Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
QIShLOQ XOʻJALIGIDA IQTISODIY ISLOHOTLARNI ChUQURLAShTIRISh SOHASIDAGI QONUN HUJJATLARINI AMALGA OShIRIShGA DOIR TAShKILIY ChORA-TADBIRLAR TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Qishloq xoʻjaligida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish boʻyicha tashkiliy huquqiy shart-sharoitlar yaratish, Yer kodeksi, “Qishloq xoʻjaligi kooperativi (shirkat xoʻjaligi) toʻgʻrisida”, “Fermer xoʻjaligi toʻgʻrisida”, “Dehqon xoʻjaligi toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarini hamda Qishloq xoʻjaligi sohasidagi boshqa qonun hujjatlarini amalda roʻyobga chiqarish ustidan nazoratni kuchaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, Yer kodeksini, “Qishloq xoʻjaligi kooperativi (shirkat xoʻjaligi) toʻgʻrisida”, “Fermer xoʻjaligi toʻgʻrisida”, “Dehqon xoʻjaligi toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarini hayotga tatbiq etish bilan bogʻliq normativ-huquqiy hujjatlarini tayyorlash boʻyicha Respublika komissiyasi tomonidan mulkiy paylarni joriy etish va Qishloq xoʻjaligi kooperativlarini tashkil qilish, mulkiy paylarni shakllantirish hamda ular boʻyicha dividentlar toʻlash mexanizmini yaratish, oilaviy (jamoa) pudratni keng joriy etish, fermer va dehqon xoʻjaliklarini yanada rivojlantirish asosida qishloq xoʻjaligi korxonalarini qayta oʻzgartirish shart-sharoitlarini va tartibini belgilab beruvchi hukumat normativ hujjatlari ishlab chiqilgan va qabul qilingan.
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzsharobsanoat” AJ, “Oʻzbekoziqovqatxolding” xolding kompaniyasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar hokimliklari, qishloq xoʻjaligi korxonalari va tashkilotlari rahbarlari qishloq xoʻjaligida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirishga doir qabul qilingan qonunlar va boshqa normativ hujjatlarning ogʻishmay amalga oshirilishini taʼminlasinlar.
(1-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 7-dekabrdagi 995-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 10.12.2018-y., 09/18/995/2287-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Adliya vazirligi va Davlat matbuot qoʻmitasi qishloq xoʻjaligida islohotlarni chuqurlashtirishga doir barcha qonun hujjatlari hamda nizomlar toʻplamini koʻplab nusxada nashr qilsinlar va uni barcha xoʻjaliklarga yetkazsinlar.
2. Qishloq xoʻjaligini isloh qilish sohasida qabul qilingan qonunlar va boshqa normativ hujjatlarning amalda roʻyobga chiqarilishini nazorat qilish hamda tashkiliy-uslubiy yordam koʻrsatish uchun qishloq xoʻjaligida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish Respublika komissiyasi 1-ilovaga* muvofiq tarkibda tuzilsin.
* 1-ilova berilmaydi.
Respublika komissiyasi huzurida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi, Davlat mulki qoʻmitasi va “Oʻzvinosanoat xoldingi” kompaniyasi xodimlaridan 5 kishidan iborat doimiy ishlovchi ishchi guruhi tuzilsin.
(2-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 7-dekabrdagi 995-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 10.12.2018-y., 09/18/995/2287-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining agrosanoat kompleksi, Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, davlat mulki qoʻmitasi, “Oʻzmevasabzavotuzumsanoat xoldingi” kompaniyasi bir hafta muddatda ishchi guruhini tasdiqlangan shtatlar jadvali doirasida, guruh faoliyati koʻrsatadigan davrda ularning joriy xarajatlarini taʼminlagan holda yuqori malakali mutaxassislar bilan butlasin.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari tegishli ravishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining, viloyatlar hokimliklarining agrosanoat kompleksini rivojlantirish masalalari bilan shugʻullanuvchi birinchi oʻrinbosarlari raisligida qishloq xoʻjaligini isloh qilish boʻyicha hududiy komissiyalarni tuzsinlar.
Oldingi tahrirga qarang.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 25-fevraldagi 87-sonli qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan— OʻR QHT, 2004-y., 8-son, 97-modda)
5. Respublika komissiyasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari, Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda 1998-yilda qishloq xoʻjaligi kooperativlari (shirkat xoʻjaliklari)ga aylantiriladigan jamoa xoʻjaliklarining aniq roʻyxati bir oy muddatda belgilansin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 15-maydagi 212-son qarorining 1-bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari I. H. Joʻrabekov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1998-yil 3-iyul,
281-son
Oldingi tahrirga qarang.
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 25-fevraldagi 87-sonli qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2004-y., 8-son, 97-modda)