Toshkent shahrida yo‘lovchi transportini tashkil etish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida
LexUZ sharhi
Mazkur Farmon O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Keyingi yillarda Toshkent shahri aholisiga transport xizmati ko‘rsatishni yaxshilash bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirildi. Avtobuslar parki izchil yangilanmoqda, servis xizmati tarmog‘i tashkil etilgan va bu yo‘lovchilar tashish xavfsizligini oshirish imkonini bermoqda. Shahar yo‘lovchi transportining yangi, muntazam yo‘nalishlari ochildi, metropolitenning Yunusobod yo‘nalishi ishga tushirilishi ta’minlandi, xususiy yo‘lovchi tashuvchilar ko‘rsatayotgan xizmatlar hajmini oshirish imkonini beradigan qonunchilik va me’yoriy-huquqiy baza yaratildi.
Shu bilan birga, jamoat transportida aholiga xizmat ko‘rsatish tizimida bozor mexanizmlarini joriy etish jarayoni sust bormoqda. Xususiy yo‘lovchi tashuvchilarning tender savdolarida ishtirok etishida va yo‘lovchilarga transport xizmati ko‘rsatishidagi turli cheklashlar transport xizmatlari bozori rivojiga to‘sqinlik qilmoqda. “Toshshaharyo‘lovchitrans” aksiyadorlik kompaniyasida korxonalarning nizom jamg‘armasidagi davlat ulushini qisqartirish bo‘yicha maqsadli ishlarning amalga oshirilmayotgani avtobus parklari, haydovchilar va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarning yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash, yo‘nalishlarda vaqtida va ishonchli harakatlanish hamda harakatlanuvchi tarkibni saqlash va yo‘lovchi tashish tannarxini pasaytirish borasidagi mustaqilligi, moddiy manfaatdorligi va mas’uliyatini oshirish imkonini bermayapti.
Toshkent shahri aholisiga transport xizmati ko‘rsatishni yanada takomillashtirish, barcha mulkchilik shaklidagi yo‘lovchi tashuvchilar o‘rtasida oshkora raqobat uchun qulay sharoit yaratish, ko‘rsatilayotgan xizmatlarning sifat standartlariga mos bo‘lishi va yo‘nalishlarda harakat jadvallariga rioya etish darajasini oshirish, yo‘lovchi tashishlar bo‘yicha buyurtmachi va pudratchi vazifalarini aniq belgilash, yo‘lovchi transporti xodimlari moddiy manfaatdorligini kuchaytirish, noishlab chiqarish va ma’muriy-boshqaruv xarajatlarini kamaytirish maqsadida:
1. “Toshshaharyo‘lovchitrans” aksiyadorlik kompaniyasi Kengashining mazkur kompaniyani tugatish to‘g‘risidagi qarori ma’qullansin.
Oldingi tahrirga qarang.
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 11-oktabrdagi PF-4573-sonli Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — O‘R QHT, 2013-y., 41-son, 544-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(3-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 11-oktabrdagi PF-4573-sonli Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — O‘R QHT, 2013-y., 41-son, 544-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(4-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 11-oktabrdagi PF-4573-sonli Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — O‘R QHT, 2013-y., 41-son, 544-modda)
5. “Toshshahartransxizmat” uyushmasi avtobus parklarining davlat aktivlarini xususiy mulk sifatida sotish mexanizmini ishlab chiqish bo‘yicha Ishchi komissiya 2-ilovaga* muvofiq tashkil etilsin.
2006—2010-yillar mobaynida “Toshavtobustrans” kompaniyasi avtobus parklarining davlatga tegishli aksiyalar paketlari hamda O‘zbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan jalb etilgan xorijiy kreditlar hisobiga xarid qilingan avtobuslarni, mulk qiymatini baholash, sotish bosqichlari, to‘lov jadvallari va investorlarning davlat aktivlarini sotib olishdan manfaatdorligini oshirishga yordam beruvchi mexanizmlarni ko‘zda tutgan holda, xususiy mulk qilib sotish tartibi to‘g‘risida;
jahon tajribasini o‘rganish asosida, yo‘l haqi to‘lashni soddalashtirish, mablag‘larni to‘liq yig‘ib olish va xizmat ko‘rsatishdan tushgan pulni yashirishdan iborat suiiste’molliklarning oldini olishga alohida e’tibor qaratgan holda, jamoat transportida yo‘l haqini to‘lash tizimini bosqichma-bosqich takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqsin va kiritsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(6-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 28-avgustdagi PF-5525-sonli Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan)
7. Toshkent shahar hokimligi jamoat yo‘lovchi transportini qayta tashkil etish va isloh qilish bo‘yicha mazkur Farmonda ko‘zda tutilgan tadbirlarni amalga oshirishda shahar transportida yo‘lovchi tashish tariflari oshishining oldini olishga qaratilgan barcha choralarni ko‘rsin.
“Toshshahartransxizmat” uyushmasi va Toshkent shahar hokimligi Yo‘lovchi transportining barcha turlari harakatini litsenziyalash va muvofiqlashtirish departamenti faoliyatini tashkil etish masalalari bo‘yicha qaror loyihasini kiritsin;
avtobus parklari va elektr transporti korxonalari rahbarlarini attestatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha komissiya tuzsin, uni o‘tkazish muddatlari, attestatsiyadan o‘tadigan shaxslar hamda xizmat vazifalari bajarilishini baholash mezonlarini belgilasin.
9. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.