O‘zbekiston Respublikasi Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi
ONLINE TRANSLATE
Intizomiy jazo choralari turlari, qoʻllash tartibi va muddatlarini bilasizmi?

Intizomiy jazo – xodim mehnat intizomini buzgan taqdirda ish beruvchi tomonidan qoʻllaniladiganhuquqiy taʼsir chorasi. Intizomiy jazo choralari ishga qabul qilish huquqi berilgan shaxslar (organlar) tomonidan qoʻllaniladi.

Intizomiy jazo choralari turlari

Mehnat intizomini buzganligi uchun ish beruvchi xodimga quyidagi intizomiy jazo choralarini qoʻllashgahaqli:

1) hayfsan;

2) oʻrtacha oylik ish haqining oʻttiz foizidan koʻp boʻlmagan miqdorda jarima. Ichki mehnat tartibi qoidalarida xodimga oʻrtacha oylik ish haqining ellik foizidan koʻp boʻlmagan miqdorda jarima solinishi hollari nazarda tutilishi mumkin. Xodimning ish haqidan jarimani ushlab qolish ish beruvchi tomonidan Mehnat kodeksning 269 va 270-moddalari talablariga rioya etgan holda amalga oshiriladi;

3) mehnat shartnomasini bekor qilish.

Intizomiy jazo choralarini qoʻllash tartibi qanday?

Ish beruvchi xodimdan intizomiy jazo chorasi qoʻllanilguniga qadar, shu jumladan agar intizomiy qilmish xizmat tekshiruvi natijalariga koʻra aniqlangan boʻlsa,yozma tushuntirishnitalab qilishi shart. Xodimning yozma tushuntirish taqdim etishni rad etganligi intizomiy jazo chorasi qoʻllanilishi uchun monelik qilmaydi va hozir boʻlgan guvohlar koʻrsatilgan holda dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi.

Har bir intizomiy qilmish uchun faqat bitta intizomiy jazo chorasi qoʻllanilishi mumkin. Intizomiy jazo chorasini tanlash huquqi ish beruvchiga tegishlidir.

Jazo chorasini tanlashda quyidagilarga eʼtibor beriladi:

- qilmishning ogʻir-yengilligi;

- sodir etilishi holatlari;

- xodimning avvalgi ishi va xulq-atvoriga.

Intizomiy jazo ish beruvchining buyrugʻi orqali rasmiylashtiriladi.Ushbu buyruq qabul qilinganidan soʻng, uch ish kuni ichida (xodim ishda boʻlmagan vaqt hisobga olinmasdan) unga jazoning sabablari koʻrsatilgan holda imzo qoʻydirib eʼlon qilinadi.

Oʻziga nisbatan intizomiy jazo chorasini qoʻllash haqidagi buyruq bilan tanishtirilmagan xodim intizomiy jazosi boʻlmagan deb hisoblanadi.

Agar xodim buyruq bilan tanishishni rad etsa, bu holat ham hozir boʻlgan guvohlar ishtirokida dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi. 

Intizomiy jazo qoʻllash muddatlari

Har qanday jazo belgilangan muddatlarda qoʻllanilishi shart. Bu haqda Mehnat kodeksining 314-moddasida aniq belgilangan.

Jazo qoʻllash muddatlari quyidagicha:

Intizomiy qilmish aniqlanganidan soʻng darhol, biroq bir oydan kechiktirmay jazo qoʻllanilishi kerak, bunda xodim taʼtilda yoki vaqtincha ishga layoqatsiz boʻlsa, ushbu davr hisobga olinmaydi.

Qilmish sodir etilgan kundan eʼtiboran:

- olti oydan kechiktirmay;

- agar qilmish taftish, moliyaviy-xoʻjalik yoki auditorlik tekshiruvi natijalariga koʻra aniqlangan boʻlsa, 2 yildan kechiktirmay intizomiy jazo qoʻllanilishi mumkin.

Shuningdek, jinoyat ishini yuritish davri ushbu muddatlarga kiritilmaydi.