tegishli barcha mol-mulk bilan javob beradi.
Oldingi tahrirga qarang.
Oilaviy korxona ishtirokchilari korxona mol-mulki yetarli bo‘lmaganda oilaviy korxonaning majburiyatlari bo‘yicha o‘ziga tegishli mol-mulk bilan qonunchilikka muvofiq subsidiar javobgar bo‘ladi.
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 329-moddasi.
Oilaviy korxona qonunchilikka muvofiq xodimlarni yollashni amalga oshirishi mumkin.
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 77-moddasi.
Oilaviy korxona ishtirokchilarining va uning yollanma xodimlarining umumiy soni kichik tadbirkorlik subyektlari xodimlarining qonunchilikda belgilangan o‘rtacha yillik sonidan ko‘p bo‘lishi mumkin emas. Bunda oilaviy korxona ishtirokchilarining eng kam soni ikki kishidan oz bo‘lmasligi kerak.
(4-moddaning to‘rtinchi, beshinchi va oltinchi qismlari O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunining 5-moddasi.
Oilaviy korxona to‘liq firma nomiga ega bo‘lishi lozim va qisqartirilgan firma nomiga ega bo‘lishga haqli. Oilaviy korxonaning to‘liq firma nomi uning to‘liq nomini va “oilaviy korxona” degan so‘zlarni o‘z ichiga olishi kerak. Oilaviy korxonaning qisqartirilgan firma nomi uning qisqartirilgan nomini va “oilaviy korxona” degan so‘zlarni yoki “OK” abbreviaturasini o‘z ichiga olishi kerak.
5-modda. Oilaviy korxona ishtirokchilari
Oldingi tahrirga qarang.
Er, xotin, ularning bolalari va nabiralari, ota-onasi, mehnatga qobiliyatli yoshga to‘lgan boshqa qarindoshlari (bolalari va nabiralarining erlari (xotinlari), tug‘ishgan hamda o‘gay aka-uka va opa-singillari, ularning erlari (xotinlari) hamda bolalari, tog‘a va amaki hamda amma va xolalari) oilaviy korxona ishtirokchilari bo‘lishi mumkin. Faqat muomalaga layoqatli shaxslar oilaviy korxona ishtirokchilari bo‘lishi mumkin.
(5-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2023-yil 27-dekabrdagi O‘RQ-890-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.12.2023-y., 03/23/890/0981-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat organlarining mansabdor shaxslari, shuningdek qonunchilikda tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi taqiqlangan boshqa shaxslar oilaviy korxona ishtirokchilari bo‘lishi mumkin emas.
(5-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(5-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2023-yil 27-dekabrdagi O‘RQ-890-sonli Qonuniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.12.2023-y., 03/23/890/0981-son))
6-modda. Oilaviy korxona boshlig‘i
Yuridik va jismoniy shaxslar bilan o‘zaro munosabatlarda oilaviy korxona nomidan uning boshlig‘i ish ko‘radi.
Oilaviy korxona ishtirokchilaridan biri uning boshlig‘i bo‘lishi mumkin, unga oilaviy korxonaning barcha ishtirokchilari bir ovozdan ish muomalasida o‘z nomlaridan ishtirok etish huquqini beradi.
Oilaviy korxona boshlig‘i vaqtinchalik mehnat qobiliyatini yo‘qotgan yoki uzoq vaqt bo‘lmagan taqdirda, u o‘z vazifasini vaqtincha bajarib turish vakolatini oilaviy korxonaning qolgan ishtirokchilari bilan kelishgan holda ulardan biriga berishga haqli.
2-bob. Oilaviy korxonani tashkil etish va davlat ro‘yxatidan o‘tkazish
7-modda. Oilaviy korxonani tashkil etish tartibi
Oilaviy korxona uning ishtirokchilari tomonidan tashkil etiladi.
Oilaviy korxona, agar uning ta’sis shartnomasida boshqacha qoida nazarda tutilgan bo‘lmasa, nomuayyan muddatga tashkil etiladi.
8-modda. Oilaviy korxona ishtirokchilarining umumiy yig‘ilishi
Oilaviy korxona ishtirokchilarining umumiy yig‘ilishi oilaviy korxonaning yuqori boshqaruv organidir.
Oilaviy korxona ishtirokchilari umumiy yig‘ilishining vakolatlariga quyidagilar kiradi:
oilaviy korxonaning ta’sis shartnomasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish;
Oldingi tahrirga qarang.
oilaviy korxona boshlig‘ini saylash (tayinlash) va ozod qilish;
(8-modda ikkinchi qismining uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2020-yil 21-iyuldagi O‘RQ-629-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 22.07.2020-y., 03/20/629/1087-son)
oilaviy korxona faoliyatining turlarini belgilash;
oilaviy korxonaning ustav fondini belgilash va uning miqdoriga o‘zgartishlar kiritish;
Oldingi tahrirga qarang.
oilaviy korxona ishtirokchilari tarkibini o‘zgartirish to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqish va hal qilish;
(8-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2020-yil 21-iyuldagi O‘RQ-629-sonli Qonuniga asosan oltinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 22.07.2020-y., 03/20/629/1087-son)
oilaviy korxona boshlig‘ining oilaviy korxona moliya-xo‘jalik faoliyati to‘g‘risidagi yillik hisobotini ko‘rib chiqish;
ta’sis shartnomasiga muvofiq oilaviy korxonaning foydasini taqsimlash to‘g‘risida qaror qabul qilish;
oilaviy korxonaning mol-mulkiga doir yirik bitimlar tuzish to‘g‘risida qaror qabul qilish.
Oilaviy korxona ishtirokchilari umumiy yig‘ilishining vakolatlariga ta’sis shartnomasida nazarda tutilgan boshqa masalalarni hal etish ham kiritilishi mumkin.
9-modda. Oilaviy korxonaning ta’sis shartnomasi
Oilaviy korxonaning ta’sis hujjati mazkur korxonaning barcha ishtirokchilari tomonidan tuziladigan ta’sis shartnomasidir.
Oilaviy korxonaning ta’sis shartnomasida quyidagilar ko‘rsatiladi:
oilaviy korxona boshlig‘ining va oilaviy korxona boshqa ishtirokchilarining familiyasi, ismi, otasining ismi hamda yashash joyi (manzili);
oilaviy korxona ustav fondining miqdori;
oilaviy korxona ishtirokchilari tomonidan uning ustav fondiga kiritiladigan mol-mulkni belgilash tartibi;
oilaviy korxonaning firma nomi va joylashgan yeri (pochta manzili) to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
oilaviy korxona ishtirokchilari o‘rtasida tadbirkorlik faoliyatidan olingan foydani, shuningdek oilaviy korxona tugatilganda mol-mulkni taqsimlash tartibi;
oilaviy korxona ishtirokchilarining oilaviy korxona foydalanishiga berilayotgan mol-mulki ro‘yxati;
oilaviy korxonaning mol-mulkiga doir yirik bitimning miqdori;
oilaviy korxona ishtirokchilarining umumiy yig‘ilishi tomonidan qarorlar qabul qilish tartibi;
oilaviy korxona ishtirokchilari muhim deb hisoblaydigan boshqa shartlar.
Ta’sis shartnomasi oilaviy korxonaning barcha ishtirokchilari tomonidan imzolanadi.
Oilaviy korxona boshlig‘i o‘zgargan, ishtirokchi oilaviy korxona tarkibiga ixtiyoriy ravishda kirgan (undan chiqib ketgan), er va xotin o‘rtasidagi nikoh bekor qilingan yoki oilaviy korxona ishtirokchisi vafot etgan va bu hollar oilaviy korxona balansiga berilgan oilaviy korxona ishtirokchilarining mol-mulki ro‘yxatida o‘zgarishlarga sabab bo‘lgan taqdirda, ta’sis shartnomasiga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritiladi. Bunda oilaviy korxonani qayta davlat ro‘yxatidan o‘tkazish talab qilinmaydi.
10-modda. Oilaviy korxonani davlat ro‘yxatidan o‘tkazish
Oilaviy korxona kichik tadbirkorlik subyektlari uchun nazarda tutilgan soddalashtirilgan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan sanadan e’tiboran yuridik shaxs maqomiga ega bo‘ladi.
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 28-oktabrdagi PQ–2646-sonli “Tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va hisobga qo‘yish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori, Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 9-fevraldagi 66-son qarori bilan tasdiqlangan “Tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida nizom”.
Oldingi tahrirga qarang.
Ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organlar ariza beruvchini oilaviy korxona sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni uni tashkil etish maqsadga muvofiq emas degan vajlar bilan rad etishga yoki qonunchilikda nazarda tutilmagan qo‘shimcha talablar belgilashga haqli emas.
(10-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Ariza beruvchini oilaviy korxona sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni rad etganlik, shuningdek ro‘yxatdan o‘tkazish muddatini buzganlik ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin. Ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organning qarori, shuningdek mazkur organ mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) sud tomonidan qonunga xilof deb topilgan taqdirda, ular ariza beruvchiga oilaviy korxonani ro‘yxatdan o‘tkazishni rad etganlik yoki ro‘yxatdan o‘tkazish muddatini buzganlik tufayli yetkazilgan zararning o‘rnini qoplaydi va ma’naviy zarar uchun kompensatsiya to‘laydi.
11-modda. Oilaviy korxonaning ustav fondi
Oilaviy korxonaning ustav fondi pul mablag‘lari, qimmatli qog‘ozlar, boshqa mol-mulk, shu jumladan pul bilan baholanadigan mulkiy huquqlar yoki o‘zga shaxsga o‘tkaziladigan boshqa huquqlar hisobidan shakllantiriladi. Yagona uy (kvartira) oilaviy korxonaning ustav fondiga kiritilishi mumkin emas.
Oilaviy korxona ishtirokchilari oilaviy korxonaning ustav fondiga korxona ta’sis shartnomasida nazarda tutilgan tartibda o‘zlari kiritadigan mol-mulkni mustaqil ravishda belgilaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
Oilaviy korxona ustav fondining eng kam miqdori litsenziya talablarida belgilanishi mumkin.
(11-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 20-martdagi O‘RQ-531-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 21.03.2019-y., 03/19/531/2799-son)
3-bob. Oilaviy korxonaning hamda uning ishtirokchilarining huquq va majburiyatlari
12-modda. Oilaviy korxonaning huquq va majburiyatlari
Oilaviy korxona quyidagi huquqlarga ega:
mustaqil ravishda tovarlar ishlab chiqarishga (ishlar bajarishga, xizmatlar ko‘rsatishga) doir faoliyatni tashkil etish, ishlab chiqarilgan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) tasarruf etish va ularga narx belgilash;
mustaqil ravishda o‘z moliyaviy mablag‘larini shakllantirish va qarz mablag‘larini jalb etish, shu jumladan dastlabki (boshlang‘ich) kapitalni shakllantirish uchun kreditlar olish;
lizing va sug‘urta xizmatlaridan foydalanish;
shartnomalar tuzish, shu jumladan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) xarid qilish va realizatsiya qilish uchun shartnomalar tuzish;
tadbirkorlikdan cheklanmagan miqdorda daromad (foyda) olish;
o‘z firma nomi yozilgan muhrlardan, blankalardan va shtamplardan foydalanish hamda tovar belgisiga (xizmat ko‘rsatish belgisiga) ega bo‘lish;
tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish.
Oilaviy korxona:
tuzilgan shartnomalar bo‘yicha zimmasiga olgan majburiyatlarni o‘z vaqtida va tegishli tartibda bajarishi;
oilaviy korxonaning ishtirokchilari va yollanma xodimlari mehnatiga haq to‘lash miqdorini belgilashi, ular bilan o‘z vaqtida hisob-kitob qilishi, shuningdek ish beruvchi sifatida o‘z fuqarolik javobgarligini sug‘urta qilishi;
soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashi;
mehnatni muhofaza qilish hamda xavfsizlik texnikasi, ekologiya, sanitariya va gigiyena sohasidagi normativ hujjatlar talablariga rioya etishi;
Oldingi tahrirga qarang.
realizatsiya qilinadigan mahsulot va xizmatlar uchun qonunchilikka muvofiq sertifikatlarga ega bo‘lishi;
(12-modda ikkinchi qismining oltinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi “Texnik jihatdan tartibga solish to‘g‘risida”gi Qonuni.
joylashgan yeri (pochta manzili) va boshqa rekvizitlari o‘zgarganligi haqida tegishli davlat organlarini o‘z vaqtida xabardor qilishi shart.
Oilaviy korxona qonunga muvofiq boshqa huquqlarga ega bo‘lishi va uning zimmasida o‘zga majburiyatlar bo‘lishi mumkin.
13-modda. Oilaviy korxona boshlig‘ining huquq va majburiyatlari
Oilaviy korxona boshlig‘i quyidagi huquqlarga ega:
oilaviy korxona nomidan ishonchnomasiz ish ko‘rish;
yuridik va jismoniy shaxslar bilan oilaviy korxona faoliyatiga bog‘liq bo‘lgan shartnomalar tuzish;
mehnat shartnomalari (kontraktlar) tuzish va shtatlarni tasdiqlash;
ishonchnomalar berish.
Oilaviy korxona boshlig‘i:
oilaviy korxonani shaxsan boshqarishi va uning kundalik faoliyatini tashkil etishi;
oilaviy korxonaning mol-mulki bilan bog‘liq yirik bitimlar tuzishda ishtirokchilarning roziligini olishi;
Oldingi tahrirga qarang.
mehnat to‘g‘risidagi qonunchilik normalariga rioya etilishini ta’minlashi;
(13-modda ikkinchi qismining to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
buxgalteriya hisobi yuritilishini ta’minlashi shart.
Oilaviy korxona boshlig‘i qonunga muvofiq boshqa huquqlarga ega bo‘lishi va uning zimmasida o‘zga majburiyatlar bo‘lishi mumkin.
14-modda. Oilaviy korxona ishtirokchilarining huquq va majburiyatlari
Oilaviy korxona ishtirokchilari quyidagi huquqlarga ega:
oilaviy korxonani boshqarishda, qarorlar qabul qilishda, moliya-xo‘jalik faoliyatini nazorat qilishda ishtirok etish;
oilaviy korxona ta’sis shartnomasining shartlariga bog‘liq holda foydadan o‘z ulushini olish;
oilaviy korxona tarkibidan ixtiyoriy ravishda chiqish;
agar oilaviy korxonaning ta’sis shartnomasida boshqacha qoida nazarda tutilgan bo‘lmasa, oilaviy korxona tarkibidan chiqishda oilaviy korxona mol-mulki qiymatining bir qismi ustav fondiga o‘zi kiritgan mol-mulk miqdoriga mutanosib ravishda qaytarib berilishi yoki shunday qiymatdagi mol-mulk natural holda o‘ziga ajratib berilishi.
Oilaviy korxona ishtirokchilari oilaviy korxonaning faoliyatida shaxsiy mehnati bilan ishtirok etishi shart.
Oldingi tahrirga qarang.
Oilaviy korxona ishtirokchilari qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ega bo‘lishi va ularning zimmasida o‘zga majburiyatlar bo‘lishi mumkin.
(14-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
4-bob. Oilaviy korxonaning faoliyati
15-modda. Oilaviy korxonaning mol-mulki
Oilaviy korxonaning mol-mulki:
oilaviy korxona ishtirokchilari tomonidan uning ustav fondiga kiritiladigan mol-mulkdan;
qarz mablag‘lari va kreditlar hisobiga olingan mol-mulkdan;
tovarlarni realizatsiya qilishdan, ishlar bajarishdan, xizmatlar ko‘rsatishdan olingan va oilaviy korxonani rivojlantirishga yo‘naltirilgan daromadlardan, shuningdek bu daromadlar hisobiga olingan mol-mulkdan;
Oldingi tahrirga qarang.
qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa mablag‘lardan tarkib topadi.
(15-moddaning beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
16-modda. Oilaviy korxonaning faoliyati amalga oshiriladigan joy
Oilaviy korxona ishtirokchilariga mulk huquqi asosida yoki boshqa qonuniy asosda tegishli bo‘lgan turar joylar va yashash uchun mo‘ljallanmagan joylar, shu jumladan ishlab chiqarish, xo‘jalik binolari va boshqa imoratlar oilaviy korxona faoliyati amalga oshiriladigan joydir.
Oldingi tahrirga qarang.
Oilaviy korxona ishtirokchilariga mulk huquqi asosida tegishli bo‘lgan turar joylarni ulardan oilaviy korxona faoliyatida foydalanish maqsadida yashash uchun mo‘ljallanmagan joylarga aylantirish talab qilinmaydi, bundan faoliyatning ayrim turlari uchun qonunchilikda nazarda tutilgan hollar mustasno.
(16-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Jumladan, mazkur Qonunning 17-moddasi to‘rtinchi qismiga muvofiq oilaviy korxona tomonidan sanoat tusidagi faoliyatni ko‘p kvartirali uyning turar joylarida amalga oshirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Shuningdek, qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kodeksining 15, 16 va 161-moddalari.
17-modda. Oilaviy korxona faoliyatini amalga oshirish shartlari
Oilaviy korxona faoliyatning ayrim turlarini faqat maxsus ruxsatnoma (litsenziya) mavjud bo‘lganda amalga oshirishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
Oilaviy korxona aksiz solig‘i to‘lanadigan mahsulotni ishlab chiqarishni va yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq solinadigan foydali qazilmalarni kavlab olishni amalga oshirishi mumkin emas;
(17-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2020-yil 9-noyabrdagi O‘RQ-646-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 09.11.2020-y., 03/20/646/1488-son)
Oilaviy korxona faoliyatida zaharli, radioaktiv moddalar va materiallardan, yuqori bosimli asbob-uskunalardan hamda inson va atrof-muhit uchun katta xavf tug‘diradigan boshqa asbob-uskunalardan foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi. Oilaviy korxona foydalanishi mumkin bo‘lmagan moddalar, materiallar va asbob-uskunalarning ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Oilaviy korxona tomonidan sanoat tusidagi faoliyatni ko‘p kvartirali uyning turar joylarida amalga oshirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
Oilaviy korxona faoliyati qonunchilikda belgilangan normalar va qoidalarga rioya etilgan holda amalga oshirilishi kerak.
(17-moddaning beshinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
18-modda. Oilaviy korxona mahsulotini realizatsiya qilish
Oilaviy korxona o‘zi ishlab chiqargan mahsulotni naqd pulli va (yoki) naqd pulsiz hisob-kitob bo‘yicha realizatsiya qilishi mumkin. Oilaviy korxona mahsulotini realizatsiya qilish u ishlab chiqarilgan joyda amalga oshirilishi mumkin.
19-modda. Oilaviy korxonada hisob va hisobot
Oilaviy korxonada hisob va hisobot, shuningdek uning faoliyati ustidan statistika kuzatuvlari kichik tadbirkorlik subyektlari uchun nazarda tutilgan tartibda yuritiladi.
5-bob. Oilaviy korxonada mehnat. Oilaviy korxona ishtirokchilari va yollanma xodimlarining ijtimoiy muhofazasi
20-modda. Oilaviy korxonada mehnatga oid munosabatlar
Oilaviy korxona ishtirokchilarining shaxsiy mehnatini amalga oshirish shartlari ular o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra belgilanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Oilaviy korxona (ish beruvchi) va oilaviy korxonaning yollanma xodimi o‘rtasidagi mehnatga oid munosabatlar mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq mehnat shartnomasi (kontrakt) bilan tartibga solinadi.
(20-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
21-modda. Oilaviy korxonada mehnatga haq to‘lash
Oldingi tahrirga qarang.
Oilaviy korxona oilaviy korxonaning ishtirokchilari va yollanma xodimlari uchun mehnat haqi, mukofotlar hamda kompensatsiyalarning shakllarini, tizimini va miqdorini qonunchilikka muvofiq mustaqil ravishda belgilaydi.
(21-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Oilaviy korxona ishtirokchilari va yollanma xodimlarining mehnat haqi taraflarning kelishuviga ko‘ra, lekin qonunchilikda Mehnatga haq to‘lash yagona tarif setkasining birinchi razryadi bo‘yicha belgilangan miqdordan oz bo‘lmagan miqdorda belgilanadi.
(21-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 16-sentabrdagi 775-sonli “Mehnatga haq to‘lash yagona tarif setkasini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori.
22-modda. Oilaviy korxona ishtirokchilarining va yollanma xodimlarining ijtimoiy muhofazasi
Oilaviy korxona korxonaning ishtirokchilari va yollanma xodimlariga xavfsiz mehnat sharoitlarini, ijtimoiy muhofaza choralarini ta’minlashi shart hamda ularning hayotiga yoki sog‘lig‘iga yetkazilgan zarar uchun javobgar bo‘ladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Oilaviy korxona korxonaning ishtirokchilari va yollanma xodimlari uchun qonunchilikda belgilanganiga nisbatan imtiyozliroq mehnat va ijtimoiy-iqtisodiy shart-sharoitlarni mustaqil ravishda belgilashga haqli.
Oilaviy korxonada ishtirokchilar va yollanma xodimlarning ishlagan vaqti davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha badallar to‘langanligini tasdiqlovchi hujjatlar va qonunchilikda belgilangan tartibda yuritiladigan mehnat daftarchasidagi yozuvlar asosida mehnat stajiga qo‘shiladi.
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 125-moddasi, Mehnat daftarchalarini yuritish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnoma (ro‘yxat raqami 402, 29.01.1998-y.).
Oilaviy korxona oilaviy korxonaning ishtirokchilari va yollanma xodimlari hayotiga yoki sog‘lig‘iga mehnatda mayib bo‘lishi, kasb kasalligiga chalinishi yoki ular o‘z mehnat vazifalarini bajarishi bilan bog‘liq holda sog‘lig‘ining boshqacha tarzda shikastlanishi sababli yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash bo‘yicha o‘z fuqarolik javobgarligini ish beruvchi sifatida qonunchilikda belgilangan shartlar va tartib asosida sug‘urtalashi shart.
(22-moddaning ikkinchi, uchinchi va to‘rtinchi qismlari O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
6-bob. Oilaviy korxona faoliyati erkinligining kafolatlari
23-modda. Oilaviy korxonani davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash
Davlat oilaviy korxonaning huquqlariga rioya etilishini va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini kafolatlaydi.
Davlat organlari oilaviy korxonani rivojlantirish va mustahkamlashga ko‘maklashishi shart.
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat organlari qonunchilikda belgilangan tartibda:
(23-moddaning uchinchi qismi birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
foydalanilmayotgan yashash uchun mo‘ljallanmagan joylar ularda tovarlar ishlab chiqarishni (ishlar bajarishni, xizmatlar ko‘rsatishni) tashkil etish uchun oilaviy korxonaga ijaraga berilishini;
ishlab chiqarish maydonlari qurish uchun oilaviy korxonaga yer ajratilishini;
oilaviy korxona ishlab chiqarish obyektlarining muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanishini;
oilaviy korxona tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotni realizatsiya qilish uchun maxsus joylar berilishini ta’minlaydi.
24-modda. Oilaviy korxona mol-mulkining natsionalizatsiya, musodara va rekvizitsiya qilinishiga yo‘l qo‘yilmasligi
Oilaviy korxonaning mol-mulki natsionalizatsiya, musodara va rekvizitsiya qilinmaydi, qonunda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 202, 203 va 204-moddalari va O‘zbekiston Respublikasi “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunining 32-moddasi.
25-modda. Oilaviy korxona faoliyatining erkinligi
Oldingi tahrirga qarang.
Oilaviy korxona qonunchilikka muvofiq har qanday faoliyat turi bilan shug‘ullanishi mumkin.
(25-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oilaviy korxona bitimlar tuzishda erkindir.
Oilaviy korxona faoliyatini amalga oshirishda, shu jumladan uning tomonidan texnologiyalarni, ishlab chiqariladigan mahsulotning assortimentini tanlashda, mahsulot narxini hamda uni realizatsiya qilish yo‘nalishlarini belgilashda davlat organlarining va ular mansabdor shaxslarining aralashuviga yo‘l qo‘yilmaydi.
26-modda. Oilaviy korxonaga soliq solish xususiyatlari
Oldingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
Oilaviy korxona qonunchilikda belgilanadigan tartibda soliqlar, yig‘imlar va boshqa to‘lovlar to‘laydi.
(26-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksi.
Oilaviy korxonaning foydasi soliqlar, yig‘imlar va boshqa to‘lovlar to‘langanidan keyin uning ishtirokchilari tasarrufiga o‘tadi.
(26-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2020-yil 7-yanvardagi O‘RQ-601-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 08.01.2020-y., 03/20/601/0025-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(27-modda O‘zbekiston Respublikasining 2020-yil 9-noyabrdagi O‘RQ-646-sonli Qonuniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 09.11.2020-y., 03/20/646/1488-son)
28-modda. Oilaviy korxonaning kommunal infratuzilma obyektlaridan foydalanishini ta’minlash
Oldingi tahrirga qarang.
Oilaviy korxona turar joydan bir vaqtning o‘zida unda istiqomat qilgan holda tovarlar ishlab chiqarish (ishlar bajarish, xizmatlar ko‘rsatish) uchun foydalangan taqdirda, kommunal infratuzilma xizmatlari (elektr energiyasi, suv ta’minoti, oqova suvlarni chiqarib yuborish, gaz ta’minoti va issiqlik ta’minoti) haqini to‘lash aholi uchun belgilangan tariflar bo‘yicha va shartlar asosida amalga oshiriladi.
(28-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 29-avgustdagi O‘RQ-951-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.08.2024-y., 03/24/951/0673-son)
Kommunal xizmat ko‘rsatish, elektr va gaz ta’minoti korxonalari zarur kommunikatsiya tarmoqlarining oilaviy korxona faoliyati amalga oshirilayotgan joygacha yetkazilishini hamda ulanishini aholi uchun belgilangan tariflar bo‘yicha va shartlar asosida ta’minlaydi.
29-modda. Oilaviy korxonaga bank xizmati ko‘rsatish va uni kreditlash
Oldingi tahrirga qarang.
Oilaviy korxonaga bank xizmati ko‘rsatish qonunchilikka muvofiq bank bilan tuzilgan shartnomalar asosida amalga oshiriladi.
(29-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Banklar belgilangan tartibda oilaviy korxonaning milliy va xorijiy valyutadagi hisobvaraqlarini ochadi hamda ularga xizmat ko‘rsatadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Oilaviy korxonani kreditlash bank yoki boshqa kredit tashkiloti bilan tuziladigan kredit shartnomasi asosida amalga oshiriladi. Oilaviy korxonaga kreditlar berishda banklar, boshqa kredit yoki sug‘urta tashkilotlari kafolat beruvchi bo‘lishi mumkin. To‘lovga qobiliyatli yuridik va jismoniy shaxslar, shuningdek fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qonunchilikda belgilangan tartibda kafil bo‘lishi mumkin.
(29-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 292—298 va 744—748-moddalari, O‘zbekiston Respublikasining “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunining 29-moddasi.
7-bob. Yakunlovchi qoidalar
30-modda. Oilaviy korxonani qayta tashkil etish va tugatish
Oldingi tahrirga qarang.
Oilaviy korxonani qayta tashkil etish qonunchilikda belgilangan tartibda uning ishtirokchilari tomonidan amalga oshirilishi mumkin.
(30-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 49-moddasi.
Oilaviy korxonani tugatish uning ishtirokchilarining yoki sudning qaroriga ko‘ra, shuningdek agar unda oilaviy korxonaning yagona ishtirokchisi qolgan bo‘lsa, amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Oilaviy korxona tugatilayotganda bo‘shatilayotgan ishtirokchilar va yollanma xodimlarga qonunchilikka muvofiq ularning huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishi kafolatlanadi.
(30-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining III bo‘limi (“Ishga joylashtirish”) va O‘zbekiston Respublikasi “Aholini ish bilan ta’minlash to‘g‘risida”gi Qonuni.
Oilaviy korxona uning tugatilishi haqidagi yozuv yuridik shaxslarning yagona davlat reyestriga kiritilganidan keyin tugatilgan hisoblanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Oilaviy korxonani tugatish qonunchilikka belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(30-moddaning beshinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 49, 53-moddalari, O‘zbekiston Respublikasi “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunining 49-moddasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 7-iyundagi PF-5739-sonli “Tadbirkorlik subyektlarni tugatish tartib-taomillarini soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni, Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 21-avgustdagi 704-sonli “Tadbirkorlik subyektlarini ixtiyoriy tugatish va ularning faoliyatini to‘xtatish tartibi hamda Moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirmayotgan tadbirkorlik subyektlarini davlat reyestridan chiqarish tartibi to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash haqida”gi qarori.
31-modda. Oilaviy korxonalarning birlashmalari
Oldingi tahrirga qarang.
Oilaviy korxonalar o‘z huquq va manfaatlarini himoya qilish maqsadida qonunchilikka muvofiq assotsiatsiyalarga (uyushmalarga) va boshqa birlashmalarga birlashishi mumkin.
(31-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 77-moddasi va O‘zbekiston Respublikasining “Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida”gi Qonuni.
32-modda. Nizolarni hal etish
Oldingi tahrirga qarang.
Oilaviy tadbirkorlik sohasidagi nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
(32-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 17-iyundagi PQ-4754-sonli qarori bilan tasdiqlangan Jismoniy va yuridik shaxslar hamda davlat organlari o‘rtasidagi nizolarni sudgacha hal qilish bo‘yicha apellyatsiya kengashi to‘g‘risidagi nizom.
Oldingi tahrirga qarang.
33-modda. Oilaviy tadbirkorlik to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Oilaviy tadbirkorlik to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.
(33-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 990, 991-moddalari, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining XVI1 bobi (“Tadbirkorlik faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik, qonunga xilof ravishda aralashganlik hamda xo‘jalik yurituvchi subyektlarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga tajovuz qiladigan boshqa huquqbuzarliklar uchun ma’muriy javobgarlik”) va O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining XIII1 bobi (“Tadbirkorlik faoliyatiga to‘sqinlik qilish, qonunga xilof ravishda aralashish bilan bog‘liq jinoyatlar hamda xo‘jalik yurituvchi subyektlarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga tajovuz qiladigan boshqa jinoyatlar”).
Oldingi tahrirga qarang.
34-modda. Qonunchilikni ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
(34-moddaning nomi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin.
35-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Ushbu Qonun “Xalq so‘zi” gazetasining 2012-yil 27-apreldagi 82 (5502)-sonida e’lon qilingan.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2012-yil 26-aprel,
O‘RQ-327-son
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2012-y., 17-son, 188-modda; 2013-y., 18-son, 233-modda; 2015-y., 33-son, 439-modda; 2017-y., 1-son, 1-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 21.03.2019-y., 03/19/531/2799-son; 08.01.2020-y., 03/20/601/0025-son; 22.07.2020-y., 03/20/629/1087-son; 09.11.2020-y., 03/20/646/1488-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son; 28.12.2023-y., 03/23/890/0981-son; 30.08.2024-y., 03/24/951/0673-son)