Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish, shuningdek, fuqaro muhofazasini taʼminlash qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan ishonchli muhofaza qilish sohasini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish toʻgʻrisida” 2025-yil 20-oktabrdagi PF-185-son Farmoni ijrosini taʼminlash, shuningdek, aholi va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish va fuqaro muhofazasi sohasida davlat nazoratini yuritish tartibini takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish, shuningdek, fuqaro muhofazasini taʼminlash qoidalari 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilishda respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, xoʻjalik birlashmalari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, tashkilotlar hamda fuqarolar uchun qoʻyiladigan talablar;
oʻta muhim, toifalangan, yongʻin-portlash hamda kimyoviy xavfli va boshqa iqtisodiyot obyektlari, taʼlim va davolash-profilaktika muassasalari, odamlar gavjum boʻladigan joylar uchun belgilangan talablar;
aholini favqulodda vaziyatlarda harakat qilishga va fuqaro muhofazasi sohasida tayyorlashga oid qoidalar;
qutqaruv va fuqaro muhofazasi tuzilmalari uchun talablar;
favqulodda vaziyat roʻy berish xavfi yoki favqulodda vaziyat roʻy bergani haqida xabar berishning avtomatlashtirilgan tizimi boʻyicha talablar;
xavfli gidrometeorologik hodisalar va geologik hududlar bilan bogʻliq favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish, radiatsion, kimyoviy va tibbiy-biologik muhofazani hamda seysmik xavfsizlikni taʼminlashga oid talablar;
favqulodda vaziyat sodir boʻlganda harakat qilish qoidalari.
2. Ushbu qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach kuchga kiradi.
3. Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 19-sentabrdagi 744-son qarori bilan tasdiqlangan Aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish, fuqaro muhofazasi, shuningdek, kichik hajmli kemalardan xavfsiz foydalanish sohasida davlat nazoratini olib borish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
4. Favqulodda vaziyatlar vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ikki oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
5. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.J. Ramatov va Oʻzbekiston Respublikasi favqulodda vaziyatlar vaziri A.I. Ikramov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2026-yil 7-iyul,
370-son
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 7-iyuldagi 370-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish va fuqaro muhofazasini taʼminlash
QOIDALARI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Aholini va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish hamda fuqaro muhofazasini taʼminlash qoidalari (keyingi oʻrinlarda — Qoidalar) Oʻzbekiston Respublikasining “Aholini va hududlarni tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi va “Fuqaro muhofazasi toʻgʻrisida”gi qonunlariga hamda sohaga oid normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish va fuqaro muhofazasini taʼminlash talablarini belgilaydi.
2. Oʻzbekiston Respublikasida aholini va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish va fuqaro muhofazasini taʼminlashda ushbu Qoidalar bilan birga “Aholini va hududlarni tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi va “Fuqaro muhofazasi toʻgʻrisida”gi qonunlariga hamda belgilangan tartibda tasdiqlangan talablarini oʻz ichiga olgan boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga amal qilish lozim.
3. Aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish va fuqaro muhofazasi sohasiga oid boshqa normativ-huquqiy hujjatlar, texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar hamda idoraviy hujjatlar talablari ushbu Qoidalarda belgilangan talablardan past boʻlmasligi kerak.
4. Ushbu Qoidalar bilan belgilanadigan davlat nazoratining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
a) favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish va fuqaro muhofazasini taʼminlash sohasidagi qonunchilik hujjatlari talablari buzilishining oldini olish, uni aniqlash va unga chek qoʻyish;
b) favqulodda vaziyatlar xavfi va omillarini kuzatib borish, fuqarolarning hayoti va sogʻligʻiga tahdid solishi mumkin boʻlgan holatlarni aniqlash;
v) yuridik va jismoniy shaxslarning favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish hamda fuqaro muhofazasini taʼminlash sohasidagi huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishini, ular tomonidan majburiyatlarning bajarilishini taʼminlash;
g) hududlarda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan favqulodda vaziyatlar, ularning prognoz qilinayotgan holati, profilaktika chora-tadbirlari toʻgʻrisida davlat tashkilotlarini va boshqa idoralarni, shuningdek, fuqarolarni xabardor qilish;
d) favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish va fuqaro muhofazasi sohasidagi tadbirlar samaradorligini oshirish hamda davlat dasturlarining amalga oshirilishida fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolar ishtirokini taʼminlash.
5. Ushbu Qoidalarda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
davlat nazorati — nazorat organlarining vakolatlari doirasida amalga oshiriladigan, majburiy talablar buzilishining oldini olish, aniqlash va ularga chek qoʻyishga qaratilgan davlat chora-tadbirlari tizimi;
davlat nazorati subyektlari — respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, xoʻjalik birlashmalari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, yuridik va jismoniy shaxslar;
davlat nazorati obyekti — aholi va hududlarni tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish, fuqaro muhofazasi, shuningdek, kichik hajmli kemalardan xavfsiz foydalanish boʻyicha nazorat ishlarini amalga oshiruvchi subyektlar faoliyat yuritadigan obyektlar;
yozma koʻrsatma — favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish va fuqaro muhofazasi nazorati boʻyicha vakolatga ega boʻlgan mansabdor shaxsning favqulodda vaziyatlarda xavfsizlik talablari buzilishini bartaraf etish, shu jumladan, korxonalar va obyektlar faoliyatini, shuningdek, ishlab chiqarishda (ishlarni bajarish, xizmatlar koʻrsatishda) favqulodda vaziyatlarning oldini olish boʻyicha tadbirlarning belgilangan muddatlarda tegishli mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy boʻlgan yozma farmoyishi;
kichik hajmli kema — asosiy dvigatellar quvvati 55 kVt (75 ot kuchi) va yoʻlovchi sigʻimi 12 kishidan ortiq boʻlmagan oʻziyurar kemalar, motorlarning quvvati va sonidan qatʼi nazar, osma motorli kemalar, suv mototsikllari (gidrotsikllar), yuk koʻtarish qobiliyati 80 registr tonnadan ortiq boʻlmagan oʻzi-yurmas kemalar (eshkakli qayiqlar (eshkakli qayiqlar va suv velosipedlari (katamaranlar)), yelkanli kemalar, havo bosimi bilan toʻldiriladigan yoki shishiriladigan motorsiz eshkakli qayiqlar;
kichik hajmli kemalar turadigan baza (inshoot) — suv obyektining tutashgan qirgʻoq hududida kichik hajmli kemalar turishi uchun maxsus jihozlangan, shuningdek, ular saqlanadigan va ularga texnik xizmat koʻrsatish uchun maxsus jihozlangan muhandislik inshootlari majmui;
navigatsiya — hududning ob-havo sharoitidan kelib chiqib, suv obyektlarida kichik hajmli kemadan (keyingi oʻrinlarda — kema) foydalanish mumkin boʻlgan davr;
obyekt — yuridik yoki jismoniy shaxsning mulkiy kompleksi (yoki uning bir qismi), shu jumladan, ular uchun favqulodda vaziyatlarning oldini olish va fuqaro muhofazasi talablari belgilangan binolar, inshootlar, transport vositalari, texnologik qurilmalar, asbob-uskuna, agregatlar, buyumlar va boshqa mol-mulk;
odamlar gavjum boʻladigan joylar — madaniyat va istirohat bogʻlari, savdo va koʻngilochar markazlari, bozorlar va savdo komplekslari, konsert zallari, teatr va kinoteatrlar;
suzish joyi — kema turi va modelini inobatga olib, kemalarda suzishga ruxsat etilgan suv havzasi hududi;
suv obyekti — suvlar doimiy ravishda yoki vaqtincha toʻplanadigan va suv rejimining oʻziga xos shakllari va belgilari boʻlgan tabiiy (jilgʻalar, soylar, daryolar va boshqalar) hamda sunʼiy (ochiq va yopiq kanallar, shuningdek, kollektor-drenaj tarmoqlari) suv oqimlari, tabiiy (koʻllar, dengizlar) va sunʼiy (suv omborlari, sel suvlari toʻplanadigan joylar, hovuzlar va boshqalar) suv havzalari;
tekshiruv — davlat tashkilotlari, muassasalari va tadbirkorlik subyekti tomonidan faoliyatni tartibga soluvchi qonunchilikka qay darajada rioya etilayotganini kerakli materiallar, hujjatlar yoki ularning faoliyatiga doir maʼlumotlarni olish hamda muayyan harakatlarni amalga oshirish orqali oʻtkaziladigan nazorat tadbiri;
favqulodda vaziyat — muayyan hududda odamlar qurbon boʻlishiga, odamlarning sogʻligʻiga yoki atrof tabiiy muhitga zarar yetishiga, jiddiy moddiy talafotlarga hamda odamlarning hayot va faoliyat sharoitlari buzilishiga olib kelishi mumkin boʻlgan yoki olib kelgan avariya, halokat, xavfli tabiiy hodisa, tabiiy ofat yoxud boshqa ofat natijasida, karantinli va inson uchun xavfli boʻlgan boshqa yuqumli kasalliklar tarqalishi natijasida yuzaga kelgan vaziyatlar;
favqulodda vaziyatlarning oldini olish — oldindan oʻtkaziladigan hamda favqulodda vaziyatlar roʻy berishi xavfini imkon qadar kamaytirishga, bunday vaziyatlar roʻy bergan taqdirda esa, odamlarning hayotini asrab qolishga va sogʻligʻini saqlashga, atrof tabiiy muhitga yetkaziladigan zarar va moddiy talafotlar miqdorlarini kamaytirishga qaratilgan tadbirlar majmui;
favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish — favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish boʻyicha tadbirlar majmui, vositalar hamda usullar tizimi;
favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish — favqulodda vaziyatlar roʻy berganda oʻtkaziladigan hamda odamlarning hayotini asrab qolishga va sogʻligʻini saqlashga, atrof tabiiy muhitga yetkaziladigan zarar va moddiy talafotlar miqdorlarini kamaytirishga, shuningdek, favqulodda vaziyatlar zonalarining kengayishiga yoʻl qoʻymaslikka hamda xavfli omillar taʼsirini tugatishga qaratilgan qutqaruv ishlari va kechiktirib boʻlmaydigan ishlar majmui;
favqulodda vaziyat zonasi — favqulodda vaziyat manbai yuzaga kelgani oqibatida odamlar qurbon boʻlishi, ularning sogʻligʻiga yoki atrof tabiiy muhitga zarar yetishi xavfi mavjud boʻlgan va (yoki) uning taʼsirida jiddiy moddiy talafotlar koʻrilgan, shuningdek, odamlarning hayot va faoliyat sharoitlari buzilgan hudud;
favqulodda vaziyat roʻy berish xavfi yoki favqulodda vaziyat roʻy bergani haqida xabar berishning avtomatlashtirilgan tizimi — favqulodda vaziyat roʻy berish xavfi yoki favqulodda vaziyat roʻy bergani haqidagi maʼlumotlarni toʻplash, saqlash, ularga ishlov berish va ularni tarqatish, shuningdek, favqulodda vaziyatlarda aholining harakat qilish va muhofaza usullari, yuzaga kelgan vaziyat toʻgʻrisida aholiga xabar berish va maʼlumotlarni yetkazishda barcha hududlarni real vaqt rejimida monitoring qilish dasturiy-texnik vositalari majmui;
favqulodda vaziyatlarda harakat qilishga tayyorlash — Favqulodda vaziyatlar davlat tizimining rahbarlarini va mutaxassislari tayyorlanadigan hamda qayta tayyorlanadigan oliy, oʻrta maxsus va kasbiy taʼlim tashkilotlarida, malaka oshirish muassasalarida, kurslarda, maxsus oʻquv-uslubiyat markazlarida hamda ish joyida amalga oshiriladigan tadbirlar majmui;
fuqaro muhofazasi — harbiy harakatlar paytida yoki shu harakatlar oqibatida yuzaga keladigan xavflardan Oʻzbekiston Respublikasi aholisini, hududlarini, moddiy va madaniy boyliklarini muhofaza qilish maqsadida oʻtkaziladigan tadbirlarning davlat tizimi;
fuqaro muhofazasi kuchlari — qutqaruv va kechiktirib boʻlmaydigan boshqa ishlarni amalga oshirish uchun tuziladigan fuqaro muhofazasi harbiy qismlari, umumiy va maxsus hududiy, funksional va obyekt tuzilmalari;
fuqaro muhofazasi xizmati — fuqaro muhofazasi maxsus tadbirlarini bajarish, fuqaro muhofazasi tuzilmalarining harakatlarini taʼminlash uchun kuchlar va vositalarni tayyorlash maqsadida tuzilgan funksional boʻlinmalar majmui;
evakuatsiya komissiyasi — respublika, hududiy, mahalliy va obyekt darajalarida jamoatchilik asosida tashkilot (obyekt)ning rahbar xodimlari va ishchi-xizmatchilari tarkibidan tashkil etiladigan, evakuatsiya tadbirlari rejalashtirilishini, tashkil etilishini va amalga oshirilishini muvofiqlashtiruvchi kollegial organ;
evakuatsiya tadbirlari — aholini va uning moddiy boyliklarini hamda davlat ahamiyatiga molik moddiy, madaniy, maʼnaviy, tarixiy boyliklarni favqulodda vaziyatlar yuz bergan yoki yuz berishi kutilayotgan hududlardan xavfsiz hududlarga koʻchirish va joylashtirish bilan bogʻliq chora-tadbirlar majmui;
“Yagona davlat nazorati” axborot tizimi — tadbirkorlik sohasida davlat nazorati bilan bogʻliq katta hajmdagi maʼlumotlarni toʻplash, tahlil qilish va qayta ishlash imkonini beruvchi elektron axborot tizimi;
himoya inshootlari — aholini va ishlab chiqarish xodimlarini zamonaviy qirgʻin vositalaridan muhofaza qilishga maxsus moʻljallangan muhandislik inshootlari majmui.
2-bob. Respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari uchun qoʻyiladigan talablar
6. Respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda xoʻjalik birlashmalari tomonidan quyidagi hujjatlar ishlab chiqilishi va yil boshida aniqliklar kiritilishi, shuningdek, mazkur hujjatlar Favqulodda vaziyatlar vazirligining tegishli hududiy (bosh) boshqarmalar (boʻlimlar) bilan kelishilishi lozim:
a) favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish boʻyicha harakatlar rejasi;
b) favqulodda vaziyatlarda masʼul xizmatlar bilan hamkorlikda harakat qilish rejasi;
v) favqulodda vaziyatlarda aholini, ishchi-xodimlar va moddiy boyliklarni xavfsiz hududlarga koʻchirish rejasi.
7. Aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish va fuqaro muhofazasi sohasida oʻtgan yilgi faoliyat yakunlari, joriy yildagi vazifalar hamda favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish boʻyicha asosiy chora-tadbirlar rejasini oʻz ichiga olgan buyruq tasdiqlangan va ijrochilarga yetkazilgan boʻlishi kerak.
8. Aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish va fuqaro muhofazasi tadbirlarini boshqarish uchun organlar (fuqaro muhofazasi shtabi) tashkil etilgan boʻlishi kerak.
9. Koʻchirish komissiyasi tarkibini tuzish va komissiyaning yillik ish rejasini tasdiqlash hamda ijroga qaratish kerak.
10. Buyruq asosida aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish va fuqaro muhofazasi boʻyicha masʼul shaxs tayinlangan boʻlishi kerak.
11. Rahbar xodimlar, qutqaruv va fuqaro muhofazasi tuzilmalari, shuningdek, qutqaruv va fuqaro muhofazasi tuzilmalari tarkibiga kiritilmagan ishchi va xizmatchilar bilan favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish hamda fuqaro muhofazasi boʻyicha quyidagilar tashkil etilgan boʻlishi lozim:
oʻquv dasturlarini, reja jadvallarini ishlab chiqish va tasdiqlash;
oʻquv sinfini (burchagini) tashkil etish va oʻquv jihozlari bilan jihozlash;
oʻquv mavzulari boʻyicha reja-konspektlar va guruh jurnallarini yuritish;
rahbar xodimlar, qutqaruv va fuqaro muhofazasi tuzilmalari, shuningdek, qutqaruv va fuqaro muhofazasi tuzilmalari tarkibiga kiritilmagan ishchi va xizmatchilarni guruhlarga taqsimlagan holda yillik tasdiqlangan reja-jadvalga asosan nazariy oʻquv mashgʻulotlarini oʻtkazish.
3-bob. Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari uchun qoʻyiladigan talablar
12. Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarining majburiyatlari quyidagilardan iborat:
a) aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish va fuqaro muhofazasi sohasidagi vazifalarni bajarishda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga va boshqa tashkilotlarga koʻmaklashish;
b) aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish va fuqaro muhofazasi sohasidagi tadbirlarga oʻz hududidagi fuqarolarni jalb etish;
v) aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish va fuqaro muhofazasi sohasiga oid qonunchilikka rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish;
g) aholi oʻrtasida favqulodda vaziyatlardan muhofazalanish boʻyicha targʻibot-tashviqot va tushuntirish ishlarini amalga oshirish;
d) favqulodda vaziyatlar organlari tomonidan taqdim qilingan (xabardor etilgan) monitoring va prognoz maʼlumotlariga asosan yuzaga kelishi mumkin boʻlgan favqulodda vaziyatlardan muhofazalanishni daxldor tashkilot va idoralar bilan birgalikda tashkil etish;
e) aholini favqulodda vaziyatlarda toʻgʻri harakat qilish boʻyicha oʻrgatish va tayyorlash tadbirlarini oʻtkazish.
4-bob. Tashkilot rahbari uchun qoʻyiladigan talablar
13. Tashkilot rahbarining favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish va fuqaro muhofazasi sohasidagi majburiyatlariga quyidagilar kiradi:
a) Oʻzbekiston Respublikasining “Aholini va hududlarni tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi va “Fuqaro muhofazasi toʻgʻrisida”gi qonunlariga, favqulodda vaziyatlar va fuqaro muhofazasi sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar hamda ushbu qoidalarning talablariga har bir obyektda rioya etilish va bajarilishini taʼminlash, zarur choralarni rejalashtirish, moliyalashtirish va amalga oshirish;
b) xavf darajasi yuqori boʻlgan obyektlarning xavfsizlik deklaratsiyasini ishlab chiqish hamda favqulodda vaziyatlar organlariga taqdim etish;
v) oʻz ishchi-xodimlarini favqulodda vaziyatlardan muhofazalanish usullariga va bunday vaziyatlarda harakat qilishga oʻrgatishni tashkil qilish;
g) xabar berishning avtomatlashtirilgan (ichki, obyekt va mahalliy) tizimlarini yaratish hamda doimiy shay holatda saqlab turish;
d) favqulodda vaziyatlar roʻy berish xavfi toʻgʻrisida yoki favqulodda vaziyatlar roʻy bergani haqida ishchi-xodimlarga, boshqaruv organlariga va tegishli xizmatlarga oʻz vaqtida xabar berilishini tashkil etish;
e) favqulodda vaziyatlar sharoitida obyektlarning barqaror faoliyat koʻrsatishini va ishchi-xodimlarning hayoti va faoliyatini taʼminlash;
j) mavjud fuqaro muhofazasi muhandislik-himoya inshootlarini doimiy shay holatda saqlab turish;
z) xavf darajasi yuqori boʻlgan obyektlarda sodir boʻlishi mumkin boʻlgan favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish uchun moliyaviy va moddiy resurslar zaxiralarini yaratish;
i) xavf darajasi yuqori boʻlgan tashkilot tarkibida favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish uchun jalb etiladigan kuchlar va vositalarni (tuzilmalarni) tuzish, ularning tayyorgarligini (jihozlanishini) hamda shay holatda saqlab turilishini taʼminlash;
k) mahalliy hokimliklar va favqulodda vaziyatlar organlarining oʻz hududida favqulodda vaziyatlar roʻy berish xavfi toʻgʻrisida yoki favqulodda vaziyatlar roʻy bergani haqida tezkorlik bilan xabardor qilish;
l) favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish boʻyicha harakatlar rejalariga muvofiq oʻz tasarrufidagi obyektlarda avariya-qutqaruv ishlari amalga oshirilishini taʼminlash;
m) mahalliy (tuman, shahar) va hududiy (Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri) ishlarni mexanizatsiyalash va yigʻma komandalarni belgilangan tartibda tashkil etish uchun ularning jamlanishiga shaxsiy tarkib, texnika va vositalarni ajratish;
n) favqulodda vaziyatlarda ishchi-xodimlar va moddiy boyliklarni xavfsiz hududga koʻchirishga (evakuatsiya qilishga) oid tadbirlarni oldindan rejalashtirib borish, koʻchirish komissiyasi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshirish va odamlarni joylashtirish uchun joylarni tayyorlash;
o) favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish va fuqaro muhofazasi sohasidagi tadbirlarning bajarilishi va natijalari toʻgʻrisida mahalliy hokimliklarga va favqulodda vaziyatlar organlariga axborot taqdim etish;
p) tarkibiy tuzilmalar nizomlarida va obyekt xodimlarining lavozim yoʻriqnomalarida favqulodda vaziyatlarning oldini olish va fuqaro muhofazasini taʼminlash boʻyicha majburiyatlarni nazarda tutish.
14. Tashkilot rahbarining buyrugʻi bilan:
a) fuqaro muhofazasi shtabini, evakuatsiya va barqarorlikni taʼminlash komissiyalarini, fuqaro muhofazasi tuzilmalarini tuzish va shaxsiy tarkib bilan jamlash, aloqa va xabar berish vositalarini, shaxsiy himoya vositalarini hamda qutqaruv asbob-anjomlarini foydalanish uchun soz holda saqlash hamda tashkilot (obyekt)ning favqulodda vaziyatlar va fuqaro muhofazasi boʻyicha masʼul shaxsini tayinlash;
b) har bir obyekt uchun uning favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish faoliyati tartibini belgilaydigan harakatlar rejalarini va fuqaro muhofazasi yoʻriqnomalari ushbu Qoidalarga muvofiq ishlab chiqilishini taʼminlash;
v) favqulodda vaziyatlar yuzaga kelishi mumkin boʻlgan ishlarni xavfsiz bajarish tartibi va vaqtini belgilash hamda ularning bajarilishini nazoratini tashkil etish;
g) obyektning xodimlari oʻrtasida favqulodda vaziyatlar sodir boʻlgan vaqtdagi majburiyatlarni (vazifalarni) taqsimlash va tasdiqlash;
d) favqulodda vaziyatlar sodir boʻlganda ularning sababini, sodir etilishi va rivojlanishi (tarqalishi) sharoitlarini, favqulodda vaziyatlar kelib chiqishida va fuqaro muhofazasi talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslarni aniqlash choralarini koʻrish;
e) ushbu Qoidalarga muvofiq favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish, fuqaro muhofazasi, hayoti va faoliyat xavfsizligi toʻgʻrisidagi axborot stendlarini (devoriy koʻrgazmalarini) tashkil etish.
5-bob. Fuqarolar uchun belgilangan talablar
15. Fuqarolarning favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish va fuqaro muhofazasi sohasidagi majburiyatlariga quyidagilar kiradi:
a) umumiy xavfsizlik choralariga rioya etishlari, favqulodda vaziyatlar roʻy berishiga olib kelishi mumkin boʻlgan harakatlarga yoʻl qoʻymaslik;
b) favqulodda vaziyatlardan muhofazalanishning asosiy usullarini, jabrlanganlarga birinchi yordam koʻrsatish yoʻllarini oʻrganish hamda oʻz bilimlari va amaliy koʻnikmalarini oshirib borish;
v) favqulodda vaziyatlar sodir boʻlganda zudlik bilan bu haqida qutqaruv xizmatiga xabar berish hamda odamlarni, mol-mulklarni evakuatsiya qilish va favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishda koʻmaklashish;
g) favqulodda vaziyatlar roʻy berish xavfi yuzaga kelganda va favqulodda vaziyatlar roʻy bergan sharoitlarda ogohlantirish signallariga, yurish-turish qoidalariga hamda harakat qilish tartibiga rioya etish, umumiy va yakka muhofazalanish vositalaridan foydalanish usullarini bilish;
d) zarur boʻlganda, qutqaruv ishlarini va kechiktirib boʻlmaydigan boshqa ishlarni amalga oshirishga koʻmaklashish;
e) texnologik qurilmalar va uskunalar yordamida ishlarni bajarishda texnika xavfsizligi qoidalariga rioya qilish;
f) ushbu Qoidalarda nazarda tutilgan favqulodda vaziyatlar va fuqaro muhofazasi talablariga qatʼiy amal qilish.
6-bob. Oʻta muhim, toifalangan, yongʻin-portlash hamda kimyoviy xavfli va boshqa iqtisodiyot obyektlari uchun belgilangan talablar
16. Oʻta muhim, toifalangan davlat ahamiyatiga molik obyektlarda, shuningdek, qonunchilik hujjatlariga muvofiq xavfli ishlab chiqarish obyektlari jumlasiga kiritilgan, yongʻin va portlash xavfi yuqori boʻlgan moddalar ishlatiladigan, ishlab chiqariladigan, qayta ishlov beriladigan, hosil qilinadigan, saqlanadigan, tashiladigan, yoʻq qilinadigan obyektlarda tashkilot rahbarining buyrugʻi bilan favqulodda vaziyatlarning oldini olish va fuqaro muhofazasini taʼminlash boʻyicha saʼy-harakatlarni muvofiqlashtirish maqsadida obyektning barqarorligini taʼminlash komissiyasi tuzilishi hamda ushbu qoidaga muvofiq obyektning favqulodda vaziyatlarning oldini olish va fuqaro muhofazasi boʻyicha pasporti ishlab chiqilishi lozim.
17. Favqulodda vaziyat roʻy berish xavfi toʻgʻrisida yoki favqulodda vaziyat roʻy bergani haqida aholiga, obyekt ishchi xodimlariga oʻz vaqtida xabar berishni va axborot uzatishni moddiy-texnik tashkil etish hamda xabardor qilish va axborot uzatishning maxsus texnik vositalari oʻrnatilishi kerak.
18. Qutqaruv xizmatlari va qutqaruv tuzilmalari qutqaruvchilarining hayoti va sogʻligʻi majburiy sugʻurta qilinishi kerak.
19. Favqulodda vaziyatlarda aholini, ishchi-xodimlarni va moddiy boyliklarni xavfsiz hududga koʻchirish, favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish, fuqaro muhofazasi himoya vositalari joylashgan joylarni belgilash boʻyicha bino va inshootlar yoʻlaklari hamda evakuatsiya yoʻllarining koʻrinadigan joylarida:
favqulodda vaziyatlarda binoni tark etish evakuatsiya chizmasi bino har bir qavatining koʻrinarli joylariga oʻrnatilishi;
milliy standart talablariga muvofiq favqulodda vaziyatlardan muhofazalanish va harakat qilish belgilari oʻrnatilgan boʻlishi kerak.
20. Favqulodda vaziyatlar vazirligining tegishli hududiy (bosh) boshqarma (boʻlim)lari bilan qoʻyidagi hujjatlar kelishilgan holda ishlab chiqilgan boʻlishi kerak:
favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi;
fuqaro muhofazasini taʼminlash chora-tadbirlari rejasi;
favqulodda vaziyatlarda ishchi-xodimlar va moddiy boyliklarni xavfsiz hududlarga koʻchirish tadbirlari rejasi;
xavfsizlik deklaratsiyasi.
21. Aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish va fuqaro muhofazasi sohasida quyidagi hujjatlari ishlab chiqilgan, tasdiqlangan va ijrochilarga yetkazilgan boʻlishi kerak:
obyekt boshligʻi — fuqaro muhofazasi boshligʻining Aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish boʻyicha oʻtgan yilgi faoliyat yakunlari va joriy yildagi vazifalar toʻgʻrisidagi buyrugʻi;
joriy yil uchun aholini va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish boʻyicha asosiy chora-tadbirlar rejasi;
obyektning favqulodda vaziyatlarda barqaror faoliyat koʻrsatishini taʼminlash rejasi;
belgilangan tadbirlarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi taʼminlangani toʻgʻrisidagi hisobot hujjatlari yuritilishi.
22. Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va fuqaro muhofazasi tadbirlarini boshqarish uchun organlar (shtab tarkibi va boshqaruv maskani) tashkil etilgan boʻlishi kerak.
23. Quyidagi komissiyalar tuzilgan, faoliyati tashkil etilgan va yuritilgan boʻlishi kerak:
obyektning barqarorligini taʼminlash komissiyasi;
koʻchirish (evakuatsiya) komissiyasi;
favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish boʻyicha obyekt komissiyasi;
komissiyalarning yillik ish rejalari va yigʻilish bayonlari.
24. Favqulodda vaziyatlar va fuqaro muhofazasi boʻyicha mutaxassis shtati joriy etilgan yoki buyruq asosida masʼul shaxs tayinlangan boʻlishi kerak.
25. Rahbar xodimlar, qutqaruv va fuqaro muhofazasi tuzilmalari, shuningdek, qutqaruv va qutqaruv va fuqaro muhofazasi tuzilmalari tarkibiga kiritilmagan ishchi va xizmatchilar bilan favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish hamda fuqaro muhofazasi boʻyicha quyidagilar tashkil etilgan boʻlishi lozim:
oʻquv dasturlarini, reja jadvallarini ishlab chiqilishi va tasdiqlanishi;
oʻquv sinfi (burchagi) tashkil etilishi va oʻquv jihozlari bilan jihozlanishi;
oʻquv mavzulari reja-konspektlari va guruh jurnallari yuritilishi;
rahbar xodimlar, qutqaruv va fuqaro muhofazasi tuzilmalari, shuningdek, qutqaruv va qutqaruv va fuqaro muhofazasi tuzilmalari tarkibiga kiritilmagan ishchi va xizmatchilarni guruhlarga taqsimlagan holda belgilangan mavzular asosida nazariy oʻquv mashgʻulotlari oʻtkazilgan boʻlishi;
obyekt rahbariyati, komissiyalari, qutqaruv va fuqaro muhofazasi tuzilmalari shaxsiy tarkibini jalb etgan holda, tuman (shahar) favqulodda vaziyatlarda masʼul xizmatlar bilan bir yilda kamida bir marotaba maxsus taktik-oʻquv mashqlari oʻtkazilgan hamda hisobot hujjatlari yuritilgan boʻlishi;
obyektning favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishga jalb etiladigan fuqaro muhofazasi tuzilmalari shaxsiy tarkibi qutqaruv xizmati, qutqaruvchi maqomi va toifa darajalari boʻyicha attestatsiyadan oʻtkazilgan boʻlishi.
7-bob. Taʼlim va davolash-profilaktika muassasalari uchun belgilangan talablar
26. Taʼlim va davolash-profilaktika muassasalari Favqulodda vaziyatlar vazirligining hududiy (bosh) boshqarmalari (boʻlimlari) bilan kelishilgan holda ishlab chiqilgan va joriy yil boshiga aniqliklar kiritilishi kerak boʻlgan hujjatlar quyidagilardan iborat:
favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi;
favqulodda vaziyatlarda hamkorlikda harakatlar rejasi;
favqulodda vaziyatlarda ishchi-xodimlar va moddiy boyliklarni xavfsiz hududlarga koʻchirish tadbirlari rejasi.
27. Aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish va fuqaro muhofazasi sohasida oʻtgan yilgi faoliyat yakunlari, joriy yildagi vazifalar hamda favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish boʻyicha asosiy chora-tadbirlar rejasini oʻz ichiga olgan buyruq tasdiqlangan va ijrochilarga yetkazilgan boʻlishi kerak.
28. Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va fuqaro muhofazasi tadbirlarini boshqarish uchun organlar (fuqaro muhofazasi shtabi) tashkil etilgan boʻlishi kerak.
29. Evakuatsiya komissiyasi tuzilib va uning faoliyat yuritishi uchun yillik asosiy tadbirlari rejasini tasdiqlash va ijroga qaratish kerak.
30. Aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish va fuqaro muhofazasini taʼminlash vazifalari bajarilishini muvofiqlashtirish uchun masʼul shaxs buyruq asosida tayinlangan boʻlishi kerak.
31. Rahbar xodimlar, qutqaruv va fuqaro muhofazasi tuzilmalari, shuningdek, qutqaruv va fuqaro muhofazasi tuzilmalari tarkibiga kiritilmagan ishchi va xizmatchilar bilan favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish hamda fuqaro muhofazasi boʻyicha quyidagilar tashkil etilgan boʻlishi lozim:
oʻquv dasturlarini, reja jadvallarini ishlab chiqish va tasdiqlash;
oʻquv sinf (burchagi)ni tashkil etish va oʻquv jihozlari bilan jihozlash;
oʻquv mavzulari reja-konspektlari va guruh jurnallarini yuritish;
rahbar xodimlar, qutqaruv va fuqaro muhofazasi tuzilmalari, shuningdek, qutqaruv va fuqaro muhofazasi tuzilmalari tarkibiga kiritilmagan ishchi va xizmatchilarni guruhlarga taqsimlagan holda nazariy oʻquv mashgʻulotlari oʻtkazilgan boʻlishi kerak.
32. Fuqaro muhofazasi shaxsiy himoya vositalarining ish joylari va omborlarda toʻgʻri saqlanishini tashkil etish, ularning foydalanishga yaroqliligi holati laboratoriya sinovidan oʻtkazilgan boʻlishi kerak.
33. Qutqaruv va fuqaro muhofazasi tuzilmalarining shayligini taʼminlash:
qutqaruv va fuqaro muhofazasi tuzilmalarini belgilangan shaxsiy tarkib bilan toʻliq jamlanishi;
qutqaruv va fuqaro muhofazasi tuzilmalarining shaxsiy tarkibi oʻz funksional majburiyatlarini bilishi;
qutqaruv va fuqaro muhofazasi tuzilmalarini tabellashtirish meʼyorlarida koʻrsatilgan asbob-uskunalar va jihozlar bilan jihozlash;
qutqaruv va fuqaro muhofazasi tuzilmalari faoliyati uchun zarur boʻlgan normativ hujjatlar belgilangan talablarga muvofiq ishlab chiqish;
qutqaruv va fuqaro muhofazasi tuzilmalarini shay holatga keltirish vaqti tegishli taqvim va shay holatga keltirish rejalarning vaqt koʻrsatkichlariga toʻgʻri kelishi;
“Yigʻin” signali boʻyicha shaxsiy tarkib, texnika va jihozlarni oʻz vaqtida yigʻish.
34. Taʼlim va davolash-profilaktika muassasalari rahbar xodimlari Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasi huzuridagi Fuqaro muhofazasi institutida hamda qutqaruv va fuqaro muhofazasi tuzilmalari sardorlari hududiy favqulodda vaziyatlar boshqarmalari (bosh boshqarmalari) “Hayot faoliyati xavfsizligi” oʻquv markazida davriy ravishda tayyorgarlikdan oʻtkazib borilishi shart.
35. Favqulodda vaziyatlar va fuqaro muhofazasi boʻyicha oʻquv mashqlarini oʻtkazish rejalari tuzilishi, oʻquv mashqlarini oʻtkazish va hisobot hujjatlari yuritilgan boʻlishi lozim.
36. Belgilangan vazifalardan kelib chiqib, aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish boʻyicha chora-tadbirlarni oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirish kerak.
37. Favqulodda vaziyatlar uchun zaxira shifo oʻrinlari va dori-darmon vositalarining yaratilishi hamda saqlanishi lozim.
38. Tibbiy yordam xizmatining maxsus tuzilmalarini tuzish va jamlashni belgilash hamda ular hisobiga aniqlik kiritib borish.
39. Taʼlim muassasalarida koʻngilli qutqaruv tuzilmalarini (yosh qutqaruvchi, sanitar drujina, sanitar post, volontyor-qutqaruvchi) tuzish, jamlash va ularni oʻqitish-tayyorlash ishlarini amalga oshirish lozim.
8-bob. Odamlar gavjum boʻladigan joylar uchun belgilangan talablar
40. Odamlar gavjum boʻladigan obyektlar rahbarlari tomonidan Favqulodda vaziyatlar vazirligining hududiy boʻlinmalari (bosh boshqarmalar, boshqarmalar yoki boʻlimlar) bilan kelishilgan holda, qoʻyidagi hujjatlar ishlab chiqilgan, tasdiqlangan va joriy yil boshiga aniqliklar kiritilgan boʻlishi kerak:
a) favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi;
b) favqulodda vaziyatlarda ishchi-xodimlar va moddiy boyliklarni xavfsiz hududlarga koʻchirish tadbirlari rejasi;
v) favqulodda vaziyatlarda masʼul xizmatlari bilan hamkorlikda harakat qilish rejasi.
41. Aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish va fuqaro muhofazasi sohasida oʻtgan yilgi faoliyat yakunlari, joriy yildagi vazifalar hamda favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish boʻyicha asosiy chora-tadbirlar rejasini oʻz ichiga olgan buyruq tasdiqlangan va ijrochilarga yetkazilgan boʻlishi kerak.
42. Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va fuqaro muhofazasi tadbirlarini boshqarish uchun organlar (fuqaro muhofazasi shtabi) tashkil etilgan boʻlishi kerak.
43. Evakuatsiya komissiyasi tuzilib uning faoliyat yuritishi uchun yillik asosiy tadbirlari rejasini tasdiqlash va ijroga qaratish kerak.
44. Favqulodda vaziyatlar va fuqaro muhofazasi boʻyicha masʼul shaxs tayinlangan boʻlishi kerak.
45. Odamlar gavjum boʻladigan obyektlar rahbarlari rahbar xodimlar, qutqaruv va fuqaro muhofazasi tuzilmalari, shuningdek, qutqaruv va fuqaro muhofazasi tuzilmalari tarkibiga kiritilmagan ishchi va xizmatchilar bilan favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish hamda fuqaro muhofazasi boʻyicha quyidagilarni tashkil etgan boʻlishi lozim:
oʻquv dasturlarini, reja jadvallarini ishlab chiqish va tasdiqlash;
oʻquv sinf (burchagi)ni tashkil etish va oʻquv jihozlari bilan jihozlash;
oʻquv mavzular boʻyicha reja-konspektlar va guruh jurnallarini yuritish;
rahbar xodimlar, qutqaruv va fuqaro muhofazasi tuzilmalari, shuningdek, qutqaruv va fuqaro muhofazasi tuzilmalari tarkibiga kiritilmagan ishchi va xizmatchilarni guruhlarga taqsimlagan holda nazariy oʻquv mashgʻulotlarni oʻtkazish.
46. Fuqaro muhofazasi shaxsiy himoya vositalarining ish joylari va omborlarda toʻgʻri saqlanishini tashkil etish, ularning foydalanishga yaroqliligi holati laboratoriya sinovidan oʻtkazilgan boʻlishi kerak.
47. Fuqaro muhofazasi tuzilmalari uchun quyidagilar boʻlishi shart:
qutqaruv va fuqaro muhofazasi tuzilmalarini belgilangan shaxsiy tarkib bilan toʻliq jamlash;
qutqaruv va fuqaro muhofazasi tuzilmalarining shaxsiy tarkibi oʻz funksional majburiyatlarini bilish;
qutqaruv va fuqaro muhofazasi tuzilmalari tabellashtirish meʼyorlarida koʻrsatilgan asbob-uskunalar va jihozlar bilan jihozlash;
qutqaruv va fuqaro muhofazasi tuzilmalari faoliyati uchun zarur boʻlgan normativ hujjatlar belgilangan talablarga muvofiq ishlab chiqish;
qutqaruv va fuqaro muhofazasi tuzilmalarini shay holatga keltirish vaqti tegishli taqvim va shay holatga keltirish rejalarning vaqt koʻrsatkichlariga toʻgʻri kelishi.
48. Favqulodda vaziyatlar va fuqaro muhofazasi boʻyicha oʻquv mashqlari oʻtkazish rejalar tuzilishi, oʻquv mashqlar oʻtkazish va hisobot hujjatlari yuritilgan boʻlishi lozim.
49. Belgilangan vazifalardan kelib chiqib, aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish boʻyicha chora-tadbirlarni oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirish.
50. Obyektlarda ommaviy tadbirlarni oʻtkazishda aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish va fuqaro muhofazasi boʻyicha talablar quyidagilardan iborat:
a) ommaviy tadbirni oʻtkazish obyektida mavjud boʻlgan barcha muhandislik va xabar berish tizimlari, qoʻriqlash va muhofaza qilish, elektron-vizual kuzatish vositalarini soz holda saqlash;
b) xavfsizlikni taʼminlash tizimlarini boshqarishning statsionar (koʻchma) punktlarini tayyorlash;
v) tomoshabinlar joylari (tribunalar), ommaviy tadbir ishtirokchilarini evakuatsiya qilish yoʻllarining tayyorligini taʼminlash;
g) yongʻinni oʻchirishning birlamchi vositalarining mavjudligi va sozligini, ommaviy tadbirni oʻtkazish obyektining koʻrinarli joylarida xavfsizlik va yongʻin xavfsizligi belgilari oʻrnatilishi, evakuatsiya yoʻnalishi belgilari oʻrnatilgani, evakuatsiya reja (chizma)si va yoʻriqnomalari mavjudligi;
d) ommaviy tadbirni oʻtkazish obyekti ishchi-xodimlari favqulodda vaziyatlardan kelib chiqib, ularning harakatlarini tartibga soluvchi xizmat yoʻriqnomalarini bilishlari;
e) avariyaviy (avtonom) elektr taʼminoti manbai (dizel agregati yoki boshqa vositalar), ularni qoʻllash yoʻriqnomalarining mavjudligini taʼminlash va ulardan foydalanilishi uchun masʼul shaxsni tayinlash;
j) ommaviy tadbirlar oʻtkaziladigan obyektlarda oʻrnatiladigan sahna, dekoratsiya, monitor va boshqa qurilmalar texnik jihatdan mustahkam oʻrnatilishi, foydalanish uchun xavfsiz boʻlishi, shuningdek, ushbu masalalarda vujudga kelgan muammolar ommaviy tadbir tashkilotchisi tomonidan bartaraf etilishi;
z) ommaviy tadbirni oʻtkazish obyektining umumiy holati, texnik mustahkamligi va xavfsizligi boʻyicha tegishli hujjatlar boʻlishi kerak.
9-bob. Aholini favqulodda vaziyatlarda harakat qilishga va fuqaro muhofazasi sohasida tayyorlash boʻyicha talablar
51. Aholini maktabgacha, umumiy oʻrta, oliy, oʻrta maxsus va kasbiy taʼlim tashkilotlari, ishlab chiqarish obyektlar hamda yashash joylarida favqulodda vaziyatlarda harakat qilishga oʻrgatish umumiy va majburiy tartibda amalga oshiriladi.
52. Respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda ishlab chiqarish, xizmat koʻrsatish sohalarida favqulodda vaziyatlarda harakat qilishga oʻrgatish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
a) davlat boshqaruvi organlari rahbarlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari — favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bunday vaziyatlarda harakat qilish davlat tizimining aholi va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish boʻyicha yillik asosiy tadbirlar rejasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Fuqaro muhofazasi boshligʻi tomonidan oʻtkaziladigan yigʻinlar va oʻquv mashqlarida;
b) respublika va viloyat miqyosidagi tashkilotlar rahbarlari va masʼul mutaxassislari, shuningdek, tumanlar va shaharlar hokimlari hamda ularning oʻrinbosarlari — 3 yilda bir marta jamlash rejasiga muvofiq Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi huzuridagi Fuqaro muhofazasi institutining malaka oshirish va qayta tayyorlash oʻquv kurslarida;
v) tumanlar va shaharlar miqyosidagi tashkilotlar rahbarlari va masʼul mutaxassislari, qutqaruv xizmatlari, qutqaruv tuzilmalari va fuqaro muhofazasi tuzilmalari boshliqlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarining rahbarlari — 3 yilda bir marta jamlash rejasiga muvofiq Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi huzuridagi Boshlangʻich tayyorgarlik va malaka oshirish markazi, shuningdek, hududiy favqulodda vaziyatlar boshqarmalari Hayot faoliyati xavfsizligi oʻquv markazlarining malaka oshirish va qayta tayyorlash kurslarida;
g) tashkilotlarning xodimlari, ishchi va xizmatchilari hamda harbiy xizmatchilar — doimiy ravishda tayyorlash dasturlariga muvofiq, xizmat va ishdan ajralmagan holda, xizmat va ish joylarida tashkil etiladigan obyekt oʻquv mashgʻulotlarida tayyorgarlikdan oʻtkaziladi.
53. Maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari, umumiy oʻrta taʼlim maktablari, oʻrta maxsus, kasbiy hamda oliy taʼlim tashkilotlarida oʻquvchi-talabalari quyidagi tartibda tayyorgarlikdan oʻtkaziladi:
a) maktabgacha taʼlim muassasalari tarbiyalanuvchilari — doimiy ravishda maktabgacha taʼlimning maktabgacha taʼlim va tarbiya davlat standarti va oʻquv xususan, “Ilk qadam”, “Bosqichma-bosqich” dasturlariga, muvofiq taʼlim-tarbiya hududida muammoli-vaziyati oʻyinlar va mashgʻulotlarda;
b) umumiy oʻrta taʼlim maktablari oʻquvchilari — oʻquv yili davomida, umumiy oʻrta taʼlimning davlat taʼlim standartlari va oʻquv dasturlariga muvofiq oʻqish hududida darslarda, sport oʻyinlari va musobaqalarida, shuningdek, maktabdan tashqari taʼlim muassasalari va hududiy markazlarning favqulodda vaziyatlarda harakat qilishga tayyorlash majmualaridagi mashgʻulotlarda;
v) oliy, oʻrta maxsus va kasbiy taʼlim tashkilotlarida, oʻquvchi-talabalar — oʻquv yili davomida, taʼlim standartlari va oʻquv dasturlariga muvofiq oʻqish hududidagi darslarda, sport oʻyinlari va musobaqalarida, shuningdek, hududiy markazlarning favqulodda vaziyatlarda harakat qilishga tayyorlash majmualaridagi mashgʻulotlarida.
54. Ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish sohalarida band boʻlmagan aholi, shu jumladan, jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslar hamda Oʻzbekiston Respublikasiga tashrif buyurgan chet el fuqarolari:
a) ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish sohasida band boʻlmagan aholi, shu jumladan, jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslar — fuqarolarning oʻzini-oʻzi boshqarish organlari oʻquv-maslahat punktlarida suhbatlar oʻtkazish, maʼruzalar oʻqish, oʻquv filmlarini namoyish etish, oʻquv mashqlari va mashgʻulotlarga jalb etish, shuningdek, qoʻllanmalar va eslatmalarni tarqatish, radio va teledasturlarni efirga uzatish hamda Internet jahon axborot tarmogʻida sohaga oid maʼlumotlarni joylashtirish orqali;
b) Oʻzbekiston Respublikasiga tashrif buyurgan chet el fuqarolari tashrif davomida, ularga xizmat koʻrsatuvchi jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan favqulodda vaziyatlarda toʻgʻri harakat qilishlari yuzasidan yoʻriqnomadan oʻtkazish orqali;
v) aholini favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilishda “mahallabay” va “xonadonbay” ishlash tartibidagi profilaktik tadbirlar davomida;
g) mahalla fuqaro yigʻinlari maʼmuriy binosida tashkil etiladigan oʻquv maslahat profilaktikasi xonasida tayyorgarlikdan oʻtkaziladi.
55. Har haftaning chorshanba kunlari tashkilotlarda va mahallalarda oʻtkaziladigan “Favqulodda vaziyatlar va yongʻinlar profilaktikasi kuni” tadbirlari doirasida aholining tayyorgarligini oshirish hamda faol ishtiroki taʼminlab borilishi lozim.
56. Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari uchun aholini tayyorlash sohasidagi talablar:
ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish sohalarida band boʻlmagan aholini, shu jumladan jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslarni, shuningdek, tizimidagi tashkilotlarning rahbarlari ishchi va xizmatchilarini tayyorlash tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazilishini nazorat qilish;
oʻquv-amaliy tadbirlarni tashkil etishi va oʻtkazishi, ularga mahalliy aholi jalb etilishini taʼminlash;
oʻquv-metodik va targʻibot tarqatma materiallari chop etilishini hamda ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish sohalarida band boʻlmagan aholiga tarqatishni tashkil etish;
mahalliy aholini favqulodda vaziyatlar xavfi toʻgʻrisidagi tegishli axborot va maʼlumotlar bilan taʼminlash.
57. Respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa tashkilotlar uchun aholini tayyorlash sohasidagi talablar:
rahbar xodimlar, masʼul mutaxassislar, qutqaruv tuzilmalari va fuqaro muhofazasi tuzilmalari sardorlari belgilangan tartibda tayyorgarlikdan oʻtishlarini taʼminlash;
belgilangan dasturlar asosida qutqaruv tuzilmalari va fuqaro muhofazasi tuzilmalari aʼzolari, xodimlari, ishchi va xizmatchilarini oʻqitish hamda favqulodda vaziyatlar sharoitida harakat qilishga shay boʻlish darajasidagi bilim va koʻnikmalarga ega boʻlishlarini taʼminlash;
oʻquv hududini tashkil etishda zamonaviy oʻquv-moddiy baza (oʻquv xonasi, zarur koʻrgazmali oʻquv qurollari va darsliklar) bilan jihozlash;
qayta tayyorgarlik va malaka oshirish oʻquv kurslarida tayyorgarlikdan oʻtishi lozim boʻlgan rahbarlar, masʼul mutaxassislar, qutqaruv tuzilmalari va fuqaro muhofazasi tuzilmalari boshliqlari roʻyxatini Favqulodda vaziyatlar vazirligini tegishli hududiy boʻlinmalariga taqdim etishi kerak.
58. Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari uchun aholini tayyorlash sohasidagi talablar:
ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish sohalarida band boʻlmagan aholi, shu jumladan, jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslar bilan suhbatlar, maʼruzalar va uchrashuvlarni tashkil etish va oʻtkazish;
oʻquv mashqlari va mashgʻulotlarga mahalliy aholini jalb etishga koʻmaklashishi shart.
10-bob. Qutqaruv va fuqaro muhofazasi tuzilmalari uchun talablar
59. Qutqaruv va fuqaro muhofazasi tuzilmalari xavfli ishlab chiqarish obyektlarida, muhim mudofaa va iqtisodiy ahamiyatga ega boʻlgan tashkilotlarda, shuningdek, mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, ishchi va xizmatchilar soni 50 va undan ortiq boʻlgan vazirlik va idoralar markaziy apparatlarida tuzilishi lozim.
60. Obyekt ahamiyatidan kelib chiqqan holda, fuqaro muhofazasi tadbirlarini bajarish uchun xizmat koʻrsatuvchi texnik xodimlar va ishchilar tarkibidan iborat aloqa, kuzatuv, qutqaruv, yongʻin oʻchirish, tibbiy yordam koʻrsatish, jamoat tartibini saqlash, qoʻriqlash, himoya inshootlariga xizmat koʻrsatish, radiatsion-kimyoviy nazorat, maxsus ishlov berish va avariya-tiklash guruhlari tuzilishi shart.
61. Favqulodda vaziyatlar oʻchoqlarida qutqaruv ishlariga bevosita jalb etiladigan tuzilmalar va ularning shaxsiy tarkibi qonunchilikka muvofiq majburiy tartibda attestatsiyadan oʻtishi shart.
Attestatsiya Qutqaruv xizmatlari, qutqaruv tuzilmalari va qutqaruvchilarni attestatsiyadan oʻtkazish, qutqaruv xizmatlari va qutqaruv tuzilmalarini hisobga olish roʻyxatidan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom talablariga muvofiq oʻtkaziladi.
62. Qutqaruv va fuqaro muhofazasi tuzilmalari shaxsiy himoya vositalari, texnikalar, asbob-anjomlar va vositalar hamda maxsus kiyim-bosh bilan taʼminlangan, ular soz holatda saqlangan va foydalanishga shay boʻlishi kerak.
11-bob. Favqulodda vaziyat roʻy berish xavfi yoki favqulodda vaziyat roʻy bergani haqida xabar berishning avtomatlashtirilgan tizimi boʻyicha qoʻyiladigan talablar
63. Favqulodda vaziyat roʻy berish xavfi yoki favqulodda vaziyat roʻy bergani haqida xabar berish tizimi boʻyicha qoʻyidagilar:
a) boʻysunuvida favqulodda vaziyat taʼsiri obyekt hududidan tashqariga chiqadigan potensial xavfli obyekt mavjud boʻlgan tashkilotlar lokal darajadagi xabar berish tizimini yaratishi:
loyiha-smeta hujjatlariga asosan lokal darajadagi xabar berish tizimi yaratilgani hamda taʼsir koʻrsatish hududlari (suv omborlari 6 km, kimyoviy obyektlar 2.5 km etib belgilangan) qamrab olinishi;
lokal darajadagi xabar berish tizimi mahalliy darajadagi xabar berish tizimi bilan integratsiya qilinishi;
lokal darajadagi xabar berish tizimi doimiy tayyorligi va undan foydalanish boʻyicha nizom va boshqa belgilangan (xabar berish tizimining doimiy tayyorligi boʻyicha kunlik tekshirishlar qayd etish) hujjatlari mavjud boʻlishi lozim;
b) favqulodda vaziyat roʻy berishi mumkin boʻlgan potensial xavfli obyektlar hamda bir vaqtning oʻzida xodimlar va tashrif buyuruvchilarning soni 50 va undan ortiq nafarni tashkil etadigan tashkilotlarda obyekt darajasida xabar berish tizimini yaratishi, bunda:
loyiha-smeta hujjatlariga asosan obyekt darajasidagi xabar berish tizimini nazarda tutish;
obyekt darajasidagi xabar berish tizimi mahalliy darajadagi xabar berish tizimi bilan integratsiya qilinishi;
obyekt darajasidagi xabar berish tizimi doimiy tayyorligi va undan foydalanish boʻyicha nizom hujjati mavjud boʻlishi lozim.
12-bob. Aholini va hududlarni xavfli gidrometeorologik hodisalar hamda geologik hududlar bilan bogʻliq favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish talablari
64. Aholini va hududlarni xavfli gidrometeorologik hodisalar hamda geologik hududlar bilan bogʻliq favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish boʻyicha Toshqinga qarshi hukumat komissiyasining vakolati doirasidagi masalalarni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq topshiriq va vazifalari barcha vazirliklar, idoralar hamda tashkiliy-huquqiy shakli va idoraviy mansubligidan qatʼi nazar, boshqa tashkilotlar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, tuman (shahar)lar hokimliklari, shuningdek, fuqarolar tomonidan bajarilishi shart.
65. Gidrometeorologiya xizmati agentligi, Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi tegishli vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklariga monitoring davomida tasarrufidagi obyektlarga xavf soluvchi gidrometeorologik va geologik hududlardan muhofaza qilish boʻyicha muhandislik-texnik va boshqa chora-tadbirlar amalga oshirilishi yuzasidan ogohlantirishlar tayyorlaydi hamda Favqulodda vaziyatlar vazirligi bilan birgalikda ushbu ogohlantirishlarning bajarilishini nazorat qiladi.
66. Gidrometeorologiya xizmati agentligi, Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi oʻrganilgan obyektlar faoliyatini vaqtincha toʻxtatish yoki tegishli himoya tadbirlarini amalga oshirish boʻyicha ushbu obyektlar rahbarlariga yozma ogohlantirishlar kiritishlari lozim.
67. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari:
a) tegishli vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda xavfli uchastkalarni aniqlash uchun sel va toshqinlar mavsumidan oldin gidrotexnika inshootlari, koʻpriklar, qirgʻoqlar, daryolar va soylar oʻzanlari holatini oʻrganishi, bahor-yoz mavsumida toshqin suvlarini betalafot oʻtkazib yuborish maqsadida kechiktirib boʻlmaydigan himoya tadbirlari va avariya-tiklash ishlari amalga oshirilishini taʼminlashi;
b) daryo, kanal va soylarning suv oʻtkazish qobiliyati pasayishiga sabab boʻlishi mumkin boʻlgan noqonuniy qurilishlarga, daryo oʻzanlarida noruda materiallar noqonuniy qazib olinishiga va boshqa xoʻjalik faoliyatini amalga oshirishga yoʻl qoʻymasligi;
v) xavfli zonalar mavjud hududlarda xavfli gidrometeorologik va geologik hodisalar bilan bogʻliq favqulodda vaziyatlarga qarshi oʻz vaqtida choralar koʻrish, shuningdek, aholini va hududlarni ulardan muhofaza qilish ishlariga tezkor rahbarlikni tashkil etish uchun joylarda tuman(shahar)lar shtablarini tashkil etishi, ularni transport vositalari, yoqilgʻi-moylash mahsulotlari va aloqa vositalari bilan taʼminlashi;
g) Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Gidrometeorologiya xizmati agentligi, Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi taqdimnomalariga asosan sel, toshqin, qor koʻchkisi va koʻchki xavfi mavjud hududlarda joylashgan, koʻchirilishi lozim boʻlgan xoʻjaliklar aholisini xavfsiz joylarga vaqtincha koʻchirishi va zaruratga koʻra bosqichma-bosqich doimiy koʻchirish boʻyicha kompleks choralarni ishlab chiqishi va amalga oshirishi hamda xavfsiz hududlarga koʻchirilgan aholining yetarli darajada hayot kechirishi hamda faoliyatini tashkil etishi va tegishli targʻibot ishlarini amalga oshirishi;
d) vazirliklar, idoralar, mahalliy hokimliklar tegishli daryo va soylar qirgʻoqlarini mustahkamlash va boshqa muhofaza ishlarini amalga oshirishi, ularni amalga oshirish uchun xarajatlarni aniq hisob-kitoblar asosida mahalliy budjetning zaxira mablagʻlari hamda qonunchilik bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtirishi;
e) jismoniy va yuridik shaxslarga togʻ va togʻoldi hududlardan turar va noturar joy binolarini qurish uchun yer uchastkalarini ajratishda Gidrometeorologiya xizmati agentligi hamda Togʻ, kon sanoati va geologiya vazirligining hududiy boʻlinmalaridan ushbu yer uchastkalari xavfli geologik hududlar va gidrometeorologik hodisalar yuzaga kelishi mumkin boʻlgan hududga tushgan yoki tushmaganligi yuzasidan tegishli xulosalar olinishini taʼminlashi lozim.
68. Suv xoʻjaligi vazirligi hamda “Oʻzbekgidroenergo” AJ tomonidan quyidagilar taʼminlanishi lozim:
a) suv omborlari, gidroelektrostansiyalar, gidrotexnika inshootlari va irrigatsiya tizimlarining xavfsiz, ishonchli ishlashini, shuningdek, toshqin suvlari va sel oqimlarini betalafot oʻtkazib yuborishini taʼminlashi;
b) suv omborlari, gidroelektrostansiyalar, boshqa gidrotexnika inshootlarida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan avariyaviy holatlar va favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish uchun moddiy-texnik vositalar va texnologik uskunalar ehtiyot qismlari zaxiralarini yaratishi;
v) sel oqimlari va toshqinlar mavsumida barcha suv omborlari, gidroelektrostansiyalar, yirik va muhim ahamiyatga ega boshqa gidrotexnika inshootlarida rahbarlar tarkibi va mutaxassislarning kecha-kunduz navbatchiligini tashkil etishlari lozim.
13-bob. Radiatsion, kimyoviy va tibbiy-biologik muhofazani taʼminlash sohasida belgilangan talablar
69. Radiatsion va kimyoviy avariyalarni prognozlash, barvaqt aniqlash va oqibatlarini bartaraf etish boʻyicha tashkiliy-amaliy tadbirlar bajarilgan, kuch va vositalar shayligi taʼminlangan boʻlishi kerak.
70. Obyektda (agarda mavjud boʻlsa) laboratoriya nazorati va kuzatuv tizimi (keyingi oʻrinlarda — LNKT) boʻyicha quyidagilar bajarilishi kerak:
a) obyektning LNKT boʻyicha pasportini ishlab chiqish va hududiy favqulodda vaziyatlar boshqarmalari (bosh boshqarmalari) bilan kelishishi;
b) laboratoriya asbob-uskunalari, reagentlar va radiatsiyaviy, kimyoviy va biologik razvedka asboblari bilan jihozlanishi belgilangan quvvatga (suv, oziq-ovqat, tuproq va havo namunalari soni) toʻliq mos kelishi;
v) laboratoriya xodimlari funksional vazifalarini bilishlari;
g) laboratoriya hujjatlari toʻliq ishlab chiqilishi;
d) laboratoriyaga berilgan transport vositalari soz holatda boʻlishi.
71. Fuqaro muhofazasi shaxsiy himoya vositalarining ish joylari, va omborlarda toʻgʻri saqlanishini tashkil etish, ularning foydalanishga yaroqliligi holati laboratoriya sinovidan oʻtkazilgan boʻlishi lozim.
72. Jamoaviy himoya vositalari — fuqaro muhofazasining himoya inshootlari (keyingi matnlarda — himoya inshootlari) bilan taʼminlash boʻyicha tadbirlar belgilangan talablarga muvofiq tashkil etilishi kerak:
a) fuqaro muhofazasi boʻyicha tadbirlar rejasiga muvofiq himoya inshootlarini qurish rejasi ishlab chiqilgan boʻlishi;
b) obyektning eng katta ish smenasi va belgilangan aholi guruhlarini fuqaro muhofazasi himoya inshootlari bilan taʼminlanishi;
v) himoya inshootini tekshirish (oʻrganish) natijasida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish choralari koʻrilishi;
g) himoya inshootining texnik holati ustidan nazorat oʻrnatilishi;
d) himoya inshootlarining faoliyatiga oid tegishli hujjatlar ishlab chiqilgan boʻlishi;
e) himoya inshootini shay holatda saqlash va yashirinuvchilarni qabul qilishga tayyorligini taʼminlanishi;
j) himoya inshootiga xizmat koʻrsatish tuzilmalarini tuzish, jamlash, tuzilmalar xodimlarining xizmat vazifalarini ishlab chiqish va xodimlar bilan tanishtirilishi;
z) himoya inshooti texnik jihatdan mustahkam holatda va belgilangan muddatlarda yashirinuvchilarni qabul qilishga tayyor boʻlishi lozim.
14-bob. Seysmik xavfsizlikni taʼminlash sohasida belgilangan talablar
73. Seysmik xavfsizlikni taʼminlash sohasida jismoniy shaxslar quyidagi talablarni bajarishlari shart:
a) seysmik xavfsizlikni taʼminlash toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga va seysmik xavfsizlik taʼminlanishini texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga rioya etishi;
b) oʻz hayotini, sogʻligʻini va mol-mulkini saqlash uchun zilzilalarga qarshi ehtiyot choralarini koʻrishi;
v) zilzilalarga tayyorgarlik koʻrish va ularning oqibatlarini bartaraf etish hududida oʻz xizmat majburiyatlarini amalga oshirayotgan tegishli davlat organlari hamda tashkilotlar xodimlarining qonuniy talablarini bajarishi shart.
74. Oʻzbekiston Respublikasi hududida faoliyatini amalga oshirayotgan yuridik shaxslar:
a) oʻz xodimlarini zilzila vaqtidagi favqulodda vaziyatlarda toʻgʻri himoyalanishga va harakat qilishga oʻrgatishi;
b) joylarda ogohlantirish tizimlarini tashkil etishi va doimiy tayyor holatda tutishi hamda ehtimoli boʻlgan seysmik xavflar haqida xodimlarga darhol xabar berishi;
v) oʻz tasarrufida boʻlgan obyektlarning barqaror ishlashini taʼminlash shartlariga rioya etishi hamda zilzila vaqtida seysmik xavfning darajasiga muvofiq xodimlarning hayot faoliyatini taʼminlashi;
g) zilzilalar oqibatlarini bartaraf etish rejalariga muvofiq davlat organlari va boshqa tashkilotlar obyektlarida avariya-qutqaruv ishlarini oʻtkazishda koʻmaklashishi;
d) evakuatsiya tadbirlarini belgilangan tartibda oʻtkazishi hamda tashkilotlar hududida aholi va xodimlarni joylashtirish uchun bazalarni oldindan tayyorlash;
e) seysmik xavfsizlikni taʼminlash toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga va seysmik xavfsizlik taʼminlanishini texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga rioya etishi shart.
75. Jismoniy va yuridik shaxslarning zimmasida qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
76. Respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda boshqa tashkilotlar aholini zilzila sharoitida harakatlanishga tayyorlash sohasida:
rahbarlar, masʼul mutaxassislar, qutqaruv va fuqaro muhofazasi tuzilmalari boshliqlarini belgilangan tartibda kuchli zilzila bilan bogʻliq favqulodda vaziyatlardan muhofazalanish boʻyicha tayyorgarlikdan oʻtishini taʼminlashi;
belgilangan dasturlar asosida qutqaruv va fuqaro muhofazasi tuzilmalari masʼul mutaxassislar, xodimlar, ishchi hamda xizmatchilarni oʻqitilishini, shuningdek, kuchli zilzila bilan bogʻliq favqulodda vaziyatlarda harakat qilishga shayligini taʼminlashi;
oʻquv hududini tashkil etishda kuchli zilzilaning birlamchi va ikkilamchi oqibatlaridan muhofazalanish, kuchli zilzila hamda uning oqibatlariga oid zamonaviy oʻquv-moddiy baza (oʻquv xonasi, zarur koʻrgazmali oʻquv qurollari va darsliklar) bilan taʼminlashi;
qayta tayyorgarlik va malaka oshirish oʻquv kurslarida tayyorgarlikdan oʻtishi lozim boʻlgan rahbarlar, masʼul mutaxassislar, qutqaruv va fuqaro muhofazasi tuzilmalari boshliqlari roʻyxatini Favqulodda vaziyatlar vazirligiga taqdim etishi;
bosqichma-bosqich oʻzlariga qarashli bino va inshootlar, shuningdek, koʻp kvartirali uylarning elektron texnik pasportlarini shakllantirib, platformaga kiritilishini taʼminlashi hamda zaruratga qarab elektron texnik pasportini muntazam yangilab borishi;
seysmik zaif hisoblangan bino va inshootlarni shartnoma asosida instrumental-texnik tekshiruvdan oʻtkazish, shuningdek, bino va inshootni mustahkamlash choralarini koʻrishi;
seysmik mustahkamlik boʻyicha instrumental-texnik tekshiruvdan oʻtkazilgan bino va inshootlar, shuningdek, koʻp kvartirali uylarning elektron texnik pasportlarini qaytadan shakllantirish va elektron platformaga joylashtirish hamda Favqulodda vaziyatlar vazirligini bu haqida rasmiy xabardor etishi.
77. Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari aholini zilzila sharoitida harakatlanishga tayyorlash sohasida:
ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish sohasida band boʻlmagan aholini, jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslarni, shuningdek, oʻz tizimidagi tashkilotlarning rahbarlari, ishchi va xizmatchilarini zilziladan oldin, zilzila vaqtida va zilziladan keyin harakatlanishga tayyorlash tadbirlarini tashkil etib, nazorat qilishi;
zilzila sharoitida harakatlanishga tayyorlash boʻyicha oʻquv-amaliy tadbirlarni tashkil etishi va oʻtkazishi, ularga mahalliy aholi jalb etilishiga koʻmaklashishi;
aholini kuchli zilzilalar vaqtida tegishli harakatlarni bajarishga va tadbirlarni amalga oshirishga tayyorlash boʻyicha seysmik faol zonalarda seminar, trening va oʻquv mashqlari tashkil etilishiga bevosita koʻmaklashishi;
aholini zilzila sharoitida harakatlanishga tayyorlash sohasida oʻquv-uslubiy va targʻibot materiallari chop etilishini hamda aholiga tarqatilishini tashkil etishi;
aholini kuchli zilzila bilan bogʻliq favqulodda vaziyatlar xavfi toʻgʻrisidagi tegishli axborot va maʼlumotlar bilan taʼminlashi lozim.
78. Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari aholini zilzila sharoitida harakatlanishga tayyorlash sohasida:
ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish sohalarida band boʻlmagan aholi, shu jumladan, jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslarni zilzila sharoitida harakatlanishga tayyorlash boʻyicha maxsus elektron platformadagi kurslarda ixtiyoriy ravishda oʻqishlari yuzasidan targʻibot va tashviqotlarni tashkil etishi;
zilzila sharoitida harakatlanishga tayyorlash boʻyicha oʻquv mashqlari va mashgʻulotlariga mahalliy aholini jalb etishga koʻmaklashishi lozim.
79. Nodavlat notijorat tashkilotlari respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyati organlari hamda boshqa tashkilotlar bilan birgalikda aholini zilzila sharoitida harakatlanishga tayyorlash boʻyicha oʻquv-amaliy tadbirlarni tashkil etish va oʻtkazishga, ularga mahalliy aholini jalb etilishini taʼminlashga koʻmaklashishi lozim.
Nodavlat notijorat tashkilotlari qonunchilikka muvofiq aholini zilzila sharoitida harakatlanishga tayyorlashga oid boshqa tadbirlarda ham ishtirok etishi mumkin.
15-bob. Favqulodda vaziyat sodir boʻlganda harakat qilish talablari
80. Har bir fuqaro favqulodda vaziyatlarda quyidagilarni bajarishga majbur:
a) zudlik bilan “101”, “1050” yongʻin qutqaruv xizmati yoki “112” yagona dispetcherlik xizmati telefon raqamlari orqali xabar berish (xabarda voqea sodir boʻlgan manzil, favqulodda vaziyatlarni xususiyati, tasnifi va oʻzining familiyasini aytish);
b) odamlarga xabar berish va ularni evakuatsiya qilish choralarini koʻrish;
d) imkon qadar mavjud qutqaruv va yordam koʻrsatishning birlamchi vositalari bilan bartaraf etish choralarini koʻrish.
81. Favqulodda vaziyat joyiga yetib kelgan rahbar (mansabdor shaxs):
a) odamlar hayotiga xavf tugʻilgan taqdirda, ularni qutqarish choralarini koʻrishga;
b) zarur boʻlganda elektr energiyasini (ogohlantirish va xabar berish tizimidan tashqari) oʻchirish, yuklarni tashishga moʻljallangan moslamalar, agregatlar, apparatlarning faoliyatini toʻxtatish, xomashyo, gaz, bugʻ va suv kommunikatsiyalarini yopib qoʻyish, avariya roʻy bergan va unga tutash xonalarning shamollatish tizimi ishini toʻxtatish va boshqa choralarni koʻrishga;
v) favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishga qaratilgan ishlardan tashqari binodagi barcha ishlarni toʻxtatishga;
g) favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishga va fuqaro muhofazasini taʼminlashga jalb etilgan xodimlardan tashqari barcha xodimlarni xavfli hudud tashqarisiga chiqarishga;
d) qutqaruv xizmati boʻlinmalari yetib kelgunga qadar (obyektning oʻziga xosligini hisobga olgan holda) favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishda umumiy rahbarlik qilishga;
e) favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishda ishtirok etayotgan xodimlar xavfsizlik talablariga rioya qilishlarini taʼminlashga;
j) favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish bilan bir vaqtda odamlarni evakuatsiya qilish va moddiy boyliklarni himoya qilishni tashkil etishga;
z) qutqaruv xizmati va fuqaro muhofazasi boʻlinmalarini kutib olishni va favqulodda vaziyat sodir boʻlgan joyga qisqa yoʻl bilan olib borishni tashkil etishga majbur.
82. Rahbar (yoki uning vazifasini bajaruvchi mansabdor shaxs), qutqaruv va fuqaro muhofazasi tuzilmalari va boʻlinmalari favqulodda vaziyatlar oʻchogʻiga yetib kelishi bilan favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish rahbariga favqulodda vaziyat, xonalarda odamlarning mavjudligi, yordamga muhtojlar hamda favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishga jalb etilganlar, saqlanayotgan va ishlatilayotgan moddalar, materiallar, mahsulotlarning miqdori, qutqarish va yordam koʻrsatish boʻyicha koʻrilgan choralar haqida axborot beradi.
83. Tashkilot (obyekt) rahbari (mansabdor shaxsi) favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish va fuqaro muhofazasi shtabi tarkibida:
a) favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish rahbari tomonidan berilgan vazifalar bajarilishini taʼminlashga;
b) obyektning xususiyatlari, tutash bino va inshootlar haqida favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish rahbariga maʼlumot taqdim etishga;
v) favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish rahbari tomonidan berilgan vazifalar bajarishda xodimlar harakatlarini muvofiqlashtirishga majbur.
84. Yirik koʻlamli tabiiy va texnogen favqulodda vaziyatlar roʻy berganda, shoshilinch qutqaruv ishlarini bajarish va jabrlangan aholiga yordam koʻrsatish uchun maxsus vakolatli davlat organining hamda favqulodda vaziyatlar davlat tizimi tarkibiga kiruvchi respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining va boshqa tashkilotlarning muhandislik — sapyorlik boʻlinmalari, kimyoviy himoya boʻlinmalari va boshqa harbiy boʻlinmalari, harbiy-transport aviatsiyasi va harbiy-tibbiy xizmat muassasalari jalb etiladi.
85. Qutqaruv xizmatlarini favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishga jalb etish vakolatiga ega boʻlgan respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, tashkilotlar, shu jumladan, jamoat birlashmalarining mansabdor shaxslari qarori bilan qutqaruv xizmatlari va qutqaruv tuzilmalari favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishga Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan obyektlar va hududlarning favqulodda vaziyatlardan himoyalangani darajasini taʼminlaydigan chora-tadbirlar majburiy tartibda koʻrilishi bilan birga jalb etilishi lozim.
86. Favqulodda vaziyatlarda tan jarohati olganlarga birinchi yordam koʻrsatish choralarini koʻrish, tez tibbiy yordam va favqulodda qutqaruv xizmatlarini chaqirish, shoshilinch hollarda esa tan jarohati olganlarni yaqin oradagi tibbiyot muassasasiga yoʻlakay transport vositasida joʻnatish choralarini koʻrishi lozim.
16-bob. Yakunlovchi qoidalar
87. Davlat nazorati subyektlari tomonidan aholini va hududlarni tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish, shuningdek, fuqaro muhofazasi boʻyicha qonunchilik hujjatlari talablariga rioya etilishi holati va koʻrsatkichlari davlat nazoratini amalga oshirishda qoʻllaniladi.
88. Ushbu Qoidalar talablarini buzgani va (yoki) bajarmagani uchun yuridik va jismoniy shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 7-iyuldagi 370-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 19-sentabrdagi 744-son qarori bilan tasdiqlangan Aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish, fuqaro muhofazasi, shuningdek, kichik hajmli kemalardan xavfsiz foydalanish sohasida davlat nazoratini olib borish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. 25-band “FVV va uning hududiy” soʻzlaridan keyin “bosh boshqarmalari hamda” soʻzlari bilan toʻldirilsin.
2. 28-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“28. Tekshiruv boshlanishidan uch kun oldin FVV markaziy apparatida — vazir oʻrinbosarlari, joylarda esa — shaxsan hududiy Favqulodda vaziyatlar (bosh) boshqarmasi boshligʻi tomonidan yoʻriqnoma oʻtkaziladi, unda tekshiruv muddati, uning borishi toʻgʻrisida maʼlumot berish tartibi, tekshiruv dalolatnomalarida aks ettirilishi shart boʻlgan masalalarga aniqliklar kiritiladi”.
3. 29-bandning birinchi xatboshisi “hududiy favqulodda vaziyatlar” soʻzlaridan keyin “(bosh)” soʻzi bilan toʻldirilsin.
4. 53-banddagi “FVVning FVDT nazorat qilish inspeksiyasi boshligʻi va katta ofitseri, Kichik hajmli kemalar inspeksiyasi boshligʻi va bosh mutaxassisi, shuningdek, hududiy favqulodda vaziyatlar boshqarmalarining bosh inspektorlari” soʻzlari “Favqulodda vaziyatlar organlari” soʻzlari bilan almashtirilsin.
5. Ilovada:
Tashkiliy nazorat organi boʻlimining uchinchi xatboshisidagi “FVV Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va harakat qilish davlat tizimini nazorat qilish inspeksiya xizmati” soʻzlari “Oʻzbekiston Respublikasi favqulodda vaziyatlar vaziri oʻrinbosarlari” soʻzlari bilan almashtirilsin;
Davlat nazoratini amalga oshiruvchi mansabdor shaxslar boʻlimining ikkinchi xatboshisida “Hududiy Favqulodda vaziyatlar” soʻzlaridan keyin “(bosh)” soʻzi bilan toʻldirilsin.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.07.2026-y., 09/26/370/0709-son)