Intizomiy jazo oʻzi nima?
Intizomiy jazo – xodim mehnat intizomini buzgan taqdirda ish beruvchi tomonidan qoʻllaniladigan huquqiy taʼsir chorasi. Intizomiy jazo choralari ishga qabul qilish huquqi berilgan shaxslar (organlar) tomonidan qoʻllaniladi.
Intizomiy jazoning qanday choralari mavjud?
Mehnat intizomini buzganligi uchun ish beruvchi xodimga quyidagi intizomiy jazo choralarini qoʻllashga haqli:
1) hayfsan;
2) oʻrtacha oylik ish haqining oʻttiz foizidan koʻp boʻlmagan miqdorda jarima. Ichki mehnat tartibi qoidalarida xodimga oʻrtacha oylik ish haqining ellik foizidan koʻp boʻlmagan miqdorda jarima solinishi hollari nazarda tutilishi mumkin. Xodimning ish haqidan jarimani ushlab qolish ish beruvchi tomonidan Mehnat kodeksning 269 va 270-moddalari talablariga rioya etgan holda amalga oshiriladi;
3) mehnat shartnomasini bekor qilish.
Intizomiy jazolar qay tartibda qoʻllaniladi?
Ish beruvchi xodimdan intizomiy jazo chorasi qoʻllanilguniga qadar, shu jumladan agar intizomiy qilmish xizmat tekshiruvi natijalariga koʻra aniqlangan boʻlsa, yozma tushuntirishni talab qilishi shart. Xodimning yozma tushuntirish taqdim etishni rad etganligi intizomiy jazo chorasi qoʻllanilishi uchun monelik qilmaydi va hozir boʻlgan guvohlar koʻrsatilgan holda dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi.
Qonunchilikka koʻra, har bir intizomiy qilmish uchun faqat bitta intizomiy jazo chorasi qoʻllanilishi mumkin. Intizomiy jazo chorasini tanlash huquqi ish beruvchiga tegishlidir.
Jazo chorasini tanlashda quyidagilarga eʼtibor beriladi:
- qilmishning ogʻir-yengilligi;
- sodir etilishi holatlari;
- xodimning avvalgi ishi va xulq-atvoriga.
Intizomiy jazo ish beruvchining buyrugʻi orqali rasmiylashtiriladi. Ushbu buyruq qabul qilinganidan soʻng, uch ish kuni ichida (xodim ishda boʻlmagan vaqt hisobga olinmasdan) unga jazoning sabablari koʻrsatilgan holda imzo qoʻydirib eʼlon qilinadi.
Oʻziga nisbatan intizomiy jazo chorasini qoʻllash haqidagi buyruq bilan tanishtirilmagan xodim intizomiy jazosi boʻlmagan deb hisoblanadi.
Agar xodim buyruq bilan tanishishni rad etsa, bu holat ham hozir boʻlgan guvohlar ishtirokida dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi.
Intizomiy jazo qancha muddatga qoʻllaniladi?
Mehnat kodeksining 314-moddasiga koʻra, jazo qoʻllash muddatlari quyidagicha:
Intizomiy qilmish aniqlanganidan soʻng darhol, biroq bir oydan kechiktirmay jazo qoʻllanilishi kerak, bunda xodim taʼtilda yoki vaqtincha ishga layoqatsiz boʻlsa, ushbu davr hisobga olinmaydi.
Qilmish sodir etilgan kundan eʼtiboran:
- 6 oydan kechiktirmay;
- agar qilmish taftish, moliyaviy-xoʻjalik yoki auditorlik tekshiruvi natijalariga koʻra aniqlangan boʻlsa, 2 yildan kechiktirmay intizomiy jazo qoʻllanilishi mumkin. Shuningdek, jinoyat ishini yuritish davri ushbu muddatlarga kiritilmaydi.
Xodim intizomiy jazoga tortilganda unga mukofot puli toʻlanmaydimi?
Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat Kodeksi 299-moddasining beshinchi qismiga muvofiq, intizomiy jazoning amal qilish muddati ichida xodimga nisbatan ragʻbatlantirish choralari, shu jumladan mehnatga haq toʻlash tizimiga kirmaydigan va mehnat natijalariga asoslanmagan mukofotlar ham (bayramlar, shu jumladan kasb bayramlari, yubileylar munosabati bilan va hokazolar) qoʻllanilmaydi.
Yaʼni bunda xodimning mehnatiga bogʻliq boʻlmagan toʻlovlar intizomiy jazoning amal qilish muddati ichida berilmaydi. Koʻpincha “premiya” yaʼni mukofot nazarda tutiladi.
Premiyaning berilishi uchun ish beruvchilar bayramlar arafasida xodimdagi intizomiy jazoni yechib yuborish mumkin.
Mehnat kodeksining 315-moddasi uchinchi qismiga asosan, ish beruvchi intizomiy jazoni oʻz tashabbusiga koʻra, xodimning bevosita rahbarining, kasaba uyushmasi qoʻmitasining iltimosnomasiga, shuningdek xodimning iltimosiga koʻra, bir yil oʻtguniga qadar muddatidan oldin olib tashlash huquqiga ega. Intizomiy jazoni muddatidan oldin olib tashlash ish beruvchining buyrugʻi bilan rasmiylashtiriladi.
Lobar Rozimova,
“Adolat” milliy huquqiy axborot markazi masʼul xodimi