O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
QARORI
Issiqxona xo‘jaliklarini rivojlantirish va faoliyati samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Issiqxona xo‘jaliklari faoliyati samaradorligini oshirish va eksport hajmini ko‘paytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2025-yil 8-oktabrdagi PF-181-son Farmoni ijrosini ta’minlash, shuningdek, issiqxona xo‘jaliklarini rivojlantirish va faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan dasturni ishlab chiqish ishlarini muvofiqlashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Issiqxona xo‘jaliklari faoliyati samaradorligini oshirish va eksport hajmini ko‘paytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2025-yil 8-oktabrdagi PF-181-son Farmoniga muvofiq:
xalqaro konsalting kompaniyalarini jalb qilgan holda Issiqxona xo‘jaliklarini rivojlantirish va faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan dasturni ishlab chiqish va bunda samarali boshqaruv tizimini yo‘lga qo‘yishga mas’ul tashkilot ta’sis etish belgilangani;
Issiqxona xo‘jaliklarini rivojlantirish va faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan dasturni ishlab chiqish ishlarini muvofiqlashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining faoliyatiga raqamlashtirishni keng joriy etish hisobiga boshqaruv shtat birliklari sonini maqbullashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2025-yil 4-oktabrdagi PF-178-son Farmoni bilan Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimidagi tashkilotlardan qisqartirilgan shtat birliklari hisobidan Vazirlar Mahkamasi huzurida 6 ta shtat birligidan iborat loyiha ofisi tashkil etish belgilangani ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. Issiqxona xo‘jaliklarini rivojlantirish va faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan dasturni ishlab chiqish ishlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha loyiha ofisi (keyingi o‘rinlarda — Loyiha ofisi) xodimlarining cheklangan soni hamda mehnatga haq to‘lash miqdori ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Belgilab qo‘yilsinki:
Loyiha ofisi Vazirlar Mahkamasi huzurida alohida yuridik shaxs sifatida tashkil etiladi;
Loyiha ofisi rahbari va xodimlari belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi;
Loyiha ofisi o‘z faoliyatida Vazirlar Mahkamasining Investitsiyalar, eksport, savdo, qishloq va suv xo‘jaligi masalalari kotibiyatiga hisobdor bo‘ladi.
4. Quyidagilar Loyiha ofisining asosiy vazifalari etib belgilansin:
Issiqxona xo‘jaliklarini rivojlantirish va faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan dasturga (keyingi o‘rinlarda — Dastur) qo‘yiladigan talablar va texnik shartlarni belgilash hamda Dasturni ishlab chiqishni tashkil etish va muvofiqlashtirish;
xalqaro tashkilotlar va moliya institutlari, shuningdek, xalqaro baholash tashkilotlari va konsalting kompaniyalarining issiqxona xo‘jaliklarini rivojlantirish va faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha bergan tavsiyalarini umumlashtirish, tahlil qilish hamda maqbul tashabbuslarni amaliyotga joriy etishni ta’minlash;
issiqxona xo‘jaliklarini rivojlantirish va faoliyati samaradorligini oshirish masalalarini institutsional tahlil qilish va islohotlarning asosiy yo‘nalishlarini belgilash.
5. Loyiha ofisi faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib quyidagilar belgilansin:
O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari;
yuridik va jismoniy shaxslarning, shu jumladan, norezidentlarning homiylik xayriyalari;
xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining grantlari hamda texnik ko‘maklari;
qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
Loyiha ofisini saqlash xarajatlari O‘zbekiston Respublikasi respublika budjetidan Vazirlar Mahkamasiga ajratilgan mablag‘lar doirasida moliyalashtiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi zaruratga ko‘ra Loyiha ofisini saqlash xarajatlari uchun hisob-kitoblarga asosan qo‘shimcha mablag‘ ajratilishini ta’minlasin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda ikki hafta muddatda:
Loyiha ofisi to‘g‘risidagi nizomni, shtatlar jadvalini va xarajatlar smetasini ishlab chiqsin hamda tasdiqlash uchun belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritilishini ta’minlasin;
Loyiha ofisi rahbar va mutaxassis lavozimlariga nomzodlar bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
7. Loyiha ofisi O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining Toshkent viloyati Qibray tumani Universitet ko‘chasi 2-uy manzilidagi binosida tekin foydalanish huquqi asosida joylashtirilsin.
Loyiha ofisi faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun talab etiladigan ofis jihozlari hamda kompyuter texnikalari Qishloq xo‘jaligi vazirligining budjetdan tashqari jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan xarid qilinishi belgilab qo‘yilsin.
8. Belgilansinki, Dastur tasdiqlanib, issiqxona xo‘jaliklarini rivojlantirish va faoliyati samaradorligini oshirish yo‘nalishida samarali boshqaruv tizimini yo‘lga qo‘yish uchun mas’ul tashkilot belgilangandan so‘ng Loyiha ofisi belgilangan tartibda tugatiladi.
9. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari J.A. Qo‘chqorov va J.A. Xodjayev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2026-yil 7-yanvar,
2-son
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 7-yanvardagi 2-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Issiqxona xo‘jaliklarini rivojlantirish va faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan dasturni ishlab chiqish ishlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha loyiha ofisi xodimlarining cheklangan soni hamda mehnatga haq to‘lash miqdori
Lavozimlar nomi | Shtat birliklari soni | Mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoriga nisbatan koeffitsiyent* |
Loyiha ofisi rahbari | 1 | 25 |
Iqtisodchi-buxgalter | 1 | 21 |
Bosh mutaxassis | 2 | 21 |
Yetakchi mutaxassis | 2 | 20 |
* Loyiha ofisi xodimlarining lavozim maoshlari belgilangan koeffitsiyentlarni mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoriga ko‘paytirish orqali aniqlanadi.
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 08.01.2026-y., 09/26/2/0024-son)