1.07.00.00.00 Moliya va kredit toʻgʻrisidagi qonunchilik. Bank faoliyati / 07.21.00.00 Bank faoliyati / 07.21.05.00 Bank omonati va boshqa depozit operatsiyalari]
[TSZ:
1.Moliya / Banklar va boshqa kredit muassasalari. Kreditlar]
Oʻzbekiston Respublikasi banklarida depozit operatsiyalarini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomani tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2011-yil 4-martda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2205]
LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2015-yil 22-iyuldagi 19/11-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi banklarida depozit operatsiyalarini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomani tasdiqlash haqida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 2711, 26.08.2015-y.) asosan 2015-yil 2-dekabrdan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida” (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-yil, 12-son, 247-modda), “Fuqarolarning banklardagi omonatlarini himoyalash kafolatlari toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi 2002-yil, 4-5-son, 70-modda) qonunlariga va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 20-fevraldagi PF-3968-son “Tijorat banklarida aholi omonatlari shartlarini liberallashtirish hamda kafolatlarini taʼminlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoniga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-yil 8-9-son, 35-modda) muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi banklarida depozit operatsiyalarini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnoma ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Quyidagilar oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin:
Markaziy bank Boshqaruvining 1997-yil 15-martdagi 319-son qarori bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston Respublikasi banklaridagi depozitlar toʻgʻrisida”gi nizom (roʻyxat raqami 534, 1998-yil 16-noyabr);
Markaziy bank Boshqaruvining 2009-yil 17-oktabrdagi 29/6-son “Oʻzbekiston Respublikasi banklaridagi depozitlar toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirishlar kiritish haqida”gi qarori (roʻyxat raqami 534-1, 2009-yil 3-noyabr) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 45-son, 489-modda).
3. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Markaziy bank raisi F. MULLAJONOV
Toshkent sh.,
2010-yil 31-dekabr,
42/1-son
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2010-yil 31-dekabrdagi 42/1-son qaroriga ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi banklarida depozit operatsiyalarini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi
YOʻRIQNOMA
Ushbu Yoʻriqnoma Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksiga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996-yil, 2-songa ilova), “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-yil, 12-son, 247-modda), “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996-yil, 5-6-son, 54-modda) qonunlariga muvofiq banklar tomonidan depozitlarni jalb qilish, qaytarish, foizlar hisoblash va toʻlash bilan bogʻliq operatsiyalarni bajarish va nazorat qilish tartibini belgilaydi.
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Yoʻriqnomada quyidagi tushunchalardan foydalaniladi:
bank — tijorat tashkiloti boʻlib, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki (keyingi oʻrinlarda Markaziy bank deb yuritiladi) tomonidan berilgan litsenziya asosida bank faoliyati deb hisoblanadigan yuridik va jismoniy shaxslardan omonatlar qabul qilish hamda qabul qilingan mablagʻlardan tavakkal qilib kredit berish yoki investitsiyalash uchun foydalanish, toʻlovlarni amalga oshirish kabi faoliyatlar majmuini amalga oshiradigan yuridik shaxs;
depozit (keyingi oʻrinlarda omonat deb yuritiladi) — talab qilinishi bilanoq yoki toʻlovni amalga oshiruvchi shaxs bilan toʻlovni oluvchi shaxs yoxud ularning qonuniy vakillari oʻrtasida kelishilgan muddatda foizlar yoki ustama haq toʻlagan holda yoxud bunday toʻlovlarsiz qisman yoki hammasini qaytarib berish sharti bilan topshiriladigan pul summasi;
kassir — omonat kassalarga naqd pul va boshqa qimmatliklarni qabul qilish va chiqim qilish bilan shugʻullanuvchi hamda kassadagi naqd pul va boshqa qimmatliklar qoldigʻini hisobotlar boʻyicha toʻgʻriligiga masʼul javobgar xodim;
nazoratchi — omonat kassalarida bajariladigan operatsiyalar boʻyicha hujjatlarni rasmiylashtirish, kassaning kunlik operatsiya hisobotlarini tayyorlash bilan shugʻullanadigan hamda kassadagi naqd pul va boshqa qimmatliklarning toʻgʻri ishlatilishini va kassir faoliyatini nazorat qiladigan masʼul javobgar xodim;
omonatchi — bank bilan tuzilgan bank omonati shartnomasida yoki bank omonat siyosatida nazarda tutilgan shartlar asosida bank bilan kelishilgan holda bankka maʼlum pul mablagʻini oʻzi yoki uning nomiga kelgan pul mablagʻini omonatga qoʻyuvchi rezident yoki norezident shaxs;
omonat boʻlinmasi — bank yoki uning filiali binosida yoxud undan tashqarida joylashgan omonat kassasi va mini-banklarda bajariladigan omonat operatsiyalarining qonun hujjatlariga va bank ichki siyosatiga muvofiqligini nazorat qilish uchun masʼul boʻlinma;
omonat kassasi — bank filiali joylashgan hududda bank nomidan omonat operatsiyalarini bajarish uchun bank filiali binosi yoki uning tashqarisida bank amaliyot kuniga ulangan holda tashkil qilingan operatsion kassa;
omonat operatsiyalari — qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hamda bankning omonatchilar bilan tuzgan bank omonati shartnomasi shartlari asosida ularning pul mablagʻlarini muayyan muddatga jalb etish, saqlash, qaytarish, foizlar hisoblash va toʻlash hamda omonatchi topshirigʻiga asosan omonatdagi pul mablagʻlarini boshqa hisobvaraqlarga oʻtkazishga doir operatsiyalar;
soʻnggi nazoratchi — omonat kassalarining kunlik bajarilgan omonat operatsiyalari boʻyicha soʻnggi nazoratni amalga oshiruvchi xodim;
harakatsiz omonatlar — talab qilib olinguncha saqlanadigan omonatlar boʻyicha 3 yil davomida, jamgʻarma va muddatli omonatlarning muddati tugagandan keyin 3 yil davomida foizlar hisoblanishdan tashqari hech qanday operatsiyalar amalga oshirilmagan omonatlar;
shaxsni tasdiqlovchi hujjat — Oʻzbekiston fuqarosining milliy pasporti, 16 yoshga toʻlmagan fuqarolarning tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnomasi, harbiy xizmatchilarning harbiy qismlar va harbiy muassasalar qoʻmondonligi tomonidan beriladigan shaxsiy guvohnomalar yoki harbiy biletlar (harbiy xizmatga majbur fuqarolarning harbiy bileti bundan mustasno), xorijiy fuqarolarning milliy pasporti (qonun hujjatlariga muvofiq xorijiy fuqarolar tegishli ichki ishlar organlari tomonidan roʻyxatga olinishi lozim) yoki Oʻzbekiston Respublikasida yashash guvohnomasi yoxud diplomatik pasporti yoki Oʻzbekiston Respublikasida akkreditatsiya qilinganligini tasdiqlovchi akkreditatsiya kartochkasi, fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning Oʻzbekiston Respublikasida yashash guvohnomasi.
2. Bank filiallarida mijozlar bilan bajariladigan omonat operatsiyalarining qonun hujjatlariga va bank ichki siyosatiga muvofiqligini nazorat qilish uchun omonat boʻlinmasi tashkil etilishi shart. Omonat boʻlinmasi, Front-ofis va Bek-ofis tarkibiy tuzilma sifatida faoliyat koʻrsatayotgan banklarda “Mijozlarga chakana bank xizmatlari koʻrsatuvchi boʻlim”, boshqa hollarda bankda omonat operatsiyalarini nazorat qilish boʻyicha alohida boʻlinma (boshqarma, boʻlim, shuʼba) sifatida tashkil etilishi mumkin. Soʻnggi nazoratchi omonat boʻlinmasi tarkibida faoliyat yuritishi lozim.
3. Bank omonati shartnomasi omonatchilar va bank oʻrtasida yozma shaklda tuziladi. Bank va omonatchilar oʻrtasida bank omonati shartnomasi, omonat summasi bank kassasiga qabul qilingan yoki omonat hisobvaragʻiga tegishli mablagʻ naqd pulsiz kelib tushgan kundan boshlab tuzilgan hisoblanadi.
Agar omonatga qoʻyilganligi omonat daftarchasi, omonat sertifikati yoki bank tomonidan omonatchiga berilgan, qonunga muvofiq belgilangan bank qoidalarida va bank amaliyotida qoʻllaniladigan ish muomalasi odatlarida bunday hujjatlar uchun nazarda tutilgan talablarga javob beradigan boshqa hujjat bilan tasdiqlangan boʻlsa, bank omonati shartnomasining yozma shakliga rioya qilingan hisoblanadi.
Muomala layoqatiga ega boʻlgan har qanday jismoniy shaxs — oʻz nomiga va boshqa shaxs nomiga omonat qoʻyishi, oʻzining bank omonat hisobvaragʻidagi mablagʻini oʻzi yoki vakili orqali mustaqil tasarruf etishi, shuningdek, boshqa shaxslar omonat mablagʻlarini tasarruf etish uchun vakil boʻlishi mumkin.
Fuqaro omonatchi boʻlgan bank omonati shartnomasi ommaviy shartnoma deb hisoblanadi.
4. Omonatchi tomonidan qoʻyiladigan omonatning eng kam va eng koʻp miqdori har bir bank tomonidan qonun hujjatlariga asosan mustaqil ravishda belgilanadi.
5. Bank qabul qilib olgan omonatlarning qaytarilishini taʼminlash uchun foydalanishi shart boʻlgan vositalar va usullar qonun hujjatlari va bank omonati shartnomasi bilan belgilanadi.
Bank omonatchining talabiga muvofiq omonatning qaytarilishi taʼminlanganligi toʻgʻrisida axborot berishi shart.
Bank omonatning qaytarilishini taʼminlash boʻyicha majburiyatlarini bajarmagan, shuningdek taʼminotni yoʻqotgan yoki uning shartlarini yomonlashtirgan taqdirda, omonatchi bankdan omonat summasini darhol qaytarib berishni, Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining (keyingi oʻrinlarda Fuqarolik kodeksi deb yuritiladi) (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996-yil, 2-songa ilova) 327-moddasiga muvofiq unga foizlar toʻlashni hamda oʻziga yetkazilgan zararni qoplashni talab qilishga haqli.
6. Bank omonati shartnomasi boʻyicha shartlar qonun hujjatlariga zid boʻlmasligi va omonat operatsiyalarni bajarishda qiyinchilik va chalkashliklar keltirib chiqarmasligi kerak.
Banklar tomonidan omonatchilarning hisobvaraqlari kreditiga boshqa hisobvaraqlardan kelib tushgan mablagʻlarni kiritib qoʻyish uchun haq olishlari taqiqlanadi.
7. Agar bankning bank operatsiyalarini bajarish huquqini beruvchi litsenziyasi Markaziy bank tomonidan chaqirib olingan taqdirda fuqarolarning banklardagi omonatlari boʻyicha haq toʻlash “Fuqarolarning banklardagi omonatlarini himoyalash kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonun (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2002-yil, 4-5-son, 70-modda) talablari asosida amalga oshiriladi.
8. Omonatchilar yoki ularning qonuniy vakillari topshirigʻiga binoan bankning omonat hisobvaragʻida turgan pul mablagʻlari bilan bank operatsiyalari boʻyicha amalga oshirilgan xizmatlar uchun bank tomonidan vositachilik haqi undirilishi mumkin.
9. Omonatchi bankdagi omonatini bank omonati shartnomasi va boshqa qonun hujjatlari doirasida erkin tasarruf etadi, shuningdek oʻz omonati boʻyicha foiz, yutuq yoki boshqa shakldagi daromadlarni olish huquqiga ega.
Omonatchi birinchi talabi boʻyicha bankdagi omonatini toʻliq yoki qisman qaytarib olish huquqiga ega. Yuridik shaxslar tomonidan qaytarib berishning shartnomada nazarda tutilgan boshqa shartlari asosida qoʻyilgan omonatlar bundan mustasno.
10. Banklarda omonat kassalarini tashkil etish va ularning inkassatsiya qilinishiga boʻlgan talablar “Tijorat banklarida kassa ishlarini tashkil etish, inkassatsiya va qimmatliklarni tashishga doir yoʻriqnoma”da (roʻyxat raqami 1831, 2008-yil 27-iyun) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-yil, 26-27-son, 258-modda), omonat hisobvaraqlaridan mablagʻlarni mijozning topshirigʻiga koʻra boshqa hisobvaraqlarga oʻtkazish “Oʻzbekiston Respublikasida naqd pulsiz hisob-kitoblar toʻgʻrisida”gi nizomda (roʻyxat raqami 1122, 2002-yil 15-aprel) (Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qoʻmitalari va idoralarining meʼyoriy hujjatlari axborotnomasi, 2002-yil, 7-son) belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
11. Omonatlar quyidagi turlarga boʻlinadi:
Talab qilib olinguncha saqlanadigan omonatlar;
Jamgʻarma omonatlar;
Muddatli omonatlar;
Omonat sertifikatlari.
Banklar yuqorida qayd etilgan omonat turlaridan tashqari qonun hujjatlariga zid boʻlmagan, boshqa omonatlarni qabul qilishlari mumkin.
12. Banklar omonatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni qonun hujjatlarida belgilangan talablarga amal qilgan holda sir saqlanishini taʼminlashlari lozim.
Omonatchi omonat qoldigʻi, kirim-chiqim amaliyotlari, omonat muddatining tugash vaqti va omonat boʻyicha boshqa zarur maʼlumotlarni “SMS-banking” dasturidan foydalangan holda mobil aloqa telefoni yoki omonatchiga berilgan alohida identifikatsiya raqami, login va parol yordamida oʻrnatilgan infokioskalar yoki tadbirkorlar xonasidagi kompyuterga oʻrnatilgan maxsus dastur yoxud bankning Internet tarmogʻidagi veb-sayti orqali ochilgan shaxsiy kabinetlariga kirib olishi mumkin.
(12-band Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2012-yil 10-noyabrdagi 32/2-sonli qaroriga (roʻyxat raqami 2205-1, 16.11.2012-y.)asosan xatboshi bilan toʻldirilgan — 2012-y., 46-47-son, 530-modda)
II. Talab qilib olinguncha saqlanadigan omonatlar
13. Omonatchilarning talab qilinishi bilanoq beriladigan omonatlar talab qilib olinguncha saqlanadigan omonatlardir. Bank plastik kartalaridagi mablagʻlar talab qilib olinguncha saqlanadigan omonatlar hisoblanib, ularning harakati alohida qonun hujjatlariga muvofiq tartibga solinadi.
14. Bank bilan yuridik shaxs, yuridik shaxs tashkil etmagan holda tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi yakka tartibdagi tadbirkor hamda dehqon xoʻjaliklarining talab qilib olinguncha saqlanadigan omonat hisobvaragʻi boʻyicha vujudga keladigan munosabatlar bank hisobvaragʻi shartnomasi bilan tartibga solinadi.
15. Jismoniy shaxslarning talab qilib olinguncha saqlanadigan omonatlari boʻyicha, bank omonatchining birinchi talabiga koʻra (agar, bank omonati shartnomasi tuzilgan va unda boshqa muddatlar koʻzda tutilmagan boʻlsa) omonatchining tegishli koʻrsatmasi bankka kelib tushgan kunning ertasidan kechikmagan holda uning toʻlovlar boʻyicha topshirigʻini bajarishi shart.
16. Jismoniy shaxslarning talab qilib olinguncha saqlanadigan omonatlari muddatsiz hisoblanadi. Bank omonati shartnomasida omonatni omonatchining birinchi talabi bilan qaytarish va belgilangan foizlar toʻlash shartlari boʻlishi lozim.
(16-band Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2012-yil 10-noyabrdagi 32/2-sonli qarori (roʻyxat raqami 2205-1, 16.11.2012-y.) tahririda — 2012-y., 46-47-son, 530-modda)
17. Talab qilib olinguncha saqlanadigan omonatlar hisobi “Oʻzbekiston Respublikasi tijorat banklarida buxgalteriya hisobi hisobvaraqlar rejasi”ga (roʻyxat raqami 773-17, 2004-yil 13-avgust) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-yil, 32-son, 369-modda) muvofiq “20200 — Talab qilib olinguncha saqlanadigan depozitlar” hisobvaraqlarida yuritiladi.
III. Jamgʻarma omonatlar
18. Bank omonati shartnomasida belgilangan muayyan maqsadga yoʻnaltiriladigan yoki boshqa shartlar asosida jalb qilingan omonatlar jamgʻarma omonatlar hisoblanadi.
19. Jamgʻarma omonatlar boʻyicha bank bilan omonatchi oʻrtasida bank omonati shartnomasi tuzilishi va omonatchi shartnoma tuzganidan soʻng, bank omonati shartnomasida koʻrsatilgan omonat summasi qoʻyilishi shart. Jamgʻarma omonatlar boʻyicha bank omonati shartnomasiga muvofiq qoʻshimcha mablagʻlar kiritilishi mumkin. Qoʻshimcha mablagʻlar kiritish tartibi bank omonati shartnomasida aniq belgilanishi lozim.
20. Jamgʻarma omonatlar maqsadli, yutuqli va boshqa shartlar belgilangan koʻrinishlarda boʻlishi mumkin.
21. Maʼlum maqsad uchun jamgʻariladigan va qatʼiy ravishda shu maqsadga yoʻnaltiriladigan omonatlar maqsadli jamgʻarma omonatlar hisoblanadi.
22. Omonatchiga foizlar yutuq koʻrinishida toʻlanadigan omonatlar yutuqli jamgʻarma omonatlar hisoblanadi. Yutuqlar pul mablagʻlari, omonatga qoʻshimcha foizlar hisoblab yozish, buyum va boshqa koʻrinishlarda boʻlishi mumkin.
23. Omonat qoʻyishda bank omonati shartnomasida koʻrsatilgan shartlarning bajarilishi bilan omonatdan foydalanish mumkin boʻlgan uchinchi shaxs nomiga qoʻyilgan omonatlar shartli jamgʻarma omonatlar hisoblanadi. Masalan, “Omonatchi oʻquv yurtini tugatgandan soʻng, omonat beriladi” yoki “Voyaga yetgach beriladi” kabi shartlar belgilangan boʻlishi mumkin. Omonatchining xohishiga koʻra, shartning bajarilish muddati bank omonati shartnomasida koʻrsatilishi mumkin. Masalan, “20___ yilda omonatchi oʻquv yurtini tugatgandan soʻng omonat beriladi”.
24. Omonatchi jismoniy shaxslar xohishlariga qarab, bank jamgʻarma omonat hisobvaraqlari boʻyicha operatsiyalarni amalga oshirishi mumkin. Masalan, omonatchi topshirigʻi asosida bank uning jamgʻarma omonat summasini bankdan olingan kredit va unga hisoblangan foizlar toʻloviga, kommunal toʻlovlarni amalga oshirish uchun yoʻnaltirilishi mumkin.
Bunda, bank omonatchini bank omonati shartnomasi shartlariga muvofiq operatsiya bajarilmasdan oldin yoki operatsiya bajarilgandan keyin xabardor qilish majburiyatini oladi.
Xabar, uni mijoz olganligi toʻgʻrisida bankka xabar berish sharti bilan pochta orqali buyurtma xat shaklida yoki boshqa shaklda joʻnatiladi.
25. Bank omonati shartnomasida bank tomonidan omonat hisobvaragʻi boʻyicha bajarilgan barcha operatsiyalar haqida xabardor qilishi belgilangan boʻlsa, bank shartnomada koʻrsatilgan muddatlarda jamgʻarma omonat hisobvaraqlaridan koʻchirmani omonatchiga taqdim qiladi.
26. Jamgʻarma omonat hisobvaragʻidan olingan koʻchirmalar va omonat daftarchasidagi barcha oʻzgarishlarni omonatchi oʻrganib chiqishi hamda har qanday nomuvofiqlik toʻgʻrisida bankka xabar qilishi kerak. Bank xabar qilingan nomuvofiqlikning sabablarini oʻrganib, ularni birlamchi hujjatlar asosida bartaraf qilishi va amalga oshirilgan oʻzgarishlar toʻgʻrisida omonatchiga xabar berishi lozim.
27. Agar omonatchi jamgʻarma omonatni bank omonati shartnomasida koʻrsatilgan holatlar yuz bergunga qadar qaytarib berishni talab qilish niyatida boʻlsa, u oʻzining bu niyatidan bankni omonatni olishni moʻljallayotgan sanadan kamida bir oy oldin xabardor qilishi lozim.
28. Omonatchi jamgʻarma omonat summasini, bank omonati shartnomasida nazarda tutilgan holatlar vujudga kelganidan keyin qaytarib berishni talab qilmagan hollarda, agar bank omonati shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, shartnoma omonatni talab qilib olinguncha saqlanadigan omonatlar shartlari asosida uzaytirilgan deb hisoblanadi.
29. Yuridik shaxs, yuridik shaxs tashkil etmagan holda tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi yakka tartibdagi tadbirkor hamda dehqon xoʻjaliklarining jamgʻarma omonatlariga mablagʻlar ularning asosiy hisobvaragʻidan oʻtkaziladi va omonat muddati tugagach yoki bank omonati shartnomasi bekor qilingan hollarda jamgʻarma omonatidagi mablagʻlar ularning asosiy hisobvaragʻiga oʻtkazib beriladi.
30. Jamgʻarma omonatlar hisobi “Oʻzbekiston Respublikasi tijorat banklarida buxgalteriya hisobi hisobvaraqlar rejasi”ga (roʻyxat raqami 773-17, 2004-yil 13-avgust) muvofiq “20400 — Jamgʻarma depozitlar” hisobvaraqlarida yuritiladi.
IV. Muddatli omonatlar
31. Bank omonati shartnomasida belgilangan muddat tugaganidan keyin qaytarish sharti bilan jalb qilingan omonatlar muddatli omonatlar hisoblanadi.
32. Muddatli omonatlar boʻyicha bank bilan omonatchi oʻrtasida muddatli bank omonati shartnomasi tuzilishi va omonatchi shartnoma tuzilganidan soʻng, muddatli bank omonati shartnomasida koʻrsatilgan omonat summasini qoʻyishi shart. Qoʻshimcha mablagʻlar kiritish tartibi muddatli bank omonati shartnomasida belgilanishi lozim.
33. Agar omonatchi muddatli omonatni muddati tugagunga qadar qaytarib berishni talab qilish niyatida boʻlsa, u oʻzining bu niyatidan bankni omonatni olishni moʻljallayotgan sanadan kamida bir oy oldin xabardor qilishi lozim.
34. Muddatli omonatlar qisqa va uzoq muddatli boʻlishi mumkin. Bunda bir yilgacha muddatga qabul qilingan omonatlar qisqa muddatli omonatlar, bir yildan ortiq muddatga qabul qilingan omonatlar uzoq muddatli omonatlar hisoblanadi.
(34-band Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2012-yil 10-noyabrdagi 32/2-sonli qarori (roʻyxat raqami 2205-1, 16.11.2012-y.) tahririda — 2012-y., 46-47-son, 530-modda)
35. Omonatchi muddatli omonat summasini muddat tugaganidan keyin muddatli bank omonati shartnomasida nazarda tutilgan holatlar vujudga kelganidan keyin qaytarib berishni talab qilmagan hollarda, agar muddatli bank omonati shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, shartnoma omonatni talab qilib olinguncha saqlanadigan omonatlar shartlari asosida uzaytirilgan deb hisoblanadi.
36. Yuridik shaxs, yuridik shaxs tashkil etmagan holda tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi yakka tartibdagi tadbirkor hamda dehqon xoʻjaliklarining muddatli omonatlariga mablagʻlar ularning asosiy hisobvaragʻidan oʻtkaziladi va omonat muddati tugagach yoki muddatli bank omonati shartnomasi bekor qilingan hollarda muddatli omonatidagi mablagʻlar ularning asosiy hisobvaragʻiga oʻtkazib beriladi.
37. Muddatli omonatlar hisobi “Oʻzbekiston Respublikasi tijorat banklarida buxgalteriya hisobi hisobvaraqlar rejasi”ga (roʻyxat raqami 773-17, 2004-yil 13-avgust) muvofiq “20600 — Muddatli depozitlar” hisobvaraqlarida yuritiladi.
V. Omonat sertifikatlari
38. Bankka qoʻyilgan omonat summasini va omonatchining (sertifikat saqlovchining) omonat summasini hamda sertifikatda shartlashilgan foizlarni sertifikatni bergan bankdan yoki shu bankning istalgan filialidan belgilangan muddat tugaganidan keyin olish huquqini tasdiqlovchi noemissiyaviy qimmatli qogʻoz omonat sertifikati hisoblanadi.
39. Omonat sertifikatlari blankalar tarzida hujjatli shaklda chiqariladi.
40. Omonat sertifikatlarini chiqarish hamda muomalada boʻlishi “Banklarning depozit (omonat) sertifikatlarini chiqarish va muomalada boʻlish tartibi toʻgʻrisidagi nizom”da (roʻyxat raqami 1859, 2008-yil 24-sentabr) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-yil, 39-son, 400-modda) belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
VI. Omonatga foizlar toʻlash
41. Bank tomonidan omonatlar boʻyicha foizlar hisoblash “Tijorat banklarida foizlarni hisoblash toʻgʻrisida nizom” (roʻyxat raqami 1306, 2004-yil 30-yanvar) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-yil, 4-son, 51-modda) asosida amalga oshiriladi.
42. Omonatlarga toʻlanadigan foiz stavkalari banklar tomonidan qonun hujjatlari talablari doirasida belgilanadi.
Bank omonati shartnomasida toʻlanadigan foizlar miqdori haqida shart boʻlmagan taqdirda, bank talab qilib olinguncha saqlanadigan omonatlarga toʻlanadigan miqdorda foizlar toʻlashi shart.
43. Agar bank omonati shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, bank talab qilib olinguncha saqlanadigan omonatlarga toʻlanadigan foizlar miqdorini oʻzgartirish huquqiga ega.
Bank foizlar miqdorini kamaytirgan taqdirda, foizlarning yangi miqdori foizlar kamaytirilganligi haqida omonatchilarga xabar berilganidan keyin qoʻyilgan omonatlarga nisbatan qoʻllanadi. Agar bank omonati shartnomasida boshqa muddat nazarda tutilgan boʻlmasa, ushbu xabarga qadar qoʻyilgan omonatlarga nisbatan kamaytirilgan foizlar miqdori tegishli xabar berilgan paytdan bir oy oʻtganidan keyin qoʻllanadi.
Bank, omonat foizlari miqdorini kamaytirganligi haqida shaxsan har bir omonatchini rasmiy ravishda xabardor qilishi lozim.
44. Jamgʻarma va muddatli omonatlar boʻyicha bank omonati shartnomasida belgilangan foizlar miqdorini, agar shartnomada boshqacha tartib belgilangan boʻlmasa, bank tomonidan bir tomonlama kamaytirilishi mumkin emas. Ushbu omonatlar boʻyicha mablagʻlar omonatchining talabi bilan unga qaytarilgan hollarda, agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, omonat boʻyicha foizlar toʻlanmaydi.
45. Bank omonati summasiga foizlar omonat bankka tushgan kunning ertasidan boshlab, to u omonatchiga qaytarilgan yoki boshqa asoslarga koʻra omonatchining hisobvaragʻidan oʻchirilgan kundan oldingi kungacha yoziladi. Omonatchining hisobvaragʻi xatlanganligi oqibatida bank ushbu hisobvaraqdagi mablagʻlardan foydalana olmagan davr uchun foizlar yozilmaydi.
Agar bank omonati shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, bank omonati summasiga foizlar har bir oy oʻtganidan keyin omonatchining talabi bilan omonat summasidan alohida toʻlanadi, bu muddatda talab qilib olinmagan foizlar esa foizlar yoziladigan omonat summasiga qoʻshilib boradi.
Omonatga topshirilgan mablagʻ qoʻyilgan kunning oʻzida toʻliq yoki qisman qaytadan berilsa, foizlarni hisoblashda omonat berilgan kun hisobga olinmaydi.
Qoʻshimcha mablagʻlar qabul qilinganda, foizlar hisoblash uchun operatsiya amalga oshirilgan kundan keyingi kundan boshlab, to u omonatchiga qaytarilgan yoki boshqa asoslarga koʻra omonatchining hisobvaragʻidan oʻchirilgan kundan oldingi kungacha yoziladi.
46. Banklar omonatchilar bilan kelishilgan holda omonat boʻyicha foizlarni oldindan toʻlab berishi mumkin. Agar omonatchi omonat summasini muddatdan oldin olish niyati boʻlsa va omonatning haqiqatda saqlangan muddatiga hisoblangan foizlar summasi boʻnak tariqasida oldindan berib yuborilgan summadan kam boʻlsa, oʻrtadagi farq omonat summasidan chegirib qolinadi.
47. Talab qilib olinguncha saqlanadigan omonat omonatchining talabi bilan, shuningdek, muddatli va jamgʻarma omonatlar muddati tugashi bilan qaytarilganda, shu paytgacha yozilgan hamma foizlar toʻlanadi.
48. Omonatchi jismoniy shaxslar tomonidan bir necha yillar uchun hisoblangan foizlar yozilmagan omonat daftarchasi taqdim qilinganda, bu foizlar summasi omonat daftarchasida har bir yil uchun alohida yoziladi, omonat qoldigʻi esa, oxirgi yil uchun hisoblangan foizlar yozuvidan keyin foizlar summasini qoʻshgan holda soʻz bilan yoziladi.
VII. Omonat daftarchasi
49. Omonat daftarchasi bank tomonidan omonat boʻyicha bajarilgan operatsiyalarni omonatchiga yozma ravishda tasdiqlovchi va omonat boʻyicha olingan majburiyatlarni kafolatlovchi hujjat hisoblanadi.
50. Omonat daftarchasi muqovasiga bankning toʻliq nomi va logotipi (firma belgisi), uning ichki tomoni birinchi betida bank filialining nomi, joylashgan eri (pochta manzili), omonatchining familiyasi, ismi va otasining ismi, omonat turi, nomi, foizi va muddati, 20 ta belgili shaxsiy hisobvaraq raqami, valyuta turi, nazoratchi, bosh buxgalter va filial rahbarining familiyasi, ismi, otasining ismi va imzosi hamda filial muhri oʻrni uchun joy koʻrsatilishi lozim.
(50-band Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2012-yil 10-noyabrdagi 32/2-sonli qarori (roʻyxat raqami 2205-1, 16.11.2012-y.) tahririda — 2012-y., 46-47-son, 530-modda)
51. Omonat daftarchasining ikkinchi va keyingi varaqlariga omonat boʻyicha amaliyotlarni qayd etuvchi jadval tushirilishi, unda “Sana” (yil, kun, oy) “Kirim”, “Chiqim”, “Qoldiq”, “Foizlar” hamda kassir, nazoratchi, bosh buxgalter va filial rahbari tomonidan imzo qoʻyish uchun tegishli ustunlar boʻlishi shart.
(51-band Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2012-yil 10-noyabrdagi 32/2-sonli qarori (roʻyxat raqami 2205-1, 16.11.2012-y.) tahririda — 2012-y., 46-47-son, 530-modda)
52. Omonat daftarchasining ikkinchi varagʻidan boshlab har bir varaqning oxirida “omonat daftarchasi yopilgan/omonat qoldigʻi yangi “____” seriya “____” raqamli omonat daftarchasiga oʻtkazildi” degan yozuv hamda nazoratchining familiyasi, ismi va otasining ismi, imzosi va sana uchun chiziqli joy koʻrsatilishi lozim.
53. Omonatning asosiy shartlarini ifodalovchi yozuvlar matni omonat daftarchasi muqovasining ichki tomonlariga kiritilishi yoki unga ilova varagʻi sifatida joylashtirilishi mumkin.
54. Agar omonatning boshqa holati isbot qilingan boʻlmasa, omonat toʻgʻrisida omonat daftarchasida koʻrsatilgan maʼlumotlar bank bilan omonatchi oʻrtasida omonat boʻyicha hisob-kitoblarni amalga oshirish uchun asos boʻladi.
55. Naqd pulsiz shaklda kelib tushgan omonat toʻliq olinganda yoki omonat daftarchasi yoʻqolgan holda omonatni toʻliq olish istagi bildirilganda omonat daftarchasi rasmiylashtirilmaydi.
(56-band Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2012-yil 10-noyabrdagi 32/2-sonli qaroriga (roʻyxat raqami 2205-1, 16.11.2012-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — 2012-y., 46-47-son, 530-modda)
57. Omonat yopilgan taqdirda, omonat daftarchasini bank qaytarib olishi shart. Omonat kassalarida omonatchilar omonat daftarchalarini saqlashga qoldirishi taqiqlanadi.
58. Omonat daftarchasida bajarilgan operatsiyalar boʻyicha qayd etilgan yozuvlar nazoratchi va kassir imzosi bilan tasdiqlanishi lozim. Omonatchi tomonidan omonat daftarchasiga biron-bir yozuv kiritilishi taqiqlanadi.
59. Banklarda toʻldirilmagan yangi omonat daftarchalari qatʼiy hisobda turuvchi blankalar hisoblanadi va pul omborxonasida “Tijorat banklarida kassa ishlarini tashkil etish, inkassatsiya va qimmatliklarni tashishga doir yoʻriqnoma”da (roʻyxat raqami 1831, 2008-yil 27-iyun) belgilangan tartibda saqlanadi.
VIII. Jismoniy shaxslarning omonatlari boʻyicha operatsiyalarni amalga oshirishda yuritiladigan hujjatlar
60. Omonat kassalarda omonat operatsiyalarini bajarishda quyidagi hujjatlar yuritiladi:
1) Shaxsiy hisobvaraq varaqchasi (mazkur Yoʻriqnomaning 1-ilovasi);
6) “Aholi omonatlari boʻyicha naqd pul mablagʻlarini berilishida omonatchilarning murojaatlarini qayd etish daftari” (mazkur Yoʻriqnomaning 6-ilovasi);
7) “Naqd pulsiz shaklda qabul qilinadigan omonatlar boʻyicha tuziladigan shartnomalarni roʻyxatga olish daftari” (mazkur Yoʻriqnomaning 7-ilovasi);
(60-band Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2012-yil 10-noyabrdagi 32/2-sonli qaroriga (roʻyxat raqami 2205-1, 16.11.2012-y.) asosan “16”-kichik bandi bilan toʻldirilgan — 2012-y., 46-47-son, 530-modda)
61. Mazkur Yoʻriqnomaning 60-bandida nazarda tutilgan hujjatlar (omonat daftarchasi bundan mustasno) kompyuterning tegishli dasturi orqali toʻldirilishi va qogʻozga chiqarilishi hamda ushbu hujjatlar unda koʻrsatilgan shaxslar tomonidan shaxsan imzolanishi shart.
(61-band Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2012-yil 10-noyabrdagi 32/2-sonli qarori (roʻyxat raqami 2205-1, 16.11.2012-y.) tahririda — 2012-y., 46-47-son, 530-modda)
62. Mazkur Yoʻriqnomaning 60-bandida nazarda tutilgan daftarlar ilovalarda keltirilgan namunaga muvofiq boʻlishi, qattiq muqova bilan qoplangan va raqamlangan, tikilgan, varaqlar soni va daftarni yuritish sanasi koʻrsatilgan holda bank filiali rahbari, bosh buxgalteri va omonat boʻlinmasi boshligʻining imzolari va filial muhri bilan tasdiqlangan boʻlishi kerak.
63. Mazkur Yoʻriqnomaning 60-bandida nazarda tutilgan hujjatlarda yozuvlar tushunarli, toʻgʻri va aniq koʻrinadigan holda yozilishi lozim. Yozuvlarda hech qanday qisqartirishlarga yoʻl qoʻyilmaydi, Operatsion kundalikda omonatchining ismi va otasining ismi bundan mustasno. Masalan: “qabul qilindi” degan soʻzlar oʻrniga “qab. qil-di” degan soʻzlar, “Berildi” degan soʻz oʻrniga “Ber-di” degan soʻz kabi.
64. Omonatlar boʻyicha yuritiladigan hujjatlarni (orderlar bundan mustasno) rasmiylashtirishda yoʻl qoʻyilgan notoʻgʻri yozuv uni oʻqish imkonini beradigan darajada oʻchirilishi va oʻchirilgan notoʻgʻri yozuv ustidan (Shaxsiy hisobvaraq varaqchasida boʻsh joyida yoziladi) toʻgʻri maʼlumotlar yozilishi va yozuvga tuzatish kiritgan xodim tuzatish sanasini koʻrsatib, uni imzolashi lozim.
65. Orderlarda hech qanday tuzatish, tozalash, oʻchirishga yoʻl qoʻyilmaydi. Orderlarda biror-bir tuzatish mavjud boʻlsa, ular boʻyicha operatsiyalarni amalga oshirish taqiqlanadi.
66. Omonat daftarchasida yoʻl qoʻyilgan notoʻgʻri yozuv ustidan chiziladi va amalga oshiriladigan operatsiya keyingi boʻsh satrda yozilishi lozim. Tuzatish haqidagi yozuv nazoratchi tomonidan imzolanadi va omonat kassasi muhri bilan tasdiqlanadi.
67. Barcha qoʻlda yoziladigan hujjatlarga yozuvlar faqat koʻk yoki qora rangli, siyohli yoki sharikli ruchkada amalga oshiriladi.
68. Mazkur Yoʻriqnomaning 60-bandida nazarda tutilgan hujjatlarda (Shaxsiy hisobvaraq varaqchasi bundan mustasno) sanani koʻrsatishda oy nomi soʻz bilan yozilishi shart.
69. Omonatchilar tomonidan toʻldiriladigan hujjatlarda omonatchining familiyasi, ismi va otasining ismini tuzatishga ruxsat etilmaydi.
(70-band Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2012-yil 10-noyabrdagi 32/2-sonli qaroriga (roʻyxat raqami 2205-1, 16.11.2012-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — 2012-y., 46-47-son, 530-modda)
IX. Jismoniy shaxslar omonatlari boʻyicha shaxsiy hisobvaraqlar ochish, yuritish va yopish
71. Banklarda jismoniy shaxslar omonatlarining hisobini yurituvchi shaxsiy hisobvaraqlarini ochish va yopish “Oʻzbekiston Respublikasi banklarida ochiladigan bank hisobvaraqlari toʻgʻrisida”gi Yoʻriqnoma (roʻyxat raqami 1948, 2009-yil 27-aprel) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-yil, 18-son, 229-modda) asosida amalga oshiriladi.
72. Jismoniy shaxslarning omonatlarining hisobini yuritish uchun “Oʻzbekiston Respublikasi tijorat banklarida buxgalteriya hisobi hisobvaraqlar rejasi”da (roʻyxat raqami 773-17, 2004-yil 13-avgust) belgilangan hisobvaraqlarda 20 ta belgili shaxsiy hisobvaraqlar ochiladi. Jismoniy shaxslarga ochilgan hisobvaraqlar belgilangan tartibda Bank depozitorlari milliy axborot bazasida roʻyxatga olinadi.
(72-band Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2012-yil 10-noyabrdagi 32/2-sonli qarori (roʻyxat raqami 2205-1, 16.11.2012-y.) tahririda — 2012-y., 46-47-son, 530-modda)
73. Jismoniy shaxslarga shaxsiy hisobvaraqlar omonat qabul qilingandan soʻng, bankning omonat kassasida nazoratchi tomonidan ochiladi. Shaxsiy hisobvaraqlar har bir omonatga alohida ochiladi. Ikki yoki undan ortiq shaxslarga bitta shaxsiy hisobvaraq ochilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
74. Shaxsiy hisobvaraqlar har bir omonat boʻyicha qatʼiy ketma-ketlikda izchil ravishda raqamlanadi. Bir xil raqamlashga yoʻl qoʻyilmaydi. Agar bitta raqam bilan ikkita shaxsiy hisobvaraq ochilgan boʻlsa, ulardan biri omonatchi omonat kassaga kelganda yopilishi lozim.
75. Shaxsiy hisobvaraqlar omonat va unga hisoblangan foizlar toʻliq toʻlangandan yoki omonatchining kelmaganligi sababli omonat boshqa hisobvaraqqa (harakatsiz hisobvaraqqa) oʻtkazilgandan keyin yopiladi. Yopilgan shaxsiy hisobvaraqlar raqamlari qayta tiklanmaydi va boshqa shaxsiy hisobvaraqlarni raqamlashda foydalanilmaydi.
76. Shaxsiy hisobvaraq raqami omonat daftarchasi, Shaxsiy hisobvaraq varaqchasi, Soʻnggi nazoratga xabarnoma, Kirim orderi, Chiqim orderi, Naqd pulsiz kirim orderi va Naqd pulsiz chiqim orderida koʻrsatilishi shart.
77. Shaxsiy hisobvaraq omonatchilarga bir martalik operatsiya uchun omonat daftarchasi bermagan holda ochilishi mumkin. Bunda bank omonati shartnomasida va omonatchi tomonidan shaxsiy hisobvaraq ochish uchun yozilgan arizada “omonat daftarchasi rasmiylashtirilmagan holda” deb koʻrsatilishi lozim.
Pul mablagʻlari qonun hujjatlariga muvofiq naqd pulsiz shaklda omonatchining shaxsiy hisobvaragʻiga kelib tushgan hollarda, pul mablagʻlari arizada koʻrsatilgan hisobvaraqqa omonat daftarchasi rasmiylashtirilmagan holda oʻtkaziladi yoki naqd pulda toʻlab beriladi.
(77-band Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2012-yil 10-noyabrdagi 32/2-sonli qarori (roʻyxat raqami 2205-1, 16.11.2012-y.) tahririda — 2012-y., 46-47-son, 530-modda)
78. Har bir omonatga ochilgan shaxsiy hisobvaraqlar uchun Shaxsiy hisobvaraq varaqchalari tuziladi.
79. Shaxsiy hisobvaraq varaqchasining “Belgilar uchun” satrida omonat shartlari qayd etiladi.
80. Shaxsiy hisobvaraq varaqchasining “Belgilar uchun” satrida qilingan qaydlar barcha hollarda sana koʻrsatilib, nazoratchining imzosi bilan tasdiqlanishi shart.
(81-band Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2012-yil 10-noyabrdagi 32/2-sonli qaroriga (roʻyxat raqami 2205-1, 16.11.2012-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — 2012-y., 46-47-son, 530-modda)
82. Shaxsiy hisobvaraq varaqchalari avval omonat turlari (“talab qilib olinguncha saqlanadigan”, “muddatli”, “jamgʻarma”) boʻyicha, soʻngra har bir omonat turi va unga oʻrnatilgan tartib raqami asosida oʻsib borish tartibida kartotekaga joylashtiriladi.
83. Shaxsiy hisobvaraq varaqchasi toʻlganda, yangi qoʻshimcha Shaxsiy hisobvaraq varaqchasi tuziladi va toʻlgan Shaxsiy hisobvaraq varaqchasidagi zarur maʼlumotlar, omonat qoldigʻi va foizlari yangi qoʻshimcha Shaxsiy hisobvaraq varaqchasiga oʻtkaziladi. Toʻlgan Shaxsiy hisobvaraq varaqchasida nazoratchi yangi varaqchaning tartib raqamini koʻrsatadi va imzo qoʻyadi.
84. Yangi Shaxsiy hisobvaraq varaqchasida omonatchining imzo namunasi uchun joy chizib qoʻyiladi. Nazoratchi ochilgan yangi qoʻshimcha Shaxsiy hisobvaraq varaqchasini imzolaydi.
85. Shaxsiy hisobvaraqlar boʻyicha barcha ochilgan yangi qoʻshimcha Shaxsiy hisobvaraq varaqchalarining yuqori oʻng burchagiga Shaxsiy hisobvaraq varaqchasining tartib raqami qoʻyiladi.
86. Kartotekada yangi qoʻshimcha Shaxsiy hisobvaraq varaqchasi bilan birgalikda boshlangʻich mablagʻ topshirilganda ochilgan birinchi Shaxsiy hisobvaraq varaqchasi ham saqlanadi.
87. Shaxsiy hisobvaraq boʻyicha bir necha Shaxsiy hisobvaraq varaqchasi toʻlgan boʻlsa, amaldagi kartotekada faqat joriy yil uchun Shaxsiy hisobvaraq varaqchasi va birinchi Shaxsiy hisobvaraq varaqchasi saqlanadi.
88. Birinchi Shaxsiy hisobvaraq varaqchasidan tashqari boshqa toʻlgan Shaxsiy hisobvaraq varaqchalari shaxsiy hisobvaraq yopilgunga qadar omonat boʻlinmasida joriy yilda yopilgan Shaxsiy hisobvaraq varaqchalaridan alohida kartotekada saqlanadi.
89. Yil yakunlanib, yillik hisobotlar tuzilgandan soʻng yopilgan Shaxsiy hisobvaraq varaqchalari boʻyicha tartib raqami, shaxsiy hisobvaraq raqami, omonatchining familiyasi, ismi va otasining ismi koʻrsatilgan roʻyxat tuzilib, unga barcha yopilgan Shaxsiy hisobvaraq varaqchalarini ilova qilgan holda omonat boʻlinmasiga topshiriladi.
90. Omonat boʻlinmasi tomonidan barcha omonat kassalar boʻyicha yopilgan Shaxsiy hisobvaraq varaqchalar boʻyicha uch nusxada umumlashtirilgan roʻyxat tuziladi va bank filiali rahbari, bosh buxgalter va omonat boʻlinmasi boshligʻi tomonidan imzolanadi.
Roʻyxatning birinchi nusxasi omonat boʻlinmasida qoladi, ikkinchi nusxasi omonat kassasiga qaytariladi, uchinchi nusxasi esa yopilgan Shaxsiy hisobvaraq varaqchalari bilan saqlash uchun bank filiali arxiviga beriladi.
91. Omonat kassasi Bosh bank rahbarining buyrugʻiga asosan yopilganda, mazkur omonat kassasi omonatchilarning Shaxsiy hisobvaraq varaqchalari buyruqda koʻrsatilgan boshqa omonat kassasiga oʻtkaziladi.
(91-band Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2012-yil 10-noyabrdagi 32/2-sonli qarori (roʻyxat raqami 2205-1, 16.11.2012-y.) tahririda — 2012-y., 46-47-son, 530-modda)
92. Omonat boʻlinmasi boshligʻi va soʻnggi nazoratchi filialning har bir omonat kassasi boʻyicha “harakatsiz omonatlar” maqomiga mos boʻlgan shaxsiy hisobvaraqlarni saralab chiqadi va ularning roʻyxati tuziladi.
93. Omonat boʻlinmasi harakatsiz omonatlarning har bir omonat kassasi va har bir omonat turi boʻyicha umumiy summasiga memorial orderni tuzadi va uni roʻyxatga biriktiradi. Harakatsiz omonatlar boʻyicha shaxsiy hisobvaraqlardagi qoldiq summalar “842 — tartib raqami bilan ochilgan “20206 — Jismoniy shaxslarning talab qilib olinguncha saqlanadigan depozitlar” hisobvaragʻida ochilgan mos Shaxsiy hisobvaraqqa oʻtkaziladi.
(93-band Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2012-yil 10-noyabrdagi 32/2-sonli qarori (roʻyxat raqami 2205-1, 16.11.2012-y.) tahririda — 2012-y., 46-47-son, 530-modda)
94. Harakatsiz omonatlar boʻyicha Shaxsiy hisobvaraq varaqchalari bank filiali yoki uning qoshidagi markaziy omonat kassasida alohida kartotekada saqlanadi.
95. Dasturiy taʼminotga ega boʻlgan banklarda harakatsiz omonatlar boʻyicha Shaxsiy hisobvaraq varaqchalari har bir omonat kassasining oʻzida alohida kartotekada saqlanadi va ushbu hisobvaraqlar boʻyicha operatsiyalar bajarilmasligi uchun omonat boʻlinmasi tomonidan omonatchi kelgunga qadar dasturda taqiq qoʻyiladi.
96. Omonat boʻlinmasida harakatsiz omonatlarning har bir turiga alohida Shaxsiy hisobvaraq varaqchasi rasmiylashtiriladi. Shaxsiy hisobvaraq varaqchasida omonat kassasi raqami, sana, harakatsiz omonat nomi, Shaxsiy hisobvaraq raqami va harakatsiz omonatni rasmiylashtirgan nazoratchi hamda omonat boʻlinmasining masʼul xodimi imzosi koʻrsatiladi.
(96-band Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2012-yil 10-noyabrdagi 32/2-sonli qarori (roʻyxat raqami 2205-1, 16.11.2012-y.) tahririda — 2012-y., 46-47-son, 530-modda)
97. Omonat boʻlinmasida harakatsiz omonatlarning har bir turi boʻyicha alohida yigʻmajild yuritiladi. Yigʻmajild ichiga omonat kassalaridan berilgan harakatsiz omonatlar roʻyxati omonat kassalarining raqami oʻsib borish tartibida tikiladi.
98. Harakatsiz omonatlar “842 — tartib raqami bilan ochilgan “20206 — Jismoniy shaxslarning talab qilib olinguncha saqlanadigan depozitlar” hisobvaragʻida omonatchi kelgunga qadar saqlanadi. Harakatsiz shaxsiy hisobvaraqlar boʻyicha foizlar (ular boʻyicha oʻzgarishlarni hisobga olib), omonatchi kelgan paytda harakatsiz omonatning shaxsiy hisobvaraqda saqlangan muddati uchun hisoblanadi.
(98-band Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2012-yil 10-noyabrdagi 32/2-sonli qarori (roʻyxat raqami 2205-1, 16.11.2012-y.) tahririda — 2012-y., 46-47-son, 530-modda)
99. Omonat boʻlinmasi yillik hisobotida “harakatsiz omonatlar” maqomi berilgan shaxsiy hisobvaraqlar toʻgʻrisida maʼlumotlar berilishi lozim.
100. Jismoniy shaxslarning shaxsiy hisobvaraqlardagi omonatlarini sud organlari ajrimiga, tergov va surishtiruv organlari hamda sud ijrochilarining qarorlariga asosan xatlash mumkin.
101. Kelib tushgan ajrim yoki qarorning toʻgʻriligi (yozilgan sanasi, masʼul shaxslar imzolari va boshqa rekvizitlarning mavjudligi va tegishli organlarning muhri aniq tushirilganligi) bank filiali rahbari va bosh buxgalteri tomonidan tekshirilib, ajrim yoki qarorda koʻrsatilgan omonatni xatlash haqida omonat qoʻyilgan omonat kassasiga hujjat nusxasini ilova qilgan holda darhol koʻrsatma joʻnatiladi.
102. Nazoratchi koʻrsatmani olgandan soʻng, darhol oʻz imzosi bilan Shaxsiy hisobvaraq varaqchasida oxirgi operatsiyalar yozuvidan keyin va Soʻnggi nazoratga xabarnomada qaysi hujjatga asosan omonat xatlanganligi toʻgʻrisida yozuv kiritadi.
103. Omonatni xatlash bekor qilinganda, bank filiali rahbari va bosh buxgalteri xatlash bekor qilinganligi haqidagi hujjatni tekshirib (yozilgan sanasi, masʼul shaxslar imzolari va boshqa rekvizitlarning mavjudligi va tegishli organlarning muhri aniq tushirilganligi), oʻz imzolari bilan tasdiqlaydilar. Xatlash bekor qilinganligi haqidagi hujjat nusxasi darhol shaxsiy hisobvaraq ochilgan omonat kassasiga joʻnatiladi.
104. Nazoratchi omonatni xatlash bekor qilinganligi haqidagi hujjat nusxasini olgach, shu kunning oʻzida Shaxsiy hisobvaraq varaqchasiga va Soʻnggi nazoratga xabarnomaga xatlash bekor qilinganligi haqida yozuv kiritadi va xatlash bekor qilinganligi haqidagi hujjat nusxasini va Soʻnggi nazoratga xabarnomani kunlik hisobot tarkibida bank filialiga joʻnatadi.
X. Jismoniy shaxslardan mablagʻlarni omonatga qabul qilish
105. Omonatchidan boshlangʻich mablagʻni qabul qilishdan oldin, nazoratchi omonatchini omonat shartlari bilan tanishtirishi shart.
106. Omonatchi shartnoma shartlariga rozi boʻlgan taqdirda, unga omonat hisobvaragʻi ochiladi va Shaxsiy hisobvaraq varaqchasi rasmiylashtiriladi. Omonatchi tomonidan Kirim orderi, Soʻnggi nazoratga xabarnoma va Shaxsiy hisobvaraq varaqchasi imzolanadi va nazoratchiga taqdim etiladi.
(106-band Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2012-yil 10-noyabrdagi 32/2-sonli qarori (roʻyxat raqami 2205-1, 16.11.2012-y.) tahririda — 2012-y., 46-47-son, 530-modda)
107. Nazoratchi Kirim orderi va Soʻnggi nazoratga xabarnoma toʻgʻri toʻldirilganligiga ishonch hosil qilgandan soʻng, omonatchidan omonatni qabul qilish uchun Kirim orderini kassirga beradi.
108. Kassir omonat summasini sanab oladi va Kirim orderida koʻrsatilgan summa bilan solishtiradi hamda summalar mos kelganda Kirim orderini imzolab nazoratchiga qaytaradi.
109. Nazoratchi Kirim orderi asosida kompyuter dasturiga boshlangʻich omonat summasini kiritadi va Shaxsiy hisobvaraq varaqchasiga omonatchining shaxsiy hisobvaragʻi raqami, familiyasi, ismi va otasining ismi, tugʻilgan yili va joyi hamda manzili haqidagi maʼlumotlarni yozib qoʻyadi.
(109-band Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2012-yil 10-noyabrdagi 32/2-sonli qarori (roʻyxat raqami 2205-1, 16.11.2012-y.) tahririda — 2012-y., 46-47-son, 530-modda)
(110-band Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2012-yil 10-noyabrdagi 32/2-sonli qaroriga (roʻyxat raqami 2205-1, 16.11.2012-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — 2012-y., 46-47-son, 530-modda)
111. Omonatchi Shaxsiy hisobvaraq varaqchasining “omonatchi” satriga oʻz imzosini qoʻyadi. Ushbu imzo omonatchining imzo namunasi boʻlib hisoblanadi.
112. Nazoratchi omonatchining imzo namunasini omonatchining shaxsini tasdiqlovchi hujjatdagi imzo bilan solishtirishi shart.
113. Tasdiqnoma va Omonat daftarchasi nazoratchi tomonidan rasmiylashtiriladi.
(113-band Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2012-yil 10-noyabrdagi 32/2-sonli qarori (roʻyxat raqami 2205-1, 16.11.2012-y.) tahririda — 2012-y., 46-47-son, 530-modda)
114. Bank omonati shartnomasi nazoratchi tomonidan ikki nusxada bir xil raqamlanadi va unda omonatchiga beriladigan omonat daftarchasi raqami koʻrsatiladi.
Bank omonati shartnomasiga omonatchining familiyasi, ismi va otasining ismi oʻz qoʻli bilan yozilishi va imzolanishi lozim.
115. Nazoratchi Tasdiqnoma va Omonat daftarchasini imzolash uchun kassirga beradi.
(115-band Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2012-yil 10-noyabrdagi 32/2-sonli qarori (roʻyxat raqami 2205-1, 16.11.2012-y.) tahririda — 2012-y., 46-47-son, 530-modda)
(116-band Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2012-yil 10-noyabrdagi 32/2-sonli qaroriga (roʻyxat raqami 2205-1, 16.11.2012-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — 2012-y., 46-47-son, 530-modda)
117. Kassir tomonidan Tasdiqnoma va Omonat daftarchasi imzolanadi va Omonat daftarchasi filial rahbari va bosh buxgalteriga imzolash uchun taqdim etiladi. Filial rahbari va bosh buxgalteri tomonidan imzolangan Omonat daftarchasi va Tasdiqnoma kassir tomonidan omonatchiga beriladi.
(117-band Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2012-yil 10-noyabrdagi 32/2-sonli qarori (roʻyxat raqami 2205-1, 16.11.2012-y.) tahririda — 2012-y., 46-47-son, 530-modda)
1171. Tasdiqnoma omonatning qabul qilinganligini omonatchi Omonat daftarchasini olguniga qadar tasdiqlovchi qatʼiy hisobda turuvchi hujjat hisoblanadi. Tasdiqnoma omonatchi, nazoratchi va kassir tomonidan imzolanadi.
1172. Omonat kassalari ish vaqti tugagandan soʻng barcha hujjatlar, pul va boshqa qimmatliklarni shu kunning oʻzida inkassatsiya xizmati orqali bank filialiga yetkazib berishlari shart.
1173. Omonat boʻlinmasining soʻnggi nazoratchisi tomonidan omonat kassalarining hujjatlari nazoratdan oʻtkazilib, bank buxgalteriyasi tomonidan tegishli buxgalteriya oʻtkazmalari amalga oshiriladi hamda naqd pullar shu kunning oʻzida aylanma kassaga kirim qilinadi.
1174. Omonat daftarchasi ochilganda va yopilganda kassir, nazoratchi, bosh buxgalter va filial rahbari tomonidan imzolanadi. Omonat daftarchasida qayd etiladigan boshqa kirim va chiqim operatsiyalari nazoratchi va kassir tomonidan imzolanadi.
(1171—1174-bandlar Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2012-yil 10-noyabrdagi 32/2-sonli qaroriga (roʻyxat raqami 2205-1, 16.11.2012-y.) asosan kiritilgan — 2012-y., 46-47-son, 530-modda)
118. Agar omonatchi voyaga yetmagan boʻlsa, Shaxsiy hisobvaraq varaqchasining “tugʻilgan yili” satrida omonatchining tugʻilgan yili, kuni va oyi toʻliq koʻrsatiladi. Ushbu maʼlumotlar Soʻnggi nazoratga xabarnomaga ham yoziladi.
119. Boshlangʻich mablagʻ omonatchining vakilidan qabul qilingan hollarda, Shaxsiy hisobvaraq varaqchasining birinchi (boʻsh) ustunida va Kirim orderida (chap tomonida) “omonatni qoʻygan shaxs imzosi” satri oldida va Soʻnggi nazoratga xabarnomaga “Omonatni kiritdi” deb yoziladi va vakilning familiyasi, ismi va otasining ismi yoziladi.
120. Boshlangʻich mablagʻ omonatchining vakilidan qabul qilingan hollarda, omonatchi omonat kassasiga kelganda Soʻnggi nazoratga xabarnomani toʻldiradi va Shaxsiy hisobvaraq varaqchasiga imzosini qoʻyadi.
121. Nazoratchi Soʻnggi nazoratga xabarnomadagi omonatchining imzosini omonatchining shaxsini tasdiqlovchi hujjatidagi imzo bilan solishtiradi, sanani qoʻyadi va imzolaydi.
122. Oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan voyaga yetmagan shaxs nomiga qoʻyilgan omonat boʻyicha Shaxsiy hisobvaraq varaqchasi va Soʻnggi nazoratga xabarnomaga nazoratchi “Omonatni ota-ona ruxsati bilan boshqarish”, “Omonatni farzandlikka oluvchilar ruxsati bilan boshqarish” yoki “Omonatni vasiy ruxsati bilan boshqarish” degan yozuvni kiritadi va imzolaydi. Bunda, Shaxsiy hisobvaraq varaqchasining “omonatchi” satriga va Soʻnggi nazoratga xabarnomaga omonatchi faqat oʻn toʻrt yoshga toʻlgandan keyin imzo qoʻyadi.
123. Oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan voyaga yetmagan shaxs nomiga qoʻyilgan omonat boʻyicha omonatchining ota-onasi, farzandlikka oluvchisi yoki vasiysi Soʻnggi nazoratga xabarnomaga oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan voyaga yetmagan shaxsning tugʻilgan yili, oyi va kuni, omonatchining ota-onasi, farzandlikka oluvchisi yoki vasiysi ekanligini tasdiqlovchi hujjat maʼlumotlarini yozib, imzolaydi hamda Shaxsiy hisobvaraq varaqchasining “omonatchi” satriga imzo qoʻyadi.
Nazoratchi tomonidan oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan voyaga yetmagan shaxsning ota-onasi, farzandlikka oluvchisi yoki vasiysining imzosi ularning shaxsini tasdiqlovchi hujjatdagi imzo bilan taqqoslanadi hamda taqdim etilgan hujjatlarga asosan haqiqatdan ham omonatchining ota-onasi, farzandlikka oluvchisi yoki vasiysi ekanligi tekshiriladi.
124. Omonatga qoʻshimcha mablagʻlar qabul qilishda omonatchi nazoratchiga omonat daftarchasini va shaxsini tasdiqlovchi hujjatni taqdim qilishi shart.
125. Omonatga omonatchidan qoʻshimcha mablagʻlar qabul qilish Soʻnggi nazoratga xabarnomani toʻldirilmasdan, mazkur Yoʻriqnomaning 106 — 109 va 115 — 117-bandlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
126. Nazoratchi kartotekadagi Shaxsiy hisobvaraq varaqchasidagi omonatchining familiyasi, ismi, otasining ismini, imzosini va omonat qoldigʻini omonat daftarchasidagi maʼlumotlar bilan solishtiradi hamda Kirim orderi asosida kompyuter dasturi va Omonat daftarchasiga qoʻshimcha mablagʻ summasini kiritadi.
(126-band Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2012-yil 10-noyabrdagi 32/2-sonli qarori (roʻyxat raqami 2205-1, 16.11.2012-y.) tahririda — 2012-y., 46-47-son, 530-modda)
127. Omonat daftarchasi va Shaxsiy hisobvaraq varaqchasidagi omonat qoldigʻi boʻyicha farq boʻlgan hollarda (naqd pulsiz hisob-kitoblar boʻyicha omonat kirim qilingan summadagi farqdan tashqari) bu haqda nazoratchi omonat boʻlinmasi boshligʻiga xabar beradi. Omonat boʻyicha navbatdagi operatsiya farq sabablari aniqlanib, bartaraf etilgandan keyin amalga oshiriladi.
XI. Jismoniy shaxslarga omonatni berish
128. Omonatchi oʻz omonatini toʻliq yoki qisman qaytarib olish uchun Chiqim orderini toʻldirib, omonat daftarchasi (omonat daftarchasi berilmagan yoki omonat daftarchasi yoʻqolgan hollar bundan mustasno) va shaxsini tasdiqlovchi hujjat bilan birga nazoratchiga taqdim qiladi.
129. Nazoratchi omonatni berishda quyidagilarni amalga oshiradi:
shaxsini tasdiqlovchi hujjat asosida omonatchining shaxsi va omonat daftarchasi unga tegishli ekanligini aniqlaydi;
shaxsni tasdiqlovchi hujjat va omonat daftarchasidagi maʼlumotlarni va Shaxsiy hisobvaraq varaqchasidagi maʼlumotlar bilan solishtiradi;
Chiqim orderi toʻgʻri toʻldirilganligini tekshiradi va undagi imzoni Shaxsiy hisobvaraq varaqchasidagi imzo namunasi bilan solishtiradi;
Shaxsiy hisobvaraq varaqchasiga va Chiqim orderiga operatsiya sanasi, berilgan summa, operatsiyadan keyin omonat qoldigʻi, hisoblangan foizlar summasi va operatsiyadan keyin foizlar qoldigʻini kiritadi va imzolaydi;
omonat daftarchasiga operatsiya boʻyicha amalga oshirilgan sanani koʻrsatadi, berilgan summani raqam bilan, omonat qoldigʻini raqam va soʻz bilan yozadi;
omonat daftarchasi, shaxsni tasdiqlovchi hujjat va Chiqim orderini kassirga beradi.
130. Kassir omonatni berishda quyidagilarni amalga oshiradi:
nazoratchidan qabul qilingan hujjatlar boʻyicha beriladigan summani tayyorlaydi;
Chiqim orderining toʻgʻri rasmiylashtirilganligi va omonat daftarchasiga kiritilgan operatsiya boʻyicha yozuvlar toʻgʻriligini tekshiradi va ularni imzolaydi;
omonatchini taklif etadi va pul, omonat daftarchasi (omonat qisman olinganda) va shaxsni tasdiqlovchi hujjatni qaytarib beradi.
131. Omonat summasi shaxsiy hisobvaraqqa naqd pulsiz kelib tushganda va omonatchi omonatni toʻliq oladigan boʻlsa, omonatchi shaxsini tasdiqlovchi hujjat haqidagi maʼlumotlarini Chiqim orderining orqa tomoniga yozadi va imzolaydi.
132. Nazoratchi zarur hollarda omonat summasini oluvchidan Chiqim orderining orqa tomoniga takroran imzo qoʻyishini talab qilish huquqiga ega.
133. Omonat kassalarida omonatchilarning omonatlarini oʻz vaqtida berilishini taʼminlash maqsadida “Aholi omonatlari boʻyicha naqd pul mablagʻlarini berilishida omonatchilarning murojaatlarini qayd etish daftari” yuritiladi.
134. Omonatchi omonatini ishonchli vakili orqali tasarruf etishi mumkin. Bunda omonatchi vakiliga belgilangan tartibda ishonchnoma rasmiylashtirishi shart.
135. Ishonchnoma uch yil muddatgacha beriladi. Agar ishonchnomada amal qilish muddati koʻrsatilmagan boʻlsa, u holda ishonchnoma berilgan kundan boshlab bir yil davomida oʻz kuchini saqlaydi.
136. Ishonchnoma boʻyicha omonatni berishda nazoratchi ishonchnoma toʻgʻri rasmiylashtirilganligini, amal qilish muddati tugamaganligini va omonatchining ishonchnomadagi imzosini Shaxsiy hisobvaraq varaqchasidagi imzo namunasi bilan solishtiradi.
137. Nazoratchi ishonchli vakildan shaxsini tasdiqlovchi hujjatini talab etadi va Chiqim orderidagi imzo namunasini taqdim etilgan shaxsni tasdiqlovchi hujjatdagi imzosi bilan solishtiradi.
138. Ishonchli vakilning shaxsini tasdiqlovchi hujjat maʼlumotlari Chiqim orderining orqa tomoniga va Soʻnggi nazoratga xabarnomaga yoziladi.
139. Omonat kassasiga ishonchnoma asl nusxasi taqdim etiladi va nazoratchi tomonidan ishonchnomadan ikki (ishonchnoma bir martalik omonat operatsiyasi boʻyicha berilganda bir nusxa) nusxa olinadi. Ishonchnomaning birinchi nusxasi (ishonchnoma bir martalik omonat operatsiyasi boʻyicha berilganda asl nusxasi) kunlik hisobot tarkibida soʻnggi nazorat uchun omonat boʻlinmasiga beriladi va kartotekada saqlanadi. Ishonchnomaning ikkinchi nusxasi ishonchnoma bergan omonatchining Shaxsiy hisobvaraq varaqchasiga tikiladi va omonat kassasida qoladi.
140. Ishonchnomaning amal qilish muddati tugagach (ishonchnoma bekor qilingach), omonat kassasida saqlanayotgan ishonchnomaning nusxasi kartotekadan olinib, belgilangan tartibda arxivga topshirish uchun omonat boʻlinmasiga beriladi.
141. Omonatchi ishonchnomani istalgan vaqtda bekor qilish huquqiga ega. Ishonchnoma bekor boʻlganligi haqida omonatchi (uning huquqiy vorislari) omonatdan foydalanish uchun ishonchnoma berilgan omonat boʻyicha shaxsiy hisobvaraq ochilgan bank yoki uning filialiga yozma ravishda maʼlum qilishi shart.
142. Ishonchnoma bekor boʻlgan va bu haqda omonatchi (uning huquqiy vorislari) tomonidan oʻz vaqtida bankka yoki uning filialiga yozma ravishda xabar berilmagan hollarda, ishonchnoma boʻyicha berilgan omonat uchun bank javobgar hisoblanmaydi.
143. Omonatchi “harakatsiz omonat” maqomi berilgan omonatni olish uchun omonat kassasiga omonat daftarchasi (omonat daftarchasi berilmagan yoki omonat daftarchasi yoʻqolgan hollar bundan mustasno), shaxsini tasdiqlovchi hujjat va ariza taqdim etadi hamda arizaga bank filiali rahbari va bosh buxgalteri ruxsat imzolarini qoʻygandan soʻng, “842 — tartib raqami bilan ochilgan “20206 — Jismoniy shaxslarning talab qilib olinguncha saqlanadigan depozitlar” hisobvaragʻidan mablagʻlar beriladi.
(143-band Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2012-yil 10-noyabrdagi 32/2-sonli qarori (roʻyxat raqami 2205-1, 16.11.2012-y.) tahririda — 2012-y., 46-47-son, 530-modda)
144. Omonatchi “harakatsiz omonat” maqomi berilgan omonatning bir qismini olganda, belgilangan tartibda yangi shaxsiy hisobvaraq ochiladi va harakatsiz omonat qoldigʻi barcha tegishli foizlari bilan yangi ochilgan shaxsiy hisobvaraqqa oʻtkaziladi va omonatning bir qismi yangi shaxsiy hisobvaraqdan beriladi.
145. Nazoratchi “harakatsiz omonat” maqomi berilgan omonatni yangi shaxsiy hisobvaraqqa oʻtkazish uchun tuzilgan Naqd pulsiz chiqim orderining orqasiga omonatchining shaxsini tasdiqlovchi hujjat maʼlumotlarini yozib, ularni imzosi bilan tasdiqlaydi va omonatchiga Naqd pulsiz chiqim orderiga imzo qoʻydiradi hamda yangi omonat daftarchasini rasmiylashtiradi.
146. Oʻn olti yoshga toʻlmagan omonatchining shaxsini tasdiqlash uchun tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnomaga qoʻshimcha ravishda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari yoki xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati tomonidan ushbu voyaga yetmagan shaxsning rasmi yelimlab yopishtirilgan maʼlumotnoma talab etiladi. Ushbu maʼlumotnomadagi rasm ham fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari yoki xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati muhri bilan tasdiqlanadi.
147. Omonat merosxoʻrga omonat daftarchasi (omonat daftarchasi berilmagan yoki omonat daftarchasi yoʻqolgan hollar bundan mustasno), merosga boʻlgan huquq toʻgʻrisidagi guvohnoma yoki uning notarial tasdiqlangan nusxasini hamda shaxsini tasdiqlovchi hujjatni taqdim qilinganda beriladi.
148. Merosga boʻlgan huquq toʻgʻrisidagi guvohnoma asosida omonatdagi pul summasi nomiga oʻtgan shaxs tomonidan vafot etgan omonatchining omonat daftarchasi taqdim qilinmaganda, omonat boʻlinmasi soʻnggi nazoratchi maʼlumotlari boʻyicha omonatchining omonat mablagʻlari qoldiqlari tekshirilgandan soʻng, omonat beriladi.
149. Merosga boʻlgan huquq toʻgʻrisidagi guvohnoma asosida merosxoʻrlarga omonatning tegishli qismi berilganda, omonatchining Shaxsiy hisobvaraq varaqchasida omonatning tegishli qismini olgan shaxs maʼlumotlari yozib qoʻyiladi.
150. Merosga boʻlgan huquq toʻgʻrisidagi guvohnoma asosida omonat berilayotganda nazoratchi merosxoʻrning shaxsini tasdiqlovchi hujjat maʼlumotlarini guvohnoma bilan solishtiradi hamda merosga boʻlgan huquq toʻgʻrisidagi guvohnomani yoki uning notarial tasdiqlangan nusxasini olib qoladi.
151. Fuqarolik kodeksining 1157-moddasiga muvofiq vafot etgan omonatchining qonun boʻyicha ham vasiyatnoma boʻyicha ham, merosxoʻrlari boʻlmasa yoki merosxoʻrlardan hech qaysisi vorislik huquqiga ega boʻlmasa yoxud ularning hammasi merosdan voz kechgan boʻlsa, meros omonati egasiz deb hisoblanadi.
Meros omonati meros ochilgan joydagi mahalliy davlat hokimiyati organi yoki fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organining arizasi boʻyicha meros ochilgan kundan eʼtiboran uch yil oʻtgandan soʻng sudning qarori asosida egasiz deb topiladi.
Egasiz omonat u turgan joydagi fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi mulkiga oʻtadi, bu organ omonatdan voz kechgan taqdirda, davlat foydasiga oʻtadi.
1511. Dastlabki omonatni qabul qilgan bank filiali qayerda joylashganligidan qatʼi nazar, shu bankning barcha filiallari tomonidan omonatchining birinchi talabiga koʻra naqd pul mablagʻlari cheklanmagan tarzda beriladi.
Bunda omonatchi tegishli filial rahbari nomiga yozma ravishda ariza bilan murojaat qiladi. Arizada omonat qaysi bank filialiga qoʻyilganligi, uning summasi, omonat turi, muddati va foizlari koʻrsatiladi hamda olinadigan omonat summasining miqdori qayd etiladi.
1512. Ariza filial rahbari tomonidan darhol koʻrib chiqilib, arizaga oʻz rezolyutsiyasini qoʻygan holda ijro uchun omonat boʻlinmasiga beriladi. Bank filiali nazoratchisi omonatchini arizasiga muvofiq chaqirib, undan shaxsini tasdiqlovchi hujjat va Omonat daftarchasini oladi. Nazoratchi Omonat daftarchasining ichki tomoni birinchi betida qayd qilingan maʼlumotlarning mavjudligini tekshiradi.
1513. Omonatchi Chiqim orderini toʻldirib, omonat boʻlinmasi masʼul xodimiga beradi. Omonat boʻlinmasi masʼul xodimi Omonat daftarchasida qayd qilingan maʼlumotlarni omonatchining shaxsini tasdiqlovchi hujjat bilan solishtiradi va ularni oʻzaro mos ekanligiga ishonch hosil qilgandan soʻng kompyuter dasturiga kiritadi.
Kiritilgan maʼlumotlarni mazkur bankning Yagona axborot bazasi bilan mos kelishini solishtiradi hamda omonatchining shaxsiy hisobvaragʻida mablagʻ borligi tasdiqlangandan soʻng Chiqim orderini imzolab, kassirga beradi.
1514. Kassir Chiqim orderi va arizada koʻrsatilgan summani taqqoslab, toʻgʻriligiga ishonch hosil qilgandan soʻng tegishli mablagʻni omonatchiga beradi.
1515. Omonatchiga omonat mablagʻini bergan bank filiali Chiqim orderini darhol elektron pochta manzili orqali Shaxsiy hisobvaraq varaqchasi ochilgan bank filialiga yuboradi.
Bank filiali elektron Chiqim orderini bir nusxada qogʻozga chiqarib, uni omonatchining Shaxsiy hisobvaraq varaqchasiga qayd qiladi va chiqim amaliyotini amalga oshiradi.
1516. Omonat summasi va unga hisoblangan foizlar toʻligʻicha omonatchiga berilgan hollarda, Omonat daftarchasi omonat mablagʻini bergan bank filialida qolishi lozim.
(1511—1516-bandlar Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2012-yil 10-noyabrdagi 32/2-sonli qaroriga (roʻyxat raqami 2205-1, 16.11.2012-y.) asosan kiritilgan — 2012-y., 46-47-son, 530-modda)
XII. Omonatchi jismoniy shaxslarning shaxsiy hisobvaraqlari boʻyicha omonatlarni naqd pulsiz shaklda kirim va chiqim qilish operatsiyalari
152. Jismoniy shaxslarning shaxsiy hisobvaraqlariga naqd pulsiz shaklda omonat kirim qilinishiga istak bildirgan jismoniy shaxslar omonat kassasiga shaxsan kelib belgilangan tartibda ariza berishlari shart.
153. Jismoniy shaxslarning shaxsiy hisobvaraqlariga naqd pulsiz shaklda mablagʻlarni kirim qilish toʻgʻrisida tuzilgan shartnomalar omonat boʻlinmasidagi “Naqd pulsiz shaklda qabul qilinadigan omonatlar boʻyicha tuziladigan shartnomalarni roʻyxatga olish daftari”da qayd etiladi.
154. Omonat kassasi tomonidan jismoniy shaxslarning arizalariga asosan mazkur Yoʻriqnomaning IX boʻlimida belgilangan tartibda “20206 — Jismoniy shaxslarning talab qilib olinguncha saqlanadigan depozit hisobvaragʻi”da ularning har biriga alohida shaxsiy hisobvaraq ochiladi.
155. Yuridik shaxs xodimlarining ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlarini bank filiali bilan tuzilgan shartnoma asosida ularning shaxsiy hisobvaraqlariga oʻtkazishi mumkin.
156. Yuridik shaxs xodimlarining ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlarini ularning shaxsiy hisobvaraqlariga oʻtkazish uchun bank filialiga xodimlarning familiyasi, ismi va otasining ismi va shaxsini tasdiqlovchi hujjat maʼlumotlari hamda yashash manzillari qayd etilgan omonatchilar roʻyxatini taqdim qiladi.
157. Yuridik shaxs tomonidan xodimlarining ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlar summasi toʻlov topshiriqnomasi asosida oʻtkaziladi va ushbu toʻlov topshiriqnomasi nusxasi omonatchilar roʻyxati bilan birga omonat boʻlinmasiga taqdim qilinadi. Toʻlov topshiriqnomasining “toʻlovlar maqsadi” satrida bank filiali bilan yuridik shaxs oʻrtasida tuzilgan shartnoma raqami va sanasi koʻrsatilishi shart.
158. Omonatchilar roʻyxatining har bir varagʻida jami summa va oxirgi varaqda jami oʻtkazilgan summa koʻrsatilishi hamda yuridik shaxsning bankdagi hisobvaragʻini tasarruf etish huquqiga ega shaxslar tomonidan imzolanishi va pul-hisob-kitob hujjatlariga qoʻyiladigan muhr bilan tasdiqlanishi lozim.
159. Omonat boʻlinmasi tomonidan naqd pulsiz shaklda kelib tushgan summalarni omonatchilarning tegishli shaxsiy hisobvaraqlariga kirim qilinishi uchun umumiy summaga memorial ordyer tuzilib, bank filiali rahbari va bosh buxgalteri tomonidan imzolanadi.
160. Memorial orderning orqa tomonida yuridik shaxsning nomi va oʻtkazilgan pul summasi, omonatchilar roʻyxatida esa, memorial orderning sanasi va raqami koʻrsatilishi va memorial orderni tuzuvchi shaxs tomonidan imzolanishi shart.
161. Omonatchilarning shaxsiy hisobvaraqlariga naqd pulsiz shaklda kelib tushgan summalarni kirim qilish omonatchilar roʻyxati va toʻlov topshiriqnomasi olingan kundan keyingi ish kunidan kechikmasdan amalga oshiriladi.
162. Omonatchilar roʻyxati bilan memorial order omonat kassasiga kelib tushganda, nazoratchi quyidagilarni amalga oshiradi:
memorial orderda bank filiali rahbari va bosh buxgalterining imzosi mavjudligini tekshiradi;
shaxsiy hisobvaraq maʼlumotlari bilan omonatchilar roʻyxatida koʻrsatilgan maʼlumotlarning mos kelishini tekshiradi;
omonatchilarning shaxsiy hisobvaragʻiga pul summasini kirim qilish uchun har bir shaxsiy hisobvaraq boʻyicha alohida Naqd pulsiz kirim orderini tuzadi, orderda omonat turi va operatsiya vaqtini koʻrsatadi;
Naqd pulsiz kirim orderlar boʻyicha umumiy summani memorial order hamda omonatchilar roʻyxatidagi summa bilan solishtiradi;
omonat boʻyicha Shaxsiy hisobvaraq varaqchasining birinchi (boʻsh) ustunida memorial order raqamini koʻrsatib, Shaxsiy hisobvaraq varaqchasiga kelib tushgan pul summasini yozadi;
omonatchilar roʻyxatida “Omonatchilarning shaxsiy hisobvaraqlariga mazkur roʻyxat boʻyicha pul summalari kirim qilindi” degan yozuvni kiritadi, sanani qoʻyadi va imzolaydi.
163. Shaxsiy hisobvaraq varaqchasidagi maʼlumotlar bilan omonatchilar roʻyxatidagi maʼlumotlari nomuvofiq boʻlganda, nomuvofiqlik sabablari aniqlangunga qadar, operatsiya bajarilishi toʻxtatiladi.
164. Omonatchining shaxsiy hisobvaragʻiga naqd pulsiz shaklda kirim qilingan omonat, omonatchining yozma roziligisiz uni oʻtkazgan yuridik shaxsga qaytarilishi mumkin emas.
165. Jismoniy shaxslarning shaxsiy hisobvaraqlariga naqd pulsiz shaklda kelib tushgan omonatlar boʻyicha omonat daftarchasi, Tasdiqnoma va Soʻnggi nazoratga xabarnoma omonatchilar omonat kassasiga kelganda rasmiylashtiriladi.
166. Omonatni bankning shu filialida omonatchilarga ochilgan boshqa shaxsiy hisobvaraqlarga oʻtkazish omonat daftarchasi va omonatchi tomonidan toʻldirilgan va imzolangan Naqd pulsiz chiqim orderi va Soʻnggi nazoratga xabarnoma asosida amalga oshiriladi.
167. Nazoratchi Naqd pulsiz chiqim orderdagi maʼlumotlarni Shaxsiy hisobvaraq varaqchasi va omonat daftarchasidagi maʼlumotlar bilan solishtirib, omonat daftarchasiga va Shaxsiy hisobvaraq varaqchasining birinchi (boʻsh) ustuniga “________________ga (familiyasi, ismi va otasining ismi) №____ hisobvaragʻiga oʻtkazildi” degan yozuvni kiritib, chiqim operatsiyasini yozadi.
168. Omonatchilarning shaxsiy hisobvaraqlaridagi omonatlarini boshqa hisobvaraqlarga (bankning shu filialida omonatchilarga ochilgan shaxsiy hisobvaraqlar bundan mustasno) oʻtkazish, ularning yozma topshirigʻi asosida toʻldirilgan memorial orderlar orqali amalga oshiriladi.
169. Pensiya va ijtimoiy nafaqa toʻlovlarini jismoniy shaxslarning shaxsiy hisobvaraqlariga oʻtkazish mazkur Yoʻriqnomaning 152 — 165-bandlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
170. Oʻzbekiston Respublikasining “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida”gi Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2001-y., 9-10-son,169-modda) 5-moddasiga muvofiq ijro etilishi lozim boʻlgan sud hujjatlari va boshqa organlarning hujjatlari asosida omonatchining shaxsiy hisobvaragʻidan mablagʻlarni hisobdan chiqarish bank filiali rahbari va bosh buxgalteri tomonidan imzolangan va bank filiali muhri tushirilgan memorial order asosida amalga oshiriladi. Memorial orderga ijro hujjatlari ilova qilinishi va uning “toʻlov maqsadi” satrida ijro hujjatlarining sana va raqamlari koʻrsatilishi shart.
171. Memorial orderning asl nusxasi kunlik buxgalteriya hujjatlariga, uning nusxasi va ijro hujjatlari nusxalari omonatlar boʻyicha kunlik hisobotga tikiladi va bu maʼlumotlar omonatchining shaxsiy hisobvaragʻi varaqchasining “Belgilar uchun” satrida qayd qilinadi.
172. Yuridik shaxs foydasiga vasiyat qilingan omonat mablagʻ yuridik shaxsning hisobvaragʻiga naqd pulsiz shaklda pul oʻtkazish yoʻli bilan oʻtkazib beriladi. Bunda, yuridik shaxsning vakili omonat daftarchasi (omonat daftarchasi berilmagan yoki omonat daftarchasi yoʻqolgan hollar bundan mustasno), merosga boʻlgan huquq toʻgʻrisidagi guvohnoma yoki uning notarial tasdiqlangan nusxasini va yuridik shaxs rahbari va bosh buxgalteri tomonidan imzolangan va muhri bilan tasdiqlangan vasiyat qilingan omonatni oʻtkazish toʻgʻrisida va tegishli maʼlumotlar koʻrsatilgan (yuridik shaxsning hisobvaragʻi, bank filiali nomi va kodi, omonat ochilgan bank filiali) xatni taqdim qilishi shart.
XIII. Yangi omonat daftarchalarini berish
173. Omonat daftarchasi varaqlari yozuvlar bilan toʻlganda yoki yaroqsiz holga kelganda yoki yoʻqolganda omonatchiga yangi Omonat daftarchasi rasmiylashtiriladi.
(173-band Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2012-yil 10-noyabrdagi 32/2-sonli qarori (roʻyxat raqami 2205-1, 16.11.2012-y.) tahririda — 2012-y., 46-47-son, 530-modda)
174. Omonatchi toʻlgan omonat daftarchasining birinchi betiga “qoldigʻi _____ soʻm ___ tiyin boʻlgan toʻlgan omonat daftarchasi oʻrniga yangi ____ seriya va ______ raqamli omonat daftarchasini oldim” degan yozuvni kiritib, sana va imzosini qoʻyadi. Toʻlgan omonat daftarchasi oxirgi varagʻida nazoratchi yangi omonat daftarchasi seriyasi va raqamini yozib, sana va imzosini qoʻyadi.
175. Yangi omonat daftarchasi birinchi betiga “Eskirgan oʻrniga” yozuvi yoziladi va nazoratchi tomonidan eskirgan omonat daftarchasidagi zarur maʼlumotlar yangi omonat daftarchasiga koʻchiriladi. Omonat qoldigʻi yangi daftarchaning birinchi satrida raqam va soʻz bilan (tiyinlardan tashqari) yoziladi va “Toʻlgan omonat daftarchadan koʻchirilgan” degan yozuv kiritiladi.
176. Yangi omonat daftarchasiga koʻchirilgan omonat qoldigʻi va boshqa yozuvlarning toʻgʻriligi nazoratchi hamda kassirning imzolari bilan tasdiqlanadi.
177. Toʻlgan omonat daftarchasi kunlik hisobot tarkibida omonat boʻlinmasiga topshiriladi.
178. Omonat daftarchasi yaroqsiz holga kelganda, uni yangisiga almashtirish mazkur Yoʻriqnomaning 173 — 177-bandlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
179. Omonat daftarchasi yoʻqolganda nazoratchi omonatchining omonat daftarchasi yoʻqolganligi haqidagi arizasidagi imzosini Shaxsiy hisobvaraq varaqchasidagi imzosi bilan solishtiradi va Shaxsiy hisobvaraq varaqchasining navbatdagi (boʻsh) satriga ariza tushgan sanani va “omonat daftarchasi yoʻqotilgan” degan yozuvni kiritadi va imzolaydi.
180. Omonat daftarchasi yoʻqolganligi haqidagi arizaga nazoratchi omonat qoldigʻini va Shaxsiy hisobvaraq varaqchasi maʼlumotlari boʻyicha foizlarni kiritib imzolaydi hamda arizani omonat boʻlinmasiga yuboradi.
181. Omonat boʻlinmasi boshligʻi omonat daftarchasining yoʻqolganligi haqidagi arizani olib, “Yoʻqolgan omonat daftarchalari boʻyicha arizalarni roʻyxatga olish daftari”ga ariza tushgan sana, omonatchining shaxsiy hisobvaraq raqami, familiyasi, ismi va otasining ismini kiritish orqali roʻyxatga oladi va imzosi bilan tasdiqlaydi.
182. Omonat daftarchasi yoʻqolganligi haqidagi arizaga soʻnggi nazoratchi omonatchining imzosini, omonat va foizlar qoldigʻini tasdiqlovchi yozuv kiritadi va imzolaydi. Ariza omonat boʻlinmasi boshligʻi tomonidan ham imzolanishi shart.
183. Omonat daftarchasi yoʻqolganligi haqidagi arizaga bank filiali rahbarining yangi omonat daftarchasi berishga ruxsat imzosini olganidan keyin, omonat boʻlinmasi boshligʻi “Yoʻqolgan omonat daftarchalar boʻyicha arizalarni roʻyxatga olish daftari”iga ruxsat olingan sanani yozadi.
184. Omonat daftarchasi yoʻqolganligi haqidagi ariza roʻyxatga olingandan soʻng, omonat kassasiga yuboriladi.
185. Omonatchi yangi omonat daftarchasi olish uchun omonat kassasiga kelganda, nazoratchi quyidagilarni amalga oshiradi:
arizada bank filiali rahbarining ruxsat imzosi mavjudligini tekshiradi;
shaxsiy hisobvaraqni yopishda omonat summasiga foizlarni belgilangan tartibda hisoblaydi va hisoblangan foizlarni yangi shaxsiy hisobvaraqqa kiritish uchun memorial orderni tuzadi;
eski shaxsiy hisobvaraqdagi omonat summasini yangi shaxsiy hisobvaraqqa chiqim qilish uchun Naqd pulsiz chiqim orderini toʻldirib, omonatchiga imzo qoʻydiradi;
omonatchining shaxsini tasdiqlovchi hujjatini tekshiradi va yangi Shaxsiy hisobvaraq varaqchasida omonatchining imzosini qoʻydiradi;
yangi Shaxsiy hisobvaraq varaqchasini rasmiylashtiradi hamda Naqd pulsiz chiqim orderiga omonat daftarchasi yoʻqolganligi haqidagi arizani ilova qiladi;
eski va yangi Shaxsiy hisobvaraq varaqchalarida hamda orderlarda quyidagi yozuvlarni kiritadi: “Omonat, omonat daftarchasi yoʻqotilishi munosabati bilan _______ hisobvaraqdan ______ hisobvaraqqa oʻtkazildi”;
yangi shaxsiy hisobvaraq raqamini koʻrsatgan holda, omonat daftarchasini rasmiylashtiradi va omonatchiga beradi.
186. Yangi omonat daftarchasi omonat daftarchasi yoʻqolganligi haqida ariza taqdim etilgandan soʻng, besh ish kuni mobaynida beriladi.
187. Omonat yangi shaxsiy hisobvaraqqa oʻtkazilgunga qadar, omonat daftarchasi yoʻqolgan omonatchining shaxsiy hisobvaragʻi boʻyicha hech qanday kirim va chiqim operatsiyalari amalga oshirilmaydi.
188. Omonat daftarchasi yoʻqolganligi haqida ariza bilan birga omonat summasini toʻliq olish istagi bildirilganda ariza mazkur Yoʻriqnomaning 179 — 184-bandlarida belgilangan tartibda roʻyxatga olinadi.
189. Omonat daftarchasi yoʻqolganligi haqidagi arizaga operatsiya haqida maʼlumotlar yoziladi va Chiqim orderiga ilova qilinadi.
XIV. Omonat kassalarida amaliyot kunini yakunlash va kunlik hisobot tuzish
190. Omonat kassalarida amaliyot kuni tugagandan keyin naqd pullar, qimmatliklar, qatʼiy hisobda turuvchi blankalar va boshqa hujjatlar sanaladi, operatsiyalar boʻyicha Operatsion kundalik va Operatsion kundalikka ilova tuziladi, hisob maʼlumotlarini haqiqatdagi mavjud naqd pullar, qimmatliklar va qatʼiy hisobda turuvchi blankalar miqdori (summasi) bilan muvofiqligi aniqlanadi.
191. Operatsion kundalik kun davomida oʻsib borish tartibida bir nusxada tuziladi.
192. Operatsion kundalikda omonatlar boʻyicha operatsiyalarni kiritishda, operatsiyalar bajarilgan shaxsiy hisobvaraqning raqami, omonatchining familiyasi, ismi va otasining ismi, shuningdek mos ravishda “Naqd pul — Kirim” yoki “Naqd pul — Chiqim” ustuniga omonatchining shaxsiy hisobvaragʻi boʻyicha naqd pulda qabul qilingan yoki berilgan omonat summasi koʻrsatiladi. Omonat boʻyicha naqd pulsiz hisobga kiritish va hisobdan chiqarish boʻyicha operatsiyalarda omonat summalari Operatsion kundalikning “Memorial aylanmalar — Kirim qilingan” va “Memorial aylanmalar — Chiqim qilingan” ustunlarida koʻrsatiladi.
193. Harakatsiz omonatlar boʻyicha har bir memorial orderning summasi Operatsion kundalikning “Memorial aylanmalar” ustunida va Operatsion kundalikka ilovaning “Chiqib ketgan” ustunida aks ettiriladi.
194. Yoʻqolgan omonat daftarchalari boʻyicha omonatni yangi shaxsiy hisobvaraqqa oʻtkazish operatsiyasi Operatsion kundalikda alohida satrlarda aks ettirilib, omonat summasi Operatsion kundalikning “Memorial aylanmalar” ustunida koʻrsatiladi.
195. Operatsion kundalikning toʻlgan varagʻidagi barcha ustunlarining oxirgi satridagi yakuniy summa yangi varaqning mos ustunlarining birinchi satriga oʻtkaziladi.
196. Operatsion kundalikka ilova omonat kassasi kunlik hujjatlar boʻyicha hisobotlarning tarkibiy boʻlagi hisoblanadi.
197. Operatsion kundalikka ilovaning “Omonatlar” boʻlimida har bir omonat turi boʻyicha oldingi amaliyot kunining kun oxiriga qoldigʻi yangi amaliyot kunining kun boshiga qoldigʻi sifatida oʻtkaziladi (summada va miqdorda) va kun davomida har bir omonat turi boʻyicha amalga oshirilgan operatsiyalar birlamchi hujjatlar bogʻlamlari ustxatiga yozilgan aylanmalar summasi (kelib tushdi va chiqib ketgan) hamda shu asosda hisoblangan amaliyot kuni oxiriga qoldiq (summada va miqdorda) yoziladi.
198. Operatsion kundalikka ilovaning “Qatʼiy hisobda turuvchi blankalar” boʻlimining “Olingan” ustunida orderga muvofiq olingan, “Ishlatilgan” ustunida esa Ishlatilgan qatʼiy hisobda turuvchi blankalarni hisobdan chiqarish orderi boʻyicha (buzilgan qatʼiy hisobda turuvchi blankalar soni kiritilgan holda) har bir turdagi qatʼiy hisobda turuvchi blankalar soni yoziladi. Boshqa omonat kassalariga joʻnatilgan qatʼiy hisobda turuvchi blankalar memorial orderlar asosida “Joʻnatilgan” ustunida yoziladi, “Kun oxiriga qoldiq” ustunida kun oxiriga qolgan har bir turdagi qatʼiy hisobda turuvchi blankalar soni yoziladi va kun oxiriga qolgan “Jami” satri bilan solishtiriladi (“Kun boshiga qoldiq” + “Olingan” — “Ishlatilgan” — “Joʻnatilgan”). “Blanka raqamlari” ustunida qolgan qatʼiy hisobda turuvchi blankalarning raqamlari koʻrsatiladi.
199. Operatsion kundalikka ilovaning “Operatsiyalar hisobi” boʻlimining “Kun davomida” ustuni kun davomida bajarilgan operatsiyalar va orderlar soni boʻyicha toʻldiriladi.
200. Operatsion kundalikka ilovaning “Naqd pulsiz operatsiyalar toʻgʻrisida maʼlumotnoma” boʻlimi naqd pulsiz amalga oshirilgan operatsiyalar summasi boʻyicha toʻldiriladi.
201. Nazoratchi Operatsion kundalikka ilovada koʻrsatilgan qimmatliklar va qatʼiy hisobda turuvchi blankalarning umumiy qoldigʻini Operatsion kundalikdagi maʼlumotlar bilan solishtiradi. Operatsion kundalik va Operatsion kundalikka ilova raqamlanadi, nazoratchi va kassir tomonidan familiyasi, ismi va otasining ismi koʻrsatilgan holda imzolanadi va omonat kassasi muhri qoʻyiladi.
202. Bir necha nazoratchi faoliyat yuritayotgan omonat kassalarda har bir nazoratchi Operatsion kundalikni faqat omonat operatsiyalari boʻyicha toʻldirishi lozim. Kun oxirida, har bir nazoratchi tomonidan omonat operatsiyalari boʻyicha toʻldirilgan Operatsion kundaliklarning yakuniy summalari boshqa operatsiyalar boʻyicha Operatsion kundalik va Operatsion kundalikka ilovada omonat turlari boʻyicha alohida jami summalari chiqariladi.
203. Kassir kunlik operatsiyalar boʻyicha yakun yasashda quyidagilarni amalga oshiradi:
nazoratchidan unga kun boshida berilgan qatʼiy hisobda turuvchi blankalarning ishlatilmagan qoldiqlarini sanab oladi, ularni “Qatʼiy hisobda turuvchi blankalarning harakatini hisobga olish daftari”ga yozadi va ishlatilmagan qatʼiy hisobda turuvchi blankalar qaytarib olganligini imzosi bilan tasdiqlaydi;
nazoratchidan Ishlatilgan qatʼiy hisobda turuvchi blankalarni hisobdan chiqarish orderini oladi, uni tekshiradi va imzolaydi;
naqd pullar, qimmatliklar, qatʼiy hisobda turuvchi blankalarini haqiqatdagi qoldiqlarini kassa hujjatlaridagi maʼlumotlar bilan solishtiradi va qoldiqlar boʻyicha maʼlumotnoma tuzib, nazoratchiga beradi;
kun davomida kirim va chiqim qilingan pul summasini amaliyot kun boshida olingan naqd pul boʻnagini hisobga olgan holda qoldiq summa bilan solishtiradi, summalar mos kelmasa, uning sabablarini aniqlaydi va zarur boʻlgan hollarda, qayta sanaydi;
naqd pullarni belgilangan tartibda shakllantiradi va oʻraydi, orderlar va boshqa hujjatlarni ularning alohida turlari boʻyicha sanab chiqib, omonat kassasi raqami, hujjatlar soni va summasini koʻrsatgan holda oʻraydi hamda nazoratchiga beradi.
204. Nazoratchi kunlik operatsiyalar boʻyicha yakun yasashda quyidagilarni amalga oshiradi:
ishlatilmagan qatʼiy hisobda turuvchi blankalarni kassirga topshiradi va “Qatʼiy hisobda turuvchi blankalarning harakatini hisobga olish daftari”da imzo bilan tasdiqlaydi;
ishlatilgan va buzilgan qatʼiy hisobda turuvchi blankalar boʻyicha Ishlatilgan qatʼiy hisobda turuvchi blankalarni hisobdan chiqarish orderini tuzadi;
kassirdan kun oxiriga naqd pullar, qimmatliklar va qatʼiy hisobda turuvchi blankalar hisob-kitobi natijasi toʻgʻrisida qoldiqlar boʻyicha maʼlumotnomani oladi;
Operatsion kundalik va Operatsion kundalikka ilovaning ustunlaridagi yozuvlarni hisob-kitob qilib, naqd pullar qoldigʻini va qimmatliklarning jami summasini hisoblab chiqadi va uni kassir tomonidan hisoblangan naqd pullar qoldigʻi boʻyicha tuzilgan maʼlumotnoma bilan solishtiradi;
kassirdan barcha hujjatlarni qabul qilib, omonatlar va boshqa operatsiyalar boʻyicha umumiy banderollarda kassir tomonidan yozilgan summalarni Operatsion kundalik ustunlaridagi yakuniy yozuvlari bilan solishtiradi;
Operatsion kundalikka ilovaning barcha ustunlari boʻyicha jamlanma natijalar chiqarilgandan keyin navbatdagi yigʻma satrlarda kunlik operatsiyalar aylanmasi boʻyicha balans summasini hisoblab chiqaradi va kassir bilan birgalikda, familiyasi, ismi va otasining ismi koʻrsatilgan holda, imzo qoʻyadi;
keyingi ish kuni uchun Operatsion kundalikka ilovani tayyorlaydi va uni barcha boʻlimlari boʻyicha qoldiqlarini yozadi;
Kassir bilan birgalikda kartotekalar saqlanayotgan temir shkafni qulflab, surgʻich yoki plastilin bilan muhrlaydi (tushlik vaqtida kartotekalar saqlanayotgan temir shkaf nazorat qulflari bilan qulflanadi);
inkassator xaltalariga pullarni joylashtirishda ishtirok etadi va ilova qaydnomasini tuzib inkassatorlar orqali bank filialiga yuboradi.
205. Bir necha nazoratchilar faoliyat koʻrsatadigan omonat kassalarda omonat kassasi mudiri kunlik operatsiyalar yakunida, mazkur Yoʻriqnomaning 204-bandida koʻrsatilgan vazifalarga qoʻshimcha ravishda, quyidagilarni amalga oshiradi:
nazoratchilar tomonidan tuzilgan va kassirlar bilan birgalikda imzolangan kunlik Operatsion kundaliklarni oladi;
Operatsion kundaliklardagi jami summalarni yigʻma Operatsion kundalikda jamlab yozadi va yakun chiqaradi;
katta kassirdan barcha hujjatlarni olib, hujjatlarning har bir turi boʻyicha banderollarda yozilgan jami summalarni hisoblab chiqadi, hisoblab chiqarilgan summani va yigʻma orderlardagi jami summalarini hisobga olgan holda, yigʻma Operatsion kundalikning tegishli ustunlaridagi summalar bilan solishtiradi va Operatsion kundalikni katta kassir bilan birgalikda, familiyasi, ismi va otasining ismini koʻrsatgan holda, imzo qoʻyadi;
kun oxirida katta kassirdagi mavjud naqd pullar, qimmatliklar va qatʼiy hisobda turuvchi blankalarning summasi va sonini yigʻma Operatsion kundalikda va Operatsion kundalikka ilova maʼlumotlari bilan solishtiradi.
206. Kunlik operatsiyalarni yakunlashda yigʻma Operatsion kundalikning ayrim ustunlaridagi yakuniy summalar hujjatlarda koʻrsatilgan summaga mos kelmasa, omonat kassasi mudiri (katta nazoratchi, nazoratchi) uning sabablarini aniqlashi va bartaraf etishi lozim.
207. Omonat kassasida naqd pul yoki qimmatliklar boʻyicha aniqlangan ortiqcha yoki kamomad yuzasidan “Tijorat banklarida kassa ishlarini tashkil etish, inkassatsiya va qimmatliklarni tashishga doir yoʻriqnoma”da (roʻyxat raqami 1831, 2008-yil 27-iyun) belgilangan tartibda dalolatnoma rasmiylashtiriladi. Bunda, ortiqcha chiqqan naqd pul yoki qimmatliklar bank foydasiga kirim qilinadi, kamomad esa belgilangan tartibda javobgar shaxsdan undirib olinadi.
208. Soʻnggi nazorat qilish uchun berilgan kunlik hujjatlar banderol sifatida yelimlangan Operatsion kundalikka qoʻshiladi hamda sana va omonat kassasi raqami yoziladi.
209. Kunlik hisobot va unga ilova qilingan hujjatlar omonat kassalar tomonidan keyingi kundan kechiktirmasdan inkassatsiya xizmati orqali yoki nazoratchi tomonidan bank filialiga yetkazilishi lozim.
210. Omonat boʻlinmasi omonat kassalarining kunlik hisobotlari va ularga ilova qilingan hujjatlarni oʻz vaqtida topshirilishini alohida daftarga qayd etilishi yuzasidan kunlik nazorat oʻrnatishi lozim.
211. Omonat kassasi ish vaqti tugagandan soʻng, Ichki ishlar vazirligi huzuridagi markaziy qoʻriqlash pultiga topshirilishi va “Omonat kassasini qoʻriqlash xizmatiga topshirish va qabul qilish daftari”ga nazoratchi yoki kassir tomonidan qayd etilishi lozim.
XV. Omonat kassalarda kunlik amalga oshirilgan operatsiyalarning soʻnggi nazorati
212. Soʻnggi nazoratchi omonat kassasi kunlik hisoboti va unga ilova qilingan hujjatlarni qabul qilib olgandan keyin quyidagilarni amalga oshiradi:
Operatsion kundalik va Operatsion kundalikka ilovaga koʻra hisobot kuni uchun kun boshidagi naqd pul, qimmatliklar va qatʼiy hisobda turuvchi blankalar qoldigʻini tekshirilgan Operatsion kundalik va Operatsion kundalikka ilovada koʻrsatilgan oldingi kun oxiridagi qoldiqlar bilan solishtiradi;
Operatsion kundalik va Operatsion kundalikka ilovadagi summa va miqdorlar aylanmalariga koʻra hisobot kuni oxiridagi naqd pul, qimmatliklar va qatʼiy hisobda turuvchi blankalar qoldigʻini tekshiradi;
Operatsion kundalik va Operatsion kundalikka ilovaning barcha ustunlari boʻyicha summalarni orderlardagi yigʻma yakunlar bilan solishtiradi;
hujjatli banderollarda koʻrsatilgan jami pul summasini Operatsion kundalikning tegishli yakuniy summalari bilan solishtiradi;
har bir banderoldagi orderlar hamda kassa hujjatlari summasi va sonini qayta hisoblaydi, olingan natijalarni banderoldagi yozuvlar bilan solishtiradi;
Operatsion kundalik, Operatsion kundalikka ilova va banderoldagi imzolarni omonat boʻlinmasidagi imzo va muhr namunalari bilan solishtiradi;
har bir operatsiya boʻyicha hujjatlar belgilangan tartibda tasdiqlangan blankalarda rasmiylashtirilganligi, orderlar va hujjatlarda barcha rekvizitlar toʻgʻri yozilganligi, order va hujjatlarda belgilangan imzolar borligi, Chiqim orderlari va hujjatlarda esa bundan tashqari pul yoki qimmatliklarni olganligini tasdiqlab omonatchilar imzolari qoʻyilganligi, muhr va imzolar soʻnggi nazoratchiga berilgan namunalarga mosligi, summalarni koʻrsatishda tuzatishlar yoʻqligi, summalarning raqamlar va yozuvlarda koʻrsatilishida oʻzaro mosligini tekshiradi;
hujjatlar boʻyicha qatʼiy hisobda turuvchi blankalar nomi, raqami va seriyasiga koʻra toʻgʻri hisobdan chiqarilganligini tekshiradi.
213. Omonat kassalarining kunlik hisoboti soʻnggi nazorati tugagandan keyin soʻnggi nazoratchi Operatsion kundalik va Operatsion kundalikka ilovaga hamda kassa hisobotining titul varaqasiga tekshiruv sanasini qoʻyadi va imzosi bilan tasdiqlaydi.
214. Kunlik hisobotdan hujjatlarni olib qoʻyishga yoʻl qoʻyilmaydi va naqd pullarning qoldiqlariga oʻzgartirishlar kiritilmaydi.
215. Operatsion kundalik va Operatsion kundalikka ilovadagi maʼlumotlar orderlardagi maʼlumotlarga mos kelmaganida nomuvofiqlik sabablari aniqlanadi.
216. Orderlardagi maʼlumotlar bilan Operatsion kundalik va Operatsion kundalikka ilovadagi maʼlumotlar oʻrtasida notoʻgʻri arifmetik hisob-kitob yoki nazoratchining texnik xatolikka yoʻl qoʻyganligi sababli nomuvofiqlik yuzaga kelganda, yoʻl qoʻyilgan notoʻgʻri yozuv uni oʻqish imkonini beradigan darajada oʻchiriladi va notoʻgʻri yozuv ustidan toʻgʻri maʼlumotlar yoziladi hamda “Tuzatildi” degan yozuv va sana kiritiladi va imzolanadi.
217. Xatolarni tuzatish uchun orderlar omonat boʻlinmasi boshligʻi va kunlik hisobotni tekshirgan soʻnggi nazoratchi tomonidan imzolanadi va Operatsion kundalikka xatolik sabablari va kiritilgan tuzatishlar haqida maʼlumotlar yoziladi.
218. Orderlardagi maʼlumotlar bilan Operatsion kundalik va Operatsion kundalikka ilovadagi maʼlumotlar oʻrtasida aniqlangan nomuvofiqlik boʻyicha omonatlarni noqonuniy oʻzlashtirish yoki boshqa jinoyatlar sodir etish alomatlariga shubha tugʻilgan hollarida soʻnggi nazoratchi darhol bu haqda bank filiali rahbarini xabardor qiladi.
Bunda, bank filiali rahbari tomonidan komissiya tuziladi va mazkur omonat kassasi operatsiyalari qoʻshimcha ravishda taftishdan oʻtkaziladi hamda taftish natijasida jinoyat sodir etish alomatlari tasdiqlansa, huquqni muhofaza qilish organlariga belgilangan tartibda maʼlumot beriladi.
219. Ish kuni tugaganidan keyin kartotekalar saqlanayotgan metall qutilar va xona qulflanadi va metall muhrlar bilan muhrlanadi. Muhrlash uchun surgʻuch yoki plastilin qoʻllaniladi va oʻyilmali taxtachaga yopishtiriladi. Xona va kartoteka kalitlari hamda muhr omonat boʻlinmasi boshligʻida saqlanadi. Xona va kartotekalar ochilishidan oldin muhrlar buzilmaganligi tekshirilishi zarur.
220. Soʻnggi nazoratchida kassir va nazoratchilarning imzosi hamda omonat kassasi muhri namunalari boʻlishi kerak.
221. Imzolar namunalari har yili 1-yanvar holatiga koʻra yangilanib turilishi shart.
XVI. Operatsiyalarni rasmiylashtirish uchun berilgan omonat daftarchalarini sarflash ustidan nazorat
222. Omonat daftarchalari, Tasdiqnomalar va Shaxsiy hisobvaraq varaqchalari qatʼiy hisobda turuvchi blanka sifatida Bosh bank va “Davlat belgisi” davlat-ishlab chiqarish birlashmasi oʻrtasida tuziladigan shartnoma asosida yagona shakldagi maxsus himoya belgilari bilan taʼminlangan qogʻozda tayyorlanib, Bosh bank tomonidan bankning barcha filiallariga yetkaziladi.
(222-band Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2012-yil 10-noyabrdagi 32/2-sonli qarori (roʻyxat raqami 2205-1, 16.11.2012-y.) tahririda — 2012-y., 46-47-son, 530-modda)
2221. Omonat daftarchasi, Tasdiqnoma va Shaxsiy hisobvaraq varaqchasi mazkur Yoʻriqnomaning 1, 4 va 16-ilovalariga muvofiq bir xil bosma seriya va raqamli yagona hujjatlar hisoblanadi. Omonat daftarchasi va Shaxsiy hisobvaraq varaqchasidagi kirim-chiqim amaliyotlari qayd etiladigan satrlar soni bir xil boʻlishi zarur.
Omonat daftarchasi, Tasdiqnoma va Shaxsiy hisobvaraq varaqchasidan birortasi yozuvlar bilan toʻlgan yoki yaroqsiz holga kelgan yoki yoʻqolgan taqdirda, omonatchiga boshqa bir xil bosma seriya va raqamli yangi Omonat daftarchasi, Tasdiqnoma va Shaxsiy hisobvaraq varaqchasi rasmiylashtiriladi.”.
(2221-band Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2012-yil 10-noyabrdagi 32/2-sonli qaroriga (roʻyxat raqami 2205-1, 16.11.2012-y.) asosan kiritilgan — 2012-y., 46-47-son, 530-modda)
223. Har ish kuni boshida omonat boʻlinmasi masʼul xodimi tomonidan omonat daftarchalarini olish uchun bank (filial) rahbari nomiga talabnoma rasmiylashtiriladi. Talabnomada omonat daftarchalarining soni koʻrsatiladi va masʼul xodim imzosi bilan tasdiqlanadi.
224. Markaziy omonat kassasiga ega bank filiallarida omonat daftarchalarni bank filiali tasarrufidagi boshqa omonat kassalariga hamda oʻzining omonatchilariga berish uchun filial binosida joylashgan markaziy omonat kassasi kassiri tomonidan omonat daftarchalarini olish uchun bank (filial) rahbari nomiga talabnoma rasmiylashtiriladi. Talabnoma markaziy omonat kassasi nazoratchisi hamda omonat boʻlinmasi boshligʻi imzosi bilan tasdiqlanadi.
225. Omonat daftarchalari talabnoma asosida berilganda buxgalteriya boʻlinmasi masʼul ijrochi buxgalteri tomonidan tegishli buxgalteriya oʻtkazmasi beriladi.
226. Omonat boʻlinmasida yoki bank filiali binosida joylashgan markaziy omonat kassasida omonat daftarchalarning kirim-chiqim hisobi boʻyicha kitob yuritiladi. Ushbu kitob raqamlangan, tikilgan, varaqlar soni va daftarni yuritish sanasi koʻrsatilgan holda bank filiali rahbari imzosi va filial muhri bilan tasdiqlangan boʻlishi lozim.
Omonat daftarchalari kassirga kitobda olinganligi toʻgʻrisida imzo qoʻydirilib tarqatiladi.
227. Omonat kassalarida kassir har kuni ish boshlanishidan oldin nazoratchiga operatsiyalarni rasmiylashtirish uchun zarur boʻlgan omonat daftarchalarini beradi.
228. Buzilgan omonat daftarchalarining har birida “buzilgan” degan yozuv va sana kiritiladi hamda nazoratchi va kassir tomonidan imzolanadi. Buzilgan omonat daftarchalari soni, seriyasi va raqamlari Ishlatilgan qatʼiy hisobda turuvchi blankalarni hisobdan chiqarish orderining orqa tomonida koʻrsatilib, unga ilova qilinadi.
229. Omonat boʻlinmasining masʼul xodimi tomonidan kun boshida berilgan barcha omonat daftarchalarining soni ishlatilgan, buzilgan va foydalanilmagan omonat daftarchalari sonlarining yigʻindisi bilan, kun davomida ishlatilgan omonat daftarchalari sonini yangi omonatchilarga ochilgan shaxsiy hisobvaraqlar soni bilan, yoʻqolgan omonat daftarchalar oʻrniga yangi berilgan omonat daftarchalar sonini omonatchilar tomonidan omonat daftarchasini yoʻqolganligi haqidagi arizalar soni bilan hamda yangi almashtirib berilgan omonat daftarchalari sonini omonatchining toʻlgan omonat daftarchalari soni bilan solishtiradi.
230. Taqqoslash jarayonida farq aniqlanganda omonat boʻlinmasining masʼul xodimi zudlik bilan bank filiali rahbariga xabar beradi.
XVII. Yakuniy qoidalar
231. Omonat operatsiyalarini amalga oshirilishini ushbu Yoʻriqnoma talablari asosida tashkil qilish boʻyicha javobgarlik bank rahbariyati zimmasiga yuklatiladi.
232. Soʻnggi nazorat amalga oshirilgunga qadar omonat kassasida omonat operatsiyalarining qonuniyligiga hamda pul va qimmatliklarning butligiga kassir va nazoratchi javobgardir.
233. Aniqlangan noqonuniy operatsiyalar uchun nazoratchi, kassir, soʻnggi nazoratchi, bosh buxgalter va filial rahbari javobgardir.
(233-band Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2012-yil 10-noyabrdagi 32/2-sonli qarori (roʻyxat raqami 2205-1, 16.11.2012-y.) tahririda — 2012-y., 46-47-son, 530-modda)
Oʻzbekiston Respublikasi banklarida depozit operatsiyalarini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga 1-ILOVA
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2012-yil 10-noyabrdagi 32/2-sonli qarori (roʻyxat raqami 2205-1, 16.11.2012-y.) tahririda — 2012-y., 46-47-son, 530-modda)
Oʻzbekiston Respublikasi banklarida depozit operatsiyalarini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga 4-ILOVA
(4-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2012-yil 10-noyabrdagi 32/2-sonli qarori (roʻyxat raqami 2205-1, 16.11.2012-y.) tahririda — 2012-y., 46-47-son, 530-modda)
Oʻzbekiston Respublikasi banklarida depozit operatsiyalarini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga 5-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi banklarida depozit operatsiyalarini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga 16-ILOVA
(BANK NOMI VA LOGOTIPI)
OMONAT DAFTARChASI
OMONATChI DIQQATIGA!
• Bank omonatlar boʻyicha majburiyatlarni belgilangan muddatda va toʻliq bajarishni oʻz zimmasiga oladi.
• Banklardagi omonatlar Fuqarolarning banklardagi omonatlarini kafolatlash fondi bilan himoyalangan.
• Bank oʻz mijozlariga turli operatsiyalar va ularning hisob-kitob holatiga tegishli boʻlgan axborotlarning sir saqlanishiga kafolat beradi.
• Omonat daftarchasining raqami mavjudligiga eʼtibor qarating.
• Omonatchiga har bir omonat turi boʻyicha alohida shaxsiy hisobvaraq varaqchasi yuritiladi, ushbu varaqchada omonat boʻyicha har bir bajarilgan operatsiya omonatchining imzosi bilan tasdiqlanishi lozim.
• Omonat qabul qilinganda, bank tomonidan omonatchiga omonat qabul qilinganligining tasdigʻi sifatida Tasdiqnoma beriladi.
• Omonat daftarchasiga omonatchi tomonidan biron-bir yozuv kiritilishi taqiqlanadi.
• Omonat mablagʻlari omonat daftarchasi va shaxsini tasdiqlovchi hujjat bilan bankka taqdim etilgan holda beriladi.
OMONAT DAFTARChASI
SERIYA _____ __________-SON
Bank nomi _______________________________________________________
Filial manzili ___________________________________________________
• Omonat daftarchasi bank tomonidan omonat boʻyicha bajarilgan operatsiyalarni tasdiqlovchi va omonat boʻyicha olingan majburiyatlarni kafolatlovchi hujjat hisoblanadi.
• Omonat yopilgan taqdirda, omonat daftarchasi bankka qaytarilishi shart.
• Omonat daftarchasini begona shaxslarga berish qatʼiyan man etiladi ( ishonchnoma orqali berish hollari bundan mustasno).
• Omonatlar boʻyicha amaliyotlar haqidagi maʼlumotlarni “SMS-banking” dasturidan foydalangan holda mobil aloqa telefoni yoki omonatchiga berilgan alohida identifikatsiya raqami, login va parol yordamida oʻrnatilgan infokioskalar yoki tadbirkorlar xonasidagi kompyuterga oʻrnatilgan maxsus dastur yoxud bankning Internet tarmogʻidagi veb-sayti orqali ochilgan shaxsiy kabinetlarga kirib olish mumkin.
(16-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2012-yil 10-noyabrdagi 32/2-sonli qaroriga (roʻyxat raqami 2205-1, 16.11.2012-y.) asosan kiritilgan — 2012-y., 46-47-son, 530-modda)
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 9-son, 97-modda; 2012-y., 46-47-son, 530-modda)