O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘zbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasi magistraturasiga o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Odil sudlov sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2025-yil 21-avgustdagi PF-141-son Farmoniga muvofiq, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasi magistraturasiga o‘qishga qabul qilish tartibini belgilash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Odil sudlov sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2025-yil 21-avgustdagi PF-141-son Farmoniga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasida 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab “Sud faoliyati” mutaxassisligi bo‘yicha amaliy magistratura dasturi asosida o‘qitish tashkil etilishi belgilangani ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasi magistraturasiga o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
magistratura bosqichida o‘quv jarayoni ta’limning kunduzgi va kechki shakllarida to‘lov-kontrakt asosida tashkil etilishi;
magistratura dasturlari bo‘yicha qabul parametrlari, to‘lov-kontrakt qiymati har yili O‘zbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasi kengashi taklifi asosida O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tomonidan tasdiqlanishi;
magistratura mutaxassisligiga ichki va tashqi abituriyentlar alohida tanlov asosida qabul qilinishi;
magistratura dasturi bo‘yicha ta’lim olish muddati bir yilni tashkil etishi, bitiruvchilarga magistratura mutaxassisligi bo‘yicha davlat namunasidagi diplom berilishi.
3. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri K.A. Sharipov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2026-yil 25-iyun,
327-son
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 25-iyundagi 327-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasi magistraturasiga o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Odil sudlov sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2025-yil 21-avgustdagi PF-141-son Farmoniga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasi (keyingi o‘rinlarda — Akademiya) magistraturasiga (keyingi o‘rinlarda — magistratura) o‘qishga qabul qilish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
O‘zbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasi kengashi (keyingi o‘rinlarda — Akademiya Kengashi) — Akademiya rektori rahbarlik qiladigan jamoatchilik boshqaruvi organi;
Akademiya qabul komissiyasi — magistratura mutaxassisligi bo‘yicha o‘qishga qabul qilish uchun tanlov o‘tkazish, abituriyentlardan hujjatlarni qabul qilish va ularga maslahatlar berish hamda boshqa tashkiliy masalalarni hal etish uchun har yili Akademiya rektori buyrug‘i bilan kamida 5 nafar a’zodan iborat tarkibda tuziladigan komissiya;
ichki abituriyent — oliy yuridik ma’lumotga ega bo‘lgan, sud tizimida, sudyalar hamjamiyati organlari va muassasalarida kamida 3 yillik ish stajiga ega bo‘lgan, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yoki Prezident Administratsiyasi rahbari tomonidan tayinlanadigan yoki kelishib olinadigan lavozimlarda faoliyat yuritib kelayotgan hamda ushbu Nizom talablari asosida magistraturaga o‘qishga kirish tanlovlarida ishtirok etuvchi shaxs;
tashqi abituriyent — oliy yuridik ma’lumotga ega bo‘lgan hamda ushbu Nizom talablari asosida magistraturaga o‘qishga kirish tanlovlarida ishtirok etuvchi shaxs.
3. Magistratura mutaxassisligiga qabul jarayoni ta’limning kunduzgi va kechki ta’lim shakllari uchun amalga oshiriladi.
4. Magistraturada o‘qish muddati — kunduzgi va kechki ta’lim shakllari uchun bir yilni tashkil etadi.
5. Magistratura mutaxassisligining kechki ta’lim shaklida (kunduzgi ta’limdan farqli ravishda) bir haftada odatda, besh kun o‘qitiladi va haftalik o‘quv soati hajmi 20 akademik soat qilib belgilanadi.
6. Kechki ta’limda o‘qish kunduzgi smena mehnat faoliyatidan keyingi vaqtda auditoriya mashg‘ulotlari (ma’ruza, amaliy mashg‘ulot va boshqalar) shaklida amalga oshiriladi.
7. Magistraturaga qabul qilishda abituriyentlarning muayyan toifalariga respublikaning boshqa oliy ta’lim tashkilotlariga kirish uchun qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan imtiyozlar tatbiq etilmaydi.
8. Magistraturada o‘qitish to‘lov-kontrakt asosida tashkil etilib, magistratura dasturlari bo‘yicha ichki va tashqi abituriyentlar qabul parametrlari, to‘lov-kontrakt qiymati har yili Akademiya Kengashi taklifi asosida O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tomonidan tasdiqlanadi.
Akademiyaning magistratura bosqichiga to‘lov-kontrakt asosida qabul qilingan va ta’lim olayotgan xotin-qizlarning to‘lov-kontrakt summasini to‘lash bo‘yicha imtiyozlar qonunchilikka muvofiq qo‘llanadi.
9. Akademiyaning magistratura mutaxassisligiga qabul ushbu Nizomda belgilangan o‘ziga xos qoidalarni inobatga olgan holda, Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 13-sentabrdagi 578-son qarori bilan tasdiqlangan Oliy ta’lim tashkilotlarining magistraturasiga o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom asosida Akademiya qabul komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi.
10. Magistratura mutaxassisligiga qabul teng huquqlilik, yagona qabul qoidalari va tanlov asosida amalga oshirilib, kirish imtihonida yuqori ball to‘plagan abituriyentlar to‘plagan ballari reytingi asosida qabul qilinadi.
11. Magistraturaga yurisprudensiya bakalavriat ta’lim yo‘nalishi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan belgilangan magistraturaga qabul bo‘yicha turdosh oliy ta’lim yo‘nalishlari ro‘yxati bo‘yicha bakalavr darajasiga ega bo‘lgan shaxslar o‘rtasida tanlov asosida qabul qilinadi.
12. Tanlov, qoida tariqasida, avgust oyida magistraturada o‘qitiladigan tilda o‘tkaziladi.
Qabul parametrlarining o‘qitish tili bo‘yicha taqsimoti Akademiya Kengashi tomonidan belgilanadi.
13. Magistratura bitiruvchilariga magistratura mutaxassisligi bo‘yicha davlat namunasidagi diplom beriladi.
2-bob. Akademiya qabul komissiyasi faoliyatini tashkil etish va hujjatlarni qabul qilish
14. Akademiya qabul komissiyasi raisi, rais o‘rinbosari, a’zolar va mas’ul kotibdan iborat tarkibda shakllantiriladi va uning faoliyati mas’ul kotib tomonidan muvofiqlashtiriladi.
15. Akademiya qabul komissiyasi majlisida a’zolarning uchdan ikki qismi ishtirok etganda, u vakolatli hisoblanadi. Ovozlar soni teng bo‘lganda, Akademiya qabul komissiyasi raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
16. Akademiya qabul komissiyasi magistraturaga qabul boshlanishidan bir oy oldin qabul muddati, mutaxassislik shifri va nomi, qabul parametrlari, tanlov o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni, shuningdek, kirish imtihoni o‘tkaziladigan imtihon dasturini Akademiyaning rasmiy veb-sahifasi va ijtimoiy tarmoqlarida hamda ommaviy axborot vositalarida e’lon qiladi.
17. Abituriyentlar har yili 1-iyuldan 30-iyulgacha (30-iyul kuni ham) O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ro‘yxatdan o‘tkaziladi hamda hujjatlari elektron platformaga yuklanadi.
Ichki abituriyentlardan qo‘shimcha ravishda ma’lumotnoma (obyektivka), mehnat daftarchasi talab etiladi, xorijiy tilni bilish darajasini belgilovchi milliy yoki xalqaro sertifikat esa ichki abituriyentning xohishiga ko‘ra taqdim etilishi mumkin.
18. Kirish imtihoni o‘tkaziladigan bino va auditoriyalarda ularni o‘tkazish uchun sanitariya va yong‘in xavfsizligi qoidalariga to‘liq javob beradigan zarur texnik, tibbiy va maishiy sharoitlar yaratilishi ta’minlanadi.
3-bob. Tanlovni o‘tkazish
19. Tashqi abituriyentlar uchun magistraturaga qabul Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 13-sentabrdagi 578-son qarori bilan tasdiqlangan Oliy ta’lim tashkilotlarining magistraturasiga o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom asosida Akademiya qabul komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi.
20. Ichki abituriyentlar uchun magistraturaga qabul mutaxassislik fanlaridan, shuningdek, xorijiy tilni bilish darajasini belgilovchi milliy yoki xalqaro sertifikat bo‘lmagan taqdirda, chet tilidan test shaklidagi tanlov orqali amalga oshiriladi.
Bunda baholash mezonlari quyidagicha belgilanadi:
mutaxassislik fanlari bo‘yicha 40 ta test uchun — 80 ball;
chet tili bo‘yicha 10 ta test uchun — 20 ball.
Test sinovlarida eng ko‘p (maksimal) to‘planishi mumkin bo‘lgan ball 100 ballni tashkil etadi. Kirish imtihonida 56 va past ballni to‘plagan abituriyentlar o‘qishga qabul qilinmaydi.
Test sinovlari Akademiya tomonidan yoki uning buyurtmasiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi (keyingi o‘rinlarda — Agentlik) tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda o‘tkaziladi.
21. Test sinovlari Agentlik tomonidan o‘tkazilgan taqdirda, ularni tashkil etish va o‘tkazishda quyidagi tartiblar e’tiborga olinadi:
mutaxassislik fanlari bo‘yicha test topshiriqlari Akademiya tomonidan taqdim etilgan dasturlar asosida tavsiya etilgan mutaxassislar tomonidan Agentlik binosida maxfiylik ta’minlangan holda shakllantiriladi. Bunda test topshiriqlari o‘qitish tilida tuziladi hamda har bir savol uchun to‘rtta javob varianti keltirilib, ulardan faqat bittasi to‘g‘ri bo‘ladi;
test sinovlarida qatnashuvchi abituriyentlarning ro‘yxati (familiyasi, ismi va otasining ismi, jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (JSHSHIR)) Akademiya tomonidan Agentlikka taqdim etilgan kundan boshlab o‘n besh kun ichida Agentlik tomonidan Akademiya bilan kelishgan holda test sinovi o‘tkazish sanasi va vaqti belgilanib, Akademiya bu haqida xabardor qilinadi;
abituriyentlar test sinovlariga shaxsini tasdiqlovchi hujjat (fuqarolik pasporti, identifikatsiyalovchi ID-karta, fuqaroning xorijga chiqish biometrik pasporti yoki haydovchilik guvohnomasi) asosida kiritiladi;
test sinovlari o‘tkaziladigan binoga abituriyentlar maxsus tekshiruvdan o‘tkazilgan holda kiritiladi. Bunda jadval, kitob, mobil telefon, kompyuter, kalkulyator, telekommunikatsiya vositalari hamda boshqa yordamchi materiallarni olib kirish, shuningdek, test jarayonida o‘zaro muloqot qilish yoki bir-biriga yordam berish taqiqlanadi. Ushbu talablarni buzgan shaxslar test sinovidan chetlashtiriladi va testdan o‘tmagan deb hisoblanadi.
22. Test sinovlarida ishtirok etish uchun qonunchilikda belgilangan tartibda abituriyentlardan bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizi miqdorida to‘lov undiriladi.
Test sinovlari Agentlik tomonidan o‘tkazilgan taqdirda, to‘lov Bilim va malakalarni baholash agentligi faoliyatini rivojlantirish jamg‘armasining hisobraqamiga o‘tkaziladi.
23. Akademiyaga o‘qishga qabul qilingan ichki abituriyentlarning sinov ishlari ular shaxsiy hujjatlarining yig‘majildlariga kiritiladi.
24. Kirish imtihonini o‘tkazish jadvali Akademiya qabul komissiyasining qarori bilan tasdiqlanadi. Qarorga kirish imtihonida ishtirok etish huquqiga ega bo‘lgan ichki abituriyentlar ro‘yxati, qoida tariqasida, guruhlarga bo‘lingan holda ilova qilinadi.
25. Kirish imtihoni o‘tkaziladigan imtihon dasturi Akademiya qabul komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi.
26. Kirish imtihoni o‘tkazilishiga qadar Akademiya qabul komissiyasi tomonidan sinov fanlari bo‘yicha tasdiqlangan maslahatlar jadvaliga muvofiq mashg‘ulotlar tashkil etiladi.
27. Ichki abituriyentlar kirish imtihonini topshirish uchun belgilangan vaqt va joyga o‘z shaxsini tasdiqlovchi hujjat bilan kelishi lozim. Belgilangan vaqtdan kech qolgan ichki abituriyentlar sinovga kiritilmaydi, sinovda qatnashmagan ichki abituriyentlar uchun qo‘shimcha sinov o‘tkazilmaydi.
28. Ichki abituriyentlarning kirish sinovlari davomida auditoriyadan chiqishi taqiqlanadi. Ularning sog‘lig‘i yomonlashishi va boshqa zarur holatlarda sinov materiallarini qoldirib, kuzatuv ostida auditoriyadan chiqishga ruxsat beriladi.
29. Kirish imtihonini o‘tkazish tartibini buzgan ichki abituriyentlar auditoriya kuzatuvchilari tomonidan dalolatnoma rasmiylashtirgan holda sinovdan chetlashtiriladi va ularning sinov ishlari baholanmaydi.
30. Kirish imtihoni natijalari test natijalari taqdim etilgan vaqtdan e’tiboran 24 soat davomida Akademiya rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.
4-bob. Tanlov natijalari bo‘yicha shikoyatlarni ko‘rib chiqish
31. Ichki abituriyentlarning kirish imtihoni natijalari bo‘yicha shikoyatlari natijalar e’lon qilingan kundan boshlab uch ish kuni ichida Akademiya qabul komissiyasi tomonidan tasdiqlangan kamida uch nafardan iborat Apellyatsiya komissiyasiga taqdim etiladi.
Apellyatsiya komissiyasi shikoyatni berilgan kundan boshlab uch ish kuni ichida ko‘rib chiqadi.
Agentlik tomonidan o‘tkazilgan test sinovlari bo‘yicha shikoyat u Akademiya tomonidan Agentlikka taqdim etilgan sanadan boshlab besh ish kunidan kechikmasdan ko‘rib chiqiladi va shikoyatni ko‘rib chiqish natijasi yuzasidan qabul qilingan xulosalar Agentlik tomonidan Akademiyaga taqdim etiladi.
Shikoyat ko‘rib chiqilib, qaror qabul qilingan kuni abituriyentga shikoyati qanoatlantirilgani yoki rad etilgani to‘g‘risida Akademiya tomonidan yozma ravishda xabar beriladi.
Apellyatsiya komissiyasining tarkibiga Akademiya qabul komissiyasi a’zolari kiritilmaydi.
32. Kirish imtihoni natijalari bo‘yicha shikoyatlarni ko‘rib chiqish kuni va vaqti haqida Akademiya rasmiy veb-saytida e’lon beriladi.
33. Ichki abituriyentlarning apellyatsiya shikoyatlarini ko‘rib chiqish natijasida Apellyatsiya komissiyasi:
kirish imtihoni natijalarini o‘zgarishsiz qoldirishi va shikoyatni qanoatlantirishni rad etishi;
ichki abituriyentning shikoyatini qanoatlantirishi mumkin.
Ichki abituriyentning shikoyati qanoatlantirilgan taqdirda, Apellyatsiya komissiyasi ichki abituriyentning kirish imtihoni ishiga uzil-kesil ball qo‘yadi va qabul qilingan yakuniy qaror haqida unga xabar beradi.
Ichki abituriyentlar Apellyatsiya komissiyasi qarori ustidan qonunchilikda belgilangan tartibda sudga murojaat qilishi mumkin.
5-bob. O‘qishga qabul qilish tartibi
34. Akademiya qabul komissiyasi tomonidan test sinovlari ballari jamlanib, umumiy qaydnomada ta’lim shakllari bo‘yicha shakllantiriladi.
Ro‘yxatda ichki abituriyentlar to‘plagan eng yuqori balldan boshlab kamayib borish tartibida o‘qishga qabul qilinganlar tanlab olinadi.
35. Umumiy qaydnoma asosida Akademiya qabul komissiyasi tomonidan abituriyentlarni magistraturaga o‘qishga qabul qilishga tavsiya etish to‘g‘risida bayonnomalar rasmiylashtirilib, tasdiqlanadi.
36. Akademiya qabul komissiyasining bayonnomalariga asosan Akademiya rektorining to‘lov-kontrakt asosida abituriyentlarni darsga qo‘yish haqidagi buyrug‘i chiqariladi hamda bu haqdagi ma’lumot Akademiya rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi.
To‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilish tavsiya etilgan abituriyentlar shartnomada belgilangan to‘lov summasining tegishli qismini belgilangan muddatda to‘lagan taqdirda, Akademiya rektorining magistratura talabalari safiga qabul qilish haqida buyrug‘i chiqariladi.
37. To‘lov-kontrakt asosida darsga qo‘yilgan talabalar shartnomada belgilangan muddatlarda to‘lov summasining tegishli qismini to‘liq to‘lashlari lozim.
To‘lov-kontrakt bo‘yicha shartnoma shartlarini belgilangan muddatda bajarmagan talabalar Akademiya rektorining buyrug‘iga asosan o‘qishdan chetlashtiriladi.
6-bob. Yakunlovchi qoida
38. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradi.
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 25.06.2026-y., 09/26/327/0628-son)