“TASDIQLANGAN”
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki
Boshqaruvi tomonidan
02.09.2000-y. № 60-2
(№ 16/3 bayonnoma)
“OʻZBEKISTON RESPUBLIKASIDA NAQD PULSIZ HISOB- KITOBLAR TOʻGʻRISIDA”GI NIZOMGA
2-son qoʻshimcha
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2000-yil 16-sentabrda 496-2-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan]
Mazkur qoʻshimcha Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2002-yil 12-yanvardagi 1/4-sonli “Oʻzbekiston Respublikasida naqd pulsiz hisob-kitoblar toʻgʻrisida nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 1122, 15.04.2002-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Mazkur qoʻshimcha “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 3, 7 va 51 moddalariga va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Bank tizimini isloh qilish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2000-yil 24-martdagi 104-son qaroriga muvofiq kiritilyapti.
Oʻzbekiston Respublikasida naqdsiz hisob-kitoblar toʻgʻrisidagi nizomga (1998-yil 8-oktabr, 496-son) quyidagi qoʻshimchalar kiritilsin:
1. 1.9-bandda “cheklar bilan” soʻzlaridan keyin “va VIII boʻlimning 8.18-bandi bilan nazarda tutilgan hollarda plastik kartochkalar bilan” soʻzlari bilan toʻldirilsin.
2. 2.5-bandda “Bank-Mijoz” soʻzlaridan keyin “shuningdek, plastik kartochkalardan foydalangan holda tuzilgan elektron hujjatlarning” soʻzlari bilan toʻldirilsin.
3. 2.6-bandda “tijoriy bankning” soʻzlaridan keyin “shuningdek, plastik kartochkalardan foydalangan holda tuzilgan elektron hujjatlarning” soʻzlari bilan toʻldirilsin.
4. Nizom quyidagi mazmundagi VIII boʻlim bilan toʻldirilsin:
“VIII. Plastik kartochkalar bilan hisob-kitob qilish
8.1. Plastik kartochka (matn davomida — kartochka) bank tomonidan chiqarilgan boʻlib, oʻzida shaxslashtirilgan toʻlov vositasini ifoda etadi, kartochka egasining tegishli bankda hisobvaragʻi mavjud ekanligini tasdiqlaydi va naqd pul toʻlamagan holda chakana savdo tarmogʻida tovarlar yoki xizmatlarni sotib olish huquqini beradi.
8.2. Plastik kartochkada emitentni soʻzsiz identifikatsiya qiluvchi uning nomi va logotipi mavjud boʻlishi shart.
8.3. Kartochkalar jismoniy yuridik shaxslar va savdo yoki servis korxonalari oʻrtasida naqdsiz hisob-kitob qilishda, shuningdek, naqd pul berish punktlari (PVN) va bankomatlarda naqd pul mablagʻlari olishda qoʻllanadi.
8.4. Vakolatli banklar xalqaro plastik kartochkalarni chiqarishlari va xizmat koʻrsatishlari mumkin, bunda ular xalqaro toʻlov tizimlari bilan tuzilgan shartnomalarga va mazkur Nizomga muvofiq operatsiyalarni amalga oshirish qoidalariga rioya etishlari lozim.
8.5. Bank kartochka berishda mijozga uning arizasiga va shartnomaga asosan 20200 — “talab qilib olinadigan depozitlar” boʻlimining tegishli balans hisobvaragʻida alohida ikkilamchi hisobvaraq ochadi. Mijozning xohishiga koʻra jamgʻarmalarni yigʻish uchun 20400 — “Jamgʻarma depozitlari” tegishli balanslar hisobvaragʻida alohida shaxsiy hisobvaraq ochish mumkin. Banklar kartochkalarning turlari boʻyicha alohida shaxsiy hisobvaraqlar ochishlari mumkin.
8.6. Plastik kartochkalarga xizmat koʻrsatish shartnomasida quyidagilar mavjud boʻlishi shart:
taraflarning nomlari;
shartnoma predmeti;
taraflarning huquqlari va majburiyatlari;
taraflarning javobgarligi;
hisob-kitoblarni oʻtkazish shartlari;
shartnomaning amal qilish muddati va uni bekor qilish shartlari;
nizolarni hal etish shartlari;
taraflarning huquqiy manzillari.
8.7. Kartochkalar ularning mansubligiga koʻra shaxsiy, oilaviy va korporativ kartochkalarga boʻlinadi:
Shaxsiy kartochka, bu — jismoniy shaxsga berilgan kartochkadir.
Oilaviy kartochka, bu — shaxsiy kartochka egasining ishonchnomasi asosida foydalanuvchiga berilgan kartochkadir.
Korporativ kartochka, bu — yuridik shaxslarga xizmat koʻrsatish uchun moʻljallangan kartochkadir. Korporativ kartalardan ish haqi toʻlovlarini va ijtimoiy tusdagi boshqa toʻlovlarni toʻlash uchun, shuningdek, naqd pul mablagʻlarini toʻlash uchun foydalanish taqiqlanadi.
8.8. Amal qilish rejimiga koʻra kartochkalar quyidagi turlarga boʻlinadi:
debet kartochkasi — ushbu kartochkadan foydalanish uning egasiga emitent va mijoz oʻrtasidagi shartnoma shartlariga koʻra uning kartochka hisobvaragʻida mavjud boʻlgan pul mablagʻlarini tovarlar va xizmatlar haqini toʻlash uchun va/yoki naqd pul mablagʻlarini olish uchun (korporativ kartochkalar bundan mustasno) tasarruf etish imkonini beradi.
kredit kartochkasi ushbu kartochkadan foydalanishning uning egasiga emitent bilan tuzilgan shartnoma shartlariga koʻra emitent tomonidan taqdim etilgan kredit liniyasi miqdorida tovarlar va xizmatlar haqini toʻlash boʻyicha operatsiyalarni bajarish va/yoki plastik kartochkadagi mablagʻlar qoldigʻi chegarasida naqd pul mablagʻlarini olish (bundan korporativ kartochkalar mustasno) imkonini beradi.
elektron kissa — jismoniy shaxsning kartochkasi, undan foydalanish uning egasiga tovarlar va xarajatlar haqini toʻlashni amalga oshirish va/yoki plastik kartochkadagi mablagʻlar qoldigʻi chegarasida naqd pul mablagʻlarini olish imkonini beradi.
Bitta kartochkada bir nechta “elektron kissalar” joylanishi mumkin.
8.9. Shaxslashtirishda kartochkaga quyidagi majburiy rekvizitlar yozib qoʻyilishi shart:
identifikatsiyalash maʼlumotlari (kartaning raqami va turkumi va boshqalar);
emitent bankning kodi;
hisobvaraq raqami va kartochka egasining ism-sharifi (tashkilotning nomi);
kartochkaning amal qilish muddati.
Kartochkada bir nechta kissalar mavjud boʻlgan holda identifikatsiya maʼlumotlari har bir kissani soʻzsiz identifikatsiyalashi kerak. Koʻrsatib oʻtilgan rekvizitlardan tashqari kartochkaga operatsiyalar va hisoblarni bajarish uchun zarur boʻlgan qoʻshimcha maʼlumotlar ham kiritilishi mumkin.
8.10. Takroran shaxslashtiriladigan, qaytarilgan kartochkalarni hisobga olish 93609 “saqlanishdagi qimmatliklar” koʻzda tutilmagan vaziyatlar hisobining alohida hisobvaraqlarida yuritiladi.
8.11. Plastik kartochkalarni qoʻllab bajariladigan operatsiyalar hujjatlarning qogʻoz tashuvchilarda (slip, elektron terminal kvitansiyasi) va/yoki elektron shaklda (terminalning yoki bankomatning elektron jurnalidagi hujjat), shuningdek, hisob-kitoblar qatnashchilari oʻrtasida tuzilgan shartnomalarda koʻzda tutilgan boshqa hujjatlar (bankomat kvitansiyasi va boshqalar) majburiy tuzilishini koʻzda tutiladi.
8.12. Kvitansiyalar tranzaksiyalarni qoʻlda tiklash uchun barcha zarur axborotlarga ega boʻlishi kerak.
8.13. Hujjatlar hisob-kitoblarda qatnashuvchi taraflarning hammasi uchun zarur nusxalar miqdorida tuziladi.
8.14. Plastik kartochkalarni qoʻllagan holda operatsiyalarni bajarishda tuzilgan hujjatlar rekvizitlari taraflar tomonidan kelishilgan, plastik kartochkalar rekvizitlari va kartochka egalarining bank hisobavaraqlari, shuningdek, korxonalar, naqd pullarni berish punktlari, bankomatlar identifikatorlari va korxona bank hisobvaraqlari oʻrtasidagi muvofiqlikni ishonchli tarzda aniqlashga imkon beruvchi belgilarga ega boʻlishi shart.
8.15. Elektron hujjatlar shartnomada kelishilgan davriylikda ekvayer bank, emitent bank yoki kliring markaziga yuboriladi.
8.16. Kartochkalar boʻyicha bir bank boʻlinmalari oʻrtasidagi hisob-kitoblar texnologiyasi bosh bank tomonidan oʻz imkoniyatlari va foydalaniladigan kartochka turidan kelib chiqib mustaqil tarzda belgilanadi.
8.17. Kartochkalar boʻyicha banklararo hisob-kitoblar texnologiyasi quyidagi variantlarni koʻzda tutadi:
1) Hisob-kitoblarni amaldagi elektron toʻlovlar tizimi (sep) orqali yalpi asosda oʻtkazish;
2) Hisob-kitoblarning hisob-kitoblar qatnashchilari tomonidan tashkil etilgan protsessing markazlari orqali, oʻzaro majburiyatlar natijalarini majburiy hisob-kitob qilish va tijorat banklarining korrespondentlik hisobvaraqlari orqali oʻzaro yakuniy hisob-kitoblar summasini oʻtkazishni kun davomida amalga oshirish
8.18. Plastik kartochkalarni qoʻllab sep orqali amalga oshirilgan operatsiyalar boʻyicha yalpi hisob-kitoblar quyidagi tartibda bajariladi:
1) Avtorizatsiyalamagan holda emitent bank tomonidan hisob-kitob qilinganda:
Ekvayer bank xizmat koʻrsatiladigan savdo va servis korxonasidan olingan, kartochkani qoʻllash bilan tuzilgan elektron hujjatlar asosida uning hisobvaragʻiga mablagʻlarni yozib oʻtkazishni amalga oshiradi, bunda oʻz-oʻzidan elektron debet memorial orderi shakllanadi, u elektron toʻlovlar tizimi boʻyicha emitent bankka joʻnatiladi;
Emitent bankda, olingan elektron debet memorial orderi asosida dasturiy ravishda mablagʻlarning mijozning kartochka hisobvaragʻidan chiqarilishi amalga oshiriladi. Elektron debet memorial orderi bosmadan chiqariladi va kundalik hujjatlarga tikib qoʻyiladi.
2) Emitent bank tomonidan oldindan majburiy avtorizatsiya qilingan hisob-kitoblarda:
Ekvayer bankda xizmat koʻrsatiladigan savdo va servis korxonasidan olingan, kartochkani qoʻllash bilan tuzilgan elektron hujjatlar asosida, foydalaniladigan texnologiya qoidalariga muvofiq oʻz-oʻzidan elektron maʼlumot shakllanadi, u sep orqali emitent bankka provodkalarni avtorizatsiyalash va amalga oshirish uchun joʻnatiladi.
Emitent bank olingan elektron maʼlumot asosida tranzaksiyani avtorizatsiyalashni oʻtkazadi, mijozning kartochka hisobvaragʻidan mablagʻlarni chiqarishga elektron memorial orderni oʻz-oʻzidan shakllantiradi, u elektron toʻlovlar tizimi orqali savdo yoki servis korxonasining talab qilib olinadigan depozit hisobvaragʻiga mablagʻlarni hisobga qoʻyish uchun ekvayer bankka joʻnatiladi.
Ekvayer bankda emitent bankdan olingan elektron memorial order asosida mablagʻlarni savdo yoki servis korxonasining talab qilib olinadigan depozit hisobvaragʻiga yozib qoʻyish amalga oshiriladi. Memorial order bosmadan chiqarilib bankning kundalik hujjatlariga tikib qoʻyiladi.
8.19. Hisob-kitoblarni protsessing markazlari orqali oʻtkazish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
kun davomida kartochkalar boʻyicha barcha tranzaksiyalar protsessing markazlar orqali hisob-kitob qatnashchilari tomonidan tasdiqlangan tartibda oʻtkaziladi va har bir bank — hisob-kitoblar ishtirokchisi uchun ochilgan alohida shaxsiy hisobvaraqlarda qayd etiladi;
hisob-kitoblar qatnashchilarining kelishib olishi boʻyicha yakuniy summalar tijorat banklarining markaziy bank hisob-kitoblar markazlarida ochilgan korrespondentlik hisobvaraqlari orqali shartnomada kelishilgan davriylikda oʻtkaziladi;
protsessing markazidan olingan axborot asosida banklar kartochkalarni qoʻllagan holda amalga oshirilgan operatsiyalar boʻyicha mablagʻlarni mijozlarning hisobvaraqlariga hisobga qoʻyish yoki hisobdan chiqarishni amalga oshiradilar”.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bank Boshqaruvi raisi F. MULLAJONOV