O‘zbekiston Respublikasi Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi
ONLINE TRANSLATE
Tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi

Tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va qayta ro‘yxatdan o‘tkazish Davlat xizmatlari markazlari tomonidan amalga oshiriladi.

Davlat ro‘yxatidan o‘tkazish quyidagi usullardan biri bilan amalga oshiriladi:

— Internet jahon axborot tarmog‘i orqali Tizim vositasida Yagona portalda;

— Davlat xizmatlari markazlariga o‘zi kelgan holda davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, qayta ro‘yxatdan o‘tkazish orqali.

Tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, qayta ro‘yxatdan o‘tkazish uchun belgilangan muddatlar faoliyatning shakllaridan kelib chiqib belgilanadi.

Misol uchun Yakka tartibdagi tadbirkor, shu jumladan dehqon xo‘jaligi, oilaviy tadbirkorlik va hunarmandchilik faoliyati subyektlari uchun real vaqt rejimida, lekin 30 minutdan oshmagan vaqtda amalga oshiriladi.

Davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun ariza beruvchi “biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish” — davlat xizmatini tanlaydi va davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun quyidagi belgilangan ariza shakllari bo‘yicha:

— yuridik shaxs tashkil etmagan tadbirkorlik subyektlarining;

— tadbirkorlik subyektlari — yuridik shaxslarning uni ko‘rsatishga so‘rovnomani  shakllantiradi.

Elektron onlayn-auksion savdoda g‘olib bo‘lgan shaxsning yuridik shaxs tashkil etmagan holda (yakka tartibdagi tadbirkor) dehqon xo‘jaligini tashkil etishga doir ma’lumotlari real vaqt rejimida “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali Tizimga kelib tushadi.

Ariza beruvchi tomonidan so‘rovnoma shakllantirilishi bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.

Tizim vositasida davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun tegishlicha so‘rovnomaga quyidagilar ilova qilinadi:

— davlat tilidagi ta’sis hujjatlari;

— monopoliyaga qarshi organning dastlabki rozilik berilganligi to‘g‘risidagi qarori — davlat ishtirokidagi xo‘jalik yurituvchi subyektlar, shuningdek ularning affillangan shaxslari uchun;

— Davlat aktivlarini boshqarish agentligining yoki uning hududiy boshqarmalarining davlat muassasalari va davlat ishtirokidagi korxonalarni tashkil etish, shuningdek, davlat ulushining vujudga kelishi va davlat ulushi miqdorining o‘zgarishi bilan bog‘liq ta’sis hujjatlariga o‘zgartirishlarga oid buyrug‘i — davlat unitar korxonalari va muassasalari, shuningdek, xo‘jalik jamiyatlari uchun (aksiyadorlik jamiyatlari bundan mustasno);

— topshirish dalolatnomasi — qo‘shib yuborilganda;

— taqsimlash balansi — bo‘lishda va ajratib chiqarishda.

So‘rovnomaga ilova qilinayotgan hujjatlar elektron hujjat shaklida bo‘lishi kerak.

Ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga so‘rovnomani qog‘ozda rasmiylashtirilgan hujjatlarning “PDF” formatida skaner qilingan nusxalari shaklida ilova qilgan holda jo‘natishga yo‘l qo‘yiladi.

Ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomada, ta’sis hujjatlarida Tizim foydalanuvchisining — ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ mas’ul xodimining ERIsi va QR-kod (matritsali shtrix kod), shuningdek identifikatsiya raqamlari bo‘lishi kerak.

QR-kod tegishli dasturiy-apparat vositalari bilan o‘qilganda ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomaning, ta’sis hujjatlarining identifikatsiya raqamlari va Yagona portaldagi elektron hujjatlar repozitoriysiga havolalar (giperhavolalar) bo‘lishi kerak.

Yakka tartibdagi tadbirkor, oilaviy tadbirkorlik subyekti ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomada jismoniy shaxsning fotosurati aks ettirilgan bo‘lishi kerak.

Davlat ro‘yxatidan o‘tganidan so‘ng tadbirkorlik subyekti qonun hujjatlarida belgilangan tartibda bank hisob raqamlarini ochish uchun banklarga murojaat qiladi. Bank hisob raqamlarini ochish uchun ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomaning, ta’sis hujjatlarining asl nusxalarini va nusxalarini taqdim etish talab qilinmaydi.