Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
Respublikaning olis hududlarida aloqa qamrovini oshirishda yoʻldosh aloqa texnologiyalarini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Respublikada raqamli infratuzilmani jadal rivojlantirish, shahar va qishloq hududlari oʻrtasidagi raqamli tafovutni qisqartirish, olis hududlarda aloqa xizmatlari qamrovini kengaytirish, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish hamda “Raqamli Oʻzbekiston — 2030” strategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida qaror qilaman:
I. Ustuvor yoʻnalishlar
1. Yoʻldosh aloqa texnologiyalarini rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari etib quyidagilar belgilansin:
(a) oʻrta va past orbitali yoʻldosh aloqa tizimlarini joriy etish va foydalanishning normativ-huquqiy asoslarini yaratish;
(b) olis hududlar va yer usti tarmoqlari qamrovidan tashqari hududlarda telekommunikatsiya xizmatlarini koʻrsatish uchun qulay sharoitlar yaratish;
(v) yoʻldosh aloqa orqali tarmoqlar ishonchliligini va favqulodda holatlarda zaxirali aloqani taʼminlash;
(g) yoʻldosh aloqa tizimlaridan foydalanishda axborot xavfsizligini taʼminlashning tashkiliy-texnik asoslarini belgilash.
II. Asosiy talablar
2. Yoʻldosh aloqa tizimini joriy etish va yoʻldosh internet xizmatlarini koʻrsatish Oʻzbekiston Respublikasi hududida telekommunikatsiyalar sohasida litsenziyalanadigan faoliyat turlari etib belgilansin.
3. Yoʻldosh aloqa tizimini joriy etish faoliyatining asosiy talablari etib quyidagilar belgilansin:
(a) radiochastota ajratilishi va radioelektron vositalardan foydalanish uchun ruxsatnomalarni rasmiylashtirish;
(b) Oʻzbekiston Respublikasi hududida yuridik shaxs tashkil etish yoki mahalliy telekommunikatsiya operatori bilan hamkorlik qilish;
(v) markaziy yer stansiyasi (Gateway)ni mamlakat hududida qurish va axborot xavfsizligi talablariga rioya etish;
(g) foydalanuvchi maʼlumotlarini respublika hududida saqlash.
III. Yer uchastkalari va infratuzilma
4. Belgilansinki, yoʻldosh aloqa infratuzilmasi (markaziy yer stansiyalari, terminallar va yoʻldosh aloqa infratuzilmasining boshqa aktiv qurilmalari)ni joylashtirishda telekommunikatsiya vositalarini joylashtirish uchun ijara shartnomalarini rasmiylashtirish tartibi tatbiq etiladi.
IV. Imtiyozlar va preferensiyalar
5. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2026-yil 1-yanvardan boshlab 5 yil muddatga oʻrta va past orbitali yoʻldosh aloqa tarmoqlarini Oʻzbekiston hududida markaziy yer stansiyasi orqali tashkil qilish bilan bogʻliq boʻlgan loyihalar doirasida:
(a) telekommunikatsiya operatorlarining yoʻldosh aloqa tarmoqlariga tegishli qurilmalar, dasturiy mahsulotlar, ehtiyot va butlovchi qismlarni sotib olish va ularga xizmatlar koʻrsatish yoʻldosh aloqa qurilmalari ishlab chiqaruvchilar va (yoki) yetkazib beruvchilar bilan tender (tanlov) savdolarini oʻtkazmasdan muzokaralar asosida toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar tuzish orqali amalga oshiriladi;
(b) import qilinadigan qurilmalar, dasturiy mahsulotlar, ehtiyot va butlovchi qismlar bojxona toʻlovlaridan ozod qilinadi (bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlari bundan mustasno);
(v) telekommunikatsiya operatorlari oʻrta va past orbitali yoʻldosh aloqa tarmoqlari tomonidan radiochastota spektridan foydalanganlik uchun toʻlovlardan ozod qilinadi (harakatdagi yoʻldosh aloqa tarmogʻida yoʻldoshdan bevosita yakuniy foydalanuvchi qurilmasiga (Direct-to-Device) hamda yoʻldoshdan bevosita mobil aloqa terminaliga (Direct-to-Cellular) toʻgʻridan-toʻgʻri ulanishlarni, shuningdek, avtomobil va poyezdlarda harakatdagi yer stansiyasi (ESIM) tizimlarini tashkil qilish bilan bogʻliq toʻlovlar bundan mustasno);
(g) yoʻldosh aloqa tarmoqlari operatorlari tomonidan yoʻldosh aloqa tizimi orqali koʻrsatilgan xizmatlar qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod etiladi;
(d) markaziy yer stansiyalari, terminallar va yoʻldosh aloqa infratuzilmasining boshqa aktiv qurilmalari joylashtirilgan telekommunikatsiya inshootlari va ularning yer maydonlari mol-mulk soligʻi va yer soligʻidan ozod etiladi;
(j) yoʻldosh aloqa tarmoqlari operatorlari yaratilgan yoʻldosh aloqa tizimi orqali koʻrsatgan xizmatlari uchun foyda soligʻidan ozod qilinadi.
6. Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Soliq qoʻmitasi va Raqamli texnologiyalar vazirligi uch oy muddatda mazkur qarorning 5-bandidan kelib chiqib, Soliq kodeksiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
V. Tashkiliy tadbirlar
7. 2030-yil 31-dekabrga qadar yoʻldosh aloqa tarmoqlariga ega telekommunikatsiya operatorlariga yoʻldosh aloqa xizmatlarini joriy etish boʻyicha telekommunikatsiyalar sohasida litsenziya olgan sanadan boshlab 6 oy muddatga quyidagilarga ruxsat berilsin:
(a) markaziy yer stansiyalari va terminal maydonlari boʻyicha loyihalashtirish va qurilish-montaj ishlarini “fast-track” usuli bilan amalga oshirish;
(b) mazkur qarorning 3-bandi “b” — “g” kichik bandlari talablarini bajarish sharti bilan radioelektron vositalarni sotib olish, oʻrnatish, Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirish va foydalanish uchun ruxsatnomalarni hamda telekommunikatsiya vositalari va inshootlarini foydalanishga qabul qilish dalolatnomasini va ulardan foydalanishga doir ruxsatnomani rasmiylashtirish bilan bir vaqtda telekommunikatsiya xizmatlarini koʻrsatish.
VI. Qaror ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
8. Raqamli texnologiyalar vazirligi ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
9. Mazkur qaror ijrosini monitoring qilib borish quyidagi tartibda amalga oshirilsin:
(a) Raqamli texnologiyalar vazirligi har yili 15-fevralga qadar qaror ijrosini monitoringdan oʻtkazsin hamda monitoring natijalarini Hisob palatasi va Adliya vazirligiga kiritib borsin;
(b) Hisob palatasi Adliya vazirligi bilan birgalikda monitoring rejasi asosida qaror ijrosini nazorat qilsin hamda har yili 25-fevralga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga axborot kiritib borsin.
10. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib raqamli texnologiyalar vaziri Sh.X. Shermatov belgilansin.
11. Qaror ijrosini muhokama qilib borish, masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 21-oktabr,
PQ-313-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.10.2025-y., 07/25/313/0967-son)