OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING
QARORI
Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi huzuridagi “Milliy dispetcherlik markazi” davlat muassasasi faoliyatini takomillashtirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Qayta tiklanuvchi energiya manbalari va energiya saqlash tizimlarini yagona elektr energetikasi tizimiga integratsiya qilish jarayonida tezkor-dispetcherlik boshqaruvini takomillashtirish, shuningdek, Energetika vazirligi huzuridagi “Milliy dispetcherlik markazi” davlat muassasasining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, muassasada malakali mutaxassislar va ularning zaxirasini yaratish hamda elektr energetikasi tizimida dispetcherlik boshqaruvi faoliyatini raqamlashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Energetika vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining “Milliy dispetcherlik markazi” davlat muassasasi (keyingi oʻrinlarda — Markaz) xodimlarining umumiy cheklangan sonini qoʻshimcha 30 ta shtat birligiga oshirish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Energetika vazirligi bir oy muddatda Markaz xodimlarining umumiy cheklangan soni hamda uning yangi tahrirdagi tashkiliy tuzilmasini tasdiqlasin.
3. Energetika vazirligi Markaz bilan birgalikda:
ikki oy muddatda real vaqt rejimida energiya balansini rejalashtirish, generatsiya, shu jumladan, quyosh va shamol stansiyalarining prognozi va ularning turgʻun ishlash modellarini yaratish tizimini yoʻlga qoʻysin. Bunda zamonaviy modellashtirish va prognozlash uchun “Power Factory” (DIgSILENT) hamda “PLEXOS” dasturiy taʼminotlarini xorijiy grantlar, xalqaro moliya tashkilotlarining homiylik xayriyalari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan joriy etish choralari koʻrilsin;
2026-yil 1-sentabrga qadar xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda taʼlim va tajriba almashish dasturini ishlab chiqsin va amaliyotga joriy etsin.
4. Belgilansinki, Markaz daromadlarining kamida 15 foizi Markazning markaziy apparati, mintaqaviy va hududiy boʻlimlari moddiy-texnik bazasini texnik qayta jihozlash hamda xodimlar malakasini oshirishga yoʻnaltiriladi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
6. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov hamda energetika vaziri J.T. Mirzamahmudov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2026-yil 21-iyul,
400-son
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 21-iyuldagi 400-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining “Energetika vazirligi huzurida “Milliy dispetcherlik markazi” davlat unitar korxonasini tashkil etish toʻgʻrisida” 2022-yil 24-martdagi 126-son qarorida:
a) nomidagi “davlat unitar korxonasini” soʻzlari “davlat muassasasini” soʻzlari bilan almashtirilsin;
b) 1-bandning ikkinchi xatboshisidagi “davlat unitar korxonasini” soʻzlari “davlat muassasasini” soʻzlari bilan almashtirilsin;
v) 3-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“3. Energetika vazirligi huzurida “Milliy dispetcherlik markazi” davlat muassasasi boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni 289 ta shtat birligi etib belgilansin”;
g) 4-band quyidagi mazmundagi sakkizinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Davlat — xususiy sheriklik asosida faoliyat yuritayotgan elektr stansiyalari va elektr energiyasini saqlash tizimi operatorlari hamda yirik isteʼmolchilarga dispetcherlik xizmatlarini koʻrsatgani uchun shartnomalar Milliy dispetcherlik markazi va “Oʻzenergosotish” AJ oʻrtasida tuziladi”;
d) 5-bandning ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ, “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, “Oʻzbekgidroenergo” AJ, “Oʻzenergosotish” AJ hamda elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi va taqsimlovchi boshqa tashkilotlarga shartnoma asosida dispetcherlik xizmatini koʻrsatishdan tushadigan mablagʻlar”;
e) ilova oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
2. Vazirlar Mahkamasining “Energetika vazirligi huzurida “Milliy dispetcherlik markazi” davlat unitar korxonasining faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2022-yil 10-iyundagi 325-son qarorida:
a) nomidagi “davlat unitar korxonasini” soʻzlari “davlat muassasasini” soʻzlari bilan almashtirilsin;
b) 1-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“1. Vazirlar Mahkamasining “Energetika vazirligi huzurida “Milliy dispetcherlik markazi” davlat muassasasini tashkil etish toʻgʻrisida” 2022-yil 24-martdagi 126-son qaroriga muvofiq:
Energetika vazirligi huzurida “Milliy dispetcherlik markazi” davlat muassasasi (keyingi oʻrinlarda — Milliy dispetcherlik markazi) tashkil etilgani;
Milliy dispetcherlik markaziga “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ hamda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning milliy, mintaqaviy va hududiy dispetcherlik funksiyalarini oʻtkazish belgilangani maʼlumot uchun qabul qilinsin”;
v) 2-banddagi “davlat unitar korxonasi” soʻzlari “davlat muassasasi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
g) ilovada:
nomidagi “davlat unitar korxonasi” soʻzlari “davlat muassasasi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
6-bandning “a” kichik bandida:
oʻn birinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“elektr energetikasi obyektlarida oʻrnatilgan releli himoya va avariyaga qarshi avtomatika uskunalari ekspluatatsiyasi ustidan nazorat qilish”;
oʻn sakkizinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“yagona elektr energetikasi tizimi va uning qismlarida yangi obyektlarni kiritish, mavjudlarini kengaytirish hamda rekonstruksiya qilish boʻyicha loyihalarni koʻrib chiqishda qatnashish, shuningdek, ushbu loyihalar toʻgʻrisida takliflar berish va kelishish, elektr energetikasi obyektlariga ulanish uchun texnik shartlarni koʻrib chiqish va kelishish”;
quyidagi mazmundagi 51-bob bilan toʻldirilsin:
“51-bob. Markaz faoliyatini moliyalashtirish va moddiy-texnik taʼminlash, uning xodimlari mehnatiga haq toʻlash hamda ularni moddiy ragʻbatlantirish”
201. Markazning moddiy-texnika taʼminoti, Markaz direktori va xodimlari mehnatiga haq toʻlash va ularni moddiy ragʻbatlantirish boʻyicha xarajatlar:
shartnoma asosida ishlarni bajarish va xizmatlar koʻrsatishdan tushadigan tushumlar;
xalqaro moliya institutlari va xorijiy tashkilotlarning grantlari;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.
202. Markazda buxgalteriya hisobi buxgalteriya hisoboti milliy standartlari asosida yuritiladi, soliq va moliyaviy hisobotlar tuziladi.
203. Markaz direktori va xodimlarining mehnatiga Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksiga, ushbu Nizomga, boshqa qonunchilik hujjatlariga, jamoa shartnomasiga, shuningdek, boshqa normativ hujjatlarga muvofiq haq toʻlanadi va u quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
lavozim maoshlari (tarif stavkalari);
lavozim maoshlariga qoʻshimchalar va ustamalar;
mehnatning yakuniy natijalariga koʻra belgilanadigan mukofotlar.
204. Markaz shtatlar jadvali Markaz direktori tomonidan tasdiqlanadi hamda energetika vaziri tomonidan kelishiladi hamda unga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish huquqi beriladi.
205. Xodimning lavozim maoshi belgilangan mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdori yagona tarif setkasining tegishli razryadi tarif koeffitsiyentini 1,5 baravarga oshirilgan miqdorda qoʻllanadi.
206. Mehnat qonunchiligida belgilangan bayram kunlari va kasb bayrami munosabati bilan xodimga lavozim maoshining 2 baravari miqdorida mukofot puli toʻlanadi.
207. Markaz va uning tarkibiy boʻlinmalari tarkibiga kiradigan xodimlarning Yagona tarif setkasi boʻyicha mehnatga haq toʻlashning tasdiqlangan razryadlariga muvofiq lavozim maoshi, lavozim maoshiga ustama haqlar, bayram puli, har oylik (ragʻbatlantiruvchi tusdagi) pullar hamda boshqa toʻlovlar va ustamalarni belgilashda tarif koeffitsiyenti oshirilgan tarif koeffitsiyentini hisobga olgan holda qoʻllanadi.
208. Markaz va uning tarkibiy boʻlinmalari xodimlariga mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq Markaz mablagʻlari hisobidan lavozim maoshiga quyidagi qoʻshimchalar va ustamalar toʻlanadi:
xodimlar mehnatini ragʻbatlantirish maqsadida lavozim maoshiga 40 foiz miqdorida ustama (markaziy apparat xodimlariga) toʻlov;
ovqatlanish xarajatlarini qoplash uchun bazaviy hisoblash miqdorining besh baravarida har oylik kompensatsiya toʻlovi;
yoʻlkira xarajatlarini qoplash uchun bazaviy hisoblash miqdorining besh baravarida har oylik kompensatsiya (xizmat avtotransport vositalari bilan taʼminlangan yoki shaxsiy avtotransport vositalaridan foydalangani uchun kompensatsiya toʻlovlarini oladigan, shu jumladan, xizmat safari bilan bogʻliq xarajatlar qoplab beriladigan xodimlar bundan mustasno) toʻlovi;
xodimga lavozim maoshining ikki baravari miqdorida ustama va qoʻshimcha haq toʻlovlari;
Markazning boshqaruv, texnik va xizmat koʻrsatuvchi xodimlariga umumiy koʻp yillik xizmati uchun oshirilgan koeffitsiyentini hisobga olgan holda, lavozim maoshiga quyidagi miqdorlarda har oyda ustama (uzoq muddat ishlagan yillari uchun mukofot olish huquqini beruvchi ish staji Markazning ichki hujjatlari bilan tartibga solinadi) toʻlov:
1 yildan 3 yilgacha — 0,1;
3 yildan 5 yilgacha — 0,2;
5 yildan 7 yilgacha — 0,3;
7 yildan 10 yilgacha — 0,4;
10 yildan 15 yilgacha — 0,5;
15 yildan 20 yilgacha — 0,6;
20 yildan 30 yilgacha — 0,7;
30 yildan ortiq — 0,8;
xodimga har yillik mehnat taʼtiliga chiqayotganda moddiy yordam va kompensatsiya toʻlovlari.
209. Markazning xoʻjalik faoliyati natijalariga koʻra xodimlar samarali mehnatini hisobga olgan holda, yil yakuni boʻyicha lavozim maoshining oʻn baravarigacha miqdorda mukofotlanadi.
Yil yakuni boʻyicha mukofotlash tartibi va toʻlov shartlari Markazning ichki hujjatlarida belgilangan qoidalar bilan tartibga solinadi.
2010. Xodimlar muhim topshiriqlarni sifatli, natijadorlik bilan bajargani uchun ularga boʻysunuvi boʻyicha tarkibiy boʻlinma rahbari yoki direktor oʻrinbosari tomonidan berilgan bildirgi asosida lavozim maoshining ikki baravarigacha boʻlgan miqdorda mukofot puli berilishi (shuningdek, Energetika vazirligining topshirigʻi asosida ham mukofot berilishi) mumkin.
Funksional vazifalarini oʻz vaqtida, sifatli bajargan xodimlarni mukofotlash, ularning faoliyatini moddiy ragʻbatlantirish va ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash uchun ular samaradorlik koʻrsatkichlari (KPI) natijalariga koʻra Markazning oʻz mablagʻlari hisobidan lavozim maoshining besh baravarigacha ragʻbatlantiriladi.
2011. Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini sotib olish uchun bir kalendar yilda mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining oʻn besh baravarigacha miqdorda moddiy yordam toʻlanadi (ushbu moddiy yordam, qoida tariqasida, kuz oylarida beriladi).
2012. Markaz oʻz faoliyatida belgilangan vazifalarini bajarishda mahalliy, xorijiy mutaxassislar va xalqaro maslahatchilarni jalb qilish huquqiga ega. Ularga ish haqi tuzilgan mehnat shartnomalariga muvofiq toʻlanadi.
2013. Energetika sohasida koʻp yillik xizmatlari uchun beriladigan unvonlar va ilmiy darajaga ega boʻlgan xodimlarga qonunchilik hujjatlarida belgilangan miqdorlarda qoʻshimcha toʻlovlar toʻlanadi”.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.07.2026-y., 09/26/400/0767-son)