Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining
Qarori
Tijorat banklari tomonidan kichik biznes subyektlariga budjetdan tashqari jamgʻarmalar va Tadbirkorbank kredit liniyalari hisobidan mikrokreditlar berish tartibi toʻgʻrisida nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2006-yil 21-fevralda 1548-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi, Moliya vazirligining 2013-yil 14-oktabrdagi 273-V-5, 97-sonli “Tijorat banklari tomonidan kichik biznes subyektlariga budjetdan tashqari jamgʻarmalar va Tadbirkorbank kredit liniyalari hisobidan mikrokreditlar berish tartibi toʻgʻrisida nizomni tasdiqlash haqida”gi qaror, shuningdek unga oʻzgartirish va qoʻshimchalarni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 1548-5, 19.11.2013-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1998-yil 9-apreldagi PF-1987-sonli “Xususiy tadbirkorlik, kichik biznesni yanada ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi, 2003-yil 23-dekabrdagi PF-3367-sonli “Kichik tadbirkorlik subyektlarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash mexanizmini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi farmonlari va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 25-yanvardagi 33-sonli “Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini aniq yoʻnaltirilgan tarzda qoʻllab-quvvatlashning 2002-2003-yillarga moʻljallangan Dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi”gi qaroriga muvofiq qaror qilamiz:
1. Ilova qilinayotgan “Tijorat banklari tomonidan kichik biznes subyektlariga budjetdan tashqari jamgʻarmalar va Tadbirkorbank kredit liniyalari hisobidan mikrokreditlar berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom” tasdiqlansin.
2. Ushbu qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiritilsin.
3. Mazkur qaror kuchga kirgan kundan boshlab quyidagi qarorlar oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin:
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi va Moliya vazirligining “Tijorat banklari tomonidan yakka tartibdagi tadbirkorlar, kichik va oʻrta biznes subyektlarini budjetdan tashqari jamgʻarmalar kredit liniyalari hisobidan kreditlash tartibi toʻgʻrisida nizom” (yangi tahriri)ni (2001-yil 3-oktabr, roʻyxat raqami 1074 — Meʼyoriy hujjatlar axborotnomasi, 2001-yil, 19-son) tasdiqlash toʻgʻrisidagi 2001-yil 14-sentabrdagi 203-V, 108-sonli qaror;
“Tijorat banklari tomonidan yakka tartibdagi tadbirkorlar, kichik va oʻrta biznes subyektlarini budjetdan tashqari jamgʻarmalar kredit liniyalari hisobidan kreditlash tartibi toʻgʻrisida nizom”(yangi tahrirda)ga oʻzgartirishlarni tasdiqlash toʻgʻrisidagi (2003-yil 25-sentabr, roʻyxat raqami 1074-1 — Meʼyoriy hujjatlar axborotnomasi, 2003-yil, 17-18-son) 2003-yil 12-sentabrdagi 203-V-1, 108-sonli qaror;
“Tijorat banklari tomonidan yakka tartibdagi tadbirkorlar, kichik va oʻrta biznes subyektlarini budjetdan tashqari jamgʻarmalar kredit liniyalari hisobidan kreditlash tartibi toʻgʻrisida Nizom”ga qoʻshimcha va oʻzgartirishlarni tasdiqlash toʻgʻrisidagi (2004-yil 7-aprel, roʻyxat raqami 1074-2 — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2004-yil, 14-son, 175-modda) 2004-yil 24-yanvardagi 203-V-2, 24-sonli qaror;
“Tijorat banklari tomonidan yakka tartibdagi tadbirkorlar, kichik biznes subyektlarini budjetdan tashqari jamgʻarmalarining kredit liniyalari hisobidan kreditlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom”ga oʻzgartirishni tasdiqlash toʻgʻrisidagi (2004-yil 13-dekabr, roʻyxat raqami 1074-3 — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2004-yil, 50-son, 503-modda) 2004-yil 29-noyabrdagi 203-V-3, 128-sonli qaror.
Markaziy bank Boshqaruvi raisi F. MULLAJONOV
Toshkent sh.,
2005-yil 31-dekabr,
273-V-son
Moliya vaziri R. AZIMOV
Toshkent sh.,
2005-yil 31-dekabr,
111-son
Markaziy bank Boshqaruvi va
Moliya vazirligi tomonidan
2005-yil 31-dekabrdagi 273-V,
111-sonli qarori bilan
TASDIQLANGAN
Moliya vazirligi tomonidan
2005-yil 31-dekabrdagi 273-V,
111-sonli qarori bilan
TASDIQLANGAN
Oldingi tahrirga qarang.
Tijorat banklari tomonidan kichik biznes subyektlariga budjetdan tashqari jamgʻarmalar va Mikrokreditbank kredit liniyalari hisobidan mikrokreditlar berish tartibi toʻgʻrisida
(nizomning nomi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi, Moliya vazirligining 2006-yil 16-iyuldagi 273-V-1, 67-sonli qarori (roʻyxat raqami 1548-1, 08.08.2006-y.) tahririda — OʻR QHT, 2006-y., 31-32-son, 326-modda)
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Mikromoliyalash toʻgʻrisida” Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1998-yil 9-apreldagi PF-1987-sonli “Xususiy tadbirkorlik, kichik biznesni yanada ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi, 2003-yil 23-dekabrdagi PF-3367-sonli “Kichik tadbirkorlik subyektlarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash mexanizmini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi farmonlari va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 25-yanvardagi 33-sonli “Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini aniq yoʻnaltirilgan tarzda qoʻllab-quvvatlashning 2002-2003-yillarga moʻljallangan Dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq tijorat banklari tomonidan kichik biznes subyektlarini budjetdan tashqari jamgʻarmalar hamda Mikrokreditbankning kredit liniyalari hisobidan kreditlash tartibini belgilaydi.
(muqaddima Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bank Boshqaruvi, Moliya vazirligining 2007-yil 12-oktabrdagi 273-V-2, 94-sonli qarori (roʻyxat raqami 1548-2, 08.11.2007-y.) tahririda — OʻR QHT, 2007-y., 45-son, 461-modda)
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom maqsadlari uchun quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
mikrofirma — band boʻlgan xodimlarining oʻrtacha yillik soni ishlab chiqarish tarmoqlarida yigirma kishidan; xizmatlar koʻrsatish sohasidagi va boshqa noishlab chiqarish tarmoqlarida oʻn kishidan; ulgurji va chakana hamda savdo umumiy ovqatlanish tarmoqlarida besh kishidan oshmaydigan korxona;
kichik korxona — band boʻlgan xodimlarining oʻrtacha yillik soni:
yengil va oziq-ovqat sanoatida, metallga ishlov berish va asbobsozlik, yogʻochsozlik, mebel sanoati hamda qurilish materiallari sanoatida yuz kishidan;
mashinasozlik, metallurgiya, yoqilgʻi-energetika va kimyo sanoati, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish va qayta ishlash, qurilish hamda boshqa sanoat-ishlab chiqarish sohalarida ellik kishidan; fan, ilmiy xizmat koʻrsatish, transport, aloqa, xizmat koʻrsatish sohalari (sugʻurta kompaniyalaridan tashqari), savdo va umumiy ovqatlanish hamda boshqa noishlab chiqarish sohalarida yigirma besh kishidan oshmaydigan korxona;
dehqon xoʻjaligi — oila aʼzolarining shaxsiy mehnati asosida, meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish uchun oila boshligʻiga berilgan tomorqa yer uchastkasida qishloq xoʻjaligi mahsuloti yetishtiradigan va realizatsiya qiladigan, yuridik shaxsni tashkil etgan va tashkil etmagan holda faoliyat yuritadigan oilaviy mayda tovar xoʻjaligi;
fermer xoʻjaligi — yuridik shaxs huquqiga ega boʻlgan, ijaraga berilgan yer uchastkalaridan foydalangan holda tovar qishloq xoʻjaligi tovar ishlab chiqarishi bilan shugʻullanuvchi mustaqil xoʻjalik yurituvchi subyekt;
budjetdan tashqari jamgʻarmalar — Ish bilan taʼminlashga koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi, Dehqon va fermer xoʻjaliklarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi, Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasi huzuridagi Tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash va korxonalarni tarkibiy oʻzgartirish jamgʻarmasi hamda sobiq “Biznes Fond”ga qarashli kredit liniyalarini AT “Mikrokreditbank”ga qaytarilishi natijasida shakllanadigan AT “Mikrokreditbank” (quyida — Mikrokreditbank) imtiyozli kredit resurslari.
(1-bandning sakkizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi va Moliya vazirligining 2009-yil 21-noyabrdagi 33/2 va 112-sonli qarori (roʻyxat raqami 1548-4, 30.12.2009-y.) tahririda — OʻR QHT, 2009-y., 52-son, 585-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
budjetdan tashqari jamgʻarma kredit liniyasi — budjetdan tashqari jamgʻarmalar hamda Mikrokreditbank tomonidan kichik biznes subyektlarini maqsadli asosda kreditlash uchun tijorat banklariga, ularning balansida uning summasini aks ettirgan holda, ajratiladigan mablagʻlar.
(1-bandning toʻqqizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi, Moliya vazirligining 2006-yil 16-iyuldagi 273-V-1, 67-sonli qarori (roʻyxat raqami 1548-1, 08.08.2006-y.) tahririda — OʻR QHT, 2006-y., 31-32-son, 326-modda)
2. Markaziy bankning qayta moliyalash stavkasi oʻzgargan taqdirda budjetdan tashqari jamgʻarmalar, shu jumladan, Mikrokreditbankning kredit liniyasi uchun hisoblanadigan foiz miqdori hamda kichik biznes subyektlariga berilgan mikrokreditlar va lizing xizmati uchun hisoblanadigan foiz stavkalari ham mos ravishda oʻzgaradi.
Mazkur talab budjetdan tashqari jamgʻarmalar, shu jumladan Mikrokreditbank bilan tijorat banklari oʻrtasida tuziladigan kredit liniyasi ochish toʻgʻrisidagi kredit shartnomasida, shuningdek, tijorat banki va kichik biznes subyektlari oʻrtasida ushbu kredit liniyasi hisobidan kredit berish hamda lizing kompaniyalari va kichik biznes subyektlari oʻrtasida tuziladigan lizing shartnomasida belgilab qoʻyilgan boʻlishi lozim.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi, Moliya vazirligining 2006-yil 16-iyuldagi 273-V-1, 67-sonli qarori (roʻyxat raqami 1548-1, 08.08.2006-y.) tahririda — OʻR QHT, 2006-y., 31-32-son, 326-modda)
3. Budjetdan tashqari jamgʻarmalar kredit liniyalari hisobidan mikrokreditlar quyidagi maqsadlarga berilishi mumkin emas:
ilgari olingan kreditlarni yoki har qanday boshqa qarzlarni qaytarishga;
tamaki va alkogolli ichimliklar ishlab chiqarishga;
savdo-vositachi korxonalar aylanma mablagʻlarini shakllantirishga;
savdo obyektlarini qurishni moliyalashga, aholiga har xil oʻyinlar koʻrinishidagi xizmatlarni koʻrsatish va ular uchun uskunalar sotib olishga, qimor oʻyinlarini tashkil etishga;
ishlab chiqarish maqsadlari uchun ishlatilmaydigan shaxsiy mulkni sotib olishga;
maʼmuriy xarajatlarni toʻlashga, shu jumladan, xizmat avtomobillari taʼminotiga;
idora uchun mebel sotib olishga, uyali telefon, peyjer sotib olishga, aloqa xizmatlari uchun toʻlovga.
II. Yangi tashkil etilgan kichik biznes subyektlarga dastlabki (boshlangʻich) sarmoyani shakllantirishga mikrokreditlar berish va qaytarilishining shartlari
Oldingi tahrirga qarang.
4. Dastlabki (boshlangʻich) sarmoyani shakllantirishga mikrokreditlar sobiq “Biznes-Fond”ga tegishli kredit liniyalari mablagʻlarini Mikrokreditbankga qaytarilishi natijasida shakllanadigan imtiyozli kredit resurslari hamda Dehqon va fermer xoʻjaliklarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan beriladi.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi, Moliya vazirligining 2006-yil 16-iyuldagi 273-V-1, 67-sonli qarori (roʻyxat raqami 1548-1, 08.08.2006-y.) tahririda — OʻR QHT, 2006-y., 31-32-son, 326-modda)
5. Dastlabki (boshlangʻich) sarmoyani shakllantirishga mikrokreditlar faqat yangidan ochilgan va davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan 6 oydan oshmagan davr mobaynida kredit olish uchun tegishli xizmat koʻrsatuvchi bankga buyurtma bergan yuridik shaxs maqomini olib faoliyat koʻrsatayotgan dehqon xoʻjaliklari, mikrofirmalar, kichik korxonalar va fermer xoʻjaliklarining faoliyatini boshlash uchun aylanma mablagʻlarni shakllantirishga, investitsiya loyihasining texnik-iqtisodiy asoslanishini ishlab chiqishga, asbob-uskunalar sotib olish uchun beriladi.
Ushbu mikrokreditlarni olishda xodimlarining 50 foizidan ortigʻini nogironlar, shu jumladan Koʻzi ojizlar jamiyati aʼzolari tashkil etgan kichik biznes subyektlari ustuvorlikka ega boʻladilar.
Xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi qoʻshma korxonalar ustav kapitali shakllangandan keyin tashkil etilishlari munosabati bilan ularga ushbu mikrokreditlar berilmaydi.
6. Dastlabki (boshlangʻich) sarmoyani shakllantirishga mikrokreditlar yuridik shaxs maqomini olib faoliyat koʻrsatayotgan dehqon xoʻjaliklari va mikrofirmalarga eng kam oylik ish haqining 150 baravarigacha miqdorda hamda kichik korxonalar va fermer xoʻjaliklariga eng kam oylik ish haqining 300 baravarigacha boʻlgan miqdorda beriladi.
7. Dastlabki (boshlangʻich) sarmoyani shakllantirishga mikrokreditlardan foydalanganlik uchun foiz miqdori Markaziy bankning amaldagi qayta moliyalash stavkasining 1/6 qismini tashkil etadi.
8. Budjetdan tashqari jamgʻarmalar kredit liniyalari hisobidan dastlabki (boshlangʻich) sarmoyani shakllantirishga kreditlar qaytarish muddatini uzaytirish huquqisiz 3 yilgacha boʻlgan muddatga beriladi.
Dastlabki (boshlangʻich) sarmoyani shakllantirish uchun berilgan mikrokreditlar boʻyicha foizlar ushbu kreditlar berilgan kundan boshlab hisoblanadi va 12 oy muddat oʻtgach undiriladi.
Mazkur mikrokreditlar uchun hisoblangan foizlar dastlabki 12 oy davomida tijorat banklari daromad (foyda) soligʻi hisoblash bazasiga kiritilmaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
9. Mikrokreditbank kredit liniyasi mablagʻlari hisobidan Mikrokreditbankning oʻz mijozlariga dastlabki (boshlangʻich) sarmoyani shakllantirishga berilgan kreditlar uchun hisoblangan foizlar bankning ixtiyorida qoldiriladi va uning balansida oʻrnatilgan tartibda aks ettiriladi.
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi, Moliya vazirligining 2006-yil 16-iyuldagi 273-V-1, 67-sonli qarori (roʻyxat raqami 1548-1, 08.08.2006-y.) tahririda — OʻR QHT, 2006-y., 31-32-son, 326-modda)
10. Kichik biznes subyektlari tomonidan dastlabki (boshlangʻich) sarmoyani shakllantirishga mikrokreditlar berishni soʻrab ularga xizmat koʻrsatuvchi banklarga mazkur Nizomning 60-bandida keltirilgan hujjatlar taqdim etiladi.
III. Aksiyadorlik-tijorat Mikrokreditbankning kredit liniyalari hisobidan lizing kompaniyalariga lizingni amalga oshirish uchun kredit liniyalari ochish tartibi
11. Tijorat banklari tomonidan sobiq “Biznes-Fond”ga tegishli kredit liniyalari mablagʻlarini Mikrokreditbankga qaytarilishi natijasida shakllanadigan imtiyozli kredit resurslarining bir qismi kichik biznes subyektlariga imtiyozli lizing xizmatlari koʻrsatish maqsadlarida foydalanish uchun lizing kompaniyalariga kredit liniyalarini ochishga yoʻnaltiriladi.
12. Mikrokreditbank kredit liniyalari hisobidan Oʻzbekiston Respublikasining rezidentlari boʻlgan kichik biznes subyektlariga imtiyozli lizing xizmati koʻrsatiladi. Bunda lizing foiz stavkasi Markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasining 50 foizi miqdorida belgilanadi, uning ½ qismi Mikrokreditbank marjasini tashkil etadi.
13. Lizing kompaniyalari Mikrokreditbank kredit liniyalari hisobidan yuridik shaxs maqomini olib faoliyat koʻrsatayotgan kichik biznes subyektlariga faqat sanoat, qurilish, qishloq xoʻjaligi, qishloq xoʻjaligi sohasiga xizmat koʻrsatuvchi muqobil mashina-traktor parklariga texnika va uskunalarni lizing asosida yetkazib berish uchun imtiyozli lizing xizmati koʻrsatishda foydalanishlari mumkin. Bunda xodimlarining 50 foizidan ortigʻini nogironlar, shu jumladan, Koʻzi ojizlar jamiyati aʼzolari tashkil etuvchi kichik biznes subyektlari lizing xizmatini olishda ustuvorlikka ega boʻladilar.
14. Kredit liniyalarini ochish uchun Mikrokreditbank bilan lizing kompaniyasi oʻrtasida kredit shartnomasi tuziladi. Kredit shartnomasida ochiladigan kredit liniyasiga xizmat koʻrsatishning asosiy shartlari, imtiyozli foiz stavkasi miqdori, lizing kompaniyasi marjasi, Mikrokreditbank bilan lizing kompaniyasi oʻrtasidagi oʻzaro majburiyatlar belgilanadi.
15. Mikrokreditbank bir yoki bir nechta lizing kompaniyasi bilan kredit liniyasini ochish toʻgʻrisida shartnoma tuzish huquqiga ega.
16. Mikrokreditbank bilan lizing kompaniyasi oʻrtasida tuziladigan kredit shartnomasida quyidagi shartlar belgilanishi lozim:
kredit liniyasi summasi;
ajratilayotgan kredit liniyasi hisobiga lizing operatsiyalarini amalga oshirishga mablagʻlar ajratishning choraklar va viloyatlar boʻyicha taqsimoti;
lizing kompaniyasi marjasi chegirib tashlangan holdagi imtiyozli foiz stavkasi;
kredit liniyasi mablagʻlarini lizing kompaniyasi tomonidan maqsadli ishlatilishi ustidan monitoringni amalga oshirish tartibi.
17. Mikrokreditbank tomonidan lizing kompaniyalariga kredit liniyasi ochish uchun taqdim etilgan mablagʻlarining hisobi kredit liniyasi muddatiga mos ravishda ochiladigan 15401 — “Bank boʻlmagan moliyaviy muassasalarga beriladigan uzoq muddatli kreditlar” hisobvaragʻida yuritiladi.
18. Mikrokreditbank tomonidan lizing kompaniyalariga kichik biznes subyektlariga lizing xizmati koʻrsatish maqsadida ochilgan kredit liniyalaridagi mablagʻlar hisobi lizing kompaniyalarining balansida qonunchilikda belgilangan tartibda yuritiladi.
19. Lizing xizmati koʻrsatish uchun ochilgan kredit liniyalari mablagʻlari uchun foizlar toʻlovi kredit liniyasiga mablagʻlar oʻtkazib berilgan kunning ertasidan boshlab hisoblanadi va uning toʻlovi har oyda amalga oshiriladi.
20. Lizing kompaniyalari Mikrokreditbank kredit liniyasi mablagʻlarining kredit shartnomasida belgilangan muddatlarda ishlatilmagan qismiga kredit shartnomasi shartlariga muvofiq Markaziy bankning amaldagi qayta moliyalash stavkasi miqdorida foiz toʻlaydilar.
21. Ushbu Nizomning 13-bandida koʻrsatilgan maqsadlardan tashqari boshqa maqsadlar uchun lizing xizmati koʻrsatilishi kredit liniyasi mablagʻlaridan maqsadsiz foydalanish deb baholanadi va u Mikrokreditbank va lizing kompaniyasi oʻrtasidagi kredit liniyasi ochish shartnomasida belgilangan choralarni koʻrish uchun asos hisoblanadi.
22. Mikrokreditbank bilan lizing kompaniyalari oʻrtasida keyingi kredit liniyalari ochilganda yangi kredit liniyalarining summalari koʻrsatilgan holda qoʻshimcha kredit shartnomasi rasmiylashtiriladi.
23. Kredit liniyasining amal qilish muddati tugaganidan keyin lizing kompaniyasi Mikrokreditbankga kredit liniyasi mablagʻlarini, toʻlanmagan foizlar qoldigʻini qoʻshib hisoblagan holda, lizing oluvchi tomonidan lizing toʻlovlarini haqiqatda qaytarilishidan qatʼi nazar, kredit shartnomasida belgilangan muddatlarda qaytarib berishi shart.
24. Lizing kompaniyalari Mikrokreditbank kredit liniyalarini oʻzlashtirishning ahvoli toʻgʻrisida har chorakda Mikrokreditbankga, lizing xizmati koʻrsatilgan kichik biznes subyektlari roʻyxatini ilova qilgan holda, axborot taqdim etadilar. Ushbu axborotlar maʼlumotlari boʻyicha har chorakda lizing kompaniyasi bilan Mikrokreditbank oʻrtasida mablagʻlarni ishlatishni solishtirish dalolatnomalari tuziladi.
(III-boʻlim Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi, Moliya vazirligining 2006-yil 16-iyuldagi 273-V-1, 67-sonli qarori (roʻyxat raqami 1548-1, 08.08.2006-y.) tahririda — OʻR QHT, 2006-y., 31-32-son, 326-modda)
IV. Ish bilan taʼminlashga koʻmaklashuvchi davlat jamgʻarmasi kredit liniyalari hisobidan oilaviy tadbirkorlik subyektlariga mikrokreditlar berish tartibi
25. Oilaviy tadbirkorlik jismoniy shaxslarning yuridik shaxs tashkil etmagan holda amalga oshiriladigan birgalikdagi faoliyati boʻlib, er-xotin tomonidan ularga birgalikdagi umumiy mulk huquqi asosida tegishli boʻlgan umumiy mol-mulk negizida amalga oshiriladi. Oilaviy tadbirkorlik er-xotinning va ularga koʻmaklashadigan oila aʼzolarining shaxsiy mehnatiga asoslanadi.
26. Oilaviy tadbirkorlik subyekti qonun hujjatlarida belgilangan tartibda er-xotindan qaysisining nomiga roʻyxatga olingan boʻlsa, u oilaviy tadbirkorlik subyekti nomidan ishni olib boradi.
27. Yakka tartibdagi tadbirkorni davlat roʻyxatiga olish vaqtida beriladigan guvohnomada yakka tartibdagi tadbirkorlik oilaviy tadbirkorlik shaklida amalga oshirilishi koʻrsatiladi. Yakka tartibdagi tadbirkorni davlat roʻyxatiga olinganligi haqidagi Guvohnomada tadbirkorlik faoliyati oilaviy tadbirkorlik shaklida yuritilishi toʻgʻrisida yozuv boʻlmagan hollarda, oilaviy tadbirkorlik subyekti boshligʻi roʻyxatga oluvchi organga ushbu guvohnomaning “Izohlar” grafasiga bu haqda belgi qoʻyish uchun murojaat qilishi mumkin. Ushbu belgini qoʻyish ariza asosida amalga oshiriladi.
28. Mikrokredit olish uchun aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj quyidagi qatlamlari ustuvorlikka ega boʻladilar:
kam taʼminlangan oilalar;
tarkibida nogironlar, shu jumladan, Koʻzi ojizlar jamiyati aʼzolari, ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlgan kasalliklar bilan ogʻrigan shaxslar boʻlgan oilalar;
tarkibida ikki va undan ortiq ish bilan band boʻlmagan aʼzolari mavjud oilalar;
boquvchisini yoʻqotgan oilalar;
Oldingi tahrirga qarang.
yosh oilalar.
(28-band Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi va Moliya vazirligining 2008-yil 21-noyabrdagi 273-V-3, 108-sonli qaroriga asosan xatboshi bilan toʻldirilgan (roʻyxat raqami 1548-3, 05.01.2009-y.) — OʻR QHT, 2009-y., 1-2-son, 8-modda)
29. Oilaviy tadbirkorlik subyektlarini mazkur Nizomning 28-bandida koʻrsatilgan oilalarga kiritish fuqarolarni oʻzini oʻzi boshqarish organlari tomonidan oilalarni koʻzdan kechirish natijalaridan kelib chiqqan holda amalga oshiriladi va mikrokredit olish uchun tijorat bankiga taqdim qilish uchun belgilangan tartibda maʼlumotnoma beriladi.
30. Oilaviy tadbirkorlik subyektlariga mikrokreditlar tijorat banklari tomonidan Bandlik jamgʻarmasi kredit liniyasi hisobidan beriladi. Tijorat banklarida kredit liniyasi ochish uchun bank va Bandlik jamgʻarmasi oʻrtasida Bosh kelishuv tuziladi, unda oʻzaro majburiyatlar va ochilayotgan kredit liniyasiga xizmat koʻrsatishning asosiy shartlari, oilaviy tadbirkorlik subyektlarining kreditlanayotgan loyihalariga talablar belgilanadi.
31. Bandlik jamgʻarmasi tomonidan tijorat banklarida kredit liniyalarini ochish, kredit resurslaridan foydalanganlik uchun foizlar hisoblash va toʻlash, kredit resurslarini qaytarish va ularning oʻzaro javobgarliklari ushbu Nizomning VI-VII-boʻlimlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Bunda Bandlik jamgʻarmasi tomonidan oilaviy tadbirkorlik subyektlarini kreditlash uchun ajratilgan kredit resurslari Bandlik jamgʻarmasi kredit resurslari umumiy miqdorining 20 foizidan oshmasligi lozim.
32. Oilaviy tadbirkorlik subyektlariga beriladigan mikrokreditlar miqdori eng kam oylik ish haqining 150 baravarigacha boʻlgan miqdorini tashkil etadi va ular 2 yilgacha muddatga, qaytarish muddatini uzaytirish huquqisiz beriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
33. Oilaviy tadbirkorlikni tashkil etish uchun mikrokreditlardan foydalanganlik uchun foiz miqdori Markaziy bankning amaldagi qayta moliyalash stavkasining 1/4 qismini tashkil etadi.
(33-band Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi, Moliya vazirligining 2006-yil 16-iyuldagi 273-V-1, 67-sonli qarori (roʻyxat raqami 1548-1, 08.08.2006-y.) tahririda — OʻR QHT, 2006-y., 31-32-son, 326-modda)
34. Mikrokreditlarni qaytarish, 6 oylik imtiyozli davrni koʻzda tutgan holda, oilaviy tadbirkorlik subyekti boshligʻi va tijorat banki oʻrtasida tuziladigan kredit shartnomasida belgilangan muddatlarda amalga oshiriladi. Asosiy qarzni qaytarish va hisoblangan foizlarni toʻlash kredit shartnomasiga ilova qilingan jadvalga muvofiq amalga oshiriladi.
35. Oilaviy tadbirkorlik subyektlari tomonidan ularga xizmat koʻrsatuvchi banklarga mikrokreditlar berishni soʻrab mazkur Nizomning 59-bandida keltirilgan hujjatlar taqdim etiladi.
V. Tijorat banklari tomonidan budjetdan tashqari jamgʻarmalar kredit liniyalari hisobidan kichik biznes subyektlariga ishlab chiqarishni kengaytirish va faoliyatini rivojlantirish maqsadlari uchun mikrokreditlar berish tartibi
36. Budjetdan tashqari jamgʻarmalarning kredit liniyalari hisobidan ishlab chiqarishni kengaytirish va faoliyatini rivojlantirish maqsadlari uchun mikrokreditlar Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari boʻlgan kichik biznes subyektlari, qishloq joylarida xizmatlar koʻrsatish faoliyatini amalga oshirayotgan tadbirkorlik subyektlariga berilishi mumkin. Bunda xodimlarining 50 foizi va undan ortigʻini nogironlar, shu jumladan, Koʻzi ojizlar jamiyati aʼzolari tashkil etgan kichik biznes subyektlari, ushbu kredit liniyalari hisobidan mikrokredit olishda ustuvorlikka ega boʻladilar.
Budjetdan tashqari jamgʻarmalar kredit liniyalari hisobidan kreditlar kichik biznes subyektlariga ularning namunaviy yoki yakka tartibda ishlab chiqilgan investitsiya loyihalariga hamda tovarlar ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish sohasi bilan bogʻliq boʻlgan xarajatlarini moliyalashga beriladi.
Bunda ajratilayotgan kredit mablagʻlari xizmat koʻrsatish sohasida yangi tashkil etilayotgan korxonalarni faqat texnologik jihozlash maqsadlariga yoʻnaltiriladi.
(36-band Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi, Moliya vazirligining 2007-yil 12-oktabrdagi 273-V-2, 94-sonli qarori (roʻyxat raqami 1548-2, 08.11.2007-y.) tahririda — OʻR QHT, 2007-y., 45-son, 461-modda)
37. Budjetdan tashqari jamgʻarmalar kredit liniyalari hisobidan kreditlar yakka tartibdagi tadbirkorlar va yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan dehqon xoʻjaliklariga eng kam ish haqining 200 baravaridan hamda yuridik shaxs maqomini olib faoliyat koʻrsatayotgan tadbirkorlik subyektlariga eng kam ish haqining 1000 baravaridan koʻp boʻlmagan miqdorda beriladi.
(37-band Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi, Moliya vazirligining 2007-yil 12-oktabrdagi 273-V-2, 94-sonli qarori (roʻyxat raqami 1548-2, 08.11.2007-y.) tahririda — OʻR QHT, 2007-y., 45-son, 461-modda)
38. Budjetdan tashqari jamgʻarmalar mablagʻlari hisobidan ishlab chiqarishni kengaytirish va faoliyatini rivojlantirish maqsadlari uchun kichik biznes subyektlarini mikrokreditlash bank marjasi qoʻshib hisoblanadigan imtiyozli foiz stavkasi asosida amalga oshiriladi. Ushbu mikrokreditlarga doir imtiyozli foiz stavkasi Markaziy bankning amaldagi qayta moliyalash stavkasiga nisbatan qatʼiy foizlarda belgilanadi.
39. Budjetdan tashqari jamgʻarmalarning kredit liniyalari hisobidan beriladigan ushbu mikrokreditlar uchun imtiyozli foiz stavkasi kreditlanayotgan investitsiya loyihalarning yoʻnalishidan kelib chiqqan holda, quyidagi miqdorlarda belgilanadi:
dehqon va fermer xoʻjaliklarini rivojlantirish va kengaytirish, shu jumladan, qishloq xoʻjaligi texnikasini sotib olish, fermerlik inshootlarini qurish, chorvachilik, parrandachilikni rivojlantirish uchun mikrokreditlar Markaziy bankning amaldagi qayta moliyalash stavkasining 1/3 qismi miqdorida;
bevosita ishlab chiqarish sohasi, yaʼni mahsulotlar ishlab chiqarish, xomashyo va materiallarni tubdan qayta ishlash, hunarmandchilikni rivojlantirish, kasanachilik mehnatini tashkil etish, binokorlik materiallari ishlab chiqarish va qurilish maqsadlari uchun mikrokreditlar Markaziy bankning amaldagi qayta moliyalash stavkasining 40 foizi miqdorida;
Oldingi tahrirga qarang.
xizmatlar koʻrsatish va servis sohasini rivojlantirish uchun, jumladan, aholiga maishiy, tibbiy, sayyohlik-ekskursiya va mehmonxona xizmati koʻrsatish, avtomobillar va boshqa texnika taʼmiri boʻyicha xizmat koʻrsatish, transport xizmati koʻrsatishni rivojlantirish uchun Markaziy bankning amaldagi qayta moliyalash stavkasining 45 foizi miqdorigacha.
(39-bandning toʻrtinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi, Moliya vazirligining 2007-yil 12-oktabrdagi 273-V-2, 94-sonli qarori (roʻyxat raqami 1548-2, 08.11.2007-y.) tahririda —OʻR QHT, 2007-y., 45-son, 461-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(39-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi va Moliya vazirligining 2008-yil 21-noyabrdagi 273-V-3, 108-sonli qarori bilan chiqarilgan (roʻyxat raqami 1548-3-son, 05.01.2009-y.) — OʻR QHT, 2009-y., 1-2-son, 8-modda)
Budjetdan tashqari jamgʻarmalar kredit liniyalari hisobidan berilayotgan ushbu mikrokreditlar boʻyicha bank marjasi imtiyozli foiz stavkasining 50 foizi miqdorida belgilanadi. Bunda bank marjasi oʻrnatilgan imtiyozli foiz stavkalari miqdorining oshishiga olib kelmaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
Kichik va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishni ragʻbatlantirish Respublika muvofiqlashtiruvchi kengashi qarori bilan belgilangan tumanlardagi loyihalarni moliyalashtirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasi huzuridagi Tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash va korxonalarni tarkibiy oʻzgartirish jamgʻarmasi kredit liniyalari hisobidan beriladigan mikrokreditlar Markaziy bankning amaldagi qayta moliyalash stavkasining 50 foizi miqdorida ajratiladi.
(39-band Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi va Moliya vazirligining 2009-yil 21-noyabrdagi 33/2 va 112-sonli (roʻyxat raqami 1548-4, 30.12.2009-y.) qaroriga asosan beshinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2009-y., 52-son, 585-modda)
40. Budjetdan tashqari jamgʻarmalar kredit liniyalari tomonidan mikrokreditdan foydalanganlik uchun foizlar, imtiyozli davr belgilangan mikrokreditlarni istisno qilgan holda, ushbu kredit liniyalari ochilgan kundan boshlab hisoblanadi va undiriladi.
Imtiyozli davr oʻrnatilib berilgan mikrokreditlar boʻyicha foizlar ular berilgan kundan boshlab hisoblanadi va imtiyozli davr tugaganidan keyin undiriladi.
41. Dehqon va fermer xoʻjaliklariga qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishini tashkil etishga beriladigan mikrokreditlar, qoida tariqasida, 2 yildan kam boʻlmagan muddatga beriladi.
Budjetdan tashqari jamgʻarmalar kredit liniyalari hisobidan beriladigan boshqa barcha mikrokreditlar 3 yilgacha boʻlgan muddatga beriladi.
42. Budjetdan tashqari jamgʻarmalar kredit liniyalari hisobidan kichik biznes subyektlariga berilgan kreditlarning qaytarish muddatini uzaytirishga ruxsat berilmaydi.
43. Budjetdan tashqari jamgʻarmalar tomonidan ochilgan kredit liniyalari hisobidan mikrokreditlar berish va ular boʻyicha imtiyozli davr belgilash shartlari budjetdan tashqari jamgʻarmalarning oʻrnatilgan tartibda tasdiqlanadigan nizomlarida belgilab qoʻyilgan qoidalardan kelib chiqqan holda, tijorat banki va budjetdan tashqari jamgʻarma oʻrtasida tuziladigan Bosh kelishuvda belgilab olinadi.
44. Kichik biznes subyektlari tomonidan budjetdan tashqari jamgʻarmalar kredit liniyalari hisobidan oʻz ishlab chiqarishini kengaytirish va faoliyatini rivojlantirish maqsadlari uchun mikrokreditlar berishni soʻrab, ularning tashkiliy huquqiy shaklidan kelib chiqqan holda, mazkur Nizomning 59 va 60-bandlarida keltirilgan hujjatlar taqdim etiladi.
VI. Budjetdan tashqari jamgʻarmalar tomonidan tijorat banklarida kredit liniyalarini ochish tartibi
Oldingi tahrirga qarang.
45. Kredit liniyasini ochish uchun budjetdan tashqari jamgʻarma, shu jumladan, Mikrokreditbank va Bosh bank oʻrtasida Bosh kelishuv tuziladi. Bosh kelishuvda budjetdan tashqari jamgʻarma va Bosh bank oʻrtasida ochiladigan kredit liniyasiga xizmat koʻrsatishning asosiy shartlari boʻyicha oʻzaro majburiyatlar, investitsiya loyihalarga boʻlgan asosiy talablar, investitsiya loyihalarning oʻz-oʻzini qoplash muddatlari bilan bogʻliq holda kreditlash muddatlari, imtiyozli davr berish shartlari, imtiyozli foiz stavkasi, bank marjasi, banklarning viloyat va tuman boʻlimlari tomonidan kreditlar berish borasida oʻrnatiladigan limit (chegara) lar va boshqa shartlar belgilab olinadi.
(45-band Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi, Moliya vazirligining 2006-yil 16-iyuldagi 273-V-1, 67-sonli qarori (roʻyxat raqami 1548-1, 08.08.2006-y.) tahririda — OʻR QHT, 2006-y., 31-32-son, 326-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasi huzuridagi Tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash va korxonalarni tarkibiy oʻzgartirish jamgʻarmasi bilan bosh bank oʻrtasida tuziladigan bosh kelishuv Kichik va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishni ragʻbatlantirish Respublika muvofiqlashtiruvchi kengashi bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi. Bunda ushbu jamgʻarma tomonidan ochilgan kredit liniyalari hisobidan mikrokreditlar Kichik va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishni ragʻbatlantirish boʻyicha Respublika muvofiqlashtiruvchi Kengashi qarori bilan belgilangan tumanlardagi loyihalarni moliyalashtirish uchun yoʻnaltiriladi.
(45-band Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi va Moliya vazirligining 2009-yil 21-noyabrdagi 33/2 va 112-sonli qaroriga (roʻyxat raqami 1548-4,30.12.2009-y.) asosan xatboshi bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2009-y., 52-son, 585-modda)
46. Budjetdan tashqari jamgʻarmalar bir yoki bir necha tijorat banklari bilan kredit liniyasini ochish toʻgʻrisida Bosh kelishuvlarni tuzishlari mumkin. Shuningdek, tijorat banklari ham bir necha budjetdan tashqari jamgʻarmalar bilan shunday kelishuvlarni tuzishga haqli.
47. Dehqon va fermer xoʻjaliklarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi tomonidan ochilgan kredit liniyalari hisobidan mikrokreditlar faqat Fermer xoʻjaliklari uyushmasi aʼzolariga hamda dehqon xoʻjaliklariga, boshqa budjetdan tashqari jamgʻarmalar tomonidan ochilgan kredit liniyalari hisobidan kreditlar esa barcha kichik biznes subyektlariga maʼlum muddatlilik, qaytarishlik va toʻlovlilik tamoyillari asosida beriladi.
48. Budjetdan tashqari jamgʻarma va bosh tijorat banki oʻrtasida Bosh kelishuv imzolanganidan keyin, ular oʻrtasida kredit liniyasi ochish toʻgʻrisida kredit shartnomasi tuziladi. Shuningdek, kredit liniyalari ochish uchun kredit shartnomalari tijorat banklarining viloyat boʻlimlari, agar ularga Bosh bank tomonidan ushbu vakolat berilgan boʻlsa, va budjetdan tashqari jamgʻarmalarning viloyat boʻlinmalari oʻrtasida ham tuzilishi mumkin.
49. Bosh bank bilan tuziladigan kredit liniyasi ochish toʻgʻrisidagi kredit shartnomasiga quyidagi shartlar kiritilgan boʻlishi lozim:
bir yillik kredit liniyasining, unda dastlabki (boshlangʻich) sarmoyani shakllantirishga beriladigan kreditlar uchun ajratilgan qismini alohida koʻrsatgan holda hamda choraklar va viloyatlar boʻyicha boʻlingan holdagi miqdori;
bank marjasi chegirilgan imtiyozli foiz stavkasi;
kredit liniyalari mablagʻlari yoʻnaltiriladigan maqsadlar;
berilgan kreditlarning maqsadli ishlatilishi ustidan nazoratni amalga oshirish tartibi.
50. Budjetdan tashqari jamgʻarma tomonidan tijorat bankiga kredit berish toʻgʻrisidagi kredit shartnomasida ushbu mablagʻlar bank tomonidan kichik biznes subyektlari investitsiya loyihalarini moliyalash (oilaviy tadbirkorlik subyektlarini rivojlantirish, dastlabki (boshlangʻich) sarmoyani shakllantirish yoki boshqa) maqsadlariga kredit berishda kredit resurslari sifatida ishlatilishi alohida qayd etiladi.
51. Kredit shartnomasi imzolanganidan keyin budjetdan tashqari jamgʻarma har oyning 15-sanasidan kechiktirmay kredit liniyasi summasini tijorat bankining vakillik hisobvaragʻiga oʻtkazadi.
52. Budjetdan tashqari jamgʻarmalar kredit liniyalari hisobidan kichik biznes subyektlariga berilgan kreditlar 22005 — “Budjetdan tashqari jamgʻarmalardan olingan uzoq muddatli kreditlar” balans hisobvaragʻida hisobga olinadi.
53. Banklar ochilgan kredit liniyasi summasiga Bosh kelishuvda belgilab qoʻyilgan bank marjasi chegirilgan holdagi imtiyozli foiz stavkasi miqdorida foizlar hisoblaydi. Mazkur hisoblangan foizlar alohida hisobvaraqda jamlanadi va kredit shartnomasida kelishib olingan muddatlarda budjetdan tashqari jamgʻarmaning bank hisobvaragʻiga oʻtkazib beriladi.
54. Keyingi kredit liniyalarini ochish uchun budjetdan tashqari jamgʻarma va tijorat banki oʻrtasida kredit shartnomasiga yangi kredit liniyalari summasi koʻrsatilgan qoʻshimcha kelishuv imzolanadi.
55. Kredit liniyasining amal qilish muddati tugaganidan keyin Bosh bank budjetdan tashqari jamgʻarmalarning mablagʻlarini ularni qarzdorlar tomonidan amalda qaytarilishidan qatʼiy nazar, hisoblangan foizlarini qoʻshgan holda, budjetdan tashqari jamgʻarmaning bank hisobvaragʻiga qaytarishi shart.
Dehqon va fermer xoʻjaliklarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi tomonidan kredit liniyasi ochish uchun berilgan mablagʻlar, agar u mazkur kredit boʻyicha kafil sifatida ishtirok etgan boʻlsa, bank qarzdorlar tomonidan ushbu kreditning qaytarilmagan qismiga teng miqdorini chegirib tashlagan holda, mazkur mablagʻlarni uning bank hisobvaragʻiga qaytarib berishi shart.
56. Budjetdan tashqari jamgʻarma uning kredit liniyalari hisobidan kichik biznes subyektlariga berilgan mikrokreditlardan maqsadli foydalanilishini nazorat qilish maqsadida tijorat bankining oʻzida kredit yigʻma jildlarini oʻrganish hamda tijorat bankining vakili bilan birgalikda, joylarga chiqqan holda tekshirish huquqiga ega. Ushbu tekshirishlar natijasida berilgan kreditlardan maqsadli foydalanilmayotganligi aniqlangan holda, budjetdan tashqari jamgʻarma tijorat bankidan kredit liniyasining maqsadsiz ishlatilgan qismini muddatidan oldin qaytarishini talab qilishga haqli. Tijorat banki budjetdan tashqari jamgʻarmaning ushbu talabini bank va budjetdan tashqari jamgʻarma oʻrtasida tuzilgan kredit shartnomasida belgilangan shartlar asosida bajarishga majburdir.
57. Tijorat banklari budjetdan tashqari jamgʻarmalar kredit liniyalarini oʻzlashtirish holati toʻgʻrisida har chorakda budjetdan tashqari jamgʻarmalarga va har oyda Markaziy bankga, ushbu kreditlarni olgan kichik biznes subyektlari reyestrini ilova qilgan holda, hisobot taqdim etadilar. Ushbu hisobotlardagi maʼlumotlar asosida har chorakda bank va budjetdan tashqari jamgʻarma oʻrtasida mablagʻlarning ishlatilishi haqida oʻzaro solishtiruv dalolatnomasi tuziladi.
VII. Budjetdan tashqari jamgʻarmalar kredit liniyalari hisobidan kredit berish toʻgʻrisidagi kichik biznes subyektlarining buyurtmalarini tijorat banklari tomonidan koʻrib chiqish tartibi
58. Kichik biznes subyektlari budjetdan tashqari jamgʻarmalar kredit liniyalari hisobidan kredit olish uchun oʻzlariga xizmat koʻrsatuvchi bankga murojaat qilishlari lozim.
Budjetdan tashqari jamgʻarmalar kredit liniyalari hisobidan kreditlar olish haqidagi buyurtmada budjetdan tashqari jamgʻarma nomi va soʻralayotgan kredit summasi koʻrsatiladi.
59. Yakka tartibdagi tadbirkorlar va yuridik shaxs maqomini olmasdan faoliyat koʻrsatayotgan dehqon xoʻjaliklari tomonidan mikrokreditlar olish uchun bankga quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
mikrokredit olish uchun kredit buyurtmasi;
pul oqimi tahlili majburiy tarzda koʻrsatilgan biznes-reja;
mikrokreditning qaytarilish taʼminoti.
60. Yuridik shaxs maqomini olib faoliyat koʻrsatayotgan kichik biznes subyektlari tomonidan mikrokreditlar olish uchun bankga quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
mikrokredit olish uchun kredit buyurtmasi;
pul oqimi tahlili majburiy tarzda koʻrsatilgan biznes-reja;
oxirgi hisobot sanasiga Davlat soliq xizmatining mahalliy (tuman) idorasi tomonidan tasdiqlangan buxgalterlik balansi (1-shakl), debitorlik va kreditorlik qarzi haqidagi maʼlumotnoma (2a-shakl), shuningdek, 90 kundan ortiq muddatdagi qarzdorlikni solishtirish dalolatnomalari, moliyaviy natijalari haqida hisobot (2-shakl), dehqon xoʻjaliklari ushbu hisobotlarni taqdim etmaydilar;
mikrokreditning qaytarilish taʼminoti.
61. Olingan mikrokreditni qaytarmaslik xatarining oldini olish maqsadida qarz oluvchi tez va erkin sotilish talablariga javob beradigan taʼminotga ega boʻlishi kerak. Qarz oluvchi bankga quyidagi taʼminot turlarining birini yoki bir nechtasini taqdim etishi mumkin:
mulk yoki qimmatli qogʻozlar garovi;
bank yoki sugʻurta tashkiloti kafolati;
uchinchi shaxsning kafilligi;
sugʻurta kompaniyasining qarz oluvchining kreditni qaytara olmaslik xatarini sugʻurta qilingani toʻgʻrisidagi sugʻurta polisi.
Kredit hisobiga sotib olingan mulk, uning qiymatining 80 foizi miqdorida mazkur kredit boʻyicha garov predmeti boʻlib xizmat qilishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
(61-bandning yettinchi va sakkizinchi xatboshilari Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi, Moliya vazirligining 2006-yil 16-iyuldagi 273-V-1, 67-sonli qaroriga (roʻyxat raqami 1548-1, 08.08.2006-y.) muvofiq chiqarilgan — OʻR QHT, 2006-y., 31-32-son, 326-modda)
62. Banklar oʻzlari bilan doimiy aloqaga ega boʻlgan, bank hisobvaragʻida muntazam pul oqimi mavjud, yaxshi obroʻ va kredit tarixiga ega qarz oluvchilarga, mazkur Nizomning 60-bandida koʻrsatilgan taʼminotni talab qilmay, blankli (ishonchli) mikrokredit berish huquqiga egadirlar.
Oldingi tahrirga qarang.
63. Kafillik bank foydasiga kafil va qarz oluvchi oʻrtasida tuziladigan yozma shakldagi 3 (uch) nusxada kafillik shartnomasi bilan rasmiylashtiriladi. Ushbu shartnomaning oxirgi betida kafil va qarzdor imzolaridan keyin, bank tomonidan mazkur kafillik qabul qilinganligi toʻgʻrisida bank filiali boshqaruvchisi tomonidan imzolangan va dumaloq muhr qoʻyilgan yozuv kiritiladi.
(63-band Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi, Moliya vazirligining 2006-yil 16-iyuldagi 273-V-1, 67-sonli qarori (roʻyxat raqami 1548-1, 08.08.2006-y.) tahririda — OʻR QHT, 2006-y., 31-32-son, 326-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
Qarz oluvchi olingan mikrokreditni va unga hisoblangan foizlarni kredit shartnomasida belgilangan muddatlarda toʻlamagan taqdirda bank Oʻzbekiston Respublikasining “Mikromoliyalash toʻgʻrisida”gi Qonunining 20-moddasiga koʻra ushbu mikrokreditni kafilning bank hisobvaragʻidan kafillik shartnomasida belgilangan tartibda undirib olish huquqiga ega
(63-band Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi, Moliya vazirligining 2007-yil 12-oktabrdagi 273-V-2, 94-sonli qarori (roʻyxat raqami 1548-2, 08.11.2007-y.) asosida xatboshi bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2007-y., 45-son, 461-modda)
64. Kredit shartnomasi tuzilganidan soʻng kredit boʻlimi xodimi, muddati va foiz stavkasini koʻrsatgan holda, ssuda hisobvaragʻini ochish toʻgʻrisida bank buxgalteriyasiga koʻrsatma beradi.
65. Mikrokredit berish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan vaqtdan boshlab qarz oluvchiga kredit varaqchasi ochiladi va uning yordamida kredit ustidan nazorat amalga oshiriladi.
66. Kichik biznes subyektlarining Dehqon va fermer xoʻjaliklarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi kredit liniyalari hisobidan kredit olish toʻgʻrisidagi kredit buyurtmalarini koʻrib chiqishda, kreditni qaytarishning taʼminoti sifatida, Markaziy bankning normativ huquqiy hujjatlarida koʻzda tutilgan boshqa taʼminot shakllari bilan bir qatorda, mazkur jamgʻarma kafilligi ham qabul qilinishi mumkin.
67. Kredit soʻrab, mazkur Nizomning 59 va 60-bandlarida koʻrsatilgan barcha zarur hujjatlar ilova qilingan holda, berilgan kredit buyurtmasi bankga kelib tushgan kundan boshlab, ushbu arizani bank tomonidan koʻrib chiqib, rozilik bildirishi yoki yozma ravishda asoslantirilgan rad javobini berish muddati quyidagicha belgilanadi:
oilaviy tadbirkorlik subyektlari, yakka tartibdagi tadbirkorlar va yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan dehqon xoʻjaliklarining hamda yuridik shaxs maqomini olib faoliyat koʻrsatayotgan dehqon xoʻjaliklari, mikrofirmalar, kichik korxonalar va fermer xoʻjaliklarining dastlabki (boshlangʻich) sarmoyani shakllantirishga mikrokreditlar berish borasidagi kredit buyurtmasini koʻrib chiqish muddati 5 ish kunidan;
boshqa mikrokreditlarni berish toʻgʻrisidagi kredit buyurtmalarni koʻrib chiqish muddati 10 ish kunidan oshmasligi kerak.
68. Tijorat banki filiali kredit qoʻmitasining qarori uzil-kesil boʻlib budjetdan tashqari jamgʻarma kredit liniyasi hisobidan kreditlar berishni amalga oshirish uchun asos hisoblanadi.
Bunda budjetdan tashqari jamgʻarmalar tomonidan kichik biznes subyektlarini ularga murojaat qilishini talab qilishi, shuningdek, tijorat banklaridan mazkur kreditlarni ajratishga doir qarorlar va shu masala bilan bogʻliq boshqa hujjatlarni talab qilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
69. Tijorat banki kredit qoʻmitasi tomonidan kichik biznes subyektining investitsiya loyihasi maʼqullanganidan keyin budjetdan tashqari jamgʻarmaning kredit liniyasida mablagʻ mavjud boʻlmasa, bank boʻlimi shu kunning oʻzida Bosh bankga yoki ushbu bankning viloyat boʻlimiga mazkur kredit liniyasi boʻyicha qoʻshimcha mablagʻlar ajratish haqidagi buyurtmani yoʻllaydi.
Bank boʻlimining buyurtmasi asosida Bosh bank yoki uning viloyat boʻlimi buyurtma olingan kunning ertasidan kechiktirmay tegishli budjetdan tashqari jamgʻarma kredit liniyasi hisobidan talab qilinayotgan summani ajratadi.
Agar budjetdan tashqari jamgʻarmaning Bosh tijorat bankida ochilgan kredit liniyasida mablagʻlar mavjud boʻlmasa, Bosh bank shu kunning oʻzidayoq bu haqda bank boʻlimiga xabar beradi va bir vaqtning oʻzida, budjetdan tashqari jamgʻarmaga qoʻshimcha mablagʻlar ajratish haqidagi talabnomani joʻnatadi.
70. Tijorat banki filiali budjetdan tashqari jamgʻarmaning kredit liniyasida mablagʻlar vaqtinchalik mavjud emasligi haqidagi xabarni olganidan keyin, ushbu xabar olingan kunning ertasidan kechiktirmay, qarz oluvchini bu haqda xabardor qiladi. Ayni vaqtda, bank filialining kredit qoʻmitasi tomonidan investitsiya loyihalari maʼqullangan barcha qarz oluvchilarning nomi, ularning kredit buyurtmalarini bank filiali kredit qoʻmitasi tomonidan maʼqullangan sanasidan kelib chiqqan holda, kalendar navbati asosida kiritilgan roʻyxat tuzadi.
Bank boʻlimi tomonidan kredit olish uchun navbatda turganlar roʻyxati har bir budjetdan tashqari jamgʻarma boʻyicha alohida tuziladi va operatsiyalar zali (front ofis)ning koʻrinadigan joyiga barchaning tanishishi uchun osib qoʻyiladi. Ushbu roʻyxatning bank filiali boshqaruvchisi tomonidan imzolangan nusxalari tijorat bankining viloyat boʻlimiga va Markaziy bankning hududiy Bosh boshqarmasiga nazorat olib borish uchun taqdim etiladi.
Budjetdan tashqari jamgʻarmaning kredit liniyasiga mablagʻ kelib tushganidan keyin, shu kredit liniyasi hisobidan kreditlar berish qatʼiy ravishda tuzilgan roʻyxat asosida, mazkur kredit liniyasi hisobidan kreditlar olish uchun berilgan arizalarning sanasiga muvofiq, kalendar navbati bilan amalga oshiriladi.
71. Qarzdorlar investitsiya loyihalarning texnik-iqtisodiy asoslanganligiga, taqdim etilayotgan maʼlumotlarning haqiqiyligi va ishonchliligiga, loyihalarni amalga oshirish parametrlari texnik-iqtisodiy asoslanishlariga muvofiq va biznes-rejadan kelib chiqqan holda amalga oshirilishi borasida amaldagi qonunchilikda belgilangan tarzda javobgar boʻladilar.
VIII. Mikrokreditlarni berish, hisobini yuritish va ulardan foydalanish monitoringini amalga oshirish tartibi
72. Mikrokreditlar mijozning asosiy talab qilib olinguncha depozit hisobvaragʻi ochilgan banklar tomonidan beriladi.
Mikrokreditlar alohida ssuda hisobvaragʻini ochish va ushbu hisobvaraqdan qarzdorning toʻlov topshiriqnomalari asosida tovar-moddiy boyliklar uchun naqd pulsiz shaklda toʻlash yoʻli bilan amalga oshiriladi.
Yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan yakka tartibdagi tadbirkorlar va dehqon xoʻjaliklariga eng kam ish haqining 200 baravaridan koʻp boʻlmagan miqdorda beriladigan, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga hamda dastlabki (boshlangʻich) sarmoyani shakllantirishga ajratilgan mikrokredit umumiy summasining 50 foizini naqd pul bilan 1,5 yil (18 oy) muddatga berishga ruxsat etiladi.
Shuningdek, yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan dehqon xoʻjaliklari va fermer xoʻjaliklariga qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishini tashkil etish va rivojlantirish uchun eng kam ish haqining 1000 baravari miqdorigacha milliy valyutada ajratilgan mikrokredit umumiy summasining 50 foizini naqd pul bilan 1,5 yil (18 oy) muddatga faqat chorva mollari, parranda, koʻchat, urugʻlik va em-xashakni aholidan sotib olish uchun berilishiga ruxsat etiladi. Bunda sanoat yoʻli bilan qayta ishlash asosida tayyorlangan chorva ozuqalarini sotib olish uchun mikrokredit hisobidan naqd pul berilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
(72-bandning uchinchi va toʻrtinchi xatboshilari Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi, Moliya vazirligining 2007-yil 12-oktabrdagi 273-V-2, 94-sonli qarori (roʻyxat raqami 1548-2, 08.11.2007-y.) tahririda — OʻR QHT, 2007-y., 45-son, 461-modda)
Kichik biznesning boshqa subyektlariga mikrokreditlar naqd pulsiz shaklda beriladi.
Naqd pul bilan berilgan mikrokreditlarni qaytarish va ularning naqd pulda berilgan qismiga hisoblangan foizlar toʻlovi majburiy ravishda faqat naqd pulda amalga oshiriladi.
73. Yakka tartibdagi tadbirkorlarga hamda oilaviy tadbirkorlik subyektlariga berilgan mikrokreditlar bank balansida 15000 – “Yakka tartibdagi tadbirkorlarga berilgan uzoq muddatli kreditlar” balans hisobvaragʻida yuritiladi.
74. Alohida ssuda hisobvaraqlari boʻyicha tegishli bank xodimining koʻrsatmasiga koʻra berilgan mikrokreditlarga muddatli majburiyatnomalar rasmiylashtiriladi va ular toʻla qaytarilgunga qadar 91905 – “Qarzdorlarning uzoq muddatli kreditlar va lizing boʻyicha majburiyatlari” nomli koʻzda tutilmagan holatlar hisobvaraqlarida hisobga olinadi.
75. Mikrokreditlarni qaytarish muddati kelgan vaqtda qarzdorning asosiy talab qilib olinguncha depozit hisobvaragʻida kreditni qaytarish uchun mablagʻlar mavjud boʻlmagan taqdirda, mazkur kredit muddati oʻtgan ssudalar hisobvaragʻiga oʻtkaziladi, ular boʻyicha muddatli majburiyatnomalar toʻlovi esa, 2-son kartoteka orqali kalendar navbatida amalga oshiriladi.
76. Mikrokreditbank tomonidan tijorat banklariga kredit liniyasi ochish uchun taqdim etilgan mablagʻlarning hisobi Mikrokreditbankda 14500 — “Boshqa banklarga berilgan uzoq muddatli kreditlar” hisobvaragʻida yuritiladi.
Tijorat banklari tomonidan Mikrokreditbank kredit liniyalaridagi mablagʻlar hisobini 22006 — “Boshqa banklardan olingan uzoq muddatli kreditlar” balans hisobvaragʻida yuritiladi.
77. Tijorat banklari Mikrokreditbank kredit liniyalarini oʻzlashtirishning ahvoli toʻgʻrisida har chorakda Mikrokreditbankga, ushbu kreditlarni olgan kichik biznes subyektlari roʻyxatini ilova qilgan holda, axborot taqdim etadilar. Ushbu axborotlar maʼlumotlari boʻyicha har chorakda tijorat banki bilan Mikrokreditbank oʻrtasida mablagʻlarni ishlatishni solishtirish dalolatnomalari tuziladi.
78. Tijorat banki kredit liniyalaridagi mablagʻlarning kichik biznes subyektlarini kredit shartnomasida belgilab olingan shartlar asosida kreditlash uchun ishlatilmay qolgan qismiga budjetdan tashqari jamgʻarmalarga va Mikrokreditbankga Markaziy bankning amaldagi qayta moliyalash stavkasi miqdoridan kam boʻlmagan miqdorda foiz toʻlaydi.
(76—78-bandlar Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi, Moliya vazirligining 2006-yil 16-iyuldagi 273-V-1, 67-sonli qarori (roʻyxat raqami 1548-1, 08.08.2006-y.) tahririda — OʻR QHT, 2006-y., 31-32-son, 326-modda)
79. Tijorat banklari kreditdan foydalanishning butun muddati davomida doimiy monitoring oʻrnatadilar. Doimiy monitoring qarzdorning investitsiya loyihasini va kredit shartnomasi shartlarini amalga oshirilishiga har tomonlama koʻmaklashishga qaratilgan boʻlishi lozim.
80. Monitoring jarayonida mijozning xoʻjalik-moliyaviy faoliyati, uning tomonidan tuzilgan shartnoma (buyurtma)lar asosida mahsulot yetkazib berish majburiyatlarining bajarilayotganligi, ishlab chiqarish hajmi, noishlab chiqarish xarajatlari va yoʻqotishlar, muomala xarajatlari, foyda, oʻzining mavjud aylanma mablagʻlari dinamikasi, tovar-moddiy boyliklar zaxirasi holati, aylanma mablagʻlarning aylanishi tahlil qilinadi. Bank qarzdorning kreditga qobiliyatliligining doimiy monitoringini amalga oshiradi va uni qarzdor uchun ochilgan maxsus jildda tizimlashtirib boradi.
Bankga berilgan garovning holati va berilgan kreditdan maqsadli va samarali foydalanilayotganligi joyiga chiqib tekshiriladi.
81. Berilgan kreditlardan boshqa maqsadlarda foydalanish holatlari aniqlangan holda, bank qarzdorni bundan keyin kreditlashni rad etishga, qarzdordan kredit summasini muddatidan oldin qaytarib olishga va hisoblangan foizlarni kredit shartnomasida belgilangan shartlar asosida jarima belgilashga va muddatidan oldin undirib olishga haqlidir.
82. Qarzdor tomonidan olingan kredit boʻyicha asosiy qarz va unga hisoblangan foizlar kredit shartnomasida kelishilgan muddatda qaytarilmasa, bank Fuqarolik kodeksining 280-moddasi ikkinchi qismi asosida, mustaqil ravishda sudga murojaat qilmasdan, garov mulkini tasarruf qilish huquqiga ega boʻladi.
83. Qarzdor kredit boʻyicha qarzi va hisoblangan foizlarni kredit shartnomasi shartlari asosida toʻlashdan yoki garov shartnomasi shartlari asosida garov mulkini bank tasarrufiga berishdan bosh tortgan holda, bank ushbu mikrokreditni qonun hujjatlarida belgilangan tartib undiradi.
84. Qarz oluvchining taʼminoti mikrokredit boʻyicha asosiy qarzdorlik va unga hisoblangan foizlarni qaytarishga yetmagan taqdirda, bank, mazkur qarzni qaytarishni qarz oluvchining likvidli mol-mulki, shu jumladan, ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilma obyektlari, transport vositalari, kompyuter hamda korxona va tashkilotlarning boshqa likvidli aktivlari hisobiga Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 4-dekabrdagi 422-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Banklarni kreditlari boʻyicha qarzdorlik oʻz vaqtida qaytarilmagan taqdirda undiruvni qarzdorlarning likvidli mol-mulkiga qaratish Tartibi”ga muvofiq amalga oshirishi mumkin.
85. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Savdo va sanoat palatasi, Oʻzbekiston Respublikasi fermer xoʻjaliklari uyushmasi bilan kelishilgan.
Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vaziri O. OBIDOV
Toshkent sh.,
2005-yil 31-dekabr,
Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasi raisi G. SAIDOVA
Toshkent sh.,
2005-yil 31-dekabr,
Savdo-sanoat palatasi raisi v.b. N. QOSIMOV
Toshkent sh.,
2005-yil 31-dekabr,
Oʻzbekiston fermer xoʻjaliklari uyushmasi raisi S. QOBILOV
Toshkent sh.,
2005-yil 31-dekabr,
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 8-son, 60-modda; 31-32-son, 326-modda; 2007-y., 45-son, 461-modda; 2009-y., 1-2-son, 8-modda, 52-son, 585-modda)