Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
Sanoat namunalarini xalqaro roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi Gaaga bitimining Jeneva aktiga (Jeneva, 1999-yil 2-iyul) Oʻzbekiston Respublikasining qoʻshilishi haqida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2024-yil 26-martda qabul qilingan
Senat tomonidan 2024-yil 18-mayda maʼqullangan
Sanoat namunalarini xalqaro roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi Gaaga bitimining Jeneva aktiga (Jeneva, 1999-yil 2-iyul) quyidagi bayonotlar bilan qoʻshilinsin:
1) Gaaga bitimi Jeneva aktining 7-moddasi 2-bandi boʻyicha: “Oʻzbekiston Respublikasi bayon qiladiki, Oʻzbekiston Respublikasi koʻrsatilgan har qanday xalqaro talabnoma munosabati bilan va shunday xalqaro talabnomani topshirish natijasida amalga oshirilgan har qanday xalqaro roʻyxatdan oʻtkazish uzaytirilishi munosabati bilan, koʻrsatilganlik uchun qayd etilgan boj Oʻzbekiston Respublikasi oʻz hududida sanoat namunasining xalqaro roʻyxatdan oʻtganligi amal qiladigan davlat sifatida koʻrsatilganligi uchun yakka tartibdagi bojga almashtiriladi”;
2) Gaaga bitimi Jeneva aktining 11-moddasi 1-bandi (b) kichik bandi boʻyicha: “Oʻzbekiston Respublikasi bayon qiladiki, uning qonunchiligida sanoat namunasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning nashr etilishini kechiktirish nazarda tutilmagan”;
3) Gaaga bitimi Jeneva aktining 13-moddasi 1-bandi boʻyicha: “Oʻzbekiston Respublikasi bayon qiladiki, ayni bir talabnoma obyekti boʻlgan sanoat namunalari ijodiy gʻoya birligi talabiga javob berishi shart”;
4) Gaaga bitimi Jeneva aktining 16-moddasi 2-bandi boʻyicha: “Oʻzbekiston Respublikasi bayon qiladiki, Xalqaro reyestrdagi xalqaro roʻyxatga olingan alohida yoki barcha sanoat namunalarining egasi oʻzgarganligi toʻgʻrisidagi yozuv Oʻzbekiston Respublikasining Idorasi huquq boshqa shaxsga oʻtkazganligi haqidagi tegishli hujjatlarni olmagunicha kuchga ega boʻlmaydi”;
5) Gaaga bitimi Jeneva aktining 17-moddasi 3-bandi (s) kichik bandi boʻyicha: “Oʻzbekiston Respublikasi bayon qiladiki, sanoat namunasiga boʻlgan mutlaq huquqning amal qilish muddati besh yilni tashkil etadi va bu muddat huquq egasining arizasiga koʻra bir necha marta besh yilga, biroq xalqaro roʻyxatdan oʻtkazilgan kundan eʼtiboran hisoblanganda jami koʻpi bilan oʻn besh yilga uzaytirilishi mumkin”;
6) Gaaga bitimining 1999-yildagi aktiga va 1960-yildagi aktiga doir umumiy yoʻriqnomaning 13-qoidasi 4-bandi boʻyicha: “Oʻzbekiston Respublikasi bayon qiladiki, Oʻzbekiston Respublikasining Idorasi orqali berilgan xalqaro talabnoma materiallarini joʻnatish uchun zarur boʻlgan bir oy muddat xavfsizlik talablariga rioya etilishi boʻyicha tekshiruv oʻtkazish uchun zarur boʻlgan olti oy muddatga almashtiriladi”;
7) Gaaga bitimining 1999-yildagi aktiga va 1960-yildagi aktiga doir umumiy yoʻriqnomaning 18-qoidasi 1-bandi (b) kichik bandi boʻyicha: “Oʻzbekiston Respublikasi bayon qiladiki, Oʻzbekiston Respublikasi hududida muhofaza taqdim etishni rad etish toʻgʻrisidagi bildirish xatini tayyorlash uchun eng koʻp muddat 12 oydan iboratdir”;
8) Gaaga bitimining 1999-yildagi aktiga va 1960-yildagi aktiga doir umumiy yoʻriqnomaning 18-qoidasi 1-bandi (s) (i) kichik bandi boʻyicha: “Oʻzbekiston Respublikasi bayon qiladiki, sanoat namunasining Oʻzbekiston Respublikasi hududida xalqaro roʻyxatdan oʻtganligining amal qilishi uning Idorasi tomonidan Butunjahon intellektual mulk tashkilotining Xalqaro byurosiga muhofaza taqdim etilganligi toʻgʻrisidagi xabarnoma yuborilgan kundan eʼtiboran boshlanadi”.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 5-iyun,
OʻRQ-929-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 06.06.2024-y., 03/24/929/0404-son)