O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga mahallalarda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish tizimi natijadorligini yanada oshirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida
Mahallalarda xavfsiz muhit yaratish bo‘yicha tashkiliy-profilaktik tadbirlar samaradorligini yanada oshirish, ijtimoiy profilaktika tadbirlarini amalga oshiruvchi subyektlarning shaxsiy javobgarligini kuchaytirish, kriminogen vaziyati murakkab mahallalarda alohida yondashuv asosida manzilli ishlash mexanizmlarini joriy etish maqsadida qaror qilaman:
I. Asosiy maqsadlar
1. Quyidagilar ushbu qarorni qabul qilishdan ko‘zlangan asosiy maqsadlar etib belgilansin:
(a) oxirgi besh yil davomida kriminogen vaziyati murakkab bo‘lgan “qizil” toifaga kiritilgan mahallalarda joriy yil yakuniga qadar alohida tashkiliy-profilaktik tadbirlarni o‘tkazish orqali xavfsiz muhitni yaratish;
(b) kriminogen vaziyati murakkab mahallalarni sun’iy intellektda ishlovchi maxsus dasturiy ta’minotga integratsiya qilingan zamonaviy kuzatuv kameralari bilan to‘liq qamrab olish;
(v) joriy yil yakuniga qadar jismoniy shaxslar mol-mulkini texnik qo‘riqlash qamrovini 30 foizga, yuridik shaxslar mol-mulkini qo‘riqlash qamrovini esa 60 foizga yetkazish;
(g) kriminogen vaziyati murakkab mahallalarda manzilli tadbirlarning natijadorligini ta’minlashda mahalliy hokimliklar, davlat organlari va tashkilotlar, ta’lim va ilmiy muassasalar rahbarlarining shaxsiy mas’uliyatini oshirish.
II. Tashkiliy-profilaktik tadbirlar samaradorligini yanada oshirish
2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga ilovaga muvofiq quyidagilarni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin:
(a) oxirgi besh yil davomida kriminogen vaziyati murakkab bo‘lgan “qizil” toifaga kiritilgan mahallalarda jinoyatlarning oldini olish bo‘yicha alohida yondashuv asosida manzilli ishlash mexanizmlarini ko‘zda tutuvchi konsepsiyani tasdiqlash hamda uni tatbiq etish orqali tashkiliy-profilaktik tadbirlar olib borish tizimini yo‘lga qo‘yish;
(b) kriminogen vaziyati murakkab va og‘ir mahallalarda nomma-nom biriktirilgan mas’ul rahbarlar tomonidan tashkil etiladigan “namunali xavfsiz ko‘cha” va “namunali xavfsiz uy” loyihalariga qo‘yiladigan namunaviy talablarni tasdiqlash;
(v) ichki ishlar organlarida yuqori malakali kadrlar zaxirasini shakllantirish maqsadida Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida masofaviy ta’lim shaklini joriy etish hamda bakalavriat dasturi bo‘yicha qabul kvotalarini bosqichma-bosqich oshirish.
III. Qaror ijrosini samarali tashkil etishda mahalliy hokimliklar, davlat organlari va tashkilotlar rahbarlarining shaxsiy mas’uliyatini oshirish
3. Kriminogen vaziyati murakkab mahallalarda jinoyatlarning oldini olishga qaratilgan konsepsiyani to‘laqonli joriy etish bo‘yicha quyidagilarga shaxsiy javobgarlik yuklansin hamda ular joylarda ishlarni samarali yo‘lga qo‘yish zarurligi yuzasidan qat’iy ogohlantirilsin:
(a) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari har bir kriminogen vaziyati murakkab mahalla kesimida oylik “yo‘l xaritalari” manzilli ishlab chiqilishiga, ijrosi ta’minlanishiga hamda mahallalarda “namunaviy xavfsiz ko‘cha” va “namunaviy xavfsiz uy” loyihalari amalga oshirilishiga;
(b) Bosh prokuratura (B. Valiyev), Ichki ishlar vazirligi (A. Raxmatullayev, B. Abdullayev), viloyat va tumanlar darajasidagi barcha mas’ul rahbarlar kriminogen vaziyati murakkab mahallalarda samarali ijtimoiy profilaktika tizimi yo‘lga qo‘yilishiga va belgilangan manzilli chora-tadbirlar to‘laqonli bajarilishiga;
(v) O‘zbekiston Respublikasi Kriminologiya tadqiqot instituti, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Toshkent davlat yuridik universiteti va Jamoat xavfsizligi universitetining birinchi rahbarlari “ilmiy xulosa — tavsiya — natija” tamoyili asosida biriktirilgan kriminogen vaziyati murakkab mahallalarda xavfsiz hudud yaratilishiga.
4. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib Bosh prokuror N. Yo‘ldoshev hamda ichki ishlar vaziri A. Tashpulatov belgilansin.
5. Qaror ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi departamenti boshlig‘i D.B. Kadirov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 18-avgust,
PQ-253-son
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 18-avgustdagi PQ-253-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 12-apreldagi PQ-2883-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi to‘g‘risidagi nizomning 11-bandida:
(a) quyidagi mazmundagi o‘n to‘rtinchi xatboshi bilan to‘ldirilsin:
“Vazirlik tasarrufidagi ta’lim tashkilotlarining o‘quv jarayonini belgilaydi”;
(b) o‘n to‘rtinchi — o‘n yettinchi xatboshilar tegishincha o‘n beshinchi — o‘n sakkizinchi xatboshilar deb hisoblansin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 16-avgustdagi “Ichki ishlar organlari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3216-son qarorida:
(a) 2-bandning uchinchi va to‘rtinchi xatboshilari quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“2025/2026 o‘quv yilidan boshlab Akademiyada ichki ishlar organlarida kamida uch yillik ish stajiga ega bo‘lgan ichki ishlar organlari xodimlari uchun masofaviy ta’lim shakli joriy etilib, unda o‘qitish muddati oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan shaxslar uchun to‘rt yil, oliy ma’lumotga ega bo‘lgan shaxslar uchun to‘lov-kontrakt asosida uch yilni tashkil etadi;
Akademiya kunduzgi ta’lim shakliga har yilgi qabul kvotasi 2025/2026 o‘quv yilidan 900 kishini, 2026/2027-yildan boshlab 1 100 kishini, masofaviy ta’lim shakliga esa 400 nafar ichki ishlar organlari xodimlarini tashkil etadi”;
(b) 6-bandning o‘ninchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Akademiyaning bakalavriat dasturi bo‘yicha kunduzgi ta’lim shakliga qabul kvotasining 80 foizi bo‘yicha qabul faqat idoraviy akademik litseylar, harbiy akademik litseylar bitiruvchilari, shuningdek, ichki ishlar organlari xodimlari orasidan amalga oshiriladi (“Raqamli texnologiyalar sohasida jinoyatlarga qarshi kurashish faoliyati” ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha qabul bundan mustasno)”;
(v) 8-banddagi “sirtqi” so‘zi “masofaviy” so‘zi bilan almashtirilsin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 29-noyabrdagi PQ-3413-son qarori bilan tasdiqlangan Ichki ishlar organlarida xizmatni o‘tash tartibi to‘g‘risidagi nizomda:
(a) 6-bandning uchinchi xatboshisidagi “sirtqi” va “kasb-hunar” so‘zlari tegishincha “masofaviy” va “professional ta’lim olgan” so‘zlari bilan almashtirilsin;
(b) 15-bandning beshinchi xatboshisi “nomzodlar” so‘zidan keyin (shu jumladan, “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida dasturni muvaffaqiyatli tamomlagan va bitiruvchi sertifikatini olgan nomzodlar)” so‘zlari bilan to‘ldirilsin;
(v) 17-band quyidagi mazmundagi uchinchi xatboshi bilan to‘ldirilsin:
“Bunda xodimlarni tegishli lavozimga tayinlash territorial va eksterritorial tamoyillar asosida amalga oshirilishi mumkin”;
(g) 75-band “roziligiga yoxud” so‘zlaridan keyin “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi farmoyishiga yoki” so‘zlari bilan to‘ldirilsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 15-apreldagi “Ichki ishlar organlari uchun professional kadrlarni tayyorlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-5076-son qarorida:
(a) 1-bandning to‘rtinchi xatboshisidagi, 7-bandning beshinchi xatboshisidagi, 9-band “a” kichik bandining to‘rtinchi xatboshisidagi “sirtqi” so‘zi “masofaviy” so‘zi bilan almashtirilsin;
(b) 7-bandda:
(i) quyidagi mazmundagi uchinchi va to‘rtinchi xatboshilar bilan to‘ldirilsin:
“Bir million dasturchi” loyihasi doirasida dasturni muvaffaqiyatli tamomlagan va bitiruvchi sertifikatini olgan Akademiyaning “Raqamli texnologiyalar sohasida jinoyatlarga qarshi kurashish faoliyati” ta’lim yo‘nalishiga o‘qishga kirayotgan nomzodlarga matematika, informatika va axborot texnologiyalari fanlari bo‘yicha to‘planishi mumkin bo‘lgan eng yuqori ballning 30 foizi miqdorda qo‘shimcha ball beriladi. Eng yuqori ball to‘plagan 5 nafar nomzod mazkur yo‘nalishning 2-bosqichiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri qabul qilinadi;
“Bir million dasturchi” loyihasi bitiruvchilariga Akademiyaning “Raqamli texnologiyalar sohasida jinoyatlarga qarshi kurashish faoliyati” ta’lim yo‘nalishiga o‘qishga kirish uchun imtiyozlar beradigan sertifikatlar turi va darajalari ichki ishlar vaziri tomonidan belgilanadi”;
(ii) uchinchi — beshinchi xatboshilar tegishincha beshinchi — yettinchi xatboshilar deb hisoblansin;
(v) 1-ilovaning “Ta’lim shakli” ustuni 3-pozitsiyasidagi “sirtqi” so‘zi “masofaviy” so‘zi bilan almashtirilsin;
(g) 3-ilovaning “O‘qitish shakli va muddati” ustunida “Ofitserlar tarkibi” bo‘limidagi “sirtqi” so‘zi “masofaviy” so‘zi bilan almashtirilsin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 20-yanvardagi “Ichki ishlar organlarini xalqchil professional tuzilmaga aylantirish va aholi bilan yanada yaqin hamkorlikda ishlashga yo‘naltirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-10-son qarorining 3-bandida:
(a) uchinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
(b) to‘rtinchi — sakkizinchi xatboshilar tegishlicha uchinchi — yettinchi xatboshilar deb hisoblansin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-yanvardagi “2025-yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-1-son qarorida:
(a) 2-bandda:
(i) quyidagi mazmundagi oltinchi xatboshi bilan to‘ldirilsin:
“Kriminogen vaziyati murakkab mahallalarda jinoyatlarning oldini olish bo‘yicha manzilli choralar konsepsiyasi (keyingi o‘rinlarda — Konsepsiya) 5-ilovaga muvofiq”;
(ii) oltinchi — to‘qqizinchi xatboshilar tegishincha yettinchi — o‘ninchi xatboshilar deb hisoblansin;
(iii) yettinchi xatboshidagi “5” soni “6” soni bilan almashtirilsin;
(iv) to‘qqizinchi va o‘ninchi xatboshilar “Dastur” so‘zidan keyin “, Konsepsiya” so‘zi bilan to‘ldirilsin;
(b) 3-bandda:
(i) birinchi xatboshidagi “6” soni “7” soni bilan almashtirilsin;
(ii) uchinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“kriminogen vaziyati murakkab yoki og‘ir bo‘lgan mahallarda jinoyatlar sodir etilishiga ta’sir qilayotgan asl omillarni o‘rganish hamda ularning xususiyatlaridan kelib chiqib, manzilli tashkiliy-profilaktika tizimini yo‘lga qo‘yishga qaratilgan ilmiy asoslantirilgan takliflarni 2025-yilning har choragi uchun ishlab chiqiladigan hududiy “yo‘l xaritalari”ga kiritish”;
(v) 4-bandda:
(i) birinchi va to‘rtinchi xatboshilar “Dastur” so‘zidan keyin “, Konsepsiya” so‘zi bilan to‘ldirilsin;
(ii) beshinchi xatboshi “og‘ir” so‘zidan keyin “, murakkab” so‘zi bilan to‘ldirilsin;
(g) 5-bandda:
(i) birinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“5. Belgilansinki, kriminogen vaziyati murakkab yoki og‘ir mahallalarda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish bo‘yicha samarali tizimni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan manzilli ishlarni tashkil etish maqsadida barcha tuman (shahar) hokimlari hamda tegishli huquq-tartibot idoralari rahbarlariga (keyingi o‘rinda — mas’ul rahbarlar) 2025-yilda mahallalar nomma-nom biriktiriladi”;
(ii) to‘rtinchi xatboshi “og‘ir” so‘zidan keyin “va murakkab” so‘zlari bilan to‘ldirilsin;
(d) 6-bandda:
(i) “g” va “d” kichik bandlarda “og‘ir” so‘zidan keyin “va murakkab” so‘zlari bilan to‘ldirilsin;
(ii) “d” kichik bandning uchinchi xatboshisidagi “Milliy gvardiya” so‘zlari “ichki ishlar organlari” so‘zlari bilan almashtirilsin;
(j) 8-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“8. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari har oyda hududiy “yo‘l xaritalari”da belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan har bir tuman (shahar)ning kriminogen vaziyati murakkab va og‘ir mahallalarida 8-ilovaga muvofiq namunaviy talablar asosida kamida ikkitadan “namunali xavfsiz ko‘cha” va “namunali xavfsiz uy” tashkil etish choralarini ko‘rsin”;
(z) 11-bandda “7” soni “9” soni bilan almashtirilsin;
(i) quyidagi mazmundagi 5 va 8-ilovalar bilan to‘ldirilsin:
“O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-yanvardagi PQ-1-son qaroriga
5-ILOVA
5-ILOVA
Kriminogen vaziyati murakkab mahallalarda jinoyatlarning oldini olish bo‘yicha manzilli choralar
KONSEPSIYASI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Kriminogen vaziyati murakkab mahallalarda jinoyatlarning oldini olish bo‘yicha manzilli choralar konsepsiyasi (keyingi o‘rinlarda — Konsepsiya) oxirgi besh yil davomida kriminogen vaziyati bo‘yicha “qizil” toifada turgan mahallalarda (keyingi o‘rinlarda — mahallalar), ya’ni murakkab mahallalarda huquqbuzarliklarning oldini olish, jamoat xavfsizligini ta’minlash va xavfsiz muhitni yaratish sohasidagi davlat mas’ul organlari faoliyatining ustuvor yo‘nalishlarini va bu borada amalga oshiriladigan ishlar bo‘yicha alohida mexanizmlarni belgilaydi.
2. Mahallalarda alohida tashkiliy-profilaktik tadbirlar hamda manzilli choralar bilan ilmiy-amaliy yondashuvlarni uyg‘unlashtirgan holda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish va pirovardida xavfsiz muhitni yaratish Konsepsiyaning asosiy maqsadi hisoblanadi.
3. Mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish manzilli profilaktik tadbirlarning ustuvorligi, qonuniylik, “xonadonbay” va “fuqarobay” maqsadli ishlash hamda ilmiy-amaliy yondashuvlar joriy etilishi kabi asosiy tamoyillarga tayangan holda amalga oshiriladi.
4. Bosh prokurorning va ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosarlari, hududiy ichki ishlar organlari boshliqlari va prokurorlari, O‘zbekiston Respublikasi Kriminologiya tadqiqot instituti, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Toshkent davlat yuridik universiteti va Jamoat xavfsizligi universiteti (keyingi o‘rinlarda — ta’lim tashkilotlari) rahbarlari, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi hamda viloyat va tuman (shahar) hokimlari Konsepsiya ijrosi uchun shaxsan mas’ul hisoblanadi.
5. Konsepsiya doirasida belgilangan manzilli tadbirlar mas’ul davlat organlari tomonidan jamoat birlashmalari, fuqarolar hamda ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.
6. Mahallalardagi kriminogen vaziyatga salbiy ta’sir ko‘rsatib kelayotgan asosiy omillar quyidagilar hisoblanadi:
“mahalla yettiligi”ning ijtimoiy profilaktika obyektlari va alohida toifadagi shaxslar (huquqbuzarliklardan jabrlanish ehtimoli bor shaxslar, ichki ishlar organlari hisobida turuvchi shaxslar) bilan olib borayotgan profilaktik tadbirlari natijadorligining pastligi;
“mahalla yettiligi” vakillarining ijtimoiy profilaktikaga oid vazifalarni bajarish uchun bilimi, tajribasi va mahorati yetarli emasligi, profilaktika inspektorlarining xizmat yuklamasining yuqoriligi;
“mahalla yettiligi” faoliyatini tashkil qilish, boshqarish va muvofiqlashtirishdagi tizimli muammolar, kadrlar salohiyatining pastligi va kadrlar qo‘nimsizligi;
mahallada ishsizlik va kambag‘allik darajasi yuqoriligi, bu borada tizimli ishlar talab darajasida tashkil etilmaganligi;
mahalladagi jismoniy va yuridik shaxslarning mol-mulki qo‘riqlovi darajasining pastligi;
mahallalar hududidagi davlat va nodavlat idora va tashkilotlar, savdo va bozor majmualari atrofida, shuningdek, jamoat joylari va aholi gavjum joylarda huquq-tartibot tizimining kuch va vositalarining yetarli emasligi;
mahallalarda atrof-muhitni loyihalashtirish orqali jinoyatlarning oldini olish bo‘yicha ilg‘or xorijiy tajribalar tatbiq etilmaganligi, “namunaviy xavfsiz ko‘cha” va “namunaviy xavfsiz yo‘lak”lar turli yondashuvlar asosida tashkil etilayotganligi;
yirik shahar markazlaridagi ichki migratsiya jarayonlari to‘liq nazoratga olinmaganligi hamda tuman (shahar) markazlaridagi bozor atrofidagi noqonuniy savdo rastalari va avtoturargohlarni tartibga solish choralari ko‘rilmayotganligi;
mahallalarda jinoyatchilikni jilovlash va uning barvaqt oldini olish chora-tadbirlari ilmiy-amaliy yondashuv asosida yetarli darajada tashkil etilmagani;
aholining huquqiy ongi va madaniyatini oshirish, ma’naviy-axloqiy fazilatlarini yuksaltirish va tarbiyalashga qaratilgan targ‘ibot-tashviqot tadbirlarining ta’sirchan emasligi.
7. Mahallalarda jinoyatchilikni jilovlash va xavfsiz muhitni yaratish borasidagi faoliyatning ustuvor yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:
mahallalarda huquq-tartibot idoralari tomonidan kuch va vositalarni taqsimlash, boshqarish (muvofiqlashtirish)ning yangi tizimini joriy etish;
mahallalarda ijtimoiy profilaktika tizimi ta’sirchanligi va natijadorligini oshirish borasida manzilli tadbirlarni uyg‘unlikda amalga oshirish;
alohida toifadagi shaxslar (voyaga yetmaganlar, yoshlar, ayollar, ishsizlar, muqaddam sudlanganlar, probatsiya hisobida turganlar va boshqalar) bilan manzilli, ta’sirchan ishlarni tizimli tashkil qilish;
mahallalarda jismoniy va yuridik shaxslar mol-mulkini qo‘riqlash qamrovini izchil oshirib borish;
innovatsion va raqamli texnologiyalarni keng joriy qilish, CPTED (Crime Prevention Through Environmental Design — atrof-muhitni loyihalash orqali jinoyatlarning oldini olish) konsepsiyasi asosida mahallalarda “namunali xavfsiz ko‘cha” va “namunali xavfsiz uy” loyihalarini tashkil etish;
mahallalarda aholining huquqiy ongini oshirish, sport va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, huquqbuzarliklarga murosasizlik muhitini yaratishda ijtimoiy hamkorlikni rivojlantirish;
mahalladagi jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning asl omillarini tizimli ravishda ilmiy yondashgan holda ta’lim muassasalari tomonidan o‘rganib borish.
2-bob. Konsepsiyani amalga oshirish mexanizmlari
8. Konsepsiyani amalga oshirish mexanizmlari quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
a) mahallalarda huquq-tartibot idoralari tomonidan kuch va vositalarni taqsimlash, boshqarish (muvofiqlashtirish)ning yangi tizimini joriy etish. Bunda:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari hududiy ichki ishlar organlari boshliqlari va prokurorlari hamda biriktirilgan ta’lim muassasasi rahbari bilan birgalikda Konsepsiyaga asosan har bir mahalla kesimida alohida oylik “yo‘l xaritalari”ni (tuman va mahalla kesimida) tasdiqlab, ijroga qaratishni ta’minlaydi;
mahallalarga viloyat darajasidagi prokurorning va ichki ishlar organi boshlig‘ining o‘rinbosarlari hamda tegishincha tarmoq va sohaviy xizmat rahbarlari nomma-nom biriktirilib, haftada uch kun ularning ishi bevosita ushbu mahallalarda tashkil etiladi, samaradorlik indikatori yuritiladi va har oyda faoliyatni baholab borish yo‘lga qo‘yiladi;
tuman (shahar) ichki ishlar organi boshlig‘i va prokurorning xizmat xonasi 2025-yil yakuniga qadar bevosita mahallada tashkil etilib, kundalik ishining boshlanishi va yakuni aynan o‘sha yerda amalga oshiriladi;
viloyat hokimliklari mahallalarda huquqbuzarlik sodir etish ehtimoli yuqori bo‘lgan shaxslarning ijtimoiy-maishiy muammolarini tuman (shahar) ichki ishlar organlari xulosalariga asosan tezkorlik bilan hal qilish uchun shaxsan mas’ul hisoblanadi va tegishli manzilli choralarni ko‘radi;
mahallalarda ichki ishlar organlarining kechayu-kunduz xizmatini hamda kuch-vositalarning tezkor harakatlanishini ta’minlash maqsadida kamida 2 nafar, vaziyatdan kelib chiqib 3 nafargacha profilaktika inspektorlari (shundan bittasi profilaktika katta inspektori) shtati tashkil etiladi, kamida 2 nafardan iborat patrul-post xizmati naryadlarining xizmati yo‘lga qo‘yiladi hamda tezkor xodim biriktiriladi;
mahallalarda bosqichma-bosqich mahalla huquq-tartibot maskanlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi;
mahallalarda profilaktika katta inspektori lavozimlarida profilaktika sohasida ko‘p yillik amaliy ish tajribasiga ega bo‘lgan xodimlar xizmat o‘tashi yo‘lga qo‘yiladi;
har hafta payshanba — “huquqbuzarliklar profilaktikasi kuni”da mahallalarga biriktirilgan viloyat darajasidagi ichki ishlar organi mas’ul rahbarlari profilaktika katta inspektorlari bilan birga ularning vazifasini bajaradi (amaliy mahoratini ko‘rsatadi);
b) mahallalarda ijtimoiy profilaktika tizimi ta’sirchanligi va natijadorligini oshirish borasida manzilli tadbirlarni uyg‘unlikda amalga oshirish. Unga ko‘ra:
profilaktika katta inspektorlari boshchiligida “mahalla yettiligi” tomonidan mahallalarda ta’lim muassasalari tomonidan taqdim etilgan alohida metodika asosida ijtimoiy profilaktika obyektlariga aniqlik kiritiladi;
huquqbuzarliklar sodir bo‘lish ehtimoli yuqori bo‘lgan joy (obyekt)lar, shuningdek, huquqbuzarlik sodir qilish yoki jinoyat qurboniga aylanish ehtimoli yuqori bo‘lgan shaxslar bo‘yicha “mahalla yettiligi” a’zolari nomma-nom taqsimlanadi (javobgarlik hududi va shaxslar biriktiriladi);
viloyat va tuman darajasida biriktirilgan mas’ul rahbarlar mahallalar uchun tasdiqlangan “yo‘l xarita”larning natijadorligi bo‘yicha joyiga chiqqan holda haftalik so‘rovni amalga oshiradi;
mahallalarda sodir etilgan jinoyatlar mahallaga biriktirilgan mas’ul tomonidan mahalla aholisi o‘rtasida, shuningdek, sud hukmi chiqqandan so‘ng jinoyat sodir qilgan shaxsning yashash ko‘chasida (mahallasida) muhokama qilinadi;
tuman (shahar) xalq deputatlari har oyda joyiga chiqqan holda mahallalarga biriktirilgan mas’ul rahbarlarning jinoyatchilikning oldini olish va mahallada kriminogen vaziyatni yaxshilash borasida olib borayotgan ishlari yuzasidan hisobotini eshitib, ularning faoliyatiga baho beradi va amaliy jihatdan ko‘maklashadi;
tuman (shahar) xalq deputatlari tomonidan mahallada sodir etilgan jinoyatlarning asl omillari aynan “mahalla yettiligi”ning faoliyatiga yoxud boshqa davlat organlari mutasaddilarining faoliyatiga taalluqliligi bo‘yicha xulosalar tayyorlanadi va ta’sir choralari to‘g‘risida taklif kiritiladi;
mahalla raisi, xotin-qizlar faoli va yoshlar yetakchilariga ijtimoiy profilaktika tadbirlarining natijadorligi bo‘yicha samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) asosida qo‘shimcha haq to‘lash amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi;
v) alohida toifadagi shaxslar (voyaga yetmaganlar, yoshlar, ayollar, ishsizlar, muqaddam sudlanganlar, probatsiya hisobida turganlar va boshqalar) bilan manzilli, ta’sirchan ishlarni tizimli tashkil qilish. Bunda:
ijtimoiy profilaktika obyektlari, ayniqsa, oila-turmush doirasida huquqbuzarliklar sodir etuvchi shaxslarning (janjalkash va nizoli oilalar) holidan majburiy ravishda kamida har uch kunda xabar olish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi;
adliya organlari tomonidan fuqarolik va jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarda nizolashayotgan oilalarga huquqiy maslahatlar berib borish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi;
tajriba tariqasida ijtimoiy profilaktika obyektlari holidan xabar olish tizimining ta’sirchanligini oshirish uchun “mahalla yettiligi”ning elektron planshetlari orqali ijtimoiy profilaktika obyektlarini biometrik identifikatsiya qilish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi;
voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilishi mumkin bo‘lgan huquqbuzarliklarning profilaktikasini samarali tashkil etish maqsadida ichki ishlar organlari voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha inspektor-psixologlar huquqbuzarliklar sodir etish ehtimoli yuqori bo‘lgan o‘quvchilarni aniqlash va ular bilan manzilli ishlashni tashkil etish faoliyatini “mahalla yettiligi” bilan birgalikda har oy yakunida muhokama etib boradi;
mahallalarda “mahalla yettiligi” vakillarining kasbiy mahoratini oshirish borasida biriktirilgan ta’lim tashkilotlari, adliya organlari rahbarlari tomondan amaliy mahorat darslari (master-klass) o‘tkaziladi;
Kriminologiya tadqiqot instituti tomonidan O‘zbekiston mahallalari uyushmasi mablag‘lari hisobidan malakali xodimlar hamda kriminolog olimlar jalb qilingan holda mahallalar kesimida maqsadli ilmiy-amaliy tadqiqotlar o‘tkaziladi;
g) mahallalarda jismoniy va yuridik shaxslar mol-mulkini qo‘riqlash qamrovini izchil oshirib borish. Bunda:
ichki ishlar organlari qo‘riqlash xizmatining xizmat ko‘rsatish tasdiqlangan tariflari asosida jismoniy va yuridik shaxslarning mol-mulkini qo‘riqlashni yangi mexanizmlar asosida amalga oshirish choralari ko‘riladi;
bozorlar, savdo markazlari, avtoshohbekatlar, metroning aholi gavjum bo‘lgan bekatlari va istirohat bog‘lari, restoranlar, kafe, bar va boshqa ko‘ngilochar maskanlar, shuningdek, bo‘sh turgan xonadonlar uchun qo‘riqlash xizmatidan foydalanish majburiy qilib belgilanadi;
tuman (shahar) markazidan uzoqda joylashgan hududlarda mahalladagi kriminogen vaziyat barqaror bo‘lgunga qadar viloyatning mahalliy budjeti hisobidan majburiy qo‘riqlash-patrul guruhini tashkil etish choralari ko‘riladi;
d) innovatsion va raqamli texnologiyalarni keng joriy qilish, atrof-muhitni loyihalashtirish orqali jinoyatchilikning oldini olish konsepsiyasi asosida mahallalarda “namunali xavfsiz ko‘cha” va “namunali xavfsiz uy” loyihalarini tashkil etish. Bunda:
“Xavfsiz shahar” yagona integratsiyalashgan tizimlarini yaratish va rivojlantirish konsepsiyasi doirasida mahallalar hududi tungi yoritqichlar va kuzatuv kameralari hamda sun’iy intellekt bilan ishlovchi maxsus dasturiy ta’minot bilan to‘liq qamrab olinadi;
mahallaning kirib-chiqish joylari mahalliy budjet hamda boshqaruv servis kompaniyalari hisobidan intellektual videokameralar bilan jihozlanib, hududiy ichki ishlar organlari hamda profilaktika katta inspektori xizmat planshetiga integratsiya qilinadi;
mahallalarda jamoat tartibini saqlash va huquqbuzarliklarning oldini olish faoliyatida uchuvchisiz uchish apparatlaridan foydalanish yo‘lga qo‘yiladi;
CPTED konsepsiyasining milliy standartlari ishlab chiqiladi va shaharsozlik qoidalari hamda normalariga tatbiq etiladi, xususan, atrof-muhitni loyihalash, turarjoylar, bino-inshootlar, bozorlar, savdo majmualari, bog‘ va boshqa jamoat joylarini qurishda yangi standartlarga rioya etiladi;
mahalladagi jamoat joylari, ko‘p qavatli turarjoy va uylar oldi (yo‘laklar)da “tashvish” tugmalari o‘rnatiladi va ularga xizmat ko‘rsatish mahalliy budjet hamda boshqaruv servis kompaniyalari hisobidan moliyalashtiriladi;
mahallalar hududidagi davlat va nodavlat idora va tashkilotlar, bank, savdo va bozor majmualari atrofida, metroning aholi gavjum bekatlari va avtoturargohlarda jinoyatdan jabrlanish ehtimolini oldini olish bo‘yicha tashkilot va idoralar mas’ul rahbarlariga shaxsiy javobgarlik belgilanadi;
j) mahallalarda aholining huquqiy ongini oshirish, sport va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, huquqbuzarliklarga murosasizlik muhitini yaratishda ijtimoiy hamkorlikni rivojlantirish. Bunda:
hududiy madaniyat bo‘limlari tomonidan har oyda mahallalarda aholining huquqiy ongi va madaniyatini oshirish, huquqbuzarlikka nisbatan murosasiz munosabatda bo‘lish, halol mehnat qilish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va madaniy hordiq chiqarishiga qaratilgan targ‘ibot kompaniyalari o‘tkaziladi;
jamoatchilik vakillarining huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorligini mustahkamlash va qo‘shimcha rag‘batlantirish mexanizmlari ishlab chiqiladi;
mahallalarda jinoyatchilikning oldini olish borasida “mahalla yettiligi” tomonidan fuqarolar o‘rtasida targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib boruvchi “mahalla targ‘ibotchisi” jamoatchilik guruhlari tashkil etiladi;
huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimini rivojlantirish jamg‘armalari hisobidan mahallalarda xizmat o‘tayotgan profilaktika (katta) inspektorlariga mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining ikki baravari miqdorida maxsus ustama to‘lash va ushbu mahalla yil yakuni bilan “qizil” toifadan chiqarilsa rag‘batlantirish tariqasida mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining bir baravari miqdorida bir yil davomida qo‘shimcha ustama haq to‘lash amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi;
yil yakuni bo‘yicha mahalladagi kriminogen vaziyatni barqarorlashtirishga erishgan (ko‘maklashgan) davlat organlari va jamoatchilik tashkilotlari vakillarini Bosh prokuratura qoshidagi muvofiqlashtiruvchi shtab taklifiga ko‘ra tegishli vazirlik va idoralarning budjetdan tashqari jamg‘armalari hisobidan rag‘batlantirish choralari ko‘riladi;
z) mahalladagi jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning asl omillarini tizimli ravishda ilmiy yondashgan holda ta’lim muassasalari tomonidan o‘rganib borish. Bunda:
Kriminologiya tadqiqot instituti, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Toshkent davlat yuridik universiteti va Jamoat xavfsizligi universiteti biriktirilgan hududlardagi mahallalarni ilmiy-amaliy tanqidiy o‘rganib, takliflar (xulosa va tavsiyalar) ishlab chiqadi va amaliyotga tatbiq etish natijadorligini ta’minlaydi;
ta’lim muassasalarining birinchi rahbarlarining “ilmiy xulosa — tavsiya — natija” tamoyiliga shaxsan javobgarligi belgilanadi;
mahallalarda ilmiy xulosa va tavsiyalar (metodika)larning tatbiq etilishi natijasida baholash reytingiga muvofiq, ularning natijadorligi (mahallalardagi barqarorlik darajasi, “qizil” toifadan chiqishi va boshqa) bo‘yicha ta’lim muassasalarining samaradorlik reytingi yuritiladi.
3-bob. Konsepsiyani amalga oshirishdan kutilayotgan natijalar
9. Konsepsiyani amalga oshirish orqali quyidagilarga erishiladi:
mahallalarda ijtimoiy profilaktika obyektlarini barvaqt aniqlash va ular bilan uzluksiz, doimiy va tizimli ishlash mexanizmi yaratiladi;
2025-yil yakuniga qadar jismoniy shaxslar mol-mulkini texnik qo‘riqlash qamrovi — 30 foizga, yuridik shaxslar mol-mulkini qo‘riqlash qamrovi 60 foizga olib chiqiladi;
mahallalardagi jinoyat sodir etishga qulay, ovloq va chekka joylar xavfsiz joylarga aylantiriladi;
fuqarolarda mahalladagi tinchlik va osoyishtalikka daxldorlik hissi va fuqaroviy javobgarlik tuyg‘usi shakllantiriladi;
ijtimoiy profilaktika obyektlari holidan doimiy xabar olishni yo‘lga qo‘yish orqali jinoyatlarning barvaqt oldi olinadi va oiladagi haqiqiy muhit o‘rganib boriladi;
“mahalla yettiligi” faoliyati to‘liq raqamlashtiriladi, barcha platformalarni birlashtirish orqali yagona boshqaruv va nazorat mexanizmlari yo‘lga qo‘yiladi;
jinoyatlarning barvaqt oldini olish va “issiq izi”dan ochish samaradorligi oshadi;
davlat organlari va jamoatchilik o‘rtasida ishonchli ijtimoiy hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi;
“mahalla yettiligi” va davlat organlariga ilmiy-uslubiy ko‘maklashib boriladi, maqsadli ilmiy-tadqiqot loyihalari orqali dolzarb muammolarning ilmiy yechimlari ishlab chiqiladi.
4-bob. Tizimli nazorat qoidalari
10. Respublika idoralararo muvofiqlashtirish ishchi guruhi a’zolari tomonidan alohida reja-grafik asosida mahallalarda amalga oshirilayotgan ishlar, Konsepsiya va “yo‘l xarita”larida belgilangan vazifalar ijrosi holati tanqidiy o‘rganilib, ularga amaliy va uslubiy ko‘mak ko‘rsatiladi hamda ta’sir choralari ko‘riladi.
11. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari mansabdor shaxslari o‘z xizmat majburiyatlari yuzasidan murakkab mahallalarda jinoyatchilikni jilovlash borasida zarur chora-tadbirlar belgilanishi hamda ularning o‘z vaqtida amalga oshirilishini ta’minlamaganligi uchun qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortiladi.
5-bob. Yakunlovchi qoida
12. Respublika idoralararo muvofiqlashtirish ishchi guruhi tomonidan hisobot yili yakunida mahallalarda amalga oshirilgan tashkiliy-profilaktik tadbirlar hamda manzilli choralar, shu jumladan biriktirilgan mas’ullar faoliyati natijadorligi tanqidiy muhokama qilinib, ushbu Konsepsiyada nazarda tutilgan manzilli chora-tadbirlarni keyingi yilda davom ettirish zarurati mavjud mahallalar va ularga biriktirilgan mas’ul rahbarlar ro‘yxatini tasdiqlash uchun Bosh prokuror va ichki ishlar vaziriga kiritiladi”;
“O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-yanvardagi PQ-1-son qaroriga
8-ILOVA
8-ILOVA
Kriminogen vaziyati murakkab va og‘ir mahallalarda “namunali xavfsiz ko‘cha” va “namunali xavfsiz uy” tashkil etish bo‘yicha namunaviy
TALABLAR
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Namunaviy talablar kriminogen vaziyati murakkab va og‘ir mahallalarda (keyingi o‘rinlarda — og‘ir mahallalar) “namunali xavfsiz ko‘cha” va “namunali xavfsiz uy”larni tashkil etishning minimal talablari va tartibini belgilaydi.
2. Og‘ir mahallalarda “namunali xavfsiz ko‘cha” va “namunali xavfsiz uy”lar tashkil etishning maqsadlari:
jamoat joylari (shu jumladan, aholi gavjum bo‘ladigan joylar), ko‘chalar, ko‘p qavatli uylarning kirish yo‘laklarida nazorat tizimini joriy etish orqali xavfsiz muhitni yaratish;
fuqarolar hayoti, sog‘lig‘i va mol-mulkiga har qanday tajovuzlarning oldini olish maqsadida huquqbuzarliklar profilaktikasiga zamonaviy raqamli texnologiyalar va texnik vositalarni keng joriy etish.
3. Og‘ir mahallalarda “namunali xavfsiz ko‘cha” va “namunali xavfsiz uy”lar tashkil etishning asosiy vazifalari:
mahallalarning kirish-chiqish joylarini yuzni tanib oluvchi, transport vositasi davlat raqamini aniqlovchi dasturiy-texnik vositalar bilan jihozlash, ularni ichki ishlar organlari axborot tizimlari bilan integratsiya qilish;
jismoniy va yuridik shaxslar mol-mulkini qo‘riqlash qamrovini oshirish;
jinoyat sodir etilish ehtimoli yuqori bo‘lgan xilvat (ovloq) joylarni texnik tartibga solish;
hududlarning tungi vaqtlarda yoritilishi, kuzatuv kameralari bilan nazoratga olinishi, “tashvish” tugmalari qamrovi oshirilishi, ko‘p qavatli uylar kirish eshigiga domofonlar o‘rnatilishini ta’minlash;
ko‘cha bo‘ylab uylarda yashovchi barcha fuqarolarning jinoyatdan jabrlanish ehtimolining oldini olish maqsadida texnik-profilaktik ishlar olib borish.
2-bob. “Namunali xavfsiz ko‘cha” va “namunali xavfsiz uy” tashkil etishga oid asosiy talablar
4. Infratuzilmaviy talablar:
tungi vaqtda ko‘chaning aholi istiqomat qiladigan va harakatlanadigan qismi to‘liq yoritilishi;
berk ko‘chalar, ichki yo‘laklar va aholi kam yuradigan, jinoyat sodir etilishi ehtimoli bo‘lgan qorong‘u hududlarning qisman yoritilishi;
transport vositalari uchun avtoturargohlarning texnik kuzatuv talablariga javob berishi;
ko‘chalarda noqonuniy (yoyma) savdo rastalari faoliyati tartibga solinishi;
qarovsiz yerto‘la, chordoq va chiqindixonalar mavjud bo‘lmasligi.
5. Texnik talablar:
jinoyat sodir etilishi ehtimoli yuqori bo‘lgan joylar hamda ko‘p qavatli uylarning hovli qismi to‘liq kuzatuv kameralari bilan qamrab olinishi va “tashvish” tugmalarining o‘rnatilishi;
xonadonlar, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, ko‘ngilochar maskanlar, kafe, restoran va barlarning qo‘riqlovga olinishi;
videokuzatuv kameralarining profilaktika inspektori xizmat planshetiga integratsiya qilinishi;
xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan o‘z hududiga kuzatuv kameralari va yoritish chiroqlari o‘rnatilishi;
ko‘chaning kirish-chiqish joylariga yuzni tanib oluvchi intellektual kameralar o‘rnatilishi;
ko‘p qavatli uylarning kirish eshiklariga xonadonlardan boshqariluvchi domofonlarning o‘rnatilishi hamda yo‘laklardagi eshiklar avtomatik yopilishi ta’minlanishi, shuningdek, huquq-tartibot idoralari va mas’ul xodimlarning telefon raqamlari joylashtirilishi;
do‘konlar, xonadonlar, ko‘p qavatli uylar va boshqa ijtimoiy obyektlarga “hudud kamera nazoratida” kabi stikerlarning o‘rnatilishi.
6. Kuch-vositalarga bo‘lgan talablar:
voqea va hodisalarga tezkor javob berish tizimi talab darajasida yo‘lga qo‘yilganligi, ayniqsa, tungi vaqtda kuch-vositalarning harakatlanish algoritmi belgilanishi;
ko‘chaboshi, uyboshi tayinlanganligi, jamoatchilik, ko‘ngillilar guruhi va mahalla hamkorligi yo‘lga qo‘yilishi;
viloyat va shahar markazlaridagi jinoyat sodir etilishi ehtimoli yuqori bo‘lgan va aholi ko‘p to‘planadigan joylarda patrullik yo‘nalishlari yo‘lga qo‘yilishi;
profilaktika (katta) inspektori lavozimi malakali xodimlar bilan to‘liq jamlanishi, “mahalla yettiligi” tarkibida vakant lavozim bo‘lmasligi.
7. Ijtimoiy-iqtisodiy choralar:
ko‘cha bo‘ylab uylarda hamda ko‘p kvartirali uylarda yashovchi barcha fuqarolarning jinoyatdan jabrlanish ehtimolining oldini olish maqsadida profilaktik ishlar olib borilishi (bukletlar, flayerlar tarqatilganligi);
ko‘cha bo‘ylab uylarda hamda ko‘p kvartirali uylarda yashovchi ijtimoiy profilaktika obyektlarining muammolari o‘z vaqtida hal qilinishi;
ko‘cha bo‘ylab uylarda hamda ko‘p kvartirali uylarda yashovchi alohida toifadagi shaxslar bilan tizimli ishlash yo‘lga qo‘yilishi.
3-bob. “Namunali xavfsiz ko‘cha” va “namunali xavfsiz uy” tashkil etish tartibi
8. Og‘ir mahallalarda “namunali xavfsiz ko‘cha” va “namunali xavfsiz uy”lar tashkil qilish bo‘yicha aniq vazifalar har chorak va har oyda mahalla, tuman va viloyat darajasida ishlab chiqiladigan “yo‘l xaritalar”ga manzilli kiritiladi va muddatlari belgilanadi.
9. Og‘ir mahallalarda “namunali xavfsiz ko‘cha” va “namunali xavfsiz uy”lar tashkil qilish uchun viloyat va tuman (shahar) hokimlariga budjet va budjetdan tashqari mablag‘laridan, shuningdek, qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa mablag‘lardan maqsadli va manzilli foydalanishga, mahalla raislariga mahallaning jamg‘armasi mablag‘laridan foydalanishga ruxsat beriladi.
10. Hududlarda “namunali xavfsiz ko‘cha” va “namunali xavfsiz uy”larni tashkil qilishga biriktirilgan mas’ullar, mahalla raisi, tuman (shahar) va viloyat hokimlari shaxsan javob beradilar.
11. Og‘ir mahallalarda tashkil etilayotgan “namunali xavfsiz ko‘cha” va “namunali xavfsiz uy”larning talab darajasida ekanligi Bosh prokuratura va Ichki ishlar vazirligining qo‘shma ishchi guruhlari tomonidan baholab boriladi.
12. “Mahalla yettiligi” tomonidan “namunali xavfsiz ko‘cha” va “namunali xavfsiz uy”larning boshlanish va tugash nuqtalariga ushbu ijtimoiy maqomni bildiradigan stikerlar o‘rnatilishi va aholining xabardorligini ta’minlash choralari ko‘riladi.
13. “Namunali xavfsiz ko‘cha” va “namunali xavfsiz uy”larni talab darajasida tashkil etgan, mahallalarda keskin o‘zgarish qilgan, xavfsiz muhit yaratganlarni, shuningdek, tashkil qilishda homiylik (xayriya) ko‘rsatgan yuridik va jismoniy shaxslarni mahalliy hokimliklar vakolatida doirasida rag‘batlantirish choralari ko‘riladi.
14. Mazkur talablar minimal hisoblanadi hamda qo‘shimcha boshqa tadbirlarni amalga oshirish mumkin”;
(k) 5, 6 va 7-ilovalar tegishincha 6, 7 va 9-ilovalar deb hisoblansin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 15-yanvardagi “Kriminologiya sohasida ilmiy-amaliy tadqiqot ishlarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-22-son qarorida:
(a) 6-bandda:
(i) quyidagi mazmundagi beshinchi xatboshi bilan to‘ldirilsin:
“ilmiy-ishlab chiqarish laboratoriyasida ilmiy tadqiqot natijalari asosida texnika vositalarini va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa mahsulotlarni ishlab chiqarish va sotish”;
(b) 7-bandda:
(i) quyidagi mazmundagi oltinchi xatboshi bilan to‘ldirilsin:
“ilmiy tadqiqot natijalari asosida texnika vositalarini va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa mahsulotlarni ishlab chiqarib sotishdan tushgan mablag‘lar”;
(ii) oltinchi xatboshi yettinchi xatboshi deb hisoblansin.
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 20.08.2025-y., 07/25/253/0752-son)