Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga oʻzgartirishlar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida
Oliy taʼlim tashkilotlarining boshqaruv samaradorligini oshirish orqali ularning sifatli faoliyat yuritishini taʼminlash, xorijning yetakchi oliy taʼlim tashkilotlari bilan hamkorlikda kadrlar tayyorlashni kengaytirish, taʼlim xizmatlari eksportini oshirish maqsadida qaror qilaman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 1-ilovaga muvofiq quyidagilarni nazarda tutuvchi oʻzgartirishlar kiritilsin:
(a) Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetida talabalarni Turin politexnika universiteti (Italiya Respublikasi) oʻquv reja va dasturlari bilan bir qatorda boshqa ilgʻor xorijiy oliy taʼlim tashkilotlarining ham oʻquv reja va dasturlari asosida oʻqitish tizimini joriy qilish;
(b) oliy taʼlim tashkilotlarining bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga oʻqishga qabul qilish jarayonlarini “avval test, soʻng tanlov” tamoyiliga muvofiqlashtirish.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlari 2-ilovaga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
3. Ushbu Farmon ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining taʼlimni isloh qilish boʻyicha oʻrinbosari X.U. Umarova zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 19-iyul,
PF-114-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-iyuldagi PF-114-son Farmoniga
1-ILOVA
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 6-noyabrdagi “Oʻzbekistonning yangi taraqqiyot davrida taʼlim-tarbiya va ilm-fan sohalarini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-6108-son Farmoni 10-bandining birinchi va uchinchi xatboshilari chiqarib tashlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2009-yil 27-apreldagi “Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PQ-1106-son qarorida:
(a) 3-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“3. Belgilansinki:
a) Universitet Turin politexnika universiteti (Italiya Respublikasi) bilan tuziladigan servis va litsenziya bitimlari asosida kadrlarga boʻlgan ehtiyojni hisobga olgan holda, barcha darajalardagi mutaxassislar, shu jumladan, ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlaydi, shuningdek, kadrlar tayyorlashning asosiy yoʻnalishlari boʻyicha ilmiy-tadqiqot faoliyatini amalga oshiradi;
b) abituriyentlarni oʻqishga qabul qilish va Universitet bitiruvchilarini attestatsiyadan oʻtkazish:
litsenziya talablari asosida kadrlar tayyorlash uchun ruxsat berilgan bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan kelishilgan holda Turin politexnika universiteti (Italiya Respublikasi) hamda boshqa ilgʻor xorijiy oliy taʼlim tashkilotlari bilan kelishuvga asosan tashkil etilgan taʼlim dasturlarida belgilangan tartib, talab va muddatlarga muvofiq amalga oshiriladi;
v) talabalarni oʻqitish, Oʻzbekiston Respublikasi davlat taʼlim standartlari talablarini hisobga olgan holda, Turin politexnika universiteti (Italiya Respublikasi), boshqa ilgʻor xorijiy oliy taʼlim tashkilotlari hamda Universitet tomonidan ishlab chiqilgan oʻquv rejalari va dasturlari boʻyicha olib boriladi;
g) Universitet toʻliq akademik, moliyaviy va tashkiliy mustaqil oliy taʼlim tashkiloti hisoblanadi;
d) Universitetning:
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan kelishilgan holda Universitet tomonidan ishlab chiqilgan taʼlim dasturlari boʻyicha taʼlim olgan bitiruvchilariga Universitetning Oʻzbekiston Respublikasida oliy maʼlumot toʻgʻrisidagi hujjat sifatida eʼtirof etiladigan belgilangan namunadagi diplomi;
Turin politexnika universiteti (Italiya Respublikasi) hamda boshqa ilgʻor xorijiy oliy taʼlim tashkilotlari bilan kelishuvga asosan tashkil etilgan taʼlim dasturlari boʻyicha taʼlim olgan bitiruvchilariga tegishli oliy taʼlim tashkilotlarining Oʻzbekiston Respublikasida oliy maʼlumot toʻgʻrisidagi hujjat sifatida eʼtirof etiladigan belgilangan namunadagi diplomi beriladi;
j) Universitetda talabalarni oʻqitish toʻlov-kontrakt asosida amalga oshiriladi hamda qabul parametrlari va talabalarni oʻqitish uchun toʻlov-kontrakt summasi Universitet tomonidan belgilanadi”;
(b) 2-ilova oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 21-iyundagi “Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3795-son qarorining 5-bandida:
(a) toʻrtinchi va oltinchi xatboshilar chiqarib tashlansin;
(b) beshinchi xatboshi toʻrtinchi xatboshi deb hisoblansin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 1-apreldagi “Ilm-fan sohasidagi davlat siyosati va innovatsion rivojlantirishdagi davlat boshqaruvini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5047-son qarorining 5-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“5. Toshkent shahri, Olmazor tumani, Universitet koʻchasi, 7-uy manzilida joylashgan bino va inshootlar tegishli hududi bilan birga Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligiga (keyingi oʻrinlarda — Vazirlik) operativ boshqaruv huquqi asosida berilsin.
Bunda:
Vazirlik, Agentlik, Milliy ofis, Jamgʻarma, Ilmiy-texnik axborot markazi — ushbu bandning birinchi xatboshisida koʻrsatilgan manzildagi binoga;
ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish uchun tashkil etiladigan tashkilotlar hamda akseleratsiya natijasiga koʻra Jamgʻarma tomonidan moliyalashtirilgan startap tashkilotlarning maʼmuriy boshqaruvi organlari koʻpi bilan bir yil muddatga — Vazirlik binosiga tekin foydalanish huquqi asosida joylashtiriladi”.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 19-maydagi “Oʻzbekiston Respublikasida xorijiy tillarni oʻrganishni ommalashtirish faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5117-son qarorida:
(a) 5-bandning “g” kichik bandi birinchi xatboshisidagi “Xalq taʼlimi vazirligi va Agentlik” soʻzlari “Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
(b) 6-bandning toʻrtinchi xatboshisi chiqarib tashlansin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 18-iyuldagi PQ-265-son qarori bilan tasdiqlangan 2024 — 2027-yillarda Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti faoliyatini tashkil etish hamda uning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash boʻyicha “yoʻl xaritasi”ning 28-pozitsiyasi “Moliyalashtirish manbalari” ustunidagi “Oliy taʼlim muassasasining budjetdan tashqari mablagʻlari” soʻzlari “Davlat budjetidan mazkur maqsadlarga ajratilgan subsidiyalar” soʻzlari bilan almashtirilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-iyuldagi PF-114-son Farmoniga
2-ILOVA
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz kuchini yoʻqotgan deb eʼtirof etilayotgan ayrim qarorlari
ROʻYXATI
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 31-maydagi “Andijon davlat chet tillari institutini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PQ-265-son qarori 4-bandining “g” kichik bandi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 9-iyundagi “Isʼhoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari institutini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PQ-275-son qarori 4-bandining “v” kichik bandi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 21-iyundagi “Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti faoliyatini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-290-son qarorining 5 va 6-bandlari.
4. Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 23-iyuldagi “Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetining tashkiliy tuzilmasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 211-son qarori.
5. Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 19-noyabrdagi “Oliy taʼlim tashkilotlariga kirish imtihonlarida abituriyentlarning taʼlim toʻgʻrisidagi hujjatlariga qoʻyilgan baholarini inobatga olish tartibini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 696-son qarori.
6. Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 19-yanvardagi “Xorijiy tillarni oʻrganishni takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 34-son qarorining 6 va 7-bandlari.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.07.2025-y., 06/25/114/0633-son)