Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining
buyrugʻi
Oʻzbekiston Respublikasi hududida portlovchi materiallarni temir yoʻl transportida tashish qoidalarini tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2026-yil 24-iyulda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3908]
Oʻzbekiston Respublikasining “Temir yoʻl transporti toʻgʻrisida”gi Qonuni hamda Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 6-maydagi 213-son “Portlovchi moddalar va portlatish vositalarini Oʻzbekiston Respublikasiga olib kirish, transportda tashish, saqlash va ulardan foydalanish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi hududida portlovchi materiallarni temir yoʻl transportida tashish qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi, Transport vazirligi, Energetika vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil hamda Savdo-sanoat palatasi bilan kelishilgan.
3. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir A. TASHPULATOV
Toshkent sh.,
2026-yil 8-iyun,
42-son
Kelishildi:
Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi raisning birinchi oʻrinbosari O. QUDRATOV
2026-yil 14-may
Iqtisodiyot va moliya vaziri J. KUCHKAROV
2026-yil 18-mart
Favqulodda vaziyatlar vaziri A. IKRAMOV
2026-yil 28-fevral
Togʻ-kon sanoati va geologiya vaziri B. ISLAMOV
2026-yil 25-fevral
Transport vaziri I. MAXKAMOV
2026-yil 20-fevral
Energetika vaziri J. MIRZAMAHMUDOV
2026-yil 16-yanvar
Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil oʻrinbosari J. URUNOV
2025-yil 26-dekabr
Savdo-sanoat palatasi raisi D. VAXABOV
2025-yil 26-dekabr
Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining 2026-yil 8-iyundagi 42-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi hududida portlovchi materiallarni temir yoʻl transportida tashish
QOIDALARI
Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasi hududida portlovchi materiallarni temir yoʻl transportida tashish tartibini belgilaydi.
Ushbu Qoidalarning talablari harbiy va mudofaa maqsadlarida foydalaniladigan portlovchi materiallarni temir yoʻl transportida tashishga nisbatan tatbiq etilmaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. MDHga aʼzo davlatlarning temir yoʻl transporti Kengashi tomonidan tasdiqlanadigan Temir yoʻllarda xavfli yuklarni tashish qoidalarining (bundan buyon matnda Temir yoʻllarda xavfli yuklarni tashish qoidalari deb yuritiladi) 10-ilovasida keltirilgan portlovchi materiallarni temir yoʻl transportida tashishga yoʻl qoʻyiladi.
2. Harakatdagi temir yoʻl tarkibida quyidagilar mavjud boʻlsa, portlovchi materiallarni temir yoʻl transportida tashishga yoʻl qoʻyilmaydi:
pochta-bagaj, yoʻlovchi tashish vagonlari, portlovchi yoki yonuvchan yuklar;
siqilgan va suyultirilgan gazlar, tez alangalanuvchi suyuqliklar yoki qattiq moddalar;
oʻz-oʻzidan yonuvchi moddalar va suv bilan yoki havodagi namlik bilan oʻzaro taʼsirda alangalanadigan gazlar ajratuvchi moddalar;
oksidlovchi moddalar va organik peroksidlar, zaharli moddalar;
nogabarit yuklar bilan ulangan tarkiblar;
qabul qilish va joʻnatish temir yoʻllarining sigʻimidan ortiq uzunlikka ega boʻlgan tarkiblar.
3. Portlovchi materiallarni temir yoʻl transportida tashish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 22-fevraldagi 86-son qarori bilan tasdiqlangan Maxsus elektron tizim orqali ruxsat etish xususiyatiga ega ayrim hujjatlarni berish tartib-taomillari toʻgʻrisidagi yagona nizomning 65-ilovasiga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti jamoat tartibini saqlash xizmati hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining, Toshkent shahar va Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmalari hamda viloyatlar ichki ishlar boshqarmalarining jamoat xavfsizligi xizmati jamoat tartibini saqlash boshqarmalari tomonidan beriladigan ruxsatnoma asosida amalga oshiriladi.
4. Portlovchi materiallarni temir yoʻl transportida tashish portlovchi materiallarni joʻnatuvchilar (bundan buyon matnda joʻnatuvchilar deb yuritiladi) yoki ularni qabul qiluvchilar (bundan buyon matnda qabul qiluvchilar deb yuritiladi) bilan “Mintaqaviy temir yoʻl uzeli” filiallari oʻrtasida tuziladigan portlovchi materiallarni temir yoʻl transportida tashish shartnomasi (bundan buyon matnda shartnoma deb yuritiladi) asosida amalga oshiriladi.
“Mintaqaviy temir yoʻl uzeli” filiallari tomonidan joʻnatuvchi yoki qabul qiluvchi bilan shartnoma tuzilganidan soʻng, bu haqida shartnoma tuzilgan kunning oʻzida Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti jamoat tartibini saqlash xizmati hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining, Toshkent shahar va Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmalari hamda viloyatlar ichki ishlar boshqarmalarining jamoat xavfsizligi xizmati jamoat tartibini saqlash boshqarmalari yozma yoki elektron shaklda xabardor qilinadi.
5. Portlovchi materiallar ortilgan vagonlarni joʻnatishlarni shakllantirish rejasiga muvofiq uzoq masofaga qatnovchi temir yoʻl tarkibida joʻnatish belgilangan boʻlsa, ularni yaqin masofaga qatnovchi temir yoʻl tarkibiga kiritilmaydi.
6. Portlovchi materiallarni temir yoʻl transportida tashish uchun joʻnatuvchilar tomonidan avariya kartochkasi ishlab chiqilishi hamda tasdiqlanishi lozim.
Ushbu avariya kartochkasida quyidagi maʼlumotlar koʻrsatiladi:
portlovchi materiallarning nomi va xususiyati;
portlovchi materiallarning ishlab chiqaruvchisi haqida maʼlumotlar;
portlovchi materiallarning markasi, turi va identifikatsiya raqami;
portlovchi materiallarning ishlab chiqarilgan sanasi va partiya raqami;
texnik tavsiflari;
saqlash, tashish va foydalanish shartlari;
xavflilik darajasi va xavfsizlik talablari;
avariya holati yuzaga kelganda bajariladigan harakatlar hamda oqibatlarni bartaraf etish tartibi;
yaroqlilik muddati.
7. Portlovchi materiallar yopiq vagonlarda tashiladi. Bunda ushbu vagonlar portlovchi materiallarning xavfsiz joylashtirilishi va mahkamlanishini taʼminlaydigan maxsus jihozlar bilan jihozlangan boʻlishi kerak.
8. Portlovchi materiallarning bir nechta qabul qiluvchilarga bitta vagonda yoʻlda qisman tushirish sharti bilan temir yoʻl transportida tashishga quyidagi talablar bajarilgan taqdirda yoʻl qoʻyiladi:
a) qabul qiluvchilar temir yoʻl stansiyalarida ketma-ket joylashgan boʻlishi;
b) portlovchi materiallar vagonga ularni belgilangan ketma-ketlikda tushirish imkonini beradigan tartibda joylashtirilishi va mahkamlanishi;
d) har bir portlovchi materiallarning markirovkasi hamda ular joylashgan oʻrinlar sonini boshqa portlovchi materiallarni siljitmasdan tekshirish, shuningdek tegishli portlovchi materiallarni boshqa portlovchi materiallar joylashuvi va mahkamlanishini buzmasdan tushirish imkoniyati taʼminlanishi.
9. Joʻnatuvchilar va qabul qiluvchilar portlovchi materiallarni vagonlarga yuklash va ulardan tushirish hamda temir yoʻl transportida tashish bilan bogʻliq ishlarni amalga oshiruvchi xodimlarga muntazam ravishda yoʻl-yoʻriq berishi hamda ushbu Qoidalarga rioya etilishi ustidan nazoratni taʼminlashi shart.
2-bob. Portlovchi materiallarni temir yoʻl transportida tashish hujjatlarini rasmiylashtirish
10. Joʻnatuvchi portlovchi materiallarni vagonlarga yuklash boshlanishidan kamida bir ish kuni oldin temir yoʻl stansiyasiga yuk xatini yoki tashish hujjatlari toʻplamini taqdim etadi.
Portlovchi materiallar vagonlarga boʻlib yoki kichik partiyalar bilan tashilganda har bir vagon yoki har bir partiya uchun joʻnatuvchi tomonidan alohida yuk xati yoxud tashish hujjatlari rasmiylashtiriladi.
Bunda yuk xati yoki tashish hujjatlarida mazkur Qoidalarning 6-bandida keltirilgan maʼlumotlar koʻrsatiladi hamda yuk xati yoki tashish hujjatlarining yuqori qismiga “PM” shtamplari qoʻyiladi.
Yuk xati yoki tashish hujjatlariga portlovchi materiallarni temir yoʻl transportida tashish holatlaridan kelib chiqib quyidagi shtamplar ham qoʻyilishi mumkin:
“Tepalikdan tushirmang” — portlovchi materiallar ortilgan vagonlarni tepalikdan tushirish yoki ularni boshqa vagonlarga urilishiga sabab boʻladigan usulda harakatlantirish taqiqlanganligini bildiruvchi shtamp hisoblanadi;
“Tormoz oʻchirilsin” — portlovchi materiallar ortilgan vagonlarda avtotormoz tizimidan foydalanish taqiqlangan hollarda qoʻyiladigan shtamp hisoblanadi.
11. Bir nechta qabul qiluvchiga portlovchi materiallarning ayrim partiyalarini bitta vagonda yoʻlda qisman tushirish sharti bilan tashilganda, har bir qabul qiluvchiga portlovchi materiallarning partiyalari boʻyicha alohida yuk xati yoki tashish hujjatlari rasmiylashtiriladi.
12. Temir yoʻl stansiyasining masʼul xodimlari portlovchi materiallarni temir yoʻl transportida tashish uchun qabul qilib olishda yuk xati yoki tashish hujjatlarini hamda ruxsatnomani koʻzdan kechirishi shart.
3-bob. Portlovchi materiallarni yuklash uchun vagonlarni tayyorlash va ularni vagonlarga yuklash
13. Portlovchi materiallar faqat ularni yuklash uchun moʻljallangan texnik jihatdan soz va toza boʻlgan vagonlarga yuklanishi kerak.
Bunda vagonlar rulonli gʻildirak juftlari hamda qalinligi kamida 30 mm boʻlgan kompozitsion tormoz kolodkalari bilan jihozlangan boʻlishi shart.
14. Portlovchi materiallarni temir yoʻl transportida tashishda oʻtish maydonchalari va qoʻlda boshqariladigan toʻxtash tormozlari bilan jihozlangan vagonlardan foydalanishga ruxsat etiladi.
15. Vagonlarda oʻtkazilgan texnik koʻrik natijalari alohida kitobda qayd etib boriladi hamda mazkur kitobda quyidagi maʼlumotlar koʻrsatiladi:
vagonning texnik koʻrikdan oʻtkazilganligi;
vagonning portlovchi materiallarni tashish uchun texnik jihatdan yaroqliligi;
avtotormozning ulanganligi yoki uzilganligi;
soʻnggi davriy taʼmir oʻtkazilgan sana va joyi.
Mazkur maʼlumotlar kitobga kiritilgandan soʻng, ular texnik koʻrikni oʻtkazgan temir yoʻl stansiyasining masʼul xodimi imzosi bilan tasdiqlanishi lozim.
16. Joʻnatuvchi vagon kuzovining (poli, devorlari, tomi, eshiklari va lyuk qopqoqlari), qopqoqlarning zich yopilishi, shuningdek vagonning tashqi va ichki jihozlari holati hamda tozaligini tekshirishi mumkin.
17. Portlovchi materiallarni yuklashdan oldin joʻnatuvchi vagonlarning eshiklari va lyuklari atrofidagi yoriqlar hamda boʻshliqlarni bartaraf etish (berkitish) choralarini koʻrishi shart.
Vagonlarning eshiklari va lyuklari zich yopilishi hamda ichki tomondan sim va bruslar yordamida mustahkamlanishi lozim.
18. Portlovchi materiallarni temir yoʻl transportida tashishda ularning yuk xati yoki tashish hujjatlarida “Tormoz oʻchirilsin” shtampi mavjud boʻlsa, vagonlarning avtotormozlari oʻchirilgan holatda boʻlishi kerak. Bunda portlovchi materiallar ortilgan vagonlarning avtotormozlarini manyovr ishlari davomida ishga tushirishga yoʻl qoʻyiladi.
Portlovchi materiallar yuklash uchun vagonlar topshirilishidan oldin temir yoʻl stansiyasining masʼul xodimi ajratish kranini yopishi, uni yopiq holatda sim bilan mahkamlashi hamda plombalashi shart.
19. Avtotormozlari oʻchirilishi kerak boʻlgan vagonlar bilan ishlash va bunday vagonlar bilan manyovr ishlarini amalga oshirishda xavfsizlik talablari “Mintaqaviy temir yoʻl uzeli” filiali rahbari tomonidan belgilanadi.
Bunda avtotormozlari oʻchirilgan vagonlar bilan ishlashda poyezdlar mashinisti va uning yordamchisi hamda vagon xodimlari xavfsizlik talablariga qatʼiy rioya qilishlari shart.
20. Portlovchi materiallarni tashishga moʻljallangan yangi vagonlar temir yoʻlda foydalanishga chiqarilishidan oldin texnik koʻrikdan oʻtkaziladi. Texnik koʻrik vaqtida temir yoʻl stansiyasining masʼul xodimlari vagonning tuzilishi va texnik jihozlarini portlovchi materiallarni tashishga yaroqliligi boʻyicha tekshiradilar. Vagonning tuzilishi va texnik jihozlari portlovchi materiallarni tashishga yaroqli boʻlmagan taqdirda ushbu vagonlardan temir yoʻlda foydalanishga va portlovchi materiallarni tashishga yoʻl qoʻyilmaydi.
4-bob. Portlovchi materiallarni vagonlarga yuklash, tashish va tushirish
21. Portlovchi materiallarni vagonga yuklash va undan tushirish faqat buning uchun maxsus ajratilgan va xavfsizlik talablariga javob beradigan joylarda amalga oshiriladi. Bunday joylar joʻnatuvchi yoki qabul qiluvchiga tegishli yoxud ular tomonidan shartnoma asosida xizmat koʻrsatish uchun foydalaniladigan umumiy foydalanishda boʻlmagan temir yoʻllar, shuningdek zarur jihoz va qurilmalarga ega boʻlgan maxsus omborlar yoki temir yoʻl stansiyalarida ajratilgan maxsus joylar boʻlishi mumkin.
22. Portlovchi materiallarni vagonga yuklash va undan tushirish ishlari joʻnatuvchi yoki qabul qiluvchining xodimlari va texnik vositalari yordamida amalga oshiriladi.
Bunda portlovchi materiallarni vagonga yuklash va tushirishda Temir yoʻllarda xavfli yuklarni tashish qoidalariga rioya etilishi kerak.
23. Portlovchi materiallarni vagonga yuklash va tushirish joʻnatuvchi yoki qabul qiluvchi tomonidan tayinlangan masʼul vakil rahbarligida amalga oshiriladi. Portlovchi materiallarni vagonga yuklash va tushirish jarayonida “Mintaqaviy temir yoʻl uzeli” filialining yongʻin xavfsizligi xizmati vakili ishtirok etadi hamda portlovchi materiallar ichki ishlar organlari xodimlarining qurolli qoʻriqlovi ostida boʻladi.
Masʼul vakil portlovchi materiallarni vagonlarga yuklash va tushirish, ularni belgilangan tartibda joylashtirish va mahkamlash ishlarini xavfsiz bajarilishini taʼminlaydi.
24. Portlovchi materiallarni vagonlarda xavfsiz tashishda joʻnatuvchi zarur maxsus jihozlari va portlovchi materiallarni xavfsiz joylashtirish hamda mahkamlash uchun kerak boʻladigan barcha materiallarni (doskalar, tirgaklar, panjaralar, yumshoq toʻshama materiallar va boshqalar) taʼminlashi shart.
Bunday materiallar portlovchi materiallarning vagonda siljishi, shikastlanishi yoki xavf tugʻdirishining oldini olish uchun ishlatiladi.
25. Joʻnatuvchi portlovchi materiallarni vagonga yuklashdan oldin har bir portlovchi materiallarning markirovkasi mavjudligini va toʻgʻriligini, yuk xati yoki tashish hujjatlarida keltirilgan shartli raqami hamda massasi toʻgʻri koʻrsatilganligini, shuningdek plomba va muhrlarning butligini tekshiradi.
Portlovchi materiallarni vagonga yuklash yoki tushirish vaqtida aniqlangan nuqsonlar, nosozliklar va portlovchi materiallarni saqlovchi vositalar shikastlanishi imkon qadar qisqa muddatda bartaraf etilishi lozim.
Tuzatib boʻlmaydigan nuqsonlarga ega, shuningdek portlovchi materiallar toʻkilgan yoki oqayotgan boʻlsa ularni tashishga ruxsat berilmaydi. Bunday portlovchi materiallar joʻnatuvchi tomonidan avariya kartochkasida belgilangan xavfsizlik choralariga muvofiq zudlik bilan xavfsiz hududga olib chiqilishi shart.
26. Portlovchi materiallar temir yoʻl stansiyasiga bir nechta partiyada olib kelinganda, yuklash va tushirish ishlarini bajaruvchi joʻnatuvchi yoki qabul qiluvchining xodimlari birinchi yuk partiyasi bilan bir vaqtda yuklash va tushirish joyiga yetib kelishi shart.
27. Portlovchi materiallarni vagonga joylashtirish va mahkamlashda quyidagi talablarga rioya qilinadi:
portlovchi materiallarni vagon poliga bir tekis va zich joylashtirish;
yashiklar va bochkalarning qopqogʻini yuqoriga qaratib oʻrnatish;
mexanik taʼsirga eng sezgir portlovchi materiallarni vagon oxiriga yuklash hamda ularni birinchi boʻlib tushirish imkonini beradigan tartibda joylashtirish.
Agar portlovchi materiallarni ishlab chiqaruvchisining texnik hujjatlarida ularni joylashtirish va mahkamlash boʻyicha alohida talablar belgilangan boʻlsa, ushbu talablarga amal qilinishi lozim.
Vagonda portlovchi materiallar ustama-ust joylashtirilganda ularning yuqori qatorida joylashgan portlovchi materiallar siljishi, agʻdarilishi yoki tushib ketishiga yoʻl qoʻyilmaydigan tarzda mahkamlanishi shart.
Portlovchi materiallar vagonda uchqun chiqarmaydigan asboblar (latun, mis, bronza va boshqalar) yordamida ehtiyotkorlik bilan mahkamlanadi.
28. Portlovchi materiallar vagonga yuklanganidan soʻng, joʻnatuvchi tomonidan tayinlangan masʼul vakil tomonidan portlovchi materiallar vagonga mustahkam joylashtirilganligi tekshiriladi hamda vagon eshiklari zich yopiladi va eshik qoplamalari plombalanadi yoki plastinkali sim buramalar bilan mahkamlanadi. Bunda ushbu harakatlar ichki ishlar organlari xodimlarining ishtirokida amalga oshiriladi.
29. Portlovchi materiallar yuklangan vagonlar belgilangan stansiyasiga yetib kelganidan soʻng, bu haqida temir yoʻl stansiyasining masʼul xodimi darhol qabul qiluvchini xabardor qiladi.
Qabul qiluvchi xabardor qilingan vaqtdan boshlab ikki soat ichida portlovchi materiallarni qabul qilib olishi shart.
30. Portlovchi materiallar belgilangan temir yoʻl stansiyasiga yetib kelganidan soʻng, qabul qiluvchi quyidagi choralarni koʻrishi shart:
portlovchi materiallarni ichki ishlar organlari xodimlarining kuzatuvi ostida boʻlishini taʼminlashi;
portlovchi materiallar ular yuklangan vagonlardan tushirilganidan soʻng, oʻn ikki soat ichida ichki ishlar organlari xodimlarining kuzatuvi ostida temir yoʻl stansiyasi hududidan olib chiqilishini taʼminlashi.
Agar portlovchi materiallarni tushirish hududi qabul qiluvchiga tegishli yoxud ular tomonidan ijaraga olingan umumiy foydalanishda boʻlmagan temir yoʻllar, shuningdek zarur jihoz va qurilmalarga ega boʻlgan maxsus omborlarda joylashgan boʻlsa, portlovchi materiallarni vagondan tushirish qabul qiluvchi tomonidan tayinlangan masʼul vakil rahbarligida ichki ishlar organlari xodimlarining kuzatuvi ostida amalga oshirilishi lozim.
31. Temir yoʻl stansiyasining maxsus ajratilgan joylariga yuklash yoki tushirish uchun qoʻyiladigan vagonlar soni mazkur joyning yoʻl sigʻimi hamda yuklash yoki tushirish fronti sigʻimidan oshmasligi kerak.
Maxsus ajratilgan joyga joylashtirib boʻlmaydigan portlovchi materiallar yuklangan vagonlar xavfsizlik talablari asosida temir yoʻl stansiyasining boshqa yoʻllariga joylashtiriladi.
Agar temir yoʻl stansiyasining yoʻl qurilmalari yuklash va tushirish ishlarini ikki yoki undan ortiq alohida joylarda bir vaqtning oʻzida bajarish imkonini bersa, ushbu ishlarni amalga oshirishga faqat mazkur joylar oʻrtasidagi masofa kamida 200 m boʻlgan taqdirda yoʻl qoʻyiladi.
32. Portlovchi materiallarni vagonlarga yuklash va tushirish ishlarini boshlashdan oldin ushbu ishlarni bajarishga jalb qilingan joʻnatuvchi va qabul qiluvchining xodimlariga ularga boshchilik qiluvchi masʼul shaxs tomonidan mehnat xavfsizligi va texnika xavfsizligi talablari boʻyicha yoʻriqnoma beriladi hamda xodimlarning mazkur talablarga rioya qilinishi nazorat qilinadi.
33. Temir yoʻl stansiyasida portlovchi materiallarni yuklash va tushirish ishlari amalga oshiriladigan maxsus joylar turar-joy va ishlab chiqarish binolari, yuk omborlari, umumiy yuklash-tushirish va saqlash joylari, xavfli suyuq yuklarni quyish va toʻkish joylari hamda temir yoʻl stansiyasining asosiy yoʻllaridan kamida 125 m uzoqlikdagi masofada joylashgan boʻlishi shart.
34. Portlovchi materiallarni yuklash va tushirish ishlari zarur yoritish vositalari bilan taʼminlangan taqdirda sutkaning istalgan vaqtida amalga oshirilishi mumkin.
Agar portlovchi materiallarni yuklash va tushirish ishlari zarur yoritish vositalari bilan taʼminlanmasa, kunduzgi vaqtda amalga oshiriladi.
35. Portlovchi materiallarni yuklash va tushirish ishlari amalga oshiriladigan maxsus joylar yongʻinga qarshi zarur vositalar hamda statsionar va koʻchma usti yopiq sunʼiy yoritish vositalari bilan jihozlangan boʻlishi shart.
Portlovchi materiallar muntazam ravishda qabul qilinmaydigan yoki joʻnatilmaydigan joylarda istisno tariqasida usti ochiq sunʼiy yoritish vositalaridan foydalanishga ruxsat etiladi. Bunda ochiq sunʼiy yoritish vositalari portlovchi materiallarni yuklash va tushirish joylaridan kamida 100 m masofa uzoqlikda joylashtirilishi shart.
36. Portlovchi materiallarni yuklash va tushirish ishlari amalga oshiriladigan maxsus joylarga avtotransport vositalarining xavfsiz kirishi va chiqishi uchun qulay kirish yoʻllari taʼminlanishi shart.
37. Portlovchi materiallar yuklangan vagonlar avariyaga (halokatga) uchraganda yoki portlovchi materiallar yuklangan vagonlarda portlovchi materiallarning joylashtirilish tartibi buzilganligi belgilari mavjud boʻlgan hollarda portlovchi materiallarni yuklash va tushirish ishlari faqat yorugʻ sharoitda amalga oshiriladi. Mazkur ishlar usti yopiq sunʼiy yoritish vositalaridan foydalanilgan holda bajarilishi shart.
38. Portlovchi materiallarni yuklash va tushirishda foydalaniladigan yuklash hamda koʻtarish vositalari soz holatda boʻlishi va portlovchi materiallarning tushib ketishiga yoʻl qoʻymaydigan moslamalar bilan jihozlangan boʻlishi shart.
Portlovchi materiallarni koʻtarishda foydalaniladigan kran va boshqa yuk koʻtaruvchi mashinalarning yuk koʻtarish mexanizmlari portlovchi materiallarning tushib ketishining oldini olish uchun ikkita tormoz bilan jihozlangan boʻlishi shart.
Portlovchi materiallarni koʻtarishda foydalaniladigan kranlar va boshqa yuk koʻtaruvchi mashinalarda koʻtariladigan yuk massasi ushbu mashinalarning pasporti yoki foydalanish yoʻriqnomasida koʻrsatilgan ruxsat etilgan yuk koʻtarish chegarasidan oshmasligi shart.
Agar kranlar va boshqa yuk koʻtaruvchi mashinalarning yuk koʻtarish mexanizmi faqat bitta tormoz bilan jihozlangan boʻlsa, koʻtariladigan portlovchi materiallarning ogʻirligi ushbu mexanizm uchun belgilangan ruxsat etilgan yuk koʻtarish quvvatining 75 foizidan oshmasligi shart.
Shamol tezligi portlovchi materiallarni koʻtarishda foydalaniladigan kranlar uchun belgilangan ruxsat etilgan meʼyorning 75 foizidan oshgan taqdirda, ushbu kranlardan foydalanish taqiqlanadi.
39. Portlovchi materiallarni yuklash va tushirish ishlari ushbu portlovchi materiallar bilan ishlash uchun ruxsat etilgan, zarba taʼsirida uchqun chiqarmaydigan yuk koʻtarish va mahkamlash moslamalari yordamida amalga oshirilishi shart.
Portlovchi materiallarni yuklash va tushirishda foydalaniladigan yuklash hamda yuk koʻtarish vositalarining sozligi va yaroqliligi ish boshlanishidan oldin joʻnatuvchi yoki qabul qiluvchi tomonidan tayinlangan masʼul xodim tomonidan tekshirilishi shart.
40. Portlovchi materiallarni yuklash va tushirish ishlari ehtiyotkorlik bilan bajarilishi shart.
Portlovchi materiallarni silkitish, urish, tashlash yoki ularga zarba berish taqiqlanadi.
Portlovchi materiallarni qoʻlda yoki qoʻl zambili (nosilka) yordamida tashishda ehtiyot choralariga rioya qilinishi shart.
Sovuq va muzlash vaqtida odamlar sirpanib ketmasligi uchun portlovchi materiallarni yuklash va tushirish joylari qum yoki kul bilan qoplanishi kerak.
41. Portlovchi materiallar yuklangan vagonlarni yuklash va tushirish joylari boʻylab surish taqiqlanadi.
Portlovchi materiallar yuklangan vagonlarni temir yoʻl stansiyasi hududida maxsus tortish yoki surish qurilmalari (kabestanlar, elektroshpallar va boshqa mexanik vositalar) yordamida harakatlantirish tartibi “Mintaqaviy temir yoʻl uzeli” filiali rahbari yoki temir yoʻl stansiyasi rahbari tomonidan belgilanadi.
5-bob. Portlovchi materiallarni tashishda yukli poyezdlarni shakllantirish va ularning manyovr ishlari
42. Portlovchi materiallar yuklangan vagonlar yukli poyezdlar tarkibida yakka vagon yoki vagonlar guruhi yoxud marshrut tarkibida tashiladi.
Portlovchi materiallarni tashish ortiqcha toʻxtashlar va yoʻldagi kechikishlarning oldini olish maqsadida ustuvor tartibda amalga oshirilishi shart.
43. Temir yoʻl stansiyasida yukli poyezdlarni shakllantirish rejasiga muvofiq portlovchi materiallar yuklangan vagonlarni yukli poyezdlar tarkibida joʻnatishga ruxsat etiladi.
44. Tarkibida portlovchi materiallar yuklangan vagonlar mavjud boʻlgan yukli poyezd tarkibchi yoki konduktor brigadasi bilan taʼminlangan boʻlishi shart.
45. “Mintaqaviy temir yoʻl uzeli” filiali navbatchisi, temir yoʻl stansiyasi dispetcheri va manyovr dispetcheri yukli poyezdlar harakatini rejalashtirishda temir yoʻl stansiyasiga kelgan portlovchi materiallar yuklangan vagonlarning imkon qadar kamroq ushlanib turishini hamda ularning ustuvor tartibda joʻnatilishini taʼminlashi shart.
46. Portlovchi materiallar yuklangan vagonlar yukli poyezd tarkibiga bitta guruh sifatida joylashtirilishi shart. Bir xil manzilga yoʻnalayotgan bunday vagonlar butun tashish jarayoni davomida bir-biridan ajratilmasligi kerak.
47. Portlovchi materiallar yuklangan vagonlarni kuzatib boruvchi ichki ishlar organlari xodimlari uchun maxsus ajratilgan va tegishli jihozlangan vagon ajratilishi shart.
Ichki ishlar organlari xodimlari kuzatib borilayotgan vagon yoki vagonlar guruhidan besh vagondan ortiq boʻlmagan masofada joylashgan boʻlishi kerak.
48. Temir yoʻl stansiyasining navbatchisi, manyovr dispetcheri yoki yoʻl navbatchisi portlovchi materiallar yuklangan vagonlar bilan manyovr ishlarini bajarish zarurati tugʻilganda, bu haqda tarkib tuzuvchini xabardor qilishi shart. Tarkib tuzuvchi esa oʻz yordamchisi va lokomotiv mashinistiga portlovchi materiallar yuklangan vagonlar bilan ishlash tartibi toʻgʻrisida maʼlumot berishi kerak.
Portlovchi materiallar yuklangan vagonlar saralash yoʻllariga qoʻyilgandan soʻng, ularning oʻz-oʻzidan harakatlanishining oldini olish uchun darhol ikkita qoʻriqlovchi tormoz boshmaklari bilan mahkamlanishi shart.
Tormoz boshmaklari har ikkala relsga 25 m masofada oʻrnatiladi. Saralash qurilmasi tomoni bilan portlovchi materiallar yuklangan vagonlar orasidagi masofa kamida 50 m boʻlishi kerak.
49. Yuk xati yoki tashish hujjatlarida “Tepalikdan tushirmang” shtampi mavjud boʻlmagan portlovchi materiallar yuklangan vagonlarni saralash tepaliklaridan tushirish va turtib manyovr ishlarini bajarishga ruxsat etiladi. Bunda vagonlarning boshqa vagonlar bilan ulanish tezligi soatiga 5 km/soatdan oshmasligi shart.
Vagonlarni tarqatish vaqtida portlovchi materiallar yuklangan vagonlar tushirilayotgan boʻlsa, tepalik navbatchisi (dispetcher posti operatori) yoki tepalik tarkibchisi bu haqda tegishli xodimlarni, jumladan ijro postlari operatorlari, vagon tezligini tartibga soluvchilar va strelka postlari navbatchilarini xabardor qilishi shart.
Portlovchi materiallar yuklangan vagonlar bilan ishlashda xavfsizlik talablariga rioya qilishi, vagonlarning urilishi yoki shikastlanishining oldini olishi hamda harakat xavfsizligini taʼminlashi shart.
Vagonlarni saralash tepaligidan tushirishda ularning harakat tezligi va tormozlash tartibi portlovchi materiallar yuklangan vagonlarning xavfsiz harakatlanishini, vagonlar orasida zarur masofa saqlanishini hamda boshqa vagonlar bilan belgilangan tezlikda ulanib ketishini taʼminlashi shart. Ushbu talablar portlovchi materiallar yuklangan vagonlar bilan manyovr ishlari bajarilganda ham qoʻllaniladi.
50. Portlovchi materiallar yuklangan vagonlar bilan manyovr ishlari bajarilayotganda poyezdni boshqarish faqat poyezd mashinisti tomonidan amalga oshirilishi shart. Poyezd boshqaruvini poyezd mashinisti yordamchisiga topshirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
51. Portlovchi materiallarni yuklash uchun vagonlar berilishidan oldin manyovr dispetcheri yoki stansiya navbatchisi vagonlarni texnik holatini va portlovchi materiallarni tashishga yaroqliligini tekshirishi shart.
52. Portlovchi materiallar yuklangan vagonlar yondosh yoʻllarga qoʻyilganda yoki ushbu yoʻllardan chiqarilganda, ular belgilangan xavfsizlik meʼyorlariga muvofiq himoya vositalari bilan taʼminlanishi shart.
Bunday vagonlar bilan ishlashda temir yoʻl stansiyasi tomonidan quyidagilarni nazarda tutuvchi yoʻriqnoma ishlab chiqiladi:
vagonlarni olib kirish va olib chiqish yoʻnalishlari;
manyovr tarkibining ruxsat etilgan harakat tezligi;
temir yoʻl kesishmalaridan oʻtish tartibi;
harakat xavfsizligini taʼminlash va qoʻriqlash choralari;
mahalliy sharoitlardan kelib chiqadigan boshqa xavfsizlik talablari.
53. Portlovchi materiallar yuklangan vagonlarning tashqi qismiga yuklash yoki tushirish joyi, portlovchi materiallar turi yoki uning xususiyatiga oid maʼlumotlarni boʻr yoki boshqa vositalar yordamida qoʻshimcha yozuv va belgilar sifatida qoʻyish taqiqlanadi.
54. Saralash va uchastka stansiyalarida, yuklash, tushirish va qayta yuklash stansiyalarida, shuningdek boshqa stansiyalarda portlovchi materiallar yuklangan vagonlar bilan ishlash tartibini belgilovchi yoʻriqnoma ishlab chiqilishi shart.
Mahalliy yoʻriqnomada quyidagilar belgilanishi kerak:
yukli poyezdlarni qabul qilish, uzluksiz oʻtkazish, joʻnatishga tayyorlash va joʻnatish tartibi, shuningdek portlovchi materiallar yuklangan vagonlar bilan manyovr ishlarini bajarish tartibi;
manyovr ishlari uchun uchqun soʻndiruvchi moslamalar bilan jihozlangan lokomotivlarni ajratish va ulardan foydalanishga ruxsat berish tartibi;
manyovr ishlari vaqtida avtotormozlarni oʻchirish tartibi;
portlovchi materiallar yuklangan yukli poyezd va vagonlarga texnik xizmat koʻrsatish tartibi;
stansiyada portlovchi materiallar yuklangan vagonlarni hisobga olish, zarur hollarda ularni avariya kartochkalari asosida aniqlash tartibi;
noqulay ob-havo sharoitlarida (tuman, boʻron, kuchli yomgʻir, kuchli shamol, qor koʻchkisi va boshqa holatlarda), shuningdek texnik vositalar ishdan chiqqanda xavfsizlik choralariga rioya qilish tartibi;
stansiya xodimlarini avariya holatlari toʻgʻrisida xabardor qilish va ularning harakat qilish tartibi;
manyovr ishlari vaqtida ogʻzaki buyruqlar berish tartibi;
saralash tepaliklarida portlovchi materiallar yuklangan vagonlar bilan manyovr ishlarini bajarishga ruxsat berish yoki taqiqlash tartibi;
yukli poyezd tarkibidan tashqarida yoki toʻplanish yoʻllarida portlovchi materiallar yuklangan vagonlarning joylashtirilish tartibi;
portlovchi materiallar bilan bogʻliq ishlarni bajarish uchun yozma buyruqlar berish tartibi.
6-bob. Vagonlarga texnik xizmat koʻrsatish, ulardagi nosozliklarni bartaraf etish va taʼmirlash
55. Portlovchi materiallar yuklangan vagonlarga texnik xizmat koʻrsatish xavfsizlik talablariga rioya qilgan holda amalga oshiriladi.
Texnik xizmat koʻrsatish punkti xodimlari avvalo portlovchi materiallar yuklangan vagonlarni aniqlashi, ularning raqamlarini hisobga olishi va bu haqida temir yoʻl stansiyasi rahbarini darhol xabardor qilishi shart.
Temir yoʻl stansiyasi rahbari tomonidan ruxsat berilmagunga qadar portlovchi materiallar yuklangan vagonlarda texnik xizmat koʻrsatish, taʼmirlash yoki boshqa ishlarni bajarishga yoʻl qoʻyilmaydi. Bunday vagonlarni yukli poyezd tarkibida turgan holatda taʼmirlash taqiqlanadi.
56. Portlovchi materiallar yuklangan vagonlarni texnik xizmat koʻrsatishga qabul qilish hamda ularga xizmat koʻrsatish jarayoni hisobga olinadi.
Texnik xizmat koʻrsatish punkti xodimlari bunday vagonlarni koʻzdan kechirish natijalarini maxsus hisob-kitobiga qayd etishi va kiritilgan maʼlumotlarni oʻz imzosi bilan tasdiqlashi shart.
57. Eshelon tarkibiga kiritilgan vagonlarni yoʻl davomida ajratishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Harakat davomida portlovchi materiallarning siljishi, mahkamlash vositalarining buzilishi, nosozliklar, shu jumladan portlovchi materiallar yuklangan vagonlarda texnik nosozliklar aniqlangan taqdirda, eshelon xavfsizlik talablariga muvofiq toʻxtatilishi hamda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yoki nosoz vagonlarni soz vagonlarga almashtirish choralari koʻrilishi shart.
Nosozlikning xususiyati, ish hajmi va xavfsizlik sharoitlaridan kelib chiqib, taʼmirlash ishlari vagonni temir yoʻl stansiyasining maxsus ajratilgan yoʻllarida amalga oshiriladi.
58. Portlovchi materiallarni qayta yuklash ishlari temir yoʻl stansiyasining masʼul vakillari, joʻnatuvchi yoki qabul qiluvchining xodimlari hamda ichki ishlar organlari xodimlari nazorati ostida xavfsizlikni taʼminlash choralariga rioya qilgan holda amalga oshiriladi.
59. Temir yoʻl stansiyasi rahbari tomonidan portlovchi materiallar bilan bogʻliq ishlarni bajarish yoki aniqlangan holatlarni bartaraf etish uchun mutaxassis yuborish talabi berilgan taqdirda, joʻnatuvchi yoki qabul qiluvchi ushbu mutaxassisning temir yoʻl stansiyasiga zudlik bilan yetib kelishini taʼminlashi shart.
60. Portlovchi materiallar yuklangan vagonlarda taʼmirlash ishlari yakunlangandan soʻng, ularning texnik holati va yukning xavfsiz joylashtirilganligi tekshirilgach, vagonlar toʻxtatilgan eshelon tarkibiga qayta qoʻshiladi hamda belgilangan manzilga joʻnatiladi.
61. Portlovchi materiallar yuklangan vagonda gʻildirak juftliklarini almashtirish zarur boʻlgan hollarda, vagonni koʻtarish ishlari uning barqarorligi va portlovchi materiallar xavfsizligini taʼminlagan holda amalga oshirilishi shart.
Vagonning bir tomonini koʻtarishga yoʻl qoʻyilganda, koʻtarilish balandligi buferli brusda oʻlchanganda vagonning dastlabki holatiga nisbatan 650 mm dan oshmasligi kerak.
62. Portlovchi materiallar yuklangan vagonlarga texnik xizmat koʻrsatish, aniqlangan nosozliklarni bartaraf etish va taʼmirlash ishlari portlovchi materiallarning xavfsizligini taʼminlash, yongʻin va ekologik xavflarning oldini olishga doir xavfsizlik choralariga rioya etilgan holda amalga oshirilishi shart.
Mazkur ishlarni bajarishda portlovchi materiallarning shikastlanishi, yongʻin kelib chiqishi yoki atrof-muhitga zarar yetkazilishiga olib keluvchi harakatlarga yoʻl qoʻyilmaydi.
7-bob. Qoʻriqlash va kuzatib borish
63. Portlovchi materiallarni temir yoʻl transportida vagonlarda tashish Qoraqalpogʻiston Respublikasi ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahar va Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmalari, viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari yoki Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni taʼminlash departamenti bilan joʻnatuvchi yoki qabul qiluvchi oʻrtasida tuzilgan shartnoma asosida ichki ishlar organlari xodimlarining qurolli kuzatuvi ostida amalga oshiriladi.
Portlovchi materiallar yuklangan vagonlarni ichki ishlar organlari xodimlarining qurolli kuzatuvi tashkil etilmagan holda temir yoʻl transportida tashishga qabul qilish taqiqlanadi.
Portlovchi materiallarni tashishda joʻnatuvchi yoki qabul qiluvchi tomonidan tayinlangan masʼul mutaxassislar ham kuzatuvda ishtirok etishi mumkin. Portlovchi materiallarni ichki ishlar organlari xodimlarining kuzatuvisiz tashish yoki ularni yoʻl davomida kuzatuvsiz qoldirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
64. Ichki ishlar organlari xodimlari portlovchi materiallar yuklangan vagonlarni joʻnatish temir yoʻl stansiyasidan belgilangan manzilgacha, shuningdek, davlat chegarasi orqali tashishda chegaradan oʻtish nuqtasidan manzil belgilangan manzilgacha uzluksiz kuzatuvini taʼminlashi shart.
Texnik jihatdan nosoz, foydalanish muddati tugagan yoki tashish xavfsizligi talablariga javob bermaydigan vagonlar kuzatuvga qabul qilinmaydi.
Portlovchi materiallar yuklangan vagonlarni kuzatishda ichki ishlar organlari xodimlarining tarkibi temir yoʻl stansiyalarida navbatma-navbat almashtirilishi mumkin.
65. Temir yoʻl stansiyasida ichki ishlar organlari xodimlarining kuzatuvisiz portlovchi materiallar yuklangan vagon aniqlangan taqdirda, mazkur vagon zudlik bilan vaqtinchalik kuzatuv ostiga olinishi shart.
Mazkur holat toʻgʻrisida temir yoʻl stansiyasining xodimi ushbu holatni aniqlangan vaqtda Qoraqalpogʻiston Respublikasi ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahar va Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmalari, viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari yoki Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni taʼminlash departamentiga darhol xabar beriladi.
66. Portlovchi materiallar yuklangan vagonlarni qabul qilish va topshirish ichki ishlar organlari xodimlari, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJning vakolatli xodimi hamda joʻnatuvchi yoki qabul qiluvchining vakili ishtirokida amalga oshiriladi.
Vagonlarni qabul qilish va topshirish vaqtida ularning texnik holati, plombalar va sim buramalarning butligi, portlovchi materiallarning yoʻqolishi, shikastlanishi yoki oʻgʻirlanishiga olib kelishi mumkin boʻlgan holatlar mavjud emasligi tekshiriladi.
Oʻtkazilgan tekshiruv natijalari mazkur dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi.
67. Portlovchi materiallar yuklangan vagonlar boʻyicha yuk xati va boshqa tashish hujjatlari oluvchiga ichki ishlar organlari xodimlari orqali topshiriladi.
68. Joʻnatuvchi ichki ishlar organlari xodimlarini hamda portlovchi materiallarni kuzatib boruvchi mutaxassislarni portlovchi materiallarni kuzatish boʻyicha yoʻl-yoʻriqdan oʻtkazishi shart.
Mazkur shaxslar favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganda belgilangan signallarni toʻgʻri berish, poyezdni toʻxtatish choralarini koʻrish hamda xavfsizlikni taʼminlash boʻyicha oʻz vazifalarini bilishi kerak.
69. Portlovchi materiallar yuklangan vagonlar manzilga kelganidan soʻng, ular qabul qiluvchiga topshirilgunga qadar ichki ishlar organlari xodimlarining kuzatuvida boʻlishi shart.
70. Portlovchi materiallar yuklangan vagonlar bevosita qabul qiluvchining portlovchi materiallar omboriga tegishli yondosh yoʻllarga olib kelinsa, bunday vagonlar omborning qurolli qoʻriqloviga topshiriladi. Portlovchi materiallarning temir yoʻl stansiyasidan portlovchi materiallar omboriga avtomobil transportida tashilishi amalga oshirilganda, ushbu omborga yetib borilguniga qadar ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan kuzatuvda boʻlishi kerak.
71. Portlovchi materiallar yuklangan vagonlar ichki ishlar organlari xodimlari kuzatuvidan qabul qiluvchining portlovchi materiallar ombori qurolli qoʻriqloviga topshirilgunga qadar uzluksiz qoʻriqlanishi shart. Ichki ishlar organlari xodimlarining portlovchi materiallarni har qanday sababga koʻra nazoratsiz va qoʻriqlovsiz qoldirishi taqiqlanadi.
8-bob. Portlovchi materiallar yuklangan vagonlarni qabul qilish
72. Portlovchi materiallar yuklangan vagonlar qabul qiluvchiga topshirilishidan oldin uning vakolatli xodimi, temir yoʻl stansiyasining xodimi va ichki ishlar organlari xodimlari ishtirokida tekshiriladi.
Tekshirish vaqtida quyidagilarning sozligi koʻzdan kechiriladi:
vagon kuzovining butunligi;
eshiklar va lyuklarning holati;
qulflash moslamalarining sozligi;
sim buramalarining buzilmaganligi;
plombalarning mavjudligi va holati.
73. Portlovchi materiallar yuklangan vagonni qabul qilishda undagi plombalar soni hamda plombalardagi joʻnatuvchi va joʻnatish temir yoʻl stansiyasining muhr belgilari yuk xatida yoki tashish hujjatlarida koʻrsatilgan maʼlumotlarga toʻliq mosligi tekshirilishi shart.
Agar plombalar soni yoki muhr belgilarida farq aniqlansa, vagon belgilangan tartibda qoʻshimcha tekshiruvdan oʻtkazilmasdan qabul qilinmaydi.
74. Portlovchi materiallarni tashish jarayonida bojxona, chegara, sanitariya yoki boshqa tekshiruvlar sababli vagon ochilgan va eski plombalar almashtirilgan boʻlsa, yangi qoʻyilgan bojxona, chegara, sanitariya yoki boshqa tekshiruvlarning plombalari joʻnatuvchining plombalariga teng hisoblanadi.
Bunday holatda vagonni ochish sababi va yangi plombalar haqidagi maʼlumotlar yuk xati yoki tashish hujjatlarida qayd etilishi hamda vagonni ochish toʻgʻrisidagi dalolatnoma portlovchi materiallar bilan qabul qiluvchiga topshirilishi shart.
75. Vagonning texnik holati, plombalari va yuk xati yoki tashish hujjatlari boʻyicha hech qanday kamchilik yoki eʼtiroz aniqlanmasa, vagondagi portlovchi materiallar qabul qiluvchi tomonidan qabul qilinadi.
76. Vagon qabul qilingandan keyin plombalarni yechish va vagon eshiklarini ochish faqat qabul qiluvchining masʼul vakili hamda temir yoʻl stansiyasining xodimi ishtirokida amalga oshiriladi.
9-bob. Yongʻinga qarshi ogohlantiruvchi choralar
77. Temir yoʻl stansiyalarida portlovchi materiallarni yuklash va tushirish uchun ajratilgan maxsus joylar joʻnatuvchi yoki qabul qiluvchi tomonidan, avariya kartochkasida belgilangan talablarga muvofiq, mazkur yuk bilan bajariladigan ishlarning xususiyatidan kelib chiqib zarur yongʻin oʻchirish vositalari bilan taʼminlanishi shart.
Yongʻin oʻchirish vositalari portlovchi materiallarni yuklash va tushirish ishlari boshlanishidan oldin tayyor holatga keltirilishi hamda joʻnatuvchi yoki qabul qiluvchi tomonidan ish bajariladigan joyga yetkazilishi lozim.
Portlovchi materiallarni yuklash va tushirish joylari uchun zarur yongʻin oʻchirish vositalari hamda yongʻinga qarshi asbob-uskunalar meʼyorlari temir yoʻl stansiyasi boshligʻi tomonidan belgilanadi.
78. Portlovchi materiallar yuklangan vagonlarga texnik xizmat koʻrsatish va taʼmirlash, ularga portlovchi materiallarni yuklash va tushirish hamda manyovr ishlari bajarilganda quyidagilar taqiqlanadi:
yoritish uchun ochiq olov, kerosinli yoki shamli fonarlardan foydalanish. Bunda faqat soz holatdagi akkumulyatorli yoki batareyali elektr fonarlardan foydalanishga ruxsat etiladi;
taʼmirlash va texnik xizmat koʻrsatish jarayonida yonayotgan mashʼala, choʻgʻdon, mangal hamda gaz yoki elektr payvandlash uskunalaridan foydalanish;
portlovchi materiallarni yuklash, tushirish yoki qayta yuklash joyidan 100 m masofagacha boʻlgan hududda chekish;
portlovchi materiallar yuklangan vagon ichida akkumulyatorli yoki batareyali elektr fonarlardan foydalanish.
Portlovchi materiallar yuklangan vagonlarga gugurt, yondirgich va sigaret yoqishga moʻljallangan boshqa vositalari mavjud shaxslarning kirishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
79. Portlovchi materiallarni yuklash va tushirish ishlari boshlanishidan oldin temir yoʻl stansiyasi xodimi yongʻin yoki portlash xavfi yuzaga kelganda:
odamlar va mol-mulkni xavfsiz joyga koʻchirish;
vagonlarni zudlik bilan boʻshatish;
portlovchi materiallar yuklangan avtomobillarni xavfsiz masofaga olib chiqish boʻyicha harakatlar tartibini oldindan belgilashi shart.
10-bob. Yakuniy qoida
80. Mazkur Qoidalar talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.07.2026-y., 10/26/3908/0781-son)