Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qoʻmitasi faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qoʻmitasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2026-yil 12-maydagi PQ-178-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qoʻmitasi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qoʻmitasi huzuridagi Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi sohasini rivojlantirish jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi va Sogʻliqni saqlash vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
3. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A. Xodjayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2026-yil 21-iyul,
396-son
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 21-iyuldagi 396-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qoʻmitasi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qoʻmitasining (keyingi oʻrinlarda — Qoʻmita) maqomi, asosiy vazifalari, funksiyalari, huquqlari va javobgarligi, faoliyatini tashkil etish tartibi, shuningdek, Qoʻmita raisi va uning oʻrinbosarlarining asosiy funksional vazifalari va javobgarligini belgilaydi.
2. Qoʻmita oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi, fitosanitariya va veterinariya sohasini tartibga solish va nazorat qilish boʻyicha yagona davlat siyosatini amalga oshiruvchi alohida mustaqil maqomga ega respublika ijro etuvchi hokimiyat organi hisoblanadi.
3. Qoʻmita oʻz faoliyati boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasi (Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining investitsiyalar, eksport, savdo, qishloq va suv xoʻjaligi masalalariga masʼul oʻrinbosari)ga hisobot beradi.
4. Qoʻmita oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, shuningdek, ushbu Nizom va boshqa qonunchilik hujjatlariga amal qiladi.
5. Qoʻmitaning oʻz vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan ijro etilishi majburiy hisoblanadi.
6. Qoʻmita yuridik shaxs hisoblanadi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va oʻz nomi yozilgan muhrga va blankalarga, mustaqil balansga, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasida shaxsiy gʻazna hisobvaraqlariga, shu jumladan, xorijiy valyutadagi shaxsiy gʻazna hisobvaraqlariga ega boʻladi.
7. Qoʻmitaning rasmiy nomi:
a) davlat tilida:
toʻliq nomi — Oʻzbekiston Respublikasi Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qoʻmitasi;
qisqartirilgan nomi — Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qoʻmitasi;
b) rus tilida:
toʻliq nomi — Komitet po bezopasnosti pishevoy produksii Respubliki Uzbekistan;
qisqartirilgan nomi — Komitet pishevoy bezopasnosti;
v) ingliz tilida:
toʻliq nomi — Food Safety Committee of the Republic of Uzbekistan;
qisqartirilgan nomi — Food Safety Committee.
8. Qoʻmita joylashgan joy (pochta manzili): 100100, Toshkent shahri, Yakkasaroy tumani, Bobur 1-tor koʻchasi, 17-uy.
2-bob. Qoʻmitaning tuzilmasi
9. Qoʻmita tuzilmasiga quyidagilar kiradi:
Qoʻmitaning markaziy apparati;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qoʻmitasi, viloyatlar va Toshkent shahar oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi bosh boshqarmalari (keyingi oʻrinlarda — hududiy boshqarmalar);
Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar, tuman (shahar) oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi inspeksiyalari;
Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi instituti;
Oziq-ovqat mahsulotlari, veterinariya hamda fitosanitariya laboratoriyalari majmuasi va uning hududiy filiallari;
Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi boʻyicha mutaxassislar malakasini oshirish instituti;
Hayvonlarni identifikatsiya qilish, roʻyxatga olish va kuzatish markazi;
Veterinariya va chorvachilik sohasida pedagog hamda mutaxassis kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti;
Agrokimyo va tuproq tahlili markazi va uning mintaqaviy filiallari;
Oʻsimliklarni himoya qilish va veterinariya dori vositalari tahlil markazi;
Chegara oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi nazorati inspeksiyasi;
Chigirtka va tut parvonasiga qarshi kurashish xizmati va uning viloyat boʻlinmalari;
Oʻsimliklar karantini va himoyasi ilmiy-tadqiqot instituti va uning mintaqaviy filiallari;
Veterinariya ilmiy-tadqiqot instituti;
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti, uning filiallari hamda akademik litseyi;
Binolardan foydalanish va qurilish-taʼmirlash ishlari direksiyasi.
3-bob. Qoʻmitaning vazifalari va funksiyalari
10. Quyidagilar Qoʻmitaning asosiy vazifalari hisoblanadi:
oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi, veterinariya va fitosanitariya sohalarida yagona davlat siyosati va nazoratini amalga oshirish;
respublika hududidagi oʻsimliklar va hayvonlar kasalliklarining hamda zararkunandalarining kirib kelishi va tarqalishining oldini olish, ularga qarshi kurashishning samarali usullarini belgilash va amalga oshirish hamda ijrosini nazorat qilish;
“daladan dasturxongacha” tamoyili asosida oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi sohasida xavf tahliliga asoslangan davlat nazoratini amalga oshirish;
oziq-ovqat mahsulotlari isteʼmoli bilan bogʻliq kasalliklarning sabablarini tahlil qilish, jamoat salomatligi va isteʼmolchilar manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan chora-tadbirlarni muvofiqlashtirish;
oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi sohasida xalqaro hamkorlikni amalga oshirish, sohaga raqamli texnologiyalarni joriy etish hamda ilmiy yutuqlar, ilgʻor ilmiy ishlanmalar va innovatsion texnologiyalardan keng foydalanishni taʼminlash.
11. Qoʻmita oʻziga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
a) oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi, veterinariya va fitosanitariya sohalarida yagona davlat siyosati va nazoratini amalga oshirish sohasida:
qonunchilik hujjatlari, milliy standartlar, qoidalar va normalar, maqbul ishlab chiqarish amaliyotlari (Good Practices), shuningdek, ulardan foydalanish qoʻllanmalarini xalqaro talablarga muvofiq holda ishlab chiqadi va ularning amaliyotga joriy etilishini taʼminlaydi;
oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi, veterinariya va fitosanitariya sohalaridagi yagona davlat siyosatining ustuvor hamda strategik yoʻnalishlarini ishlab chiqadi va amalga oshiradi;
oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi, veterinariya va fitosanitariya sohalari boʻyicha mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtiradi hamda idoralararo hamkorlikni taʼminlaydi;
oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi, veterinariya va fitosanitariya sohalaridagi litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillarini amalga oshiradi hamda davlat xizmatlarini koʻrsatadi;
mineral oʻgʻitlar va oʻsimliklarni himoya qilishda qoʻllanadigan kimyoviy vositalar bilan ulgurji va chakana savdo qilish faoliyati uchun litsenziya beradi;
oziq-ovqat biznesi operatorlari, yangi turdagi oziq-ovqat mahsulotlari, kimyolashtirish vositalari, oziq-ovqat qoʻshimchalari, oʻsimliklarni himoya qilish vositalari, veterinariya dori vositalari va ozuqabop qoʻshimchalarni davlat roʻyxatidan oʻtkazadi va ularning reyestrini yuritadi;
oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini tajriba sifatida qoʻllashga ruxsatnoma beradi;
veterinariya dori vositalari va ozuqabop qoʻshimchalarning sifati va muomalasi yuzasidan davlat nazoratini amalga oshiradi;
oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi, veterinariya va fitosanitariya sohalarida oziq-ovqat mahsulotlarining xavf darajasini (yuqori, oʻrta va past) baholash, tasniflash hamda mazkur xavf darajalariga muvofiq davlat nazorati boʻyicha choralar koʻrib boradi;
xatar omillari aniqlanganda, xavflarni baholash asosida oziq-ovqat mahsulotlari savdosi va (yoki) importini cheklovchi vaqtincha choralarni qoʻllaydi hamda xavfli deb topilgan mahsulotlarni muomaladan qaytarib olish choralarini koʻradi;
qonunchilik va huquqni qoʻllash amaliyotini tahlil qilib boradi;
korrupsiya va boshqa jinoyatlarning oldini olish boʻyicha choralar koʻradi, shuningdek, tegishli idoralarga murojaat qilib boradi;
oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi, fitosanitariya va veterinariya sohalaridagi faoliyatning tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;
Oʻzbekiston Respublikasi ishtirokchi boʻlgan xalqaro shartnomalarning oʻz faoliyati sohalariga taalluqli qismining ijrosini taʼminlab boradi;
oziq-ovqat biznesi operatorlari faoliyati, xalqaro amaliyotlarni qoʻllash tajribasiga asoslangan sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari talablariga rioya etilishini nazorat qilish uslubiyotini ishlab chiqadi;
sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari, veterinariya, veterinariya-sanitariya qoidalarini, fitosanitariya talablariga rioya etilishi boʻyicha belgilangan tartibda tekshirishlar oʻtkazadi va qonun buzilishlari yuzasidan javobgarlik choralarini qoʻllaydi;
oziq-ovqat mahsulotlari isteʼmolchilarining huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga rioya etilishini nazorat qilib boradi;
oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi, veterinariya va fitosanitariya sohalarida laboratoriyalar faoliyatini yoʻlga qoʻyadi, bunda xususiy sektor ishtirokini kengaytirib boradi;
Oʻzbekiston Respublikasiga olib kiriladigan va respublika hududida ishlab chiqariladigan biologik faol qoʻshimchalar muomalasini tartibga soladi va nazorat qiladi;
naslchilik mahsulotini (materialini) yetishtirish va uning texnologik jarayonlarini muvofiqlashtirilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
veterinariya va naslchilik toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga rioya qilib boradi;
chorvachilikda naslchilik ishlarining hisobi yuritilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
veterinariya dori vositalari va ozuqabop qoʻshimchalarning sifati va muomalasi yuzasidan davlat nazoratini amalga oshiradi;
oʻz vakolatlari doirasida maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqadi;
b) respublika hududidagi oʻsimliklar va hayvonlar kasalliklarining hamda zararkunandalarining kirib kelishi va tarqalishining oldini olish, ularga qarshi kurashishning samarali usullarini belgilash hamda ijrosini nazorat qilish sohasida:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat chegarasi (keyingi oʻrinlarda — Davlat chegarasi) va oʻtkazish punktlarida karantin ostidagi mahsulotlar va veterinariya nazorati ostidagi tovarlarni tekshiruvdan oʻtkazadi;
Davlat chegarasi va oʻtkazish punktlarida oʻsimliklar karantini va veterinariya-sanitariya qoidalariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi;
Davlat chegarasi orqali kirib kelayotgan avtotransport vositalariga veterinariya-sanitariya, fitosanitariya jihatidan ishlov berishni, shuningdek, Davlat chegarasida va oʻtkazish punktlarida veterinariya, veterinariya-sanitariya va fitosanitariya qoidalari va normalariga muvofiq boshqa tadbirlarni amalga oshiradi;
tegishli davlat organlari bilan birgalikda mamlakatda ishlab chiqarilgan yoki import qilingan va xavfli ommaviy zaharlanish (kasallanish) holatlariga sabab boʻlgan oziq-ovqat mahsulotlarini muomaladan chiqaradi, shuningdek, oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi nuqtai nazaridan yuzaga kelgan inqirozli vaziyatni bartaraf etish boʻyicha tezkor choralar koʻrib boradi;
mineral oʻgʻitlarni va oʻsimliklarni himoya qilish uchun foydalaniladigan kimyoviy vositalarni olib kirish uchun ruxsatnoma beradi;
Davlat chegarasini kesib oʻtishda import qilinayotgan oziq-ovqat va ozuqa mahsulotlarining genetik modifikatsiyaga uchraganligi, shu jumladan, genetik modifikatsiya qilingan organizmlar va ozuqa mahsulotlarini qonunchilik hujjatlariga muvofiq tekshiradi;
mineral oʻgʻitlar va oʻsimliklarni himoya qilishda qoʻllanadigan kimyoviy vositalarni respublika hududiga olib kirishda koʻrikdan oʻtkazadi;
kelib chiqishi hayvonotga mansub mahsulotlar hamda xomashyo, veterinariya dori vositalari, mikroorganizmlar shtammlari, ozuqalar hamda ozuqabop qoʻshimchalar va oziq-ovqat mahsulotlarini Davlat chegarasi orqali olib oʻtishda qonunchilik hujjatlari talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi;
import qilinayotgan oziq-ovqat mahsulotlarining fitosanitariya va veterinariya talablariga mos kelmaydigan holatlarida qonunchilik hujjatlarida belgilangan choralarni koʻradi hamda bu haqida tegishli xorijiy davlatlarning vakolatli organlarini xabardor qiladi;
karantin ruxsatnomalari, fitosanitariya va veterinariya sertifikatlari, shuningdek, fitosanitariya va veterinariya nazorati bilan bogʻliq hujjatlarni belgilangan tartibda rasmiylashtiradi;
oʻsimliklarning zararli organizmlari va hayvonlar kasalliklarining respublika hududiga kirib kelishi va tarqalishining oldini olish choralarini ishlab chiqadi va amalga oshiradi;
epizootik va fitosanitar holatni monitoring, tahlil va prognoz qilib boradi;
oʻsimliklarning zararli organizmlari va hayvonlar kasalliklariga qarshi kurashishning ilmiy asoslangan, shu jumladan, uygʻunlashgan samarali usullarini ishlab chiqadi va joriy qiladi;
oʻsimliklar zararli organizmlari boʻyicha fitosanitariya xavf tahlilini amalga oshirish hamda xavflarni kamaytirishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqadi;
oʻsimliklar zararli organizmlaridan xoli hududlarni aniqlash va ularni muhofaza qilish, shuningdek, zararli organizmlarga qarshi kurashish boʻyicha dasturlarni ishlab chiqadi va amalga oshiradi;
oʻsimliklar va hayvonlar kasalliklariga qarshi profilaktika, karantin va favqulodda chora-tadbirlarni, shu jumladan, karantin joriy etish, dezinfeksiya va boshqa maxsus tadbirlarni amalga oshirib boradi;
qishloq xoʻjaligiga yetkazib berilayotgan kimyolashtirish vositalari va oʻsimliklarni himoya qilish vositalari sifatini nazorat qilib boradi;
kasalliklar yuzaga kelganda, ularning oldini olish boʻyicha tegishli chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
epizootik vaziyatni barqarorlashtirish, kasalliklar tarqalishining oldini olish va bartaraf etish boʻyicha davlat organlari va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlik qilib boradi;
chorvachilik tarmoqlarida hayvonlarni identifikatsiya qilish, ularni hisobga olish, hisobdan chiqarish va saqlash ishlarini amalga oshiradi;
hayvonlar kasalliklarining oldini olish, ularni aniqlash va bartaraf etish boʻyicha profilaktika, diagnostika va davolash chora-tadbirlarini amalga oshiradi;
oʻsimliklarni himoya qilish vositalari, veterinariya dori vositalari va zarur moddiy-texnik resurslar zaxirasini shakllantirib boradi;
v) “daladan-dasturxongacha” tamoyili asosida oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi sohasida xavf tahliliga asoslangan davlat nazoratini amalga oshirish sohasida:
oziq-ovqat biznesi operatorlari tomonidan xavf-xatarlar tahlili va kritik nazorat nuqtalari (HACCP) tamoyillariga rioya etilishini nazorat qilib boradi;
oziq-ovqat mahsulotlari ustidan bozor nazoratini amalga oshiradi, isteʼmolchilarni xavfsizligi kafolatlanmagan va qalbaki mahsulotlardan himoya qiladi;
oziq-ovqat mahsulotlarining xavf darajasiga qarab oziq-ovqat biznesi operatorlarini (yuqori, oʻrta, past) toifalarga ajratadi va xavfga asoslangan nazorat tartiblariga muvofiq tekshiradi;
oziq-ovqat mahsulotlarining markirovka qilinishi va qadoqlanishi, ozuqaviy qiymati va allergenlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar toʻgʻriligi, shuningdek, qalbaki mahsulotlar boʻyicha nazoratni amalga oshiradi;
oziq-ovqat mahsulotlarida ifloslantiruvchilar (pestitsidlar, veterinariya dori vositalari qoldiqlari va boshqalar) va kasallik qoʻzgʻatuvchilarning mavjudligini monitoring qilib boradi;
oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizlik talablariga javob bermagan yoki isteʼmolchilarni chalgʻitishi mumkin boʻlgan hollarda qonunchilik hujjatlariga muvofiq jismoniy va yuridik shaxslarga nisbatan choralar koʻradi;
ommaviy zaharlanish va guruhli kasallanish holatlarida (tibbiyot muassasalari maʼlumotlari, jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari va boshqa holatlar asosida) tekshiruv oʻtkazadi, zarurat boʻlganda shartnoma asosida qoʻshimcha mutaxassislarni jalb qilib boradi;
oziq-ovqat zanjiri ishtirokchilari mahsulotlarining kuzatuvchanligi (traceability) boʻyicha hujjatlarni, shuningdek, ularning kuzatuvchanlik tizimi va tartiblarini ishlab chiqadi;
oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi boʻyicha talablarni, ifloslantiruvchi moddalarning, shu jumladan, pestitsidlar, biologik va kimyoviy omillar, ozuqa qoʻshimchalari va veterinariya dori vositalarining qoldiq miqdorlarining ruxsat etilgan eng yuqori darajalarini belgilab boradi;
ixtisoslashgan soʻyish korxonalari hamda hayvonotga mansub mahsulot va xomashyoni ishlab chiqarish, saqlash va sotish bilan shugʻullanuvchi subyektlar faoliyatining veterinariya-sanitariya qoidalari va normalariga muvofiqligi toʻgʻrisida veterinariya-sanitariya xulosasini beradi hamda ular tomonidan veterinariya toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari talablariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
qoidabuzilishlarni bartaraf etish toʻgʻrisida bajarilishi majburiy boʻlgan qarorlar qabul qiladi va (yoki) cheklov choralarini qoʻllash hamda ular bajarilmagan taqdirda, sudga murojaat qiladi;
qonunchilik hujjatlariga muvofiq oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi talablariga javob bermaydigan va (yoki) xavfli boʻlgan oziq-ovqat va ozuqa mahsulotlarini, shuningdek, ular bilan aloqador material va mahsulotlarni bozordan qaytarib olish, muomaladan chiqarish utilizatsiya qilish va yoʻq qilish toʻgʻrisida qarorlar qabul qiladi;
oʻsimliklarni himoya qilishda ishlatiladigan, inson salomatligiga salbiy taʼsir etuvchi kimyoviy moddalarni ularning oʻrnini bosuvchi moddalar bilan xalqaro talablarga muvofiq bosqichma-bosqich almashtirish chora-tadbirlarini amalga oshiradi;
qishloq xoʻjaligida tuproqning agrokimyoviy holatini monitoring qilib boradi;
agrokimyoviy tahlil tizimini rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqadi va amalga oshiradi;
tuproq agrokimyoviy tahlillarini oʻtkazadi va qishloq xoʻjaligiga yetkazib beriladigan barcha turdagi mineral va mikrobiologik oʻgʻitlar sifatini nazorat qiladi;
tuproq va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari tarkibidagi pestitsid, nitrat va ogʻir metall tuzlari qoldiqlarini dala sharoitida radiologik-toksikologik tahlillardan oʻtkazadi;
oʻsimliklarni himoya qilishning kimyoviy va biologik vositalari hamda mineral va mikrobiologik oʻgʻitlarning biologik samaradorligi boʻyicha sinovlarni tashkil qiladi va roʻyxatdan oʻtkazadi;
qishloq xoʻjaligida kimyolashtirish vositalari va biologik vositalardan foydalanish sohasida normativ, reglament va standartlar ishlab chiqadi;
dala chetlarida hamda aholi tomorqasi, xonadonlar va koʻp qavatli uylar oldi, mahallaning ichki koʻchalarida mahsulotlar yetishtirish, qishloq xoʻjaligi subyektlariga urugʻ va koʻchatlar yetkazib berishni tashkil qiladi;
kimyolashtirish vositalari va biologik vositalar realizatsiyasi bilan shugʻullanuvchi subyektlar faoliyatini muvofiqlashtirib boradi;
g) oziq-ovqat mahsulotlari isteʼmoli bilan bogʻliq kasalliklarning sabablarini tahlil qilish, jamoat salomatligi va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan chora-tadbirlarni muvofiqlashtirish sohasida:
oziq-ovqat mahsulotlaridan ommaviy zaharlanish va oziq-ovqat mahsulotlari orqali yuqadigan kasalliklarni erta aniqlash va xavflarni tahlil qilish hamda ularni bartaraf etish choralarini ishlab chiqadi;
oziq-ovqat mahsulotlaridan ommaviy zaharlanish va oziq-ovqat mahsulotlari orqali yuqadigan kasalliklar holatlarini roʻyxatga olish uchun elektron maʼlumotlar bazasini yaratadi va yuritadi;
oziq-ovqat mahsulotlari orqali yuqadigan kasalliklarning paydo boʻlishi va tarqalishining oldini olish chora-tadbirlarini ishlab chiqadi hamda ularning bajarilishini nazorat qiladi;
xavfli oziq-ovqat mahsulotlari boʻyicha isteʼmolchilarni ogohlantirish, ularni muomaladan chiqarish hamda boshqa tezkor chora-tadbirlarni amalga oshiradi va muvofiqlashtirib boradi;
qonunchilik hujjatlariga muvofiq eʼlon qilingan inqirozli vaziyatni boshqarish boʻyicha tegishli davlat organlari (muassasalari) ishtirokida reja ishlab chiqish, profilaktika, cheklash va taqiqlash chora-tadbirlarini amalga oshirish, oziq-ovqat xavfsizligi xavflari boʻyicha erta ogohlantirish tizimlarini yaratadi;
taʼlim tashkilotlari va tibbiyot muassasalarida ovqatlanishni tashkil etish tizimini tartibga soladi, bolalarning uyushgan guruhlarini ovqatlantirishni takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;
oziq-ovqat mahsulotlari boʻyicha isteʼmolchilarning manfaatlari buzilishiga olib kelgan yoki olib kelishi mumkin boʻlgan harakatlarning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqadi va amalga oshiradi;
oziq-ovqat mahsulotlari va ozuqa bilan bogʻliq inson hayoti va sogʻligʻiga bevosita yoki bilvosita xavflar toʻgʻrisida tezkor ogohlantirish tizimini yaratadi;
xavfni boshqarish uchun zarur boʻlgan, ilmiy asoslangan chora-tadbirlarni amalga oshiradi va muvofiqlashtirib boradi;
oziq-ovqat mahsulotlari va ozuqa bilan bogʻliq jiddiy xavf toʻgʻrisida maʼlumot kelib tushgan taqdirda, tezkor ogohlantirish tizimi orqali tegishli davlat organlarini zudlik bilan xabardor qiladi;
oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi boʻyicha xalqaro organlar tarmogʻi (INFOSAN), Alimentarius kodeksining erta ogohlantirish tizimi va boshqa xalqaro tarmoqlar orqali tarqatilayotgan xavfli mahsulotlar toʻgʻrisidagi axborot va ogohlantirish xabarlarini tahlil qiladi hamda tegishli choralarni koʻrib boradi;
tezkor ogohlantirish tizimi axborotining ishonchliligi, dolzarbligi va shaffofligini taʼminlash, manfaatdor tomonlar oʻrtasida axborot almashishning yagona tartibini belgilaydi;
d) oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi sohasida xalqaro hamkorlikni amalga oshirish, sohaga raqamli texnologiyalarni joriy etish hamda ilmiy yutuqlar, ilgʻor ilmiy ishlanmalar va innovatsion texnologiyalardan keng foydalanishni taʼminlash sohasida:
oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi, fitosanitariya va veterinariya sohalarida kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish, ilmiy-tadqiqot hamda innovatsion faoliyatni rivojlantirib boradi;
mamlakatning sanitariya va fitosanitariya choralari boʻyicha Jahon savdo tashkilotiga aʼzo davlatlarni xabardor qiladi va ularning asoslangan soʻrovlariga javob berish tartib-taomillarini joriy etadi;
oziq-ovqat mahsulotlarining xavfsizligi, veterinariya va fitosanitariya sohalarida fundamental, amaliy va ilmiy tadqiqotlar oʻtkazadi;
oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi sohasida sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari, veterinariya, veterinariya-sanitariya qoidalarini, fitosanitariya talablari va choralari boʻyicha kadrlar malakasini oshiradi;
mahalliy va xorijiy fan yutuqlarini tatbiq etgan holda oziq-ovqat mahsulotlarining xavfsizligi, veterinariya va fitosanitariya sohalarida nou-xau, yangiliklar hamda innovatsiyalarni ishlab chiqishda ishtirok etadi;
xorijiy davlatlarning vakolatli organlari bilan oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi, veterinariya va fitosanitariya sohasida axborot almashadi, xalqaro hamkorlikni amalga oshiradi va tegishli xalqaro shartnomalarni bajarishda ishtirok etadi;
oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi, oʻsimliklar karantini va himoyasi, veterinariya toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlarini xalqaro standartlar bilan uygʻunlashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;
Alimentarius kodeksi, Jahon hayvonlar sogʻligini muhofaza qilish tashkiloti hamda Oʻsimliklar karantini va himoyasi xalqaro konvensiyasida Oʻzbekiston Respublikasi manfaatlarini belgilangan tartibda ifodalab boradi;
BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) bilan oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi sohasida hamkorlik qiladi;
transchegaraviy xavflar (oziq-ovqat mahsulotlari, zoonozlar, oʻsimlik zararkunandalari va boshqalar) boʻyicha axborot almashinuvini taʼminlaydi;
xalqaro texnik koʻmak, grantlar va investitsiya loyihalarini jalb qilib boradi va ularning amalga oshirilishini muvofiqlashtiradi;
ilmiy va amaliy tadqiqotlarni tashkil etadi hamda sohada meʼyoriy va uslubiy hujjatlarni ishlab chiqadi;
taʼlim, fan va amaliyot integratsiyasini taʼminlash, ilmiy-tadqiqot natijalarini va innovatsion yondashuvlarni amaliyotga joriy qiladi;
mahalliy va xalqaro ilmiy hamkorlikni rivojlantiradi, ilgʻor tajribalarni joriy qiladi hamda sohadagi ekspertlarni jalb qilib boradi;
oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi, fitosanitariya va veterinariya sohalarida ilmiy-uslubiy qoʻllanmalar, uslubiy tavsiyalar va tahliliy materiallar ishlab chiqadi va joriy qiladi;
sohadagi ilmiy tadqiqotlar natijalarini ommalashtiradi va mutaxassislar oʻrtasida ilmiy hamkorlikni taʼminlaydi;
oziq-ovqat xavfsizligi, fitosanitariya va veterinariya sohalarida tahliliy maʼlumotlar va milliy maʼruzalar tayyorlaydi;
oʻsimliklar va hayvonlar sogʻlomligini taʼminlaydi, zararli organizmlar va kasalliklar tarqalishining oldini olishga qaratilgan ilmiy dasturlar va chora-tadbirlar ishlab chiqadi hamda ularni amalga oshiradi;
xavfga asoslangan tekshiruvlarni oʻtkazish boʻyicha oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi davlat inspektorlari uchun qoʻllanmalar va uslubiy tavsiyalar ishlab chiqadi;
oziq-ovqat xavfsizligi, fitosanitariya va veterinariya sohalari uchun yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash boʻyicha dual taʼlim dasturlarini joriy etadi va treninglar oʻtkazadi;
oziq-ovqat xavfsizligi, fitosanitariya va veterinariya sohalarida raqamli texnologiyalarni keng joriy etadi.
Qoʻmita qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa funksiyalarni ham amalga oshirib boradi.
4-bob. Qoʻmitaning huquqlari va javobgarligi
12. Qoʻmita oʻziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga va Vazirlar Mahkamasiga normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini, shuningdek, Qoʻmitaga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish bilan bogʻliq boʻlgan boshqa hujjatlarni belgilangan tartibda kiritish;
respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda boshqa tashkilotlardan Qoʻmita vakolatiga kiradigan masalalarni hal etish uchun zarur boʻladigan maʼlumotlarni belgilangan tartibda soʻrab olish;
Qoʻmita vakolatiga tegishli masalalar boʻyicha zarur statistika maʼlumotlarini davlat statistika organlaridan bepul olish;
belgilangan tartibda tekshiruvlar oʻtkazish, qoidabuzarliklarni bartaraf etish toʻgʻrisida koʻrsatma va ogohlantirishlar berish, huquqbuzarliklar aniqlangan taqdirda, maʼmuriy bayonnomalar tuzish va qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan choralarni qoʻllash;
oziq-ovqat va ozuqa mahsulotlari xavfsizlik talablariga javob bermagan hollarda ularni qaytarib olish, muomaladan chiqarish, utilizatsiya qilish va yoʻq qilish toʻgʻrisida qarorlar qabul qilish;
Qoʻmitaga yuklangan vazifa va funksiyalarni bajarish bilan bogʻliq boʻlgan masalalar boʻyicha malakali xalqaro va mahalliy ekspertlar, mutaxassislarni shartnoma asosida jalb qilish;
oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi, fitosanitariya va veterinariya xizmatlari koʻrsatish tartibini, ular boʻyicha xizmatlar turlari va tariflarini ishlab chiqish hamda belgilangan tartibda tasdiqlash;
davlat organlari va boshqa tashkilotlarga oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi, fitosanitariya va veterinariya sohasida aniqlangan qoidabuzarliklar hamda ularni keltirib chiqaruvchi sabablarni bartaraf etish boʻyicha taqdimnomalar kiritish;
Qoʻmita va tizimiga kiradigan idoraviy mansub tashkilotlarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash boʻyicha choralar koʻrish;
oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi, fitosanitariya va veterinariya sohalarida mavjud muammolar hamda istiqbollar boʻyicha jamoatchilik va ilmiy-texnik kengashlar, idoralararo ekspert komissiyalari hamda boshqa kollegial-maslahat organlarini tashkil etish;
Qoʻmita vakolatiga kiruvchi masalalarni hal etish uchun ilmiy-tadqiqot, loyihalashtirish, oliy taʼlim tashkilotlari hamda boshqa yuridik va jismoniy shaxslarni qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda jalb etish;
Qoʻmita vakolatiga kiruvchi joriy va strategik vazifalarni yoritish uchun belgilangan tartibda noshirlik faoliyatini amalga oshirish;
oziq-ovqat zanjiri ishtirokchilaridan mahsulotlarning kuzatuvchanligi (traceability) boʻyicha hujjatlarni, shuningdek, ularning kuzatuvchanlik tizimi va tartiblari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni talab qilish;
Qoʻmitaning elektron tizimi va bazalarini tegishli mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa tashkilotlarning elektron tizimlari bilan integratsiya qilish;
oʻquv va ilmiy-innovatsion faoliyatida namuna koʻrsatgan oʻquvchilar, talabalar, tayanch doktorant va doktorantlar uchun Qoʻmita stipendiyasini taʼsis etish.
Qoʻmita qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
13. Qoʻmita:
yuklangan vazifalar va funksiyalarning samarali amalga oshirilishi;
normativ-huquqiy hujjatlar talablari, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Vazirlar Mahkamasining topshiriqlarini oʻz vaqtida bajarilishi uchun javob beradi.
5-bob. Qoʻmita faoliyatini tashkil qilish
14. Qoʻmitaga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod qilinadigan rais rahbarlik qiladi.
15. Qoʻmita raisining Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi taqdimnomasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan besh nafar oʻrinbosari, shu jumladan, bir nafar birinchi oʻrinbosari boʻladi.
Qoʻmita raisi boʻlmagan davrda, rais vazifasini uning birinchi oʻrinbosari bajaradi.
Qoʻmita raisi va raisning birinchi oʻrinbosari boʻlmagan davrda, rais vazifasini Qoʻmita raisi oʻrinbosari bajaradi.
16. Qoʻmita raisi va uning oʻrinbosarlari maqomi, tibbiy va transport xizmat koʻrsatish shartlari boʻyicha tegishli ravishda vazir va vazir oʻrinbosariga tenglashtiriladi.
17. Quyidagilar:
Qoʻmita raisining maslahatchilari belgilangan tartibda Qoʻmita raisi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi;
hududiy boshqarmalar boshliqlari tegishlicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan kelishilgan holda Qoʻmita raisi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi;
18. Qoʻmita raisi Qoʻmita tizimiga kiradigan idoraviy mansub tashkilotlarning rahbarlarini belgilangan tartibda lavozimga tayinlaydi va lavozimidan ozod etadi, qonunchilik hujjatlarida belgilangan holatlar bundan mustasno.
19. Qoʻmita raisi Qoʻmita markaziy apparatining boshqarmalari va boʻlimlari, boʻlinmalari toʻgʻrisidagi nizomlarni, tizimiga kiradigan idoraviy mansub tashkilotlarning ustavlarini belgilangan tartibda tasdiqlaydi.
6-bob. Qoʻmita rahbariyati, markaziy apparati, tarkibiy boʻlinmalar va hududiy boshqarmalarining asosiy funksional vazifalari
20. Quyidagilar Qoʻmita raisining asosiy funksional vazifalari hisoblanadi:
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari hamda boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga rioya etish;
Qoʻmitaning faoliyatini umumiy boshqarishni amalga oshirish va rahbarlik qilish, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va boshqa qonunchilik hujjatlari bilan Qoʻmitaga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishini tashkil etish;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan tasdiqlangan Qoʻmita faoliyatini yanada takomillashtirish boʻyicha konsepsiyalar, kompleks dasturlar va chora-tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha tanqidiy va chuqur tahlillarni oʻtkazish;
Qoʻmita, uning hududiy boshqarmalari va tizimiga kiradigan idoraviy mansub tashkilotlar, oliy, oʻrta maxsus va kasbiy taʼlim tashkilotlari faoliyati bilan bogʻliq prognoz koʻrsatkichlariga erishishni soʻzsiz taʼminlash boʻyicha amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqish va qabul qilish;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining tegishli tarkibiy boʻlinmalari va Vazirlar Mahkamasi, shuningdek, tegishli respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda boshqa tashkilotlar bilan Qoʻmita faoliyati sohasiga kiradigan masalalar boʻyicha oʻzaro hamkorlik qilish, Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosati majlislarida masalalarning koʻrib chiqilishida ishtirok etish;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri va uning oʻrinbosarlari (maslahatchilari) topshiriqlarini bajarish;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti hamda Vazirlar Mahkamasiga oʻz faoliyati toʻgʻrisida muntazam ravishda hisobot berish;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining hujjatlari va topshiriqlari ijrosini tashkil etish va monitoring qilishning amaliy tizimini yaratish, Qoʻmita faoliyatida ijro intizomini mustahkamlash boʻyicha amaliy chora-tadbirlarni bajarish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Vazirlar Mahkamasining ijro intizomini mustahkamlash boʻyicha qarorlariga muvofiq topshiriqlarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi uchun tarkibiy va hududiy boshqarmalar, tizimiga kiradigan idoraviy mansub tashkilotlar rahbarlarining shaxsiy masʼuliyatini oshirish choralarini koʻrish;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari bilan samarali hamkorlikni, Qoʻmita rahbarlari va xodimlarining ular faoliyatida faol ishtirok etishini tashkil etish, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasidan kelib tushadigan jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlarini oʻz vaqtida va toʻliq koʻrib chiqilishini taʼminlash;
Qoʻmitaga qonunchilik hujjatlari bilan yuklangan vazifalar va funksiyalar bajarilishini tashkil qilish;
Qoʻmita tizimidagi boshqa mansabdor shaxslarning vakolatlari va shaxsiy javobgarligi darajasini belgilash;
oʻz vakolati doirasida Qoʻmita tizimi xodimlari uchun majburiy boʻlgan buyruqlar chiqarish va koʻrsatmalar berish;
Qoʻmita markaziy apparatining xarajatlar smetasi va shtat jadvalini belgilangan tartibda tasdiqlash;
Qoʻmita markaziy apparati tarkibiy boʻlinmalari va tizimidagi tashkilotlar tuzilmasiga shtat birliklari doirasida oʻzgartirishlar kiritish;
Qoʻmita markaziy apparati tarkibiy boʻlinmalari va tizimidagi tashkilotlar toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash;
Qoʻmita vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda ishtirok etish;
Qoʻmita xodimlarini ragʻbatlantirish va intizomiy javobgarlikka tortish masalalarini hal qilish, shu jumladan, ular egallab turgan lavozimda qolishi maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisidagi masalalarni koʻrib chiqish, ularning shaxsiy javobgarligini oshirishga doir tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirish.
Qoʻmita raisi qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa vazifalarni ham amalga oshirishi mumkin.
21. Quyidagilar Qoʻmita raisi oʻrinbosarlarining asosiy funksional vazifalari hisoblanadi:
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari hamda boshqa normativ-huquqiy hujjatlar talablariga rioya etish;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Vazirlar Mahkamasi va Qoʻmita raisiga oʻz faoliyati toʻgʻrisida muntazam ravishda hisobot berish;
Qoʻmita faoliyatining oʻzi mutasaddilik qiladigan yoʻnalishlarini yanada takomillashtirish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining topshiriqlari va Vazirlar Mahkamasi qarorlari bilan belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash va tanqidiy, chuqur tahlil qilib borish;
Qoʻmita raisi muayyan sabablarga koʻra (xizmat safari, mehnat taʼtili, betobligi davrida) yoʻqligida uning vazifalarini bajarish;
Qoʻmitaning oʻzi mutasaddilik qiladigan tarkibiy tuzilmalari faoliyatini muvofiqlashtirish, nazorat va bevosita rahbarlik qilish, xodimlar oʻrtasida vazifalarni taqsimlash;
mutasaddiligidagi tarkibiy tuzilmalar boʻlinma rahbarlarining hisobotlarini muntazam eshitib borish va belgilangan koʻrsatkichlarga erishish uchun ularning shaxsiy javobgarligini oshirish;
Qoʻmita raisining qonunchilik doirasidagi buyruq hamda topshiriqlari ijrosini oʻz vaqtida va sifatli taʼminlash;
Qoʻmitaga kiritilgan takliflar va taqdim etilgan normativ-huquqiy hujjatlarning loyihalarini toʻliq va har tomonlama koʻrib chiqish;
kadrlarni belgilangan tartibda tanlash va joy-joyiga qoʻyish boʻyicha Qoʻmita raisiga takliflar taqdim etish, ularning professionalligi, oʻz ishini bilishi, kasbiy malakasini oshirish choralarini koʻrish, mutasaddiligi boʻyicha tarkibiy tuzilmalarda kadrlar zaxirasini shakllantirish choralarini koʻrish;
Qoʻmita xodimlari tomonidan odob-axloq qoidalari talablariga rioya etilishini taʼminlash;
jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini koʻrib chiqish maqsadida qonunchilik hujjatlarida belgilangan vazifalarga muvofiq jamoatchilik bilan bevosita va ochiq muloqot oʻrnatish, shaxsiy qabullar oʻtkazish, shu jumladan, jismoniy shaxslar va yuridik shaxslarning vakillarini joylarga borib qabul qilish;
Oʻzbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Qonuni va korrupsiyaga qarshi kurashishga doir boshqa qonunchilik hujjatlariga hamda Oʻzbekiston Respublikasining “Manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisida”gi Qonuniga rioya qilish va manfaatlar toʻqnashuvi bilan bogʻliq munosabatlarni tartibga solishga doir ishlarni muvofiqlashtirish;
Qoʻmita faoliyatini takomillashtirish boʻyicha amaliy choralar koʻrish, ushbu sohada qonunchilikni takomillashtirish va strukturaviy oʻzgartirishlarga doir takliflarni ishlab chiqib, koʻrib chiqish uchun Qoʻmita raisiga kiritish;
oziq-ovqat mahsulotining xavfsizligi, fitosanitariya va veterinariya sohasidagi normativ bazaning tizimli asosda qayta koʻrib chiqilishini tashkil etish;
xorijiy davlatlar, xalqaro va xorijiy tashkilotlar bilan oziq-ovqat mahsulotining xavfsizligi, fitosanitariya va veterinariya sohasini rivojlantirish hamda tartibga solish masalalari boʻyicha hamkorlik qilish;
davlat sirlari yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi maʼlumotlar bilan ishlashda qonunchilik hujjatlarida belgilangan talablarga rioya qilish;
oziq-ovqat mahsulotining xavfsizligi, fitosanitariya va veterinariya sohasida davlat siyosati boʻyicha takliflar tayyorlash.
22. Qoʻmita markaziy apparati, tarkibiy boʻlinmalar va hududiy boshqarmalarining asosiy funksional vazifalari quyidagilardan iborat:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining qarorlari va topshiriqlarining bajarilishini taʼminlash, qonunchilik hujjatlariga muvofiq tarkibiy va hududiy boshqarmalar xodimlarining ijro intizomini mustahkamlash boʻyicha kompleks amaliy choralar koʻrish hamda topshiriqlarni oʻz vaqtida va sifatli bajarish;
Qoʻmita rahbariyatining topshiriqlari toʻliq bajarilishini nazorat qilish va taʼminlash;
Qoʻmita faoliyati bilan bogʻliq prognoz koʻrsatkichlariga erishilishini taʼminlash boʻyicha amaliy chora-tadbirlar ishlab chiqish va amalga oshirish;
tarkibiy boʻlinma toʻgʻrisidagi nizom doirasida aniq yoʻnalishlardagi vazifalarning yuqori sifatli va oʻz vaqtida bajarilishini taʼminlash;
odob-axloq qoidalari talablariga rioya etilishini taʼminlash;
tizim tashkilotlari xodimlari faoliyatining samaradorligini muntazam ravishda tahlil qilish.
Qoʻmita markaziy apparati, tarkibiy boʻlinmalar va hududiy boshqarmalari boshqa funksional vazifalarni ham bajarishi mumkin.
7-bob. Qoʻmita rahbarlarining javobgarligi
23. Qoʻmita raisi:
Qoʻmitaga yuklangan vazifa va funksiyalarning bajarilishi uchun;
Qoʻmitaning ushbu Nizomda nazarda tutilgan javobgarlik sohalari boʻyicha hamda Nizomning 20-bandida koʻrsatilgan oʻz funksional majburiyatlarining sifatli bajarilishi uchun shaxsan javob beradi.
24. Qoʻmita raisi oʻrinbosarlari:
mutasaddilik qilinadigan yoʻnalish va tarkibiy boʻlinmalarda Qoʻmitaga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi uchun;
ushbu Nizomning 21-bandida koʻrsatilgan oʻz funksional vazifalarining sifatli bajarilishi uchun shaxsan javob beradi.
8-bob. Qoʻmitaning hayʼati, boshqa kollegial-maslahat organlari
25. Qoʻmitada Qoʻmita raisi (hayʼat raisi), uning oʻrinbosarlari (lavozimi boʻyicha), shuningdek, Qoʻmita markaziy apparati tarkibiy boʻlinmalari rahbarlaridan iborat tarkibda Qoʻmita faoliyatining asosiy yoʻnalishlarini muvofiqlashtiruvchi hayʼat tuziladi.
Hayʼat tarkibining soni va shaxsiy tarkibi belgilangan tartibda Qoʻmita raisining taqdimnomasiga binoan Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
26. Hayʼatga quyidagi vazifalar yuklanadi:
Qoʻmitaga yuklangan vazifalarni amalga oshirishning eng muhim samaradorlik koʻrsatkichlarini ishlab chiqish va ularning bajarilishini nazorat qilish;
Qoʻmita faoliyati bilan bogʻliq dolzarb masalalarning joylarda muhokama etilishini taʼminlagan holda Hayʼatning kengaytirilgan majlislarini oʻtkazish, shuningdek, yuzaga kelgan muammolarni oʻz vakolatlari doirasida bartaraf etish boʻyicha tegishli qarorlarni qabul qilish;
Qoʻmita tarkibiga kiruvchi lavozimlar nomenklaturasini koʻrib chiqish va tasdiqlash;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining qaror va topshiriqlarida belgilangan vazifalarni oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirish maqsadida Qoʻmita rahbarlari va xodimlarining ijro intizomini mustahkamlash hamda shaxsiy javobgarligini oshirish.
Hayʼat, shuningdek, Qoʻmita vakolatiga kiradigan boshqa masalalarni ham koʻrib chiqishga haqli.
27. Qoʻmita raisi qarori bilan quyidagilar:
Hayʼat ish rejalari va belgilangan vazifalarni bajarish muddatlari;
takliflar tashabbusi bilan chiqish, loyihalarni boshlash va hisobot berish tartiblari;
Hayʼatning faoliyatini samarali taʼminlash uchun Qoʻmita masʼul tarkibiy boʻlinmalarining vazifalari tasdiqlanishi mumkin.
28. Hayʼat yigʻilishiga Qoʻmita vakolatiga tegishli masalalar yuzasidan respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa tashkilotlar rahbarlari va ekspert mutaxassislar taklif etilishi mumkin.
29. Hayʼat majlisi aʼzolarining yarmidan koʻpi ishtirok etgan taqdirda, vakolatli hisoblanadi. Hayʼat qarorlari oddiy koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
30. Hayʼat raisi va uning aʼzolari oʻrtasida kelishmovchiliklar yuzaga kelgan taqdirda, Hayʼat raisi ushbu kelishmovchiliklar xususida, Vazirlar Mahkamasiga va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga axborot berib, mustaqil ravishda qaror qabul qiladi. Hayʼat aʼzolari ham oʻz fikrlarini Vazirlar Mahkamasiga va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga bildirishlari mumkin.
31. Hayʼat oʻz faoliyati uchun zarur boʻlgan hujjatlar, hisobotlar va boshqa maʼlumotlarni soʻrab olishga haqli.
32. Hayʼat qarorlari Hayʼat raisi tomonidan imzolanadi va Qoʻmita raisi buyrugʻi (qarori) bilan amalga oshiriladi.
9-bob. Qoʻmita faoliyati samaradorligini va natijadorligini baholash
33. Qoʻmita faoliyati samaradorligi va natijadorligi muntazam ravishda baholanadi.
34. Qoʻmita samaradorligi va natijadorligini baholash Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan Qoʻmita faoliyati samaradorligi va natijadorligini baholash mezonlari va ish indikatorlariga asoslanadi.
35. Qoʻmita faoliyatining samaradorligi va natijadorligini baholash natijalariga koʻra quyidagi chora-tadbirlar amalga oshiriladi:
Qoʻmita rahbarlari va xodimlarini ragʻbatlantirish (mukofotlash) yoki intizomiy javobgarlikka tortish;
Qoʻmita faoliyatida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va uning faoliyatini yanada takomillashtirish yuzasidan chora-tadbirlar ishlab chiqish.
10-bob. Qoʻmita faoliyatini moliyalashtirish va moddiy-texnik taʼminoti, xodimlar mehnatiga haq toʻlash va ularni moddiy ragʻbatlantirish
36. Qoʻmita faoliyatini moliyalashtirish manbalariga quyidagilar kiradi:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari;
Qoʻmita huzuridagi Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi sohasini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari;
qonunchilik hujjatlariga muvofiq pulli xizmatlar koʻrsatishdan tushadigan mablagʻlar;
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
37. Qoʻmita markaziy apparatiga 7 ta biriktirilgan (xorijiy maslahatchilarga biriktirilganlarni hisobga olmagan holda), 2 ta maxsus (1 ta yoʻltanlamas, 1 ta mehmonlarni kutib olish uchun), 2 ta navbatchi avtotransport vositasi va 1 ta mikroavtobus, 1 ta yuk mashinasi limiti ajratilishi nazarda tutiladi.
Bunda Qoʻmitaga tegishli xizmat avtotransport vositalariga Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan yillik kilometr masofa limiti tatbiq etilmaydi.
38. Qoʻmita faoliyatini moddiy-texnik taʼminlash xarajatlarini moliyalashtirish, shuningdek, ularning xodimlari mehnatiga haq toʻlash, moddiy ragʻbatlantirish va ijtimoiy himoya qilish Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti, budjetdan tashqari mablagʻlar va qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
39. Qoʻmita va uning hududiy boshqarmalari hamda tizim tashkilotlari (ilmiy va taʼlim muassasalaridan tashqari) xodimlariga toʻlanadigan ish haqi qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan oylik ish haqi, mukofotlar, qoʻshimcha haq, ustamalar va qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa toʻlovlardan iborat.
40. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan:
a) Qoʻmitaning markaziy apparati xodimlarining Yagona tarif setkasi boʻyicha mehnatga haq toʻlashning tasdiqlangan razryadlariga muvofiq lavozim maoshini belgilashda tarif koeffitsiyenti 1,8 baravarga oshirilgan miqdorda qoʻllanadi;
b) hududiy boshqarmalar hamda tizim tashkilotlari (ilmiy va taʼlim muassasalaridan tashqari) xodimlarining Yagona tarif setkasi boʻyicha mehnatga haq toʻlashning tasdiqlangan razryadlariga muvofiq lavozim maoshini belgilashda tarif koeffitsiyenti 1,4 baravarga oshirilgan miqdorda qoʻllanadi;
v) Qoʻmita markaziy apparatining barcha xodimlariga koʻp yillik xizmatlari uchun (ragʻbatlantirish koeffitsiyentini inobatga olgan holda lavozim maoshiga nisbatan koeffitsiyentlarda) har oylik ustama quyidagicha toʻlanadi:
1 yildan 3 yilgacha — 0,3;
3 yildan 5 yilgacha — 0,6;
5 yildan 10 yilgacha — 0,8;
10 yildan 15 yilgacha — 1,0;
15 yildan 20 yilgacha — 1,2;
20 yildan ortiq — 1,5;
g) hududiy boshqarmalar hamda tizim tashkilotlarining (ilmiy va taʼlim muassasalaridan tashqari) barcha xodimlariga koʻp yillik xizmatlari uchun (ragʻbatlantirish koeffitsiyentini inobatga olgan holda lavozim maoshiga nisbatan koeffitsiyentlarda) har oylik ustama quyidagicha toʻlanadi:
1 yildan 3 yilgacha — 0,2;
3 yildan 5 yilgacha — 0,4;
5 yildan 10 yilgacha — 0,6;
10 yildan 15 yilgacha — 0,8;
15 yildan 20 yilgacha — 1;
20 yildan ortiq — 1,2.
Koʻp yillik ishlaganlik uchun oylik ustama olish huquqini beruvchi ish staji Qoʻmita raisi tomonidan tasdiqlanadigan tartibga koʻra hisoblanadi.
41. Qoʻmitaning budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan:
Qoʻmitaning markaziy apparati malakali, tashabbuskor xodimlariga lavozim maoshining (ragʻbatlantirish koeffitsiyentini inobatga olgan holda) 300 foizgacha shaxsiy ustamalar;
qonunchilik hujjatlarida belgilangan ishlanmaydigan bayram kunlari uchun (ragʻbatlantirish koeffitsiyentini inobatga olgan holda) Qoʻmita markaziy apparati xodimlariga lavozim maoshining ikki baravarigacha miqdorida pul mukofoti;
Qoʻmita markaziy apparati xodimlariga yiliga bir marta, qonunchilik hujjatlarida belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining oʻn baravari miqdorida qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini xarid qilish uchun moddiy yordam;
ovqatlanish xarajatlarini qoplash uchun bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravarigacha har oylik kompensatsiya toʻlovi;
yoʻlkira xarajatlarini qoplash uchun bazaviy hisoblash miqdorining bir baravarigacha har oylik kompensatsiya toʻlovi (xizmat avtotransport vositalari bilan taʼminlangan yoki shaxsiy avtotransport vositalaridan foydalanganlik uchun kompensatsiya toʻlovlarini oladigan xodimlar bundan mustasno) toʻlanadi.
42. Qoʻmitaning markaziy apparati, hududiy boshqarmalar va tizimiga kiradigan idoraviy mansub tashkilotlar rahbarlari va xodimlariga Qoʻmitaning budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan ishlanmaydigan bayram kunlari va boshqa muhim sanalarda mukofotlash, shuningdek, ustama, ragʻbatlantirish va qoʻshimcha haq, mukofotlar, ish haqiga boshqa toʻlovlar va Kasaba uyushmasi qoʻmitasi bilan kelishuvga koʻra boshqa toʻlovlar hamda ularning miqdori Qoʻmita raisi tomonidan tasdiqlanadigan tartibga asosan amalga oshiriladi.
43. Shaxsiy ustamalar, mukofotlar va moddiy ragʻbatlantirish miqdorini belgilashda mehnatga haq toʻlashga oid Yagona tarif setkasi boʻyicha tarif koeffitsiyentlari bilan koʻp yillik xizmatlari uchun ustamalar va qoʻshimcha haqlar, shuningdek, budjetdan moliyalashtiriladigan davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari davlat xizmatchilari lavozim maoshlariga 40 (20) foizlik qoʻshimcha (mehnatni ragʻbatlantirish koeffitsiyenti) oylik ish haqi hisob-kitobiga kiritiladi.
44. Qoʻmita va uning hududiy boshqarmalari xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish mezonlari nazorat tadbirlari, jarimalar, berilgan litsenziyalar, ruxsatnomalar, sertifikatlar, roʻyxatdan oʻtkazish, hisobga olish yoki pulli xizmatlar soni va hajmiga bogʻlanmaydi.
45. Ragʻbatlantirish mezonlari xavflarni kamaytirish, tekshiruvlar sifatini oshirish, tadbirkorlar murojaatlarini belgilangan muddatlarda hal qilish, raqamlashtirish, shaffoflik, korrupsiyaga oid xavflarni kamaytirish va xalqaro standartlarga muvofiqlik koʻrsatkichlariga asoslanadi.
11-bob. Yakunlovchi qoidalar
46. Qoʻmitani qayta tashkil etish va tugatish qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
47. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 21-iyuldagi 396-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qoʻmitasi huzuridagi Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi sohasini rivojlantirish jamgʻarmasi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda — Qoʻmita) huzuridagi Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi sohasini rivojlantirish jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibini belgilaydi.
2. Jamgʻarma Qoʻmita huzurida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan holda tashkil etiladi hamda uning mablagʻlari Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasida ochiladigan shaxsiy gʻazna hisobvaraqlarida jamlanadi.
2-bob. Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish
3. Jamgʻarma mablagʻlari quyidagi manbalar hisobidan shakllantiriladi:
oziq-ovqat biznesi operatorlari, yangi turdagi oziq-ovqat mahsulotlari, oziq-ovqat qoʻshimchalari, kimyolashtirish vositalari va oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini roʻyxatga olishdan tushadigan mablagʻlarning 100 foizi;
Chegara oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi nazorati inspeksiyasi xizmatlar koʻrsatishdan tushadigan mablagʻlarning 100 foizi;
Oʻsimliklarni himoya qilish va veterinariya dori vositalari tahlil markazining xizmatlar koʻrsatishdan tushadigan mablagʻlarning respublika budjeti hamda tegishli xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlarga yoʻnaltiriladigan qismi chegirilgandan keyin qoladigan mablagʻlarning 80 foizi;
oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi mahsulotlariga sanitariya-epidemiologik xulosa berish hamda maxsus ekspertiza oʻtkazish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatish uchun yigʻimning (toʻlovning), agar u Davlat xizmatlari markazlari orqali koʻrsatilganda — 81,5 foizi, Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali koʻrsatilganda esa — 78,25 foizi;
oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi, veterinariya va fitosanitariya sohalaridagi barcha litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillaridan oʻtishda undiriladigan yigʻimlar va toʻlovlar;
transport birligini ochish va karantin koʻrigi dalolatnomasi rasmiylashtirilishidan olinadigan toʻlovlarning 100 foizi;
xalqaro, ichki va reeksport fitosanitariya sertifikatlari rasmiylashtirilishidan olinadigan toʻlovlarning 100 foizi;
fitosanitariya zararsizlantirish ishlarini oʻtkazish boʻyicha koʻrsatilgan xizmatlar uchun olinadigan toʻlovlarning 100 foizi;
Qoʻmita tarkibiga kiruvchi tashkilotlarning budjetdan tashqari tushumlarining Qoʻmita raisi tomonidan belgilangan miqdordagi ajratmalari;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari;
xalqaro moliya institutlari va xorijiy tashkilotlarning grantlari;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
vaqtincha boʻsh turgan mablagʻlarni tijorat banklarining depozitlariga joylashtirishdan olinadigan daromadlar;
qonunchilik hujjatlarida belgilangan yoki taqiqlanmagan boshqa manbalar.
3-bob. Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanish
4. Jamgʻarma mablagʻlari quyidagi maqsadlar uchun yoʻnaltiriladi:
Qoʻmitaga yuklangan vazifalarni bajarish hamda ilmiy-tadqiqot ishlarini moliyalashtirish;
Qoʻmita va uning tizimidagi tashkilotlarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash;
mutaxassislarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;
Jamgʻarmaga tushadigan tushumlarning 50 foizidan ortiq boʻlmagan miqdorida Qoʻmita markaziy apparati xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish va ijtimoiy himoya qilish;
Qoʻmitaning hududiy boʻlinma xodimlarini ish faoliyatining eng muhim samaradorlik koʻrsatkichlariga asosan ragʻbatlantirish va ustama xarajatlari, shuningdek, mukofotlash va ijtimoiy himoya qilishga mablagʻ ajratilishi mumkin;
Qoʻmita va uning tizimidagi tashkilotlar hamda hududiy boʻlinmalari rahbarlari va xodimlarining xizmat safarlari xarajatlarini qoplash uchun budjetdan ajratilgan mablagʻlar yetarli boʻlmaganda, xizmat safari xarajatlarini moliyalashtirish;
davlat organlari va boshqa tashkilotlar, ilmiy muassasalar va taʼlim tashkilotlari malakali mutaxassislarini, shuningdek, xalqaro tashkilotlar va mustaqil xalqaro ekspertlarni konsultant sifatida jalb etish va ularga shartnoma asosida xizmat haqini toʻlash;
shartnoma asosida jalb qilingan malakali xorijiy mutaxassislarning toʻlovlarini chet el valyutasi ekvivalentida toʻlash;
sohaga oid mahalliy va xalqaro tadbirlarda ishtirok etish hamda bunday tadbirlarni respublikada tashkil etish;
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa maqsadlarda.
5. Jamgʻarma mablagʻlarini boshqarish va taqsimlash Qoʻmita raisi, shuningdek, u vakolat bergan rais oʻrinbosarlaridan biri tomonidan tasdiqlanadigan daromadlar va xarajatlar smetasiga muvofiq amalga oshiriladi.
6. Qoʻmita raisi, shuningdek, u vakolat bergan rais oʻrinbosari:
Jamgʻarma mablagʻlarini ushbu Nizomga hamda Jamgʻarmaning daromadlar va xarajatlar smetasiga muvofiq tasarruf etadi va uning mablagʻlaridan belgilangan maqsadlarda foydalanilishi uchun javob beradi;
qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda Jamgʻarma mablagʻlaridan moliyalashtiriladigan tovarlarni (ishlar va xizmatlar) xarid qilish uchun shartnomalarni tuzadi;
Jamgʻarma tomonidan moliyalashtirilgan mablagʻlar boʻyicha, shu jumladan, shartnoma shartlariga qoʻshimcha kiritish, toʻldirish, amal qilish muddatini oʻzgartirish (uzaytirish) boʻyicha qarorlarni qabul qiladi;
Jamgʻarma daromadlari va xarajatlari hisobi yuritilishini, Jamgʻarma mablagʻlaridan ushbu mablagʻlarni oluvchilar tomonidan belgilangan maqsadlarda foydalanish monitoringini taʼminlaydi;
oʻz vakolati doirasida boshqa masalalar yuzasidan qarorlar qabul qiladi.
4-bob. Jamgʻarmaning daromad va xarajatlar smetasini tuzish va tasdiqlash
7. Jamgʻarmaning daromadlar va xarajatlar smetasi budjet tashkilotlari uchun budjetdan tashqari mablagʻlar boʻyicha qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda tuziladi.
8. Jamgʻarmaning daromadlar va xarajatlar smetasi Qoʻmita raisi yoki u vakolat bergan rais oʻrinbosari tomonidan tasdiqlanadi va belgilangan tartibda Iqtisodiyot va moliya vazirligida roʻyxatga olinadi.
Jamgʻarmaning daromadlar va xarajatlar smetasi kelgusi yilda moliyaviy mablagʻlar kelib tushishining kutilayotgan prognozi va amalga oshirilishi belgilangan tadbirlarni oʻtkazishdan kelib chiqqan holda tuziladi.
9. Jamgʻarma mablagʻlaridan uning tasdiqlangan daromadlar va xarajatlar smetasi asosida foydalaniladi.
10. Jamgʻarmaning daromadlar va xarajatlar smetasiga yil davomida belgilangan tartibda oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin.
5-bob. Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanishni hisobga olish, hisobot berish, nazorat qilish va javobgarlik
11. Jamgʻarma mablagʻlari tushumi va sarfining hisobi qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda Qoʻmita tomonidan yuritiladi.
12. Qoʻmita raisi, shuningdek, u vakolat bergan rais oʻrinbosari va bosh hisobchisi Jamgʻarmaga kelib tushadigan mablagʻlar va ularning sarflanishiga oid buxgalterlik hisobini yuritish, hisobotlarni tayyorlash va taqdim etishni toʻgʻri olib borishga javobgardir.
13. Jamgʻarmaning yil yakuni boʻyicha mablagʻlari qoldigʻi olib qoʻyilmaydi va keyingi moliya yili uchun daromadlar va xarajatlar smetasini tuzishda inobatga olinadi.
14. Jamgʻarma mablagʻlaridan oqilona foydalanilishi yuzasidan nazorat vakolatli organ tomonidan amalga oshiriladi.
15. Qoʻmita har chorakda Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanish samaradorligi yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga hisobot kiritib boradi.
16. Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirishda nazorat, litsenziyalash, ruxsat berish, xabardor qilish, muvofiqlikni baholash, roʻyxatdan oʻtkazish va hisobga olish tartib-taomillaridan tushadigan mablagʻlar Qoʻmita tomonidan ushbu tartib-taomillarni asossiz ravishda kengaytirish uchun ragʻbatlantiruvchi omil sifatida qoʻllanishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
17. Qoʻmita va uning hududiy boʻlinmalari xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish mezonlari nazorat tadbirlari, jarimalar, berilgan litsenziyalar, ruxsatnomalar, sertifikatlar, roʻyxatdan oʻtkazish, hisobga olish yoki pulli xizmatlar soni va hajmiga bogʻlanmaydi.
18. Jamgʻarma daromadlari va xarajatlari toʻgʻrisidagi choraklik maʼlumotlar Qoʻmitaning rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi, konfidensial maʼlumotlar bundan mustasno.
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
19. Jamgʻarmani tugatish yoki qayta tashkil etish qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
20. Ushbu Nizom talablarini amalga oshirishda yuzaga keladigan nizolar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal qilinadi.
21. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.07.2026-y., 09/26/396/0766-son)