Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Ixtiro, foydali model va sanoat namunasiga patent berish haqidagi talabnomalarni davlat ekspertizasidan oʻtkazishni autsorsing asosida tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Maʼmuriy islohotlar doirasida adliya organlari va muassasalarining masʼuliyatini yanada oshirish hamda ixcham boshqaruv tizimini shakllantirish toʻgʻrisida” 2024-yil 24-maydagi PF-80-son Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-maydagi PF-80-son Farmoni bilan tasdiqlangan Adliya organlari faoliyatini transformatsiya qilish, davlat xizmatlarini koʻrsatish va norma ijodkorligini takomillashtirish boʻyicha chora-tadbirlar rejasining 18-bandida ixtiro va foydali model hamda sanoat namunalarini roʻyxatdan oʻtkazish talabnomalari boʻyicha oʻtkaziladigan davlat ekspertizasi jarayonlariga autsorsing usullarini joriy qilish belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Belgilansinki, ixtiro, foydali model va sanoat namunasiga patent berish haqidagi talabnomalarni davlat ekspertizasidan oʻtkazishni autsorsing asosida tashkil etishda:
jismoniy va yuridik shaxslar eng yaxshi takliflarni tanlash orqali jalb etiladi;
autsorsing shartnomasi Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi “Intellektual mulk markazi” davlat muassasasi (keyingi oʻrinlarda — buyurtmachi) va jismoniy yoki yuridik shaxs (keyingi oʻrinlarda — autsorser) oʻrtasida tuziladi;
autsorsing asosida xizmat koʻrsatish boʻyicha shartnoma buyurtmachi va autsorser oʻrtasida patent berish haqidagi har bir talabnoma uchun alohida tuziladi;
autsorsing asosida xizmat narxi Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan belgilanadigan ish yuklamalari va vaqt sarfi meʼyorlari hamda patent berish haqidagi talabnoma ekspertizasi murakkabligidan kelib chiqib, buyurtmachi tomonidan shakllantiriladi hamda boshlangʻich narxning asosligi uchun buyurtmachi javobgar hisoblanadi;
autsorsing asosida koʻrsatiladigan xizmatlar buyurtmachi hisobidan moliyalashtiriladi.
3. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Ixtiro, foydali model va sanoat namunasiga patent berish haqidagi talabnomalarni davlat ekspertizasidan oʻtkazishni autsorsing asosida tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
autsorsing tatbiq etiladigan holatlar;
autsorserni tanlash, u bilan shartnoma tuzish va hisob-kitoblarni amalga oshirish;
autsorser va buyurtmachining huquqlari va majburiyatlari;
autsorsing xizmati koʻrsatilishi yuzasidan monitoringni amalga oshirish tartibi.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri A.J. Tashkulov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 26-mart,
185-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 26-martdagi 185-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Ixtiro, foydali model va sanoat namunasiga patent berish haqidagi talabnomalarni davlat ekspertizasidan oʻtkazishni autsorsing asosida tashkil etish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi “Intellektual mulk markazi” davlat muassasasi tomonidan foydali model haqidagi talabnoma ekspertizasi hamda ixtiro haqidagi talabnomaning yoki sanoat namunasi haqidagi talabnomaning mohiyati boʻyicha ilmiy-texnika ekspertizasini (keyingi oʻrinlarda — mohiyati boʻyicha ekspertiza) autsorsing asosida tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
autsorsing — buyurtmachining ayrim funksiyalarini yoki funksiyalarining bir qismini shartnoma asosida autsorserga oʻtkazish;
autsorser — shartnoma asosida buyurtmachiga xizmat koʻrsatuvchi jismoniy yoki yuridik shaxs;
buyurtmachi — Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi “Intellektual mulk markazi” davlat muassasasi;
sanoat mulki obyektlari — ixtiro, foydali model va sanoat namunasi;
talabgor — buyurtmachiga autsorsing asosida xizmat koʻrsatish hamda ushbu Nizomga muvofiq tanlashda ishtirok etish istagini bildirgan jismoniy yoki yuridik shaxs.
3. Mazkur Nizomning amal qilishi sanoat mulki obyektlariga patent berish haqidagi talabnoma boʻyicha rasmiy ekspertizadan oʻtkazishga nisbatan tatbiq etilmaydi.
4. Buyurtmachi ish hajmi haddan ortib ketganda yoki shtat birligida tegishli soha boʻyicha mutaxassis mavjud boʻlmaganda, sanoat mulki obyektlariga patent berish haqidagi talabnomaning mohiyati boʻyicha ekspertizani autsorsing asosida oʻtkazish boʻyicha qaror qabul qiladi.
5. Autsorsing asosida koʻrsatilgan xizmatlar buyurtmachi hisobidan moliyalashtiriladi.
6. Buyurtmachi ayrim funksiyalarini yoki funksiyalarining bir qismini autsorsingga oʻtkazishda quyidagi shartlarga rioya qilishi shart:
autsorserni davlat xaridlari toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari asosida tanlab olish;
korrupsiya va manfaatlar toʻqnashuvi holatlariga yoʻl qoʻymaslik;
autsorserga oʻtkaziladigan funksiyalar yoki funksiyalarning bir qismi sifatli bajarilishini nazorat qilish.
7. Autsorsing asosida xizmat koʻrsatish jarayonida maxfiylik tartibiga rioya etish buyurtmachi tomonidan taʼminlanadi.
2-bob. Autsorserni tanlash, u bilan shartnoma tuzish va hisob-kitoblarni amalga oshirish
8. Autsorserni tanlash, u bilan shartnoma tuzish va unga haq toʻlash Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Qonuni va boshqa qonunchilik hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
9. Jismoniy shaxs hisoblangan talabgorlarga nisbatan quyidagi shartlar qoʻyiladi:
oliy maʼlumotli boʻlishi (ilmiy darajaga ega boʻlganlarga ustunlik beriladi);
intellektual mulk sohasida bilim va koʻnikmalarga ega boʻlishi (Butunjahon intellektual mulk tashkilotining tegishli oʻquv kurslarida malaka oshirganligini tasdiqlovchi hujjat yoki/va talabnoma topshirish tajribasiga ega boʻlishi);
kelib tushgan talabnoma sohasida kamida besh yil faoliyat yuritgan boʻlishi.
10. Talabgor yuridik shaxs boʻlganda, u ilmiy-tadqiqot muassasasi boʻlishi yoki faoliyatida kelib tushgan talabnoma sohasi boʻyicha tadqiqot ishlari va (yoki) ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilganligi hamda unda mazkur Nizomning 9-bandida belgilangan talablarga javob beradigan xodimlar mehnat shartnomasi asosida ishlayotgan boʻlishi kerak.
11. Autsorsing asosida xizmat koʻrsatish boʻyicha shartnoma buyurtmachi va autsorser oʻrtasida patent berish haqidagi har bir talabnoma uchun alohida tuziladi.
12. Autsorsing shartnomasi boʻyicha xizmatlar koʻrsatish muddati qonunchilik hujjatlarida belgilangan ixtiro, foydali model va sanoat namunasiga patent berish haqidagi talabnomalarni davlat ekspertizasidan oʻtkazish muddati doirasida belgilanadi.
13. Autsorsing asosida koʻrsatilgan xizmatlarga haq toʻlash tartibi va miqdori buyurtmachi hamda autsorser oʻrtasida rasmiylashtiriladigan shartnomada belgilanadi.
3-bob. Autsorser va buyurtmachining huquqlari va majburiyatlari
14. Autsorser quyidagi huquqlarga ega:
buyurtmachidan talabnomaga oid hujjatlar, namunalar va boshqa maʼlumotlarni soʻrash va olish;
mohiyati boʻyicha ekspertizani oʻtkazish uchun zarur boʻladigan, buyurtmachiga tegishli axborot tizimlari, asbob-uskunalardan va buyurtmachidagi mavjud uslubiy qoʻllanmalardan foydalanish;
buyurtmachi orqali talabnoma beruvchi bilan talabnoma boʻyicha yozishmalarni amalga oshirish;
xizmatlar uchun toʻlovni shartnomada belgilangan miqdor va muddatda talab qilish;
buyurtmachidan shartnoma shartlarining bajarilishini talab qilish.
Autsorser qonunchilik hujjatlariga hamda shartnomaga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
15. Autsorser quyidagilarga majbur:
autsorsing xizmatini koʻrsatishda intellektual mulk sohasidagi qonunchilik hujjatlarga qatʼiy rioya etish;
mohiyati boʻyicha ekspertizani uslubiy qoʻllanmalar asosida oʻtkazish;
talabnomaga oid hujjatlar, namunalar va boshqa materiallarni buyurtmachi ruxsatisiz uning binosidan olib chiqmaslik;
xizmatlarning sifatli koʻrsatilishini va buyurtmachiga yetkazilishini taʼminlash;
shartnomaga amal qilish muddati va undan keyingi davr mobaynida maxfiylik tartibiga qatʼiy rioya qilish va sanoat mulki obyekti davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni rasmiy ravishda eʼlon qilingunga qadar oshkor etmaslik;
shartnoma shartlari bajarilmagani yoki lozim darajada bajarilmagani natijasida buyurtmachiga yetkazilgan zarar oʻrnini qoplash;
shartnomani bekor qilish haqida buyurtmachini ikki oy oldin yozma ravishda ogohlantirish, ushbu muddat tugaguniga qadar esa buyurtmachining tegishli xizmatlarini uzluksiz tashkil etishni taʼminlash.
Autsorser zimmasiga qonunchilik hujjatlariga va shartnomaga muvofiq boshqa majburiyatlar ham yuklanishi mumkin.
16. Buyurtmachi quyidagi huquqlarga ega:
xizmatlar sifatli koʻrsatilishini;
shartnomada belgilangan muddatlarda xizmatlarning koʻrsatilishini;
autsorserning faoliyatiga aralashmagan holda, shartnoma shartlarining bajarilishini;
talabnoma va unga aloqador yozishmalar autsorser tomonidan oʻz vaqtida koʻrib chiqilishini;
autsorser tomonidan shartnoma shartlari bajarilmagani yoki lozim darajada bajarilmagani natijasida oʻziga yetkazilgan zarar oʻrni qoplanishini talab qilish.
Buyurtmachi qonunchilik hujjatlariga hamda shartnomaga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
17. Buyurtmachi quyidagilarga majbur:
talabnomaga oid hujjatlar, namunalar va boshqa maʼlumotlarni autsorserga berish;
mohiyati boʻyicha ekspertizani oʻtkazish uchun autsorserga zarur boʻladigan tegishli axborot tizimlari, asbob-uskunalardan va oʻzidagi mavjud uslubiy qoʻllanmalardan foydalanish imkoniyatini yaratish;
autsorser va talabnoma beruvchi oʻrtasida talabnoma boʻyicha yozishmalar oʻz vaqtida amalga oshirilishini taʼminlash;
shartnomaga muvofiq belgilangan muddat va shartlar asosida autsorserga koʻrsatilgan xizmatlar uchun toʻlovlarni amalga oshirishni taʼminlash.
Buyurtmachi zimmasiga qonunchilik hujjatlari va shartnomaga muvofiq boshqa majburiyatlar ham yuklanishi mumkin.
4-bob. Autsorsing xizmati koʻrsatilishi yuzasidan nazorat va monitoringni amalga oshirish
18. Autsorsing xizmati koʻrsatilishi yuzasidan nazorat va monitoring buyurtmachi tomonidan shartnomada belgilangan shartlarda va muddatlarda amalga oshiriladi.
19. Autsorsing xizmati koʻrsatilishi yuzasidan monitoring buyurtmachining tegishli tarkibiy boʻlinmasi rahbari tomonidan amalga oshiriladi.
20. Buyurtmachining tegishli tarkibiy boʻlinmasi rahbari:
autsorsing xizmati koʻrsatilishi yuzasidan doimiy monitoringni amalga oshiradi;
monitoring natijalaridan kelib chiqib, buyurtmachi va autsorserga tegishli taklif va tavsiyalar kiritadi.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
21. Ushbu Nizomda nazarda tutilgan talablarning buzilishi buyurtmachi va autsorser oʻrtasida tuzilgan shartnomaning belgilangan tartibda bekor qilinishiga asos boʻladi.
22. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.03.2025-y., 09/25/185/0284-son)