Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasining
qarori
Davlat organlarining oshxonalariga doir sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlarini (0105-25-son SanQvaN ) tasdiqlash toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2025-yil 29-sentabrda hisobga olindi, hisob raqami 372]
Oʻzbekiston Respublikasining “Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi toʻgʻrisida”gi Qonuni va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-iyundagi PF-95-son “Davlat fuqarolik xizmatini yangi yondashuvlar asosida tashkil etish hamda professional va natijadorlikka yoʻnaltirilgan davlat xizmatchilari korpusini shakllantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi qaror qiladi:
1. Davlat organlarining oshxonalariga doir sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari (0105-25-son SanQvaN) ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil, Boshqaruv samaradorligi agentligi, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi hamda Savdo-sanoat palatasi bilan kelishilgan.
3. Mazkur qaror 2026-yil 1-yanvardan eʼtiboran kuchga kiradi.
Rais B. YUSUPALIYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 4-sentabr,
27-son
Kelishildi:
Boshqaruv samaradorligi agentligining direktor v.b. U. XUSAINOV
2025-yil 2-sentabr
Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil oʻrinbosari J. URUNOV
2025-yil 15-avgust
Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri Sh. XIDOYATOV
2025-yil 14-avgust
Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi raisi H. TURAXUJAYEV
2025-yil 12-avgust
Savdo-sanoat palatasi raisi D. VAXABOV
2025-yil 12-avgust
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasining 2025-yil 4-sentabrdagi 27-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Davlat organlarining oshxonalariga doir sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari (0105-25-son SanQvaN )
Mazkur sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari (bundan buyon matnda sanitariya qoidalari deb yuritiladi) davlat organlari oshxonalarining joylashuvi, ularda xavfsiz va sogʻlom ovqatlanishni tashkil etish, ovqatdan zaharlanishlarning oldini olishga doir talablarni belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur sanitariya qoidalarida quyidagi tushunchalardan foydalaniladi:
davlat organi oshxonasi (bundan buyon matnda oshxonalar deb yuritiladi) — davlat organlarining binolarida joylashgan, xodimlarni ovqat bilan taʼminlash uchun moʻljallangan, ovqat tayyorlash va taqdim etish joyi;
oziq-ovqat xavfsizligi — aholining sogʻlom hamda faol hayot kechirishi uchun ijtimoiy ahamiyatga molik asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan toʻliq va uzluksiz taʼminlanishi.
2. Oshxonalarda quyidagilarga yoʻl qoʻyilmaydi:
ishlab chiqarish, yordamchi xonalar va sanitariya-maishiy xonalarda odamlarning yashashiga;
ishlab chiqarish, yordamchi xonalar va omborxonalarda hayvon yoki qushlar boqilishiga.
2-bob. Oshxonalarning joylashishi va hududiga qoʻyiladigan talablar
3. Oshxonalar alohida turgan binolarda, mavjud maʼmuriy binolarning ichki qismlarida yoki ularga qoʻshimcha tarzda qurilgan bino va inshootlarda joylashtirilishiga yoʻl qoʻyiladi.
4. Oshxonalar xomashyo, yarim tayyor mahsulotlar va tayyor ovqatlar oqimini ajratish imkonini beruvchi texnologik ketma-ketlik asosida joylashtirilishi lozim.
5. Oshxonalarga kirish-chiqish uchun yoʻllar alohida ajratilgan boʻlishi hamda kirish qismida dezinfeksiyalovchi toʻsiqlar (dezkovriklar) oʻrnatilgan boʻlishi kerak.
6. Oshxonalarda oziq-ovqat chiqindilarini yigʻish va vaqtincha saqlash uchun ichki sirtlari yuvishga yaroqli, ogʻzi yopiladigan, zanglamaydigan materiallardan tayyorlangan, qattiq qoplamali, maxsus qutilar oʻrnatilgan boʻlishi zarur.
7. Chiqindilar uchun qutilar toʻliq toʻlgunga qadar boʻshatilishi, yuvuvchi va dezinfeksiyalovchi vositalar bilan ishlov berilishi hamda toza holda saqlanishi kerak.
3-bob. Oshxonalarning suv taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborishga qoʻyiladigan talablar
8. Oshxonalarni ichimlik suvi bilan taʼminlash OʻzMSt 134:2024 “Markazlashtirilgan xoʻjalik-ichimlik suvi bilan taʼminlash manbalari. Gigiyenik, texnikaviy talablar va tanlash qoidalari”ga muvofiq markazlashtirilgan suv taʼminoti tizimiga ulanish yoʻli bilan amalga oshirilishi kerak.
Markazlashtirilgan suv taʼminoti tizimi mavjud boʻlmaganda, ichki suv taʼminoti tizimi artezian qudugʻidan, boshqa suv quduqlaridan yoki kaptajlardan foydalanish orqali tashkil etilishi mumkin. Bunda, oziq-ovqat xomashyosi uchun ishlatiladigan suvning sifat koʻrsatkichlari OʻzMSt 133:2024 “Ichimlik suvi. Gigiyenik talablar va sifatini nazorat qilish” talablariga muvofiq boʻlishi lozim.
9. Oqova suv tarmogʻi mavjud boʻlgan oshxonalar SHNQ 2.04.01-22 “Binolarning ichki suv taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish” (hisob raqami 299, 2024-yil 2-oktabr), QMQ 2.04.03-19 “Kanalizatsiya. Tashqi tarmoqlar va inshootlar”ga muvofiq oqova suvlarni chiqarib yuborish tarmoqlariga ulangan boʻlishi kerak.
10. Oshxonalarning oqova suvlarni chiqarib yuborish tizimi doimiy ravishda soz holatda boʻlishi va toza saqlanishi zarur. Agar oqova suvlarni chiqarib yuborish tizimi nosoz holatga kelgan boʻlsa, u toʻliq tuzatilmaguncha ovqat tayyorlash, sotish va isteʼmol qilishni tashkil etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
11. Oshxonalarda oqova suvlarni chiqarib yuborish tizimi mavjud boʻlmaganda, oshxonada hosil boʻladigan oqova suvlar atrof-muhitga zarar yetkazmasligi uchun alohida ajratilgan, septik oʻrada yigʻilishi, toʻplanishi, tashilishi va zararsizlantirilishi lozim.
12. Oshxonalar qoʻl yuvish uchun issiq va sovuq suv tizimi mavjud boʻlgan rakovinalar, suyuq sovun va qoʻllarni dezinfeksiya qilish uchun vosita, bir martalik qogʻoz salfetka yoki qoʻl quritgich bilan jihozlanishi kerak.
4-bob. Yoritish va mikroiqlimga qoʻyiladigan talablar
13. Oshxonalar SHNQ 2.01.05-24 “Tabiiy va sunʼiy yoritish” (hisob raqami 309, 2024-yil 25-oktabr) talablariga muvofiq tabiiy va sunʼiy yoritilishi kerak.
14. Oshxonalarda tabiiy yoki mexanik ventilyatsiya tizimlari oʻrnatilishi kerak.
15. Oshxonalarning oqib keluvchi va tortib oluvchi ventilyatsiya tizimi binolarning ventilyatsiya tizimidan alohida ajratilgan boʻlishi kerak.
16. Oshxonalarning ishlab chiqarish xonalari harorat-namlik rejimini oʻlchash vositalari bilan jihozlangan boʻlishi, bunda simobli termometrlar va simob bilan toʻldirilgan qurilmalardan foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi.
5-bob. Oshxonalarning ishlab chiqarish xonalarining tarkibi, ovqatlanish joylari hamda ulardan foydalanishga qoʻyiladigan talablar
17. Oshxonalarda kundalik tozalash ishlari har kuni yoki zaruratga qarab yuvuvchi va dezinfeksiyalovchi vositalardan foydalangan holda amalga oshirilishi kerak.
18. Oshxonalarda har oyda kamida bir marta mukammal tozalash va dezinfeksiya ishlari amalga oshirilishi lozim.
19. Texnologik jarayonlar oshxonaning maxsus ajratilgan hududlarida amalga oshirilishi kerak.
20. Oshxonaning devor va pollari namlikka va dezinfeksiyalovchi vositalarga chidamli, sirpanishga qarshi gigiyenik talablarga mos materiallar bilan qoplangan boʻlishi zarur.
Shift va devorlar sathida suv toʻplanishi, oqib tushishi yoki mogʻorlanish holatlariga yoʻl qoʻyilmasligi kerak.
21. Oshxonalarda tozalash va dezinfeksiya qilish uchun moʻljallangan inventarlar ovqatlanish joylari va ishlab chiqarish xonalari uchun alohida ajratilgan boʻlishi, ularning har biri foydalanish maqsadiga qarab tamgʻalanishi va ajratilgan joyda alohida saqlanishi lozim.
22. Dezinfeksiyalovchi, yuvuvchi va boshqa tozalovchi vositalarning oziq-ovqat mahsulotlari bilan bir joyda saqlanishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
23. Oshxonalarda hasharotlarning kirib kelishining oldini olish maqsadida derazalar mustahkam, oson yuviladigan va almashtiriladigan himoya toʻrlari bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
24. Oshxonalarning ovqat tayyorlanadigan xonalari ustki qavatida hojatxonalarni joylashtirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
25. Ish xonasidan dahlizga chiqishdan oldin maxsus ish kiyimini yechish zarurligini bildiruvchi ogohlantiruvchi belgi koʻrinadigan joyda oʻrnatilgan boʻlishi zarur.
6-bob. Oshxonalarda foydalaniladigan jihozlarga qoʻyiladigan talablar
26. Oshxonalarda foydalaniladigan texnologik jihozlar, inventarlar, idish-tovoqlar va boshqa idishlar inson salomatligi va hayoti uchun xavfsiz boʻlgan materiallardan tayyorlanishi lozim.
27. Oshxonalarda tez aynuvchi va tez buziluvchi mahsulotlarni saqlash uchun sovitkich hamda sovitkichli vitrinalar boʻlishi kerak.
28. Sanitariya ishlovini berish uchun texnologik jihozlar, inventarlar, idish-tovoqlar sirtlari silliq, yoriqlarsiz, nuqsonlarsiz, tirqishlarsiz boʻlishi kerak.
Singan, sirlari koʻchgan, yorilgan idish-tovoqlar va boshqa idishlardan (inventarlar) foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi.
29. Idish-tovoqlarni yuvish jarayoni ikki boʻlimli yuvish jihozlari yordamida tashkil etilishi, bunda birinchi boʻlimda yuvish, ikkinchi boʻlimda esa chayish ishlari amalga oshirilishi lozim.
Oshxonalardagi toza idish-tovoqlar va inventarlar poldan kamida 0,2 m balandlikdagi tokchalarda saqlanishi kerak.
Oshxona jihozlarini patnislarda sochilgan holda saqlashga yoʻl qoʻyilmaydi.
30. Mijozlar uchun foydalanilgan patnislar har bir mijozdan soʻng toza salfetkalar bilan artilishi, ish kuni oxirida patnislar yuvuvchi va dezinfeksiyalovchi vositalarni qoʻshgan holda issiq suv bilan yuvilishi, iliq oqib turgan suv bilan chayilishi va quritilishi kerak.
31. Toza patnislar ishlatilgan patnislardan alohida belgilangan joylarda saqlanishi lozim.
32. Ovqatlanish stollari har bir mijozdan soʻng tozalanishi lozim.
7-bob. Oshxonalarda oziq-ovqat xomashyosi va mahsulotlarini tashish, qabul qilish hamda saqlashga qoʻyiladigan talablar
33. Oshxonaga keltiriladigan barcha oziq-ovqat mahsulotlari gigiyenik jihatdan xavfsiz boʻlishi lozim.
34. Oshxonalarga quyidagi mahsulotlarni qabul qilishga yoʻl qoʻyilmaydi:
qayta muzlatilgan, muddati oʻtgan va sifatsiz mahsulotlar;
uy sharoitida tayyorlangan mahsulotlar;
veterinariya xulosasisiz goʻsht, parranda, tuxum va baliq mahsulotlari.
35. Tez buziladigan oziq-ovqat mahsulotlarini maxsus sovitish uskunalarisiz tashish, shuningdek tashish jarayonida mahsulotlarning ifloslanishi yoki sifatining yomonlashishiga yoʻl qoʻyilmasligi lozim.
36. Tayyorlangan taomlarning sifati va xavfsizligi ustidan qoʻshimcha nazorat taʼminlanishi kerak. Bunda, tayyorlangan taomlarni nazorat qilish uchun sutkalik namunalar olib borilishi lozim.
Namunalar steril yoki qaynatilgan qoshiqlar yordamida, mahkam yopiladigan shisha yoki metall qopqoqli steril yoki qaynatilgan shisha idishlarga olinishi, porsiyali taomlar toʻliq hajmda, salatlar, birinchi va uchinchi taomlar hamda garnirlar esa kamida 100 grammdan olinishi lozim.
Olingan sutkalik namunalar kamida 24 h (soat) davomida maxsus sovitkichda yoki sovitkichning maxsus ajratilgan joyida +2 °C dan +6 °C gacha boʻlgan haroratda saqlanishi lozim.
37. Oziq-ovqat mahsulotlarini saqlashga moʻljallanmagan xonalarda ularni saqlashga yoʻl qoʻyilmaydi.
38. Oshxonalarda taomlar belgilangan talab va retseptlarga muvofiq tayyorlanishi, bunda qolgan ovqatlar yangi tayyorlanayotgan ovqatlarga qoʻshilmasligi kerak.
39. Goʻsht uchun moʻljallangan stolda parranda goʻshtiga ishlov berishda alohida kesuvchi jihozlardan foydalanish lozim.
Parranda goʻshtiga ishlov berish tugagach, stol yuzasi dezinfeksiya qilinishi kerak.
40. Issiq taomlarni tayyorlangan paytdan eʼtiboran 3 h (soat)dan koʻp boʻlmagan muddatda marmit yoki issiq plitada turishiga yoʻl qoʻyiladi. Gazaklar, sut, nordon sut mahsulotlari va ichimliklar sovitkichli vitrinaga qoʻyilishi va belgilangan yaroqlilik muddati davomida sotilishi lozim.
41. Issiq taomlar tayyorlanganidan keyin 3 h (soat)dan oshmagan muddat davomida marmit yoki issiq plitada saqlanishi mumkin.
Gazaklar, sut va sut mahsulotlari va ichimliklar esa sovitkichli vitrinada saqlanishi va belgilangan yaroqlilik muddati davomida sotilishi lozim.
42. Sogʻlom ovqatlanishni tashkil etish hamda ovqatdan zaharlanishlarning oldini olish uchun oshxonalarda savdosi cheklanadigan shirinliklar, yogʻli, xamir solingan oziq-ovqat mahsulotlari va taomlar, shuningdek odam sogʻligiga salbiy taʼsir koʻrsatuvchi boshqa turdagi mahsulotlarning roʻyxati tegishliligiga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi, uning hududiy boshqarmalari yoki tuman (shahar) boʻlimlari bilan kelishilgan holda davlat organlari tomonidan tasdiqlanadi.
8-bob. Oshxona xodimlariga qoʻyiladigan talablar
43. Oshxona xodimlari Xodimlarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom (roʻyxat raqami 2387, 2012-yil 29-avgust) asosida tibbiy koʻrikdan oʻtishlari lozim.
44. Oshxona maʼmuriyati xodimlar tanasining ochiq yuzalarida yiringli yaralar bor-yoʻqligini tekshirishlari va biror-bir kasallik alomatlari aniqlanganda, ushbu xodimlarni tibbiy xulosa olgunga qadar ishga qoʻymasligi lozim.
45. Ishlab chiqarish jarayonida bevosita ishtirok etuvchi xodimlar ish boshlashdan oldin quyidagilarni amalga oshirishlari shart:
zargarlik buyumlarini, soatlarni yechish;
sochlarni roʻmol yoki maxsus oʻrovchi qalpoq ostiga yigʻish;
toza ish kiyimlarini kiyish;
qoʻllarni iliq suvda sovun bilan yuvish va dezinfeksiyalovchi vositalar bilan ishlov berish, tirnoqlar olingan va lak surtilmagan boʻlishi kerak.
46. Qoʻllar quyidagi holatlarda yuvilishi zarur:
ishdagi har bir tanaffusdan keyin;
birinchi ish jarayonidan ikkinchi ish jarayoniga oʻtishda;
ifloslangan narsalarga tegilganda;
hojatxonaga borganda ikki marta (hojatxonaga borgandan soʻng va ish joyida bevosita ish boshlashdan avval).
47. Har bir ishlovchi xodim maxsus kiyimlar (xalat, maxsus oʻrovchi qalpoq, qoʻlqop) bilan taʼminlanishi va ular ifloslanganda yoki har smena yakunida almashtirilishi lozim.
48. Sanitariya kiyimlari ustidan ustki shaxsiy kiyimlarni kiyishga, sanitariya kiyimlarini shaxsiy ustki kiyimlar, buyumlar bilan birga saqlashga yoʻl qoʻyilmaydi.