Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2025-yil 18-fevralda qabul qilingan
Senat tomonidan 2025-yil 29-aprelda maʼqullangan
Senat tomonidan 2025-yil 29-aprelda maʼqullangan
Keyingi yillarda mamlakatimizda soliq imtiyozlarini berish, ularning qoʻllanilish samaradorligini oshirish, yashirin ishlab chiqarishning oldini olish orqali tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash, shuningdek aholini qalbaki mahsulotlardan himoya qilish boʻyicha salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga yigʻimlarning ayrim turlarini belgilash, ularni hisoblab chiqarish hamda toʻlash tartibini belgilash, tadbirkorlik subyektlarini va kasaba uyushmalarini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan vaqtinchalik soliq imtiyozlarini berish bilan bogʻliq normalarni aniqlashtirish zarurati yuzaga kelmoqda.
Ushbu Qonun bilan Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga pivo va pivo ichimliklari bilan chakana savdo qilish huquqi uchun yigʻimni hamda tamaki mahsulotlari bilan chakana savdo qilish huquqi uchun yigʻimni hisoblash va toʻlash tartibi aniqlashtirilishini nazarda tutuvchi oʻzgartirishlar kiritilmoqda. “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga qoʻshimcha kiritilmoqda, unga binoan pivo va pivo ichimliklari bilan chakana savdo qilish vakolatli organlarni xabardor qilish tartibida amalga oshiriladigan faoliyat turlari roʻyxatiga kiritiladi.
Bundan tashqari raqamli markirovkali mahsulotlarning chakana savdosini amalga oshiruvchi, parrandachilik mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi tadbirkorlik subyektlariga, shuningdek Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi tizimidagi statsionar bolalar sogʻlomlashtirish oromgohlariga vaqtinchalik soliq imtiyozlarini berish nazarda tutilmoqda.
Mazkur Qonun tadbirkorlik subyektlari uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratilishiga, xabardor qilish tartibida amalga oshiriladigan faoliyatni tartibga solishga, shuningdek statsionar bolalar sogʻlomlashtirish oromgohlari faoliyatini qoʻllab-quvvatlashga xizmat qiladi.
1-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 30-dekabrda qabul qilingan OʻRQ-599-sonli Qonuni bilan yangi tahrirda tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2019-yil, 12-songa 1-ilova; 2020-yil, № 3, 198-modda, № 10, 593-modda, № 11, 652-modda, № 12, 690, 691-moddalar; 2021-yil, № 1, 6-modda, № 4, 294-modda, 4-songa ilova, № 8, 800-modda, № 9, 901-modda, № 10, 968, 969, 972, 973-moddalar, № 12, 1199-modda; 2022-yil, № 2, 79-modda, № 3, 215, 216-moddalar, № 5, 461, 464, 467-moddalar, № 6, 570-modda, № 7, 664, 666-moddalar, № 12, 1190-modda; 2023-yil, № 6, 444, 446-moddalar, № 7, 540-modda, № 12, 1011-modda; 2024-yil, № 2, 106, 110, 111-moddalar, № 4, 346-modda, № 5, 458, 459-moddalar, № 8, 822, 831-moddalar, № 9, 958-modda, № 10, 1076-modda, № 11, 1190-modda, № 12, 1283, 1284, 1296, 1297-moddalar) quyidagi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin:
1) 17-moddaning uchinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Chet davlatlar avtotransport vositalarining Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kirganligi va uning hududi orqali tranziti uchun yigʻimni, yuk koʻtarish quvvati 10 tonnadan yuqori boʻlgan yuk avtotransporti vositalari va tirkamalarining avtomobil yoʻllari boʻylab harakatlanishi huquqi uchun yigʻimni, alkogol mahsulotlarini realizatsiya qilish huquqi uchun yigʻimlarni, pivo va pivo ichimliklari bilan chakana savdo qilish huquqi uchun yigʻimni hamda tamaki mahsulotlari bilan chakana savdo qilish huquqi uchun yigʻimni hisoblab chiqarish va toʻlash tartibi ushbu Kodeks bilan tartibga solinadi”;
2) 455-modda quyidagi mazmundagi 3 va 4-bandlar bilan toʻldirilsin:
“3) pivo va pivo ichimliklari bilan chakana savdo qilish huquqi uchun yigʻim;
4) tamaki mahsulotlari bilan chakana savdo qilish huquqi uchun yigʻim”;
3) 456-modda quyidagi mazmundagi toʻrtinchi va beshinchi qismlar bilan toʻldirilsin:
“Pivo va pivo ichimliklari bilan chakana savdo qilishni boshlaganlik haqida vakolatli davlat organi xabardor qilinganligi toʻgʻrisidagi tasdiqnomaga ega boʻlgan yuridik shaxslar pivo va pivo ichimliklari bilan chakana savdo qilish huquqi uchun yigʻimning soliq toʻlovchilari deb eʼtirof etiladi.
Tamaki mahsulotlari bilan chakana savdo qilishni boshlaganlik haqida vakolatli davlat organi xabardor qilinganligi toʻgʻrisidagi tasdiqnomaga ega boʻlgan yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar tamaki mahsulotlari bilan chakana savdo qilish huquqi uchun yigʻimning soliq toʻlovchilari deb eʼtirof etiladi”;
4) 460-moddaning uchinchi — yettinchi qismlari quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Ushbu Kodeks 455-moddasining 2, 3 va 4-bandlarida nazarda tutilgan yigʻimlar alkogol mahsulotlarini realizatsiya qilish, pivo va pivo ichimliklari bilan chakana savdo qilish yoki tamaki mahsulotlari bilan chakana savdo qilish boshlanganligi toʻgʻrisida tegishincha xabarnoma yuborilgan paytdan eʼtiboran toʻlanadi. Bunda xabarnoma joriy oyning yigirmanchi sanasiga qadar yuborilganda yigʻim mazkur oy uchun toʻliq hajmda, xabarnoma joriy oyning yigirmanchi sanasidan keyin yuborilganda esa keyingi oyning birinchi sanasidan boshlab hisoblab chiqariladi.
Agar alkogol mahsulotlarini realizatsiya qilish, shu jumladan umumiy ovqatlanish korxonalari tomonidan realizatsiya qilish, pivo va pivo ichimliklari bilan chakana savdo qilish yoki tamaki mahsulotlari bilan chakana savdo qilish bir nechta statsionar savdo va (yoki) umumiy ovqatlanish punktlari orqali amalga oshirilsa, alkogol mahsulotlarini realizatsiya qilish, pivo va pivo ichimliklari bilan chakana savdo qilish yoki tamaki mahsuloti bilan chakana savdo qilish huquqi uchun yigʻimlar belgilangan stavkalar doirasida statsionar savdo va (yoki) umumiy ovqatlanish punktlarining soniga, shuningdek ularning har biri joylashgan hudud oʻlchamlariga mutanosib ravishda hisoblab chiqariladi hamda undiriladi.
Alkogol mahsulotlari yoki pivo va pivo ichimliklari yoxud tamaki mahsulotlari bilan chakana savdo qilish faoliyati toʻxtatib turilganda yoki tugatilganda yigʻimni hisoblab chiqarish keyingi oyning birinchi sanasidan boshlab toʻxtatib turiladi.
Alkogol mahsulotlarini realizatsiya qilish, pivo va pivo ichimliklari bilan chakana savdo qilish yoki tamaki mahsulotlari bilan chakana savdo qilish huquqi uchun yigʻim har oyda oldindan toʻlov tarzida, joriy oyning oʻninchi sanasiga qadar toʻlanadi.
Alkogol mahsulotlarini realizatsiya qilish, pivo va pivo ichimliklari bilan chakana savdo qilish yoki tamaki mahsulotlari bilan chakana savdo qilish huquqi uchun undiriladigan yigʻimlar qonunchilikda belgilangan tartibda taqsimlanadi”;
5) 483-modda quyidagi mazmundagi oltmish toʻqqizinchi — yetmish ikkinchi qismlar bilan toʻldirilsin:
“Raqamli markirovkali mahsulotlarning chakana savdosini amalga oshiruvchi tadbirkorlik subyektlariga hisoblangan va toʻlanishi lozim boʻlgan foyda soligʻi yoki aylanmadan olinadigan soliq yoxud yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan toʻlanadigan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi summalarini tadbirkorlik subyektlari uchun markirovkani oʻqish qurilmalarini sotib olish bilan bogʻliq xarajatlar summasiga, biroq bitta qurilma uchun bazaviy hisoblash miqdorining toʻrt baravaridan koʻp boʻlmagan miqdorda kamaytirish huquqi 2027-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan davr uchun beriladi.
Parrandachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchi tadbirkorlik subyektlari yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻini (bundan ekin maydonlari mustasno) toʻlashdan 2030-yil 1-yanvarga qadar ozod etiladi.
Ushbu moddaning yetmishinchi qismida belgilangan soliq imtiyozlari parrandachilik mahsulotlarini realizatsiya qilishni amalga oshirmagan tadbirkorlik subyektlariga va (yoki) belgilangan maqsadda foydalanilmayotgan yer uchastkalariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi tizimidagi statsionar bolalar sogʻlomlashtirish oromgohlari:
binolar va inshootlarni, yer uchastkalarini ijaraga berishdan olingan daromadlari boʻyicha — foyda soligʻini;
ijaraga berilgan obyektlar va ular egallagan yer uchastkalari boʻyicha — yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqni va yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻini toʻlashdan 2027-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan davrda ozod etiladi”.
2-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 14-iyulda qabul qilingan “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi OʻRQ-701-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2021-yil, № 7, 661-modda; 2022-yil, № 4, 340-modda, № 5, 465-modda; 2023-yil, № 2, 103-modda, № 3, 185-modda, № 7, 533-modda, № 9, 710-modda, № 11, 921, 923-modda; 2024-yil, № 1, 5, 7-moddalar, № 2, 105, 112-moddalar, № 7, 628-modda, № 8, 819-modda, № 9, 957, 958-moddalar; 2025-yil, № 1, 3, 6-moddalar) 3-ilovasi quyidagi mazmundagi 241-pozitsiya bilan toʻldirilsin:
“ | |||
241. | Pivo va pivo ichimliklari bilan chakana savdo qilishni boshlaganlik yoki tugatganlik haqidagi xabarnoma | Pivo va pivo ichimliklari bilan chakana savdo qilish. | Tumanlar (shaharlar) soliq inspeksiyalari |
”. |
3-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Soliq qoʻmitasi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.
4-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
5-modda. Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Ushbu Qonun 1-moddasi 5-bandining qoidalari 2025-yil 1-yanvardan eʼtiboran yuzaga kelgan munosabatlarga nisbatan ham tatbiq etiladi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 16-may,
OʻRQ-1063-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.05.2025-y., 03/25/1063/0445-son)