Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy xavfsizlik va mudofaa universitetining Harbiy tibbiyot institutida toʻlov-kontrakt asosida oʻqitish toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2026-yil 8-aprelda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3808]
Oʻzbekiston Respublikasining “Mudofaa toʻgʻrisida”gi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 21-dekabrdagi PQ-447-son “Yangi Oʻzbekiston maʼmuriy islohotlari doirasida respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Sogʻliqni saqlash vazirligi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy xavfsizlik va mudofaa universitetining Harbiy tibbiyot institutida toʻlov-kontrakt asosida oʻqitish toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Mudofaa vaziri SH. XALMUXAMEDOV
Toshkent sh.,
2026-yil 25-mart,
7-son
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri K. SHARIPOV
Toshkent sh.,
2026-yil 19-mart
21-q/q-son
Sogʻliqni saqlash vaziri A. XUDAYAROV
Toshkent sh.,
2026-yil 16-mart
01-10/QQ-son
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining 2026-yil 25-martdagi 7-son, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2026-yil 19-martdagi 21-q/q-son, Sogʻliqni saqlash vazirligining 2026-yil 16-martdagi 01-10/QQ-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy xavfsizlik va mudofaa universitetining Harbiy tibbiyot institutida toʻlov-kontrakt asosida oʻqitish toʻgʻrisidagi
NIZOM
Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy xavfsizlik va mudofaa universitetining Harbiy tibbiyot institutida (bundan buyon matnda Institut deb yuritiladi) mutaxassislarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish, shuningdek Institutning magistratura va klinik ordinaturasida toʻlov-kontrakt asosida oʻqitishni tashkil etish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
qayta tayyorlash — tibbiyot sohasida tayanch mutaxassisliklar va kasblarga muvofiq boʻlgan yoʻnalishlar boʻyicha faoliyatni amalga oshirish uchun qoʻshimcha kasbiy bilim, malaka va koʻnikmalarning zarur hajmi egallanishini taʼminlashga qaratilgan taʼlim turi;
malaka oshirish — tibbiyot sohasi boʻyicha kasbiy bilim, malaka va koʻnikmalarning chuqurlashtirilishi hamda yangilab borilishini taʼminlashga, kadrlarning toifasi, darajasi, razryadi va lavozimi oshishiga xizmat qiladigan taʼlim turi;
oʻquv dasturi — bu oʻzida bilimga oid hamda kasbiy jihatlarni qamrab oladigan, tinglovchilarda bilim, koʻnikma va malakalarni shakllantirishga qaratilgan oʻquv dasturining tarkibiy elementi sifatida nazorat qilishning tegishli turi bilan yakunlanadigan alohida oʻquv fani (uning qismi yoki oʻzaro bir sohaga doir fanlar majmui);
buyurtmachi — qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida taʼlim olish uchun murojaat qilgan jismoniy yoki yuridik shaxslar;
tinglovchi — tegishli toʻlovni amalga oshirgan va oʻquv kurslariga qabul qilingan jismoniy shaxs.
2. Tinglovchilarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etish Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 18-dekabrdagi 319-son “Tibbiyot xodimlari malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan amalga oshiriladi.
3. Tinglovchilarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish ishlab chiqarishdan ajralgan holda hamda ishlab chiqarishdan ajralmagan holda amalga oshiriladi.
Tinglovchilarni oʻqitish ishlab chiqarishdan ajralmagan holda tashkil etilganda oʻzaro kelishuvga koʻra buyurtmachining hududida amalga oshirilishi mumkin. Bunda oʻquv guruhidagi tinglovchilar soni kamida oʻn nafarni tashkil qilishi kerak.
4. Tinglovchilarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan kelishilgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan va tasdiqlangan oʻquv reja va oʻquv dasturlari asosida tashkil etiladi.
5. Tinglovchilarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish kurslari roʻyxati (nomi), oʻqish vaqti, soati, muddati, shakli va yoʻnalishi oʻquv rejasida belgilanadi.
2-bob. Tinglovchilarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish
6. Tinglovchilarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish kurslari Institut bilan kelishilgan holda buyurtmachi tomonidan tuziladigan taqsimot-rejalarga asosan tashkil etiladi.
Buyurtmachi tomonidan taqsimot-rejalar har yarim yil uchun tuziladi hamda har yili iyun va dekabr oyining 15-sanasiga qadar tasdiqlanib, Institutga yetkaziladi.
Institut taqsimot-rejaga asoslangan holda oʻquv guruhlarini shakllantiradi.
7. Tinglovchilar qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida Institut bilan shartnomaga muvofiq toʻlov asosida oʻqitiladi.
8. Tinglovchilarni qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslariga qabul qilish Institut boshligʻining buyrugʻi bilan ushbu kurslar boshlangan kunning oʻzida rasmiylashtiriladi.
9. Tinglovchilarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish kurslarining oʻquv jarayoniga Institut professor-oʻqituvchilari hamda shartnoma asosida pedagog xodimlar va boshqa mutaxassislar jalb etiladi.
10. Tinglovchilarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish kurslarida sinov imtihonlari oraliq va yakuniy nazorat turlaridan iborat hisoblanadi.
Tinglovchilarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish kurslarida sinov imtihonlari oʻquv reja va oʻquv dasturlari asosida ishlab chiqilgan test shaklida oʻtkaziladi.
11. Test savollari sinov imtihonlari boshlanishidan kamida uch kun oldin Institutning rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi.
12. Sinov imtihonlari oʻtkazilayotgan xonaga tinglovchilar tomonidan mobil aloqa vositasi, kompyuter yoki boshqa aloqa va telekommunikatsiya vositalari, kitob, lugʻat, shpargalka va boshqa materiallar olib kirilishi hamda foydalanilishi taqiqlanadi.
Bunda ushbu taqiqlangan materiallarni olib kirgan yoki foydalangan tinglovchi sinov imtihonlarini oʻtkazish tartibini buzgan deb hisoblanadi hamda dalolatnoma asosida sinov imtihonlaridan chetlashtiriladi.
13. Tinglovchilarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish kurslari mobaynidagi oʻzlashtirishi 100 ballik tizim asosida baholanadi. Bunda:
oraliq nazorat 20 ta test savollaridan iborat boʻladi, har bir toʻgʻri javob uchun 1,5 ball va jami toʻplanishi mumkin boʻlgan ball 30 ballni tashkil etadi;
yakuniy nazorat 35 ta test savollaridan iborat boʻladi, har bir toʻgʻri javob uchun 2 ball va jami toʻplanishi mumkin boʻlgan ball 70 ballni tashkil etadi.
Tinglovchining oraliq va yakuniy nazorat turlarida toʻplagan natijalari umumlashtiriladi. Bunda, tinglovchining umumiy toʻplagan natijasi 56 va undan yuqori ballni tashkil etgan taqdirda u qayta tayyorlash yoki malaka oshirish kursini tugatgan deb hisoblanadi.
Sinov imtihonlarining natijalari boʻyicha tinglovchi 56 balldan kam toʻplagan hollarda u qayta tayyorlash yoki malaka oshirish kursidan oʻtmagan deb hisoblanadi.
14. Sinov imtihonidan 56 balldan kam toʻplagan tinglovchilarga ularning natijalari eʼlon qilingan kundan boshlab uch ish kuni ichida qayta topshirish uchun imkoniyat beriladi.
Bunda tinglovchidan sinov imtihonini qayta topshirish uchun toʻlov undirilmaydi.
Sinov imtihonini qayta topshirib, yana 56 balldan kam toʻplagan tinglovchi qayta tayyorlash yoki malaka oshirish kursini shartnoma asosida qayta oʻqish huquqiga ega.
15. Institut tomonidan qayta tayyorlash va malaka oshirish kursini muvaffaqiyatli tamomlagan tinglovchiga sertifikat taqdim etiladi.
Sinov imtihonini muvaffaqiyatli topshirmagan tinglovchiga sertifikat berilmaydi. Bu holda tinglovchiga qayta tayyorlash yoki malaka oshirish kursida qatnashganligi toʻgʻrisida maʼlumotnoma beriladi.
16. Institutning magistratura va klinik ordinaturasida taʼlim Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 13-sentabrdagi 578-son “Oliy taʼlim tashkilotlariga oʻqishga qabul qilish jarayonlarini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori, 2009-yil 18-dekabrdagi 319-son “Tibbiyot xodimlari malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarori hamda Oliy taʼlimning davlat taʼlim standarti. Oliy taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklari klassifikatoriga (roʻyxat raqam 3781, 2026-yil 28-fevral) muvofiq amalga oshiriladi.
17. Institutda toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga quyidagilar jalb qilinadi:
oliy, oʻrta maxsus va kasbiy taʼlim tashkilotlarining tibbiyot yoʻnalishini tamomlagan va tegishli mutaxassisliklar boʻyicha tayyorgarlikka ega boʻlgan shaxslar;
davolash-profilaktika muassasalari rahbarlari;
davolash-profilaktika muassasalari mavjud boʻlgan vazirlik, idoralar va boshqa tashkilotlarning xodimlari;
xususiy tibbiyot muassasalarining tibbiyot xodimlari;
birlamchi tibbiy-sanitariya yordam koʻrsatishi shart hisoblangan ichki ishlar organlari, yongʻindan saqlash, avariya xizmatlari, transport tashkilotlari xodimlari;
notibbiy maʼlumotga ega, lekin tibbiy yordam koʻrsatish vazifalarini bajarish bilan shugʻullanuvchi fuqarolar hamda boshqa kasb vakillari.
3-bob. Tinglovchilarning apellyatsiya shikoyatlarini koʻrib chiqish
18. Tinglovchilarning apellyatsiya shikoyatlarini koʻrib chiqish uchun Institut boshligʻining buyrugʻi bilan Institutning kamida besh nafar mutaxassislaridan iborat tarkibda Apellyatsiya komissiyasi tashkil etiladi.
Apellyatsiya komissiyasi tarkibiga boshqa davlat organlari va tashkilotlaridan ham mutaxassislar jalb etilishi mumkin.
Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida sinov imtihonlarini oʻtkazishga masʼul boʻlgan shaxslarning Apellyatsiya komissiyasi tarkibiga kiritilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
19. Sinov imtihonlari natijalaridan norozi boʻlgan tinglovchilar mazkur imtihonlar natijalari eʼlon qilingan kundan boshlab yetti ish kuni ichida Apellyatsiya komissiyasiga yozma yoki elektron shaklda Apellyatsiya shikoyati berishlari mumkin.
Bunda Apellyatsiya komissiyasi apellyatsiya shikoyati bilan murojaat qilgan tinglovchini shikoyat koʻrib chiqilishidan 2 kun oldin uni koʻrib chiqish vaqti va joyi haqida xabardor qiladi.
20. Apellyatsiya komissiyasi apellyatsiya shikoyatini, u kelib tushgan kundan boshlab 3 kun muddat ichida koʻrib chiqadi. Bunda apellyatsiya shikoyati bilan murojaat qilgan tinglovchi mazkur shikoyatni koʻrib chiqishda ishtirok etish huquqiga ega.
21. Apellyatsiya komissiyasi unda aʼzolarning kamida uchdan ikki qismi ishtirok etganda vakolatli hisoblanadi. Apellyatsiya komissiyasining qarori oddiy koʻpchilik ovoz bilan qabul qilinadi va majlisda ishtirok etgan barcha aʼzolar tomonidan tasdiqlanadigan bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi.
22. Apellyatsiya komissiyasi tomonidan apellyatsiya shikoyatini koʻrib chiqish davomida tinglovchiga uni qayta baholashga qaratilgan savollar berilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
23. Shikoyatni koʻrib chiqish natijalari boʻyicha Apellyatsiya komissiyasi tomonidan quyidagi qarorlardan biri qabul qilinadi:
sinov natijalarini oʻzgarishsiz qoldirish;
sinov natijalariga oʻzgartirish kiritish.
Apellyatsiya shikoyatini koʻrishda tinglovchining sinov natijasida olgan ballini pasaytirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
24. Apellyatsiya komissiyasi apellyatsiya shikoyati bilan murojaat qilgan tinglovchiga oʻz qarorini u qabul qilingan kunning oʻzida maʼlum qilishi kerak.
25. Apellyatsiya komissiyasining sinov natijalariga oʻzgartirish kiritish toʻgʻrisidagi qarori asosida tinglovchiga qayta tayyorlash yoki malaka oshirish kursi boʻyicha sertifikat beriladi.
26. Apellyatsiya komissiyasi qarori ustidan tinglovchi yuqori turuvchi organga yoki sudga shikoyat qilishi mumkin.
4-bob. Tinglovchilarning huquq va majburiyatlari
27. Tinglovchilar oʻquv mashgʻulotlari boshlanishidan oldin Institutning ichki tartib-qoidalari bilan tanishtiriladi.
28. Tinglovchilar quyidagi huquqlarga ega hisoblanadi:
oʻquv dasturida nazarda tutilgan bilimlarni egallash;
oʻquv jarayonini yanada yaxshilash, qayta tayyorlash va malaka oshirish tizimini takomillashtirish boʻyicha Institut rahbariyatiga takliflar kiritish;
maʼnaviy-maʼrifiy va madaniy tadbirlarda qatnashish;
Institut axborot-resurs markazi, oʻquv xonalari va kompyuter texnika vositalaridan foydalanish.
29. Tinglovchilar quyidagilarga majbur hisoblanadi:
oʻquv dasturlari talablarini bajarish;
oʻquv mashgʻulotlarida oʻz vaqtida qatnashish;
oʻquv dasturlarida nazarda tutilgan sinov imtihon (test)larini topshirish;
oʻquv jarayonida berilgan topshiriqlarni oʻz vaqtida bajarish;
Institutga tegishli boʻlgan mulklarni asrab-avaylash, Institut ichki tartib-qoidalariga qatʼiy rioya etish.
30. Tinglovchi quyidagi asoslarga koʻra tinglovchilar safidan chetlashtiriladi:
oʻz xohishiga (arizasiga) binoan;
vafot etganligi sababli;
sud tomonidan ozodlikdan mahrum etilganda;
oʻquv intizomi va Institut ichki tartib-qoidalarini qoʻpol ravishda buzganligi uchun;
qayta tayyorlash yoki malaka oshirish kursining oʻquv mashgʻulotlarini uzrli sabablarsiz 18 akademik soatdan ortiq qoldirganligi sababli (bunda uzrli sabablar tinglovchining kasalligi, yaqin qarindoshlarining vafoti, mehnat taʼtili, Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida boʻlishini oʻz ichiga oladi).
5-bob. Yakunlovchi qoida
31. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradi.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.04.2026-y., 10/26/3808/0335-son)