Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Sanoat namunalarini xalqaro roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi Gaaga bitimining Jeneva aktiga (Jeneva, 1999-yil 2-iyul) muvofiq sanoat namunalarini xalqaro roʻyxatdan oʻtkazishda yakka tartibdagi bojlarning stavkalarini belgilash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasining “Sanoat namunalarini xalqaro roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi Gaaga bitimining Jeneva aktiga (Jeneva, 1999-yil 2-iyul) Oʻzbekiston Respublikasining qoʻshilishi haqida”gi Qonuni ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Sanoat namunalarini xalqaro roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi Gaaga bitimining Jeneva aktiga (Jeneva, 1999-yil 2-iyul) muvofiq sanoat namunalarini xalqaro roʻyxatdan oʻtkazishda undiriladigan yakka tartibdagi bojlar stavkalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Belgilansinki, Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Intellektual mulkni rivojlantirish jamgʻarmasiga tushadigan yakka tartibdagi boj mablagʻlari quyidagi tartibda taqsimlanadi:
a) Oʻzbekiston Respublikasining norezidentlaridan kelib tushadigan mablagʻlarning:
78 foizi — Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi hisobvaragʻiga;
2 foizi — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining tegishli hisobvaragʻiga oʻtkaziladi;
20 foizi — Adliya vazirligining moddiy-texnik bazasini mustahkamlashda hamda sanoat namunasi va intellektual mulkning boshqa turlarini huquqiy muhofaza qilish sohasida xalqaro tashkilotlarda qatnashganlik uchun aʼzolik badallarini toʻlashda ulardan foydalanish (kamida 50 foizi), shuningdek, xodimlarni moddiy ragʻbatlantirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Intellektual mulkni rivojlantirish jamgʻarmasida qoldiriladi;
b) Oʻzbekiston Respublikasining rezidentlaridan kelib tushadigan mablagʻlarning:
20 foizi — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining tegishli hisobvaragʻiga oʻtkaziladi;
80 foizi — Adliya vazirligining moddiy-texnik bazasini mustahkamlashda hamda sanoat namunasi va intellektual mulkning boshqa turlarini huquqiy muhofaza qilish sohasida xalqaro tashkilotlarda qatnashganlik uchun aʼzolik badallarini toʻlashda ulardan foydalanish (kamida 50 foizi), shuningdek xodimlarni moddiy ragʻbatlantirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Intellektual mulkni rivojlantirish jamgʻarmasida qoldiriladi.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 17-aprel,
238-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 17-apreldagi 238-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Sanoat namunalarini xalqaro roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi Gaaga bitimining Jeneva aktiga (Jeneva, 1999-yil 2-iyul) muvofiq sanoat namunalarini xalqaro roʻyxatdan oʻtkazishda undiriladigan yakka tartibdagi bojlar
STAVKALARI
Boj kodi | Yuridik ahamiyatga ega harakat | Stavkalar (AQSH dollarida) |
1. | Sanoat namunasini xalqaro roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi arizada Oʻzbekiston Respublikasi koʻrsatilganligi uchun: | |
1.1 | Sanoat namunasining bitta variantiga | 322 |
1.2 | Sanoat namunasining har bir qoʻshimcha variantiga | 53 |
2. | Sanoat namunasining amal qilishini birinchi besh yillik muddatga uzaytirganlik uchun | 349 |
3. | Sanoat namunasining amal qilishini ikkinchi besh yillik muddatga uzaytirganlik uchun | 537 |
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2025-y., 09/25/238/0362-son)