Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi
Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining
Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining
qarori
“Yangi Oʻzbekiston” universitetida davlat oliy taʼlim tashkilotlari rektori (direktori) lavozimiga nomzodlarni tayyorlash boʻyicha “Rektorlar maktabi” dasturi doirasida oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2026-yil 13-iyulda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3897]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 16-apreldagi 177-son “Yangi Oʻzbekiston” universitetida “Rektorlar maktabi” dasturini yoʻlga qoʻyish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi qaror qiladi:
1. “Yangi Oʻzbekiston” universitetida davlat oliy taʼlim tashkilotlari rektori (direktori) lavozimiga nomzodlarni tayyorlash boʻyicha “Rektorlar maktabi” dasturi doirasida oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Taʼlim sifatini taʼminlash milliy agentligi bilan kelishilgan.
3. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri K. SHARIPOV
Toshkent sh.,
2026-yil 3-iyul,
43-q/q-son
Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri E. KARIMOVA
Toshkent sh.,
2026-yil 24-iyun,
39-mh-son
Kelishildi:
Taʼlim sifatini taʼminlash milliy agentligi direktori B. YULDASHEV
2026-yil 3-iyul
Boshqaruv samaradorligi agentligi direktori v.b. U. XUSAINOV
2026-yil 19-iyun
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2026-yil 3-iyuldagi 43-q/q-son hamda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining 2026-yil 24-iyundagi 39-mh-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
“Yangi Oʻzbekiston” universitetida davlat oliy taʼlim tashkilotlari rektori (direktori) lavozimiga nomzodlarni tayyorlash boʻyicha “Rektorlar maktabi” dasturi doirasida oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom “Yangi Oʻzbekiston” universitetida (bundan buyon matnda Universitet deb yuritiladi) davlat oliy taʼlim tashkilotlari rektori (direktori) lavozimiga nomzodlarni tayyorlash boʻyicha “Rektorlar maktabi” dasturi (bundan buyon matnda Dastur deb yuritiladi) doirasida oʻqishga qabul qilish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizomda quyidagi tushunchalar qoʻllaniladi:
nomzodlar — Dastur doirasida oʻqishga kirish istagini bildirgan shaxslar;
Texnik guruh — har yili Universitet rektori buyrugʻi bilan tashkil etiladigan nomzodlarning hujjatlarini qabul qiladigan va ularni oʻrganadigan hamda nomzodlarga maslahat beradigan guruh;
Qabul komissiyasi — har yili Universitet rektorining buyrugʻi bilan tashkil etiladigan nomzodlarning test sinovlarini, psixologik oʻrganishlarini hamda suhbatdan oʻtkazish jarayonlarini muvofiqlashtiruvchi kollegial organ.
2. Dastur doirasida 30 yoshga toʻlgan, kamida magistr akademik darajasiga va oliy taʼlim sohasida kamida 5 yillik ish tajribasiga ega boʻlgan, shu jumladan, 2 yil rahbarlik lavozimlarida ishlagan nomzodlar ochiq tanlov asosida oʻqishga qabul qilinadi.
3. Dastur doirasida oʻqishga qabul qilishda nomzodlarning oliy taʼlim sohasida, shu jumladan oliy taʼlim tashkilotlari, davlat organlari va tashkilotlarida oliy taʼlim sohasiga oid vazifalarni amalga oshirish bilan bogʻliq rahbarlik lavozimlaridagi ish tajribasi inobatga olinadi.
Bunda rektor, prorektor, direktor, direktor oʻrinbosari, filial direktori, filial direktori oʻrinbosari, dekan, dekan oʻrinbosari, fakultet boshligʻi, fakultet boshligʻi oʻrinbosari, kafedra mudiri, boshqarma boshligʻi, boshqarma boshligʻi oʻrinbosari, boʻlim boshligʻi, markaz rahbari, shuʼba mudiri hamda lavozim vazifalari va boshqaruv funksiyalari mazmuniga koʻra boshqa rahbarlik vazifalari yuklatilgan lavozimlar rahbarlik lavozimlari sifatida eʼtirof etiladi.
4. Nomzodlarni Dastur doirasida oʻqishga qabul qilish quyidagi bosqichlardan iborat ochiq tanlov asosida bepul amalga oshiriladi:
birinchi bosqich — nomzodlarning arizalarini qabul qilish va ularni oʻrganish;
ikkinchi bosqich — nomzodlarni test sinovlaridan oʻtkazish;
uchinchi bosqich — nomzodlarni psixologik oʻrganish;
toʻrtinchi bosqich — nomzodlar bilan suhbat oʻtkazish.
5. Dastur doirasida oʻqishga qabul bir yilda kamida ikki marotaba oʻtkaziladi. Yillik qabul kvotasi 80 nafarni tashkil etadi. Bunda qabul davrlari kesimida kvotani taqsimlash Qabul komissiyasi tomonidan belgilanadi.
6. Nomzodlar test sinovlari, psixologik oʻrganish va suhbatdan oʻtish natijalari boʻyicha toʻplangan umumiy ballariga koʻra mazkur Nizomning 6-bobiga muvofiq Dastur doirasida oʻqishga qabul qilinadi.
2-bob. Nomzodlarning arizalarini qabul qilish va ularni oʻrganish
7. Dastur doirasida oʻqishga kirish uchun nomzodlarning arizalarini topshirish muddati Qabul komissiyasi tomonidan belgilanadi.
Texnik guruh tomonidan ochiq tanlov haqidagi eʼlonlar nomzodlarning arizalarini topshirish muddati boshlanishidan kamida ikki hafta oldin ommaviy axborot vositalari (televideniye, bosma va internet nashrlari) hamda Universitetning rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi.
8. Ochiq tanlov haqidagi eʼlonlarda quyidagi maʼlumotlar koʻrsatiladi:
1) arizalarni qabul qilish muddati va tartibi;
2) nomzodlarga qoʻyiladigan talablar;
3) Dastur doirasida oʻqishga qabul qilish kvotasining soni;
4) Universitetning aloqa telefon nomerlari va elektron pochta manzillari.
9. Nomzodlar Qabul komissiyasi tomonidan belgilangan muddatlarda bevosita Universitetning elektron platformasidan (bundan buyon matnda elektron platforma deb yuritiladi) roʻyxatdan oʻtgan holda shaxsiy kabinetlari orqali ariza bilan murojaat qiladilar.
Arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
maʼlumotnoma-obyektivka;
ingliz tilini bilish sertifikati (agar mavjud boʻlsa).
Taqdim etilgan hujjatlardagi maʼlumotlarning haqqoniyligiga nomzodlar masʼul hisoblanadi.
10. Nomzodlar tomonidan taqdim etilgan arizalar va ularga ilova qilingan hujjatlar Texnik guruh tomonidan ular taqdim etilgan kundan boshlab 3 ish kuni ichida oʻrganib chiqiladi.
Bunda nomzodlarning arizalariga ilova qilingan hujjatlardagi maʼlumotlarning haqiqiyligi Texnik guruh tomonidan mavjud imkoniyatlar va vakolatli davlat organlariga soʻrovlar yuborish orqali tekshirilishi mumkin.
11. Nomzodlarning arizalari va unga ilova qilingan hujjatlar Texnik guruh tomonidan oʻrganib chiqilganidan soʻng, uning natijasiga koʻra 1 ish kuni ichida nomzodlarga arizalari qabul qilinganligi yoki qabul qilish rad etilganligi yoxud arizalar va ularga ilova qilingan hujjatlardagi kamchiliklarni bartaraf etish haqida ularning elektron platformasidagi shaxsiy kabinetlariga xabarnoma yuboriladi.
12. Nomzodlarning arizalari qabul qilinganligi toʻgʻrisidagi xabarnomada test sinovlarining sanalari, joylari va nomzodlarning shaxsiy maʼlumotlari aks ettiriladi.
Ushbu xabarnomadan (elektron yoki bosma shaklda) nomzodlar test sinovlariga shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarining (fuqarolik pasporti, identifikatsiyalovchi ID-karta, fuqaroning xorijga chiqish biometrik pasporti yoki haydovchilik guvohnomasi) asl nusxasi yoki uning Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali va (yoki) “Ijtimoiy karta” mobil ilovasi orqali beriladigan elektron shakli bilan birga kirish uchun ruxsatnoma sifatida foydalanadi.
13. Nomzodlarning arizalari va ularga ilova qilingan hujjatlarda kamchiliklar aniqlangan taqdirda, ushbu kamchiliklar koʻrsatilgan xabarnoma yuborilgan kundan boshlab nomzodlar tomonidan 2 ish kuni ichida bartaraf etilishi lozim.
Kamchiliklar bartaraf etilgandan soʻng, arizalar va unga ilova qilingan hujjatlar Texnik guruh tomonidan takroran 3 ish kuni ichida oʻrganib chiqiladi.
Agar Texnik guruh tomonidan takroran nomzodlarning arizalari va unga ilova qilingan hujjatlari oʻrganilishi natijasida ulardagi kamchiliklar bartaraf etilmaganligi aniqlansa, ushbu Nizomning 14-bandiga muvofiq nomzodlarning arizalarini qabul qilish rad etiladi.
14. Nomzodlarning arizalarini qabul qilish quyidagi hollarda rad etiladi:
nomzodlar mazkur Nizomning 2 va 3-bandlarida nazarda tutilgan talablarga javob bermagan taqdirda;
nomzodlar tomonidan ariza va unga ilova qilingan hujjatlardagi kamchiliklar ushbu Nizomning 13-bandida keltirilgan muddatlarda toʻliq bartaraf etilmagan taqdirda;
nomzodlarning arizalariga ilova qilingan hujjatlarda notoʻgʻri yoki yolgʻon maʼlumotlar aniqlangan taqdirda;
nomzodlar oʻz arizalarini qaytarib olish toʻgʻrisida murojaat etgan taqdirda.
3-bob. Nomzodlarni test sinovlaridan oʻtkazish
15. Nomzodlarni Dastur doirasida oʻqishga qabul qilish oʻquv-akademik boshqaruv, moliya-iqtisodiyot, ilmiy tadqiqotlar va innovatsiyalar, maʼnaviyat va maʼrifat hamda sunʼiy intellekt va axborot texnologiyalari yoʻnalishlaridan, shuningdek ingliz tilini bilish darajasini belgilovchi kamida B2 va unga tenglashtirilgan darajadagi milliy yoki xalqaro sertifikat boʻlmagan taqdirda yoki ushbu sertifikat mavjud boʻlib, uning amal qilish muddati oʻtgan taqdirda, ingliz tilidan test shaklida amalga oshiriladi.
Bunda baholash mezonlari quyidagicha belgilanadi:
yoʻnalishlar boʻyicha 40 ta test uchun — 80 ball (har bir toʻgʻri javob uchun 2 ball);
ingliz tili boʻyicha 20 ta test uchun — 20 ball (har bir toʻgʻri javob uchun 1 ball).
Ingliz tilini bilish darajasini belgilovchi kamida B2 va unga tenglashtirilgan darajadagi milliy yoki xalqaro sertifikati mavjud boʻlgan nomzodlarga ingliz tili boʻyicha eng koʻp (maksimal) 20 ball beriladi.
Test sinovlarida eng koʻp (maksimal) toʻplanishi mumkin boʻlgan ball 100 ballni tashkil etadi. Test sinovlarida 55 va undan past ballni toʻplagan nomzodlar keyingi bosqichga (psixologik oʻrganishga) oʻtkazilmaydi va testdan oʻtmagan hamda Dastur doirasida oʻqishga qabul qilinmagan hisoblanadi.
16. Test sinovlarini tashkil etish va oʻtkazish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
test topshiriqlari Universitet binosida maxfiylik taʼminlangan holda Qabul komissiyasi tomonidan tegishli soha mutaxassislari ishtirokida shakllantiriladi. Bunda test topshiriqlarida har bir savol uchun toʻrtta javob varianti keltirilib, ulardan faqat bittasi toʻgʻri boʻladi;
test sinovlarining topshiriqlari shakllantiriladigan mavzular roʻyxati test sinovlari oʻtkazilishidan kamida 5 ish kuni oldin elektron platformada eʼlon qilinadi;
test sinovlaridagi topshiriqlarni bajarish uchun nomzodlarga 120 daqiqa vaqt beriladi;
nomzodlar test sinovlariga shaxsini tasdiqlovchi hujjatning (fuqarolik pasporti, identifikatsiyalovchi ID-karta, fuqaroning xorijga chiqish biometrik pasporti yoki haydovchilik guvohnomasi) asl nusxasi yoki uning Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali va (yoki) “Ijtimoiy karta” mobil ilovasi orqali beriladigan elektron shakli va ularning arizalari qabul qilinganligi toʻgʻrisidagi xabarnoma asosida kiritiladi;
test sinovlari oʻtkaziladigan binoga nomzodlar maxsus tekshiruvdan oʻtkazilgan holda kiritiladi. Bunda jadval, kitob, mobil telefon, kompyuter, kalkulyator, telekommunikatsiya vositalari hamda boshqa yordamchi materiallarni olib kirish, shuningdek, test jarayonida oʻzaro muloqot qilish yoki bir-biriga yordam berish taqiqlanadi. Ushbu talablarni buzgan shaxslar test sinovidan chetlashtiriladi va testdan oʻtmagan deb hisoblanadi.
17. Nomzodlar test sinovlarini topshirish uchun belgilangan vaqt va joyga oʻz shaxsini tasdiqlovchi hujjat va ularning arizalari qabul qilinganligi toʻgʻrisidagi xabarnoma bilan kelishi lozim. Belgilangan vaqtdan kech qolgan nomzodlar sinovga kiritilmaydi, sinovda qatnashmagan nomzodlar uchun qoʻshimcha sinov oʻtkazilmaydi.
18. Nomzodlarning test sinovlari davomida auditoriyadan chiqishi taqiqlanadi. Ularning sogʻligʻi yomonlashishi va boshqa zarur holatlarda sinov materiallarini qoldirib, kuzatuv ostida auditoriyadan chiqishga ruxsat beriladi.
19. Test sinovlarini oʻtkazish tartibini buzgan nomzodlar auditoriya kuzatuvchilari tomonidan dalolatnoma rasmiylashtirgan holda sinovlardan chetlashtiriladi va ularning sinov ishlari baholanmaydi.
20. Test sinovlari natijalari test natijalari taqdim etilgan vaqtdan eʼtiboran 2 ish kuni ichida elektron platformada eʼlon qilinadi.
21. Test sinovlaridan muvaffaqiyatli oʻtgan nomzodlarga test natijalari eʼlon qilingan kunning oʻzida ularning elektron platformadagi shaxsiy kabinetlariga psixologik oʻrganishga oʻtganligi toʻgʻrisidagi xabarnoma yuboriladi. Bunda mazkur xabarnomada psixologik oʻrganishning sanalari, joylari va nomzodlarning shaxsiy maʼlumotlari aks ettiriladi.
Ushbu xabarnomadan (elektron yoki bosma shaklda) nomzodlar psixologik oʻrganishlarga shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar (fuqarolik pasporti, identifikatsiyalovchi ID-karta, fuqaroning xorijga chiqish biometrik pasporti yoki haydovchilik guvohnomasi) bilan birga kirish uchun ruxsatnoma sifatida foydalanadi.
4-bob. Nomzodlarni psixologik oʻrganish
22. Test sinovlarini muvaffaqiyatli topshirgan nomzodlarning psixoemotsional barqarorligini, jumladan boshqaruvda yetuklik, rivojlanishga tayyorlik hamda stressga chidamliligini aniqlash maqsadida psixologik oʻrganish topshiriqlar shaklida amalga oshiriladi.
Bunda psixologik oʻrganishda har bir toʻgʻri javob uchun 0,5 ball beriladigan 200 ta topshiriq uchun 100 ball belgilanadi.
Psixologik oʻrganishda eng koʻp (maksimal) toʻplanishi mumkin boʻlgan ball 100 ballni tashkil etadi. Psixologik oʻrganishda 55 va undan past ballni toʻplagan nomzodlar keyingi bosqichga (suhbatga) oʻtkazilmaydi va psixologik oʻrganishdan oʻtmagan hamda Dastur doirasida oʻqishga qabul qilinmagan hisoblanadi.
23. Psixologik oʻrganishni tashkil etish va oʻtkazishda quyidagi tartiblar eʼtiborga olinadi:
psixologik oʻrganish topshiriqlari maxfiylik taʼminlangan holda Qabul komissiyasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi huzuridagi Rahbar kadrlarni baholash markazini yoki boshqa psixologik baholash oʻtkazuvchi tashkilotlarni shartnoma asosida jalb etgan holda yoxud tegishli soha mutaxassislari ishtirokida shakllantiriladi;
psixologik oʻrganish topshiriqlarini bajarish uchun nomzodlarga 150 daqiqa vaqt beriladi;
nomzodlar psixologik oʻrganishga shaxsini tasdiqlovchi hujjatning (fuqarolik pasporti, identifikatsiyalovchi ID-karta, fuqaroning xorijga chiqish biometrik pasporti yoki haydovchilik guvohnomasi) asl nusxasi yoki uning Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali va (yoki) “Ijtimoiy karta” mobil ilovasi orqali beriladigan elektron shakli va ularning psixologik oʻrganishga oʻtganligi toʻgʻrisidagi xabarnoma asosida kiritiladi;
psixologik oʻrganishlar oʻtkaziladigan binoga nomzodlar maxsus tekshiruvdan oʻtkazilgan holda kiritiladi. Bunda jadval, kitob, mobil telefon, kompyuter, kalkulyator, telekommunikatsiya vositalari hamda boshqa yordamchi materiallarni olib kirish, shuningdek, psixologik oʻrganish jarayonida oʻzaro muloqot qilish yoki bir-biriga yordam berish taqiqlanadi. Ushbu talablarni buzgan shaxslar psixologik oʻrganishdan chetlashtiriladi va psixologik oʻrganishdan oʻtmagan deb hisoblanadi.
24. Nomzodlar psixologik oʻrganish uchun belgilangan vaqt va joyga oʻz shaxsini tasdiqlovchi hujjat va ularning psixologik oʻrganishga oʻtganligi toʻgʻrisidagi xabarnoma bilan kelishi lozim. Belgilangan vaqtdan kech qolgan nomzodlar psixologik oʻrganishga kiritilmaydi, psixologik oʻrganishda qatnashmagan nomzodlar uchun qoʻshimcha psixologik oʻrganish oʻtkazilmaydi.
25. Nomzodlarning psixologik oʻrganish davomida auditoriyadan chiqishi taqiqlanadi. Ularning sogʻligʻi yomonlashishi va boshqa zarur holatlarda psixologik oʻrganish materiallarini qoldirib, kuzatuv ostida auditoriyadan chiqishga ruxsat beriladi.
26. Psixologik oʻrganishni oʻtkazish tartibini buzgan nomzodlar auditoriya kuzatuvchilari tomonidan dalolatnoma rasmiylashtirgan holda psixologik oʻrganishdan chetlashtiriladi va ularning sinov ishlari baholanmaydi.
27. Psixologik oʻrganish natijalari psixologik oʻrganish topshiriqlari natijalari taqdim etilgan vaqtdan eʼtiboran 2 ish kuni ichida elektron platformada eʼlon qilinadi.
28. Psixologik oʻrganishdan muvaffaqiyatli oʻtgan nomzodlarga psixologik oʻrganish natijalari eʼlon qilingan kunning oʻzida ularning elektron platformadagi shaxsiy kabinetlariga suhbat bosqichiga oʻtganligi toʻgʻrisidagi xabarnoma yuboriladi. Bunda mazkur xabarnomada suhbatdan oʻtishning sanalari, joylari va nomzodlarning shaxsiy maʼlumotlari aks ettiriladi.
Ushbu xabarnomadan (elektron yoki bosma shaklda) nomzodlar suhbatdan oʻtishga shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar (fuqarolik pasporti, identifikatsiyalovchi ID-karta, fuqaroning xorijga chiqish biometrik pasporti yoki haydovchilik guvohnomasi) bilan birga kirish uchun ruxsatnoma sifatida foydalanadi.
5-bob. Nomzodlarni suhbatdan oʻtkazish
29. Psixologik oʻrganishdan muvaffaqiyatli oʻtgan nomzodlar bilan suhbat Qabul komissiyasi tomonidan oʻtkaziladi.
Bunda nomzodlar suhbatga ularning shaxsini tasdiqlovchi hujjatining (fuqarolik pasporti, identifikatsiyalovchi ID-karta, fuqaroning xorijga chiqish biometrik pasporti yoki haydovchilik guvohnomasi) asl nusxasi yoki uning Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali va (yoki) “Ijtimoiy karta” mobil ilovasi orqali beriladigan elektron shakli va suhbatga oʻtganligi toʻgʻrisidagi xabarnoma asosida kiritiladi.
30. Qabul komissiyasi aʼzolarining yarmidan koʻpi ishtirok etgan taqdirda nomzodlarni suhbatdan oʻtkazish amalga oshiriladi.
Qabul komissiyasi aʼzosi suhbatdan oʻtayotgan nomzodning yaqin qarindoshi boʻlsa yoki suhbat natijasidan bevosita manfaatdor boʻlsa yoxud uning xolisligiga shubha tugʻdiruvchi boshqa holatlar mavjud boʻlsa, aʼzo oʻzini oʻzi rad etishi shart. Mazkur tartibga rioya qilmaslik suhbat natijalarini bekor qilishga asos boʻladi.
Qabul komissiyasi suhbatda nomzodlarni baholash uchun tegishli soha mutaxassislarini jalb qilish huquqiga ega.
31. Suhbat davomida nomzodlarning strategik va tizimli fikrlashi, kommunikativ koʻnikmalari, liderlik salohiyati va oʻzgarishlarni boshqarish qobiliyati, qaror qabul qilishda halolligi, kasbiy bilimlari, shuningdek Dastur doirasida oʻqishga tayyorlik va motivatsiyasi baholanadi.
32. Suhbat jarayoni shaffof hamda adolatli oʻtkaziladi. Suhbat jarayonlari videotasvirga yozib olinadi.
33. Suhbat natijalari 100 ballik tizimda baholanadi. Suhbatdan oʻtishda 60 va undan past ballni toʻplagan nomzodlar suhbatdan oʻtmagan va Dastur doirasida oʻqishga qabul qilinmagan hisoblanadi.
Suhbat Qabul komissiyasi tomonidan yakka tartibda, har bir nomzod bilan alohida oʻtkaziladi hamda uning davomiyligi koʻpi bilan 30 daqiqani tashkil etadi. Nomzodning bilim va kompetensiyalari quyidagi koʻnikmalar asosida baholanadi:
strategik va tizimli fikrlashi — 20 ball;
kommunikativ koʻnikmalari — 20 ball;
liderlik salohiyati va oʻzgarishlarni boshqarish qobiliyati — 15 ball;
qaror qabul qilishda halolligi — 15 ball;
kasbiy bilimlari — 15 ball;
Dastur doirasida oʻqishga tayyorlik va motivatsiyasi — 15 ball.
34. Suhbatda har bir nomzodga ushbu Nizomning 33-bandida keltirilgan koʻnikmalar boʻyicha oltita savol (topshiriq) tasodifiy tanlash orqali beriladi.
Asosiy savoldan soʻng berilgan javoblarni aniqlashtirish maqsadida koʻpi bilan uchtagacha qoʻshimcha savol berish mumkin.
35. Suhbat natijalari Qabul komissiyasining har bir aʼzosi tomonidan boshqa aʼzolardan mustaqil ravishda baholash varaqasida baholanadi. Bunda Qabul komissiyasining har bir aʼzosi nomzodni quyidagi mezonlarga asosan baholaydi:
1) strategik va tizimli fikrlash boʻyicha:
muammoni kompleks va tizimli ravishda sifatli tahlil qilishi, qisqa va uzoq muddatli oqibatlarni toʻliq baholay olishi, muqobil yechimlarni toʻliq taqqoslay olishi, qarorlarining strategik asoslarini aniq va toʻliq tushuntirishi hamda oliy taʼlim tashkiloti rivojlanishiga oid misollar keltira olishi — 20 ball;
muammoni kompleks va tizimli ravishda tahlil qilishi, qisqa va uzoq muddatli oqibatlarni qisman baholay olishi, muqobil yechimlarni qisman taqqoslay olishi, qarorlarining strategik asoslarini aniq va qisman tushuntirishi hamda oliy taʼlim tashkiloti rivojlanishiga oid misollar keltira olishi — 15 ball;
muammoni sifatsiz tahlil qilishi, qisqa va uzoq muddatli oqibatlarni qisman baholay olishi, muqobil yechimlarni qisman taqqoslay olishi, qarorlarining strategik asoslarini qisman tushuntirishi hamda oliy taʼlim tashkiloti rivojlanishiga oid misollar keltira olmasligi — 10 ball;
muammoni kompleks va tizimli ravishda sifatsiz tahlil qilishi, qisqa va uzoq muddatli oqibatlarni baholay olmasligi, muqobil yechimlarni taqqoslay olmasligi, qarorlarining strategik asoslarini qisman tushuntirishi hamda oliy taʼlim tashkiloti rivojlanishiga oid misollar keltira olmasligi — 5 ball;
savollarga umuman javob bera olmasligi — 0 ball;
2) kommunikativ koʻnikmalar boʻyicha:
fikrini ravon, aniq va mantiqiy ravishda sifatli bayon qilishi, savollarga toʻliq va ishonch bilan javob berishi, tinglash madaniyati yuqoriligi, murakkab fikrlarni sodda tushuntira olishi, nutq madaniyati va etikaga toʻliq rioya qila olishi — 20 ball;
fikrini ravon, aniq va mantiqiy ravishda bayon qilishi, savollarga ishonch bilan javob berishi, tinglash madaniyati yuqoriligi, murakkab fikrlarni sodda tushuntira olishi, nutq madaniyati va etikaga rioya qila olishi — 15 ball;
fikrini sifatsiz bayon qilishi, savollarga qisman javob berishi, tinglash madaniyati oʻrtaligi, murakkab fikrlarni sodda tushuntira olishi, nutq madaniyati va etikaga rioya qila olishi — 10 ball;
fikrini sifatsiz bayon qilishi, savollarga qisman javob berishi, tinglash madaniyati oʻrtaligi, murakkab fikrlarni sodda tushuntira olmasligi, nutq madaniyati va etikaga toʻliq rioya qilmasligi — 5 ball;
savollarga umuman javob bera olmasligi — 0 ball;
3) liderlik salohiyati va oʻzgarishlarni boshqarish qobiliyati boʻyicha:
jamoani boshqarish tajribasini aniq misollar bilan sifatli bayon qila olishi, oʻzgarishlarni rejalashtira olishi, qarshiliklarni boshqarish usullarini tushuntirishi, natijaga yoʻnaltirilgan yondashuvni namoyon eta olishi — 15 ball;
jamoani boshqarish tajribasini misollar bilan sifatsiz bayon qilishi, oʻzgarishlarni rejalashtira olishi, qarshiliklarni boshqarish usullarini tushuntirishi, natijaga yoʻnaltirilgan yondashuvni namoyon eta olishi — 10 ball;
jamoani boshqarish tajribasini sifatsiz bayon qilishi, oʻzgarishlarni rejalashtira olmasligi, qarshiliklarni boshqarish usullarini tushuntirishi, natijaga yoʻnaltirilgan yondashuvni namoyon eta olishi — 5 ball;
savollarga umuman javob bera olmasligi — 0 ball;
4) qaror qabul qilishda halolligi boʻyicha:
manfaatlar toʻqnashuvi yuzaga kelganda toʻgʻri yoʻl tutishini sifatli asoslay olishi, shaffoflik va javobgarlik tamoyillarini yaxshi tushunishi, hayotiy vaziyatlarda halol qaror qabul qilish misollarini keltira olishi — 15 ball;
manfaatlar toʻqnashuvi yuzaga kelganda toʻgʻri yoʻl tutishini asoslay olishi, shaffoflik va javobgarlik tamoyillarini tushunishi, hayotiy vaziyatlarda halol qaror qabul qilish misollarini keltira olishi — 10 ball;
manfaatlar toʻqnashuvi yuzaga kelganda toʻgʻri yoʻl tutishini asoslay olmasligi, shaffoflik va javobgarlik tamoyillarini tushunmasligi, hayotiy vaziyatlarda halol qaror qabul qilish misollarini keltira olmasligi — 5 ball;
savollarga umuman javob bera olmasligi — 0 ball;
5) kasbiy bilimlari boʻyicha:
lavozim va mutaxassisligi boʻyicha chuqur bilimga egaligi, amaldagi normativ-huquqiy hujjatlar va zamonaviy yondashuvlarni sifatli bilishi, bilimlarini amaliy misollar bilan toʻliq asoslay olishi — 15 ball;
lavozim va mutaxassisligi boʻyicha chuqur bilimga egaligi, amaldagi normativ-huquqiy hujjatlar va zamonaviy yondashuvlarni bilishi, bilimlarini amaliy misollar bilan qisman asoslay olishi — 10 ball;
lavozim va mutaxassisligi boʻyicha bilimga egaligi, amaldagi normativ-huquqiy hujjatlar va zamonaviy yondashuvlarni bilmasligi, bilimlarini amaliy misollar bilan asoslay olmasligi — 5 ball;
savollarga umuman javob bera olmasligi — 0 ball.
36. Nomzodning suhbat boʻyicha yakuniy bali Qabul komissiyasining aʼzolar qoʻygan umumiy ballardan kelib chiqib quyidagi formula orqali aniqlanadi:
S = (B1 + B2 + … + B5) / n
Bunda:
S — nomzodning suhbat boʻyicha yakuniy bali;
B1, B₂ ..., B5 — nomzodga Qabul komissiyasi aʼzolari tomonidan qoʻyilgan ballar;
n — suhbatda ishtirok etgan Qabul komissiyasi aʼzolarining soni.
37. Suhbat natijalari suhbatdan oʻtkazish yakunlangan vaqtdan eʼtiboran 2 ish kuni ichida elektron platformada eʼlon qilinadi.
6-bob. Baholash natijalarini shakllantirish va eʼlon qilish
38. Yakuniy natija nomzodlarni suhbatdan oʻtkazish yakunlanganidan soʻng, 10 ish kunida Qabul komissiyasi tomonidan nomzodlarning test sinovi, psixologik oʻrganish va suhbat natijalari boʻyicha toʻplagan ballari asosida shakllantiriladi.
39. Nomzodlarning yakuniy bali 100 ballik baholash tizimi asosida quyidagi formula boʻyicha hisoblanadi:
YB = (TS × 0,30) + (POʻ × 0,20) + (S × 0,50)
Bunda:
YB — nomzodning yakuniy bali;
TS — test sinovi natijasida olingan ball;
POʻ — psixologik oʻrganish natijasida olingan ball;
S — suhbat natijasida olingan ball.
40. Nomzodlar toʻplagan yakuniy ballar reyting asosida saralanadi va qabul kvotasi doirasida Qabul komissiyasi tomonidan Dastur doirasida oʻqishga tavsiya etiladi.
Bunda nomzodlarning yakuniy ballar reytingi yakuniy natijalar shakllantirilgan kundan eʼtiboran 2 ish kuni ichida elektron platformada eʼlon qilinadi.
Yakuniy ballar reytingida har bir nomzodning yakuniy bali hamda reytingdagi oʻrni koʻrsatiladi.
41. Nomzodlar tomonidan teng yakuniy ball toʻplangan taqdirda, ularga quyidagi ketma-ketlikda ustunlik beriladi:
1) test sinovi natijasi boʻyicha;
2) psixologik oʻrganish natijasi boʻyicha;
3) rahbarlik lavozimlaridagi ish tajribasi boʻyicha.
42. Dastur doirasida oʻqishga tavsiya etilgan nomzod oʻqishdan voz kechgan taqdirda, uning oʻrniga qabul kvotasiga kirmagan nomzodlar orasidan yakuniy ballar boʻyicha eng yuqori ball toʻplagan nomzod oʻqishga tavsiya etiladi.
Bunda nomzod Dastur doirasida oʻqishga tavsiya etilganligi toʻgʻrisida xabardor qilingan kundan eʼtiboran 2 ish kuni ichida oʻqishga roziligini tasdiqlashi shart.
Belgilangan muddatda roziligi tasdiqlanmagan yoki nomzod Dastur doirasida oʻqishdan voz kechgan taqdirda, u oʻqishga tavsiya etilganlar roʻyxatidan chiqariladi hamda uning oʻrniga yakuniy ballar boʻyicha eng yuqori ball toʻplagan qabul kvotasiga kirmagan nomzod Dastur doirasida oʻqishga tavsiya etiladi.
Mazkur tartib qabul kvotasi toʻldirilgunga qadar yoki qabul kvotasiga kirmagan nomzodlar tugaguniga qadar ketma-ket qoʻllaniladi.
43. Qabul komissiyasi tavsiyasi boʻyicha Universitet rektorining buyrugʻi asosida nomzodlar Dastur doirasida oʻqishga qabul qilinadi.
7-bob. Nomzodlarning shikoyatlarini koʻrib chiqish
44. Test sinovlari, psixologik oʻrganish va suhbat natijalari boʻyicha nomzodlarning shikoyatlari, ularning natijalari elektron platformada eʼlon qilingan kundan va xabardor qilingan kundan boshlab 5 ish kuni ichida Universitetga yozma yoki elektron shaklda taqdim etiladi.
45. Universitet rektorining buyrugʻi bilan kamida 5 kishidan iborat apellyatsiya komissiyasi tuziladi.
Apellyatsiya komissiyasining tarkibi Texnik guruh va Qabul komissiyasi ishida ishtirok etmagan shaxslardan tuziladi.
46. Apellyatsiya komissiyasi shikoyat qilingan kundan boshlab bir ish kuni ichida nomzodni shikoyatini koʻrib chiqish kuni haqida xabardor qiladi. Bunda, nomzod apellyatsiya komissiya tomonidan shikoyatni koʻrib chiqishda ishtirok etishga haqli.
47. Apellyatsiya komissiyasi shikoyatni u berilgan kundan boshlab 2 ish kuni ichida koʻrib chiqadi va qaror qabul qilingan kuni nomzodni shikoyat qanoatlantirilgan yoki rad etilganligini koʻrsatgan holda, yozma yoki elektron ravishda yoxud nomzodning elektron platformadagi shaxsiy kabineti orqali xabardor qiladi.
Bunda Apellyatsiya komissiyasi shikoyatni koʻrib chiqish natijalariga koʻra quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:
shikoyatni asoslangan deb hisoblash hamda uni qanoatlantirish;
shikoyatni asossiz deb hisoblash hamda uni qanoatlantirishni rad etish.
48. Dastur doirasida oʻqishga qabul qilish tartibidan norozi boʻlgan nomzodlar qonunchilikda belgilangan tartibda yuqori turuvchi organga yoki sudga shikoyat qilishga haqli.
8-bob. Yakuniy qoida
49. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 14.07.2026-y., 10/26/3897/0730-son)