O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi G‘aznachilik xizmati qo‘mitasi hamda budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi tomonidan zamonaviy xizmatlarni joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida
So‘nggi yillarda moliya tizimida joriy etilgan zamonaviy xizmatlar hisobiga yoshga doir pensiyalarning 62 foizi proaktiv shaklda tayinlanishiga, ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalarning 90 foizdan ortig‘i bank kartalari orqali to‘lanishiga hamda budjet tashkilotlarining moliyaviy hujjatlarini elektron tarzda rasmiylashtirishga erishildi.
Bu borada G‘aznachilik xizmati qo‘mitasi va budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining shtat birliklari soni oxirgi ikki yilda 1 940 taga yoki 45 foizga qisqartirildi hamda kelgusi yilda quyi bo‘g‘in xodimlari sonini 4 barobargacha qisqartirish ko‘zda tutilgan.
Fuqarolar hamda korxona va tashkilotlar uchun pensiya va g‘aznachilik xizmatlarini ko‘rsatish tizimini takomillashtirish orqali ulardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida qaror qilaman:
I. Asosiy yo‘nalish va maqsadlar
1. Quyidagilar pensiya va g‘aznachilik faoliyatiga zamonaviy xizmatlarni joriy etishning asosiy yo‘nalish va maqsadlari etib belgilansin:
(a) g‘aznachilik va pensiya ta’minoti tizimlarini raqamlashtirish va avtomatlashtirish orqali hududlarda ixcham xizmat ko‘rsatish ofislarini tashkil etish;
(b) fuqarolarga ko‘rsatiladigan xizmatlarni to‘liq elektron va proaktiv shaklga o‘tkazishga erishish;
(v) moliyaviy operatsiyalarda shaffoflikni ta’minlash uchun sun’iy intellekt va zamonaviy texnologiyalardan foydalanish;
(g) tejab qolingan budjet mablag‘larini sohaviy samaradorlikni oshirish uchun maqsadli yo‘naltirishni ta’minlash.
II. Zamonaviy xizmatlar orqali ixcham boshqaruv tizimini joriy etish
2. 2027-yil 1-yanvardan boshlab Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi G‘aznachilik xizmati qo‘mitasining (keyingi o‘rinlarda — G‘aznachilik qo‘mitasi) hamda budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining (keyingi o‘rinlarda — Pensiya jamg‘armasi) tuman (shahar) bo‘limlari ishini raqamlashtirish hisobiga ularning faoliyati tugatilsin. Bunda G‘aznachilik qo‘mitasi va Pensiya jamg‘armasining hududiy boshqarmalarida har bir tuman va shaharlardagi biznes jarayonlarni va funksiyalarni qamrab oluvchi 1 — 3 shtat birligidan iborat ixcham xizmat ko‘rsatish ofislari tashkil etiladi.
3. Belgilansinki:
(a) 2026-yil 1-iyuldan boshlab g‘aznachilik tizimidagi jarayonlarni avtomatlashtirish hisobiga quyidagilarni nazarda tutuvchi Raqamli g‘azna tizimi joriy etiladi:
(i) biznes intellekt (Business intelligence) texnologiyalaridan foydalangan holda ma’lumotlarni tahlil qilish, likvidlilikni ta’minlashda qisqa va uzoq muddatli prognozlarni ishlab chiqish hamda sun’iy intellekt texnologiyalari asosida g‘aznachilik operatsiyalarini amalga oshirishda inson omilini kamaytirishga erishish;
(ii) chet el valyutasidagi operatsiyalarni raqamlashtirgan holda amalga oshirish uchun Davlat moliyasini boshqarish axborot tizimini Butunjahon banklararo moliyaviy telekommunikatsiyalar hamjamiyati (SWIFT) tizimiga integratsiya qilish;
(iii) davlat xaridlari va to‘lov operatsiyalarini amalga oshirish jarayonida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan qonunchilik buzilishi bilan bog‘liq moliyaviy xavflarni “E-risk” dasturiy majmuasida avtomatik aniqlash va aniqlangan xavflar asosida ogohlantirish hamda xabardor qilish mexanizmini joriy qilish;
(b) 2026-yil 1-dekabrdan boshlab pensiya tizimida quyidagi jarayonlarni avtomatlashtirish orqali:
(i) fuqarolarning mavjud ish staji va ish haqlari to‘g‘risidagi elektron ma’lumotlarga asosan pensiya miqdorlarini oldindan aniqlash bo‘yicha “Mening pensiyam” onlayn xizmati joriy etiladi;
(ii) pensiya ta’minotiga oid barcha xizmatlar to‘liq proaktiv, elektron hamda interaktiv shaklga o‘tkaziladi.
4. Belgilansinki, G‘aznachilik qo‘mitasi va Pensiya jamg‘armasida raqamlashtirish ishlarini jadallashtirish hamda tuman (shahar) bo‘limlaridagi ayrim vazifalarni hududiy boshqarmalarga o‘tkazish natijasida boshqaruv shtat birliklari soni 1 080 taga maqbullashtiriladi. Bunda:
(a) G‘aznachilik qo‘mitasining tuman (shahar) bo‘limlaridagi 594 ta shtat birligi, jumladan:
(i) 2025-yil 1-avgustdan boshlab 178 ta shtat birligi g‘aznachilik operatsiyalarini elektronlashtirish va avtomatlashtirish;
(ii) 2026-yil 1-yanvardan boshlab 208 ta shtat birligi ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlarni naqd pul shaklida olish jarayonini raqamlashtirish;
(iii) 2026-yil 1-iyuldan boshlab 208 ta shtat birligi davlat xaridlari sohasidagi shartnomalarni tuzish hamda ularni ro‘yxatdan o‘tkazish amaliyotini raqamlashtirish hisobiga qisqartiriladi;
(b) Pensiya jamg‘armasining tuman (shahar) bo‘limlaridagi 486 ta shtat birligi, jumladan:
(i) 2025-yil 1-sentabrdan boshlab 241 ta shtat birligi yoshga doir va nogironlik pensiyalarini proaktiv usulda tayinlash;
(ii) 2026-yil 1-yanvardan boshlab 104 ta shtat birligi pensiyalarni to‘lashda elektron imzo va biometrik identifikatsiya qilish (Face-ID) tizimini yo‘lga qo‘yish;
(iii) 2026-yil 1-dekabrdan boshlab 141 ta shtat birligi “call-markaz” faoliyatiga sun’iy intellektni joriy etish hamda ma’lumotlarni to‘liq raqamlashtirish evaziga qisqartiriladi.
III. Raqamlashtirish hamda yangicha yondashuv asosida ishni tashkil etish
5. Fuqarolarning pensiyaga oid ma’lumotlarini to‘liq raqamlashtirish maqsadida:
(a) 2025-yil 1-oktabrga qadar Majburiy ijro byurosi (M. Egamberdiyev) majburiy ijro jarayonida undiruvni pensiya to‘lovlariga qaratishdan avval dastlab fuqarolarni xabardor qilish tizimini joriy etsin;
(b) 2025-yil 1-noyabrga qadar Mudofaa vazirligi (Sh. Xalmuxamedov) mudofaa ishlari organlarida ro‘yxatda turgan va pensiya tayinlanayotgan fuqarolarning harbiy xizmatni o‘tagan davri to‘g‘risidagi ma’lumotlarni “Raqamli hukumat” tizimining idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali Pensiya jamg‘armasi axborot tizimiga taqdim etish bo‘yicha integratsiya qilish choralarini ko‘rsin;
(v) 2025-yil iyul — oktabr oylari davomida hokim yordamchilari har bir mahalladagi “mahalla yettiligi” bilan birgalikda fuqarolarning mehnat daftarchasi ma’lumotlarini tuman (shahar) kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limlari orqali raqamlashtirish bo‘yicha targ‘ibot ishlarini amalga oshirsin;
(g) 2026-yil 1-avgustga qadar Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi (K. Sharipov):
(i) fuqarolarning oliy ta’lim muassasalaridagi o‘qish davri to‘g‘risidagi ma’lumotlarni to‘liq raqamlashtirsin;
(ii) davlat xizmatlari markazlari orqali fuqarolarning oliy ta’lim muassasalaridagi o‘qish davri to‘g‘risidagi ma’lumotlarni vazirlikning elektron bazasiga yuborish imkoniyatini yaratsin.
6. 2025-yil 1-avgustdan boshlab Iqtisodiyot va moliya vazirligi tizimida mazkur Farmonning 4-bandida nazarda tutilgan maqbullashtirilgan shtat birliklari hisobiga:
(a) hududlarni raqamlashtirish va ularning master rejalarini ishlab chiqish, renovatsiya loyihalarini jadallashtirish, yer islohotlari strategiyasini takomillashtirish, xizmatlar sohasi va venchur moliyalashtirish imkoniyatlarini kengaytirish, sanoatda qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish, “yashil” texnologiyalar hamda energiya samaradorligi yo‘nalishlarida ishlarni tashkil etish hamda davlat tibbiy sug‘urtasi tizimini samarali tashkil etish uchun 92 ta shtat birligi ajratilsin;
(b) G‘aznachilik qo‘mitasi raisining raqamli transformatsiya va strategik rivojlanish bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi kiritilsin;
(v) G‘aznachilik qo‘mitasi va Pensiya jamg‘armasi tuzilmalarida 3 tadan shtat birligidan iborat raqamli rivojlanish va sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha loyiha ofisi tashkil etilsin. Bunda loyiha ofisi rahbari ish haqi shartlariga ko‘ra boshqarma boshlig‘iga tenglashtiriladi;
(g) iqtisod qilinadigan mablag‘lar mahalliy davlat hokimiyati organlari xodimlarining oylik ish haqi miqdorlarini oshirish bilan bog‘liq xarajatlarga yo‘naltirilsin.
IV. Farmon ijrosini tashkil etish, ta’minlash va nazorat
7. Vazirlar Mahkamasi (J. Qo‘chqorov) ikki oy muddatda respublika ijro etuvchi hokimiyat organlariga yuklatilgan vazifa va funksiyalarni raqamlashtirish hisobiga ularning boshqaruv xodimlari umumiy cheklangan sonini 15 foizgacha qisqartirish yuzasidan takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritsin.
8. Iqtisodiyot va moliya vazirligi Markaziy bank bilan birgalikda ikki oy muddatda ilg‘or xalqaro tajribani o‘rgangan holda g‘azna ijrosi bilan qamrab olingan budjet tashkilotlari va davlat muassasalari xodimlarining ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar, shuningdek, pensiyalar bank kartalari orqali to‘lab berilishini rag‘batlantiruvchi mexanizmlarni joriy etish yuzasidan asoslantirilgan takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
9. Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi (B. Zaxidov) G‘aznachilik qo‘mitasi va Pensiya jamg‘armasi shtat birliklari sonining maqbullashtirilishi hisobiga mehnat shartnomasi bekor qilinadigan xodimlarni ish bilan ta’minlash choralarini ko‘rsin.
10. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
11. Ushbu Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib Bosh vazir o‘rinbosari J.A. Qo‘chqorov belgilansin.
12. Farmon ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 26-iyun,
PF-105-son
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-iyundagi PF-105-son Farmoniga
ILOVA
ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 25-yanvardagi “Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yishga doir birinchi navbatdagi tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-14-son Farmonida:
(a) 1-ilovada:
(i) “Jami” pozitsiyasining “Jami boshqaruv shtat birliklari soni” ustunidagi “48 496” va “Davlat budjeti hisobidan” ustunidagi “44 582” raqamlari tegishlicha “48 995” va “45 081” raqamlari bilan almashtirilsin;
(ii) “1. Iqtisodiyot va moliya vazirligi” bo‘limida:
“Iqtisodiyot va moliya vazirligi” pozitsiyasining “Jami boshqaruv shtat birliklari soni” ustunidagi “5 764” va “Davlat budjeti hisobidan” ustunidagi “5 729” raqamlari tegishlicha “5 618” va “5 583” raqamlari bilan almashtirilsin;
“G‘aznachilik xizmati qo‘mitasi” pozitsiyasining “Jami boshqaruv shtat birliklari soni” va “Davlat budjeti hisobidan” ustunlaridagi “1 134” va “1” raqamlari tegishlicha “960” va “2” raqamlari bilan almashtirilsin;
(iii) “3. Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi” bo‘limi “Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi” pozitsiyasining “Jami boshqaruv shtat birliklari soni” va “Davlat budjeti hisobidan” ustunlaridagi “3 234” raqami tegishlicha “3 257” raqami bilan almashtirilsin;
(iv) “14. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi” bo‘limida:
“Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi” pozitsiyasining “Jami boshqaruv shtat birliklari soni” ustunidagi “406” va “Davlat budjeti hisobidan” ustunidagi “333” raqamlari tegishlicha “402” va “329” raqamlari bilan almashtirilsin;
“Innovatsion rivojlanish agentligi” pozitsiyasining “Jami boshqaruv shtat birliklari soni” ustunidagi “73” va “Davlat budjeti hisobidan” ustunidagi “59” raqamlari tegishlicha “70” va “56” raqamlari bilan almashtirilsin;
Bilim va malakalarni baholash agentligi” pozitsiyasining “Jami boshqaruv shtat birliklari soni” va “Davlat budjeti hisobidan” ustunlaridagi “111” raqami tegishlicha “108” raqami bilan almashtirilsin;
(v) “17. Adliya vazirligi” bo‘limidan 2-pozitsiya chiqarib tashlansin;
(vi) “26. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi” bo‘limi “Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi” pozitsiyasining “Jami boshqaruv shtat birliklari soni” va “Davlat budjeti hisobidan” ustunlaridagi “134” raqami “157” raqami bilan almashtirilsin;
(vii) izohlar qismining 5.20-kichik bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“5.20. Soliq qo‘mitasi tizimida Yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha hududlararo soliq inspeksiyasi va Raqamli markirovka qoidalariga rioya qilinishini nazorat qilish bo‘yicha hududlararo soliq inspeksiyasi”;
(b) 2-ilovada:
(i) 17.2.-kichik bandi chiqarib tashlansin;
(ii) izohlar qismida:
birinchi xatboshidagi “70” raqami “69” raqami bilan almashtirilsin;
to‘rtinchi xatboshidagi “27” raqami “26” raqami bilan almashtirilsin;
(v) 2a-ilovadan 17.2-pozitsiya chiqarib tashlansin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 28-fevraldagi “Davlat budjetining g‘azna ijrosi tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-594-son qarorida:
(a) 1-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 21-dekabrdagi “Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-269-son Farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi g‘aznachiligini negizida O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi G‘aznachilik xizmati qo‘mitasi (keyingi o‘rinlarda — G‘aznachilik) tashkil etilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin”;
(b) 2-bandda:
(i) uchinchi xatboshidagi “yagona g‘aznachilik hisob raqamida” so‘zlari “yagona g‘azna hisobvarag‘ida” so‘zlari bilan almashtirilsin;
(ii) yettinchi va o‘ninchi xatboshilar chiqarib tashlansin;
(iii) sakkizinchi, to‘qqizinchi hamda o‘n birinchi — o‘n beshinchi xatboshilar tegishlicha yettinchi — o‘n uchinchi xatboshilar deb hisoblansin;
(iv) o‘n ikkinchi xatboshidagi “Moliya vazirligi” so‘zlari “Iqtisodiyot va moliya vazirligi” so‘zlari bilan almashtirilsin;
(v) 3-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“3. O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vaziriga, zarur hollarda, G‘aznachilikning markaziy apparati va uning bo‘linmalari tuzilmasiga G‘aznachilik xodimlarining cheklangan umumiy soni doirasida o‘zgartishlar kiritish huquqi berilsin.”;
(g) 4-bandda:
(i) ikkinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“G‘aznachilik raisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi;”
(ii) uchinchi xatboshidagi “moliya” so‘zi tegishlicha “iqtisodiyot va moliya” so‘zlari bilan almashtirilsin;
(iii) quyidagi mazmundagi to‘rtinchi xatboshi bilan to‘ldirilsin:
“G‘aznachilik markaziy apparati xodimlari tibbiy va ijtimoiy himoya qilish shartlariga ko‘ra Iqtisodiyot va moliya vazirligi markaziy apparati xodimlariga tenglashtiriladi”;
(d) 5-bandda:
(i) birinchi xatboshidagi “Moliya vazirligi” so‘zi “Iqtisodiyot va moliya vazirligi” so‘zlari bilan almashtirilsin;
(ii) ikkinchi xatboshidagi “Moliya vazirligining g‘aznachiligi” so‘zlari “Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi G‘aznachilik xizmati qo‘mitasi” so‘zlari bilan almashtirilsin;
(iii) uchinchi xatboshidagi “moliya” so‘zi “iqtisodiyot va moliya” so‘zlari bilan almashtirilsin;
(e) 6-bandning to‘rtinchi xatboshisidagi “Moliya vazirligining” so‘zlari “Iqtisodiyot va moliya vazirligining” so‘zlari bilan almashtirilsin;
(j) 7-banddagi “O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi” hamda “Moliya vazirligi” so‘zlari tegishlicha “O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi” hamda “Iqtisodiyot va moliya vazirligi” so‘zlari bilan almashtirilsin;
(z) 9-band o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin;
(k) 1 — 4-ilovalar o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2009-yil 30-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining tashkiliy tuzilmasini shakllantirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi”gi PQ-1252-son qarori 2-bandida:
(a) quyidagi mazmundagi to‘rtinchi xatboshi bilan to‘ldirilsin:
“Pensiya jamg‘armasi ijro etuvchi apparati xodimlari tibbiy va ijtimoiy himoya qilish shartlariga ko‘ra Iqtisodiyot va moliya vazirligi markaziy apparati xodimlariga tenglashtiriladi”;
(b) to‘rtinchi va beshinchi xatboshilar tegishlicha beshinchi va oltinchi xatboshilar deb hisoblansin.
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.06.2025-y., 06/25/105/0549-son)