O‘zbekiston Respublikasi Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi
ONLINE TRANSLATE
Davlat hisobidan yuridik yordam. Muhim 7 qoida

Davlat hisobidan yuridik yordam oluvchi shaxslarning doirasi hamda davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatiladigan ishlar roʻyxatiga fuqarolik va maʼmuriy ishlarni kiritish orqali fuqarolarning bepul yuridik yordam olish imkoniyatlari kengaytirildi.

Shu bilan birga, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etgan holda davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatadigan advokatlarni inson omilisiz elektron tizim orqali tanlash tartibi hamda davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatuvchi advokatlar reyestrini yuritishning ochiq va shaffof mexanizmlari joriy etildi.

1.Davlat hisobidan yuridik yordam nima?

“Davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatish toʻgʻrisida”gi Qonunga koʻra, davlat hisobidan yuridik yordam — bu moddiy imkoniyati cheklangan va huquqiy himoyaga muhtoj shaxslarga advokatlar orqalibepulmalakali yuridik yordam koʻrsatishdir.

2. Vakolatli organ qaysi?

Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organidir.

3. Kimlar davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatadi?

Davlat hisobidan yuridik yordam faqat Davlat hisobidan yuridik yordam koʻrsatuvchi advokatlar reyestriga kiritilgan advokatlar tomonidan koʻrsatiladi.

4. Qaysi toifadagi shaxslar yuridik yordam olish uchun murojaat qilishi mumkin?

Quyidagi shaxslar davlat hisobidan yuridik yordam olish huquqiga ega:

— Kam taʼminlangan fuqarolar;

— Ruhiy holati buzilgan shaxslar;

— Xotin-qizlar va erkaklar teng huquqlarining buzilishi munosabati bilan sudga murojaat qilgan shaxslar;

— Jinoyat ishi boʻyicha advokat ishtiroki majburiy boʻlgan gumonlanuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchilar;

— Mahkumlar.

5.Qanday hujjatlar talab etiladi?

Yuridik yordam olish uchun shaxs:

— Ariza;

— Pasport (ID-karta) maʼlumotlari;

— Agar vakil orqali murojaat etilsa — ishonchnoma yoki tegishli hujjatlar;

— Zarur hollarda — psixiatriya yordami koʻrsatilayotganini tasdiqlovchi maʼlumotnoma yoki suddan maʼlumot taqdim etadi.

6. “Yuridik yordam” axborot tizimi orqali advokat qanday tanlanadi?

Advokatlar “Yuridik yordam” axborot tizimi (e-advokat.uz) orqali avtomatik tanlanadi. Bu tizimda advokatning ixtisosligi, ish yuritish tili va hududi inobatga olinadi. Tanlangan advokat belgilangan muddatda ishni qabul qilishi va yuridik yordam koʻrsatishi shart. Agar“Yuridik yordam”axborot tizimi orqali tanlangan advokat ishda ishtirok etishni rad etadigan boʻlsa, u rad etish asoslarini darhol“Yuridik yordam”axborot tizimiga kiritishi kerak. Tizimda roʻyxatga olingan avokatlardan biri ishda oʻz ishtirokini tasdiqlamagunicha tanlash jarayoni davom etadi.

7. Davlat hisobidan qanday yuridik yordam turlari mavjud?

Yuridik yordam quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha koʻrsatiladi:

— Ijtimoiy nafaqa va moddiy yordam masalalari;

— Ishga tiklash va ish haqi undirish;

— Aliment undirish;

— Turar joy masalalari;

— Sogʻliqqa yetkazilgan zararni qoplash;

— Qonunga xilof harakatlar oqibatida yetkazilgan zararni qoplash;

— Maʼmuriy qamoq bilan bogʻliq ishlarda himoya;

— Xotin-qizlar va erkaklar huquqlarining buzilishi holatida;

— Psixiatriya yordami koʻrsatilayotgan paytdagi huquqiy masalalar;

— Jinoyat ishlari yuzasidan protsessual huquqlar himoyasi.

Madina HAMDAMOVA,

“Adolat” MHAM xodimi