O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT SOLIQ QO‘MITASINI TAShKIL ETISh VA UNING FAOLIYATI MASALALARI TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 12-yanvardagi 14-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish masalalari to‘g‘risida”gi qarori asosida o‘z kuchini yo‘qotgan.
“O‘zbekiston Respublikasining Davlat soliq bosh boshqarmasini O‘zbekiston Respublikasining Davlat soliq qo‘mitasiga aylantirish to‘g‘risida” 1994-yil 18-yanvardagi Farmonga muvofiq:
Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Belgilab qo‘yilsinki, O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi soliq va boj siyosatini amalga oshirishni, shuningdek, davlatning iqtisodiy manfaatlarini va mulkiy huquqlarini himoya qilishni ta’minlovchi davlat nazorati organi hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining o‘ziga berilgan vakolatlar doirasida qabul qilgan qarorlarining O‘zbekiston Respublikasi hududidagi barcha vazirliklar, idoralar, mahalliy hokimiyat va boshqaruv organlari, mulkchilik shaklidan va ular kimga bo‘ysunishidan qat’i nazar, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar, shuningdek, fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiydir.
2. Quyidagilar tasdiqlansin:
respublika soliq organlari va bojxona xizmatlari tizimini boshqarish sxemasi 1-ilovaga* muvofiq;
Davlat soliq qo‘mitasining markaziy apparati tuzilmasi, qo‘mita hududiy soliq boshqarmasining namunaviy tuzilmasi, respublika tumanlari va shaharlaridagi soliq inspeksiyasining namunaviy tuzilmasi 2, 2a, 3, 3a, 4-ilovalarga* muvofiq.
3. Davlat soliq qo‘mitasi tizimi xodimlarining cheklangan soni, 5-ilovaga* muvofiq, 15400 nafardan iborat qilib (xizmat ko‘rsatuvchi va yordamchi xodimlarsiz), shu jumladan, xodimlarning mavjud soni hisobiga — 10867, Farmonga muvofiq Ichki ishlar vazirligi tizimidan o‘tkaziladiganlar hisobiga — 561, qo‘shimcha ravishda beriladiganlar hisobiga — 3972 nafardan iborat qilib belgilansin.
Davlat soliq qo‘mitasini hamda uning tarkibiga kiruvchi soliq va bojxona organlarini mablag‘ bilan ta’minlash respublika budjeti hisobiga amalga oshiriladi. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining raisiga qo‘mita markaziy apparatining, shuningdek, unga bo‘ysunuvchi soliq va bojxona organlarining tasdiqlangan tuzilmalariga belgilangan xodimlar soni va mehnatga haq to‘lash fondi doirasida o‘zgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
* 1, 2, 2a, 3, 3a, 4, 5-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
4. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi raisining olti nafar o‘rinbosari, shu jumladan, bir nafar birinchi o‘rinbosari hamda 11 kishidan iborat hay’at bo‘lishiga ruxsat etilsin. Bojxona bosh boshqarmasi boshlig‘ining uch nafar o‘rinbosari, shu jumladan, bir nafar birinchi o‘rinbosari bo‘ladi.
Davlat soliq qo‘mitasi va unga bo‘ysunuvchi organlar rahbarlarini lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod qilish tartibi 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Davlat soliq qo‘mitasi, o‘ziga yuklatilgan qo‘shimcha funksiya va vazifalarni hisobga olgan holda, o‘ziga bo‘ysunuvchi organlarning kadrlar tarkibini sinchiklab qayta ko‘rib chiqsin, zaruriyat bo‘lganda kadrlarni navbatdan tashqari attestatsiyadan o‘tkazsin, tarkibiy bo‘linmalarni tajribali va puxta bilimli moliya, iqtisod hamda boshqa ixtisosliklar xodimlari bilan to‘ldirsin.
5. Belgilab qo‘yilsinki, Davlat soliq qo‘mitasi hamda uning hududiy organlari rahbar xodimlari va mutaxassislariga Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 26-dekabrdagi 589-son (2 va 9-ilovalar) va 590-son qarorlariga muvofiq mehnatga haq to‘lash shart-sharoitlari tatbiq etiladi. Soliq organlari xodimlari uchun Vazirlar Mahkamasining 1991-yil 12-avgustdagi 217-son qarori 15-bandining amal qilishi saqlab qolinsin.
6. Bosh bojxona boshqarmasi xodimlari mehnatiga haq to‘lashning amaldagi, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1992-yil 19-avgustdagi Farmoni va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1993-yil 1-martdagi 111-son qarori bilan nazarda tutilgan shart-sharoitlar saqlab qolinsin.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi va Ichki ishlar vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda sobiq Davlat bojxona qo‘mitasining pensiyaga chiqishda imtiyozlarga ega bo‘lgan rahbarlar tarkibiga kiruvchi xodimlarining belgili muddat xizmat qilganliklari uchun tayinlanadigan pensiyaga chiqishlari va pensiya oluvchilar hisobiga qo‘yish tartibini amaldagi qonunga muvofiq 10 kun muddatda aniqlasinlar.
7. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasida va Bojxona Bosh boshqarmasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1992-yil 10-avgustdagi Farmoni va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1991-yil 12-avgustdagi 217-son qaroriga muvofiq tashkil etilgan moddiy yordam va soliq hamda bojxona organlarini rivojlantirish maxsus fondidan foydalanish saqlab qolinsin. Davlat soliq qo‘mitasining raisi bu fondlarni tashkil etish va foydalanish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni 15 kun muddatda qayta ko‘rib chiqsin va tasdiqlasin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi:
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda “O‘zbekiston Respublikasi soliq tizimining asoslari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni loyihasini 1994-yilning 1-iyuliga qadar Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor vazirliklar bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasi Boj kodeksi loyihasini 1994-yilning 1-avgustiga qadar Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
10. “O‘zistiqbolstat” davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Aloqa vazirligi, “O‘zavtotrans” korporatsiyasi, “O‘zdavneftmahsulot” birlashmasi, “O‘zbeksavdo” uyushmasi, “O‘zbekbirlashuv”, “O‘zbekmebel” davlat-aksionerlik birlashmasi, “O‘zboshyog‘ochqurilish” boshqarmasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari 1994-yilning 1-apreliga qadar soliq va bojxona organlarini, ularning sonining ko‘payganligi va funksiyalarining kengayganligini hisobga olib, zarur moliya mablag‘lari va limitlari, binolar va xonalar, avtotransport, yonilg‘i-moylash materiallari, aloqa vositalari va boshqa moddiy-texnika vositalari bilan ta’minlasinlar.
11. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi Vazirlar Mahkamasining moliya, soliq va bojxona organlari uchun mutaxassislarni maqsadli tayyorlash va qayta tayyorlash tizimini barpo etish to‘g‘risidagi qaror loyihasini ikki oy muddatda tayyorlasin va Vazirlar Mahkamasiga taqdim etsin.
12. “O‘zboshyog‘ochqurilish” boshqarmasi Abay ko‘chasi, 4-uydagi binoni Davlat soliq qo‘mitasi balansiga topshirsin.
13. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari I.H. Jo‘rabekov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1994-yil 4-mart,
114-son
Vazirlar Mahkamasining
1994-yil 4-martdagi 114-son qaroriga
6-ILOVA
1994-yil 4-martdagi 114-son qaroriga
6-ILOVA
Davlat soliq qo‘mitasi va unga bo‘ysunuvchi organlar rahbarlarini lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod qilish
TARTIBI
Davlat soliq qo‘mitasining raisi — O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni bilan,
Davlat soliq qo‘mitasi raisining o‘rinbosarlari, shu jumladan, Davlat soliq qo‘mitasi raisining o‘rinbosari — Bosh bojxona boshqarmasi boshlig‘i; maxsus taftish nazorat boshqarmasining boshlig‘i — Davlat soliq qo‘mitasi raisining o‘rinbosari; valyuta tushumlarini nazorat qilish bo‘yicha boshqarma boshlig‘i — Davlat soliq qo‘mitasi raisining o‘rinbosari — Vazirlar Mahkamasining qarori bilan.
viloyat soliq boshqarmalarining boshliqlari — Davlat soliq qo‘mitasi raisining taqdimiga ko‘ra — Vazirlar Mahkamasining qarori bilan.
Davlat soliq qo‘mitasining tuman, shahar soliq inspeksiyalarining boshliqlari — hududiy soliq boshqarmasi boshlig‘ining taqdimiga ko‘ra — Davlat soliq qo‘mitasi raisining qarori bilan.
Bosh bojxona boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosarlari — Davlat soliq qo‘mitasi raisining taqdimiga ko‘ra — Vazirlar Mahkamasining qarori bilan.
Bosh bojxona boshqarmasining hududiy bojxona xizmatlarining boshliqlari — Davlat soliq qo‘mitasi raisining taqdimiga ko‘ra — Vazirlar Mahkamasining qarori bilan lavozimga tayinlanadilar va lavozimdan ozod qilinadilar.
Vazirlar Mahkamasining
1994-yil 4-martdagi 114-son qaroriga
7-ILOVA
1994-yil 4-martdagi 114-son qaroriga
7-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi to‘g‘risida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining maqomi, asosiy vazifalari, funksiyalari, vakolatlarini va faoliyatining tashkiliy asoslarini belgilab beradi.
2. O‘zbekiston Respublikasining Davlat soliq qo‘mitasi soliq, boj qonunchiligiga rioya qilinishini, davlatning iqtisodiy manfaatlarini va mulkiy huquqlarini himoya qilish sohasida davlat nazoratini ta’minlaydigan markaziy organ hisoblanadi.
3. O‘zbekiston Respublikasining yagona soliq va bojxona organlari tizimini tashkil qiluvchi Davlat soliq qo‘mitasining tasarrufida bo‘lgan organlar quyidagilar hisoblanadi:
Bosh boj boshqarmasi;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi davlat soliq Bosh boshqarmasi;
viloyatlar va Toshkent shahar davlat, soliq boshqarmalari;
tumanlar, shaharlar va shaharlardagi tumanlar davlat soliq inspeksiyalari;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bojxona xizmatlari;
bojxona postlari.
4. Barcha darajadagi davlat soliq organlari, Bosh bojxona boshqarmasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bojxona xizmatlari yuridik shaxs hisoblanadilar, bank muassasalarida hisob-kitob, joriy va boshqa (shu jumladan, valyuta) schyotlariga hamda O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi yozilgan muhrga ega bo‘ladilar.
5. Qoraqalpog‘iston Respublikasi davlat soliq Bosh boshqarmasi viloyatlar va Toshkent shahar davlat soliq boshqarmalari, Bosh bojxona boshqarmasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bojxona xizmatlari xodimlarining soni va ularning mehnatiga haq to‘lash fondi O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan xodimlar soni doirasida belgilanadi.
Shaharlar, tumanlar va shaharlardagi tumanlarning davlat soliq inspeksiyalari xodimlari soni va ularning mehnatiga haq to‘lash fondi Qoraqalpog‘iston Respublikasi davlat soliq Bosh boshqarmasi, viloyatlar va Toshkent shahar davlat soliq boshqarmalari tomonidan belgilanadi.
Bojxona postlari xodimlarining soni va ularning mehnatiga haq to‘lash fondi Davlat soliq qo‘mitasining Bosh bojxona boshqarmasi tomonidan belgilanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasida va Bosh bojxona boshqarmasida belgilangan tartibda soliq va bojxona organlarini rivojlantirish, xodimlarga moddiy yordam ko‘rsatish va ularni ijtimoiy himoya qilish bo‘yicha maxsus fondlar tashkil etiladi.
6. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, xalqaro huquq normalariga, O‘zbekiston Respublikasining boshqa davlatlar bilan tuzgan shartnomalari hamda bitimlariga, mazkur Nizomga amal qiladi.
II. Davlat soliq qo‘mitasining asosiy vazifalari
7. Quyidagilar O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining bosh vazifalari hisoblanadi:
a) O‘zbekiston Respublikasining soliq to‘g‘risidagi qonunlariga, amaldagi boj qonunchiligiga rioya qilinishi, davlat soliqlari, tushumlar, bojlar va boshqa majburiy to‘lovlarning (O‘zbekiston Respublikasining pul birligida va xorijiy valyutada) o‘z vaqtida to‘liq va to‘g‘ri hisoblab chiqilishi va to‘lanishi ustidan nazoratni amalga oshirish;:
b) soliqlar va budjetga boshqa to‘lovlarni to‘lovchilarni, soliq solinuvchi obyektlar bo‘lgan yuridik va jismoniy shaxslarning to‘liq va o‘z vaqtida hisobga olinishini ta’minlash;
v) O‘zbekiston Respublikasida olib borilayotgan soliq va boj siyosatini amalga oshirishda bevosita qatnashish;
g) soliq va bojxona organlarining vakolatiga taalluqli bo‘lgan qonun buzish hollari yuzasidan surishtiruvni amalga oshirish;
g) xo‘jalik yurituvchi subyektlar –– yuridik va jismoniy shaxslarning moliya-xo‘jalik faoliyatlarning barcha tekshirishlari va taftishlarini muvofiqlashtirish;
d) soliq va bojxona organlarining vakolatiga taalluqli bo‘lgan qonun buzish hollari yuzasidan surishtiruvni amalga oshirish;
e) soliq va bojxona organlarining xavfsizligini, ushbu organlar xodimlari xizmat vazifalarini bajarish chog‘ida ularga nisbatan g‘ayri qonuniy tajovuzlar qilinishidan himoyalashni ta’minlash, bu faoliyatni huquqiy muhofaza qilish organlari bilan muvofiqlashtirish;
j) amaldagi qonunlarni buzish hollariga doir materiallarni, shuningdek, aybdor shaxslarni javobgarlikka tortish to‘g‘risidagi masalani hal etish davlat soliq hamda bojxona organlarining vakolatlari doirasiga kirmaydigan hollarda bunday ishlarni tergov va sud organlariga o‘tkazish;
z) yuridik va jismoniy shaxslarning soliq solish, poshlinalar, yig‘imlar va boshqa majburiy to‘lovlarni undirib olish, shuningdek, boj qoidalariga rioya qilish masalalari bo‘yicha ariza va shikoyatlarini belgilangan tartibda ko‘rib chiqish;
i) yuridik va jismoniy shaxslar soliqlar, poshlinalar va boshqa majburiy to‘lovlarni hisoblash va o‘z vaqtida to‘lash masalalari yuzasidan murojaat qilishganida ularga beg‘araz yordam ko‘rsatish va maslahatlar berish, budjet oldidagi majburiyatlarni bajarish tartibi haqida axborotlar berish.
(7-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 30-yanvardagi 56-sonli qarori asosida “g” kichik band bilan to‘ldirilgan va “g” –– “z” kichik bandlar tegishlicha “d” –– “i” kichik bandlar deb hisoblangan)
III. Davlat soliq qo‘mitasining funksiyalari
8. Davlat soliq qo‘mitasi zimmasiga yuklangan asosiy vazifalarga muvofiq quyidagi vazifalarni bajaradi:
a) Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri tomonidan budjetga soliqlar va boshqa to‘lovlarning kelib tushishini ta’minlashga doir topshiriqlarning bajarilishi natijalarini tahlil qiladi va Vazirlar Mahkamasini xabardor etadi;
b) budjetga soliqlar, poshlinalar va boshqa to‘lovlarning kelib tushishi prognozlarini ishlab chiqishda ishtirok etadi;
v) xorijiy investorlarning investitsiya faoliyatlarini soliq va boj yo‘li bilan tartibga solishni amalga oshirishga oid chora-tadbirlarni ishlab chiqishda qatnashadi, xorijiy davlatlar bilan soliq hamda boj siyosatini muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha hukumatlararo bitimlar va shartnomalarni tayyorlash va tuzishda ishtirok etadi; Hukumatning topshirig‘iga binoan ikki tomonlama soliq solishni bartaraf qilish yuzasidan hukumatlararo bitimlarni tasdiqlaydi va imzolaydi;
g) soliqlar va soliq to‘lovchilarini hisobga olishning yagona kompyuter tizimini yaratish, soliq va bojxona organlarini moddiy-texnik jihatdan ta’minlash, kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash, xorijiy soliq va bojxona organlari bilan hamkorlikni rivojlantirish maqsadida tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshiradi;
d) o‘ziga bo‘ysunuvchi soliq va bojxona organlarining o‘z vaqtida o‘tkazilmagan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni undirib olish, musodara qilingan, egasi bo‘lmagan, shuningdek, vorislik huquqi bo‘yicha davlatga o‘tgan mol-mulkni hamda xazinalarni hisobga olish, baholash va sotishga doir faoliyatini tashkil qiladi;
e) O‘zbekiston Respublikasining boshqa vazirliklari va idoralari bilan birgalikda soliqlar, bojlar va budjetga hamda budjetdan tashqari jamg‘armalarga o‘tkaziladigan boshqa to‘lovlar haqidagi qonunlarning qo‘llanishi masalalariga doir O‘zbekiston Respublikasi hududida bajarilishi majburiy bo‘lgan yo‘riqnomalar va boshqa normativ hujjatlarni belgilangan tartibda chiqaradi;
j) ko‘p mehnat talab qiladigan jarayonlarni avtomatlashtirish, soliqlarga va bojxonaga oid ma’lumotlarni qabul qilish, qayta ishlash, o‘tkazish va saqlash maqsadida soliqlar hamda boj tushumlari, barcha soliq to‘lovchilar — yuridik va jismoniy shaxslar haqidagi ma’lumotlarni ishlab chiqish bo‘yicha yagona kompyuter tizimini barpo etadi va undan foydalanadi; O‘zbekiston Respublikasi soliq to‘lovchilarining identifikatsiya kodlarining Yagona reyestrini shakllantiradi va yuritadi;
z) soliqlarga boj qonunlari haqidagi ma’lumotlarni nashr etish, ko‘paytirish va o‘z tasarrufidagi tashkilotlar hamda soliq to‘lovchilarga yetkazish, soliq to‘lovchilarni soliqlar, poshlinalarni to‘g‘ri hisoblashga, hisobotlar va bayonotlarni taqdim qilishga o‘rgatish, shuningdek, konsultatsiya xizmatlari ko‘rsatish maqsadida servis-markazlarini barpo etadi va ularning faoliyatini tashkil qiladi;
i) soliqlar va boj qonunlariga oid normativ hujjatlar to‘plamlarini tayyorlaydi va nashr etadi, o‘z tasarrufidagi organlarni qonunlar va yo‘riqnoma materiallari, soliq to‘lovchilarni, soliqlar va budjetga o‘tkaziladigan boshqa to‘lovlarni hisobga oladigan hujjat shakllari bilan ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘radi;
k) xo‘jalik yurituvchi subyektlar –– yuridik va jismoniy shaxslarning moliya-xo‘jalik faoliyatlarning barcha tekshirishlari va taftishlarini muvofiqlashtiradi;
l) foydani (daromadni) yoki boshqa soliq solinadigan obyektlarni ataylab yashirish hollarini aniqlash, soliq va boj qonunlarini buzishda aybdor bo‘lgan shaxslarni ma’muriy va jinoiy javobgarlikka tortish maqsadida viloyatlarning maxsus taftish nazorat bo‘linmalarining ishini tashkil etadi va ularga yetakchilik qiladi; iqtisodiyot sohasidagi shu singari va boshqa jinoyatlarning oldini olish va ularga barham berish masalalari yuzasidan huquqni muhofaza qilish organlari bilan bahamjihat harakat qiladi va axborot almashinib turadi; soliq va boj qonunchiligi buzishlari haqidagi axborotlarni umumlashtiradi va tahlil qiladi, profilaktik chora-tadbirlarni ishlab chiqadi va amalga oshiradi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining maxsus taftish-nazorat bo‘linmalari bevosita maxsus taftish-nazorat boshqarmasi boshlig‘i — Davlat soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosariga, tashkiliy jihatdan esa — viloyat soliq boshqarmasi boshlig‘iga bo‘ysunadilar;
m) davlat soliq va bojxona organlarini moddiy-texnik jihatdan ta’minlash, materiallar hamda jihozlar uchun ajratilgan fondlarning ijrosini, ularni saqlash va ulardan foydalanishning to‘g‘riligini nazorat qilishni amalga oshiradi, ortiqcha yoki foydalanilmagan materiallar va mablag‘larni qayta taqsimlash uchun chora-tadbirlar ko‘radi;
n) soliq va bojxona organlariga moddiy yordam ko‘rsatish va ularni rivojlantirish bo‘yicha maxsus fondlarning shakllantirilishi, taqsimlanishi va ulardan foydalanilishining to‘g‘riligini nazorat qiladi;
o) Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar davlat soliq va bojxona organlarining kadrlarni tanlash, joy-joyiga qo‘yish sohasidagi ishlarini tashkil qiladi, kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni amalga oshiradi, shu maqsadda soliq va bojxona organlari kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha maxsus markazlar barpo etadi;
p) soliq va bojxona organlari xodimlari lavozimlarining malakalarga oid tavsifnomalarini ishlab chiqadi, rahbarlar va mutaxassislarni attestatsiyadan o‘tkazishni, ularga belgilangan tartibda maxsus shaxsiy unvonlar berishni amalga oshiradi.
(8-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 30-yanvardagi 56-sonli qarori asosida “k” kichik band bilan to‘ldirilgan va “k”-“o” bandlari tegishlicha “l”-“p” kichik bandlari deb hisoblangan)
IV. Davlat soliq qo‘mitasining huquqlari
9. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi va unga bo‘ysunuvchi soliq hamda bojxona organlari zimmalariga yuklatilgan vazifalarning samarali bajarilishini ta’minlash maqsadida ularga quyidagi huquqlar beriladi:
a) mulkchilik va xo‘jalik yuritish shakllaridan qat’i nazar, O‘zbekiston Respublikasining vazirliklari va idoralarida, korxonalarida, shu jumladan, xorijiy sarmoyalar ishtirok etgan korxonalarda, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarda, shuningdek, alohida ish tartibiga ega bo‘lgan korxonalar va harbiy qismlarda soliqlar, bojxona bojlari va yig‘imlar, shuningdek, budjetga va budjetdan tashqari jamg‘armalarga boshqa to‘lovlarni hisoblab chiqish hamda to‘lash bilan bog‘liq pul hujjatlari va buxgalteriya hujjatlarini, deklaratsiyalar va boshqa hujjatlarni tekshirish, tekshirish chog‘ida paydo bo‘ladigan masalalar yuzasidan zarur tushuntirishlar, ma’lumotnoma va ma’lumotlarni olish;
b) soliq solish maqsadida tekshirilayotgan korxonalar, muassasa va tashkilotlar, shu jumladan, banklar, sug‘urta, auditorlik tashkilotlari va fuqarolarning faoliyatiga doir zarur ma’lumotlar, ma’lumotnomalar, hujjatlar va ularning nusxalarini olish;
v) korxonalar va fuqarolardan foyda (daromad)ni yoki boshqa soliq solinadigan obyektlarni yashirganligi (kamaytirib ko‘rsatganligi) haqida guvohlik beruvchi hujjatlarni, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish tartibini buzayotgan fuqarolardan esa — ruxsatnomalar (litsenziyalar), patentlar yoki qayd guvohnomalarini tortib olish;
g) tamaki mahsulotlari va spirtli ichimliklarni transportda tashish (xalqaro tranzitdan tashqari), saqlash va sotishda, shuningdek, ularni nolegal yo‘l bilan tayyorlashda aksiz markalari bilan markalanmagan tamaki mahsulotlari va spirtli ichimliklarni musodara qilish to‘g‘risida qaror qabul qilish;
d) zarur bo‘lgan hollarda kassalarni va hujjatlar saqlanadigan joylarni surg‘uchlab qo‘yish, xomashyo, yarim tayyor mahsulotlar va buyumlarning namunalarini, shuningdek, hujjatlarni olib qo‘yish va O‘zbekiston Respublikasining qonunlariga muvofiq ravishda ularni tahlil qilish, tekshirish, ekspertizadan o‘tkazish uchun yuborish;
e) qaysi idoraga qarashliligidan va mulkchilik shaklidan qat’i nazar, savdo va xizmat ko‘rsatish korxonalarining savdo qoidalari, belgilangan narxlarga, tovarlarni berish, xizmat ko‘rsatish qoidalariga rioya qilishiga doir faoliyatini tekshirish;
j) o‘z vakolatlarini amalga oshirish vaqtida korxonalar (shu jumladan, alohida ish tartibiga ega bo‘lgan korxonalar va harbiy qismlar), fuqarolar foyda (daromad) olish uchun foydalanayotgan yoki soliq solish obyektlarini saqlash bilan bog‘liq bo‘lgan har qanday ishlab chiqarish binolarini, omborlarini, savdo va boshqa inshootlarini, ularning qayerda joylashganligidan qat’i nazar, qonunda belgilangan tartibda tekshirib chiqish;
z) barcha korxonalar, muassasa va tashkilotlar, shu jumladan, alohida ish tartibiga ega bo‘lgan korxonalar va harbiy qismlar, shuningdek, fuqarolar tomonidan foydalanilayotgan yer maydonlari va boshqa tabiiy resurslar hajmlarining nazorat o‘lchovlarini o‘tkazish;
i) tekshirilayotgan korxonalarning rahbarlari va boshqa mansabdor shaxslaridan hamda fuqarolardan tekshirishda aniqlangan O‘zbekiston Respublikasining soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar, tadbirkorlik faoliyati, bojga doir qonunlarni buzish hollarini bartaraf etishni talab qilish, ularning bajarilishini nazorat ostiga olish;
k) hujjatlar asosida tekshirish o‘tkazilishidan yoki davlat soliq organlarining xodimlarini daromad olish uchun foydalanilayotgan binolarni tekshirishga kiritishdan bosh tortgan, davlat soliq organlariga va ularning mansabdor shaxslariga buxgalterlik hisobotlari, balanslar, hisob-kitoblar, deklaratsiyalar, shuningdek, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni hisoblash va to‘lash bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa hujjatlarni bermaganlari (yoki berishdan bosh tortganlari) taqdirda korxonalarning banklardagi, boshqa moliya-kredit muassasalaridagi hisob-kitob va boshqa schyotlari bo‘yicha operatsiyalarini to‘xtatib qo‘yish;
l) korxonalar, muassasalar va tashkilotlardan davlat budjetiga soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni va ular bo‘yicha boqimandalarni so‘zsiz undirib olish;
m) fuqarolar, ajnabiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslardan soliqlar va boshqa to‘lovlar bo‘yicha boqimandalarni davlat foydasiga undirib olish to‘g‘risida tegishli sudlarga da’vo arizasi berish.
n) ayrim hollarda va belgilangan tartibda tegishli soliq to‘lovlari uchun mablag‘larni bevosita aholidan yig‘ish;
o) soliqlar va boj qonunlarini takomillashtirish to‘g‘risida Respublika Hukumatiga belgilangan tartibda takliflar kiritish;
p) zarur hollarda amaliy yordam ko‘rsatish uchun huquqni muhofaza qilish, statistika, bank va boshqa organlar xodimlarini, shuningdek, loyiha-qidiruv tashkilotlari, ilmiy-tadqiqot institutlari va auditorlik xizmatlarini taklif qilish;
r) davlat hokimiyati organlariga quyi hokimiyat organlarining respublikadagi amal qilib turgan soliq va boj qonunlariga zid bo‘lgan qarorlarini bekor qilish to‘g‘risida takliflar kiritish;
s) amaldagi qonunlarga binoan soliq va boj qonunlarini buzganligi uchun korxona va shaxslarga belgilangan tartibda moliyaviy sanksiyalar va ma’muriy jarimalarni qo‘llash;
t) qonunbuzarlik bo‘yicha soliq va bojxona organlarining vakolati doirasida bo‘lgan zarur operativ-qidiruv tadbirlarini o‘tkazish, jinoyat belgilari topilganda O‘zbekiston Respublikasining jinoiy va jinoiy-protsessual qonunlari normalarini qo‘llagan holda jinoiy ish qo‘zg‘ab, surishtiruv ishlarini olib borish;
u) soliq va bojxona organlarining maxsus bo‘linmalari xodimlariga belgilangan tabelga muvofiq otish qurollari va yakka tartibda maxsus himoyalanishning texnika vositalarini saqlash, yonida olib yurish, shuningdek, qonunda belgilangan tartibda qo‘llash huquqi beriladi.
(9-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 29-dekabrdagi 575-sonli qarori asosida “n” kichik band bilan to‘ldirilgan)
V. Davlat soliq qo‘mitasi va uning bo‘linmalari mansabdor shaxslarining mas’uliyati
10. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi va uning joylardagi bo‘linmalarining mansabdor shaxslari tijorat va xizmat sirlarini saqlashga majburdirlar.
Davlat soliq va bojxona organlarining mansabdor shaxslari soliq va boj qonunlariga og‘ishmay rioya qilish, mazkur Nizomning talablarini bajarishga yozma ravishda majburiyat oladilar.
11. Davlat soliq va bojxona organlarining mansabdor shaxslari o‘z vazifalarini bajarmaganligi yoki tegishli ravishda bajarmaganligi uchun amaldagi qonunlarga muvofiq javobgarlikka tortiladilar.
12. Davlat soliq va bojxona organlari tomonidan noto‘g‘ri undirilgan soliq va boshqa majburiy to‘lovlar qaytarilishi yoki kelgusi to‘lovlar hisobiga o‘tkazilishi, mansabdor shaxslar tomonidan g‘ayriqonuniy xatti-harakatlar oqibatida yetkazilgan zarar esa O‘zbekiston Respublikasining qonunlarida belgilangan tartibda tegishli budjet mablag‘lari hisobidan qoplanishi lozim.
Soliq va boj to‘lovlari qonunsiz ravishda undirilishiga yo‘l qo‘yilishida aybdor bo‘lgan mansabdor shaxslar O‘zbekiston Respublikasining qonunlarida belgilangan tartibda intizomiy va moddiy javobgar bo‘ladilar.
VI. Davlat soliq qo‘mitasining ishini tashkil qilish
13. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni bilan tayinlanadigan Rais boshchilik qiladi.
14. Davlat soliq qo‘mitasining raisi Davlat soliq qo‘mitasiga yuklatilgan topshiriq va vazifalarning bajarilishi uchun shaxsan javobgardir, u o‘z o‘rinbosarlari, qo‘mitaning mustaqil tarkibiy bo‘linmalari, o‘ziga bo‘ysunuvchi davlat soliq va bojxona organlari boshliqlarining javobgarlik darajalarini belgilaydi.
15. Davlat soliq qo‘mitasining raisi:
a) Davlat soliq qo‘mitasining faoliyatiga rahbarlik qiladi;
b) o‘z vakolatlari doirasida O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, Prezidentning farmonlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga asoslanib va ularni bajarish yuzasidan Davlat soliq qo‘mitasining tasarrufidagi organlar tomonidan bajarilishi shart bo‘lgan buyruq, yo‘riqnoma, qoida, nizomlar chiqaradi va ko‘rsatmalar beradi;
v) Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan soliq va bojxona organlari xodimlari soni va ular mehnatiga haq to‘lash fondi doirasida markaziy apparatning shtat jadvali va uning tarkibiy bo‘linmalari to‘g‘risidagi nizomni, Qoraqalpog‘iston Respublikasi davlat soliq Bosh boshqarmasi, viloyatlar va Toshkent shahar davlat soliq boshqarmalari, Bosh bojxona boshqarmasining shtat jadvallari va nizomlarini tasdiqlaydi;
g) Davlat soliq qo‘mitasining apparati xodimlarini barcha darajadagi soliq va bojxona organlarining rahbarlari va ularning o‘rinbosarlarini, Bosh bojxona boshqarmasining bo‘lim boshliqlarini lavozimga tayinlaydi va lavozimlardan ozod qiladi;
d) alohida xizmat ko‘rsatgan xodimlarni faxriy unvonlarga va Respublika mukofotlariga belgilangan tartibda taqdim etadi, soliq va boshqa organlar xodimlariga O‘zbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan belgilangan maxsus unvonlarni beradi;
e) unga berilgan vakolatlar doirasida boshqa huquqlarga ham egadir.
16. Bosh bojxona boshqarmasiga Davlat soliq qo‘mitasi raisining o‘rinbosari — boshliq boshchilik qiladi.
17. Davlat soliq qo‘mitasida rais va lavozimi bo‘yicha rais o‘rinbosarlari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan boshqa rahbar xodimlardan iborat tarkibda hay’at tuziladi.
18. Bosh bojxona boshqarmasi, viloyatlar va Toshkent shahar davlat soliq boshqarmalari o‘z tarkiblarida hay’at organlari — kengashlarga ega bo‘ladir.
19. Davlat soliq qo‘mitasida soliqlar haqidagi qonunlarni qo‘llanish yuzasidan murakkab va munozarali masalalarni hal qilish bo‘yicha qarorlar tayyorlash, soliq to‘lovchilarga yuqori malakali maslahatlar berish uchun Maslahat-ekspert kengashi tuziladi. Uning to‘g‘risidagi nizom va uning tarkibi Davlat soliq qo‘mitasi Raisi tomonidan tasdiqlanadi.
20. Davlat soliq qo‘mitasi o‘zining matbuot organini ta’sis etish va nashr qilish huquqiga ega.
VII. Soliq va bojxona organlari xodimlarini ijtimoiy himoyalash
21. Davlat soliq va bojxona organlarining xodimlari o‘z xizmat burchlarini ado etayotgan paytlarida davlat hokimiyatining vakili hisoblanadilar va uning himoyasida bo‘ladilar.
22. Davlat soliq yoki bojxona organlarining xodimlari xizmat faoliyatini amalga oshirishlari munosabati bilan halok bo‘lganlari taqdirda halok bo‘lgan xodimning oilasiga Respublika budjeti mablag‘laridan ellik oylik ish haqi miqdorida bir yo‘la nafaqa to‘lanib, keyinchalik bu pul aybdor shaxslardan undirib olinadi.
Davlat soliq yoki bojxona organlarining xodimlariga kasbiy faoliyat bilan shug‘ullanishini istisno etadigan og‘ir tan jarohatlari yetkazilgan taqdirda ularga Respublika budjeti mablag‘lari hisobidan yigirma besh oylik ish haqi miqdorida bir yo‘la nafaqa to‘lanib, keyinchalik bu pul aybdor shaxslardan undirib olinadi.
Davlat soliq va bojxona organlarining xodimlariga uncha og‘ir bo‘lmagan tan jarohati yetkazilgan taqdirda Respublika budjeti mablag‘laridan besh oylik ish haqi miqdorida bir yo‘la nafaqa to‘lanib, keyinchalik bu pul aybdor shaxslardan undirib olinadi.
Nafaqa miqdori oxirgi oylik maoshidan nafaqa to‘lanadigan kundagi ish haqining indeksatsiyasi nazarda tutilgan holda hisoblab chiqariladi.
23. Davlat soliq yoki bojxona organlarining xodimlari xizmat faoliyatini amalga oshirishlari munosabati bilan ularning (yoki yaqin qarindoshlarining) mol-mulkiga yetkazilgan zarar respublika budjeti mablag‘laridan to‘la hajmda to‘lanib, keyinchalik bu pul aybdor shaxslardan undirib olinadi.
VIII. Davlat soliq va bojxona organlari mansabdor shaxslarining xatti-harakatlari ustidan shikoyat qilish
24. Davlat soliq va bojxona organlari mansabdor shaxslarining xatti-harakatlari ustidan shikoyatlar qonunda belgilangan tartibda beriladi va ko‘rib chiqiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining Bosh bojxona boshqarmasi to‘g‘risida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Bosh bojxona boshqarmasi O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining respublikada bojxona ishiga bevosita rahbarlik qilishni va uni tashkil etishni amalga oshiruvchi organidir.
2. Bojxona organlarining asosiy vazifalari quyidagilar hisoblanadi:
a) O‘zbekiston Respublikasining iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish;
b) O‘zbekiston Respublikasining boj qonunlariga rioya qilinishi ustidan nazorat o‘rnatish;
v) O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalardan kelib chiquvchi bojxona ishiga oid majburiyatlarining bajarilishini ta’minlash;
g) tovarlar va transport vositalarini O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali o‘tkazishda bojxona tarif va notarif tartibga solish vositalaridan foydalanish;
d) O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali o‘tadigan tovarlar va transport vositalarini bojxona tekshiruvidan o‘tkazish va rasmiylashtirishni takomillashtirish;
e) bojxona organlarining faoliyati natijasida kelib tushadigan boj poshlinalari, yig‘imlari va boshqa mablag‘larni budjetga o‘tkazish;
j) kontrabandaga, bojxona qoidalarining buzilishlariga qarshi kurashish;
z) bojxona statistikasini yuritish:
i) tashqi iqtisodiy faoliyatning tovar nomenklaturasini yuritish;
k) ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan, O‘zbekiston Respublikasi uchun strategik va hayotiy muhim ahamiyatga ega bo‘lgan boshqa materiallarning olib chiqib ketilishi ustidan bojxona nazoratini belgilangan tartibda amalga oshirish;
l) valyuta boyliklari va respublikaning mulki bo‘lgan madaniy-tarixiy meros ashyolarining bojxona chegarasi orqali olib o‘tilishi ustidan bojxona nazoratini belgilangan tartibda amalga oshirish;
m) O‘zbekiston Respublikasining, boj qonuni hujjatlarini belgilab beradigan boshqa vazifalar.
3. Bosh bojxona boshqarmasi o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga, O‘zbekiston Respublikasining qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining normativ hujjatlariga, shuningdek, bojxona ishini tartibga soluvchi hukumatlararo bitimlar va xalqaro normalarga, O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi to‘g‘risidagi Nizomga va mazkur Nizomga amal qiladi.
4. Bojxona ishini bevosita amalga oshirish O‘zbekiston Respublikasining bojxona organlari zimmasiga yuklanadi, bular quyidagilardan iboratdir:
O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining Bosh bojxona boshqarmasi;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bojxona xizmatlari, ular bevosita Davlat soliq qo‘mitasi raisining o‘rinbosari — Bosh bojxona boshqarmasining boshlig‘iga, tashkiliy jihatdan viloyat soliq boshqarmasi boshlig‘iga bo‘ysunadilar;
bojxona postlari:
5. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining Bosh bojxona boshqarmasi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bojxona xizmatlari yuridik shaxs hisoblanadilar, ular bank muassasalarida o‘zlarining hisob-kitob, joriy va boshqa (shu jumladan, valyuta) schyotlariga, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomlari qayd etilgan muhrlarga ega bo‘ladilar.
6. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining Bosh bojxona boshqarmasida belgilangan tartibda moddiy yordam va bojxona organlarini rivojlantirish fondi tuziladi.
II. Bosh bojxona boshqarmasining funksiyalari
7. Bosh bojxona boshqarmasi zimmasiga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni bajaradi:
a) hududiy bojxona xizmatlariga rahbarlik qiladi, bojxona organlari faoliyatining asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha ishlarni ular bilan birgalikda amalga oshiradi;
b) boj siyosatining iqtisodiy, huquqiy, tashkiliy jihatlarini va O‘zbekiston Respublikasining ichki iste’mol bozorini muhofaza qilish mexanizmlarini ishlab chiqish hamda amalga oshirishni ta’minlashda ishtirok etadi;
v) O‘zbekiston Respublikasining bojxona ishlariga oid qonun hujjatlari loyihalarini tayyorlashda qatnashadi;
g) boj orqali tartibga solish vositalari bojxona-tarif mexanizmini hamda tovarlar va boshqa ashyolarni olib chiqib ketish va olib kelish ruxsatnoma-litsenziya tartibiga rioya etilishini ham qo‘llashni ta’minlaydi;
d) kvotalash, litsenziyalash, deklaratsiyalash normalarini ishlab chiqish va amalga oshirishda belgilangan tartibda ishtirok etadi;
e) analitik ishlarni, prognoz ishlarini amalga oshiradi, ichki bozorni mustahkamlash hamda rivojlantirish tadbirlarini ishlab chiqadi va belgilangan tartibda takliflar kiritadi;
j) eksport-import qilinadigan yuklarni rasmiylashtirish punktlari tarmog‘ini va bojxona infrastrukturasining boshqa obyektlarini kengaytirishni hisobga olgan holda respublikaning tashqi iqtisodiy aloqalarini rivojlantirishga yordam beruvchi shart-sharoitlarni yaratadi;
z) bojxona ishi sohasiga oid axborotlarni to‘plash va qayta ishlashning avtomatlashgan tizimini ishlab chiqadi va joriy etadi, shuningdek, bu axborotni tegishli instansiyalarga taqdim etadi;
i) O‘zbekiston Respublikasi jinoyat-protsessual va jinoyat qonunlari normalariga amal qilgan holda bojxona organlari vakolatiga kiritilgan ishlar yuzasidan surishtiruvlar olib boradi;
Bojxona qonunchiligini buzganligi uchun mansabdor shaxslar va fuqarolarga belgilangan tartibda ma’muriy ta’sir choralarini ko‘radi, oldini olish chora-tadbirlarini ishlab chiqadi va qo‘llaydi;
k) giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning respublika bojxona chegarasi orqali noqonuniy olib o‘tilishining oldini olish chora-tadbirlarini ishlab chiqadi va qo‘llaydi;
l) korxona va muassasalar, tashkilotlar va fuqarolarning respublika bojxona organlari faoliyatiga oid murojaatlarining o‘z vaqtida va to‘g‘ri ko‘rib chiqilishini ta’minlaydi, ularni hal etish choralarini ko‘radi;
m) boj hududida davlat xavfsizligini, jamoat tartibini, inson salomatligi va hayotini, hayvonlar va o‘simliklarni himoya qilishni, atrof-muhitni muhofaza qilish choralarini amalga oshirishda yordam beradi;
n) O‘zbekiston Respublikasining savdo-iqtisodiy munosabatlarini boj yo‘li bilan tartibga solishni takomillashtirish bo‘yicha tegishli instansiyalarga takliflar kiritadi;
o) vazirliklar, idoralar, tashkilotlar va mahalliy hokimiyat organlaridan, O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan tashqi iqtisodiy aloqalar ishtirokchilaridan (mulkchilik shakli va qaysi idoraga tegishliligidan qat’i nazar) belgilangan tartibda tovarlarning boj chegarasi orqali qonuniy olib o‘tilayotganligini asoslaydigan materiallar va hujjatlarni oladi;
p) bojxona xizmati xodimlarini tayyorlash va qayta tayyorlash maqsadida ilmiy-texnik xizmatlar, laboratoriyalar, maxsus o‘quv markazlarini tashkil qiladi;
r) belgilangan tartibda TIA ishtirokchilarining tashqi iqtisodiy faoliyatini to‘xtatish (tugatish) to‘g‘risida asoslangan taqdimnomalar kiritadi;
s) chet mamlakatlarning bojxona xizmatlari bilan o‘zaro do‘stlik asosida o‘zaro foydali texnik va boshqa axborot almashuvlarni amalga oshiradi.
Oldingi tahrirga qarang.
t) bojxona deklaratsiyalar va bitishuvlar pasporti asosidagi eksport-import kontraktlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi Valyuta va eksport-import operatsiyalarini nazorat qilish Bosh boshqarmasiga o‘z vaqtida va to‘liq berish.
(7-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 16-sentabrdagi 319-sonli qarori asosida “t” kichik band bilan to‘ldirilgan)
III. Bosh bojxona boshqarmasi xodimlarining huquqlari
8. Qo‘yilgan vazifalarni samarali bajarish maqsadida Bosh bojxona boshqarmasining mansabdor shaxslariga quyidagi huquqlar beriladi:
a) bojxona punktlarida tovarlarni tekshirish maqsadida tovarni olib chiqib ketayotgan va olib kelayotgan barcha transport turlarini qonunlarda belgilagan tartibda to‘xtatish;
b) tovarlarning noqonuniy olib kelinishi va olib chiqib ketilishiga yo‘l qo‘ymaslik, ularga boj poshlinalarini solish maqsadida yuridik va jismoniy shaxslardan transport vositalari hamda tovarlarni, shuningdek, tovarlar harakatining qonuniyligini tasdiqlovchi hujjatlarni tekshirishga va qayta tekshirishga taqdim etishlarini talab qilish;
v) bojxona rasmiylashtirishini amalga oshirishda texnik nazorat vositalarini qo‘llash;
g) bojxona organlari faoliyatini tartibga soluvchi normativ hujjatlarga muvofiq yukni tashuvchi ishtirokida, yukni ochib ko‘rish komission aktini tuzib, yukxonalar, ish bo‘lmalari, kuzovlar, konteynyerlar, vagonlar va boshqa transport taralarining plombalarini buzish, qulflarini ochish;
d) tovarning respublika tashqarisiga noqonuniy olib chiqib ketilganligi aniqlangan hollarda tegishli tashkilotga axborot va arznoma yo‘llash;
e) yetarli asoslar bo‘lgan taqdirda fuqaroni belgilangan tartibda shaxsiy tekshiruvdan o‘tkazish;
j) tovarlar va boshqa ashyolardan boj poshlinasi olish, shuningdek, bojxonadagi rasmiylashtirish va bojxona nazoratining boshqa maqsadlari uchun tovarlar va boshqa ashyolardan namunalar olish, bojxona laboratoriyasi ko‘magida ularni tekshirib ko‘rish (ekspertizadan o‘tkazish);
z) tovarlarni deklaratsiyalashda shaxsan uning vakolatini tasdiqlovchi hujjatlarni belgilangan tartibda talab qilish;
i) korxonalar va tashkilotlarning bojxona nazoratidan o‘tishi lozim bo‘lgan tovarlar turgan hududlariga, binolariga kirish;
k) kontrabanda va bojxona qoidalarining buzilishiga oid aniqlangan holatlar yuzasidan protokollar va boshqa zarur hujjatlarni tuzish;
l) bojxona qoidalarini bevosita buzuvchi ashyolarni qonunda belgilangan tartibda musodara qilish;
m) noqonuniy olib o‘tilayotgan tovarlar va transport vositalarini qonunga muvofiq ushlab qolish;
n) bojxona qoidalarining buzilishiga yo‘l qo‘ygan korxonalar va fuqarolarga amaldagi qonunlarga muvofiq belgilangan tartibda ma’muriy jazo choralarini qo‘llash;
o) bojxona tekshiruvi amalga oshirilayotganda bojxona qoidalarining buzilishi, kontrabanda va boshqa huquqbuzarliklarni topishda texnik va maxsus aniqlash vositalarini qo‘llash;
p) xizmat burchini bajarayotganda o‘q otish qurolini hamda shaxsiy himoya vositasini saqlash va olib yurish, zarur bo‘lgan hollarda ularni O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq ishlatish;
IV. Bosh bojxona boshqarmasi faoliyatini tashkil etish
9. Bosh bojxona boshqarmasiga Davlat soliq qo‘mitasi raisining o‘rinbosari — O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan lavozimga tayinlanadigan boshliq boshchilik qiladi. Bosh bojxona boshqarmasi boshlig‘ining uch o‘rinbosari, shu jumladan, bir nafar birinchi o‘rinbosari bo‘ladi.
10. Bosh bojxona boshqarmasining boshlig‘i;
respublika bojxona organlari tizimiga umumiy rahbarlikni ta’minlaydi;
Bosh bojxona boshqarmasi apparati va bojxona organlarining shtat jadvalini tasdiqlash uchun Davlat soliq qo‘mitasiga taqdim etadi;
Bosh bojxona boshqarmasiga berilgan vakolat doirasida buyruqlar, yo‘riqnomalar va hujjatlar chiqaradi, ularning ijrosini tekshirishni tashkil etadi;
Bosh bojxona boshlig‘i o‘rinbosarlari o‘rtasida vazifalarni taqsimlaydi, ularning ijrosini nazorat qiladi;
Davlat soliq qo‘mitasiga bojxona organlari xodimlarini O‘zbekiston Respublikasi mukofotlariga va faxriy unvonlarini berishga, bojxona organlarining o‘rnak ko‘rsatgan xodimlari va bojxona ishida faol yordamlashgan fuqarolarni ko‘krak nishonlari, faxriy yorliqlar va rag‘batlantirishning boshqa turlari bilan mukofotlash to‘g‘risida takliflar kiritadi.
Qonun bilan uning vakolatiga kiritilgan boshqa masalalar yuzasidan qarorlar qabul qiladi;
Bosh bojxona zimmasiga yuklangan vazifalarning bajarilishida va o‘z funksiyalarini amalga oshirishda shaxsan javobgardir.
11. Bojxona organlari faoliyatini takomillashtirish, ularning ijtimoiy va moddiy-texnik ta’minoti, kadrlarni joy-joyiga qo‘yish va ulardan foydalanish masalalarini muhokama qilish, boshqaruv qarorlari va tavsiyanomalarini hamkorlikda ishlab chiqish uchun Bosh bojxona boshqarmasida Kengash tashkil etiladi.
Kengash tarkibiga Bosh bojxona boshqarmasi boshlig‘i, lavozimiga ko‘ra uning o‘rinbosarlari, Bosh bojxona boshqarmasi boshlig‘ining tavsiyasiga ko‘ra Davlat soliq qo‘mitasining raisi tomonidan tasdiqlanadigan tarmoq boshqarmalarining rahbarlari kiradi.
Kengash qarori Bosh boshqarma boshlig‘ining buyrug‘i bilan amalda joriy etiladi. Boshliq bilan Kengash o‘rtasida kelishmovchiliklar paydo bo‘lgan taqdirda bog‘liq kelishmovchiliklar to‘g‘risida Davlat soliq qo‘mitasini xabardor etib, o‘z qarorini amalga oshiraverish huquqiga ega bo‘ladi. O‘z navbatida Kengash a’zolari ham Davlat soliq qo‘mitasiga o‘z fikrlarini ma’lum qilishlari mumkin.
V. Bojxona organlari xodimlarini ijtimoiy himoyalash
12. Xizmat burchini bajarayotgan bojxona organlari xodimlariga ham soliq organlari xodimlarini ijtimoiy himoyalash shartlari, shaxsiy va mulkiy muhofaza qilish huquqlari tadbiq etiladi.
VI. Bojxona organlari mansabdor shaxslarining javobgarligi
13. Bojxona organlari va ularning joylardagi bo‘linmalarining mansabdor shaxslari tijorat va xizmat sirini saqlashga majburdirlar.
Bojxona organlarining mansabdor shaxslari bojxona qonunlariga og‘ishmay rioya etish va mazkur Nizom talablarini bajarish to‘g‘risida yozma holda majburiyat oladilar.
14. O‘z majburiyatlarini bajarmaganligi yoki qoniqarsiz bajarganligi uchun bojxona organlarining mansabdor shaxslari amaldagi qonunlarga muvofiq javobgarlikka tortiladilar.
15. Bojxona organlari tomonidan noto‘g‘ri undirilgan bojxona solig‘i, poshlinasi, yig‘imlari va boshqa majburiy to‘lovlar qaytarib beriladi yoki keyingi to‘lovlar hisobiga o‘tkaziladi, bojxona organlari mansabdor shaxslarining noto‘g‘ri xatti-harakatlari tufayli yetkazilgan zarar esa O‘zbekiston Respublikasi qonunlari bilan belgilangan tartibda, tegishli budjetlar mablag‘lari hisobiga qoplanadi.
Bojxona to‘lovlarining noqonuniy undirilishida aybdor bo‘lgan mansabdor shaxslar O‘zbekiston Respublikasi qonunlari bilan belgilangan tartibda intizomiy va moddiy javobgarlikka tortiladilar.