OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING
QARORI
Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi huzuridagi “Yashil tashabbuslar”ni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yoshlar bilan ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2025-yil 26-martdagi PF-61-son Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-martdagi PF-61-son Farmoniga muvofiq:
a) yoshlarda tabiatga muhabbat hissini uygʻotish, atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilgan loyihalarni qoʻllab-quvvatlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan “Yashil tashabbuslar”ni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi tashkil etilishi belgilangani;
b) “Yashil tashabbuslar”ni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma):
Davlat budjetidan Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligining Yoshlarga oid davlat siyosatini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasiga har yili ajratiladigan mablagʻlar doirasida;
xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumat moliya tashkilotlari, xorijiy banklar va boshqa xalqaro moliya tashkilotlarining grantlari;
jismoniy va yuridik shaxslarning, shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlarining homiylik xayriyalari;
qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan shakllantirilishi nazarda tutilgani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi huzuridagi “Yashil tashabbuslar”ni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi;
Jamgʻarma faoliyatini boshqarish va uning mablagʻlarini taqsimlash tartibi;
Jamgʻarma mablagʻlarining hisobi va hisobotini yuritish tartibi.
3. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi direktori A.Z. Saʼdullayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 8-oktabr,
631-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 8-oktabrdagi 631-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi huzuridagi “Yashil tashabbuslar”ni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) huzuridagi “Yashil tashabbuslar”ni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish, Jamgʻarma faoliyatini boshqarish, uning mablagʻlarini taqsimlash, hisobi va hisobotini yuritish tartibini belgilaydi.
2. Jamgʻarma Agentlikning yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan budjetdan tashqari jamgʻarmasi hisoblanadi.
3. Jamgʻarma mablagʻlari Agentlik markaziy apparati uchun Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasida alohida ochiladigan shaxsiy gʻazna hisobvaraqlarida jamlanadi hamda ushbu Nizomda belgilangan maqsadlar uchun sarflanadi.
2-bob. Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish tartibi
4. Jamgʻarma mablagʻlari quyidagi manbalar hisobidan har yili 10 mlrd soʻmgacha miqdorda shakllantiriladi:
Davlat budjetidan Agentlikning Yoshlarga oid davlat siyosatini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasiga har yili ajratiladigan mablagʻlar doirasida;
xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumat moliya tashkilotlari, xorijiy banklar va boshqa xalqaro moliya tashkilotlarining grantlari;
jismoniy va yuridik shaxslarning, shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlarining homiylik xayriyalari;
qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
5. Agentlikning Yoshlarga oid davlat siyosatini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi hisobidan ajratiladigan mablagʻlar har yili 1-apreldan kechiktirmay tushirilishi lozim.
6. Jamgʻarmaning vaqtincha boʻsh turgan mablagʻlari Agentlik tomonidan Oʻzbekiston Respublikasidagi tijorat banklarining depozit hisobvaraqlariga joylashtirilishi mumkin hamda ulardan olingan foiz daromadlari ushbu Nizomning 9-bandida nazarda tutilgan maqsadlarga sarflash uchun taqsimlanadi.
7. Jamgʻarmaning joriy yilda foydalanilmagan mablagʻlari keyingi yilga oʻtadi hamda undan ushbu Nizomda belgilangan tartibda foydalaniladi.
8. Agentlik Jamgʻarmaga mablagʻlar kelib tushishining toʻliqligini nazorat qiladi.
3-bob. Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanish tartibi
9. Jamgʻarma mablagʻlari quyidagi maqsadlarga yoʻnaltiriladi:
yoshlarda tabiatga muhabbat hissini uygʻotish, ularning atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilgan loyihalarini amalga oshirishga koʻmaklashish;
yoshlarning ekologik toza texnologiyalarni joriy etish, chiqindilarni qayta ishlash, yashil energiya manbalaridan foydalanish kabi ekologik loyihalarini qoʻllab-quvvatlash;
yoshlarda ekologik madaniyat darajasini yuksaltirish, ularni tabiat va uning resurslariga ehtiyotkorona munosabatda boʻlish ruhida tarbiyalashga qaratilgan loyihalarni qoʻllab-quvvatlash;
mamlakatimizda ekologik barqarorlikni taʼminlashda yoshlar ishtirokini kuchaytirishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish;
yoshlarning daraxt koʻchatlarini ekish va parvarishlash kabi ekologik loyihalarini qoʻllab-quvvatlash;
yoshlar tomonidan atrof-muhitni asrash, iqlim oʻzgarishi, tabiiy resurslardan unumli foydalanish mavzularida videomahsulotlar va animatsion multfilmlar yaratish;
davlat va xususiy sektor hamkorligida yoshlar oʻrtasida energiya tejamkorligini oshirishga qaratilgan tanlovlarni oʻtkazishga koʻmaklashish;
yoshlarning atrof-muhitni himoya qilish dasturlarini, jumladan, ularning oʻrmonlarni tiklash, ekologik turizmni rivojlantirish, iqlim oʻzgarishiga moslashish kabi tadbirlarini qoʻllab-quvvatlash;
yoshlar oʻrtasida energiya sarfini kamaytirishga qaratilgan eko-chorlov (chellenj)lar tashkil etish va ushbu yoʻnalishda veb-ilovalar yaratish.
10. Jamgʻarma mablagʻlaridan uning tasdiqlangan daromadlar va xarajatlar smetasi asosida foydalaniladi.
Jamgʻarmaning daromadlar va xarajatlari smetasi budjet tashkilotlari uchun budjetdan tashqari mablagʻlar boʻyicha qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda tuziladi, Agentlik tomonidan tasdiqlanadi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligida roʻyxatdan oʻtkaziladi.
11. Jamgʻarmaning daromadlar va xarajatlar smetasiga yil davomida Agentlik tomonidan belgilangan tartibda oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin.
4-bob. Jamgʻarma faoliyatini boshqarish va uning mablagʻlarini taqsimlash tartibi
12. Ushbu Nizomning 9-bandi ikkinchi — oltinchi xatboshilarida nazarda tutilgan loyihalar Agentlik, Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi hamda Innovatsion rivojlanish agentligining qoʻshma qarori bilan tasdiqlanadigan tartib asosida saralanadi.
13. Ushbu Nizomning 9-bandi yettinchi — oʻninchi xatboshilarida nazarda tutilgan tadbirlar Agentlik hayʼati qarorlari asosida amalga oshiriladi.
Agentlik hayʼati qarorlari ijrosi Agentlik direktori buyrugʻi asosida taʼminlanadi.
14. Agentlik hayʼati majlisida koʻrib chiqiladigan masalalarning xususiyatiga koʻra davlat organlari va boshqa tashkilotlarning rahbarlari hamda mutaxassislari ham taklif etilishi mumkin.
15. Agentlik hayʼati majlisida:
hisobot yili yakuni boʻyicha Jamgʻarma mablagʻlarining daromadlari va xarajatlari toʻgʻrisidagi hisobotlar koʻrib chiqiladi va tasdiqlanadi;
Jamgʻarma mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanilishi nazorat qilinadi.
16. Agentlikning moliya-iqtisod boʻlimi Jamgʻarmaning ishchi organi hisoblanadi.
17. Ishchi organ quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
Jamgʻarmaning daromadlari va xarajatlarining yillik moliyaviy rejasini ishlab chiqadi;
daromadlar va xarajatlar smetalarini tayyorlaydi, shuningdek, ularga qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda oʻzgartirishlar kiritadi;
Jamgʻarma tushumlarini koʻpaytirish va uning mablagʻlaridan samarali foydalanish boʻyicha takliflar tayyorlaydi;
Jamgʻarmaning tushumlar manbalari boʻyicha daromadlari hamda asosiy xarajatlar yoʻnalishlariga asosan hisobini yuritadi;
har chorak yakuni boʻyicha Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanilishi toʻgʻrisida hisobot tayyorlaydi hamda Agentlik hayʼatiga koʻrib chiqish va tasdiqlash uchun taqdim etadi.
5-bob. Jamgʻarma mablagʻlarining hisobi va hisobotini yuritish tartibi
18. Jamgʻarma mablagʻlarining hisobi va hisobotini yuritish hamda joriy xizmat koʻrsatish ishlari Agentlikning moliya-iqtisod boʻlimi tomonidan amalga oshiriladi.
19. Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanish boʻyicha hisob va hisobotlar Agentlikning budjetdan tashqari boshqa mablagʻlaridan alohida yuritiladi.
20. Jamgʻarmaning daromadlar va xarajatlar smetasining ijrosi toʻgʻrisidagi yillik hisobot har yili 15-martga qadar Agentlikning hayʼat majlisida tasdiqlanadi.
21. Agentlik Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligiga Jamgʻarma mablagʻlarining ishlatilishi toʻgʻrisida har chorakda belgilangan tartibda tegishli hisobotlarni taqdim etib boradi.
22. Jamgʻarma mablagʻlaridan oqilona va maqsadli foydalanilishi qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda nazorat qilinadi.
23. Jamgʻarma mablagʻlaridan toʻgʻri va maqsadli foydalanish yuzasidan javobgarlik Agentlikka yuklanadi.
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
24. Ushbu Nizomni qoʻllashda yuzaga keladigan nizolar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
25. Ushbu Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.10.2025-y., 09/25/631/0913-son)