Oʻzbekiston Respublikasi Soliq qoʻmitasining
qarori
“Soliq-servis” AJ tomonidan fermer xoʻjaliklarining buxgalteriya hisobini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2026-yil 11-avgustda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3921]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 19-maydagi PF-95-son “Soliq organlari faoliyatini institutsional jihatdan takomillashtirish va soliq maʼmurchiligida zamonaviy yondashuvlarni joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni, 2018-yil 2-iyuldagi PQ-3824-son “Fermer xoʻjaliklarida hisob tizimini tubdan yaxshilash va ularga bank xizmatlari koʻrsatishni takomillashtirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi hamda 2026-yil 20-apreldagi PQ-148-son “Yangi Oʻzbekiston yoshlari — 2030” strategiyasini 2026-2027-yillarda amalga oshirish hamda yoshlar bandligini taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Soliq qoʻmitasi qaror qiladi:
1. “Soliq-servis” AJ tomonidan fermer xoʻjaliklarining buxgalteriya hisobini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi, Savdo-sanoat palatasi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil hamda Oʻzbekiston fermerlari kengashi bilan kelishilgan.
3. Ushbu qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Rais F. PULATOV
Toshkent sh.,
2026-yil 5-avgust,
2026-22
Kelishildi:
Iqtisodiyot va moliya vaziri J. KUCHKAROV
2026-yil 31-iyul
Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil A. BURIYEV
2026-yil 24-iyul
Oʻzbekiston fermerlari kengashi raisi A. XAITOV
2026-yil 24-iyul
Savdo-sanoat palatasi raisi D. VAXABOV
2026-yil 14-iyul
Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi raisi H. TURAXUJAYEV
2026-yil 14-iyul
Oʻzbekiston Respublikasi Soliq qoʻmitasining 2026-yil 5-avgustdagi 2026-22-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
“Soliq-servis” AJ tomonidan fermer xoʻjaliklarining buxgalteriya hisobini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom “Soliq-servis” AJ tomonidan fermer xoʻjaliklariga buxgalteriya hisobi va hisobotini yuritish xizmatlarini koʻrsatish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Fermer xoʻjaliklarida buxgalteriya hisobi va hisobotini yuritish “Soliq-servis” AJning tuman (shahar)lardagi fermer xoʻjaliklariga bevosita xizmat koʻrsatuvchi boʻlimlari (bundan buyon matnda hududiy boʻlimlar deb yuritiladi) tomonidan amalga oshiriladi.
2. Fermer xoʻjaligining bank hisobvaraqlaridagi pul mablagʻlarini tasarruf etish huquqi fermer xoʻjaligi rahbariga tegishli boʻladi.
Hududiy boʻlimlar fermer xoʻjaligiga bank toʻlov hujjatlarini tayyorlash va rasmiylashtirishda amaliy yordam koʻrsatishi mumkin, bunda toʻlovlarni amalga oshirish boʻyicha yakuniy qaror qabul qilish fermer xoʻjaligining rahbari zimmasida qoladi.
2-bob. Hududiy boʻlimlar tomonidan fermer xoʻjaliklariga buxgalteriya hisobi va hisobotini yuritish boʻyicha koʻrsatiladigan xizmatlar va ularni amalga oshirish mexanizmlari
3. Hududiy boʻlimlar tomonidan qonunchilikda belgilangan quyidagi tadbirkorlik subyektlariga ularning tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼi nazar tegishli xizmatlar buxgalteriya hisobi va hisobotini yuritish boʻyicha shartnoma asosida bepul amalga oshiriladi:
paxta va gʻalla yetishtiruvchi fermer xoʻjaliklariga buxgalteriya hisobi va hisobotini yuritish xizmatlari;
yangi tashkil etilgan fermer xoʻjaliklariga ularning ixtiyoriga koʻra dastlabki olti oy davomida soliq va moliyaviy hisobotlarni yuborish xizmatlari;
boshligʻi yoshlar boʻlgan yangi tashkil etilgan fermer xoʻjaliklariga ikki yil davomida koʻrsatiladigan xizmatlar.
Mazkur bandning ikkinchi — toʻrtinchi xatboshilarida nazarda tutilmagan fermer xoʻjaliklariga koʻrsatiladigan xizmatlar buxgalteriya hisobi va hisobotini yuritish boʻyicha shartnoma asosida pullik asosda amalga oshiriladi.
4. Hududiy boʻlimlar tomonidan fermer xoʻjaliklariga quyidagi xizmatlar koʻrsatiladi:
fermer xoʻjaligini buxgalteriya hisobi va hisobotini yuritish xizmatini koʻrsatish tizimiga qabul qilish;
buxgalteriya hisobini tashkil etish va yuritish;
fermer xoʻjaligi xodimlari uchun ish haqi, soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni hisoblash;
fermer xoʻjaligining soliqlari va yigʻimlari hisobini yuritish;
soliq va moliyaviy hamda statistika hisobotlarini tuzish hamda ularni tegishli davlat organlariga taqdim etish;
mavsum yakuni boʻyicha fermer xoʻjaliklarining asosiy vositalari, tovar-moddiy zaxiralari, pul mablagʻlari, debitorlik va kreditorlik qarzlarini inventarizatsiyadan oʻtkazishda ishtirok etish.
5. Fermer xoʻjaligini buxgalteriya hisobi va hisobotini yuritish xizmatini koʻrsatish tizimiga qabul qilish toʻgʻrisidagi ariza fermer xoʻjaligi rahbarining elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlangan holda Murojaatlar bilan ishlash yagona onlayn platformasi yoki soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti orqali yuboriladi.
Ariza Murojaatlar bilan ishlash yagona onlayn platformasi yoki soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti orqali kelib tushganidan soʻng bir ish kuni ichida “Soliq-servis” AJ tomonidan roʻyxatdan oʻtkaziladi.
“Soliq-servis” AJ tomonidan ariza fermer xoʻjaligi joylashgan tegishli hududiy boʻlimga roʻyxatga olingan kunning oʻzida yoʻnaltiriladi.
Tegishli hududiy boʻlim tomonidan ariza u kelib tushgan kundan boshlab uch ish kuni ichida koʻrib chiqilib, quyidagilar amalga oshiriladi:
1) ariza toʻliq oʻrganib chiqiladi;
2) “Soliq-servis” AJ va fermer xoʻjaligi oʻrtasida buxgalteriya hisobi va hisobotini yuritish boʻyicha shartnoma tuzilishini taʼminlaydi;
3) fermer xoʻjaligiga buxgalteriya hisobi va hisobotini yuritish boʻyicha masʼul xodim (buxgalter) biriktiriladi. Bunda hududiy boʻlimdagi har bir buxgalterga 30 — 35 ta oraligʻida fermer xoʻjaliklari biriktiriladi va xizmatlar koʻrsatiladi.
6. Hududiy boʻlimlar tomonidan buxgalteriya hisobini tashkil etish doirasida:
fermer xoʻjaligining hisob siyosati shakllantiriladi yoki amaldagi hisob siyosati tahlil qilinadi;
buxgalteriya hisobini yuritish uchun zarur maʼlumotlar elektron axborot tizimlariga kiritiladi;
boshlangʻich hisob hujjatlarini qabul qilish, rasmiylashtirish va saqlash tartibi belgilanadi;
aktivlar, majburiyatlar, xususiy kapital, daromadlar va xarajatlar hisobi yuritiladi.
7. Hududiy boʻlimlar tomonidan buxgalteriya hisobini yuritish jarayonida:
boshlangʻich hisob hujjatlari qabul qilinadi va oʻrganiladi;
xoʻjalik operatsiyalari buxgalteriya hisobida aks ettiriladi;
fermer xoʻjaligining xodimlari bilan hisob-kitoblar amalga oshiriladi.
8. Fermer xoʻjaligi xodimlari uchun ish haqi, soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni hisoblashda quyidagilar amalga oshiriladi:
1) boshlangʻich hisob hujjatlarini qabul qilish. Bunda har oy yakunida fermer xoʻjaligi rahbari hududiy boʻlimga quyidagi hujjatlarning nusxasini taqdim etadi:
ish vaqtini hisobga olish tabeli;
ishga qabul qilish, mehnat shartnomasini bekor qilish va mehnat taʼtili berish toʻgʻrisidagi buyruqlar;
ragʻbatlantirish yoki moddiy yordam haqidagi ichki hujjatlar hamda ish beruvchining yakka tartibdagi boshqa huquqiy hujjatlari;
2) ish haqi, soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha hisob-kitoblarni amalga oshirish. Bunda hududiy boʻlim buxgalteri maʼlumotlarni elektron dasturga kiritadi hamda quyidagilarni hisoblaydi:
ishlangan vaqt yoki bajarilgan ish hajmiga qarab hisoblangan ish haqi summasi;
boʻnaklar (avans);
xodimning ish haqidan qonunchilik boʻyicha ushlab qolinadigan daromad soligʻi;
shaxsiy jamgʻarib boriladigan pensiya hisobvaragʻiga badallar;
fermer xoʻjaligining xodimlar mehnatiga haq toʻlashga doir xarajatlari boʻyicha ijtimoiy soliq;
aliment va boshqa toʻlovlar;
3) hujjatlarni rasmiylashtirish va toʻlovga yoʻnaltirish. Bunda ish haqini toʻlash boʻyicha toʻlov roʻyxatlari (vedomostlari) va xodimlar uchun hisob-kitob varaqalari shakllantiriladi.
Bank orqali pul oʻtkazish uchun elektron toʻlov topshiriqnomalari tayyorlanib, fermer xoʻjaligining bank-mijoz tizimiga yuboriladi.
Soliqlar va shaxsiy jamgʻarib boriladigan pensiya hisobvaragʻiga badallarni amalga oshirish uchun elektron toʻlov topshiriqnomalari elektron soliq xizmatlari portali orqali bankka yuboriladi.
Oy yakuni bilan soliq organlariga jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi va ijtimoiy soliq boʻyicha elektron hisobotlar joʻnatiladi.
9. Fermer xoʻjaligining soliqlari va yigʻimlari hisobini yuritish doirasida buxgalter tomonidan:
soliq solish obyektlari aniqlanadi;
soliq hisob-kitoblari amalga oshiriladi;
soliq organlari bilan taqqoslash ishlari tashkil etiladi;
soliqlar va yigʻimlar toʻgʻri hisoblanishi hamda ularni belgilangan muddatlarda toʻlash zarurligi haqida fermer xoʻjaligining rahbari xabardor qilinadi hamda toʻlovlarning amalga oshirilishida yordam koʻrsatiladi.
Hududiy boʻlimlar tomonidan fermer xoʻjaligining soliqlari va yigʻimlarini hisoblash buxgalteriya hisobi va hisobotini yuritish boʻyicha shartnoma tuzilgan hisobot davridan boshlab amalga oshiriladi.
10. Soliq va moliyaviy hamda statistika hisobotlarini tuzish hamda ularni tegishli davlat organlarga taqdim etish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
11. Inventarizatsiya ishlarini tashkil etish buxgalteriya hisobining standartlari doirasida amalga oshiriladi.
3-bob. Hududiy boʻlimlarning huquqlari va majburiyatlari
12. Hududiy boʻlimlar quyidagi huquqlarga ega:
buxgalteriya hisobi va hisobotini yuritish uchun fermer xoʻjaliklaridan zarur boʻlgan hujjatlar, maʼlumotlar va tushuntirishlar olinishini tashkil etish;
fermer xoʻjaligi taqdim etgan hujjatlar va maʼlumotlarning toʻliqligi hamda ishonchliligini oʻrganish;
buxgalteriya hisobi, soliq hisob-kitoblari va hisobotlarni toʻgʻri shakllantirish maqsadida fermer xoʻjaligiga tavsiya va takliflar berish;
soliqlar va yigʻimlarni hisoblash hamda hisobotlarni shakllantirish uchun davlat organlarining axborot tizimlaridan qonunchilikda belgilangan tartibda foydalanish;
fermer xoʻjaligi tomonidan hujjatlar va maʼlumotlar oʻz vaqtida taqdim etilmagan yoki notoʻgʻri maʼlumotlar berilgan hollarda bu haqida fermer xoʻjaligi rahbarini yozma ravishda ogohlantirish;
fermer xoʻjaligi tomonidan qonunchilik talablariga zid boʻlgan topshiriqlar berilganda ularni bajarishni rad etish;
shartnoma shartlari buzilgan taqdirda qonunchilik hujjatlari va shartnomada belgilangan tartibda xizmat koʻrsatishni vaqtincha toʻxtatib turish yoki shartnomani bekor qilish tashabbusi bilan chiqish;
xizmatlar koʻrsatish uchun zarur boʻlgan axborot, maʼlumotnomalar, hujjatlar va boshqa materiallarni davlat organlaridan soʻrab olish;
xizmatlar koʻrsatish jarayonida yuzaga kelgan masalalar boʻyicha davlat organlariga murojaat qilish hamda ulardan javoblar olish.
13. Hududiy boʻlimlar quyidagi majburiyatlarga ega:
fermer xoʻjaligining buxgalteriya hisobi va hisobotini qonunchilik hujjatlari talablariga muvofiq yuritilishini tashkil etish;
buxgalteriya hisobi maʼlumotlarining toʻgʻri, toʻliq va oʻz vaqtida shakllantirilishini taʼminlash;
soliq, moliyaviy va statistika hisobotlarini belgilangan muddatlarda tuzish va tegishli davlat organlariga taqdim etishni tashkil qilish;
fermer xoʻjaligi xodimlari uchun ish haqi, soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarning amaldagi qonunchilik talablariga muvofiq hisoblanishi hamda toʻlanishini tashkil etish;
asosiy vositalar, tovar-moddiy qimmatliklar, debitorlik va kreditorlik qarzlari boʻyicha buxgalteriya hisobi yuritilishini tashkil etish;
qishloq xoʻjaligi mavsumi yakunlari boʻyicha aktivlar va majburiyatlarni inventarizatsiyadan oʻtkazish ishlarida ishtirok etish;
buxgalteriya hisobi va hisobotini yuritish bilan bogʻliq hujjatlarni belgilangan tartibda qabul qilish, qayta ishlash va saqlash;
fermer xoʻjaligining moliyaviy holati, soliq majburiyatlari va hisobotlar holati toʻgʻrisida fermer xoʻjaligining rahbarini xabardor qilib borish;
buxgalteriya hisobi va hisobotini yuritish jarayonida maʼlum boʻlgan tijorat siri hamda boshqa sir saqlanishi lozim boʻlgan maʼlumotlarning maxfiyligini taʼminlash;
koʻrsatilayotgan xizmatlar sifati ustidan ichki nazoratni amalga oshirish va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish choralarini koʻrish.
4-bob. Yakuniy qoida
14. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.08.2026 y., 10/26/3921/0834-son)