Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
RESPUBLIKA PILLAChILIK SOHASINI BOShQARIShNI YANADA TAKOMILLAShTIRISh ChORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
[Koʻchirma]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublika pillachilik tarmogʻini yanada isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2006-yil 15-noyabrdagi PQ-512-son qarori)” toʻgʻrisidagi 2007-yil 4-yanvardagi 7-sonli qarori bilan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublikada pillachilik sohasini boshqarish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida” 1998-yil 30-martdagi PF-1982-son Farmoniga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar asosiy vazifalar etib belgilansin:
a) “Pilla-xolding” xolding kompaniyasi boʻyicha:
pillachilik korxonalari va tashkilotlarining tut ipak qurtining mahsuldor turlarini hamda duragaylarini yaratish va joriy etish, sifatli ipak qurt urugʻi yetishtirish boʻyicha faoliyatini muvofiqlashtirish;
sifatli pilla yetishtirilishini va tayyorlanishini, raqobatbardoshli pilla xomashyosi va ipak kalava olish uchun ularni dastlabki qayta ishlashni tashkil etish;
qishloq xoʻjaligi korxonalarini va dehqon xoʻjaliklarini tut qatorlari va maydonlarini saqlab qolganlik va kengaytirganlik uchun ragʻbatlantirish;
quruq pillani, pilla xomashyosi va ipak kalavani tovar mahsulot sifatida shartnoma asosida isteʼmolchilarga “Shoyi” aksiyadorlik kompaniyasining shoyi toʻqish fabrikalariga hamda eksportga sotishda korxonalarga koʻmaklashish;
pillakashlik va ipak kalava ishlab chiqarishlarining ilgʻor texnologiyalarini joriy etish sohasida yagona texnika va investitsiya siyosatini oʻtkazish;
b) “Shoyi” aksiyadorlik kompaniyasi boʻyicha:
shoyi toʻqish korxonalarining yuqori sifatli sof va aralash shoyi gazlamalar ishlab chiqarish boʻyicha faoliyatini muvofiqlashtirish;
shoyi toʻqishning zamonaviy texnologiyalarini joriy etish, ishlab chiqarilayotgan mahsulot turlarini yangilash va kengaytirish boʻyicha korxonalarga koʻmaklashish;
shoyi toʻqish ishlab chiqarishi tayyor mahsulotini sotish bozorlarini kengaytirish, eksport qilish hajmlarini koʻpaytirish boʻyicha marketing tadqiqotlari oʻtkazish;
korxonalar aksiyalarini, shu jumladan xorijiy investorlarga erkin sotish, xorijiy sarmoyalar ishtirokidagi qoʻshma korxonalar tashkil etish yoʻli bilan shoyi toʻqish tarmogʻida investitsiyalar oʻsishini taʼminlash.
2. Quyidagilar:
“Pilla-xolding” xolding kompaniyasi tarkibiga kiruvchi korxonalar va tashkilotlar roʻyxati, xolding kompaniyaning boshqaruv apparati tuzilmasi, uning hududiy aksiyadorlik birlashmalari namunaviy tuzilmasi 1*, 2, 3-ilovalarga muvofiq;
* 1-ilova keltirilmaydi.
“Shoyi” aksiyadorlik kompaniyasi tarkibiga kiruvchi korxonalar va tashkilotlar roʻyxati va uning boshqaruv apparati tuzilmasi 4* va 5-ilovalarga muvofiq;
* 4-ilova keltirilmaydi.
“Oʻzbek ipagi” uyushmasining tashkiliy tuzilmasi va boshqaruv apparati tuzilmasi 6 va 7-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
3. “Oʻzbek ipagi” uyushmasi rahbarlari, “Pilla-xolding” xolding kompaniyasi raisi va “Shoyi” aksiyadorlik kompaniyasi raisi (ular lavozimiga koʻra “Oʻzbek ipagi” uyushmasi raisining oʻrinbosarlari hisoblanadilar) muassislarning umumiy yigʻilishida saylanadilar hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarori bilan lavozimga tasdiqlanadilar.
Maqomi, maishiy taʼminoti, tibbiy va transport xizmati koʻrsatish sharoitlariga koʻra uyushma raisi Oʻzbekiston Respublikasi vaziriga, uning birinchi oʻrinbosari — vazirning birinchi oʻrinbosariga, rais oʻrinbosarlari — vazir oʻrinbosarlariga tenglashtirilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(3-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 4-martdagi 77-sonli qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan)
4. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi bir oy muddatda:
“Oʻzbek ipagi” uyushmasi, “Pilla-xolding” xolding kompaniyasi va “Shoyi” aksiyadorlik kompaniyasi bilan birgalikda yangidan xususiylashtiriladigan ipakchilik korxonalari mol-mulkini baholasin va ilgari davlat tasarrufidan chiqarilgan korxonalar mol-mulkini qayta baholasin;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1997-yil 31-martdagi PF-1740-son va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Fond bozorini yanada rivojlantirish hamda davlat mulki negizida tashkil etilgan aksiyadorlik jamiyatlarini qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 1998-yil 4-martdagi PF-1939-son Farmoniga muvofiq ipakchilik sohasi korxonalarini xususiylashtirish, yangi tashkil etilayotgan aksiyadorlik jamiyatlari aksiyalari toʻrt paketini taqsimlash hamda mavjud aksiyadorlik jamiyatlari aksiyalarini qayta taqsimlash boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin. Bunda erkin sotishga moʻljallangan aksiyalarning muayyan qismi qishloq xoʻjaligi korxonalariga hamda pilla yetishtiruvchi jismoniy shaxslarga sotilishini nazarda tutsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, “Oʻzbek ipagi” uyushmasi, “Pilla-xolding” va “Shoyi” kompaniyalari, Namangan, Fargʻona va Xorazm viloyatlari hokimliklari bilan birgalikda “Atlas” (Namangan shahri), “Margʻilon ipagi” (Margʻilon shahri) va “Xorazm ipagi” (Urganch shahri) aksiyadorlik jamiyatlarida pillakashlik, ipak kalava ishlab chiqarishlari va shoyi toʻqish fabrikalarini ajratsin va ularni belgilangan tartibda mustaqil aksiyadorlik jamiyatlari sifatida roʻyxatdan oʻtkazsin.
5. Belgilab qoʻyilsinki:
“Oʻzbek ipagi” uyushmasi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi, “Pilla-xolding” xolding kompaniyasi va “Shoyi” aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan taʼsis etiladi. Uyushma ustav jamgʻarmasi Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi tugatilayotgan “Pilla” uyushmasining mol-mulki va “Shoyi” aksiyadorlik kompaniyasi, “Pilla-xolding” xolding kompaniyasi va uyushma boshqa qatnashchilarining taʼsis badallari hisobiga shakllantiriladi;
“Pilla-xolding” xolding kompaniyasi va “Shoyi” aksiyadorlik kompaniyasi ochiq turdagi aksiyadorlik jamiyati shaklida taʼsis etiladi;
“Shoyi” aksiyadorlik kompaniyasining ustav jamgʻarmasi unga aksiyadorlik jamiyatlari (shoyi toʻqish korxonalari) aksiyalarining davlat paketlarini trast boshqaruvga berish hamda kompaniya boshqa qatnashchilarining taʼsis badallari hisobiga shakllantiriladi;
“Pilla-xolding” xolding kompaniyasining ustav jamgʻarmasi unga “Pilla” hududiy aksiyadorlik birlashmalari aksiyalarining nazorat paketlarini trast boshqaruvga berish hamda xolding kompaniyasi boshqa qatnashchilarining taʼsis badallari hisobiga shakllantiriladi;
“Shoyi” aksiyadorlik kompaniyasi, “Pilla-xolding” xolding kompaniyasi hamda “Pilla” hududiy aksiyadorlik birlashmalari ular tarkibiga kiruvchi davlat korxonalarini va aksiyadorlik jamiyatlari boʻlgan korxonalarni ushbu korxonalarning ularning trast boshqaruviga berilgan aksiyalari paketlariga muvofiq boshqaradilar.
6. Belgilansinki:
“Pilla-xolding” xolding kompaniyasi va “Shoyi” aksiyadorlik kompaniyasi oʻz aksiyalarini erkin, shu jumladan xorijiy investorlarga, kompaniyalar tarkibiga kiruvchi aksiyadorlik jamiyatlari aksiyalarining sotilmagan va kompaniyalarga berilgan ulushlari hamda uyushgan aʼzolarning taʼsis badallari miqdorida sotadilar;
Pilla-xolding xolding kompaniyasi va “Shoyi” aksiyadorlik kompaniyasi aksiyalarini sotishdan olingan mablagʻlar 1999-yil 1-yanvargacha boʻlgan davrda kompaniyalar ixtiyorida qoldiriladi va kompaniyalar korxonalari va tashkilotlarini renovatsiya qilish hamda ular mahsulotini yangilash uchun foydalaniladi;
kompaniyalarning trast boshqaruviga berilgan, tegishli kompaniyalar tarkibiga kiruvchi aksiyadorlik jamiyatlari ustav jamgʻarmasining 25 foizi miqdoridagi aksiyalar davlat paketlari daxlsiz hisoblanadi va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorisiz xususiy mulk qilib sotilmaydi;
“Pilla-xolding” xolding kompaniyasi va “Pilla” hududiy aksiyadorlik birlashmalari shuʼba korxonalar boʻyicha yigʻma balanslar tuzadilar.
Aylanma mablagʻlarni toʻldirish va investitsiya loyihalarini amalga oshirish maqsadida “Pilla-xolding” xolding kompaniyasi va “Pilla” hududiy aksiyadorlik birlashmalari shuʼba korxonalarning budjet va boshqa kreditorlar oldidagi majburiyatlardan boʻsh moliyaviy mablagʻlarini shartnoma asosida qayta taqsimlash huquqiga egadirlar.
“Oʻzbek ipagi” uyushmasi, “Pilla-xolding” xolding kompaniyasi va uning hududiy aksiyadorlik birlashmalari, “Shoyi” aksiyadorlik kompaniyasi xoʻjalik faoliyatini, shu jumladan ularning boshqaruv apparatlari xarajatlarini mablagʻ bilan taʼminlash ularning oʻz xoʻjalik faoliyati, xizmatlar koʻrsatish, shuningdek amaldagi qonun hujjatlariga zid boʻlmagan boshqa daromadlar hisobiga amalga oshiriladi;
“Oʻzbek ipagi” uyushmasi Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi tugatilayotgan “Pilla” uyushmasi tomonidan tuzilgan shartnomalar va majburiyatlar boʻyicha huquqiy voris hisoblanadi, “Pilla” hududiy aksiyadorlik birlashmalari esa tugatilayotgan Qoraqalpogʻiston respublika “Pilla” uyushmasi, Pillachilar shirkatlarining hududiy muvofiqlashtiruvchi kengashlari hamda “Andijon ipagi”, “Xon atlas” va “Kumush tola” aksiyadorlik kompaniyalarining huquqiy vorisi hisoblanadilar, ularning shoyi toʻqish korxonalarining shartnomalari va majburiyatlari bundan mustasno;
7. “Oʻzbek ipagi” uyushmasi korxonalarini rekonstruksiya qilish va rivojlantirish jamgʻarmasi tashkil etilsin, unga:
tut ipak qurt urugʻi yetishtirishning yuqori samarali texnologiyalarini oʻrganish va joriy etish;
ipak urugʻi qurti yetishtirish, pilla xomashyosi, ipak kalava hamda sof va aralash shoyi gazlamalar ishlab chiqarish korxonalarini rekonstruksiya qilish va texnika bilan qayta jihozlash;
ishlab chiqarish, qayta ishlash va mahsulotlarni ichki isteʼmolchilarga hamda eksportga sotish jarayonida ipakchilik barcha qatnashchilarining teng iqtisodiy manfaatdorligini taʼminlovchi tarmoq infratuzilmasini yaratish tadbirlarini mablagʻ bilan taʼminlash yuklansin.
Uyushma tarkibiga kiruvchi aksiyadorlik jamiyatlari aksiyalari davlat paketlaridan olingan dividendlar, shuningdek amaldagi qonun hujjatlariga zid boʻlmagan boshqa moliyaviy tushumlar “Oʻzbek ipagi” uyushmasi korxonalarini rekonstruksiya qilish va rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlarini shakllantirish manbalari etib belgilansin.
“Oʻzbek ipagi” uyushmasi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi, Moliya vazirligi bilan birgalikda Jamgʻarma mablagʻlarini jamlash va ulardan maqsadli foydalanish tartibini bir oy muddatda ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
8. “Oʻzbek ipagi” uyushmasi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi bilan birgalikda:
bir oy muddatda “Oʻzbek ipagi” uyushmasi, “Pilla-xolding” xolding kompaniyasi va “Shoyi” aksiyadorlik kompaniyasi ustavlarini ishlab chiqsin;
ikki oy muddatda taʼsis majlislarini oʻtkazsin, ustavlarni tasdiqlasin, kuzatuvchi kengashlar tashkil etsin va “Pilla-xolding”, “Shoyi” kompaniyalari hamda yangi tashkil etilayotgan aksiyadorlik jamiyatlari ustav jamgʻarmalarini shakllantirsin.
9. “Oʻzbek ipagi” uyushmasi, Oʻzbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi, Moliya vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda korxonalarni, shu jumladan, xorijiy investitsiyalarni jalb etish va qoʻshma korxonalar tashkil etish hisobiga, texnika bilan qayta jihozlash, modernizatsiya qilish va ularning eksport imkoniyatlarini kengaytirish dasturini ikki oy muddatda ishlab chiqsinlar va Vazirlar Mahkamasiga kiritsinlar.
10. “Oʻzbek ipagi” uyushmasi Jizzax viloyati hokimligi, manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda “Nissyo Ivai Korporeyshn” kompaniyasi (Yaponiya) bilan superelita, elita va sanoat ipak qurt urugʻi yetishtirish boʻyicha qoʻshma korxona tashkil etish toʻgʻrisida bir oy muddatda takliflar tayyorlasin va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
11. Belgilansinki:
“Pilla-xolding” xolding kompaniyasining ipak qurt urugʻi yetishtiruvchi, pilla tayyorlovchi va uni dastlabki qayta ishlovchi korxonalariga qishloq xoʻjaligi korxonalari maqomi tatbiq etiladi;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar hokimliklari, “Pilla” hududiy aksiyadorlik birlashmalari va qishloq xoʻjaligi korxonalari rahbarlari tutzorlar va tut qatorlarining saqlab qolinishi va kengaytirilishi uchun javob beradilar.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Markaziy banki, Davlat soliq qoʻmitasi, tegishli tijorat banklari, tashkilotlar va korxonalar “Oʻzbek ipagi” uyushmasi bilan birgalikda ikki oy muddatda kompaniya xoʻjalik yurituvchi subyektlarining budjetga toʻlovlar, kreditlar va boshqa moliyaviy majburiyatlarga, shuningdek, ular boʻyicha penyalar va foizlarga oid qarzlarini belgilangan tartibda qayta rasmiylashtirsinlar.
15. “Oʻzbek ipagi” uyushmasi, “Pilla-xolding” xolding kompaniyasi va “Shoyi” aksiyadorlik kompaniyasi Toshkent shahar, Amir Temur koʻchasidagi 62-uyga joylashtirilsin, ushbu bino tasarruf etish huquqisiz foydalanish uchun “Oʻzbek ipagi” uyushmasi balansiga berilsin.
16. Mazkur qarorni bajarish bilan bogʻliq boʻlgan ishlarni muvofiqlashtirish uchun 8-ilovaga* muvofiq tarkibda ishchi komissiya tuzilsin.
* 8-ilova keltirilmaydi.
18. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari M. Usmonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1998-yil 3-aprel,
144-son
“Pilla-xolding” xolding kompaniyasi boshqaruv apparati
TUZILMASI
(Umumiy soni — 33 shtat birligi)
Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar “Pilla” aksiyadorlik birlashmalari ijro etuvchi apparati
NAMUNAVIY TUZILMASI
“Pilla” hududiy aksiyadorlik birlashmalarida boshqaruv apparati xodimlari soni quyidagicha belgilanadi:
a) Andijon, Namangan, Samarqand, Fargʻona viloyatlarida — 15 shtat birligi;
b) Buxoro, Qashqadaryo, Toshkent, Xorazm viloyatlarida — 12 shtat birligi;
v) Jizzax, Surxondaryo viloyatlarida — 10 shtat birligi;
g) Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Navoiy, Sirdaryo viloyatlarida — 8 shtat birligi.
“Shoyi” aksiyadorlik kompaniyasi boshqaruv apparati
TUZILMASI
(xodimlarning umumiy soni — 23 shtat birligi)
“Oʻzbek ipagi” uyushmasining tashkiliy
TUZILMASI
“Oʻzbek ipagi” uyushmasi boshqaruv apparati
TUZILMASI
(xodimlarning umumiy soni —19 shtat birligi)