OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MADANIY MEROS AGENTLIGI DIREKTORINING
BUYRUGʻI
Moddiy madaniy meros obyektlarining qoʻriqlanadigan tegra loyihasining nusxasini boshqa shaxslarga taqdim etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2026-yil 30-yanvarda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3766]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-sentabrdagi PF-161-son “Islohotlarni huquqiy jihatdan taʼminlash samaradorligini oshirish hamda ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishda vazirlik va idoralarning masʼuliyati va tashabbuskorligini kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-martdagi 265-son “Moddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanishga oid ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Moddiy madaniy meros obyektlarining qoʻriqlanadigan tegra loyihasining nusxasini boshqa shaxslarga taqdim etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi hamda Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi bilan kelishilgan.
3. Ushbu buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Direktor B. ABDIKARIMOV
Toshkent sh.,
2026-yil 19-yanvar,
1-son
Kelishildi:
Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri Sh. XIDOYATOV
2026-yil 9-yanvar
Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi raisi G. UMEROVA
2026-yil 8-yanvar
Kadastr agentligi direktor oʻrinbosari M. MIRMAKSUDOV
2026-yil 6-yanvar
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi direktorining 2026-yil 19-yanvardagi 1-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Moddiy madaniy meros obyektlarining qoʻriqlanadigan tegra loyihasining nusxasini boshqa shaxslarga taqdim etish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom moddiy madaniy meros obyektlarining qoʻriqlanadigan tegra loyihasining nusxasini boshqa shaxslarga taqdim etish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
obyekt — moddiy madaniy meros obyektlari davlat kadastriga kiritilgan yoki tarixiy-madaniy qimmatga ega ekanligi aniqlangan bino, inshootlar, yer uchastkalari va boshqa koʻchmas mulk obyektlari;
maxsus vakolatli organ — Oʻzbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi va uning hududiy boshqarmalari;
qoʻriqlanadigan tegra — muhofaza tegralari, imoratlar qurish va xoʻjalik faoliyatini tartibga solish tegralari hamda qoʻriqlanadigan tabiiy landshaft tegralarini oʻz ichiga oladi;
qoʻriqlanadigan tegra loyihasi — moddiy madaniy meros obyektini muhofaza qilish maqsadida belgilangan hududlarning chegaralari, tegralarning turlari va foydalanish shartlarini belgilovchi loyiha hujjati.
2. Qoʻriqlanadigan tegra loyihasining nusxasi maxsus vakolatli organ tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarga ularning arizasiga hamda davlat organlariga ularning soʻrov xatiga asosan bepul taqdim etiladi.
2-bob. Qoʻriqlanadigan tegra loyihasining nusxasini boshqa shaxslarga taqdim etish tartibi
3. Qoʻriqlanadigan tegra loyihasining nusxasi quyidagi hollarda taqdim etiladi:
qurilish, rekonstruksiya, restavratsiya va konservatsiya ishlarini amalga oshirishda — ishchi hujjat sifatida foydalanish uchun;
buyurtmachilar tomonidan moddiy madaniy meros obyektining qoʻriqlanadigan tegra hududida qurilish, rekonstruksiya yoki boshqa shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish rejalashtirayotgan — loyiha hujjatlarini ishlab chiqish va kelishishda foydalanish uchun;
davlat organlari tomonidan — oʻz faoliyatini amalga oshirishda foydalanish uchun.
4. Jismoniy va yuridik shaxslar hamda davlat organlari qoʻriqlanadigan tegra loyihasining nusxasini olish uchun maxsus vakolatli organga yozma yoki elektron shaklda murojaat qiladi.
Jismoniy va yuridik shaxslarning arizasida (davlat organlarining soʻrov xatida) quyidagi maʼlumotlar koʻrsatilishi kerak:
qoʻriqlanadigan tegra loyihasining nusxasini olish maqsadi;
qoʻriqlanadigan tegra loyihasining nusxasi talab qilinayotgan obyektning nomi va joylashuvi.
5. Maxsus vakolatli organ jismoniy va yuridik shaxslarning arizasi yoki davlat organining soʻrov xati kelib tushgan kundan boshlab uch ish kuni ichida ariza yoki soʻrov xatini ushbu Nizom talablariga muvofiq koʻrib chiqadi hamda qoʻriqlanadigan tegra loyihasining nusxasini taqdim qilish yoki asoslantirilgan holda taqdim qilishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Maxsus vakolatli organ qaror qabul qilgan kunning oʻzida jismoniy va yuridik shaxslarni yoki davlat organini ariza yoki soʻrov xatini koʻrib chiqish natijalari haqida xabardor qiladi.
6. Qoʻriqlanadigan tegra loyihasining nusxasini taqdim etish quyidagi hollarda rad etiladi:
qoʻriqlanadigan tegra loyihasi tarkibida davlat sirlari jumlasiga kiritiladigan maʼlumotlar, shu jumladan maxfiy xaritalar, koordinatalar yoki boshqa obyekt tavsiflari mavjud boʻlgan holda ariza beruvchining davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnomasi mavjud boʻlmasa;
qoʻriqlanadigan tegra loyihasi nusxasini taqdim etish madaniy meros obyektining butligini xavf ostiga qoʻyishi mumkin boʻlsa;
soʻrov xati yoki arizada qoʻriqlanadigan tegra nusxalarini olishdan maqsad aniq koʻrsatilmagan boʻlsa;
Boshqa asoslarga koʻra qoʻriqlanadigan tegra loyihasi nusxalarini taqdim etishni rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
3-bob. Nusxasi taqdim etilgan qoʻriqlanadigan tegra loyihalarining hisobini yuritish tartibi
7. Qoʻriqlanadigan tegra loyihasining nusxasini taqdim etish boʻyicha maʼlumotlar (nusxalar soni, taqdim etish sanasi va maqsadi, nusxa taqdim etilgan shaxs) roʻyxatga olish kitobida qayd etilishi shart.
Roʻyxatga olish kitobi muhrlangan holda maxsus vakolatli organning masʼul xodimi tomonidan har bir yil uchun alohida yuritiladi va saqlanadi.
8. Qoʻriqlanadigan tegra loyihasi nusxasi, shuningdek, qoʻriqlanadigan tegra loyihasini berish bilan bogʻliq hujjatlar maxsus vakolatli organning arxivida doimiy (muddatsiz) saqlanadi.
4-bob. Yakuniy qoida
9. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.01.2026-y., 10/26/3766/0093-son)